OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Halima Xudoyberdiyeva. Umidvorlik (1989)

http://ziyouz.uz/images/yetim.jpg

Siz menga ikki fikr bilan murojaat qildingiz.

Eski yildan xotirangizda qolgan voqealar... va yangi yildan nimalarni kutasiz. Bular haqida o‘ylarkanmai, Robert Rojdestvenskiyning "mening yillarim — mening boyliklarim" mazmunidagi satri esimga keldi. Umuman olganda-ku, umrimizning har yil, har oy, qar kuni tabiatning bizga bergan kamyob boyligi, ehsoni. Sizning murojaatingiz sabab bir fursat bosib o‘tgan izlarim, kunlarimga qaytganday bo‘ldim.

Avval aytgan bo‘lsam ham, yana bir misol keltiray.

Xuddi kuni kechagiday ko‘z oldimda turibdi. Ekranda tutab yotgan uyum tasviri. Axlat tashiydigan mashina yonidagi odam bu uyumni mashinaga ortyapti. Diktor (bu joyning adreslarini aniq aytgandi o‘shanda) mana shu uyum orasidan yangi tug‘ilgan chaqaloq jasadi topilganligi va bunday hodisalar keyingi paytda uchrab turganligini aytganda dahshatga tushdim. Tabiatdagi, hayotdagi muvozanat buzilayotganday tuyuldi menga. Muqaddas, qadim-qadimdan go‘dagining bir tamshanishi, "inga"sidan jonu diydasi sut bo‘lib oqadigan, tabiatan shafqat, muruvvat elchisi bo‘lgan ayolning ayollik, ming yillardan beri bu hayotning davomiyligini ta’minlab kelayotgan, sirli, jonbaxsh muhabbatning muhabbatlik, yuraging bilan tutash, jigar-qonlaringdan yaralguvchi farzandning farzandlik qadri poymol bo‘layotganligi, toptalayotganligini ko‘rib qandoq chidash mumkin?!

Chingiz Aytmatovning "Sohil bo‘ylab chopayotgan olapar"idagi "muvozanat" esingizdami? Ular bolaning dunyoda yashab qolishi uchun (ovga chiqqan qayiq quyuq tuman bilan qoplangan poyonsiz dengizda adashib ketadi), ichimlik suv ozligidan shu suvni bir tomchi bo‘lsa-da, bolaga qoldirish uchun (holbuki, "nima bo‘lsa taqdirdan ko‘rdik", deb suvni hammalari birgalikda oxirigacha ichishlari va qayiqdagilar birgalikda o‘limga yuz tutishlari ham mumkin edi-ku!) birinchi bo‘lib o‘zini dengizga tashlagan bobo O‘rxun — O‘rxun Shamolga, keyin ota Emrayin o‘zini dengizga tashlab — Emrayin Bo‘ronga aylanib ketganlari esingizda qolgandir. Maqsad — qanday bo‘lmasin bola o‘lmay qolishi, yer yuzidan zuryodlari yo‘qolib ketmasligi kerak edi. Buning uchun ular qo‘llaridan kelgan hamma ishni qildilar, hatto o‘limgacha tik borishdan qaytmadilar.

Bizdagi ba’zi bir yoshlar esa (o‘z ko‘ngil mayli yo‘lida hech narsadan qaytmasalar-da) o‘zlarining nomlariga dog‘ tushmasligi uchun, soxta "tozalik", obro‘ uchun, jismi-jonining bir parchasi bo‘lib dunyoga kelgan zuryodlarini o‘z qo‘llari bilan kunni qorong‘ulatib axlat uyumlari orasiga tiriklay ko‘mishgacha borib yetdilar!

Dunyoda bundan ko‘ra tubanlik, bundan yomon darajadagi qotillik bormi?!

Nahotki, inson, bir tomondan gulu giyohga, qumursqayu qushga jon ato qiluvchi tabiatning gultoji bo‘lgan ulug‘ Inson o‘zining o‘nglab bo‘lmas xatoyu gunohlari to‘rlariga o‘ralib, tushungan holda o‘z oyog‘i bilan so‘nggi, qonuniy jazo kundasiga qarab boraversa... Darvoqe, jazo... Bizning jazo qonunlarimiz ba’zan o‘ta muruvvatli, ba’zan umuman yo‘q... Odamzodning oxirgi halokati — jazo kundasiga yetib borguncha tomoshabin bo‘lib turavermaslik uchun shafqatsizroq, muruvvatsizroq jazo qonunlari ham kerakmi deyman. Mana shunday ayollarga, bunga sababchi bo‘lgan erkaklarga ham shunday yo‘l tutish kerakka o‘xshaydi.

Insof, diyonat, shafqat, mehr qo‘llari ojiz, ularni yo‘ldan qaytarishga qodir bo‘lmay qolgan ekan, balki shafqatsiz jazo qonunlari qaytarar ularni bu yo‘ldan?! Biz qanday qilib bo‘lsa-da, yo‘l topishimiz, odamlarni qotillik, odamkushlikdan qaytarishimiz kerak. Tinchgina, "birov bilan nima ishim bor, o‘z uyimning burgasi chaqmasa, tashqarida ilonlar o‘ynasin" qabilida ish ko‘rib yura-yura kelgan joyimiz shu bo‘ldi.

Men, albatta, bu misolda oqibat haqida gapirdim. Bu oqibatga olib keluvchi yo‘llar, sabablar ming xil. Tan olib aytish kerakki, aslan olganda — bu gunoh javobgarligini faqat o‘sha ikki yosh emas, biz hammamiz bab-barobar bo‘lib olsak to‘g‘riroq bo‘ladi.

Bu — biz onalarni bolalarni oilada yetarli darajada to‘g‘ri tarbiyalay olmaganimiz, ularga yetarli ko‘krak suti (bolasini o‘z suti bilan boqadigan ayollarning kun sayin keskin kamayib ketayotganidan) yuraging zirqirab ketadi. Axir hayotda ona bilan go‘dakni bir-biriga bog‘laydigan eng avvalgi va eng muhim omil ona suti emasmi? Shariatda aytilishicha, farzand tug‘ilishi bilanoq ko‘krak suti bilan boqilishi bolani onaga butun umrga mustahkam rishtalar bilan payvand etadi. Bugungi kunda bolalarimizdagi ota-onaga nisbatan ko‘tarilib borayotgan mehr-oqibatsizlik sabablari, ildizlaridan biri ana shu ularning hayotda ko‘z ochgan dastlabki yillariga borib ulanishi haqida hech o‘ylab ko‘rganmizmi? Ularga yetarli onalik mehr-muhabbatini bera olayapmizmi? Bu endi ayolning o‘zininggina aybi emas. U ertadan kechgacha davlat idoralari, korxonalar yo dalada ishlashi, uyga qaytib ro‘zg‘or, butun tirikchilikni izga solishi, erkakning ko‘ngliga qarashi, bularning hammasidan orttirib, mutasaddi kishilarning fikricha, u har kuni bolaga qarash uchun o‘rtacha 17 minut vaqt ajratar ekan. Insof bilan aying-chi, 17 minutda bolaning jismi, aqli, ongi tarbiyasi uchun nima ish qilib ulguramiz?!

Ko‘ryapsizmi, bola tarbiyasi nechanchi darajaga surib qo‘yilyapti. Holbuki, hamma zamonlarda ayolning ayollik qadri, bahosi, uning haqiqiy ayolligi, farzandlariga bergan tarbiyavi, jamiyatga kimlarni yetkazib berganligi bilan o‘lchangan. Shunday ekan, yana qaytaraman, bizning fikrimizcha ayollarning ish kunini qisqartirish haqidagi muammoni, takliflarni hal qilish fursati yetgan ko‘rinadi. Hal qilganda ham oylik ish haqlarini to‘liq saqlab qolmoq kerak. Imonim komilki, bundan ayol ham, bolalar ham, qolaversa, jamiyat ham faqat foyda ko‘radi. Zarar emas. Farzandlarimiz oila qurishga jismonangina emas, aqlan, ma’nan ham tayyor bo‘lishlari kerak. Biz turg‘unlik yillarida tarbiyaning mana shu juda muhim tomonini xayoldan faromush qildik. Qizlarni yaxshi beka emas, yaxshi ishchi, faol jamoatchi bo‘lishga ko‘proq undadik. Shu jihatdan olib qaraganda, bu javobgarlik yuki ota-onalar bilan bir vaqtda ko‘ksiga qayta qurish shamollari tegmagan va hali ham tegmayotgan ba’zi pedagoglar, odamlarning aqliga ozug‘ beradigan, ma’naviyatini boyitadigan asarlar bilan xalq yuragiga kira olmagan ba’zi bir yozuvchilar, matbuot xodimlari yelkasiga ham tushadi. Shoir Usmon Azimov "O‘z yoqamda qo‘llarim" deb bejiz aytmaydi. Toki, har birimiz o‘z aybimizni yurakning chuqur-chuqur yerlarida his etmas ekanmiz, sergak tortib, oyoqqa turmas ekanmiz, odamlar ongini, qarash, tushunchalarini o‘zgartirib, jamiyatni qayta qurib bo‘lmaydi.

O‘zbekistondagi mavjud yetim bolalarning 90 foizi tirik yetimlar ekanligi o‘rtaydi meni. Yangi yilda men bolalar uylaridagi yetim bolalar sonining oshmasligi, bitta bo‘lsa-da, ota yo onaning insofga kelishi, bitta bo‘lsa-da jovdiragan go‘dakning ko‘zidagi yoshning qurishini istayman.

Respublika xotin-qizlari jurnali “Saodat”ning ma-munini belgilashda ham biz kollektivimiz bilan shu nuqtai nazarlardan kelib chiqamiz. Bizning nashr nafaqat xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy nashri, ayni paytda oilaviy jurnal ham ekanini ancha unutib qo‘ydik.

Inontirgin, endi, bu zinalardan,
Haq, nohaq barobar chiqilmaydi deb.
Kuch topib inontir, odam inonsin,
Adolat yuz tuban yiqilmaydi deb.
Charchagan farroshmi, ilmi tolibmi,
Inontir, ko‘ngliga sol tormi yo nay.
Endi yo‘lga kirgan Mirzo G‘olibim,
Yiqilmay o‘sadi, men ham inonay.

Sizlarning har biringizga yangi yil oldingi yillardagidan ko‘ra baxtliroq kelishidan umidvorman.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.