OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Asad Asil. Tabiatni asrash – hammamizning ishimiz (1988)

Respublikamizni toza havo, zilol suv bilan ta’minlovchi Bo‘stonliq tumani muhofazasi uchun qizg‘in kurash ketayotgan bir paytda tarqalgan tashvishli xabar uzoq-uzoqlarga yetib bordi. Bu diyorni bog‘u-bo‘stonlarga burkagan inson Nortoji ota Gulmetov vafot etibdi. Marhumni so‘nggi yo‘lga kuzatish chog‘ida atrofdagi hamma qishloq va posyolkalardan yetib kelganlar Soyliq qishlog‘i xalqi atrofida bosh egib turdilar. Marhumga atalgan qalb so‘zlari sokin qabriston uzra taraldi. Hammaning gapida bitta uyg‘unlik, yagona to‘xtam bor edi: Nortoji ota qaerda va qanday lavozimda ishlamasin, ajoyib bog‘lar yaratdi, o‘zidan o‘chmas nom qoldirdi. U barpo etgan bog‘lar Xo‘jakentda, G’azalkentda, Pargizda, Soyliqda gurkirab yashnab turibdi... Bo‘stonliqni “Sharq Shveytsariyasi” deyishadi. Bu ta’rif bejiz berilmagan. Ismi jismiga monand maskan yashil boyliklarga kon. Ammo so‘lim bog‘u-rog‘lar osmondan tushgan emas. Ularni Soyliq qishlog‘ida tug‘ilib o‘sgan Nortoji Gulmetov, g‘alvasoylik Nurg‘uzar bog‘bon, xumsonlik Ashirvoy Kamolov, hozir G’azalkent shahrida yashab mehnat faoliyatini samarali davom ettirayotgan Mirxidoy Nosirov kabi va boshqa ko‘plab fidoyi insonlar yaratdilar.
Zamona zaylini qarang, bugungi kunga kelib ushbu mo‘‘jaz makonni saqlab qolish, ta’bir joiz bo‘lsa, uni zavoldan qutqarish muammosi ko‘ndalang bo‘lib turibdi, Kimdan? Kim ekan o‘sha bag‘ritosh?! “Toshkent haqiqati” gazetasining shu yil 22 iyul sonida “Oshkoralik muhiti” deb nomlangan maqola bilan chiqqan shoir Miraziz A’zam, respublika matbuotlarida qayta-qayta keskin fikrlar bilan qatnashgan yozuvchi Dadaxon Nuriy va boshqalar bu savolga ochiq-oydin javob aytganlar. Soyliq qishlog‘ida ketma-ket bo‘lib o‘tgan ikki yig‘ilish munozarali masalaga yana ham aniqlik kiritdi, oqni oqqa, qorani qoraga ajratib tashladi...
Ming-minglab odam ishlaydigan, yuzlab gektar hududida esa necha o‘n minglab kishilar yashashi mo‘ljallangan bo‘lajak shaharsiz ham bu tuman da muammolar to‘lib-toshib yotibdi. Bo‘stonliqda shu kunlarda yashab turgan aholining katta ko‘pchiligi ichimlik suvga zor ekanligi tuman ijroiya qo‘mitasi rahbarlariga nahotki ma’lum emas? Tuman markazi bo‘lmish G’azalkent shahrini ta’minlab turgan yer osti suvlari shu kunga kelib batamom yaroqsiz ahvolga tushib qoldi. Shoshilinch chora ko‘rilib, Chimboyliq zonasi, aniqroq qilib aytganda kelajakda ulkan korxonalar qurilishi mo‘ljallanayotgan maydondan ichishga yaroqli yerosti suvi topildi va shu orqali G’azalkent shahri yarim-yorti ichimlik suv bilan ta’minlandi. Bu muhim muammo hanuz to‘la hal etilgani yo‘q. Juda tezlik bilan ko‘payib borayotgan G’azalkent shahri va Bo‘stonliq tumani xalqini ichimlik suv bilan to‘liq ta’minlash mushkul vazifa bo‘lib turibdi. Ayrim mutasaddilar zavod qurish yordamida bu vazifalarni hal etishni mo‘ljallashyapti-yu, sanoat shaharchasi barpo etilishi natijasida kelib chiqadigan boshqa muammolarni, xususan ekologik buzilishni hisobga olishmayapti.
Bo‘stonliqning sof havosi, go‘zal tabiati birinchi navbatda ushbu maskanda yashab turganlarning o‘zlari uchun kerak. Shu bilan bir qatorda ona shahrimiz Toshkent, qolaversa, butun respublikamiz ekologiyasi taqdiri kun tartibidagi ushbu masalaga bevosita taalluqlidir.

“Toshkent haqiqati” gazetasi, 
1988 yil 13 avgust soni.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.