«Turkiston viloyatining gazeti» 54-raqamida Toshkand musulmon avomlarining adabsizlikidin zorlanub, alarning ko‘chalardagi beadabona hollarini tafsil ila yozubdurki, diqqat etub o‘quduk. Lekin shuning sababi va iloji to‘g‘risida o‘z fikrini yozmag‘onig‘a taajjub etdik. Shoyad mundin so‘ng yozar. Bizning fikrimizcha, yolg‘uz Toshkand avomlari emas, butun Turkiston avomlarining ko‘bisi adabsizdur. Muning sababi bo‘lsa, avval o‘z uyida, so‘ngra maktabda lozimincha tarbiya ko‘rmasliki va jaholatdur. Modomiki, uyimizda va maktabimizda tarbiya ko‘rmasmiz, qiyomatgacha adabli bo‘lmaymiz, odam qatoriga kirmaymiz.
Hozir bizlarni kim tarbiya etar? Uyda ota-onamiz, maktabdagi xat va savodzada mullomiz va ko‘chalardagi bad-axloq avomimiz tarbiya etadurmi? Bas, bizlarning murabbiyimiz mana shular bo‘lgan holda, biz qaydan adabli bo‘layluk, tirikchilik kilayluk. Xayr, holimiz shunday ekan, muning aybi kimgadur va muning ilojini kim aytar? Shubhasiz, bu holimiz uchun aybdor mas'ul ulamomiz va qadimgi musulmon mansabdorlarimizdur. Va muning ilojini topmoq ham alarga oid va lozimdur. Agarda xonlarimiz, ulug‘larimiz va ruhoniylarmiz o‘z zimmalaridagi vazifalarini ado qilib kelsalar edi, biz musulmonlar bu kunda munday razil suratda johil va beadab bo‘lub qolmas eduk. Bizning baxtsizligimizg‘a qarshu ulug‘larimizning va xonlarimizning o‘z ehtiyojimizg‘a yararlik ilmlari yo‘qlikidin bo‘ldi. Endi zamonimizg‘a muvofiq yangi asbob kerak. Eski yunon isxulostiki[1] bu 20-asrda yaramaydur.
Agarda bizning ulamolar «ruscha o‘qumoq harom» kabi xalqg‘a mazarr so‘zlarig‘a davom etsalar, voy holimizga. Emdi o‘z dardimiz davosini o‘zimiz topsak lozim. Istiqbolimizg‘a yararlik asbob va olim odam tayyorlamoq kerak. Avval, Rusiya madrasalari kabi joylarg‘a talaba yuborub yaxshi muallim va taraqqiyparvar ulamo yetishdirayluk. So‘ngra alarg‘a maktab va madrasalar ochub berub o‘z avlodimizni yaxshi o‘qutayluk va tarbiya etduraylik.
Agarda biz Turkiston musulmonlari ushbu kundan boshlab mazkur choralarg‘a tashbish etsak, o‘n yidtsan so‘ng ishimizni bir tartibga solub, andog‘larga muhtoj bo‘lmay o‘z vazifasini bilmayturgon musulmon ulug‘lar o‘rnini yangi taraqqiyparvar yoshlarimiz ishg‘ol etar va biz ham ul vaqt maqsudimizg‘a yetgon bo‘lurmiz. Andin so‘ng hech kim avlodimizning adabsizligidin zorlanmas. Inshooloh, shunday bo‘lur. Iqtizoi zamon ham shudir.
«Turkiston viloyatining gazeti»,
1913 yil, 1 avgust
[1] Sxolastik.