OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Bo‘rivoy Ahmedov. Tarixni soxtalashtirib bo‘lmaydi (1989)

http://ziyouz.uz/images/amir_temur.jpg

O‘rta Osiyo xalqlarining qadimgi va o‘rta asrlardagi tarixini o‘rganishda tarixshunoslar ancha ish qildilar: ko‘p asrlik tarixni o‘z ichiga olgan jild-jild kitoblar bitildi, tarixning ayrim sohalari (ijtimoiy-siyosiy, agrar, madaniyat, mamlakatlararo munosabatlar) bo‘yicha maxsus monografiyalar yozildi. Lekin, baribir, hali qiladigan ishlarimiz ko‘p, yaxshi o‘rganilmagan, yechimini topmagan masalalar taxlanib yotibdi. Yer-suv munosabatlari, hunarmandchilik, xalq harakatlari, etnik tarix va etnik jarayon mana shunday muammolar jumlasidan.

Men ikki muhim masalaga qisqa to‘xtab o‘tmoqchiman.

Birinchisi. Keyingi yillarda ba’zi tarixiy shaxslarga, O‘rta Osiyo xalqlari tarixining ayrim davrlariga, xususan, Temur va temuriylar davri tarixiga baho berishda biryoqlamalikka, sub’ektivizmga yo‘l qo‘yilmoqda. Nimagadir, hokimiyat tepasida turgan yoki saroy xizmatida bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-adabiy faoliyati xususida gapirganda faqat ularning salbiy, negativ taraflarini ko‘ramiz, ijobiy t

omonlarini bo‘lsa xas-po‘shlab o‘tadigan bo‘lib qoldik. Boshqacha qilib aytganda, ularning faoliyatiga bugungi kun ideologiyasidan kelib chiqib baho berayotibmiz. Bunaqa kayfiyatni M. G‘. Vahobovning «Pravda Vostoka» gazetasining 1986 yil 4 dekabrida e’lon qilgan «Tarix haqiqatiga zid», 1988 yil 21 iyunda shu gazetada chop qilgan «Haqiqat xususida — faqat haqiqat» nomli maqolalarida, tarix fanlari doktori, professor G. Hidoyatovning yana o‘sha gazetaning 1988 yil 11 noyabrida bosilgan «Ulug‘ muallim» deb atalgan maqolasida yaqqol ko‘ramiz.

To‘g‘ri, Temur ham, Bobur ham feodal hukmdor sifatida zulmga qo‘l urishgan, boshqa yurtlarga bosqinchilik yurishlari ham qilishgan. Masalan, Temur 1380—1402 yillari Eron, Iroq, Zakavkaze, Kichik Osiyo va Shimoliy Hindistonga bosqinchilik yurishi uyushtirdi, ko‘pgina shahar va qishloqlarni xarob qildi, ko‘plarning yostig‘ini quritdi. Bobur ham shunga o‘xshash ish qildi — 1526 yili Shimoliy Hindistonni bosib oldi. Sulton Husayn-chi? U ham qon to‘kkan, ayrim paytlarda mehnatkash xalqning haq-huquqini toptagan. Biz bu shaxslarning ijtimoiy-siyosiy faoliyatidagi bu negativ taraflarni qoralaymiz, albatta.

Shu bilan birga, ularning tarix oldidagi xizmatlarini ham e’tirof etish lozim, aks holda nohaqlik, adolatsizlik yuz berishi mumkin. Sirasini olganda, haqiqatni, bor haqiqatni aytmaslik ham tarixni soxtalashtirishga kiradi.

Xo‘sh, Temurning ijtimoiy-siyosiy faoliyatida ijobiy tomonlari ham bo‘lganmi? Ha, ijobiy tomonlari ham bor, albatta. Buni bilish uchun katta olim bo‘lishning hojati yo‘q, faqat tarixga to‘g‘ri ko‘z bilan, yaxshi niyat bilan qarashning o‘zi kifoya.

Temur faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan bir-ikki misolga murojaat qilaylik.

Birinchi misol. Ma’lumki, XIV asr o‘rtalarida Chig‘atoy ulusi — aniqrog‘i, Movarounnahr, Xorazmning sharqiy qismi va Afg‘onistonning shimoliy viloyatlarini o‘z ichiga olgan uning g‘arbiy qismi feodal tarqoqlik iskanjasida qoldi. O‘sha vaqtda Chig‘atoy ulusida o‘nga yaqin mustaqil beklik mavjud edi. Masalan, Shahrisabz viloyatida Hoji barlos, Ho‘jandda Boyazid jaloir, Saripul va Totkandda Xizr yasovuriy, Balxda amir Husayn, Shibirg‘onda Muhammad Aperdi nayman, Ko‘histonda amir Sotilmish, Arhang saroyda O‘ljoy Aperdi o‘zlarini hokimi mutlaq deb e’lon qilib, bir-biri bilan yoqalashar, xalqni talon-taroj qilib, azoblar edilar. Temur 1370—1378 yillari bu o‘lka va viloyatlarni bir davlatga birlashtirib, feodal tarqoqlikka barham berdi. Bu mehnatkash xalqqa behadik yotib-turishga, tinch mehnat qilishiga imkon berdi; dehqonchilik, hunarmandchilik, savdo-sotiq va madaniyatning rivoj topishiga zamin yaratdi. Qisqasi, Movarounnahr va Xuroson, Temur va temuriylar davrida 120 yil tinch hayot kechirdi. Temur faoliyatining ko‘p ijobiy tomonlari bo‘lganligini mashhur tarixshunos olim SSSR Fanlar akademiyasining muxbir a’zosi professor A. Yu. Yakubovskiy ham aytgan. U Temurning bir tarafdan, feodal isyonlar va feodal tarqoqlikka barham bergani, ikkinchidan, ulkan qurilishlar qilganini alohida qayd qilgan edi (Temur. Opыt kratkoy xarakteristiki, «Voprosы istorii» jurnali, 1946, № 8—9, 73-bet).

Ikkinchi misol. Temurning 1391 va 1395 yillari Oltin o‘rda xoni To‘xtamishga (1376—1395) yoki 1402 yili Turkiya sultoni Boyazid Yeldirimga (1389—1402) qarshi qilgan harbiy yurishlarini olib ko‘raylik.

To‘xtamishga berilgan qaqshatqich zarba Rossiyaning Oltin O‘rda zulmidan qutulishini tezlashtirdi. Keling, yaxshisi, uning ahamiyati haqida mo‘‘tabar olimlarning fikrini keltirib qo‘ya qolaylik. A. Yu. Yakubovskiy To‘xtamishning 1382 yili kuzda Moskvaga qilgan hujumi va uning og‘ir oqibatlari haqida bunday deydi: «To‘xtamishning xuruji Moskva va Moskva viloyatini og‘ir

jarohatladi. Kostromadan talon-taroj etilgan Moskvaga qaytib kelgan Dmitriy Donskoy uchun 1382 yilning kuzi uning hayotidagi eng og‘ir kunlar bo‘ldi, chunki u o‘sha kezlarda To‘xtamishga qarshi biron chora-tadbir ko‘rishdan tamoman ojiz edi». (B. D. Grekov, A. Yu. Yakubovskiy. Oltin O‘rdaning yemirilishi, Moskva-Leningrad, 1950, 329-bet). Akademik B. D. Grekovning bu boradagi fikrlari ham diqqatga sazovor. «Oltin O‘rda, — deb yozgan edi u, — Temur bergan zarbadan keyin o‘zini o‘nglab ololmadi». Tumanboshi Idiku (Yedigey) Moskvaga Oltin O‘rda oldidagi majburiyatlarini eslatib elchi yuborganda knyaz Vasiliy Dmitrievich unga parvo ham qilmadi (O‘sha kitob, 245-bet). A. Ya. Yakubovskiy Temurning To‘xtamish ustidan qozongan g‘alabasiga yuksak baho berdi. U, masalan, bunday deb yozdi: «Temurning To‘xtamish ustidan qozongan g‘alabasi... nafaqat O‘rta Osiyo va Sharqi-janubiy Yevropa uchun, balki Rus uchun ham katta ahamiyatga molik bo‘ldi» (O‘sha kitob, 373-bet). Aynan shunday fikrni mashhur rus tarixchisi M. S. Solovev (1820—1879) ham o‘z vaqtida aytgan edi. (Istoriya Rossii s drevneyshix vremen, t. 34, kn, 11, Moskva, 1960, 370-bet).

Temurning Boyazid Yeldirimga bergan qaqshatg‘ich zarbasi ham qo‘shni mamlakatlar, xususan, Bolqon yarim orolidagi mamlakatlarning tarixiy taqdirida muhim rol o‘ynadi. 1389 yili Boyazid Serbiyaning Kosovoe pole degan manzilida bir qator Sharqiy Yevropa davlatlarining birlashgan armiyasini tor-mor keltirib, Serbiya bilan Bulg‘oriyani bosib oldi; Vengriyaga tahdid sola boshladi; 1396 yili esa Vizantiya imperiyasining poytaxti Konstantinopol xavf ostida qoldi. Vizantiya imperatori Manuel Paleolog, Genuya hukmdori va Frantsiya qiroli Karl VIning Kichik Osiyo va Sultoniyadagi noiblari Temurga yordam so‘rab yalinib-yolvora boshladilar. O‘sha yillari Temur bilan Frantsiya qiroli Karl VI (1380—1422) va Angliya podshosi Genrix IV (1399—1413) o‘rtasidagi yozishmalar ham Temurni qudratli Usmon imperiyasiga qarshi otlanishga chaqirganligidan guvohlik beradi. Shuni ham aytish kerakki, Boyazidning kuchayib ketayotganidan Temurning o‘zi ham bir qadar cho‘chib turgan edi. Qisqasi, Temur Boyazidni yengish bilan Bolqon mamlakatlari xalqlarining tamoman usmonli turklar istibdodiga tushib qolish xavfini bir qadar bartaraf qildi.

Bu faktlarni inkor etsak insofdan bo‘lmas.

Qolaversa, Temur katta tarixiy asarlarda, qomuslarda yirik davlat arbobi, mohir sarkarda sifatida e’tirof etiladi, uning sarkardalik mahorati esa Yevropa mamlakatlarining harbiy akademiyalarida maxsus o‘rganilgan. Bu o‘rinda biz ba’zi tarixchilarga, shuningdek, hurmatli o‘quvchilarimizga Rossiya armiyasi Bosh shtabining xodimi general-leytenant M. I. Ivaninning (1801-1874) 1875 yili chop etilgan «O voennom iskusstve i zavoevaniyax mongolo-tatar i sredneaziatskix narodov pri Chingiz-xane i Temurlane» degan qimmatli kitobini o‘qib chiqishlarini tavsiya etardik.

Boburga kelsak, u iste’dodli shoir za «Boburnoma»dek ajoyib qomusiy asar yaratgan yirik olim sifatida tarixda qoldi. Yana bir gap. Hindistonliklar Boburni va uning avlodlarini hozirga qadar o‘z farzandi hisobida ko‘radilar, uning xotirasini qadrlaydilar. «Bir vaqt Hindistonlik bir yozuvchi va olim bilan suhbatlashib o‘tirganimizda, — deb hikoya qiladi Chingiz Aytmatov, — Bobur haqida gap ketdi. Men undan: «Boburni bosqinchi deb hisoblaysizlarmi yoki madaniyatni rivoj toptirgan namoyanda sifatidami?» — deb so‘raganimda, u «biz uni Hindiston farzandi sifatida yuksak darajada qadrlaymiz... faoliyati va ijodiyati bilan madaniyatimiz rivojiga yordam berdi, — deb aytdi». Tarixni, sharq tarixini ham, g‘arb tarixini ham, bir eslab ko‘ring-a, olim va shoir bo‘lib tanilgan sohibi tojlar ko‘p uchraydimi? Yo‘q, albatta. Bobur va Ulug‘bekdek adabiyot va ilm-fan jabhalarida qalam tebratib, nom qozongan tojdorlar juda-juda kam, o‘zi!

Sulton Husayn haqida ham shunday deyish mumkin. U shoir va madaniyatli kishi bo‘lishi bilan bir qatorda, ko‘plab shoirlar, olimlar, musavvirlar, hattotlar va boshqa hunarmandlarga, tom ma’nosi bilan homiylik qildi. Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiydek daholar ham uning zamonida yetishib chiqdilar.

Movarounnahr va Eron ustidan 136 yil hukmronlik qilgan Temur va temuriylar, 332 yil Hindistonni idora etgan Bobur va boburiylar davri madaniyati jahonga mashhur bo‘ldi. Buni ham tarixiy kitoblardan o‘qib bilish qiyin emas. Samarqand, Buxoro, Shahrisabz, Balx va Hirotda qurilgan ajoyib binolardan ba’zilari bugun ham ko‘zni quvontiradi, ularni turli mamlakatlardan kelgan turistlarga ko‘z-ko‘zlab o‘tiribmiz-ku! Hindistonning Dehli, Agra, Fathpur, Ajmir, Lohur, Ollohobod shaharlarida boburiylar davrida bunyod etilgan qasrlar, qal’alar, maqbara va masjidlar, rabotlarni olib ko‘raylik. Shuningdek, o‘sha vaqtlarda yozilgan va jahon kutubxonalarida saqlanayotgan noyob qo‘lyozma kitoblar Temur va uning avlodi ko‘p xayrli ishlar ham qilganligidan dalolat berib turibdi. Xo‘sh, buni inkor qilib bo‘ladimi, o‘zi?

Ikki og‘iz so‘z professor G. Hidoyatovning «Ulug‘ muallim» atalmish maqolasi xususida. Maqolaning umumiy yo‘nalishi umuman to‘g‘ri, lekin uning dalil-isbotsiz go‘yoki tarixchilar orasida o‘tmish tarixga yondashishda proletar internatsionalizmi printsiplaridan chekinish hollari bor, qandaydir «tamerlanomaniya», «baburomaniya» va boshqa «maniyalar» borligi haqidagi da’volari mutlaqo asossizdir. Maqola muallifining Temurning (demak, avlodining ham) kelib chiqishi haqidagi gaplari esa tamoman uydirma, Barloslar Chingizxon davridayoq (XIII asr) turklashib ketganlar, Temur esa bundan qariyb 130 yil keyin Zabaykaleda emas, Qashqadaryoda tug‘ilgan. Barloslar XIII asr boshlarida o‘zbeklarning etnik tarkibiga kirdi. Buni arab, fors va turkiy tillarda yozilgan qo‘lyozma asarlarni o‘qiy oladigan o‘rta asrlar tarixidan (sharq tarixidan) xabardor kishilar yaxshi bilishadi. Tarixiy hodisalar va faktlarga bu tarzda yengil-elpi munosabatda bo‘lish yaramaydi. Tarix faqat ulug‘ muallimgina emas, balki ulug‘ hakam ham ekanligini unutmaslik kerak.

O‘tmishni faqat qoralash bilan, tarixda o‘tgan shaxslarning tirnog‘i ostidan faqat kir axtarish bilan proletar internatsionalizmi printsiplarini singdirib bo‘lmaydi.

O‘tmish tarixga, tarixiy shaxslarning ijtimoiy-siyosiy faoliyatiga bir tomonlama yondashuvchilarga mashhur rus yozuvchisi I. A. Goncharovning mana bu fikrlarini eslatib o‘tmoqchimiz: «Bizda o‘tmishdan biron shaxsni qarmoqqa ilintirib oladilar-da, xuddi bo‘zdan eski suratni qirchishlab olganday, uni o‘zi yashagan zamondan ajratib oladilar yaa o‘z asrining shiorlarini, tusini, ruhini, tarbiyasi, urf-odatlari va o‘zga shart-sharoitini o‘zida mujassamlashtirganini unutib qo‘yib, o‘z zamonasining qonunlari bilan so‘zlab jazoga tortadilar. Axir avlodlar davr o‘tishi bilan qo‘lga kiritilgan bilimlar, tajribalar va kashfiyotlar orqasida ajdodlaridan o‘tib ketadilar-ku!» (Sobranie sochineniy, t. 7, Moskva, 1952, 299-bet). V. I. Lenin aytgan mana bu gaplar ham nihoyatda ibratli: «Tarixda o‘tgan arboblarning ko‘rsatgan tarixiy xizmatlari to‘g‘risida hukm chiqarganda, ular hozirgi zamon talablariga javob beradigan yangiliklarni bermaganliklariga qarab emas, balki ular o‘zlaridan avval o‘tganlarga nisbatan qanday yangiliklar berganliklariga qarab hukm chiqariladi» (To‘la asarlar to‘plami, t. 2, 204-bet).

Xo‘sh, bunday olimlarning bu gaplardan xabari yo‘q deb o‘ylaysizmi? Aslo. Ular bu gaplarni yaxshi bilishadi, lekin amal qilgilari kelmaydi, chunki ularning qo‘lida faqat ikki xil: qora va qizil bo‘yoq bo‘ladi. Birini surtgan yerga aslo ikkinchisini surtmaydilar. Axir surat turli-tuman bo‘yoqlar vositasida yaratiladi-ku! Lekin bunaqa «bo‘yoqchilar»ni ko‘r-ko‘rona ma’qullovchilar ko‘p bo‘lgandan keyin nima ham qilishsin. «Fikr qancha biryoqlama bo‘lsa, — deb yozgan edi V. G. Belinskiy, — ko‘pchilik uchun shuncha qulay, chunki ko‘pchilik yaxshi — hamisha yaxshi bo‘lishini, yomon-yomon bo‘lishini xush ko‘radi. Bunday odamlar biron bir narsa aynan bir vaqtda yaxshini ham, yomonni ham o‘zida mujassam etishini tan olmaydilar» (Asarlar, t. VIII, Moskva, 1948, 65-bet). Endi o‘z-o‘zidan savol tug‘iladi. Xo‘sh, Temurni, uning avlodlarini fotih bo‘lganligi uchun yomon otliqqa chiqarib, O‘rta Osiyo xalqlarining katta bir davr tarixini o‘rganmaylikmi, endi? Yo‘q, o‘rganish zarur, chunki bu avvalambor xalq tarixi. Shu paytgacha kimdandir, nimadandir hadiksirab, o‘tmish tarixni yaxshi o‘rganmay kelayotibmiz. Endi bunaqa kayfiyatga barham berish zarur. Xo‘sh, tarixni qanday o‘rganish kerak? Bu boshqa gap. Uni bir taraflama emas, chuqur va atroflicha o‘rganish lozim. Oqni — oq, qorani — qora, deb yozish shart. Faqat shunday qilingandagina tarix — tarix bo‘lishi, avlodlar uchun saboq bo‘lishi, yosh avlodni o‘z yurti va xalqiga sadoqat ruhida tarbiyalashi mumkin. Shunday qilganimizdagina tarix haqiqiy muallimga aylanadi.

Men aytmoqchi bo‘lgan yana bir gap — bu o‘rta va oliy maktablarda O‘zbekiston xalqlari tarixini o‘qitishning umumiy ahvoli haqida. O‘zbekiston ko‘p ming yillik tarixga ega. Lekin ko‘pchilik, ayniqsa, yoshlarimiz, o‘z yurtining tarixini yaxshi bilishmaydi. Sabab? O‘zbekiston xalqlari tarixi o‘rta maktabda ham, oliy maktabda ham yaxshi o‘qitilmaydi. Birinchidan, O‘zbekiston xalqlari tarixini o‘qitishga juda kam soat ajratilgan. O‘rta maktabda, 7—8 sinflarda, hammasi bo‘lib yiliga 32 soat, oliy o‘quv yurtlarida bor-yo‘g‘i 80 soat, bu ham fakultativ tarzda, o‘qitiladi xolos. Ikkinchidan, rahbar tashkilotlarning qator ko‘rsatmalariga qaramay, hanuzgacha yaxshi darsliklar va qo‘llanmalar yozilganicha yo‘q. Mavjud darsliklar bo‘lsa talabga javob berolmaydi. Ularda shaxsga sig‘inish va turg‘unlik yillarining negativ illatlari to‘lib-toshib yotibdi. Hozir tarixchi olimlar va tarix o‘qituvchilari oldida turgan birdan-bir vazifa o‘rta maktablar, texnikumlar va oliy o‘quv yurtlari uchun puxta darsliklar va yaxshi qo‘llanmalar yaratishdan iborat. Shuni unutmaslik kerakki, maktabga mo‘ljallangan kitob xatodan xoli bo‘lishi lozim. Shuning uchun ham bu ish yuqori malakali olimlar va o‘qituvchilarga topshirilishi zarur, chunki bilimning poydevori asosan maktabda qo‘yiladi. Afsuski, biz buni unutganga o‘xshaymiz. Hamon shoshma-shosharlik bilan ish tutib, xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘yib kelayotibmiz. 1988 yili «O‘qituvchilar gazetasi» 14 sentyabr sonidan boshlab e’lon qilgan 7-sinfda tarix darsi programmasini olib ko‘raylik. Afsuski, programmada birtalay jiddiy xatolarga yo‘l qo‘yilgan. Xususan, o‘zbek xalqining shakllanishi masalalari bilan bog‘liq jarayon batamom buzib bayon qilingan. Bu yerda «Turk tilli (turkiy zabon, turkiy tillarda so‘zlashuvchi deyilsa to‘g‘ri bo‘lardi — B. A.) qabilalarning Movarounnahr va Xurosonga bostirib kirishi (qaysi tarafdan, nega «bostirib kirishi»? — B. A.) eramizgacha bo‘lgan asrlarda (eramizdan avvalgi asrlarda deyilsa to‘g‘ri bo‘lardi — B. A.) yuz bergan edi», «qadimiy eron tilli (eron tilida so‘zlashuvchi deyilsa to‘g‘ri bo‘lardi — B. A.) aholi o‘zbek xalqining shakllanishiga asos soldi (qanaqasiga? qanday qilib?! — B. A.)» kabi g‘alati va g‘ayriilmiy talqinlar ham bor. Aftidan, bu programma respublika Maorif ministrligi va pedagogika fanlari ilmiy tekshirish instituti yuqoridan yo‘llangan va shunchaki «qo‘ldan o‘tar, egasiga yetar» qabilida tarjima qilingan (tarjima ekanligi shunday ko‘zga tashlanib turibdi. Mana 6u jumlalarga qarang: «Movarounnahrning Arab xalifaligi hukmronligidan «siyosiy ozod bo‘lishi», «bilimning turli tarmoqlari», «turk tilli qabilalar», «Qoraxoniylar Buxoroni qiynalmay mahv etdilar». Qabila nomlari; qorliq o‘rniga — karluk, yag‘mo o‘rniga, — yagma, Usmon o‘rniga — Osman deb yozilgan), mutaxassis olimlar va tajribali tarix o‘qituvchilarining muhokamasidan o‘tkazmay turib nashrga tavsiya qilib yuborilganga o‘xshaydi. Tavsiya etilayotgan programma shunday bo‘lgach, yozilayotgan darslik qanaqa bo‘lar ekan? Menimcha, bu tashvishli hol. Bunaqa muhim ishda xato qilishga haqqimiz yo‘q. Umuman, programmalar ham, darsliklar ham o‘zimizda tuzilgani ma’qul. Takror aytishga to‘g‘ri keladi: bu ishga O‘zbekiston xalqlari tarixini puxta bilgan olimlar va tajribali o‘qituvchilar jalb etilishi zarur.

“Sharq yulduzi” jurnali, 1989 yil, 6-son

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.