Marhum quroldoshlarimni xotirlab
Harbiy xizmatdan qaytganimga bir yildan oshdi. O'sha janglar haqidagi xotiralarimni qog‘ozga tushiryapman. Ammo, ochig‘ini aytganda, bu ish juda og‘ir kechyapti. Na kunduzi, na kechasi halovatim bor. Meni mudom iztirobli bir savol qattiq siquvga oladi. Bu savoldan qalbim zir qaqshaydi. Bu sizning savolingiz: Har biringizning ko‘zingizda qotgan mangu mungli dard, tilingizdagi alam, dilingizdagi g‘azab...
Kecha ham tun bo‘yi mijja qoqmadim. Ko‘p urindim. Ammo hech narsa yozolmadim. Aniqrog‘i, qo‘lim bormadi. Axir, nima ham deb yozay? Menga osonmi bu ish! Chunki, siz mendan boshqa narsa kutasiz. Bir iltimosingiz qulog‘im ostida qayta-qayta jaranglayveradi. «Qo‘chqor, omon qaytsangiz, bu yerlarda behuda qon to‘kkanligimiz haqida yozing! Agar biror kor-hol bo‘lsa, jimgina o‘lganligimizni ayting. Toki hamma bilsin...»
Bu sizning dil isyoningiz...
Tushimda o‘sha tepalikni ko‘ribman. Leytenant Yermilin yig‘lab o‘tiribdi. Atrofida biz... Qurshovda qolganmiz. Hayot bilan o‘lim orasi bir qadam. Barimiz jovdiraymiz. Komandirning esa boshi egik. Qarshisidagi yigirma nigohning iztirobli hayqirig‘idan lol edi. Ko‘zlarida yosh qalqidi: «Hechqisi yo‘q, biz mardlarcha o‘lyapmiz, lekin...»
U boshqa gapira olmadi. «Mardlarcha» o‘rniga «Vatan uchun, xalq uchun» deyolmadi. Shunda ishondim: Inson o‘lim oldidan haqiqatga tik qarar ekan. Ammo komandirimiz o‘limdan qo‘rqqanidan emas, jangchilar oldida xijolatdan yig‘lagan edi. Chunki, nigohingiz qismatdan noroziligingiz, qaysi gunohingiz evaziga shunday kunga duchor bo‘lganingiz haqida so‘rardi undan.
- O'rtoq leytenant, ayting-chi, nega bu yerlarda yuribmiz?
U jim.
Agar yurtingni yov bosib, eling hayoti zahar-zaqqumga aylansa, onang faryodidan dunyo chayqalsa, sevgiling sochlarini alamdan yulsa, egaching ko‘zlari qonga to‘lsa, Vatan va xalq uchun ko‘ksingni qalqon etishga tayyor turasan. To‘kilgan qoning ham behuda ketmasligini tushunasan. Evaziga ona maskaning tuprog‘ida gullar ochiladi. Ularni ortingda qolgan bo‘z bola - balki ukang, balki farzanding suyuklisiga taqdim etadi. Ammo o‘zga tuproqda to‘kilgan qonlar xalqning ohu zori, mangu armoni bo‘lib qoladi. Eng dahshatlisi shu!...
Bu voqea Chorikorda bo‘lgan edi. O'q yomg‘irlaridan va snaryadlar portlashidan yarmi o‘pirilgan, xarobaga aylangan pistirma devorlarini tiklardik. Jon saqlashga imkon yo‘q. Ammo bir kunda ishni tugatish kerak. Qal'a atrofida tanklarimiz kun bo‘yi «o‘kirib» turdi. Har qadamda ajal urug‘i sochiladi. Biz esa taxta tashiymiz. Qulagan devor yoriqlariga tosh qalab, qum to‘la yashiklardan to‘siq qilamiz. Dushman huzur qilib mo‘ljalga oladi. Zum o‘tmay atrof yaradorlar oh-zoriga to‘ladi.
Ayniqsa senga og‘ir bo‘ldi-ya, do‘stim Farhodjon. Snaryadlardan biri tanangni yorib o‘tdi. O'girilgan ko‘z qorachiqlaringga qaltirab qaradik. Alamdan titragan chinozlik Saidjon Bakirov: «Bizni Vatan unutmaydi», dedi ingrab. U bu gapni shunday aytdiki, og‘ir xo‘rsiniqdan yelkalar silkindi...
Meni hamon bir xotira bezovta qiladi. Bu juvonning ismi Mohichehra edi. Bagram viloyatining kimsasiz qishloqlarining birida kulbada go‘dagini bag‘riga bosib, qaltirab o‘tirardi. O'z tilida allanimalar deb zorlanar, big‘illab yig‘layotgan chaqalog‘ini talvasa bilan quchoqlardi. Go‘yo biz bolasini tortib oladiganday. Tun uning nolasidan yanada mudhishroq tuyulardi.
Uning gunohi nima edi? Kindik qoni to‘kilgan hovlisidan chiqib ketmaganimi? Qo‘lidagi norasidasi bilan qayga ham borardi? Men unga «Opa» dedim, «Qo‘rqma», dedim... Lekin «Xaloskoringman» deyolmadim. Baribir unga yetti yot begona edim. Qaytayotib-chi? Tong mahal. Qishloq ko‘chasida to‘rt murda. «Dushman» otib ketibdi.
- Nega?-jasad atrofida izillab yig‘layotgan bolakaydan so‘rayman.
- Avval ular bizni o‘ldirishmasdi. Bugun esa... Bolakay boshqa gapira olmadi. Shundog‘am buyog‘i aniq: «Dushman» alamini betaraf aholidan olgan. Kimni deb..?
U o‘zbek edi. Inqilob ruhi qoniga singmagan. Hadik bilan so‘raydi:
- Ayt-chi, bolam, qachongacha tinchimizni buzasanlar? Yaqin orada chiqib ketasanlarmi?
- Bobo, axir, biz sizning tinchingizni deb, jon fido qilyapmiz-ku?
- Qanaqasiga. Shumi sizning foydangiz? - U huvillab qolgan qishloqqa ishora qiladi: Bu joyda to‘rt-besh chog‘li qari-qartang, xotin-xalaj qolgan. Boshqalar bosh olib chiqib ketgan.
Fayzoboddagi ushbu uchrashuv o‘zgacha saboq edi biz uchun. Sen o‘lib-tirilsang-u, qadringga yetishmasa... «Bosqinchiga» chiqarishsa... Og‘ir-a?..
Mana, bir yildan oshdi. O'sha ayanchli kunlar haqida xotira yozmoqchi edim. Negadir nihoyasiga yetkazolmayapman. Siz endi yo‘qsiz. Biroq har lahza, «nega?», «nega?», degan savollar dastidan titrab ketaman...
Azizim Avazjon! Sen hayotdan ko‘z yumayotib, nimadir demoqchi bo‘lding. Eshitmay qoldim. Valeriyning ko‘ksini daydi o‘q yirtib o‘tdi. Bag‘rida asragan surati - rafiqasi Rimma va jajji qizalog‘i ko‘nglini bir umrga dog‘lab tilib o‘tdi bu o‘q... Endi ularning nolasi Tatariston ko‘chalarida dard bo‘lib izg‘iydi. Oqqo‘rg‘onlik do‘stim Sunnatjon Boboqulov, mang‘itlik Shuhrat Olloberganov, sizning bu hayotdan qanday karzingiz bor edi? Nega taqdir sizga o‘limni ravo ko‘rdi?.. Har biringizni yo‘qlashga qurbim yetmaydi. Eh, qanday yigitlar edingizlar-a!. ..
To‘g‘ri u tomonlarda jangchi bobolarimizga munosib avlod ekanligimizni isbotladik. Lekin... o‘zimizni ular oldida xijolatli sezardik, chunki...
Salovat, eslagin-a, jang oldidan uyga xat yozayotgan edik. Rota komandirining siyosiy qism bo‘yicha o‘rinbosaridan so‘rading:
- O'rtoq katta leytenant, uyga nima deb xat yozay?
- Sog‘liklaring haqida...
- Men onamga bor haqiqatni bildirsam-chi?
- Tushunmadim?
- Nega tushunmaysiz? Ona, men sizni «himoya» qilyapman, deb yozsam-chi?
U jim qoldi...
Afsuski, do‘stim, sen onangga dilingda borini yozolmay ketding. Bu gaplar sen qatori bizni ham qanoatlantirmasdi...
Tunov kuni sobiq quroldoshlar Saidnikida yig‘ildik. O'sha chinozlik Bakirovnikida. Odatda, do‘st-yorlar jam bo‘lsa, davrada xushchaqchaqlik hukm suradi. Bizning davramiz esa quvnoqlikdan yiroq edi. Harchand urinmaylik, baribir, o‘sha jang maydonlarini eslashga majbur bo‘ldik. Har biringizni alohida xotirladik. Safimizda yo‘qligingizdan o‘kindik. Koshkiydi, yiroqlarda bo‘lsangiz-da, sog‘-omon yurganingizda. Koshkiydi, nogiron-xasta bo‘lsangiz-da, davramizda o‘tirganingizda.
Ajab, kemtik davralarda dillar ham kemtik bo‘larkan, quvonch yarim bo‘larkan. Ich-ichimizdan sizlarni qo‘msadik. Zalvorli qo‘llar ilk qadahni qaltirab ko‘tardi. Boshlar egildi. Bo‘g‘zimizdagi alam ko‘z yoshlariga aylandi. Bir soniyalik motam sukuti qalblarga og‘riq soldi. Umringizni to‘liq yasholmay erta ketganligingizdan, to‘y-hashamlardan nasibangiz uzilganligidan zor qaqshamay bo‘ladimi, axir?...
Bilaman, siz meni ovutmoqchi bo‘lyapsiz: «Urush qurbonsiz bo‘lmaydi». Qo‘ying endi bu daldani, nahotki tushunmasam? Bu so‘zlarni o‘sha og‘ir damlarda kimdandir ajralib qolsak, taskin uchun aytar edik-ku... Nohaq qurbonlar bo‘layotganini anglardik bu urushda. Dardimiz ichimizda edi.
Xo‘sh, kim uchun bu urush?.. Agar alamdan siqilgan qurollarga zabon bitsa, qichqirmasmidi? Qon yuqi etiklar chinqirmasmidi? «Behuda! Behuda! Behuda!!!» deb.
O'layotib odam o‘zini aldayolmaydi. Siz ham norizo o‘ldingiz. Kimdan? Nimadan? Taqdirdanmi? Qiziq-a... Yopishib olgan so‘zimni qarang-a. Nega endi taqdirdan ekan? Axir ko‘rgulikka duch kelishimizga kimlardir sababchi bo‘lgandir-ku? Inson qismati bilan o‘ynashishdan og‘ir gunoh bormikin o‘zi? Daryo ortida bu gaplarni tez-tez aytmasmidik? Balki necha marta o‘t ichida, ajal domida o‘lib-tirilganimizda, kimnidir mangulikka kuzatayotganimizdan dard bo‘lib oqqandir bu gaplar?
O'sha kecha mexanik-haydovchi Renat Isanbaevning so‘zlaridan barchamiz yig‘ladik:
- Do‘stlar, uyga qaytgan kezlari bir oy qiynalib yurdim, tunlari uxlayolmadim. Ko‘zlarimni yumsam, shiftda jangchi ukam - andijonlik navodchik-operator Adhamjonning Afg‘onda qolgan bir qo‘li osilib turganga o‘xshaydi. Barmoqlaridan qon sizadi. Ko‘rpaga o‘ranib olaman. Yuzimga tushib ketadiganday. O'rnimdan turib, uzoqlarga ketgim keladi. Nima qilishimni bilmayman. Ostonada Gena Zaytsevning Xost tog‘ida mina yulib ketgan oyog‘i turganga o‘xshaydi. Egasiz qo‘l va egasiz oyoq tun bo‘yi ta'qib etadi. «Qani bizning tanamiz?», degan ovozlarni eshitaman. Keynn nima bo‘lganini eslolmayman. Tong mahal tepamda onam yig‘lab o‘tirgan bo‘ladi:
- Bolam, alahsirading, kimlarnidir chaqirding.
Onam ko‘nglidagi g‘am-anduhni ichiga yutadi. Bolamni o‘ksitmayin deydi. Ammo bir narsani bilmaydi. Shundoq ham qalbimiz o‘kinchlarga to‘laligini sezmaydi...
Yaxshi bilardingiz Adhamni, rotamizning eng baquvvat yigitlaridan edi. Bo‘sh paytlari samboga tushishni o‘rgatar edi. U bilan kurashsak, hammamiz «g‘ildirar»dik. Endi esa... u kurashlarni armon bilan kuzatadi. Bir paytlardagi Adham qaytmaganidan do‘stlari ham g‘am-anduh chekadi. Nogiron bo‘lsa-da, omon qolganligi uchun shukrona aytadi ota-onasi. Biroq o‘zi-chi? Orzulari bir jahon edi Adhamning. Ustozlarining umidi katta edi undan...
O'sha zim-ziyo tunda Genaning kuzatuvchilikka oyog‘im tortmayapti degani rost ekan. Chorak soat o‘tmay oyoqsiz, bir umrga majruh bo‘lib qaytdi. Sanchastga kuzatayotganimizda, «aytdim-a», deyoldi xolos. Endi Voronej shahar «Krasniy zor» ko‘chasini to‘qillagan qo‘ltiqtayoq ovozi bezovta qilyapti...
Yarim tun. Sizga maktub yozyapman. Ko‘z o‘ngimdan saf tortib o‘tyapsiz. Boshingiz quyi. egilgan, ko‘ksingizda qurol, yelkangizda safarxalta, unda jang anjomlari. Yo‘q-yo‘q! Onalarning armoni unda. Qayga ketayotganingizni o‘zingiz ham bilmaysiz. O'tinaman, mendan so‘ramang, men ham bilmayman. Faqat «jangga»ligini bilaman. Nega? Nima uchun?
So‘rovingiz dilimni, tilagingiz tilimni kuydiryapti:
«Behuda to‘kilgan qonlar haqi hurmati, endi hech kim hech qachon o‘zga el tuprog‘iga behuda kirmasin!..»
1989 y.
«Fitna san’ati» (1-kitob, «Fan» nashriyoti, Toshkent, 1993) kitobidan olindi.