«Oyna» jurnali muharriri Mahmudxo‘ja afandi «Padarkush yoki o‘qumag‘on bolaning holi» ismli tiyotruga qo‘ymak uchun maxsus bir risola tahrir va nashr etubdurlarki, o‘qub chiqduk. Turkiston shevasig‘a yozilg‘on ushbu risolada Turkiston maishatidin bir fojeani g‘oyat muassir ravishda tasvir etilmishdur. Bu risolaning xulosa mazmuni ushbudir: Turkistonlik bir boy o‘z o‘g‘illarini o‘qutmagoni uchun suhbat asnosida bir mullo nasihat berar va ilmning har kim uchun lozimi to‘g‘risida so‘ylar. Boy buning so‘zig‘a quloq solmay, bechora mullog‘a qattiq so‘zlar ila muqobala etar. Mullo ham tomog‘i kuyub, boy mehmonxonasidin arazlab chiqub ketar. Mundin keyin bir ziyoli musulmon kelub, bul ham shul o‘g‘illarini o‘qitmagani uchun xeyli nasihatlar berar. Munga-da boy malolat ila quloq solub, oxiri mudrab uxlab qolur. Bechora ziyoli boyning bu holi asaf ishtimolini ko‘rub, kamoli ta'siridin yig‘lab, boyning xonasidin chiqib ketar. Boyning o‘g‘li yomon odamlar ila pivaxona va fohishaxonalarg‘a yurib, andog‘ fisq va fujurni qilur. Bir kecha pivaxonada jo‘ralari ila sharob ichishib, mast bo‘lub turganlari chog‘da bularning ko‘ngli bir fohishag‘a ketar. Oni suhbatlarig‘a chaqirmoqchi bo‘lurlar. Fohisha esa o‘n besh so‘m olmasdin burun bularning majlisig‘a kelolmaslikini bayon etar. Bularning kissalaridin besh so‘mdin ziyoda pul chiqmas. Mastlik ustig‘a pulsizliq xijolati bularning boshlarini ziyoda qizdirar. Oxiri, boyning mehmonxonasida sanduqdagi aqchasini o‘g‘urlamoqqa qaror berub, o‘g‘urlik asboblarini birga olub, boy yotgan mehmonxonag‘a borub kirarlar. Sanduqni ochgan vaqtda boy uyg‘onub bularni kaltak ila urmoqchi bo‘lur, shu chog‘da boybachcha kelub, otasini qo‘ltiqlab ushlar. Jo‘rasi boyni pichoqlab o‘ldurar, so‘ngra pulni olub pivaxonag‘a kelub, fohishani chaqirub olurlar. Shul kayfu safo asnosida pristuf xabardor bo‘lub, polisalar ila kelub bularni bosib olur, hibs etar. Taftishdin so‘ng bular Sibirga hukm etilur. Mana bundin olinadurgon ibratimiz shulki, boy farzandlarini o‘qitmagoni uchun farzandlari o‘z boshig‘a balo bo‘ldi va o‘zlari ham umrlik Sibirga ketub, na dunyodin, na otasi davlatidan baxt va rohat ko‘rmadilar. Bu foydali risolaning mutolaasini turkistonlik yosh birodarlarimizga ham tavsiya etarmiz. Bahosi 12 tiyindir.
«Turkiston viloyatining gazeti»,
1914 yil, 2 yanvar