Ustoz Abdulla Qahhor prozamizning eng baquvvat chinorlaridan biri edi. Lekin ayni vaqtda u zot she’riyatni ham g‘oyat nozik tushunardi. Abdulla aka yoshligida ko‘plab, aksar hajviy muxammaslar yozib e’lon qilganligini men keyinchalik bilganman. Men nasrda biror narsa yozmagan bo‘lsam-da, doimo Abdulla Qahhorning shogirdi sanalardim. Demak, ustoz va shogirdlik ijodiy saboqlardan tashqari dunyoqarashlar hamohangligi bilan ham belgilanar ekan. Abdulla aka ko‘pincha o‘ziga ma’qul bo‘lgan shoirlar ijodi haqida gapirganda: “u bilmagan narsasini yozmaydi yoxud falonchining she’ri tarnovdan tushayotgan tomchiday, agar salmog‘i to‘lmasa tommaydi”, derdi. Abdulla akaning o‘zi yuqoridagi talabiga tamomila rioya qilib yashadi. Uning har bir asari, har bir maqolasi dunyoda lof aytib umr ko‘rayotganlar uchun keskin zarba bo‘lar edi. Birgina “Tobutdan tovush” pesasini eslang. Poraxo‘rlikni qattiq qoralagan bu asar o‘z vaqtida ayrim odamlar tomonidan sal bo‘lmasa jamiyatga tuhmatday qabul qilindi. Oradan yillar o‘tib Abdulla Qahhorning mutlaq haqligi ayon bo‘ldi. Demoqchimanki, Abdulla Qahhor doimo haqiqatga, hayotga tayanar, boshqalardan ham shuni talab qilar edi.
Ba’zi birovlar Abdulla Qahhorni qora bo‘yoqlarga ko‘proq moyil yozuvchi, deb hisoblardi. Bu asossiz, uydirma fikrdir. Men bir tanishimning qafasdan qochib chiqib yana qafasga qaytib kelgan sa’va qushi haqida she’r yozib e’lon qilgandim. She’rdan o‘zim ham yetti uxlab tushimga kirmaydigan mujmal xulosa chiqib qolibdi. Buni Abdulla aka payqab, ataylab meni axtarib topdi-da, “Ha, shoir, gonorar kerak bo‘lib qoldimi, ikkinchi bunaqa she’r yozmang”, deb qattiq tanbeh berdilar. Abdulla Qahhor tom ma’noda iymoni, e’tiqodi mustahkam adib edi. U kishining turli as’asayu dabdabalarga, balandparvoz gaplarga toqati yo‘q edi. Esimda, keyingi yillarda Abdulla aka radio, televidenie, ba’zi matbuot organlarida kuchayib ketgan jimjimador gap uslublariga g‘ashi kelib, o‘zlari ham bir uchrashuvda bu haqda keskin gaplar aytgandi. O‘sha yillari yuqoridagi kabi almoyi-aljoyi uslublarni masxara qiluvchi hikoyalar, she’rlar, ba’zi pesalar yozilgandi. Bularning barchasidan xulosa chiqarib Abdulla aka aytgandi: “Bir narsa haqida birgina odam gapirsa, balki hali hech nima yuz bermagandir. Ammo boshqalar ham gapira boshladimi, demak, bir gap bor, bu ishga endi diqqat qilmoq lozim”.
Abdulla aka doimo tutilmagan gaplarni topib aytguchi edi. U kishining qog‘ozga tushmagan qanotli qochirimlarini yig‘sa ham bir kitob bo‘lar. Bir kun nashriyot xodimlari tushlikka chiqib, lag‘monxo‘rlik qildik. Ishga qaytib kirsam, Yozuvchilar uyushmasining mas’ul kishilaridan biri meni chaqirib, kuppa-kunduzi ulfatchilik qilib o‘ltiribsan, deb ayblay boshladi. Bu, albatta, oshkora tuhmat edi. Mening vijdonim chidamay, bu haqda Abdulla akaga bor gapni aytdim. Abdulla aka bir oz o‘ylab turib: — O‘sha odamga, endi nima qilay, sening uyingga borib tushlik qilaymi, demabsiz-da, — dedi. Agar mening yuqoridagi murojaatim shikoyat hisoblansa, hayotimda birinchi va oxirgi marta Abdulla akaga dardimni yorgan ekanman...
60-yillarning oxirlarida adabiyot dunyosida yosh shoirlarni o‘ziga xos tarbiyalash mavsumi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistonda bu “sharafli” qismat menga yor bo‘ldi, to‘g‘ri tanqidlar bilan bir qatorda ataylab g‘ashga tegishlar, yakkalashga urinishlar bo‘ldi. Shunday bir vaqtda Abdulla Qahhorday atoqli zot bizning himoyamizga kirishib, asarlariga she’rlarimizdan epigraflar olib qo‘ya boshladi. “Mahalla” hikoyasi uchun Erkin Vohidov, “Nurli cho‘qqilar” hikoyasi uchun men to‘rt qatordan she’rlar yozib berganmiz. Abdulla aka “O‘tmishdan ertaklar” asariga ham mening “Munojotni tinglab...” she’rimdan epigraf olgandi. Ulkan adibimiz ushbu xatti-harakati bilan go‘yo: — “Hoy, birodarlar, bu bolalarni qarovsiz deb o‘ylamanglar”, — degan edi. Harholda, Abdulla Qahhorning bizga ko‘rsatgan o‘sha e’tiborini men shundoq tushundim. Ustoz Abdulla Qahhor haqida ko‘plab xotiralar yozilishi tayin. Chunki u to‘la ma’noda yirik shaxs edi. Yirik shaxslarning butun ma’naviy olamini esa mukammal bilaman, deyish xato bo‘ladi.
Men shu o‘rinda zukko tarjimon adibamiz Kibriyo Qahhorovaning ustoz bilan birga kechirgan mazmundor umr yo‘llarida g‘oyat fidoyi bo‘lganligini eslatib o‘tmoqchiman. Birmuncha muddat A. Qahhorning nomi ro‘yxatlarda ko‘rinmay qolganda ustozning nomidan cho‘chib, hadiksiragan shogirdlar ham uchradi. Hayriyat, bu gaplar o‘tkinchi ekan...
Abdulla akaning lafzidan uchgan so‘zlar nechog‘li shafqatsiz bo‘lmasin, uning ko‘zlarida doimo qandaydir bir mung yashirinib yotardi. Ustozimizning xotiramda muhrlanib qolgan muhim tomonlaridan biri mana shu...
Ustoz Abdulla Qahhor bizning xotiramizda adabiyotning pokligi va butunligi uchun kurashgan, o‘z talabiga o‘zi ham qat’iy amal qilgan siymo sifatida qoldi.
Oilada, mahalla-ko‘yda ayrim mo‘‘tabar odamlarning o‘rni bo‘lakcha bo‘lgani singari Abdulla Qahhorning jozibasi ham biz yoshlar uchun o‘shandoq — bo‘lakcha edi.
U zot qing‘irlikni bilmas, tili o‘tkir bo‘lsa-da, birovning dilini noo‘rin og‘ritmas edi. Shogirdlariga mehr bilan boqar, ularning oldida boshqa yozuvchilarning asarlarini bo‘lar-bo‘lmasga yerga uravermas edi. Mana shu kabi fazilatlarni men kam odamlarda uchratganman.
Abdulla Qahhor g‘oyat ibratli, ayni vaqtda nihoyatda mashaqqatli hayot yo‘lini bosib o‘tdi. Lo‘ttivozlik, soxtakorliklar diliga urar edi, shekilli, u kishi ko‘proq yoshlarga, Hali aynib ulgurmaganlarga umid ko‘zi bilan qarardi.
1987 yil