OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ahmadjon Meliboyev. Namangan saboqlari (1991)

Namanganda fojia yuz berdi.

Shirinzabon, xushxulq, hatto tili chiqmagan jujuqchani ham sizlab, hurmatini joyiga qo‘yadigan Namanganda sakkiz nafar navqiron yigit halok bo‘ldi. Darg‘azab olomon ko‘zlarida tiriklik alomatlari allaqachon so‘ngan, uvadasi chiqib ketgan murdalarni ham ayab o‘tirmadi.

O'ldirilganlarning beshtasi shahar chetida joylashtirilgan ichki qo‘shinlarga qarashli harbiy qism soldatlari. O'q yeb hayotdan ko‘z yumgan uch nafar namanganliklar mana bular:

Avazxon Asatillaev, 1964 yili tug‘ilgan, shahar firqa qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, kasbi nonvoychilik;

Alisher Topildiev, 1961 yili tug‘ilgan, uch bolaning otasi, avrli gazlamalar kombinatida oshpaz;

Qodirxon Hamidov, 1968 yili tug‘ilgan, nonvoy.

Rasmiy axborot. «1990 yil 2 dekabr kuni «1-Mikrorayon - «Lola» avtostantsiyasi» marshruti bo‘yicha qatnovchi avtobusda ichki ishlar qo‘shinlarining harbiy qismidan bo‘lgan harbiy xizmatchilar guruhi va mahalliy millatga mansub yoshlar o‘rtasida janjal chiqdi. Janjal avval mushtlashuvga, so‘ng ommaviy tartibsizliklarga aylandi. Natijada besh nafar harbiy xizmatchi va uch nafar mahalliy millatga mansub fuqaro halok bo‘ldi. 13 nafar harbiy xizmatchi va ichki ishlar organlarining 12 nafar xodimi, 12 fuqaro jarohatlanib kasalxonaga yotqizildi».

SHAHAR FIRQA QUMITASI BYUROSI E'TIROFIDAN:

«...voqealarning tahlili shuni ko‘rsatadiki, shahar huquqni muhofaza qilish organlari favqulodda vaziyatlarda ishlashga tayyor emas. Ular vujudga kelgan ahvolni zarur tarzda baholay olmadilar, harbiy xizmatchilarni qutqarish, tartibsizliklarga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘ra bilmadilar, ba'zilari (ya'ni ba'zi rahbarlar, mas'ullar-muallif) ochiqdan ochiq qo‘rqoqlik qildilar... Ommaviy tartibsizliklarda asosan yoshi 14 dan 30 gacha bo‘lgan o‘smirlar qatnashgani alohida tashvish uyg‘otadi (Olomon orasida kichik yoshdagi bolalar, maktablarning quyi sinf o‘quvchilari ham bo‘lgan- muallif). Bularning hammasi o‘smirlar, balog‘atga yetmaganlar bilan ishlashning bo‘shligi...dan dalolat beradi».

Namangan voqealari tafsilotlarini tekshiruvchi hukumat komissiyasining fikricha mushtlashuv va fojiada ruslarga qarshi kayfiyat alomatlari, millatchilik belgilari yo‘q. Ammo...

Ammo va afsuski, bo‘lib o‘tgan voqealarni yoritishda mahalliy matbuot bu gal ham sustkashlik qildi. Jumhuriyat Ichki ishlar vazirligining dastlabki axboroti hurmat bilan aytganda uzuq-yuluq bo‘lib, unda «mahalliy aholi vakillaridan faqat bir kishi halok bo‘ldi», deyilgan edi.

Achinarlisi shundaki, biz har gal, biror joyda nohush voqea yuz berdi deguncha nima qilishni bilmay dovdirab qolamiz. Chunki bizga «sotsializmda krizislar bo‘lmaydi» deya ta'lim berishgan, favqulodda holatlar sabog‘ini olmaganmpz.

Bunaqa paytda el matbuotga, radio, televideniega ko‘z tikadi. Ammo muxbir sho‘rliklar kimga borishni, qaerdan axborot olishni bilmay sarson bo‘ladilar. Markaziy matbuotning «qovun tushirishlari»dan bezillab qolgan mas'ullar esa hadeganda og‘iz ochavermaydilar.

Namangan voqealari xususida muharrirlarni dastlab ichki ishlar vazirligi axboroti asosida Markaziy Komitetda xabardor qilishdi. «Vazmin ish tutinglar, vaziyatning murakkabligini hisobga olinglar», deyishdi. Ma'qul gap. Ammo nega endi shu axborotni vazirlikning o‘zidan olish mumkin emas. Bir vaqtlar bizda jinoyatchilikka qarshi kurash olib boradigan favqulodda komissiyalar tuzilgan va hatto sobiq Ministrlar Soveti sostavida raisning favqulodda holatlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy etilgan edi-ku? Qani o‘sha komissiyalar, rais o‘rinbosari qani? Bu savollarga javob topish uchun kun bo‘yi ovora bo‘ldim. Ammo biror natijaga erishmadim.

Markaziy gazetalar, ayniqsa, Markaziy televidenie, «Glasnost» haftaligi ishni «qoyilmaqom» qilishdi. Namanganda «ichki ishlar qo‘shinlarining begunoh soldatlari quturgan olomon tomonidan o‘ldirilganligini» e'lon qilayotgan diktor ayol bu axborotni shu qadar tahlikali o‘qidiki, go‘yo o‘sha olomonning bir qismi xuddi hozir televidenie binosiga bostirib kelayotganday bo‘ldi. Armanistonda yer qimirlab necha o‘n minglab kishi tuproq ostida qolganida ham diktorlar bunchayin vahima ko‘tarishmagan edi.

«Glasnost»da e'lon qilingan M. Kedrovning «So‘nggi ogohlantirishmi?» sarlavhali to‘qima maqolasi hammasidan ham oshib tushdi. Muallifning fikricha, Namangan voqealarining ildizlari Farg‘ona, Toshloq, Marg‘ilon, Qo‘qon, Andijon, Gorskiy, Komsomolobod va boshqa joylarda yuz bergan fojialarga borib taqaladi, Chunki, - deydi u ishonch bilan, - Farg‘ona - amalda ko‘pmillatli vodiy. Bu yerlarda o‘zbek millatiga mansub bo‘lmaganlarga nisbatan munosabat favqulodda yomon.

O'ta mas'uliyatsizlik bilan aytilgan bu fikrning uydirmaligiii biz allaqachon isbotlaganmiz. Qolaversa, M. Kedrov sanab o‘tgan shaharlarda istiqomat qiluvchi boshqa millatga mansub kishilarning o‘zlari ham buni ochiq-oydin e'tirof etganlar. M. Kedrov aftidan biz tomonlarni yaxshi bilmaydi chog‘i, bitta maqolasida ko‘pdan-ko‘p xatoliklarga, chalkashliklarga yo‘l qo‘yadi. Andijon-Namangan orasini uch-to‘rt soatlik yo‘l deb belgilaydi. Namangandagi yakkayu yagona cherkov yopib qo‘yildi, deb o‘quvchilarni chalg‘itadi. Soldatlarni urib o‘ldirgan olomon maxsus tayyorlangan armatura bo‘laklari, temir-tersaklar bilan qurollanib avvaldan kelishib olingan joyda (!) avtobus o‘ldirilishi lozim bo‘lgan soldatlarni qachon olib kelarkin, deb kutib turardi, deya o‘z hukmini o‘qiydi. Uning fikricha, mahalliy ma'murlar «bu gal ham» ruslarga qarshi harakat izlarini yopish maqsadida fojiani shunchaki mushtlashuv deb baholab, «qotillarni» (!) ertasigayoq qo‘yib yuborganlar.

Hamma gapni aytib, jamoatchilik ruhiyatiga boplab ta'sir ko‘rsatib bo‘lgach, M. Kedrov asosiy maqsadga o‘tadi:

«So‘zim oxirida haftaligimiz sahifalarida bir necha bor ko‘tarilgan bir fikrga, ya'ni rus tilida so‘zlashuvchi aholini Rossiyaga, tarixiy yurtlariga qaytarish fikriga qaytmoqchiman. Nazarimda, busiz ish bitmaydiganga o‘xshaydi. Namangan fojiasi o‘zbekistonlik ruslarga favqulodda og‘ir ta'sir ko‘rsatdi. Ularning ko‘plari xoh bugun, xoh ertaga Rossiyaga qaytishga tayyordirlar. O'ylashimcha, Rossiya ularga yordam qo‘lini cho‘zsa yomon bo‘lmasdi. Axir ular (o‘zbekistonlik ruslar)ning mesxeti turklaridan yomon joylari yo‘q-ku!»

Mahalliy va markaziy matbuotning o‘rtasida yeru osmoncha farq bo‘lgan fikrlar bu. Endi uchinchi fikrga o‘tamiz. Bu Namangan voqealarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan, kuzatgan, bir vaqtlar Farg‘ona fojialari to‘g‘risida jiddiy maqolalar e'lon qilgan jurnalist Abdulla Jalilning fikrlari.

«...Voqea sodir bo‘lgan joy atroflarini ko‘zdan kechirdim... Qattiq otishma bo‘lganligini sezish qiyin emas. Matbuot uyi yonidagi kitob do‘koni oynalarini o‘qlar teshib o‘tibdi. Olomon otilganlarni ko‘rgach, tez yordam mashinasini ham yoqib yuborgan. Omonat kassasining, oynalari ilma-teshik bo‘lib ketgan. Olomonga qarab o‘t ochilgani ravshan ko‘rinib turardi...»

Kecha falokat yuz bergan, bugun esa g‘alati otishma bo‘layotgan joyga ko‘plar - yosh-yolanglar, maktab o‘quvchilari shunchaki qiziqsinib - nima tomosha bo‘layotganini ko‘rish uchun kelishayotgan edi. Umrida sovut yoki rezina tayoqni, potillatib otayotgan avtomatni ko‘rmaganlar uchun bu voqea qiziq bir tomosha edi-da. Ammo xolis aytganda, olomon orasida ota-ona nazoratidan butunlay chetda qolgan, kuni bo‘yi ko‘cha changitib yuradigan «kunda-shundalar» va ehtimolki, bunaqa qaltis vaziyatlarda biror maqsadga erishib qoladigan pismiqlar ham yo‘q emasdi. Avtomatlarning qo‘ng‘iroqdek ovozlari bu yerdan ancha olisdagilarni ham maydon sari chorlay boshladi. Olomonni tarqatishga urinayotgan posbonlar aslida olomon to‘playotganlarini o‘zlari ham bilishmasdi.

- Ommaviy bezorilik paytida yoshlar talonchilik qilishga urindilar, savdo rastalariga hujum qildilar,- degan gaplar haqiqatdan uzoq, - deb yozadi Abdullajon. - Aksincha, mana shunday asossiz gaplarning zamirida uyushtirilgan ig‘vogarlik paytida da'vo qilinadigan, yoshlarga ilish mo‘ljallangan yorliq bor xolos. Birinchidan, 3 dekabr kuni, fojianing ertasiga Markaziy univermag oldiga yoshlar o‘zlaricha kelib yig‘ilganlari yo‘q. Magazinni qo‘riqlash maqsadida bu yerga sovut va dubinkalar bilan qurollangan militsiya bo‘linmalari olib kelindi. Shundan keyingina odamlar to‘plana boshladi.

Namanganlik hamkasbimiz o‘z maktubida militsiya xodimlarining rahmsizligi to‘g‘risida batafsil yozadi. Posbonlarga birdek ayb qo‘yilayotgan ekan, keltirilgan faktlar atroflicha o‘rganilishi lozim. Birgina misol:

«Men qassob Husanov Malikjon - kolxoz bozori darvozasi yonida savdo qilaman. 3 dekabr kuni bo‘lgan to‘polonda qalqon tutgan va dubinka ushlagan militsionerlar do‘konim yoniga kelishdi. Ulardan biri to‘g‘ri kelib oynaga urdi. Oyna sinmadi. Keyin men, bekordan bekorga nega oynaga urasiz, desam, ikkinchi marta urib sindirdi». «Haqiqatan ham kapitan urib sindirdi. Biz buni ro‘paradan ko‘rib turdik. Imzo: Ismatullaev Q. 84-magazin». Shu magazinda ishlaydigan Dilorom G'afurova: «Haqiqatan ham militsiya xodimi kelib qassobxona oynasini sindirdi. Imzo».

Mish-mish, gumon va taxminlar ayni avj olib, har kim o‘zicha xulosa chiqarib turgan bir paytda Namanganda joylashgan ichki ishlar bataloni qo‘mondoni mayor V. Tezikov quyidagilarni ma'lum qildi: 2 dekabr kuni soat 12 da (ya'ni fojia yuz berishidan olti yarim soat avval) unga viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i qo‘ng‘iroq qilib: «Shaharda tartibsizliklar bo‘lishi mumkin, har ehtimolga qarshi 150 kishini tayyor qilib turing», degan ko‘rsatma bergan. Bu haqda «Pravda Vostoka» gazetasi ham yozdi. Kutilmagan yangilik.

«Pravda Vostoka» muxbirining fikricha, bordiyu bu gap to‘g‘ri bo‘lsa, unda Namangan voqealarini yoritish mutlaqo boshqacha tus olishi mumkin.

Abdulla Jalilning va redaktsiyaga kelayotgan, qo‘ng‘iroq qilayotgan, maktublar yo‘llayotgan boshqa ko‘pgina namanganliklarning fikricha, bu bo‘lib o‘tgan voqea aslida fitna ekanligini isbotlovchi dalil. Batalon rahbarlari besh nafar soldat halok bo‘lganligi uchun zimmalariga tushadigan mas'uliyatdan cho‘chib, o‘zlarini oqlash maqsadida, mazkur buyruq haqida beixtiyor og‘iz ochib qo‘yganliklari ehtimoldan xoli emas.

Fojia to‘g‘risidagi rasmiy axborotlar izchil bo‘lmaganligi tufayli aholi o‘rtasida mish-mishlar kuchaydi. «Soldatlar bezorlik qilishibdi, ayollarni yechintirishibdi. Militsiya olomonni ayovsiz o‘qqa tutibdi. Soldatlar ham otishibdi. Fojia sodir bo‘lishi oldidan shahar korxonalarini gaz bilan ta'minlash ataylab to‘xtatilgan, hamma ko‘chaga chiqqan... va hokazo va hokazo». Namangan ko‘chalarini ikki kun kezib yurdim. Bozorda, rastalarda, choyxona, oshxonalarda, avtobus bekatlarida yuzlab odamlar bilan suhbatlashdim. Qon to‘kilgan chorrahaga tikilib, bu mash'um voqeaning ildizlari haqida xayol surdim. Odam bolasi fojiaga uchradimi, kishi xayoliga darhol yetim qolgan bolalari, ota-onasi keladi. Xo‘sh, o‘sha beshta soldat yigitning ta'ziya ma'rakalarida odamlar bir-birlariga nima deyishadi, bordi-yu, bolalari bo‘lsa, voyaga yetgach: «Otamiz qaerda o‘lganlar?», deb so‘rashsa nima deb javob berishadi. «Eh, bolam, nimasini aytay, otangni Namangan degan joyda o‘zbeklar toshbo‘ron qilib o‘ldirishgan, o‘ligini yoqib yuborishgan. U yoqlarga bora ko‘rma», deydimi? Alisher Topildievning uch farzandi, ona qornidagi to‘rtinchisi tug‘ilib voyaga yetsa, otamizni nega otishgan, kimlar otishgan deb so‘rashsa, ularga nima deymiz?...

Oradan besh kun o‘tib, Namanganga yana qaytib keldim. Oblast partiya qo‘mitasining kengaytirilgan majlisida qatnashdim. To‘plangan jamiki ma'lumotlarni sinchiklab o‘qidim. Viloyat va shaharning kattayu kichik rahbarlari, axborotlarini tingladim. Odamlar bilan uchrashdim.

BIRINCHI FIKR. «Glasnost»dagi maqola xalqimizga nisbatan oshkora dushmanlikdir. Cherkov yopib qo‘yilgani, ruslar Rossiyaga ketishga shay bo‘lib turishgani yolg‘on. Maqolada yozilishicha, M. Kedrov qotillarni taniydi, fojia joyi avvaldan belgilab qo‘yilganidan xabardor. Bordiyu shunday bo‘lsa, nega u bu ma'lumotlarni oshkor qilmaydi, qotillarni ushlab bermaydi. Bunday xashaki gaplar KPSS Markaziy Komiteti nashrida aytilganligi kishida g‘alati taassurot qoldiradi. Sudning hukmi kuchga kirmaguncha qo‘li qon odamni ham qotil deb bo‘lmasligini nahotki M. Kedrov tushunmasa?

IKKINCHI FIKR. Fojianing oldini olish, askarlarni qutqarish mutlaqo mumkin edi! Shahar ma'murlari, ayniqsa ichki ishlar boshqarmasi rahbarlari fojia oldida talmovsirab qoldilar. Ularning bo‘shang va lapashangligi qimmatga tushdi. Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Najmiddinov o‘sha kuni boshqarmada navbatchi bo‘lishiga qaramay voqeadan ancha kech xabar topgan. Oblast prokurori Ch. Jo‘raev to telefon qilib axborot bermaguncha shahardagi yirik chorrahalardan birida nimalar bo‘layotganini xayoliga ham keltirmagan. Chorrahaga yetib kelganida esa maxsus formada emas, oddiy kiyimda bo‘lgan bu rahbarni olomon tanimagan.

Bir kun avval shaharda harbiy xizmat chog‘ida vafot etgan soldatni ko‘mish marosimi bo‘lgan edi. 2 dekabr kuni bozorda odamlar o‘g‘rini ushlab ayovsiz do‘poslashgan, ancha odam yig‘ilgan edi. Vaziyat shunday bo‘lishiga qaramay ichki ishlar boshqarmasi rahbarlari g‘oyat mas'uliyatsizlik qilishgan.

Shahar firqa qo‘mitasida esa voqeadan tasodifan, bo‘lar ish bo‘lay deb qolgandagina xabar tolishgan. Qandoq qilib deng? Otishma, o‘q ovozlarini eshitgan navbatchi tinchlikmi, deya viloyat ijroqo‘mi navbatchisiga qiziqsinib telefon qilgan. U yerdan: «Ie, xabarlaring yo‘qmi...» deyishganidan keyingina kotiblarga sim qoqishgan.

Hozir tergov ketayotganligi uchun men familiyalar aytishdan tiyilib turishni lozim topaman. Ammo viloyat va shaharning ko‘pgina rahbarlari, huquq-tartibot posbonlari qo‘rqoqlik qilishgani, qochib qolishgani, menga nima, biri o‘lib biri qolmaydimi, deya teskari o‘girilib ketaverishgani, xonalariga qaytib borib har ehtimolga qarshi uyoq-buyoqqa qo‘ng‘iroq qilib o‘tirishgani ma'lum. Ichki ishlar organlari xodimlarining, o‘t o‘chiruvchilarning, avtoinspektsiya vakillarining harakatlari mutlaqo qovushmagan. Mavjud imkoniyatlardan foydalanilmagan. Dovdirab, kulgili ahvolga tushishgan.

Avtobusda yoshlar jiqqamusht bo‘layotgani to‘g‘risidagi birinchi xabar kech soat 5 dan 56 minut o‘tganda olingan. Avtobus sakkizlar arafasida yoqilgan. Ikki soat ichida har qancha ish qilish mumkin edi. Afsus, bundoq bo‘lmadi. Chunki...

UCHINCHI FIKR. Viloyat firqa qo‘mitasi byurosi yig‘ilishida shahar ijroqo‘mi raisi E. Mamatqulov bunday dedi: «Odamlarning vahshiyona harakatlarini ko‘rib hamma esankirab qoldi. Men bizning Namanganda bunday odamlar borligini, shu darajaga borib yetishlarini bilmagan ekanman». Viloyat prokurori ham ayni shu gapni takrorladi. Ular bu so‘zlarni raislik qiluvchining: «Olomon sizlarni ko‘rib nega to‘xtamadi?» degan savoliga javob tariqasida aytishdi. Demak, fuqaro o‘z rahbarlarini, rahbarlar esa fuqaroni tanishmagan. Fojianing o‘q ildizi shunda emasmikin? Biz hozir o‘zimizni «besh yildan beri qayta qurish bilan shug‘ullanayapmiz, u qildik, bu qildik, yomon rahbarlarni quvib yaxshilarini olib keldik», deya ovutsak yana xato qilgan bo‘lamiz. Faqat o‘zini, shirin jonini o‘ylaydigan, dunyoni suv bossa to‘pig‘iga chiqmaydigan rahbarlar to‘lib-toshib yotibdi.

TO'RTINCHI FIKR. Namanganda kim bilan gaplashmang, «E, uka, olomon yomon, u bilan hazillashmang», deydi. O'ylab qolaman. Qayoqdan kelib qoldi bu olomon? Osmondan tushgani yo yerdan chiqqani yo‘qdir-ku, axir?! Mana, besh yildirki, qadriyatlarni payxonlab yotibmiz.

Xohlagan kishimizni xohlagan ahvolga solamiz: istasak ko‘kka ko‘taramiz, istasak yerga uramiz. Buyog‘i zndi pul, bozor. Qo‘y uka nasihatingni, iqtisoddan gapir, mullajiringni o‘yla, deyayotgan biz o‘zimiz emasmi, axir? Odobu axloqni, mehr-oqibatni va hatto rahm-shafqatni ham bozor iqtisodiga bog‘layotganimiz sir emas-ku, axir. Bas, shunday ekan, o‘sha notanish olomon aslida katta prezidentdan tortib to mahalla faoligacha - beistisno barchamizning shundoqqina yonimizda, bag‘rimizda, uyimizda voyaga yetayotganini nahotki tushunmasak? Biz qayta qurish qilichini qo‘lga olganimizda yetti-sakkiz yoshda bo‘lgan bolalar bugun o‘n uch-o‘n to‘rtga to‘lmoqda. Shu holimizcha turaversak, shirin jonimizni o‘ylab, guruch, un, gugurt va kir sovun g‘amlashdan nariga o‘tmasak, istaymizmi-yo‘qmi, yana to‘rt-besh yildan keyin Qayta Qurishevich Olomonov o‘n sakkizga to‘ladi. Bugun u shahar hokimini, qozini yoki firqa kotibini tanimagan bo‘lsa, ertaga yanada kattaroqlarni sezmay qolishi aniq. Bu haqda jiddiy o‘ylab ko‘rmoqlik lozim.

Olomon birgina Namanganda mavjud emas!

BESHINCHI FIKR. Sofoklning «Shoh Edip» asarida Fiva fuqarolari boshiga tushgan kulfatni eslaysizmi? Shahar osmonini qora bulutlar qoplab oladi. Dalalarda yegulik bitmaydi. Ayollar o‘lik tug‘adi. Xudo iltijolarni qabul qilmaydi. Qohinlar fivaliklarning gunohlari nimaligini bilolmay o‘ylanib qoladilar... va, ma'lum bo‘ladiki, shaharda bir jinoyat mavjud. U ochilmaguncha, jinoyatchi jazosini olmagunicha, Fiva ustida quyosh charaqlamaydi.

Jinoyatchi Edipning o‘zi bo‘lib chiqadi...

Bizda ahvol qalay? Jinoyatchilik, qalloblik, fahsh butun mamlakatni beistisno chirmab oldi. Odamlar va bolalarni o‘g‘irlash, o‘ta vahshiylik bilan o‘ldirish, to‘rtta kemtilib ketgan tilla tishini olish uchun kallasini cho‘rt uzib ketish hech gap bo‘lmay qoldi-ku! Bunga hatto hukumat ham; ko‘nikib bormoqda chog‘i, keyingi bir necha qonli fojialarda halok bo‘lganlarning oilalariga ta'ziya ham bildirilmadi.

O'zganda o‘zbeklarni moldek so‘yganlar, bolalarni bo‘g‘izlaganlar, qizaloqlarni ota-onalari oldida zo‘rlaganlarning ko‘pi hamon yallo qilib yurishibdi - ko‘k yuzini bulut qoplagani yo‘q. Qo‘qon va Parkentda odam o‘ldirganlarning hammasi ham hibsga olinmadi - jinoyatchilar hibsxonalarda emas, izzat-ikromda yurishibdi - bolalar tug‘ilmoqda. «Shu militsiya, shu tergovchi, bu tartib-intizom bo‘lsa, topib bo‘pti», degan fikr hukmron ekan, jinoyatchilik hech qachon tugamaydi. O'margan o‘marib, yegan yeb yotibdi. Muttaham, tovlamachi, kazzoblarning cho‘michi hamon moy ustida. Ularning mushugini hech kim pisht deyayotgani yo‘q. Aksincha, yo‘llari ochiq, qo‘llari uzun, tirgaklari mustahkam.

Sakson beshinchi yil bahorida: «Xudoga shukur, bizning ham zamonamiz keladigan bo‘ldi», deya shirin xayollar qilgan, endi esa hafsalasi pir, mirquruqlik suyak-suyagidan o‘tib ketgan yalangto‘sh xalq asta-sekin olomonga aylanib bormoqda. Jamiyatning o‘zi unga o‘g‘irlash, talash, o‘marish va ayni paytda jazosiz qolish sirlaridan saboq bermoqda.

Osmonimizda hamon quyosh charaqlab turgani, dalalarimizda hosil bitayotgani, bolalar tug‘ilayotganiga kelsak, bu xavfli xotirjamlik, azizlar! Qora bulut Fiva osmoni kabi imonimizga allaqachon soya tashlagan, ma'naviyatimiz asta-sekin nurab, to‘kilib bormoqda. Bizning basir ko‘zlarimiz bu ofatni ko‘ra olayotgani yo‘q, xolos.

Jamiyat jinoyatchilikdan, harom-harishdan xalos bo‘lmaguncha adolat chirog‘i charaqlamaydi. Ko‘k mash'alasi olamni yoritsa, adolat chirog‘i dilni munavvar aylaydi.

Jinoyatchilik ildizlari haqida gap ketganda bir muhim narsaga e'tibor berishimiz zarur. Bizda hozir tartib shundayki, qamalganlarning deyarli ko‘pchiligi shimolga, Uzoq Sharqqa, Rusiya shaharlariga yuboriladi. Ashaddiy qotillar, kazzoblar, xavfli unsurlar qatorida qo‘qqis birovni turtib ketgan haydovchi, qochoq alimentchi, qo‘shnisi bilan suv talashib yoqalashgan dehqon, kamomadi bor sotuvchi va shu kabilar ham o‘sha yoqlarda jazo muddatlarini o‘taydilar. Bu dunyoning jamiki iflosliklaridan, yovuzliklaridan saboq olib, ikki-uch yildan so‘ng go‘yo «axloqlari tuzalgan holda» yurtlariga qaytadilar. Tasodif tufayli qamalib qolgan odobli, mo‘min bolalarning shimol safaridan so‘ng ashaddiy jinoyatchilarga aylanayotganlariga hammamiz guvohmiz-ku!

Redaktsiyamizga hibsxonalardan ko‘plab maktublar keladi. Ularda qamoq ichkarisining o‘ta yovuz qonunlari, o‘ziga xos jazo choralari batafsil yozilgan. «Biz aybimizni o‘zimizning yurtda, xalqimiz oldida yuvishimiz kerak», deyishadi mahbuslar. Bu nido bizning parlamentga qachon yetib borarkin?

OLTINCHI FIKR. Uch yigit o‘q yeb o‘lgani, qancha odam yarador bo‘lgani fakt. Tergov ular qanday otilganini aniqlaydi. Shu jumladan otishma chog‘ida qaysi kalibrli o‘qdan foydalanilgani ham ma'lum bo‘ladi. Taxminimcha, ichki qo‘shinlarda 5,45 kalibrli o‘q bo‘lgan.

Qo‘qon fojialarini tekshiruvchi (aniqrog‘i, Qo‘qonda qurol ishlatilganligining to‘g‘ri-noto‘g‘ri ekanligini aniqlovchi) komissiya ma'lumotlariga ko‘ra, shahardagi o‘sha mash'um otishma chog‘ida 1473 ta 5,45 kalibrli o‘q uzilgan. Buni Turkiston harbiy okrugi harbiy prokuraturasining shu komissiya sostaviga kiritilgan maxsus mutaxassisi ham tasdiqlaydi. Komissiya axboroti jumhuriyat Oliy Kengashi Rayosatida tinglanayotganida, komissiya raisi «Qo‘qonda militsiya olomonga qarata emas, osmonga qarab, ogohlantirish maqsadida o‘q uzgan», dedi. Shunda Rayosat a'zolaridan biri: «Nima, shahar osmoniga katta doshqozonlar osib qo‘yilgan ekanmi», deya kinoya qilgani esimda.

70-yillari «favqulodda zo‘r texnik yechim» sifatida ixtiro qilingan bu o‘q «ajoyib fazilatlarga» ega. Osmonga otilsa yomg‘ir tomchisi yoki daraxt bargi bilan to‘qnashib, o‘sha tezlikda (!) yo‘nalishini o‘zgartirishi mumkin. Inson organizmiga qadalganida esa chiqib ketishga shoshilmay o‘pka, jigar, bo‘yraklararo «sayohatini» bemalol davom ettiraveradi.

«Mashhur» 40-armiyamiz Afg‘oniston tog‘larida bu o‘qni sinovdan o‘tkazgan. Shu yilning 20 yanvarida Bokuda, 2 noyabr kuni Dubossarda shu o‘q ishlatilgan (Qarang: «Komsomolskaya pravda», 1990 yil, 14 dekabr).

Shaxsan men ichki qo‘shinlarni shu o‘q bilan qurollantirilishini eng mudhish jinoyat deb bilaman. Qachongacha «osmonga otilgan o‘q» begunoh farzandlarimizning qonini to‘kadi? Bu o‘q zudlik bilan yig‘ishtirib olinmas ekan, Avazxon, Alisher, Qodirxonlarning yoniga yangi-yangi avazxonlar, alisherlar, qodirxonlar qo‘shilaveradi.

YETTINCHI FIKR. Militsiyaning nochor ahvoli to‘g‘risida, uni zamonaviy vositalar bilan «jihozlash» haqida ko‘p gapiramiz. Haqiqatan ham «ahvoli» nochor. Bir ular emas, yo‘l harakati nazoratchilarining xam holi shu. Boshqa mamlakatlardagi osoyishtalik posbonlariga chog‘ishtiradigan bo‘lsak, biznikilarda rezina tayoqdan boshqa hech vaqo yo‘q. Amerikada politsiyaga ishga kirish uchun kamida o‘n-o‘n beshta sohadan yaxshi xabardor bo‘lish talab etilar ekan. Masalan, u epchil va chaqqon bo‘lishi, suvda erkin harakat qila olishi, zarur bo‘lsa tibbiy yordam ko‘rsatishi, doyalik qilishi, haydov vositalarini boshqara bilishi shart ekan. O'tgan yilgi sayohat chog‘ida Belgiyaning Antverpen shahrida bitta politsiyachi bizga yordam ko‘rsatgani, «perestroyka» iborasiga ishora qilib rosa kuldirgani, keyin Toshkent ramzi ifodalangan taqinchoqni ko‘rib, ulug‘ Hayyomning ikkita ruboiysini flomand tilida o‘qib bergani hamon esimda.

Bizda esa butunlay aksi. Men bilgan tanish posbonlar orasida kitob o‘qiydiganlari, inson ruhiyati to‘g‘risida o‘ylaydiganlari, G'ofirni, Yo‘lchini taniydiganlari juda kam. Men bu bilan militsiyadagi halol insonlarni inkor etmoqchi emasman. Ammo posbonlar orasida qo‘pol, tamagir, bir shisha aroq, 10 so‘m pul, ikki kilo go‘sht deya adolatni oyoqosti qilayotganlari yo‘q deysizmi? Bor. Obkom byurosi yig‘ilishida bir ishchi kuyunib shunday dedi: «GAI xodimlarini tergaydigan odam bormi o‘zi? Bizda ishlaydigan bir yigitning hujjatini olib qo‘yib rosa to‘rt kun ovora qildi, kecha 50 so‘m oborib berib qutuldi. Shunaqa poraxo‘rlik bo‘lib turgandan keyin, GAI ga hurmat qoladimi?...»

Bu gapni eshitib, zalda hozir bo‘lgan huquq-tartibot organlarining rahbarlari darhol so‘roq-qistoqqa tushib ketishsa kerak deb o‘ylagandim. Ammo hech kimdan sado chiqmadi, birov e'tiroz ham bildirmadi.

Videosalonlar to‘g‘risida alohida to‘xtalib o‘tish kerak. Ular yoshlarni ayovsiz ravishda buzmoqda, yovuzlikka o‘rgatmoqda. Klublar ishlamasa, madaniyat mar-kazlari huvilab yotgan bo‘lsa, to‘garaklar ishi bilan birov qiziqmasa, yoshlar, o‘smirlar qaerga borishlari kerak? Yagona ilinj - video. U yerda esa odob-axloq bir pul. Boshidan oxirigacha, o‘ldirish, vayron qilish, fahsh...

Tergov davom etmoqda. Bu gal u chalg‘imaydi, adolat qaror topadi, qotillar aniqlanadi, odamlar Namanganda nima bo‘lganini biladilar, komissiya xulosasi e'lon qilinadi - qumga singanday yo‘q bo‘lib ketmaydi deb o‘ylayman. Buning uchun eng avvalo quyidagi savollarga javob topmoq lozim:

- Harbiy xizmatchilar yengil kayf ta'sirida edilarmi yo anchayin mastmidilar?

- Janjal avtobusda boshlanganmi yo taxmin qilinayotganday, «Lola» bekatidagi tortishuvning davomimi?

- Viloyat militsiyasidan harbiy qismga qilingan qo‘ng‘iroqning ma'nosi nima edi?

- Namanganlik uch yigit kimning o‘qidan uchdi?- Ya'ni olomonga qarata o‘q uzgan kim: harbiy xizmatchilarmi yo militsiyami? Qanday o‘qdan foydalanilgan?

Savol ko‘p. Lekin guvohlar ham bisyor. Eng muhimi - avtobus haydovchisi hayot! Eng muhim narsalar ayni shu kishining vijdoniga, tergov sifatiga bog‘liq!

Fojiadan so‘ng Namanganda ko‘p narsalar o‘zgardi. Shahar hayotiga oid muammolar yuzaga qalqib chiqdi. Ko‘p ish qilindi. Ommaviy tartibsizliklar shahar va qishloqlarga yoyilishi mutlaqo mumkin edi. Faollarning katta sa'y-harakati bilan buning oldi olindi. Keksalar, din arboblari, mahalla jonkuyarlari tinim bilmadilar, qizg‘in, murakkab nuqtalarda bo‘ldilar. Ammo, viloyat firqa qo‘mitasi byurosida aytilganidek, ziddiyatli onlarda boshlang‘ich firqa tashkilotlari, ularning kotiblari sust harakat qildilar. Nega shunday bo‘ldi? Rahbarlardan birining byuroda: «Biz birin-ketin pozitsiyalarni topshirayapmiz, chekinyapmiz...», degan so‘zlari bu savolga javob bo‘la oladi.

Ta'lim-tarbiyada, maishiy xizmatda kasaba uyushmalari faoliyatidagi jiddiy nuqsonlar to‘g‘risida, nazarimda, ilk bor oshkora gapirildi. Maktablardagi ahvol g‘oyat tashvishli. O'quvchilarning katta qismi ota-onalarininggina emas, pedagogika kollektivlarining ham e'tiboridan chetda qolmoqda.

Bunga qo‘shimcha qilib yana shuni aytish zarurki, shaharda yosh oilalar muammosi g‘oyat jiddiy. Ajralish oddiy bir voqeaga aylana bormoqda. Redaktsiyaga kelgan maktublardan birida yozilishicha, bor-yo‘g‘i olti oy davom etgan bitta nikohning buzilishiga quda chaqiriqda asal kosada emas, piyolada tortilib, «pastkashlik» qilingani, boshqa bir o‘rinda savatga suvi qochgan non qo‘yilgani sabab bo‘lgan. Balog‘atga yetmagan (ancha yetmagan) qizlarni turmushga uzatish hollari ham mavjud.

Bularning hammasi haqida jiddiy o‘ylab ko‘rish kerak. Fojiani kutib turishning o‘zi fojia emasmi?!

1991 y.

«Fitna san’ati» (1-kitob, «Fan» nashriyoti, Toshkent, 1993) kitobidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.