OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Halima Xudoyberdiyeva. Ayol el qiladi aslida elni... (1990)

http://ziyouz.uz/images/konslager.jpg

Mart oyini ziyorat oyi degim keladi. Yilning bu oyida xotira kuni o‘tkazilishini o‘ylayman...

Darvoqe xotira...

Insonning xotirasidan katta boyligi bormi o‘zi? Mana shu qutlug‘ boylik uning bugunida beliga quvvat, ertasiga ruhida ishonch vazifasini o‘tamaydimi?

Xotiram daftarini varaqlayman. Ko‘rgan, eshitgan, o‘qiganlarim...

Urush oloviga dastlab gugurt chaqqanlar, unga o‘t qalab guvillatganlar, uni o‘chirguncha sillasi quriganlar... va ming azoblarda qaddini tiklaganlar. Egilmas bo‘lib tiklanganlar. Tarix bizga "Urushga qarshi kurash — u boshlanmasdan oldin olib borilishi kerak" deb uqtiradi, boshlangach esa foydasiz, ho‘l-quruq barobar yonadi.

Urush yillaridan biz qancha uzoqlashib ketgan sari jang maydonlarida, front ortida barobar yonganlar shuncha yaqqolroq yonganicha qad ko‘taraveradi...

20 million shahid... Bu motam butun dunyo xalqi qatori jabrdiyda kishilarning ham xotirasidan abadiy o‘chmas. Hech bir xalq shuncha oz muddatda shuncha yaratuvchi, quruvchi qo‘llaridan judo bo‘lgani yo‘q. Qardosh do‘stlarimiz polaponlarini ilondan olib qochgan qushday, o‘zlari yov yo‘liga qalqon bo‘lib, go‘daklarini bizning bag‘rimizga jo‘natishdi. U vaqtda o‘zi oyoqda zo‘rg‘a yurgan odamlarimiz ham evakpunktlarga borishgan, sovuqdan, ochlikdan dirillagan, hammadan hadiksiragan, evakuatsiya qilingan bolalarni issiq bag‘irlariga bosib, choponlariga o‘rab uylariga olib ketishgan. Issiq tanchalari atrofida o‘tqizib isitishgan. Qorinlarini to‘ygizishgan...

Inson go‘dagini o‘zidan ko‘ra ko‘proq sevishi, asrashi — bu juda ko‘p martalar isbotlangan hayotiy haqiqat.

Xotiramga esa boshqa dahshatli haqiqatlar keladi.

...Ular bizning g‘ururimiz — Tolstoyning qabrini toptashgan, ijodxonasiga kirib aysh-ishrat qilishgan. Kitoblarini o‘tda yoqishgan.

Ular Pushkinning Svyatogorskdagi qabrini poymol qilib muzeyni talon-toroj qilishgan. Ulug‘ shoirning portreti esa o‘qqa nishon bo‘lgan. Axir ular bizning ruhiy, g‘oyaviy cho‘qqilarimiz emasmidi?!

Buyuk rus kompozitori P. I. Chaykovskiyning muzeyi fashistlarning mototsikllariga garaj bo‘lgan va bu garaj daho bastakorning qo‘lyozmalari, kitoblari, mebellarini yondirib isitilgani tarix sahifasiga qora harflar bilan yozilgan.

Ular birgina sovet xalqi emas, qo‘llari yetgan joyda, vaqtincha bo‘lsa ham barcha xalqlarning suyanch tog‘larini qo‘porishdi, boyliklarini o‘g‘irlashdi, tortib olishdi. Ular orasida shoir A. Mitskevich, kompozitor Shopen, ulug‘ san’atkorlar, badiiy tasvir ustalari, Mone, Sezanne, Van Gog, Matiss asarlari bor edi. Mikelanjeloning mashhur, bebaho "Bryuggelik Madonna"si ham gestapo xodimlari tomonidan shaxsan fyurer uchun o‘g‘irlab ketildi...

Yuzlab yillar davomida erishilgan xalqimizning madaniy boyliklariga qo‘shib o‘n minglab odamlarimyzni olib ketib, ulardan hayvonlarcha beshafqatlik bilan o‘ch olinganini unutishga, xotira daftarlaridan o‘chirishga insoniyatning haqqi yo‘q. Chunki ular ham siz va mening yoshimdagi, ko‘pchiligi yanada yoshroq, hayotga endigina kirib kelayotgan yoshlar edi. Ayollar, bolalar, otalar edi...

Dunyo Nyurnberg protsessidagi mana bu aybnoma faktlarni unutishga haqqi yo‘q:

— Es-eschilarning xonalariga bezak sifatida ishlatilgan inson boshining quritilgan terilari...

— Osventsim pechlarida yoqishga mo‘ljallangan odamlardan, ayollardan qirqib olinib "tayyorlangan" issiq paypoq to‘qish uchun mo‘ljallangan tonna-tonnalab inson sochlari...

— Krematoriylarda yoqilgan minglab, millionlab odamlarning kulidan o‘git sifatida foydalanish...

...Bular hali asrlar osha fashizm ustidan qora aybnomaday, ovozi hech qachon o‘chmaydigan Xatin qo‘ng‘irog‘iday jaranglayveradi. MDFJ — xalqaro demokratik xotin-qizlar Federatsiyasining dastlabki, 1945 yilning dekabridagi yig‘inida asosan mana shunday o‘lim lagerlari, qonli jang maydonlaridan tasodifan omon chiqqanlar ishtirok etishdi.

Urush tugagan, odamlar tinchlik shamolidan endigina bahra ola boshlagan, ammo qayg‘ular, ayriliq, hijron azoblari hali tugamagan, Vatan tuprog‘ida, odamlar ko‘ksida urush ochgan yaralar hali hilvirab turardi. Urushning bequt oyog‘i kuydirib ketgan ko‘chalarda och, yalang‘och, yetim-esirlar, arvohday qoq suyak bolalar kezinardi. Birinchi Xalqaro Kongressga 41 yurtdan qatnashgan 850 nafar xotin-qizlarning aksariyati jang shinellarini hali yechib ulgurmagan, fashist kontslagerlarining butun azob-uqubatini o‘z boshlaridan o‘tkazgan, bu qattol qamchilar zarbini o‘z tanalarida sinagan ikkinchi jahon urushining qatnashchilari edi...

Hamma zamonda, har vaqt urushga tayyorgarlik va u keltiradigan falokatlarni hammadan ko‘ra asllar chuqurroq his qiladilar. Eng og‘ir yuk avvalo ularning yelkasiga tushadi.

— ...Mana shu O‘ratepadan Shahriston tarafga ko‘tarilishda yo‘l betidagi kaftdaygina bizning qishlog‘imiz — Qayirmaning o‘zidan urush boshlanganining dastlabki haftasidayoq 30 chog‘li yigit frontga ketdi, — deb eslaydi shu qishloqlik Mayram xola,— barisiyam uylangan bo‘z yigitlar, kelinlarning 5-6 tasining 1-2 tadan go‘dagi bo‘lib, qolganlar birovi salt, birovi gumonasini o‘ziyam sezib-sezmay chimildiqda qolgan kelinchaklar edik. Birovimiz bir oy uy qilgan, birovimiz bir kun. Qishloqning o‘ttiz bolasidan biroviyam qaytmasa-ya. Tag‘inam yashadik-da. Hay, oti o‘chsin bu urushning! Ko‘z ochib ko‘rganlarimizning bo‘ylariga ko‘zimiz to‘ymay, ikki qo‘limiz urushning-yoqasida, qon qaqshab yashab o‘tdik-da, bolam.

Ha, bugun butun Insoniyatning ikki qo‘li kechagi urushni boshlaganlarning, bugun boshlamoqchi bo‘layotganlarning yoqasida!

Yana bir xotira... Angliyaning Grinem-Kommon shahrida qanotli raketalarning joylashtirilishiga qarshi bosh ko‘targan ayollar tinchlik lageri qurishdi. Jahonni larzaga solib necha yillar yashashdi. Qor-yomg‘irda, och-nahor yashashdi. Ertaga bo‘lmasa indin bu qalin, qoramtir qorlar, bu zil-zambil muzlarning erib ketishiga ishonchi komil, go‘daklarini muz ustida tug‘ayotgan ayollarning muz ustida bo‘lsa ham bu alg‘ov-dalg‘ov dunyoga suyukli, qilichday keskir erlarga o‘xshash, o‘zlariday qaytmas qasoskorlarni sovg‘a qilgan o‘sha ayollar xotiramda o‘chmas bo‘lib qoldi:

Go‘dagin qorlarga o‘ragan Ayol
Unga ne bersa o‘ch, ahd berayotir.
Dunyodan tinchlik, non so‘ragan ayol
Dunyoga qiynalib baxt berayotir.
Yig‘lama!
Biri Azob bo‘ldi, chinqirib o‘ldi
Muzlarga yopishib qolib kindigi
Ayol el qiladi aslida elni,
Tug‘sang, Erk bo‘ladi endigi!
Endigi tuqqaning bilmaydi qazo
Ko‘kraging tutasan, oppoq sut-ku, bol.
Ey, tirnog‘igacha yovlarga jazo,
Irodasi temir, temirtan Ayol.
Joningda ne bo‘lsa joniga o‘tkaz
Yo‘lingning davomi — yo‘lchilarini.
Temir shuur bilan voyaga yetkaz
Vatanning temirtan elchilarini.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.