OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

1916 yil mardikor olish voqeasida hukumatga qarshi eng qottig‘ otilib chiqqan joy — Jizzax tumani edi. Eng ko‘p jabr ko‘rgan ham Jizzax bo‘ldi. Suvratda: podshoh hukumatiga qarshi isyon ko‘targanlar kishanlarga solingan holda qiynoq va azob amrini kutib turadirlar. (Kapustiyonskiy foto-arxivi)

Lutfullo Olimiy. Qonli va og‘ir-qayg‘uli kunlar (1926)

Suvratda: podshoh hukumatiga qarshi isyon ko‘targanlar kishanlarga solingan holda qiynoq va azob amrini kutib turadirlar. (Kapustiyonskiy foto-arxivi)

«Bir ming sart bir o‘ris soldotining etigining poshnasig‘a arzimaydir» (Farg‘ona gubernatori Ivanofning so‘zi)

1916 yil iyul oylarida, ro‘za vaqti, kunlar issig‘, har yerda ish, dala jonlang‘on, paxtalar chopiladir, bedalar o‘riladir, qovunlar uziladir, bozorda qiymatchilik boshlang‘on, xalqni ochliq dahshati qo‘rqutmoqda, dehqonlarning eng yaxshi otlari podshoh hukumati tomonidan oling‘on. Har yerda ochliq alomatlari ko‘rinadir.

Birinchi jahon urushi davrida chor Rossiyasi katta talafotlar ko‘radi. Hukumat bu talafotni tugatish uchun o‘ziga qaram chet o‘lkalar aholisini majburan safarbar qiladi. 1916 yil 25 iyunda podsho Nikolay II ning «Imperiyadagi begona xalqlar erkak aholisini harakatdagi armiya rayonlarida harbiy inshootlar va shuningdek, davlat mudofaasi uchun zarur bo‘lgan boshqa har qanday ishlarga jalb qilish» farmoniga Sibir, O‘rta Osiyo va Gurjistondan 19 yoshdan 43 yoshgacha bo‘lgan 400 ming kishi mardikorlikka olinishi mo‘ljallanadi. Safarbar etilganlarning 250 mingini turkistonliklar tashkil qilishi kerak edi. Bu farmon necha o‘n yillardan buyon istibdod zulmida kun kechirayotgan o‘lkamiz ahlining qahr-g‘azabini yanada jo‘shtirib yubordi. Natijada, Turkistonda mardikorchilikka qarshi bir qancha qo‘zg‘olonlar bo‘lib o‘tgan. Minglab kishilarning begunoh qoni to‘kilgan bu g‘alayonlar haqida esa biz xira tasavvurga egamiz. Lutfulla Olimiyning quyida chop etilayotgan maqolasi bu masalani biroz oydinlashtiradi, degan umiddamiz. Uni O‘zFA Sharqshunoslik institutining ilmiy xodimi Teshaboy Ziyoyev nashrga tayyorlagan.

Xuddi ana shu joyda xalqning og‘zida g‘ivir-shivir so‘zlar:

— 19 yoshdan 40 yoshg‘ocha musulmonlarni askarlikka olar emish.

— Yo‘q. Askarlikka emas, mardikorga olar emish. Ro‘znomada shunday yozilibdir.

Xalq orasida hayajon, butun fikr shu masala ustida yo‘natilgan. Ba’zi kishilar o‘zo‘g‘lining oyog‘ini sindirib askarlikka (mardikorlikka) yaroqsiz qilmoqchi, ba’zilari agarda hukumat ro‘yxatga olmoq uchun kelsa, ro‘yxatchining qorniga pichoq solmoqchi.

Pichoqlar, teshalar, boltalar, xanjarlar qayralg‘an. Machitlarda, xonaqohlarda yig‘i-sig‘i, onalarning bag‘ri qon, ko‘zlari yoshli.

Podshoh uchun boshlang‘on urushning oxiri ko‘rinmaydi. Qiymatchiliq, jabr-zulm, milliy qisinqiliq, xalqning butun tilagi har nechuk bo‘lsada, podshoh xukumatining og‘dorilishi. Buning ustiga «podshoh hazratlari»ning «farmon oliy»lari: «Urushning orqasidog‘i har xil qora ishlarini o‘tash uchun Turkistonda 19 yoshdan 43 yoshgacha bo‘lg‘on barcha erkak zoti safarbarlikka chaqirilsin!»

Ko‘p o‘tmasdan 19 yoshdan 43 yoshg‘acha bo‘lg‘on kishilarning ro‘yxati boshlandi. Shuning bilan birga xalqning yuragiga 30 yildan beri podshoh istibdodiga qarshi hozirlong‘on isyon olovlandi, har yerda tashviqot:

— Podshoh eng avval otlarimizni olib piyoda qoldirdi, bizni kuchsizlantirdi. Endi 19 yoshdan 43 yoshgacha bo‘lg‘on butun yigitlarimizni olib, bizni butunlay bitirmakchi. Mamlakatimizni o‘ris unsuri bilan to‘ldirmoqchi!

Buni ziyolilar so‘zlaydi.

Imomlarningda bir fikri bor:

— Musulmonlarning dushmani bo‘lg‘on podshoh bizning naslimizni qurutib, islom dinini yo‘qotmoqchi.

Ertaga ro‘yxat boshlanadi... degan xabarga xalq mana bu xilda javob beradir:

— Biz ro‘yxat qildirg‘oli qo‘ymaymiz. Podshohga bolalarimizning tirnog‘ini-da bermaymiz!

Tong otdi; bu kungi issig‘liq boshqa kundagilarga qarag‘onda issiroq. Shamol ham yo‘q. Qushlar ham sayramaydilar. Bu dunyo allaqanday dahshatlar kutadir.

Ana pristaf, mingboshilar, palisalar mahallaga xalqni ro‘yxat qilish uchun chiqdilar, lekin mahallalarda, uylarda yosh bolalar, qari xotinlargina qolg‘on; yosh kishilar hammasi hukumatga qarshi kurash uchun bir joyga to‘plong‘on. Hammaning yonida pichoq, bolta, xanjar va boshqa o‘qsiz qurollar.

Yig‘ilg‘on xalq orasida so‘fiylar, zokirlar ham bor, ular zikrisamo’ bilan xalqning diniy hayajonini ortdiradirlar.

Mana hozir xalqqa qarshi soldotlar, miltiqlar, pulimutlar keladir. Lekin xalq qo‘rqish darajasidan o‘tgan.

Hokim tomonidan buyruq:

— Tarqalinglar!

Xalq javob beradi:

— Sen soldotlaring va pulimutlaring bilan ket, so‘ngra biz tarqalamiz.

Ko‘p-da o‘tmadi. Ellik mingdan ortiq xalqqa qarshi pulimutlar va miltiqlardan otish boshlandi. Xalq boshda o‘lganiga qaramasdan pulimutni qo‘lga kiritishga urinib ko‘rsa-da, undan yomg‘ir singari yog‘ilib turg‘on o‘qlar xalqni yaqinig‘a keltirmadi. Pichoqlar miltiq bilan pulimutga qarshi kurasha olmadi. Xalq yengildi. Xalq qochdi. Soldotlar, palisalar ularni orqasidan quvlab borib ko‘rgan joyda otti, chopdi, maydonda, ko‘chalarda yigitlar, chollar, o‘spirinlar qonlarga bo‘yalib yotadir. Ikki qat xotunlarning qorinlari ustida podshoh soldotlarining nayzasi sanchilib turadir. Yiqilg‘on go‘daklarning qizil lablari ko‘kargan, yosh qizlarning kesilgan boshlaridagi qora sochlari yuzlariga o‘ralib, ularning betlarini qonxo‘rlarning ko‘zlaridan saqlaydilar. Yaradorlarning ingragan tovushlari yaqinda oqib shovullab turg‘on suvga qo‘shilib oqadir. Shahar qon ichida. Xalq qilar ishini bilmaydir. Maydonga chiqmoq uchun qo‘lida qurol yo‘q.

Lutfullo Olimiy, Farg‘ona

«Yer yuzi», 1926 yil, 11-sonidan olindi.

1916 yil mardikor olish voqeasi Turkiston yerlik xalqini qanchaliq g‘azabga keltirgan bo‘lsa, yerlik xalqqa qarshi podshoh, hukumati ham shunchalik zahrini to‘kkan edi. Osishlar, kishanga solishlar, qamashlar qolg‘oni yo‘q. Zulmning eng qo‘pollari ishlatilmay qolmadi. Hammasi bo‘ldi. Suvratda: Toshkent tumanidagi kentlardan biri hukumatga qarshi isyon ko‘targanlarning osib o‘ldirilgani tasvir etiladir. (Kapustiyonskiy foto-arxivi)

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.