OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulla Oripov. Bu shunday ijod chamaniki... (1987)

Pushkinning hayoti va ijodini ilmiy va badiiy jihatdan tadqiq etuvchi ko‘pgina mutaxassislar Qoradaryo (Chernaya rechka) bo‘yida yaralangan shoirni hozirgi zamon tabobati qutqarib qolishi mumkin edi, deb hisoblaydilar. Ba’zi tadqiqotchilar esa, basharti durustroq vrachni topishganda 150 yil burungi meditsina ham Pushkin hayotini saqlab qola olardi, deb ishonadilar.

Bundoq gaplarni o‘qib, modomiki mudhish fojea yuz beribdi, balki shoirni qutqarish mumkin ekan, lekin Pushkinning dil jarohatlarini kim davolay olardi, deb beixtiyor o‘ylab ketasan, kishi. Balki, yaxshilikkadir, balki yomonlikkadir — har holda shoirning dil yaralari oldida har qanday tabobat hamisha ojizdir. “Shu yovuz zamonamda erkni kuyladim maqtab”. Xayolimga shoirning yuqoridagi satrlari keladi. Shoir o‘sha davr uchun xayolot, bugungi kunda esa moddiy borliqqa aylanib turgan ozodlikni kuyladi. Lekin yuqoridagi satrlarda Pushkinning faqat zamonasiga emas, balki atrofini o‘rab turgan yovuz shaxslarga ham malomat tuyg‘ulari sezilib turibdi. Bu gaplardan keyin ham, eh-he, qancha suvlar oqib o‘tdi. Jumladan, bizning Amudaryo bilan Sirdaryo ham. Hozirgi zamon iborasi bilan aytganda, bizni o‘rab turgan atrof-muhit, odamlarning turmush tarzi tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib ketdi. Ijtimoiy hayotda inqiloblar yuz berdi. Lekin Pushkin asarlarida tarannum etilgan, shoirning qismatiga bevosita aloqador bo‘lgan ko‘pgina, tuyg‘ular, masalan, ezgulik, mehr-oqbat, muhabbat, odamiylik hanuzgacha noyob va tansiq tuyg‘ular bo‘lib qolayotirki, balki shu sababdan ham yuqoridagi kabi insoniy hislarning buyuk kuychisini biz o‘z zamondoshimiz kabi ardoqlayotgandirmiz.

“Xurramlikka moslanmagan hali yerimiz!” Pushkindan roppa-rosa yuz yil keyin boshqa shoir, ya’ni, Mayakovskiy yuqoridagi satrlarni yozdi. Ayniqsa, bugungi kunlarda, bir necha siyosatdonlar o‘zlari uchun mudofaa qalqonini yarataman deb jahonni jar yoqasiga keltirib turgan kunlarda olamshumul shodu xurramlik haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Hozirgi zamon she’riyatida she’rlarimiz turli-tuman tashbehlarning ko‘pligidan toliqib qolayotir. She’riyat gohida hayot ikir-chikirlarini shunchaki qayd etish vositasiga aylanib bormoqda. Bunday holda kimlardan ibrat olmoq lozim? Har qanday soxtakorlikdan xoli, qalb ko‘lamining bepoyonligi, voqea va hodisalarning mohiyatiga chuqur kirib borish, o‘ta samimiylik, teran xalqchillik Pushkin ijodiyotini Sharqning buyuk shoirlari — Sa’diy, Hofiz, Navoiy ijodlari bilan ajib bir ravishda uyg‘unlashtiradi. Pushkinni Sharqqa yaqinlashtiradigan muhim belgilar undagi sharqona ohanglar, gul va bulbul, Sharq maloyiklari obrazlaridangina iborat emas, balki Pushkinning ruhi va tafakkuridagi olamshumul ko‘lam g‘oyat sharqonadir.

O‘z Vatanini, xalqini va uning tarixini benihoya sevgan ulug‘ Pushkin Osiyo va Afrika xalqlari haqida frantsuz klasstsistlari va ingliz romantiklari targ‘ib etgan xayoliy tasavvurlarni dadil ravishda yorib o‘tdi, u Sharqni tamomila yangicha yo‘sinda qalamga ola boshladi; u Rossiya tarixini Sharq xalqlari tarixi bilan muqoyasa qilib o‘rgangandagina to‘laroq anglash mumkin, degan g‘oyat jasur xulosaga yaqinlashib keldi. Fikrimizcha, jahon she’riyatining beshiklaridan bo‘lmish Sharq mumtoz poeziyasiga Yevropa shoirlari orasidan eng yaqin turuvchi zot yolg‘iz Pushkindir.

Bir qancha qardosh adabiyotlarning asoschilari, jumladan, Abay Qo‘nonboev, Abdulla To‘qay singari benazir shoirlar Pushkin dahosi oldida ta’zim qilganliklari, uning asarlarini o‘z ona tillariga o‘girib, adabiyotlarini boyitganliklari bejiz emas. Mening ustozlarimdan biri ulug‘ shoir David Qug‘ultinov esa har bir ma’ruzasida Pushkin jahon she’riyatining sarchashmalaridan biri ekanligini uqdirib turadi.

Bizning O‘zbekistonimizda Pushkin ijodini yaxshi bilganlar, uni tarjima ham qilganlar. Bu g‘oyat faxrli holdir. Hamid Olimjon, Oybek, Usmon Nosir kabi ustoz shoirlarimiz esa, Pushkinning “Kavkaz asiri”, “Yevgeniy Onegin”, “Bog‘chasaroy fontani” kabi asarlarini tilimizga tarjima etib, xalqimizni ushbu bebaho durdonalardan bahramand etdilar. Uzoq qishloqdami yoxud poytaxtimiz Toshkentdami yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan har bir kishidan qaysi shoirlarning nomlarini eshitgansan, kimlarning ijodini ulug‘laysan, deb so‘rasangiz, ular Alisher Navoiy qatorida Aleksandr Sergeevich Pushkinning nomini ham tilga oladi desam, sirayam lof gapirmagan bo‘laman. Buning sabablari esa talayginadir.

She’riyatda ham teatrlarda bo‘lgani singari chiroyli bezaklar mavjud. She’riyatning ham bayramlardagina otiladigan favvoralari bor. Pushkinning ijod chamani esa haqiqiydir, unda sayrayotgan qushlar ham rosmana, jonli qushlardir. Ushbu chamanda faqat hordiq chiqaribgina qolmaysiz, balki tiriklik deb atalgan buyuk ne’matning qadriga yeta boshlaysiz.

Shoirlar orasida g‘oyat ulug‘vor cho‘qqiga aylanib, o‘z abadiy qiyofasini topganlari bor. Pushkin esa, tobora o‘sib borayotgan cho‘qqidir. Uning o‘sishi shoirga nisbatan xalqlar dilidagi muhabbat va xayrxohlikning muttasil ortib borishi bilan belgilanadi.

Buyuklar orasida o‘z abadiyatini muhtasham haykal tarzida kechirayotganlari ko‘p. Biroq Pushkin biz uchun, eng avvalo, barhayot bir insondir.

Pushkin she’riyatini biz, mana 150 yildan keyin ham adabiy yodgorlik emas, tirik she’riyat deb ardoqlab turibmiz.

“Sovet O‘zbekistoni”, 1987 yil, 6 iyun.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.