OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Asad Asil. Qo’sh muammo haqida (1989)

QO’SH MUAMMO HAQIDA
“Toshko‘sak”ka aylanmasin

“ Tayoqning ikki uchi bor. Bir tomoni bilan birovni ursang, ikkinchi tomoni o‘zingga tegadi...” Xalqimiz bisotida bunday tagli gaplar ko‘p. Ular achchiq hayot haqiqati. Ular – dilidagini tiliga chiqara olmagan, yurak-bag‘rini o‘rtab yotgan dardini, nohaqliklar tufayli tug‘ilgan g‘azabini ochiq-oydin aytish imkoniga ega bo‘lmagan zukko odamlarning pardaga o‘ralgan isyoni. Baribir tayoqning ikki uchi borligini unutmaslik kerak, chamasi. Hamma gapiryapti, dilida tug‘yon urayotgan dardu hasratlarini, ko‘rgan, bilgan va eshitgan muammolarini dangaliga kun tartibiga qo‘yyapti. Bu-ku, yaxshi. Ammo, ijro-chi? O’rtaga tashlangan muammolar hal qilinyaptimi? Ijroni ta’minlashi kerak bo‘lgan mas’ul o‘rtoqlarimiz mabodo “toshko‘sak”ka aylanib qolmayaptimi?..
“Toshko‘sak” so‘zining ma’nosi ba’zilarga qorong‘idir, balki. Deylik, bolalar shoxdagi pishmagan yong‘oqni tosh va kesaklar bilan yovlab, tushirib olmoqchi bo‘ladilar. Tosh va kesaklar tegaveradi, po‘stloqlarini tirnab, to‘zg‘itib ham yuboradi-yu, yong‘oq tushmaydi. Chunki uning bandi qattiqlashib, “toshko‘sak” bo‘lib qolgan. Har qanday zarba unga ta’sir etmaydi...
Ekologik mushkullarni bartaraf etish, xususan, Bo‘stonliq tabiatini saqlash uchun mas’ul ayrim o‘rtoqlar ham “toshko‘sak”ka “aylanib ketgan” ko‘rinadi. Hammaga ma’lum: Bo‘stonliq havosi va suvi – faqat tumanning o‘zi uchungina emas, balki yirik sanoat shahri Chirchiq, respublikamiz poytaxti Toshkent, qolaversa, butun O’zbekiston uchun hayotiy zarurat. Shu bois Chotqol tog‘laridan boshlanuvchi Chirchiq daryosi, Chotqol shamoli musaffoligini saqlab qolish uchun butun respublika ahli kurashdi, natijada bir to‘xtamga kelindi. Ya’ni, bu tuman bag‘rida har qanday yirik korxona qurish qat’iy ta’qiqlanadi. Bo‘stonliq kelajakda milliy boqqa aylantiriladi... Shu haqda tuman partiya konferentsiyasida, viloyat va respublika miqyosidagi davralarda qayta-qayta aytildi.
Yaqinda Bo‘stonliqda qurilayotgan yirik bir korxonaning boshqa yoqqa ko‘chirib yuborilishini amaliy natijaning boshlanishi, deb bilmoq kerak, albatta. Xalq talabining inobatga olinishi bo‘stonliqlik mehnatkashlarni juda xursand qildi. Lekin oradan ko‘p o‘tmay tarqalgan bir sovuq xabar ko‘pchilikning ko‘ngliga yana muz solib qo‘ydi. Gap shundaki, Bo‘stonliqning eng ko‘rkam va manzarali joyida yana bir katta korxona qurilishi boshlab yuborilgan edi. Ajoyib bog‘-rog‘lar va ko‘chatzorlardan tashkil topgan 52 gektar maydonni qurilish uchun egallab olgan Chirchiq shahridagi “Uzbekximmash” zavodi rahbarlari o‘z niyatlariga erishish uchun har qanday “mish-mish”lar tarqatishdan qaytmayaptilar. Go‘yo bu qurilish anchayin (52 gektar) filial emish, atrof-muhitga zarracha zarari tegmasmish... Bu va’dalarning tagi puch ekanligi o‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdi. Axir, ellik ikki gektardagi bog‘ va ko‘chatzorlar yo‘q qilinadi-yu, atrof-muhitga zarar yetmaydimi?! Bu ulkan qurilishning yana bir katta tashvishli tomoni bor. U yonginasidan o‘tayotgan Chirchiq suvining tozaligiga jiddiy xavf tug‘diradi. Shu o‘rinda zavod rahbarlari, qolaversa, yolg‘on va’dalarni ko‘paytirib yuborayotgan ba’zi “toshko‘sak” o‘rtoqlarga bir gapni aytgimiz keladi: tobora ifloslanayotgan Chirchiq daryosi suvidan o‘zlaringiz ham ichyapsizlar-ku! Tayoqning bir uchi o‘z boshlaringizda sinayotganini nahotki, his etmayotgan bo‘lsangiz?!

MILLION DUMALASA HAM

Ichayotgan suvimizning naqadar tez ifloslanib borayotgani haqida hozir hamma gapirmoqda. Har qancha achchiq bo‘lsa-da, bor haqiqat gapirilmoqda. Chirchiq daryosining bir o‘zani bo‘lmish Bo‘zsuv ifloslana-ifloslana shu darajaga yetdiki, qarab turib, uning chindan ham suv ekaniga kishining ishongisi kelmaydi. Bunchalik iflos narsalar suvga qaerdan qo‘shilyapti? Chirchiqqa quyiluvchi tarmoq buloqlarning ancha qismi tog‘ qishloqlari oralab o‘tadi. Xo‘sh, tog‘ tomonlarda ya’ni suvning boshida ahvol qanday?
Men tog‘ qishloqlarining ko‘pchiligida bo‘lganman. U joylardagi ahvol, suvga munosabat xususidagi tuban ketishlar shundoqqina ko‘z o‘ngimizda sodir bo‘lyapti. Qadimiy bu qishloqlar tog‘dan keluvchi soylar, buloqlarni yonariqlar orqali burib kelinib, suv bilan ta’minlanardilar. Yonariqlar suvi ekinzorlar, bog‘-rog‘larni ham yashnatgan. Miroblar suv tozaligi va daxlsizligini kechayu-kunduz nazorat qilishardi...
Ammo endi qadimgi miroblar yo‘q. Qadimgi sarishtalik bilan hozirgi ahvol orasida osmon bilan yercha farq bor. Ko‘pchilik harom bilan halolning, toza bilan iflosning farqiga bormay qo‘ydi. Odamlar qadim suvni tabiatning tabarruk in’omi sifatida qadrlar edilar. Endi bo‘lsa ariq va soylarni ko‘ra bila turib, ifloslik manbaiga aylantirmoqdalar. Kukun, kul, nishxo‘rd, supurindi va boshqa chiqindilarini suvga to‘kmaydigan biron insofli xonadonni topish mushkul bo‘lib qoldi. Bu ham bir navi ekan, bora-bora go‘ngtepalarni, hatto, molxonalarni ariq yoqasiga o‘rnatish odat tusiga kirayotganini aytmaysizmi?! Yanada dahshatliroq bir odat paydo bo‘libdi: ariq ichida kir yuvadigan bo‘lishibdi!
Suv yetti dumalasa halol bo‘larmish! Afsus, hozirga kelib, suv million marta dumalasa ham halollana olmayapti. Aksincha, xonadondan xonadonga o‘tgan sayin iflosliklarga to‘yinib, bo‘tanaga aylanib, tobora bulg‘anib boryapti...
Suv muammosining ikkinchi tomoni bundan ham tashvishliroqdir. Ming xil tashlandiqlar bilan to‘lib-toshgan o‘sha yonariqlarga yana bir nazar tashlaymiz. Shu ariqlarga minglab xonadonlar ko‘z tikib o‘tiradilar-u, kelayotgan suv besh-o‘n xonadondan pastga o‘tmaydi. Nega shunday ekan? Bu savolga javob topish maqsadida ariqlar bo‘ylab yuqoriga ko‘tarilamiz. Naqadar xo‘jasizlik! Suv mo‘l-ko‘l, ammo, keraksiz tomonlarga oqib yotibdi: soylarga, toshloqlarga, ovloqlarga yoyilib, yerlarni balchiqqa aylantiryapti, tosh va qumlar orasiga singib ketyapti. Buning oldini oladigan biron jonkuyar yo‘q. Ifloslangan jami oqavalar esa Chirchiq daryosiga qo‘shiladi. Million-million kishilar ichayotgan suv boshidagi bunday ayanchli ahvol qachongacha davom etarkin? Unga barham berishning chorasi bormi? Bu savolga ham yuqori qishloqlarda yashayotgan odamlar javob topib berishdi. Ularning aytishlaricha, yerli rahbarlar bosh-qosh bo‘lib, mushkul muammoni hal etishlari kerak. Birinchi navbatda mirob shtatini tiklash lozim. Shu vazifani zimmasiga olgan kishi suv ifloslanishiga va isrof bo‘lishiga javob beradi.
Ma’lumki, yonariqlarning suvi tog‘lar orasidan oqib keladi. U tomonlarda yoz kunlari oyoq bosishga joy yo‘q: birov kir yuvyapti, kimdir suv kechib hovuz yasayapti, xullas, ariq to‘la yalang‘och odam. Tevarak-atrofdagi hordiq maskanlarida dam oluvchilar, o‘z istaganlaricha daydib yurgan ming-minglab odamlar yoz bo‘yi suvdan chiqmaydilar. “Axir shu suvni qishloq kishilari ichyapti-ku”,- desangiz ular hayratdan yoqa ushlashadi. 
Undan ham yuqorida – buloqlar boshidagi ahvol-chi? Chorvadorlarining o‘tovlari ham, mol-qo‘tonlari ham aynan suv yoqasiga o‘rnatilgan. Ular ham bahordan to kech kuzgacha suvni bulg‘atishadi. Yonariqlarning suvidan mudom go‘ng hidi anqib turishining boisi shundan!
Toqat qilib bo‘lmaydigan bu hangomalar haqida qishloq kishilari yuqorilarga arz qilavergach, qishloqlarni vodoprovodlashtirish harakati boshlangandek bo‘lyapti-yu, biroq tayinli natija ko‘rinmayapti.
Bu mavzuda bahs yuritar ekanmiz, tabiat jonkuyarlari har qanday g‘ayritabiiy intilishlarning yo‘llarini to‘smoqdalar, atrof-muhit muhofazasi uchun astoydil jon kuydirmoqdalar. Bir misol: belorussiyaliklar respublikadagi kichik daryolar muhofazasi xususida ibratli tashabbus bilan maydonga chiqishdi. Bu da’vatga o‘quvchilardan tortib pensiya yoshidagi kishilargacha hamjihatlik bilan bosh qo‘shmoqda. Jami kichik daryolarning boshlanishidan to quyi oqimiga qadar dahlsiz zonalar tashkil etilyapti. Bu zonalar faqat daraxtzor, chakalakzorlar qurshovida bo‘ladi. Suvni hamma odamlar nazorat qilishadi. Asosiy nazoratni esa viloyat, tuman ijroiya qo‘mitalari o‘z qo‘llariga olishibdi...
Bo‘stonliq tumanida-chi? Ijroqo‘mdagi mas’ul xodimlar hanuz chekka-chekkada tomoshabin bo‘lib qolmoqdalar.
Ota-bobolarimiz qadim-qadimdan suvni bulg‘alaganni, hattoki, tupurganni la’natlar edilar. Endi bo‘lsa, hammamiz qator turib suvga tupuryapmiz, bulg‘ayapmiz, uni yana o‘zimiz ichyapmiz!.. Chamasi, xunuk bu illatlarga barham berish, “toshko‘sak”likni tark etib, quruq so‘zdan amaliy ishga o‘tish vaqti keldi.

“Toshkent haqiqati” gazetasi, 
1989 yil 1 iyun soni.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.