OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulla Qodiriy. Qazoyi osmoniylar (1922)

Kichkina feleto‘n

Shu kecha-kunduzda bir qancha qazoyi osmoniylar yog‘ilib ketdi. Jumladan:

—     «Inqilob» jurnalig‘a material topa olmag‘ani uchun o‘rtoq Nazir To‘raqulov istirohat bahonasi bilan Xitoyg‘a qochib ketmakchi bo‘lib turadir.

—     «Inqilob» jurnalining ko‘makchi muharriri bo‘lg‘an zot bobarakot Bo‘lat Soliev bir necha vaqtdan beri Buxoroda e’tikofda edi. Endi Toshkand qishloqlaridag‘i azizlar qabrin tunab chiqmoqg‘a azmlanib yo‘lg‘a chiqg‘an. Tunashdan so‘ng Bo‘lat afandining ahli karamotdan bo‘lishi kutiladir.

—     «Inqilob» jurnalimiz mas’ul mudiri Hodi Fayziy afandi adresini «Inqilob»g‘a tiqishdirdi-da, o‘zi allaqaysi go‘rga qochdi.

—     Yildagi kabi bu yil ham tosh qizig‘i bo‘luv bilan Shapoq maxzumning[1] jununi qo‘zg‘ab, kishanga tushayozdi. Rivoyatlarga qarag‘anda «Qizil bayroq» gazetasi kundalik qilinmasa kishanni ham uzmoqchi emish.

—     Ichki Rusiyada un o‘g‘rilari ko‘paygani uchun Piyonbozorning unfurush juhudlari Toshkand fuqarolarining qonlari barobariga insoflarini sota boshladilar.

—     Tatar adiblaridan bo‘lg‘an Abdurahmon Sa’diy bilan Ne’mat Hakim ibdoshlar yelimlik til talasha boshladilar.

—     Mashhur yozg‘uvchi Kabir Bakir afandi Buxoro bilan Toshkand orasida ispikulatsiya butxonasig‘a cho‘qinub turadir. Keyingi kunlarda «Chin haqiqat yozuvda emas, bozorda ekan»ligini ham ulug‘ bir miting‘da leksiya tariqasida so‘zlagan.

—     Kompozitor G‘ulom Zafariy qish bo‘yi ermak qilib chiqqan «Chin Temir botur» operasini ilmiy hay’atka yaxshi baho bilan sotib, e’loni iflos qildi. Endi bunday operalar yozib, tiriklik qilmoq mumkin ekanligiga imon keltirib, xalq cho‘pchaklarini so‘rab, xotin-qizlarni bezor qila boshladi.

Julqunboy

«Qizil bayroq» 1922 yil, 13 may,173-son

[1] Shapoq Maxzum — G‘ozi Yunusning mustaor taxallusi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.