YURAK PARCHASI
O‘zbegim deb keng jahonga
Ne uchun madh etmayin!
O‘zligim bilmoqqa davrim
Berdi imkon, o‘zbegim.
Amerika Qo‘shma Shtatlarini deyarli ikki hafta sayr etib, safar yo‘li ortda qolganda, yoddan chiqmas hislarimni o‘ylar ekanman, suyukli shoirimiz Erkin Vohidovning amerikalik vatandoshimiz Zikriyo Nyu-Yorkda zo‘r hayajon, beqiyos faxr, shirali ovoz bilan tik turib o‘qib bergan «O‘zbegim» qasidasi quloqlarim tagida jaranglab ketdi. Eng avvalo, bu kun olam sahniga chiqqan, mushkul, ammo sharafli, hur taqdir nasib etgan yurtim iftixori hissini tuyganimni, uni sog‘inganimni esladim. Ona-Vatan tuyg‘usidan, do‘stlar diydoridan, atrofingda birday qulog‘ingga chalinib turgan ona tiling ohangidan, ko‘zlaringga huzur bag‘ishlovchi tanish obidalardan, ota-bobolaring, volidayi mehriboning izlari tushgan rohi tabarrukdan afzal narsa bormi dunyoda. Begumon ona-tuproqdan ajralganning nasibi faryod, umidi vasl. Orqangda tog‘day bo‘lib xalqing turganga ne yetsin. Xalqiga suyangan odam hech qachon yiqilmaydi. Xalqing bir butun yurak bo‘lsa, sen uning bir parchasi. Ha, kindik qoni to‘kilgan yer muqaddas. «Mening xalqim o‘z kindik qoni to‘kilgan tuproqni o‘z onasiday aziz ko‘radi. Mening xalqim o‘z bobolari ko‘milgan tuproqni o‘padi, shu tuproqni harom, nopok qilgan odamlarni o‘ldiradi», degan edi taniqli o‘zbek sovet shoiri Hamid Olimjon. Qaerga bormay, o‘zbek bolasiman deb, buyuk yurtning farzandi bo‘lib g‘urur, iftixor bilan yurdim. Qalbimni to‘ldirgan bu hisning naqadar benazirligini, gapning ochig‘i, bu tuyg‘udan benasib, tug‘ilgan vataniga sohib bo‘lolmagan, afsuski, yurti zaminini dadil bosib yurolmagan odamlarni ko‘rganimda yana bir bor shukr qildim. Zavqli o‘zbek farzandi Zikriyodan keyin Nyu-Yorkda Erkin Vohidovning ovozi yangradi:
Keksa qarag‘ayning ildizin ochib,
Tortdilar qo‘sh arqon solib belidan.
Lekin u tuproqqa panjasin sanchib,
Sira qo‘ztalmasdi ungan yeridan...
Nihoyat, gurs etib yerga quladi,
Butab, so‘ng ko‘tarib ketdilar, biroq —
U o‘z panjasida olib jo‘nadi
Yashagan yeridan Bir siqim tuproq.
Daraxt-ku qadrdon yeridan tuproq olib ketgan, ko‘kartirgan zamindan uzilgisi kelmagan o‘zbek xalqining vatanga bo‘lgan muhabbatini aslo qo‘yavering, beadad. Qadim zamonlardan qolgan ezgu odat bu; uzoq safarga chiqqanda bir hovuch yurt tuprog‘idan o‘z yonlarida olib yurganlar.
Amerikalik savdogar Abdul Rauf Maqsudiyning katta, bizdagi yangi solingan uchastka-uylar singari hovlisida o‘tayotgan ziyofatda, o‘nlab vatandoshlar davrasida o‘qilayotgan she’rlar kuy-qo‘shiqqa, raqsga, tabrik so‘zlariga ulanib ketdi. Bu uchrashuv tafsilotiga hali qaytamiz. Hozir safarimiz boisi haqida ikki og‘iz so‘z.
«FRENDSHIP FORS» — «KUCH-QUDRATIMIZ — DO‘STLIKDA»
Chet mamlakatlar bilan do‘stlik va madaniy aloqalar O‘zbekiston jamiyati jahondagi mamlakatlar xalqlari bilan hamkorlik o‘rnatish, do‘stlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, yaxshi qo‘shnichilik kayfiyatlarini tug‘dirish, iqtisodiy, madaniy hamda fan va texniqa sohalari bobida olib boriladigan ishlar eshigini ochish jonbozidir. Jamiyatning bu borada qilgan tahsinga loyiq tadbirlari ko‘p. Biz shulardan birining guvohi bo‘ldik. Uning AQShdagi «Frendship fors» — «Kuch-qudratimiz — do‘stlikda» deb ataladigan jamoatchilik tashkiloti bilan kelishuviga muvofiq biz «Ozod dunyo»ga borishga musharraf bo‘ldik.
«Frendship fors» tashkilotining atrofiga millatidan, tanasining rangidan qat’iy nazar xohish bildirgan, imkoniyati darajasida uni qo‘llab-quvvatlashga jazm etgan ko‘plab siyosat va jamoat arboblari, turli kasb va martaba egalari, din peshvolari, keksalar, yoshlar birlashgan. Tashkilotning yuzaga kelish tarixi juda qiziq. Bunaqasi faqat Amerikada bo‘lishi mumkin. Sababchisi angliyaliklar.
O‘n yilcha ilgari Angliyadan turli kasbga, millatga mansub bo‘lgan, dunyoqarashlari ham har xil uch yuz kishi Amerika Qo‘shma Shtatlariga sayohatga boradi. Favqulodda bir sabab bilan mehmonxonaga emas, amerikaliklarning xonadonlariga joylashishadi. Sayr-tomoshalari tugab, safarlari qariguncha sohibi xonadonlar bilan tanishib, birodarlashib oladilar. Ikki mamlakat xalqi vakillarining bunday xolis, samimiy, oilaviy, favqulodda ham ramziy muloqoti o‘sha vaqtda AQSh prezidenti bo‘lgan Jimmi Karter va uning rafiqasi Rozalini Karterni qiziqtirib qoladi.
1977 yilda Djimmi Karter bunday muloqotni qo‘llab, ta’kidlaydiki: «Bu shunday ishki, u bilan har birimiz shug‘ullansak arziydi, uni hatto hukumat aloqalaridan ham kengroq darajada olib borishimiz mumkin». Bu fikrni Prezident Ronald Reygan 1982 yilda yuborgan o‘z tabrigida davom ettirib, «sizlarning tashkilotingiz dunyoda xalqlar o‘rtasida o‘zaro hurmatni va bir-birini tushunishni vujudga keltirishga yordam beradi», deydi. Nima uchun boshqa mamlakat xalqlari vakillari bilan inglizlar singari hamkorlik o‘rnatish, ayni vaqtda u mamlakatlarga amerikaliklarning safarini uyushtirish mumkin emas, degan fikr tug‘iladi.
Shunday qilib, yangi «Frendship fors» tashkiloti vujudga keladi. 1987 yili Angliyada uning o‘n yilligi nishonlandi. Tantanalarda tashkilotning faxriy raisi Rozalini Karter xonim boshchiligidagi bir guruh amerikalik faollar qatnashdilar.
Hozirgi kunda tashkilotga atlantalik D. Veyn Smit prezidentlik qilayapti. Tashkilotning xalqaro shtab-kvartirasi Jorjiya shtatida. Uning xodimlari uncha ko‘p bo‘lmay, minglab ko‘ngilli yordamchilarga tayanib ish ko‘radi.
Dunyodagi odamlar bir-birlaridan farq qilishdan ko‘ra, ko‘proq bir-birlariga o‘xshab ketishadi, degan xulosa asosida ish ko‘radi tashkilot. D. Veyn Smitning ta’kidlashicha, tashkilotning maqsadi — oddiy, faxrli va olijanobdir. U ham bo‘lsa, butun dunyoda tinchlikni mustahkamlash — hukumatlarninggina burchi bo‘lib qolmay, ayni vaqtda har bir insonning ham burchidir, degan xalq diplomatiyasi niyatini qaror toptirishga xizmat qilishdan iborat.
Chindan ham, safar davomida iqror bo‘ldikki, xalq diplomatlari — oddiy sovet va amerika kishilari, o‘zlarining shaxsiy aloqalari bilan xalqaro darajadagi o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini, vaziyatini mustahkamlashga yordam berishga qodirdirlar. Bu harakatning xayrli ishlari haqida amerikalik jurnalist, xalq diplomatiyasi kashshoflaridan biri, Sovet Ittifoqida olti marta bo‘lgan Geyl Uorner «Xalq diplomatiyasi» degan kitob yozibdi.
«Frendship fors» hozir Amerika Qo‘shma Shtatlari bo‘ylab keng quloch yoygan. Uning 44 shtatda klub va bo‘limlari bor. Turli tuzumdagi 41 mamlakat bilan aloqa o‘rnatgan. Shu kungacha «Frendship fors»ning ishtirokida minglab kishilar do‘stlik tadbirlarida qatnashdi. Tashkilot hech qanday oldi-sottiga aralashmaydi, moddiy manfaatdorlikni ko‘zlamaydi. Do‘stlarimiz tinchligi — butun dunyo tinchligi, degan niyatga xizmat qiladi.
1985 yilda Gruziya delegatsiyasi Jorjiya shtatida muvaffaqiyatli mehmon bo‘lib qaytgach, «Frendship fors» Chet mamlakatlar bilan do‘stlik va madaniy aloqalar Sovet jamiyatlari soyuzi bilan aloqa qilishga kirishadi. Keyinroq Jimmi Karter bilan Rozalini Karter Moskvada Valentina Tereshkova bilan uchrashadi. Jamoatchilik delegatsiyalarini muntazam yuborib turish to‘g‘risida ikki tomonlama shartnoma tuziladi.
Bizning delegatsiya RSFSR, Ozarbayjon, Gruziya jamoatchiligi vakillaridan keyin to‘rtinchi bo‘lib Amerika Qo‘shma Shtatlariga yo‘l oldi.
O‘zbekiston jamoatchiligi delegatsiyasi respublikamiz ekonomikasi, fani, madaniyati, adabiyoti va san’atidan xabardor 11 kishidan iborat edi. Jumladan — Jo‘rabekov Ismoil Hakimovich — O‘zbekiston SSR Ministrlar Soveti Raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston Davlat agrosanoat komitetining raisi (delegatsiya rahbari), Teshaboev Fattoh G‘ulomovich — chet mamlakatlar bilan do‘stlik va madaniy aloqalar O‘zbekiston jamiyati prezidiumining raisi (delegatsiya rahbarining o‘rinbosari), Rashidov Tursun Rashidovich — O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, Erkin Vohidov — O‘zbekiston SSR xalq shoiri, Bobojonova Jamilaxon A’zamovna — Toshkent Davlat universiteti roman-german fakultetining dekani, Jumaev Haydar Vasilevich — O‘zbekiston KP Toshkent shahar Kirov rayon komitetining sekretari, Sigedin Vitaliy Nikolaevich — Olmaliqdagi V. I. Lenin nomli kon-metallurgiya kombinatining direktori, Dilafro‘z Jabborova — O‘zbekiston SSR xalq artisti, Ismoilov Saidg‘anixo‘ja Ibrohimovich — o‘lka meditsina institutining katta ilmiy xodimi, shifokor olim, Ergashev Yoqubjon Abdullaevich — Chet mamlakatlar bilan do‘stlik va madaniy aloqalar O‘zbekiston jamiyati kapitalistik mamlakatlar bo‘limining katta referenti va kamina. Delegatsiya a’zolaridan F. G‘. Teshaboev, J. A. Bobojonova, S. I. Ismoilov, yo. A. Ergashev ingliz tilini yaxshi bilishardi. Ularning til bilishlari butun safar davomida juda asqotdi.
YO‘L BOSHIDA
Safarga otlanib, yo‘l boshida turganimizda Vashingtonda KPSS Markaziy Komitetining Bosh sekretari Mixail Sergeevich Gorbachyov bilan AQSh prezidenti Ronald Reygan o‘rta va undan kamroq masofaga uchadigan raketalarni qisqartirish to‘g‘risidagi Shartnomani imzolaganliklari haqida xushxabar keldi. Ulug‘ Vatan urushining shafqatsiz jangohlarida ajal o‘qlarining «viz-vizi» o‘chgan davrdan buyon o‘tgan qirq uch yildan keyin, birinchi marta tinch zamonlar umrini uzaytiruvchi, dunyo osoyishtaligini asoslovchi tarixiy hujjat tug‘ilgan edi. U munavvar hayot, do‘stlik oftobi, ozodlik yo‘li, totuvlik ne’mati yanglig‘ ellar-elatlar, millionlar qalbiga umid chirog‘ini yoqdi. Yer sayyorasi uzra havo yorishganday bo‘ldi.
Quyosh goh chiqib, goh bulutlar ortiga yashirinadi. Havo ancha sovuq. Safarimni eshitgan do‘stlarim to‘planishgan. Menga oq yo‘l tilaydilar. Ularni kuzataman, qalbda ko‘tarinkilik ruhi mavjlanadi. Ikki hukumat rahbarlarining ezgulik sari qo‘ygan ilk qadamlari, qayta qurish, oshkoralik, yangicha fikrlash muhiti safarimiz muvaffaqiyatiga tamal toshini qo‘yganligidan ko‘ngillar to‘q. Chindan ham yo‘llarni xoru xasdan pok qilib, zehnlarni yoritib, buyuk bir muhit vujudga kelgan edi, chin yo‘l topilgan edi.
Shunday jahon to‘lqinga kelgan vaqtda AKShga borayotganimiz ichki bir quvonch, hayajon bag‘ishlardi. Gapning ochig‘i agar uch-to‘rt yil avval meni shu safarga chorlashsa bormasdim. Hozir bemalol, ikkilanmay otlandim. Ochiqchasiga, oshkora gaplashish, haqiqatni so‘zlash, fikr almashish imkoniyati yaratilgan hozir.
Jahon taqdiriga najot izlab yo‘lga chiqqan rahnamolarimiz izidan, yaxshi niyatlarni qalblarimizga payvand qilib biz ham jo‘nadik.
«XUSH KELIBSIZ!»
1988 yil 12 yanvar. Moskvadan uchgan «IL-62» samolyoti 11 soatdan keyin Vashingtondagi Dalles aeroportiga qo‘ndi. Uchqichdan chiqar ekanmiz Amerikaga xos qulaylik boshlanadi. Narvonzinalar orqali pastga-yuqoriga chiqib yurganimiz yo‘q. Eshik ochilib, katta bir zalni eslatuvchi avtobus xonasiga o‘tdik. Charm kursilar o‘rnatilgan, yo‘lkalari keng zal-mashina to‘g‘ri aerovokzalga olib borib uladi. Eshiklar avtomatik ochilib, xonadan-xonaga o‘tgandek, hujjatlarni ko‘zdan kechirib, tashqariga yo‘llaydigan xodimlar ro‘parasidan chiqdik. Dag‘al va beso‘naqay politsiya xodimlari aylanib yurardilar. Chemodan qo‘yadigan yengil, qulay aravachalar qator turibdi. Havorang kiyimli aeroport xizmatchilari o‘tirgan joyning orqasidagi zalda bo‘yniga «Frendship fors» deb yozilgan lavhani osib olgan baland bo‘yli, nuroniy bir kishi qo‘lini havoda chayqatib, kulib turardi. Biz oldinma-keyin tekshiruvdan o‘tib, unga yaqinlashar ekanmiz o‘ziga xos bir talaffuzda «Xush kelibsiz!» deb qarshilardi. Uning yonida yoshi yigirmalardan oshgan, qaddi-qomati kelishgan, oq-sariqdan kelgan yigit bor edi. U biz bilan rus tilida «Dobro pojalovat!» deb ko‘rishdi. Hammamiz to‘planib bo‘lgach, oqsoqol o‘zini tanishtirdi. U «Frendship fors» tashkiloti Vashington komitetining jamoatchi direktori, professor, yurist Vetter Chok ekan. Yonidagi yigit Xojman Eduard, rus tilini bilgani uchun tarjimonlik qilar, yarim maosh hisobiga shu tashkilotda kunbay ishlar ekan. X. Eduardning o‘n o‘rinli, bizdagi «RAF» avtomobiliga o‘xshash mashinasi bo‘lib, mehmonxonaga o‘zi haydab bordi. Vashingtonning markaziga joylashgan ko‘p qavatli «Avliyo Jeyms» degan mehmonxonagacha ellik kilometrcha yo‘lni bosib o‘tdik. Ikki qanotida archa, qarag‘ay daraxtlari bo‘y cho‘zgan, ko‘m-ko‘k o‘tloqlarni qilichday kesib o‘tgan yo‘l juda ravon, keng edi. Ora-chora fermerlarning uylari, uch-to‘rt qavatli imoratlar ham uchrab turardi. «Bular — idoralar, magazinlar», deb tushuntirdi E. Xojman.
Nihoyat, keng yo‘l mashhur Potomak daryosidan o‘tib, ikki tomonida baland bo‘lmagan binolar qad ko‘targan, kichik-kichik oshxonalari, do‘konlari bo‘lgan, turlicha kiyingan kishilar bilan gavjum tor ko‘chaga tutashdi. Mashinalar oqimi tinmas, ularning turi, rangi shu qadar ko‘pki, bir xil ikkita avtomobilni topish qiyin edi. Bu yo‘llarda tezlikning chegarasi yo‘q, xavfsizlikni asrasangiz bas. Mehmonxonada hamma qulayliklari bor xonalarga joylashdik. Xonada elektroplitka bor. Xohlagan kishi choydan tashqari, istagan taomini tayyorlashi mumkin.
Ertasiga oshxonaga kirib borar ekanmiz, sal oldinroqda hayajonli, biroz titroq ovoz eshitildi: «Assalomu alaykum, Erkin aka! Siz bo‘lsangiz kerak, xush kelibsiz! Sizni ham ko‘radigan kun bor ekan-ku, olloga shukur! Assalomu alaykum, Tursun aka! Abdurasul aka!..» Tavoze bilan toza o‘zbek tilida har birimizni bag‘riga bosib, qadrdonlardek quchoqlashib, samimiy ko‘rishib ketdi, oppoq sochlari yuzlariga nur sochib turgan, kulcha yuzli, o‘rta bo‘yli, kostyumi tik qomatiga yarashib turgan kishi.
— Kamina, Abdulla Chig‘atoyman, turkistonlik, — o‘zini tanishtirdi u.
«Amerika ovozi» radioeshittirishlari o‘zbek tili redaktsiyasining boshlig‘i Abdulla Chig‘atoy qarshimizda turardi. O‘zbekistonda radio orqali u kishining ovozini ozmuncha eshitmaganmiz.
— Siz meni qayoqdan taniysiz? Bu kishining Tursun aka ekanligini qayoqdan bildingiz? — so‘radi Erkin Vohidov.
— Erkin aka, biz Sizni yaxshi bilamiz; «Sharq yulduzi» jurnalida rasmlaringizni ko‘p ko‘rganmiz, kitoblaringizni olib turamiz. Tursun akani bo‘lsa, hozir, — deb u yon cho‘ntagidan bir qog‘oz oldi. — Mana, mana bu o‘zbek qomusidan o‘qib taniganmiz. — Uning qo‘lida O‘zbek Sovet entsiklopediyasidan fotonusxa olingan, Tursun Rashidovichning rasmi va u haqdagi axborot turardi.
Bizga to‘rdagi stolga dasturxon yozilgan edi. Har kim xohlagan joyiga, biz Abdulla Chig‘atoy bilan etakdagi stullarga yonma-yon o‘tirib, tanishishda davom etdik.
— Nyu-York shahrida yashaydigan vatandoshlarimizdan Abdul Rauf aka Maqsudiyga telefon qilgan ekan, sizlarni kelishingiz haqida. Meni ham yo‘qlashibdi. Yo‘q ekanman, yozdirib qo‘yishibdi. — U bizga lotin alifbosida yozilgan xatni ko‘rsatdi.
Ideologik jihatdan tarafma-tarafligimizni, yashab turgan davlatlarimizdagi ijtimoiy tuzum turlicha ekanligini Abdulla Chig‘atoy ham, biz ham yaxshi anglardik. Amaliy aloqalar jarayonida, umid, ishonch, takomillashib borayotgan sovet demokratiyasi, oshkoralik muhiti barqaror etayotgan Sovet va Amerika xalqlari o‘rtasidagi iliq munosabatlar dasturxoni atrofida suhbat qurdik. Abdulla Chig‘atoy o‘z hayoti, ko‘rgan-kechirganlari, ishlari, hamsoyalari haqida gap boshlagan edi, tanaffusimiz tugab, yana Vashingtonning diqqatga sazovor joylarini, yodgorliklarini ko‘rishga yo‘l oldik.
— Uzilib qolgan suhbatimizni uyda davom ettiramiz, — deb mehmonga taklif etdi Abdulla Chig‘atoy.
Biz kechqurun «Kennedi markazida» siyosiy mavzudagi qo‘shiqlar kontsertiga taklif qilingan edik. Ertasiga vaqtlik Vashington shtatiga uchib ketishimiz rejalangan edi. Shu bilan Vashingtonga qaytmasdik, Abdulla Chig‘atoyni ortiq ko‘rmasligimiz mumkin edi.
Imkoni bo‘lsa, kontsertdan keyin, mehmonxonaga kelishini, gurunglashib o‘tirishni taklif qildik. U bizni mehmonxonagacha kuzatib, so‘ng ishiga qaytdi.
— Vashington AQShning boshqa yirik shaharlariga nisbatan tinchroq, harakat kamroq shahar, ko‘rib turibsiz, — tushuntirdi mezbonimiz professor Vetter Chok, — Vashingtonda yirik sanoat korxonalari yo‘q. Ustaxonalar, magazinlar, mayda korxonalar, yodgorliklar bor. Oq, qora, sariq tanli xalq aralash yashaydi. Asosan amaldorlar, hukumat idoralari xodimlari, yirik radio hamda televidenie markazlari shahri.
Mezbon bizni mahobatli oq mezana yoniga olib bordi.
— Bu — Jorj Vashington xotirasi sharafiga tiklangan yodgorlik. Amerikaliklar uning nomini zo‘r hurmat bilan tilga oladilar, hayoti haqidagi asarlar darsliklarga ham kirgan. U yoshligidan sofdil, to‘g‘ri so‘z bo‘lgan. Maktab programmasiga kirgan yozuvchi Uimsning J. Vashingtonning bolalik yillari to‘g‘risida hikoya qiluvchi asaridan quyidagi ibratli parchani eshiting: Yosh Jorj bog‘dagi olchani kesib tashlaydi, bema’ni ishni kim qilganligidan xabar topgan otasining nihoyatda jahli chiqqanini ko‘rgan o‘g‘il, deydi: «Men yolg‘on gapirmayman, ota, bilasiz, men yolg‘on gapirmayman. Daraxtni bolta bilan men chopib tashladim» Shunda ko‘ngillarni to‘lqinlantirib, beixtiyor ko‘zga yosh chiqaradigan voqea yuz beradi. «Bu yoqqa kel, o‘g‘lim, — deb xitob qiladi hayajonini bosolmay ota, — bu yoqqa kel, qo‘lingni tashla, men xursandman. Jorj, sen meni daraxtimni quritgan bo‘lsang ham, evaziga ming karra qimmatliroq narsani hadya qilding, barakalla! O‘g‘limning qo‘rqoqlik qilmay, botirlarcha qilgan harakati kumush gulli, toza oltin mevali minglab daraxtdan qimmat turadi». Uning ro‘parasida AQShning boshqa davlat arbobi, prezidenti bo‘lgan Avraam Linkoln yodgorlik-maqbarasi. Amerikaning buyuk grajdani, deb tushuntirdi mezbonimiz. Qullarni ozod qilish tarafdori bo‘lgan. Quldorlik tarafdorlari yollagan josus bevaqt otib o‘ldirgan. Linkolnni hamonki xalq ardoqlaydi. Maqbara ulkan san’at saroyiga o‘xshatib qurilgan. Uch tomonining devorlari tashqarisidan — naqshli ustunlar bilan o‘ralgan. Vashington yodgorlik-minorasiga yuzma-yuz turgan tomoni ochiq — ayvonga o‘xshaydi. Ayvonning to‘rida balandda — ikki yoni tirgakli kursida Avraam Linkoln o‘tiripti. U xuddi olisda ko‘rinib turgan Vashington yodgorligiga qarab o‘yga cho‘mib qolgandek. Ikki tomondagi devorda, uning ibratli gaplaridan parchalar.
Ko‘chalardagi binolar peshtoqida shiorlar deyarli ko‘rinmaydi, faqat shu maqbaradan chiqib biroz yurilgach shunday lavha bor: «Amerika bilan faxrlan».
Obod xiyobonlarni oralab ketgan ko‘chadan biroz yurilsa, olcha daraxtlari saf tortgan sayrgohga chiqiladi. Uning etagida prezident Jefersonning, oq marmardan qilingan maqbarasi, yonma-yon pul ishlab chiqaradigan korxona, u yog‘ida turli idoralarning binolari, ministrliklar. Eng kattasi qishloq xo‘jaligi departamenti ekan. Bir-biriga o‘xshamaydigan o‘ziga xos imoratlar. «Mustaqillik» ko‘chasida Sharq san’ati muzeyini, hozirgi zamon san’ati muzeyini, bir necha gektar yerni egallagan, oynavandli kosmonavtika muzeyini ko‘rdik. Bu yerda Soyuz-Appolon raketasi, Oyga qo‘ngan uchqich, Oydan keltirilgan jinslar — hamma-hammasi tabiiy holda berilgan. Kosmonavtlarning haykallari ham o‘zlaridan nusxa olingan. Qushdan andoza olinib yasalgan birinchi uchqichdan, hozirgi raketalargacha bo‘lgan davr haqida hikoya qiluvchi rangli, ohanrabodek tortib turuvchi kinolenta uzluksiz aylanib turadi. Har bir yodgorlik yonida, uni tushuntiruvchi yozuvdan tashqari, uni tayyorlagan, boshqargan kishilar haqidagi hujjatli filmlar televizor ekranlarida ko‘rsatib turiladi. Muzeyda Oy haqida hikoya qiluvchi hujjatli filmdan parchalarni juda hayratlanib tomosha qildik. Tenggi yo‘q manzara, jasoratga to‘la harakat, Yer sayyoramizning Oydan turib olingan rasmini ko‘rsangiz — naqadar go‘zal, boy, ko‘zlar quvonadi, dillar faxrga to‘ladi, uning shu mahalgacha biz ko‘rgan suratlarda aks etmagan yuzi bor.
Muzeylarni tomosha qilib bo‘lgach, «Oq uy»ga bordik. Ana, pastakkina temir panjara bilan o‘ralgan daraxtzor, gullar, maysalar bilan qoplangan maydon o‘rtasida favvora, uning orqasida, rasmlardan tanish ikki ustunli oq bino ko‘zga tashlanadi. «Oq uy» yoqalab yo‘lka, o‘rtada ko‘cha, uning qanotida ham yo‘lka-da, u yog‘ida uncha ham katta bo‘lmagan, daraxtlar, maysa o‘sgan maydon.
— Ayting-chi, Charlz Xayder qaerda o‘tirgan edi?
Amerikalik olim Charlz Xayder 1987 yilda — yadro qurolini ko‘paytirishga, urushlarga qarshi uzoq vaqt ochlik e’lon qilganda shu maydonda o‘tirganini eshitgansiz. Hozir u bu yerdan ketgan bo‘lsa ham, uning o‘rni bo‘lishi kerak-ku.
— Hu, daraxt turibti-ku, o‘sha yerda! — ko‘rsatdi bir qizcha, biroz toptalib, bosilgan yerga ishora qilib.
Mana shu Lafayet-parkdagi taxta supadan 1987 yilning may oyida ketgan doktor Charlz Xayder hurmatli olim, AQSh aeronavtika va koinotni tadqiq etish milliy boshqarmasining hamda atrof-muhitni ilmiy tekshirish markazining sobiq xodimi bo‘lgan.
— Hozir nima ish qiladi?
— Kunini ko‘rib yuribdi.
U ilgari tinchlik va adolat uchun ochlik e’lon qilish, o‘zini-o‘zi qurbon qilish yo‘li bilan kurashgan bo‘lsa, endilikda faol harakat yo‘li bilan kurashayotgan ekan. Olim ikki buyuk mamlakat o‘rtasida tuzilgan shartnomalarni qo‘llab-quvvatlab, uning ijobiy, tarixiy qadamligini keng tushuntirish ishida qatnashayotganini aytishdi.
— Yodingizda bo‘lsa, janob Gorbachyov «Oq uy»dagi nutqida, biz azim tinchlik daraxti bo‘lib o‘sa oladigan mana shu niholni ekayotganimizdan faxrlansak arziydi, degan edi. Ana shu niholni faqat siz — sovet kishilari emas, biz ham parvarishlashimiz kerak, olovlardan, bo‘ronlardan asrashimiz kerak. Ko‘rayapsizmi, imzolarni, tinchliksevarlar safi tobora kengayib bormoqda.
Vashington ko‘chalarida baland simyog‘ochlar ko‘rinmaydi, bo‘yi uch-to‘rt metr keladigan bejamli ustunlar uchidagi oq qandillar bilan yoritilar ekan. Shaharning o‘ng tomon tegrasiga yo‘l olamiz. Potomak daryosining ko‘prigidan ko‘rinib turgan tepalikda mangu olov alangasi shu’lalanadi. «Milliy qabriston» deb tushuntirdi mezbonimiz, o‘sha tomonni ko‘rsatib. Juda katta maydon mangu uyquga ketganlar makoni. Aka-uka Kennedilar ham o‘sha yerga qo‘yilgan.
Kechqurun «Kennedi markazi»da Siyosiy satira, ashula va raqs guruhining kontsertini ko‘rdik. Mo‘‘jazgina sahna. U yerda ham elektronika mavjud. Qo‘shiq mazmuniga qarab, sahna orqasini rangli yirik fotoparda qoplaydi. Gruppa ikki negr, bir oq tanli ayol, bir negr, uch oq tanli erkak artistdan iborat. Qo‘shiq, qisqa-qisqa intermediya ijrosi bilan betanaffus ulanib ketaveradi. Ular orasida prezident R. Reyganning ba’zi tomonlari ustidan zaharxanda ham bo‘ldi.
Kontsertdan chiqib o‘sha yerdagi fotosuratlarni tomosha qilib, ba’zi amerikaliklar bilan suhbat qurdik. Ikki buyuk mamlakat rahbarlarining uchrashuvi, uning samarasi munosabatlarimizga qanchalik ishonch baxsh etgani sezilib turardi.
Yaxshining sharofati deganlaridek, mezbonlarimizda ko‘tarinki bir ruh, xalqimizning shonu shuhratini orttirgan buyuk tarixiy qadam ta’siridan mamnuniyat his etdik. Yurtimizda-ku bunga amin bo‘lgandim, Amerikada ham kishilar qandaydir ko‘z ilg‘amas qalb, aql-idrok rishtasi bilan dunyo taqdiriga, jamiyat hayotiga, mamlakat qismatiga payvand umr kechirayotganliklarini darrov payqadik.
Yadro qurolining ikki turkumi raketalarini tugatish to‘g‘risidagi Sovet-Amerika Shartnomasini imzolashga bag‘ishlangan tantanali marosim boshlanganligidan darak bergan fanfaralarning da’vatkor ovozlari, do‘mbira sadolari qulog‘imiz tagidan ketgani yo‘q hali, deyishdi.
Kontsertdan keyin kechki ovqatga restoranga taklif etishdi. Bu yerda «Frendship fors» tashkilotining faollaridan ikki-uch kishi suhbatga kelishibdi. Ular bilan u yoqdan-bu yoqdan gaplashib o‘tirib, maoshlarini so‘radik. Barbara ismli ayol, rus tilida javob berdi;
— Avvalo, o‘zlarini hurmat qiladigan amerikaliklar haqiqatni gapiradilar. Hamma narsani ochiq, halol, xolis aytadilar. Men Sizga o‘zimni tanishtirsam, tarjimonlik qilaman. O‘rtacha oyligim ming dollar. Lekin doim pulsizman. Sababi, 300—350 dollar kvartira haqiga ketadi. Universitetda o‘qiganimda, o‘qish pulini vaqtida topib, hisob-kitob qilolmaganman, o‘qish haqini uzishim kerakmi? Unga to‘layman. Sug‘urta bor. Xullas, qo‘limda bitta ko‘ylakka yetar-etmas mablag‘ qoladi.
— Oilangiz bormi?
— Yo‘q. Bizda keyingi vaqtda oila qurishga uncha intilish ham yo‘q. Tashvishli ishday ko‘rinadi. Lekin meni o‘zim oila tarafdoriman...
Mehmonxonaga piyoda qaytdik. Ko‘chalar charog‘on. Chorrahalarda, tuni bilan savdo qiladigan kichik-kichik oziq-ovqat, meva, turli sharbat, sigareta... do‘konlari. Tagidan issiq suvmi, bug‘mi o‘tgan, quruq yo‘lkalar ustida, qalin kiyim, odeallarga o‘ralib olgan uysizlar, o‘z ishi bilan qaergadir shoshib borayotgan bashang kiyingan kishilar...
Mehmonxonaga kirib, endi televizorni burab, dam olishga otlangan edim, Abdulla Chig‘atoy rafiqasi Gulsara xonim bilan kelib qoldi. Erkin Vohidov joylashgan xonada suhbat qurdik.
«Amerika ovozi» radiosi haqida bilganlarimni esladim. «Amerika ovozi» Sovet Ittifoqiga sakkiz tilda o‘ttiz soatdan ko‘proq eshittirish beradi. Keyingi vaqtda ular ham bizning mamlakatimizdagi qayta qurishni tan olishga majbur bo‘lmoqdalar. Amerika Qo‘shma shtatlari hukumatining hayotini, qarashini, maqsadini aks ettiruvchi eshittirishlarida Sovet Ittifoqi haqiqiy va asl demokratiyaga qarshi bir mamlakat, deb takrorlashlar barham topmoqda. Qayta qurish, yangilanish shunday qilishga majbur etmoqda.
Ular bir katta laganda somsa, termosda achchiq choy damlab olib kelishibdi. Biz ham O‘zbekistondan olib borgan mag‘izlarni, patir nonlarni dasturxonga qo‘ydik.
— Qismat ekan, — deb gap boshladi Abdulla aka, — mana shu yerlarda kun o‘tkazayapmiz. Bir o‘g‘il, ikki qizimiz bor. O‘g‘limiz yigirma ikki yoshda. Turkiyada, qaynonamiz yonida, dorilfununda o‘qiydi. U yerda o‘qish haqi Amerikadagidan arzonroq. Katta qizimiz kollejda, kichigi maktabda tahsil ko‘rmoqda, o‘n uch yoshda. Ismini — O‘znur qo‘yganmiz. Ma’nisi — O‘zbekiston nuri. Yurtimizni nomini unutmaslik niyatida, men ham tug‘ilgan joyim Toshkentdagi Chig‘atoy mahallasini o‘z ismimga qo‘shib olganman, Abdulla Chig‘atoy deb. Amakimning o‘g‘lini Zohid Chig‘atoy deymiz.
— Vashingtonda o‘zbeklar ko‘pmi?
— O‘ttiz xonadoncha, taxminan 150 kishimiz. Tez-tez uchrashib turamiz, erkaklar alohida, xotin-qizlar alohida gap yeyishadi.
Biz bir-birini uzoq yillar yo‘qotib, bugun topishib olgan og‘a-inilar, sog‘ingan qardoshlarday samimiy gaplashardik.
— O‘qish bu yerda besh kun, shanba kunlari bolalarni maschitga ham o‘zbek tilini, ham diniy odat, marosimlarni o‘rgatgani olib boramiz. Inshollo, urf-odatlarimizni ham, tilimizni ham unutgan emasmiz.
— O‘sha siz tug‘ilgan, yozda chang, qishda loy Chig‘atoy ko‘chalari juda o‘zgarib ketgan.
— Rostdan-a? Qalay, tilimiz juda ham g‘aliz emasmi?
— Yo‘q, yaxshi saqlagansizlar. Umuman turkiy til dunyo tillari ichida nihoyatda o‘ziga xos til. Uning keyingi ming yillik tarixiga nazar solsak, boshqa tillarga nisbatan, juda kam o‘zgargan. Buyuk alloma Mahmud Koshg‘ariyning «Devonu lug‘ot-it turk» asarini hozir ham tushunamiz-da.
— Ha o‘zbek tili eng go‘zal, eng boy tillardan. Tilimizni turkiyda so‘zlaguvchi yuz millionli xalq bemalol tushunadi, inshollo. — Abdulla Chig‘atoy biroz o‘ylanib turib qo‘shib qo‘ydi —
Baribir talaffuz, ba’zi so‘zlarni o‘rniga qo‘yib ishlatish borasida, qiyin bo‘lib borayapti. Lotincha yoki arabcha harflarda bitilgan o‘zbek tili alifbosi zarurga o‘xshaydi.
Hozirgi qayta qurish, o‘zgarishlar omil bo‘lib, tilchi olimlarni taklif etish yoki tajriba uchun O‘zbekistonga borish, hamkorlikda alifbo singari zarur darsliklarni chiqarish muammolari yechilishiga umid bog‘landi.
Gulsara xonim O‘zbekistonda yashayotgan xotin-qizlar hayoti, ishlari, bolalarning tarbiyasi, bilim olishi bilan qiziqdi. O‘zining Turkiyada tug‘ilgani, Abdulla Chig‘atoyga turmushga chiqqach, er qaerda bo‘lsa, xotin ham shu yerda, deb bu yoqlarga kelib qolgani, oziq-ovqatdan bo‘lak hamma buyumlar bilan savdo qiluvchi magazinda, sotuvchiga yordamchi bo‘lib ishlashi, ko‘proq bolalar tarbiyasi bilan shug‘ullanishi haqida gapirib berdi.
Xayrlashar ekanmiz, Abdulla Chig‘atoy, uch yoshida ota-onasi bilan tark etgan yurtini hademay ko‘rish nasib etishini, Sovet Ittifoqining qator respublika va oblastlarida, shu jumladan Toshkentda «AQSh hayotida informatika» ko‘rgazmasi ochilishini, shunda izohlovchi sifatida borishini ma’lum qildi. Biz, non-tuzni qaytarishga tayyor turishimizni, intizor kutishimizni aytib qo‘l olishdik.
AMERIKALIKLAR XONADONIDA
— O‘zingiz bu yerda bo‘lsangiz ham, fikru-yodingiz O‘zbekistonda, aniq, — deb gap boshladi Vetter Chok, nonushta vaqtidagi suhbatimizda. — Hademay ko‘rasiz. Bu yer — o‘zgacha mamlakat, odamlari ham boshqacha.
Bu mamlakatda ko‘proq savol bergan yaxshi. Ko‘proq narsani bilib olasiz. Gapning ochig‘i, ko‘pchilik amerikaliklar sizlarning yurtlaringiz haqidagi hikoyalaringizga muntazir. O‘zbekiston, uning Samarqand, Buxoro, Toshkent kabi shaharlari haqida hamma ham durust ma’lumotga ega emas. Sizlar Amerika haqida ko‘proq bilasizlar, sizlarda o‘qitishadi. AQSh tarixi sizlarga nisbatan juda uzoq ham, boy ham emas. Biz o‘tmishdan aloqani uzib, yangi hayot boshlagan, asosan ko‘chib kelgan xalqmiz. Ko‘proq bugungi va ertangi kun haqida o‘ylaymiz. AQShda yashovchi kishidan millatini so‘rasangiz «amerikalikman» deydi, Radio, televidenie ham shu kun haqida gapiradi. Xonadonlarda yashab, mezbonlaringiz bilan tanishganingizda buni o‘zingiz ham sezasiz. Endi sizga oq yo‘l, safaringiz bexatar bo‘lsin! Men sizlar bilan xayrlashaman, Xojman Eduard safaringiz so‘ngida Nyu-Yorkda kutib olib, uyingizga jo‘natib qo‘yadi, dosvidanie!
Atlantik okeani sohillaridan boshlangan safarimiz Tinch okeani qirg‘oqlarigacha davom etishini, Nyu-York, Portlend, Vankuver, Olimpiya, Sietl, Memfis kabi shaharlarda bo‘lishimiz rejalanganini, turli kasb va yoshdagi amerikaliklar xonadonida istiqomat qilishimiz mo‘ljallanganini bilib oldik. Ja’mi salkam 40 ming kilometr yo‘l bosishimiz kerak edi.
Qaysi shaharga bormaylik, bizni aeroportda «Frendship fors» faollari tabrik so‘zlari yozilgan shiorlar, ism-shariflarimiz yirik harflar bilan bitilgan qog‘oz, taxta lavhalar, guldastalar bilan samimiy kutib olishardi. Bilardikki, ismimizni yozib, yodlab, tinmay takrorlab turgan amerikaliklarning uyi qarorgohimiz bo‘ladi. Toki shu shaharda ekanmiz o‘sha oilaning bir a’zosi bo‘lib kun o‘tkazamiz. Goh rahbarimiz ko‘magida, goh o‘zimiz, lavhada nomi yozilgan mehmon ekanligimizni bildiramiz. Bir zumda aeroport mezbon va mehmonlarning shodu xurram ovozlari, kulgilari bilan to‘lib, davraga fayz kiradi. Keksalar mehribon ota-onadek, yoshlar sog‘ingan farzanddek, tengqurlar oqibatli do‘stdek mehmonlarni tezroq uylariga olib ketishga oshiqadilar. Tashqariga chiqamiz. Hammalarida mashina. Keksa-yosh, ayol-erkak birday uni boshqarishga qodir. Telefonlarimiz yozilgan, qaerda, qachon uchrashishimiz, qaerga borishimiz tayin qilingan qog‘ozlarni olib uy-uyimizga yo‘l olamiz.
Olimpiya shahrida Saidg‘anixo‘ja Ismoilov bilan birga Liza Jonson hamda Tim Kelli xonadonida mehmoni bo‘ldik. Uy sohiblari er-xotin shifokor ekanlar. Xotini universitetning meditsina fakultetini tamomlagan, bolalar vrachi, eri o‘rta ma’lumotli mutaxassis vazifasida. Uy-joylari shahar tashqarisidagi moviy ko‘l sohilida ekan. Bir qavatli, olti xonali imorat. Eshikdan kirishingiz bilan eni olti metr, bo‘yi yigirma metrcha keladigan usti berk sahnga ko‘zingiz tushadi, shunday kiraverishda o‘ng tomonda, oldi baland peshtaxta bilan to‘silgan oshxona, keyin ikki tomonda ixcham uylar — biri yotoqxona, yana boshqasi dars qiladigan, ishlaydigan joy, yuz-qo‘l yuvadigan xona ikkitadan. Hamma xona nimaga mo‘ljallangan bo‘lsa, o‘shanga xos zarur ashyolar bilan mukammal jihozlangan. Uy sahnini etagidan bir qismi mehmonxona qilib ajratib qo‘yilgan. O‘ng tomondagi yotoqxonalarning usti, oldi ochiq bolxona. Bolxonada videomagnitafon, rangli televizor. Uchta yotoqxona birday shinam jihozlangan. Xonadonda har birimiz o‘zimizni tanishtiramiz-da, keyin qiziqtirgan savollarga javob olamiz. Sovet turmush tarzi, urf-odatlarimiz haqida gapirib beramiz. Urf-odatlar haqida so‘zlashganimizda, gap haqida aytgan edik, bizda ham shunga o‘xshash ayollar ziyofati bor, deb quyidagilarni hikoya qilib berishdi.
— Sir emas, beozorgina qilib aytganda «Xotinlarni gapi sira ham ado bo‘lmaydi», deb ayblab qo‘yish bormi — bor. Ha, biz — ayollar ichimizdagini to‘kib solmasak bo‘lmaydi. Mavridimi, yo‘qmi baribir gapiramiz, shunisi chatoq. Yer kurrasida nimaiki yuz bersa, baribir yurakdan o‘tadimi—o‘tadi. Yurakka tekkan voqeani gaplashsa nima bo‘libdi.
Kunlardan bir kunga dugonalarni, ayol qarindosh-urug‘larni uyga chaqiramiz. Yaxshilab dasturxon tuzatiladi. Tansiq meva, shirinliklar qo‘yiladi.
Mehmonga kelganlar navbatma-navbat o‘zlari, farzandlari to‘g‘risida, yangiliklar, oilalari haqida gapirib berishadi. Keyin ashula, o‘yin-kulgi qilib, allamahalda tarqalishadi.
Mezbonlarimiz bizga o‘z hayotlarini hikoya qiladilar. Hamisha tinchlik, osoyishta yashash, hamkorlik qilishga intilish borasida mushtarak niyatda ekanimiz yuzaga chiqadi. «Perestroyka» — xorosho, deydi Liza rus tilida. Uy egalari shifokorlar bo‘lishgani uchun meditsina xizmati ko‘rsatish mavzuida suhbatlashamiz.
— Mamlakatimizda ikki kasb egasi doim e’tiborda, — deydi Liza Jonson. — Biri advokat bo‘lsa, ikkinchisi — shifokor. Bizda hammasi pulli. Shifoxonada yotish ham, jarrohning xizmati ham, dori-darmon ham.
— Qimmatli?
— Amerikada uch turi bor — shaxsiy, pulli va meditsina sug‘urtasi sistemasi bo‘yicha to‘lanadigan shifoxonalar. Appenditsit — ko‘r ichakni operatsiya qilishga 2000 dollar, yotganingiz uchun kuniga 300—600 dollar to‘laysiz. Elektrokardiogramma 200 dollar, tishingizni plomba qildirsangiz 30—50 dollar, qonni analiz qilishga 40—60 dollar, xullas hammasining belgilangan narxi bor.
Hamrohim Saidg‘anixo‘ja Sovet Ittifoqida meditsina xizmati qanday yo‘lga qo‘yilganini aytib beradi.
Mehmondorchiliklari durust. Borlarini ayamay o‘rtaga qo‘yadilar. Qo‘shimcha biron narsani ko‘nglingiz tusasa aytasiz, darrov muhayyo qiladilar. Lekin ustma-ust ovqat tayyorlab, isrofgarchilikka yo‘l qo‘yishmaydi. Nonushtaga quymoq qilib berishmoqchi bo‘lishsa, nechta tuxumdan qilish lozimligini so‘rashadi. Deyarlik non yemaydilar. Buzoq go‘shti, ko‘kat, ho‘l meva, har xil sharbatni ko‘p iste’mol qilishadi.
Turar joylardagi shart-sharoitlar qishloqda ham, shaharda ham bir xil. Issiq-sovuq suv deysizmi, boshqa qulayliklar deysizmi, bari muhayyo. Faqat qishloqlarda osmono‘par binolar yo‘q. Asosan bir yoki ikki qavatli uy-joylar. Ammo bu imkoniyat, bu yashash sharoiti faqat ish topgan, ishini o‘rinlatib bajaradigan amerikaliklarga nasib etadi...
Liza Jonsonning belidagi kamarda hamisha kichkina bir elektr apparat osig‘lik turardi. Bir kuni butun delegatsiyamiz, «Kuch-qudratimiz — do‘stlikda» tashkilotining faollari kechki ovqat-ziyofatga ularnikiga to‘plandik. Liza Jonson xizmatda bo‘ldi. Shunda birdan haligi belidagi elektroapparat «did-did»lab qoldi.
Liza Jonson mehmonlarga ham qaramay, shifoxonadagi navbatchiga telefon qildi. U tez yetib kelish lozimligini aytdi. Mezbon mehmonlardan uzr so‘rab, mashinasiga o‘tirib jo‘nadi. Allamahalda qaytib keldi. Aytishicha, bir bola nimanidir yutib yuborgan ekan, shuni chiqarib olib, davolab kelibdi. Bormasa bo‘lmasligini, hech qanday uzr, vaj qabul qilinmasligini aytdi.
Amerikada kishilar ishidan ayrilib qolmaslikka harakat qilishar ekanlar. Amerikalik ayol Keri — ko‘zi yoriydigan kunigacha ishlab, uch egizagini chuqurligi 320 metr keladigan ko‘mir konida tuqqan. Amerikalik publitsist U. Mendelning yozishicha, AQShda homilador xotinning qachon ishni to‘xtatib, qachon ishga chiqishini 40 protsentga yaqin xo‘jayin o‘zi belgilar ekan. Mutaxassislar orasida xotin-qizlar kam, vrachlar orasida 7 protsent xolos.
Amerikaliklar mehmonga borganlarida odatda ko‘p ovqat yeyishmas, ko‘p ichishmas ekan. Qurblari yetsa ham stolda ortiqcha narsa ko‘rinmaydi. Mehmonga boradigan odam biron-bir ovqat yoki shirinlikni tayyorlab, sovimaydigan qilib (u yerda shunga mos termos-idishlar ko‘p), ko‘tarib kelar ekan.
— Men suyuq ovqat bilan, yaxshi somsa qilib keldim, hali yeb ko‘rasan! —dedi bir mehmon oshxonadan chiqib kelarkan, dugonasiga.
Hamma olib kelgan taomini oshxonadagi stolga ko‘rimli, olib yeyish qulay bo‘lgan joyga qo‘yadi. Idish-tovoq, o‘zi istagan biron taom uy bekasidan. So‘ngra choy, kofe bilan siylar ekan. Mezbonga ko‘pam og‘irlik tushmaydi. Olib kelingan taom yeyilgancha yeyiladi-da, qolganini egasi ustini yopib, qaytarib olib ketadi. Qo‘shib, tugib berish, almashtirish yo‘q. Tejamli, hech narsa isrof bo‘lmaydi. Yig‘ishtir-yig‘ishtir ham yo‘q. Idish-tovoq, qoshiq-pichoq yuvilsa bas. Ularning ko‘pi yengil yelimdan tayyorlangan, bir marta ishlatilib tashlab yuborasiz. Ovqatning rang-barangligini aytmaysizmi — rus-ruscha, yapon-yaponcha, qo‘yingki, turli millatga mansub mehmonlar o‘z xalqlarining eng yaxshi taomlaridan birini tayyorlab kelishar ekan.
— Rus dugonamizga ko‘pincha borshch buyuramiz, — deydi kulib mezbonimiz. — Yaxshi ko‘ramiz. Oziq-ovqat magazinida masalliq yetarli.
Mehmondorchilik, suhbat, o‘yin-kulgi, tongotar davom etardi-ku, ertasiga ertalab, vaqtli Sietl shahriga borishimizni o‘ylab, barvaqtroq tarqaldik.
SIETLDAGI «TOSHKENT» KAFESI
Toshkent shahrimiz Amerikaning Sietl shahri bilan birodarlashgani, do‘stlik aloqalari mustahkamlanib borayotgani haqida ko‘p eshitgan, matbuotda o‘qigan edik. Poytaxtimizning Shota Rustaveli ko‘chasida, ayni vaqtda Sietl shahrida «Tinchlik bog‘i» barpo etilayotgani, amaliy tadbirlarning biri sifatida, ko‘ngillarni xushnud etdi. Hamshaharlarimiz qatori sietllik ko‘ngillilar hamkorlikda bunyod etgan bu bog‘ hozir Toshkentning eng gavjum, fayzli saylgohlaridan biriga aylangan.
Shunday quvonchli tadbirlar qatorida Sietlda «Tanavor» ansambli tashkil etilganligi, unga amerikalik Lourens Grey xonim rahbarlik qilayotganini eshitgandik. Uning Toshkentda bo‘lib, o‘zbek raqs san’atini o‘rganganini bilardik. Sietlga qadam qo‘yar ekanmiz, O‘zbekison Respublikasining izlarini ko‘rishga imonim komil bo‘lsa ham, Toshkentdan minglab kilometr olisdagi Amerika shahrida o‘zbek ovozini eshitaman, deb o‘ylamagan ekanman.
Sietlga boradigan kunimiz uy begi ham, bekasi ham ish bilan band ekanlar. Ikkalasida ham alohida-alohida mashina. Lekin er-xotin — ikkovlari ham ishga borishlari kerak. Ishlaridan qolishning iloji yo‘q ekan. Lekin biz bunday noqulay holatni, to ikkinchi bir odamning mashinasiga o‘tirmagunimizcha bilmadik. Sezdirmadilar, ko‘nglimizni zarracha bo‘lsa ham cho‘ktirmaslik uchun hamma ozorliklarni o‘zlariga olib, ishni pishirdilar. «Frendship fors»ning o‘sha kuni bo‘sh vaqti bor, lekin uyiga taklif qilishga mehmon yetmagan yana bir a’zosini topishibdi. Ular bizni Sietlga bajonidil olib borib, sayr-sayohat qildirib kelishga rozi bo‘lishibdi. Faqat bir shart qo‘yishibdi. Shart ham ko‘ngilli, mehr-oqibat, mehmondo‘stlik alomati.
— Bu gal bizga mehmon tegmadi, biz mezbon bo‘lolmadik. Endi siz mehmonlaringizni biznikiga olib kelasiz, bilasiz, joylarimiz ko‘rsa-ko‘rgudek, bir piyola kofe ichadilar, keyin Sietlga olib ketaveramiz.
Chindan ham, hovli-joylari odamni bahri-dili ochiladigan o‘rmon bag‘rida, moviy ko‘l yoqasida ekan.
— Assalomu alaykum! — deb tabassum bilan kutib oldi bo‘sag‘ada o‘rta yoshlardagi, baland bo‘yli, ko‘hli kishi.
— Vaalaykum assalom!
Mezbonga ergashib uy ichkarisiga kirdik. Erta bilan ko‘kka ko‘tarilayotgan quyoshning ko‘l yoqasidagi archa uchlarida bir zum ilinib turishi, shu’lasining suvlar mavjida oltin sochib jimirlashi, uy peshayvonidan ertaklardagidek mo‘‘jizakor, usta rassomlar tasviridagi ohanrabo manzara yanglig‘ zavq-shavq, jonli tabiat go‘zalligiga singib, behudud huzur og‘ushida miriqib nafas olamiz. Mezbonimiz bizni tabiatning shu on nash’asidan, tanga rohat baxsh etuvchi shabadasidan bahramand bo‘lishsin, deb chorlagan ekan. Shu go‘zallik damlarini rasmga olib, manguga muhrlab berdi-da, eru-xotin bizni kuzatib yo‘lga chiqdilar. Bir gapirib, ikki kuladigan mezbonimiz, o‘rmon oralab ketgan yo‘ldan katta asfalt yotqizilgan ko‘chaga chiqib olgach, joylashib o‘tirib oldi-da, gap boshladi:
— Biz—tabiat farzandimiz, tabiat—bizning farzandimiz, — dedi kulib u. — Erkalaymiz, e’zozlaymiz! Men kech uylanganman, farzand bo‘lmadi. O‘sha o‘zingiz ko‘rgan ikki qavatli uyda ikkalamiz yashaymiz. Olimpiya shahrida sog‘liqni saqlash sohasida ishlayman. Ism-familiyam Dean Keyti, xonimniki — Aylen Keyti.
Biz ham o‘zimizni tanishtirdik. Saidg‘anixo‘janing ingliz tilida yaxshi gaplasha olishi ularga juda yoqib qoldi.
Sietlda «Toshkent» kafesiga borishimiz kerak edi. Hademay manzilimizga yetib bordik. Kafe o‘zbekchasiga did bilan bezatilibdi, xuddi kelin uyidagidek his etasiz o‘zingizni. Ro‘parada sotuvchi turadigan peshtaxta orqasidagi jovonlardagi qizil, havorang paxta gulli piyola, choynak, kosa, laganlar terilib, atlas pardalar tutilgan. Devorlarda esa dorpech, kirpech, do‘ppi, ro‘mol, atlaslar osilib turibdi. Sotuvchi yigitni boshida Marg‘ilon do‘ppisi, qo‘li ko‘ksida. Zalda oq sariq, to‘ladan kelgan ayol bizni mamnunlik bilan kutib oldi:
— Lyuda Venchenko, xush kelibsiz! Asli ukrainalikman...
O‘zbekchasiga jihozlangan mo‘‘jaz zal, o‘zbekcha gapdan ko‘ngil suv ichib, amerikalik yo‘ldoshlarimiz bilan yonma-yon devor tomonga uzinasiga qo‘yilgan stol-stullarga o‘tirdik. Birin-ketin tortilgan taomlarni ko‘rib, ko‘zlarimiz chaqnab ketdi. Avvalo o‘sha yerning o‘zida yopilgan sedanali kulcha nonlar, choy tortildi. Keyin palov, manti, somsa berishdi.
Birinchi sahifasida turli taomlarimizni tayyorlayotgan, dasturxonga tortayotgan, milliy kiyimlardagi erkak-ayol o‘zbeklar tasvirlangan, yirik harflar bilan «Toshkent» kafesi» deb yozilgan lavhani berishdi-da, yana nima taomni xohlasangiz buyurishingiz mumkin, deyishdi. Lavhada o‘zbek taomlarining nomlari, Toshkent to‘g‘risida qisqa-qisqa axborotlar berilgan edi.
— Amerikada o‘zbekcha oshxona, o‘zbek taomlari, o‘zbek kafesi qaerdan paydo bo‘lib qoldi?
Dilimizdan o‘tgan bu savolni mezbonlar sezishdi shekilli, bir mahal o‘rta bo‘yli, orasta kiyingan ayol o‘rnidan turib davradagi mehmonlarga murojaat qildi:
— Aziz mehmonlar, hozir sizlarni Sietl shahri merining rafiqasi, Toshkent-Sietl birodarlashgan shaharlar komitetining prezidenti Rozani Royer muborakbod etmoqchilar.
— Bundan 15 yil muqaddam boshlangan Toshkent bilan Sietl aloqalari Amerikadagi tinchlikka va do‘stlikka intilayotgan boshqa shaharlar uchun namunadir, — dedi R. Reyer. — Sietl shahar jamoatchiligi, diniy boshqarmasi, ijodiy soyuzlarning naomyandalari, maktab o‘quvchilari, studentlar, bolalar, artistlar Toshkent shahri orqali O‘zbekiston mehnatkashlari bilan bo‘layotgan muloqotdan mamnun. Mashhur o‘zbek raqqosasi Malika Ahmedova, taniqli xonanda Sherali Jo‘raev bu yerga tashrif buyurib, o‘rgatgan kuy-qo‘shiqlari, raqslari amerikalik talantlar ijrosida hamon yangrab turibdi, xalq uni sevib qabul qilayapti.
Ayniqsa o‘zbek pazandasi Sattor Yo‘ldoshevning hozir o‘tirganimiz kafeda ma’lum muddat ishlab, milliy taomlar tayyorlagani, «Toshkent» kafesining shuhratini oshirib yubordi. Bu kun biz uni «Toshkent» restorani» deymiz. Negaki, Sattor Yo‘ldoshev tayyorlab ketgan shogirdlar, u hadya etgan xushbo‘y, xushta’m ziravorlar hamon xo‘randalarni chorlab turibdi. O‘zbek taomlarini amerikaliklar zo‘r ishtaha bilan tamaddi qiladilar. Bugun o‘zingiz ham totib ko‘rasiz — shogirdlar ustozdan qolishmaydi.
Men, Sietl shahri meri Charlz Royer nomidan, bizni yo‘qlab kelganingiz uchun takror minnatdorchilik bildiraman. Toshkentga borganda shahar ijroiya komitetining raisi Shukrullo Rahmatovich Mirsaidovga salom aytinglar. U kishi boshliq jamoatchilik vakillarining Sietlda bo‘lib, ikki shahar xalqi o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga qo‘shgan hissalari yodimizdan chiqmaydi, hozir uni yanada rivojlantirmoqdamiz.
Delegatsiya boshlig‘i Ismoil Hakimovich Jo‘rabekov tabrik so‘zi bilan murojaat qildi. Amerika xalqiga, Sietl aholisiga mehmondo‘stlik uchun minnatdorchilik bildirdi, osoyishtalik, eson-omonlik tilab, yodgorlik sovg‘alarini topshirdi.
Keyin bir ko‘hlik xonim sof o‘zbek tilida so‘zlab, bizni Vashington universitetiga taklif etdi. Rozi bo‘ldik. U yerda bizni sharqona kiyingan yigit va qizlar kutib olishdi. Bilsak, universitetda o‘zbek tili va tarixini o‘rganadigan gruppa bo‘lib, bizni taklif etgan ayol ularning rahbari Liza xonim ekan. Atlas ko‘ylak kiygan, oltin rang sochlarini ikkita qilib o‘rib, gulli do‘ppi kiyib olgan amerikalik qizlar, to‘n kiygan yigitlar bizni o‘zbekchasiga salom berib, sharqona tartib-qoida bilan kutib olishib, katta binoning ichkarisiga boshlashdi. Bu yerda Liza xonim, universitetning boshqa hurmatli olimlari, turk-fors tillari bo‘yicha mutaxassislar bor edi. Kichik xonaga o‘zbekcha dasturxon tuzashibdi. O‘zbek tilidagi davra suhbatimizni Liza xonim Erkin Vohidovning she’rlaridan birini o‘qishdan boshladi. Keyin shu she’rning inglizcha tarjimasini o‘qidi. Birdan magnitafonda sho‘x o‘zbek kuylari yangrab ketdi. Davraga tillaqosh kiygan, harir liboslari hilpiragan ikki o‘zbek qizi, salona-salona yurib kirib kelishdi-yu, o‘yinga tushib ketishdi. Tovusdek tovlanib o‘ynayotgan parivashlarning biri-ku tanish, delegatsiyamiz a’zosi Dilafro‘z Jabborova, ikkinchisi-chi? U shu yerdagi «Tanavor» ansamblining raqqosasi ekan. O‘zbekcha o‘yinlar ustasi bo‘lgan bu yapon qizni «Bahor» qizlaridan ajratib bo‘lmaydi. Harakatlari, ishvalari biram jozibali!
— Hozirgi vaqtda Amerika Qo‘shma Shtatlarida «grajdan diplomatiyasi», «xalq diplomatiyasi» degan terminlar paydo bo‘ldi. Endilikda bu gap — faqat siyosatchilargina emas, shu bilan birga oddiy amerikaliklar ham mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar rivojlantirilishi uchun nimadir qilishlari kerakligini bildiradi, — dedi bir mezbon. Ikkinchisi uning fikriga qo‘shimcha qildi:
— Ba’zan amerikalikka Turkiston tarixini, o‘zbek tilini o‘rganishning nima keragi bor? — degan savol tug‘ilib qoladi.
— Avvalam bor, Rossiyani, O‘rta Osiyoni yaxshi bilmagan amerikalik, Sovet Ittifoqi faqat rus mamlakati, deb biladi. Aslida, Sovet Ittifoqi ko‘p millatli davlat bo‘lib, u yerda yuzdan ortiq millat va elat vakillari yashaydi. Endilikda buni ko‘pchilik bilmoqda. Ularning madaniyati, tarixini bilmay turib, hozirgi sovet xalqini tushunish mumkin emas. Biz dunyo xalqlarini ko‘proq bilishni istaymiz. Buning uchun avvalo uning tarixini, tilini bilish kerak. Hozir faqat bizda emas, boshqa shaharlarimizdagi universitetlarda ham o‘zbek tili, tarixiga qiziqish katta.
— Men Toshkentda bo‘lganman, — deb faxr bilan gapni davom ettirib ketdi, boyadan beri, odob bilan, do‘stining gapini tugatishini kutib turgan amerikalik, — xalqining ochiq ko‘ngilligi, milliy qadr-qimmat tuyg‘usi yuqoriligi menda juda katta taassurot qoldirgan.
Bundan yetmish yil ilgari Sietl shahri dengiz portiga Sovet Rossiyasidan birinchi marta «Shilka» kemasi kelganligini, uning ekipaji xursand bo‘lib qaytganligini bilamiz. O‘sha kunlarda «Shilka» kemasi boshqaruvchilari orqali Sietlning jafokash yuk ortuvchilari V. I. Leninga xat yo‘lladilar. Unga javoban V. I. Lenin o‘zining «Amerika ishchilariga xatlar» asarini yozgan.
Sietlning ko‘rkam tabiatini, yodgorliklarini tomosha qildik. Men yirik televidenie markazini borib ko‘rdim. Sietl televidenie xodimlari Sovet Ittifoqi va AQSh shaharlari o‘rtasidagi teleko‘priklar olib borilgan studiyani faxr bilan ko‘rsatdilar.
Kechqurun dengizning so‘lim sohillari, daraxtlar bilan qoplangan tepalik yon bag‘irlari bo‘ylab yana Olimpiyaga, yashab turgan uylarimizga qaytdik.
HINDULAR HUZURIDA
Amerikalik mezbonlarimizning ziyrakligiga, mehmonning ko‘nglini olish uchun astoydil otlanishganiga Olimpiya shahrida yana bir bor tan berdim.
Vashingtonda mezbonimiz kim yana nima bilan qiziqsa, hech tortinmay aytsin, iloji boricha bajo keltiramiz, deganda hamma qatori men ham muallif huquqlari bilan shug‘ullanuvchi mutaxassis suhbatini olsam, ommaviy axborot vositalarini manzillarini, tub amerikaliklar — hindularni ko‘rsam, tanishsam, degan niyatni aytgan edim. Olimpiyaga kelganimizda Amerika hindulari haqida axborot berib, ular yashaydigan joy yaqin ekanligini aytishdi.
AQShda 26 ta shtatda hindular rezervatsiyasi bor ekan. Agar ilgari Amerikada 20 million hindu yashagan bo‘lsa, hozir 1,4 million qolibdi. Shundan to‘rtdan uch qismidan ko‘prog‘i ochlik va qashshoqlikda umr kechirar ekan.
Tug‘ilgan har uchinchi hindu olti oy yashamay dunyodan o‘tar ekan.
Uchdan ikki qismi yashaydigan uy-joylar oddiy meditsina talablariga ham javob bermaydi.
Hindular amerikaliklarning o‘rtacha yoshidan o‘ttiz yil kam umr kechiradi. Ularga Olimpiya shahridan 100-120 kilometr masofada o‘rmon ichidan, daryo bo‘ylab joy ajratilgan ekan. Hindularni shaharda ko‘rish, ko‘rganda ham darrov ajratib olish qiyin. Ayniqsa shaharda ishlaydigan hindular kiyinishda boshqalardan qolishmaydi, hammasining tagida mashina, ingliz tilida so‘zlashadilar. Hindularning hech narsadan qaytmasliklari, chapdast, otash qalb chapaniliklarini, erkin hayot tarzlarini kinofilmlardan ko‘rib, kitoblardan o‘qigandim. Endilikda ularni ko‘rgani borayotgandim. Bu xalqni asli Hindistondan kelib chiqqan, Toshkentning Sag‘bon ko‘chasi etagidagi «Oktyabr 40 yilligi» mahallasida o‘troq bo‘lib yashab qolgan lo‘lilar bilan solishtirib ko‘rish niyati ham menga tinchlik bermasdi.
Saharda hali biz turmasdan, uy bekasining oyoq uchida yurgani eshitildi. Sababini birozdan keyin bilsak, bizga choy qo‘yib, yo‘lga och ketishmasin deb, quymoq tayyorlab qo‘yibdi.
Ikki qanotini quyuq o‘rmonzor qoplagan yo‘ldan mashinamiz uchib boryapti. Yo‘l qanotida na ko‘rgazmali tashviqot, na bir ko‘cha belgisi. Faqat ora-chora magazin, kafe, benzin sotuvchi do‘kon, shoh ko‘chalarning qaerga olib borishini ko‘rsatuvchi lavha. Nihoyat, o‘rmon bag‘riga kirib yo‘qolgan kichik ko‘chadan chap tomonga burildik. Yana jimjitlik, bo‘m-bo‘shlik. Bir mahal uzoqdan chiroq shu’lasi ko‘rindi.
— O‘sha ko‘rinayotgan chiroq — hindular yashaydigan mahalla. Biz — hindularning «xos xonasi», deymiz. Hukumat ularga maxsus ajratib bergan yer-suv, bepoyon bo‘shliqlar markazi. Xuddi ariqcha borib, hovuzga quyilgandek, ko‘cha borib, katta maydonga qo‘shilib ketadi. Maydonning ikki tomonida, bir xilda solingan, bir-ikki qavatli yog‘och, g‘isht uylar. Hamma uyning eshigi shu maydonga olib chiqadi.
Uylarning etagida, yo yonida saroy, otxona, yana uy-ro‘zg‘or anjom-ashyolari turadigan omborxonalar, kursilar, yog‘och katlar qo‘yilgan. Hali vaqtli bo‘lsa kerak, ko‘chada daydib yurgan itdan boshqa hech kimsa ko‘rinmaydi.
— Mashinaning eshiklarini ochmang, kim biladi bu itlarning fe’lini... — ogohlantirdi mezbonimiz. — Qaerdadir guzari bo‘lardi, o‘sha yerda klubi, keluvchilarni tomosha qildiradigan markazi ham bor.
Har xil ashyolar sochilib yotgan maydonni kesib o‘tib, o‘ngdagi yo‘lga burildik. O‘rmon oralab ketgan yo‘l ko‘ndalang ko‘chaga qo‘shildi. Ro‘parada katta daryo.
— Hindularning rizq-ro‘zi bu! — dedi mezbonimiz. — Baliq tutib tirikchilik qilishadi. O‘rmondagi ovga yaraydigan jonivorlar ham ularniki. Bundan bir necha vaqt ilgari, hukumat baliq ovlashni ta’qiqlab qo‘ygan edi. Bo‘lmadi. Norozilik kuchayib ketdi. Hozir yana baliq oviga ruxsat berilgan.
Mashinadan tushib daryo bo‘yiga bordik. Toza oqar suv pishqiradi. Qo‘llarimizni chayib, o‘rmonni tomosha qilib qaytdik. O‘ng tomonga burilib, yana haligi katta ko‘chaga chiqdik.
— Demak, nariroqda guzar.
Biroz yurgan edik, chapga ko‘cha keldi. Shu ko‘cha guzarga olib boradi dedi hamrohimiz. Sal yurib, juda katta, oyna va betondan qurilgan imoratga duch keldik. Ichkariga kirishimiz bilan, atrofimizni turli yoshdagi bolalar o‘rab olishdi. Juda sho‘x, yerga ursang osmonga sapchiydigan bolalar... Kiraverishdagi yo‘lkaning devorlarida — hindularning turmush sharoitlarini, milliy kiyimlarini, kasb-korlarini tasvirlovchi, fotolavhalar ko‘rgazmasi, oyna-javon ichida ba’zi asbob, ish qurollari, taqinchoqlar.
Mezbonimiz bolalardan birini to‘xtatib biron katta kishi bormi, deb so‘radi. Bola eshik qolib, navbatchi o‘tiradigan peshtaxtadan ichkariga sakrab o‘tib, orqa tomondagi xonaga kirib ketdi. Ko‘p o‘tmay qaytib chiqdi-da: «Kiraverar ekansizlar!» dedi. Peshtaxtaning ochiladigan joyidan o‘tib, ichkariga kirdik. Katta xona pastak taxta devorchalar bilan ajratilib, stol-stul qo‘yilgan. Hisoblash, yozuv mashinalari, qog‘oz, jurnallar uyumi... Hech kim ko‘rinmadi. Bir mahal to‘g‘ridagi eshik ochilib, eniga bir metrcha keladigan, bo‘yi undan sal oshadigan, baqaloq, qopqora sochlari kalta qirqilgan, bug‘doyrang bir ayol chiqib keldi. Egnida shim, oyoqlarida shippak, ko‘ylagi shim lippasini zo‘rg‘a enlab turibdi. Ayol bizni amerikaliklarga xos tabassum bilan kutib oldi. Unga o‘zimizni tanishtirib, Sovet Ittifoqining O‘zbekiston degan respublikasidan kelganligimizni aytdik. Ayolga o‘zbek do‘ppisini kiydirib, respublikamiz haqidagi kitoblarni taqdim etdik. Aksiga, ularning dam olish kunlari ekan. Bolalar, klubga kino ko‘rgani kelishgan ekan. Qolganlar basketbol o‘ynashardi. Hindular hayotidan biroz suhbatlashdik.
— Biz Amerikaning tub aholisi bo‘lamiz, bilasiz. Ulug‘ mamlakatimiz tub aholisining tarixini inkor etuvchilar ham uchrab turadi. Hindu madaniyatini asrashga harakat qilib xato qilmadikmikin, deganlar ham topiladi.
Yaqinda «Pravda» gazetasida amerikalik hindular jamoat markazlari direktorlari kengashining raisi Glorga Probstning xatini o‘qib, o‘sha suhbatni esladim.
— Oqlar hokimiyati, — deb yozadi muallif, — Amerikaning tub aholisi madaniyatini yo‘qotish uchun butun choralar bilan harakat qilib ko‘rdi. Agar hindularning botir-shijoatkorligi, jasurligi bo‘lmaganida, hamma zarbalarga qarshi turmaganlarida, mamlakatimizning grajdanlari hindular madaniyati beradigan hozirgi ustunlikka ham, uni yaratuvchilarga ham ega bo‘lolmas edilar.
«Ularni bunchalik erkalatib yubormaslik kerakmidi...» deydiganlar ham bor.
Bu — endi hech kechirib bo‘lmas manmanlik, bu — bizga nisbatan kibr-havo bilan qarash. Erkalashga, qayg‘urishga muhtoj yosh bolaga qaraganday qarashdir. San’atda rang-baranglikka, teranlikka erishgan, atrof-muhit, ahloq, meditsina va insoniy munosabatlar sohasida o‘zining ajoyib qarashlari bor xalq haqida shunday deb bo‘ladimi? Shuni yoddan chiqarmaslik kerakki, amerikacha konstitutsiyaning asosi Bendjamin Franklin tomonidan yaratilgan.
«...O‘sha-o‘sha sodda-sayoz hayot tarzini davom ettirishni istaydilar», deyishadi.
Ba’zilar aytganday hindularning madaniyati sodda-sayoz emas, bu — xato. O‘zlarining kibr-havolarini, manmanliklarini, afzalliklarini namuncha ko‘z-ko‘z qilmasalar; har bir xalq; o‘z qadriyatlarini yaratish, rivojlantirish va e’zozlash hamda o‘zi tanlagan yo‘ldan taraqqiy ettirish huquqiga ega. Amerikalik hindularning qadriyatlari na hokimiyatga va na fe’li tor qizg‘anchilikka asoslanadi. Donolikka dohil etuvchi taraqqiyot, hamma uchun makon bo‘lgan koinot, yangi osmon o‘par binolardan, yangi qurollardan, yangi atom elektrostantsiyalardan afzalroqdir.
«Yo‘q, bizga qo‘shiling. Biz bilan birga grajdan bo‘ling...» deb taklif qilishadi.
Hindular hamisha demokratiyaga sodiq bo‘lib kelganlar. Biz yashayotgan yer — bizning uyimiz. Tub amerikaliklar, 1924 yilda ovoz berish huquqi berilgunga qadar ham, undan oldin ham, undan keyin ham o‘z mamlakatlari uchun bo‘lgan urushlarda qahramonona jang qilganlar, jonlarini ayamaganlar. Eshitgan bo‘lsangiz A. Xayes degan odam o‘tgan. U hindulardan edi. Ivodzima orolidagi Suribati tog‘iga chiqib tug‘ ilganlardan biri bo‘lgan. Nima bu hisob emasmi?
«Biz millionlarcha akr yerni qo‘riqxona yoki xosxona — rezervatsiya deb atab, ularga berib qo‘yganmiz...»
Agar bu hazil bo‘lsa, juda ham qo‘pol. Amerikalik hindular mehmondo‘st mezbonlar bo‘lishgan. Bugungi xos joylarga kelsak, o‘z yerimizning kichik bir qismidir.
Juda ham ko‘pchilik, shu jumladan prezident Reygan ham, shunday xato fikr yuritadilarki, go‘yo hindular, hukumatdan qarz evaziga yoki ko‘psonli neft quduqlaridan kelayotgan foyda hisobidan, qandaydir cho‘tal oladilar. Biz barchaning shimoliy-g‘arbdagi istagan xos joyga kelib, o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, neft quduqlari o‘ylab chiqarilgani, yolg‘on ekanligiga amin bo‘lishlarini istardik.
«Biz millionlarcha akr yerni qo‘riqxona yoki xosxona — rezervatsiya deb atab, ularga berib lab qolishsin, hindular ishi bo‘yicha byuroga ega bo‘lishsin, ular haqida g‘amxo‘rlik qilishga ko‘maklashish muddaomizdir», deyishadi.
Tag‘in homiylikmi? Hindular ishi bo‘yicha byuro avval harbiy idoraga qarardi. Hindularni yo‘qotishga qaratilgan ommaviy kampaniyachiliklardan keyin hindular qarshiligini bartaraf etish, hindular muammosini «tiyib turish», «g‘amxo‘rlik qilish» maqsadida shunday qilingandi. Hindularga nisbatan tiyib, ushlab turish siyosati hamon davom etmoqda, faqat endilikda bu ish makkorlik bilan olib borilmoqda.
Ularning ko‘pchiligi o‘ziga mos ish bilan ta’minlanmagan. Ko‘cha, maydonda tartibsiz yotgan turli uy-ro‘zg‘or buyumlari yonida yengil yuk mashinalari ko‘zga tashlanadi.
Hindular mahallasini, yana bir aylanib uyga qaytdik.
Yo‘lga chiqadigan kunimiz, uy sohiblari «Taym» jurnalini sovg‘a qilishdi. Uning muqovasida o‘rtoq M. S. Gorbachyovning fotosurati bor edi.
— Biz, — dedi Liza Jonson, — Sovet Ittifoqining rahbaridan minnatdormiz. Yosh, istarasi issiq, qalbi ochiq, so‘zi bilan ishi bir odam ekan. Tinchlik jarchisigina emas, faol qatnashchisi. Tinchlik bo‘lsinu, biz yana ko‘rishaylik. — U rus tilida tutilib-tutilib gapirardi. Hozir ko‘pchilik amerikaliklar rus tilini o‘rganishmoqda. Sababi, bu tilni bilgan kishi ko‘p narsadan xabardor bo‘lishini, hayotni chuqurroq tushunishini yaxshi anglab yetishmoqda.
Oila a’zolaringiz, o‘sha o‘zingiz ta’riflagan obod, ozod O‘zbekiston, Toshkent aholisiga salom ayting. U qo‘lidagi inglizcha-ruscha, ruscha-inglizcha lug‘atini varaqlab, o‘qib xitob qildi: — Do svidaniya!
Memfis shahrida eri sobiq harbiy xizmatchi, xotini ibodatxona kengashining a’zosi bo‘lgan xonadonda istiqomat qildik.
Garajga yaqinlashar ekanmiz, mashina ichida berilgan signalga ko‘ra avtomat eshiklar o‘z-o‘zidan ohista ochiladi. Garaj yonidagi eshikdan dahlizga, keyin uyga o‘tiladi. Xohlasangiz garajning o‘ng tomonidagi bir tabaqali eshikdan ichkariga kirishingiz mumkin. Xonalar keng, qulay hovli yanglig‘ usti berk zalga chiqasiz. Pollar yaraqlaydi, yumshoq, qulay kreslo, divanlar xizmatingizda. Devorlar did bilan bezatilgan, turli rasmlar, yog‘och haykallar...
Xonadon sohibi uyga kirishingiz bilan — o‘zingizni uyimdaman, deb his eting, tortinmang, nima yetishmasa ayting, deb mehr-oqibat ko‘rsatadi. Hamma zarur joylarni birma-bir ko‘rsatib, qanday ishlatishni o‘rgatib qo‘yadi. Ko‘zlarida shodlik cho‘g‘i, lablarida tabassum. Yo‘q, bu mehmon kutganda shunchaki takrorlanadigan, oldindan yodlab olingan quruq manzirat emasdi, xonadan xonaga o‘tgan sari dilidan tiliga o‘zi quyilib kelayotgan samimiy so‘zlar edi. Bir burchakda kompyuter, televizor, gazeta, jurnallar, xatlar...
— Bu yerda ishlab, o‘qib, tomosha qilasiz, telefon apparati ham shu yerda...
Mezbonlarimizning muomalasi Vankuver shahrida istiqomat qilganimiz eru-xotin pensioner Bitti xonim bilan Gorald janoblarining muomalasini eslatdi. Ular yotar joyimizni ko‘rsatib, shunday deyishgan edi:
— Ikki xil to‘shakli uxlash xonamiz bor. Biri oddiy, faqat ko‘rpasida elektr isitgich bor. Boshqasining to‘shagi suvli.
— Suvlisi qanaqa?
— To‘shak par yoki jun o‘rniga suv bilan to‘ldirilgan, so‘ng usti charm ham mato bilan qoplangan. Uning ichida ham elektr isitgichi bor.
Suv to‘shakka yotib ko‘rsatadi, bizni ham yotib ko‘ring, deydi. Liqillab turgan to‘shakka hamma joyingiz botib, birday tegib turar ekan.
— Yaxshisi o‘rgangan to‘shagimizda yotaqolaylik.
— Marhamat! Yorug‘ xonada stol, stul, oyna, alohida garderob, badan tarbiya qilishga alohida gilamcha.
Uy markazdan isitiladi. Sovuqroq, degan edik, pechkaga olov yoqib yuborishdi. Sarjinni maxsus tunuka idishga taxlab olib kelishdi...
Erta bilan nonushtaga oshxonaga taklif qilishdi. Bu yer kichik ilmiy laboratoriyaga o‘xshaydi, banka qopqog‘ini ochadigan, kartoshka tozalaydigan, ovqat isitadigan elektr tugmachalar, har xil vintlar, simlar, idish tovoq shkafchalari... Kattakon, tovushsiz xolodilnik...
Uy bekasi oshxonaga kirib salom berdi. Keyin:
— Choy ichamizmi? — deb so‘radi-da, javob kutmay bir elektr tugmachani bosgan edi, temir choynak chiqdi. Suv to‘ldirib, elektr plitkaga qo‘ydi-da, yana bir knopkani bosib, xolodilnikni ochib, bir narsani ola boshladi... Tekis, chiroyli, shkafchalar devorga o‘rnatilgan. Choyni ichib bo‘lgach, choynak-piyolalarni bir idishga, qoshiqlarni ikkinchi tog‘orachaga solib, elektr plitka yonidagi yuvish mashinasiga qo‘yib, qopqog‘ini yopdida, tugmachasini bosdi. O‘zi kelib biz bilan suhbatni davom ettirdi...
— Oshxona — uy-ro‘zg‘orning asosiy xonalaridan hisoblanadi. Shuning uchun hamma qulayliklar bo‘lishi kerak...
Bir maktabdagi uchrashuvdan qaytayotib, xarajatga oziq-ovqat magaziniga kirdik. Kirdigu tashqarida qor, sovuqligini unutdik. Sarxil mevalarning xushbo‘y hidi dimog‘ni qitiqladi. Bir tomonda qip-qizil gilos, qulupnay, katta piyoladek keladigan qirmizi olmalar... Apelsin, mandarin, ananas, bananlar ham serob. Yo‘q narsa yo‘q... Bog‘dan hozir uzib kelingandek dirkillab turibdi... Yorqin rangli etiketkalar, yelim xaltalar, karton idishlar... Istagan mahsulotingizdan istagancha olasiz, taroziga qo‘ysangiz og‘irligini o‘sha zahoti gramm-grammigacha o‘lchab, narxini chiqarib, televizor ekraniga yozib qo‘yadi. Pulini to‘lab olib ketaverasiz. Mabodo pul ko‘tarib sanab yurishni xohlamasangiz yo chek yozib uzatasiz, yoki gugurt qutichaday keladigan, bankdagi hisob-kitob raqamingiz yozilgan plastmassa lavhani berasiz. Undan nusxa tushirib, xarajatingiz hajmini yozib qolishadi, ketaverasiz. Pulni bankadan o‘zlari undirib olishadi. Ko‘pchilik qulay, yengil, toza, ixcham bo‘lgan shu lavhadan foydalanadigan bo‘libdi. Magazin katta bozorni eslatadi, bu yerdan faqat, o‘zingizga emas, balki mushuk, itingizga ham yemak olishingiz mumkin. Zarur asbob-uskuna, idish-tovoq ham bemalol. Ko‘proq narsa sotib olsangiz, narxidan tashlab berishadi. Yukni aravachada mashinangizgacha olib borasizda, bo‘shagan aravachani joyida qoldirib ketaverasiz, o‘zlari yig‘ishtirib olib ketishadi. Xohlasangiz mashinangiz yoniga o‘zlari olib borib berishadi...
Uyga qaytib kelib ko‘m-ko‘k barg rangdagi yaltiroq qog‘ozga o‘ralgan ko‘k choyni tomosha qilarkanman, unga yozilgan so‘zlarning mazmuni bilan qiziqdim.
— Avraam Linkoln va boshqa buyuk kishilarning ibratli so‘zlari.
— Choy haqidami?
— Yo‘q, insonga foydali, ibratli, aqlni peshlaydigan dono gaplar. Qani menga beringchi. — U choy xalta ustiga yozilgan so‘zlardan birini o‘qidi: «Sinfiy adovatni rag‘batlantira turib, odamlarning birodarlashishiga erisholmaymiz... Avraam Linkoln
Buni qarang, donolar bisotini xalqqa yetkazish uchun plakatlar qatori, turli buyumlar etiketkasidan ham foydalansa bo‘larkan.
Uy-joy bilan tanishib chiqqach, memfislik mezbonlarimizdan farzandlari haqida so‘raymiz.
— Amerikaliklarning farzandlari — o‘g‘ilmi-qizmi — baribir o‘n olti yoshida mustaqil hayot yo‘liga chiqib ketishadi, u yog‘iga inon-ixtiyori, qanday hayot kechirishi — o‘z qo‘lida. Ammo ota-ona ularga yordam berishni to‘xtatmaydilar. O‘zlari esa umrlarining oxirigacha yakka-yolg‘iz qoladilar.
Ota-onalar pensiya olishadi. Lekin bekor o‘tirishmaydi. Shifoxonaga borib qarashishlari, turli sport musobaqalarida qatnashishlari, jahon bo‘ylab sayohatlarga borishlari mumkin. Xullas, biron-bir nafli yumush bilan shug‘ullanmaydigan qariya kam.
Xonadonimiz sohiblari ham o‘g‘illarini alohida qilib, yolg‘iz turishar ekan.
— Dam olish kunlarini qanday o‘tkazasiz, nimalar bilan shug‘ullanasiz?
— Mitinglarda, norozilik yurishlarida, prezident saylovlarida qatnashamiz... Bular jamoatchilik yo‘li bilan, qo‘pchilik qatori qiladigan ishlarimiz.
— Shaxsan o‘zingiz, oilangiz, bola-chaqalaringiz davrasidachi?
— Kim qaysi shahar, qishloqda yashashiga qarab, imkoniyatlar darajasida, dam oladi, charchog‘ini chiqaradi, yosh farzandlariga qaraydi.
Dam olish va istirohat bog‘idagi bolalar maydonchalarida, xuddi o‘zimizdagidek yoshlar qiy-chuvi.
Amerikaliklar bolalarini yoshligidan chiniqtirib, semirishga qo‘ymaydilar, toblab o‘stiradilar. Ulg‘aygach sovuqda ham boshyalang yuraverishadi, o‘rganib ketishgan.
Dam olish kunlari restoranga borib ovqatlanishni yoqtirishadi. Tanlash imkoni bor, navbat kutmaysan, urinmaysan, deyishadi. Ikki kishiga 50 dollardan 150 dollargacha ketadi, miriqib ovqatlanasan, dam olasan. 14 dollarga ikki kishi ikki soat mazza qilib kinofilm tomosha qilishi mumkin.
Meditsina xizmati qimmat bo‘lganligi uchun amerikaliklar o‘z salomatliklarini juda avaylashadi. Bizga nisbatan kam yeb, bir necha marta ko‘proq harakat qilishadi, chamamda. Har kuni tongda, ishdan keyin xiyobonlarda, yo‘lkalarda lo‘killab chopayotgan kishilarni ko‘rish mumkin. Sport klublarida bo‘g‘in-bo‘g‘inlaringizni, tomirlaringizni joy-joyiga qo‘yib, charchog‘ingizni chiqaradigan anjomlar serob ekan. Bu amerikaliklarning bizga nisbatan ko‘proq yashashlarini ta’minlaydi. AQShda odamlarning o‘rtacha umr ko‘rishi Sovet Ittifoqidagidan 7—8 yil ortiq. Dam olish kunlari muzeylar, ko‘rgazmalar, kutubxonalar, teatrlar eshigi tomoshabinlar uchun lang ochiq bo‘ladi.
Nyu-Yorkda bolalarga hayvonot, botanika bog‘lari, o‘rgatilgan tyulenlar, delfinlari bor dengiz akvariumi ishlaydi. Shaharlarda kutubxonalar ham yetarli. A’zo bo‘lish uchun yaqin orada olgan, aloqa bo‘limi muhrlagan, uy adresingiz yozilgan konvert bo‘lsa bas, vaqtinchalik ruxsat qog‘ozi beriladi. U bilan uch haftaga 4-5 kitob olishingiz mumkin. Ikki haftadan keyin doimiy ruxsat qog‘ozi beriladi. Unda uch haftaga ko‘targaningizcha kitob olishingiz mumkin. Vaqtida qaytarmasangiz jarima to‘laysiz. Xohlasangiz kutubxonaning o‘zida shug‘ullanishingiz mumkin.
— Kutubxonaga nega konvert bilan kelishadi?
— Amerikada pasport yo‘q-ku, konvertga adresingiz yozilgan bo‘ladi-da.
— Pasport asosiy hujjat-ku.
— Shunday. Lekin faqat Amerikada emas, dunyoning ko‘pchilik mamlakatlarida ichki pasport yo‘q. Faqat chet elga borilayotganda pasport beriladi.
— Anarxiya, bosh-boshdoqlik bo‘lib ketmaydimi?
— Yo‘q.
— Kishining shaxsini qanday aniqlaysiz?
— Bu oson. Har qanday guvohnoma aytib beradi buni, kerak bo‘lsa ko‘pincha og‘zaki tushuntiriladi.
— U jinoyatchi, davlat organlari izlayotgan shaxs, bolalariga nafaqa to‘lashdan qochib yurgan ota, ayg‘oqchi bo‘lsa-chi? Bundaylar og‘zaki savol-javobda aybini bo‘yniga olmasligi mumkin-ku!
— Mumkin. Undaylar bor. Lekin ular ozchilik. Shu ozchilikni deb, millionlab kishilarni shubha ostiga olish, tonnalab qimmatbaho qog‘ozni pasportlashtirishga sarf qilib, ortiqcha xarajat, pasportlashtirishga ketadigan xarajatning mingdan biriga ham to‘g‘ri kelmasa kerak. Shular hisoblab ko‘rilib ichki pasport yo‘q qilingan.
AQShda kutubxonaga keluvchi kitobxonning anketa to‘lg‘izishi qonun bilan man etiladi, qaysi kitobni o‘qishi ham hisobga olinmaydi. Istagan kishi istagan kutubxonaga kirib, istagan kitobini olib o‘qishi mumkin, u bilan hech kimning ishi bo‘lmaydi.
— O‘g‘irlab ketsa-chi?
— Unday qilmaydi. Chiqadigan joyda elektron nazoratchi bor, kitobingiz bo‘lsa o‘tkazmaydi.
Amerikaliklar turmush tarzini, kompyuterlar, elektron asboblar va hozirgi zamon aloqa vositalarisiz tasavvur qilish qiyin. Qaysi xonadonga kirmang, bu «aqlli mashinalar» ularning hayotini yengillashtirganligini va mazmunli mehnat qilayotganligini qo‘rasiz. Amerika turmushining tabiiy qismiga aylangan bu mashinalar. Bu yerda o‘ttiz million shaxsiy kompyuter bor ekan. Biz esa hozircha bu yo‘lda dastlabki qadamlarnigina qo‘ymoqdamiz. Injenerlik fikri o‘sgan, ammo amalda undan kam foydalanamiz.
Biz Vankuverda yashagan o‘sha xonadon sohiblarining o‘g‘li bilan kelini kolledjda o‘qituvchi ekan. Ular bizni o‘z uylariga nonushtaga taklif qilishdi. Dasturxonga o‘tirishdan avval uy sharoitlari bilan tanishtirdilar. Burchakdagi kompyuterga e’tibor berdik.
— O‘g‘limiz o‘rta maktabda o‘qiydi. Shu kompyuter yordamida dars tayyorlaydi, — deb izoh berdi uy egasi. — Inshoni ham qo‘lda yozib o‘tirmaydi. Mashinkaga diktovka qiladi, ko‘chirib tayyor qilib beradi. Zeriksa turli o‘yinlarni o‘ynaydi. Maktabda ham kompyuter bilan ishlashadi.
— Amerika maktablarida kompyuter a’lo darajada yo‘lga qo‘yilgan desa bo‘ladimi?
— Yo‘q, muammolar ham bor. Masalan, kompyuter bilan o‘qitishning umummilliy programmasi yo‘q. Har bir maktab, har bir o‘qituvchi o‘zicha o‘rgatadi. Maktab sinflari va kollejlar, xonadonlar birday imkoniyatga ega emaslar. Ba’zi oilalarda kattalardan ortsagina yoshlar foydalanadi.
Memfisda esdan chiqmaydigan voqealar bo‘ldi.
Sietldan keyin o‘zbek ovozini eshitmagan edik. Janubiy Tennesot shtatining yirik iqtisodiy hamda madaniy markazi Memfisda, shahar meri qabul etib, kundan-kunga iliqlashib bo-
rayotgan do‘stligimiz haqida gapirdi. O‘zbekiston delegatsiyasining barcha a’zolarini — 11 kishini Memfisning faxriy grajdanlari etib qabul qilganlari bilan tabrikladi. Har birimizga Yorliqlar topshirdi.
«Frendship fors» Memfis tashkilotining direktori Lyusi Lavless so‘z oldi.
— O‘zbekiston vakillari xonadonlarda yashaydigan birinchi mehmonlarimizdir. — dedi u. — Bizning tashkilotimiz turli millatga mansub grajdanlarni bordi-keldisini uyushtirib, tinchlik va hamjihatlikka xizmat qilmoqda. O‘tgan yili yozda tashkilotimiz a’zolaridan bir necha kishi Sovet Ittifoqida bo‘ldilar. Shahrimiz aholisi shu kunda Memfisning Kuk Konvenshn Senter saroyida ochilgan «SSSR. Shaxs, oila, jamiyat» deb atalgan mazmun va mundarijasi boy ko‘rgazmada sovet turmush tarzi bilan tanishmoqdalar. Sizning tashrifingiz Sovet Ittifoqi to‘g‘risida bilganlarimizni yanada boyitadi.
Sovet ko‘rgazmasida O‘zbekiston san’atkorlari yigirma sakkiz kundirki, har kuni uch martadan kontsert berib, keluvchilarni xushnud etayotganliklarini aytishdi. Amerikada yana o‘zbek ovozini eshitishga otlandik. Sovet ko‘rgazmasiga borayotib yo‘lda O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti xalqaro aloqalar va axborot bo‘limining mudiri Erkin Qahhorovich Hayitboevni uchratdik. U kishi san’atkorlarga boshchilik qilar ekan. Yurtdoshlar bir-birimizni ko‘rib, ssg‘inch tashnaligini biroz qondirgan bo‘ldik.
Ko‘rgazma o‘rtasida katta zal, sahna. Tomoshabinlar ham ko‘p. Ular ijrochilarning mahoratini, har bir harakatini, avjini hisobga olib olqishlab, so‘z bilan baralla rag‘batlantirib o‘tiribdilar. Biz ham tomoshabinlar qatoriga qo‘shilamiz. Fattohxon Mamadaliev, Munojot Yo‘lchieva, Bobomurod Hamdamov qo‘shiq-ashulalari, Dilmurod Islomov doirasining sadolari, «Lazgi» qizlarining sho‘x raqslari, o‘zbek milliy «Lagan» o‘yini bir-biriga ulanib davom etarkan, zalda chapak, olqishlar tinmaydi.
Kontsert tugaydi, tomoshabinlar sahnaga chiqib, Fattohxon akaning tanburini, Dilmurodning childirmasini, surnayini uzoq tomosha qiladilar. Nahotki Sharq xalqlarining shu oddiy cholg‘u asboblaridan shunday sehrli, dillarni rom qiluvchi ohanglar yangrasa. Kuylari shunchalik ta’sirli, sel qiladigan bo‘lsa, uning sohibi — o‘zbek xalqining turmush tarzi, falsafasi, shahar va qishloqlari hayoti qanday ekan, deb qiziqib qoladilar. Kontsertning nihoyasi qizg‘in savol-javoblarga aylanib ketadi.
Elvis Pristlining (1935—1977 yillar) ta’siri bo‘lsa kerak, bu yerdagi xalq muzikaning farqiga boradi, chin san’atning qadriga yetadi. Asl, qiyomiga yetgan san’at egasi boshqalarni xushnud qilib qolmasdan, o‘zi ham baxtiyor yashaydi. Biz Elvis Pristlining uy-muzeyini ziyorat qildik. Missisipida yashagan, keyin Memfisga ko‘chib kelgan kambag‘al otaning farzandi Elvis o‘z san’ati bilan boy-badavlat kishiga aylanadi. Uy-muzey oldidagi maydonda — shaxsiy xizmatida bo‘lgan ikkita rostmana samolyot, bitta avtobus, ichkarida yengil mashinalar turibdi. Xonalarda oltin va platinadan yasalgan, kuy-qo‘shiqlari yozilgan o‘n emas, yuz emas, minglarcha diskalar. Buyuk san’atkorning xotini, bir qizi bo‘lgan ekan. Ularning surati qo‘yilgan, o‘zlari boshqa shaharda yashashar ekan.
Shu shaharda o‘z mahoratlarini ma’qul etayotgan azamat san’atkorlarimizdan xursand bo‘lib, qalbdan tabriklar ekanmiz, o‘rta bo‘yli, sochlari mosh-guruch, amerikacha kiyingan, ammo shakli shamoyili o‘zimiznikiga o‘xshagan bir yigit suhbatimizga qo‘shildi.
— Men, o‘zbek san’atkorlarining dovrug‘ini eshitib, ataylab Nyu-yorkdan uchib keldim.
Keyin bilsak bu yigit, Nyu-Yorkdagi Turkiston-Amerika Assotsiatsiyasi prezidiumining a’zosi Abdullaxo‘ja ekan. U bizning delegatsiyani ham Nyu-Yorkda kutib olishini aytdi.
«YANGI DUNYO» MARKAZIDA
Nyu-Yorkka keldik. «Yangi dunyo» deb ataluvchi mamlakatning yirik shahri. Ko‘p eshitganmiz, o‘qiganmiz.
Sanoat markazi, radio, televidenie uyasi, kontsert zallari, kinoxonalar, teatrlar shahri. U moliya olamining yuragi. Shu olamning timsoli bo‘lmish Uoll-Strit dollar imperiyasining markazi va shu ko‘chadagi mashhur fondlar birjasi makoni.
Mashhur Uoll-Strit hamda Brodvey ko‘chalari bo‘ylab tomoshaga chiqamiz.
Uoll-Strit asli har ikki tomonida temir-beton, oynadan qurilgan osmono‘par binolar qad ko‘targan torgina bir ko‘cha. Hatto serquyosh kunlarda ham bu ko‘chaga yorug‘lik kamdan-kam tushadi. Reklamalar bilan charog‘on, odamlar va avtomobillar bilan gavjum, kamalak rangida tovlanuvchi Brodveydan farqli ravishda Uoll-Strit o‘zini ko‘z-ko‘z qilishni yoqtirmaydi. Uning vazifasi ham o‘zgacha, u Amerikaning mash’ali—dollardan charog‘on. Oddiy kishilar bu ko‘chaga nazar ham solmaydi.
Uoll-Strit azaldan kapitalizmning timsoli hisoblanadi. Banklar, millatlararo korporatsiyalar va sug‘urta kompaniyalarining ko‘psonli tarmoqlari shu yerda biri-biri bilan chirmashib ketgan. Shu yerda katta biznes hokimlari pulni pulga chaqib, mamlakat siyosatini belgilaydilar. Uoll-Strit va Brodveyning muyulishida milliarder Morgan banki. Amerikadagi eng yirik bank — «Chayz neyshin benk» ham shu yerda, Rokfellerga qaraydi. Kapital olamidagi eng nufuzli fondlar birjasi bunda ularning asosiy vositasi rolini bajaradi. O‘ta boylar hamda boshpanasiz, qorni nonga to‘ymagan minglab kambag‘allar shahri. Butun dunyo tanigan «Ozodlik haykali» ko‘kka bo‘y cho‘zgan shahar. Ana shu Apper-bey qo‘ltig‘i yoqda — mash’al ko‘targan xotinning bahaybat gavdasi okeanning uzoq-uzoqlariga mungli nazar tashlab turibdi. Tungi Nyu-Yorkni ko‘rgani chiqamiz. Soat o‘nlarga borib, ko‘chalar bo‘shab, kishilar oqimi, g‘ovur-g‘uvurlar, mashinalarning tovushlari tinib, har qadamda quloqni qomatga keltirib yangraydigan magnitafonlar ovozi o‘rnini sokinlik egallab, ko‘chalar bo‘m-bo‘sh bo‘lib qolar, butun Nyu-York uyquga ketar ekan.
Har zamonda haybatli, rezinka tayog‘ini ermak qilib aylantirib o‘ynagan qora mundirli polismen ko‘rinib qoladi.
Faqat dollarning sodiq xizmatchisi — yorqin e’lonlar tinmaydi. Olovli harflar, chirog‘lardan yasalgan turli jasad, kallalar, shisha ko‘zlar, bo‘yoqli minglab shakllar lipillab o‘chib-
yonib, bir-biriga tutashib, boshni aylantiruvchi raqsini qo‘ymaydi... Haddan tashqari ko‘p nur, harakat tez charchatadi kishini.
Brodveydagi jimlik, Uoll-Stritning osmon o‘par binolaridagi bedorlikka ko‘chadi. Birin-ketin deraza oynalari yorishib, hisobdonlar, rejakorlar ishga tushadi. Amerikaning xudosi — biznes, hamyonlarni dollar bilan to‘ldirish istagi qanday ijobat bo‘lgani shu kunning o‘zida hisob-kitob qilinib, ertangi kun rejalari belgilanadi. Ertasi kun tuzilgan rejalarning ro‘yobi uchun yana shiddatli girdob qutirib ishga tushadi, qaynaydi, odamlar bor kuchlarini, butun imkoniyatlarini, qo‘ldan kelgan tajriba, mahoratlarini tsentlarga almashtirib, ter va qonlarini dollarga bag‘ishlab, tinka-madorlari qurib, holdan toyguncha tinmaydilar. Noiloj, sal bo‘sh kelinsa, boshqa uddaburrolar ilib ketadi — dollarni ham, ishni ham, oqibatda hayotni ham. Hamma narsaga dollar kerak. Dollarsiz ko‘chaga mashinangizni ham olib kirolmaysiz. Har qadamda uchraydigan pul avtomatlar, avtomat eshiklar, polismenlar dollar qonuniga xiyonat qiluvchining qadamini o‘lchab turadi.
Vaqt ziq. Ko‘p narsani ko‘rish kerak. Tongda yana ko‘chaga chiqaman. Tumanga burkangan, osmonga bosh urgan binolar hali uyquda. Lekin qora, oq, sariq, yelim qoplarga solib, og‘zi bo‘g‘ib bog‘langan, yo‘lkalarga uyub tashlangan chiqindilarni moslama-mashinalar ortib olib ketayotir.
Nyu-Jersi, Bruklin, Xoboken kabi sanoat rayonlari tomon shoshilayotgan ishchilar bedor. Gudzon ostida metro poezdlari, avtobuslar g‘urillaydi. Kuch-quvvati, aqli zo‘r, tani sog‘ kishiga nasib etadi bu zir yugurish ham. Zavod va fabrikalar eshigi shunday kishilarning borini olib, dollarga almashtiradi. Manxetten jonlana boshlagan. «Rokfeller markazi», Medison avenyu ko‘chalari jim-jit. Amerika korchalonlari qayoqqa ham shoshadi. Manxetten bo‘ylab kesib o‘tgan Brodvey ko‘chasidagi magazinlar, kafelar, pivoxonalar eshigi ochilayotir. Bu ko‘chada odamlar orasida gazmol magazinining xo‘jayini Akbarxo‘ja aka, Abdul Rauf Maqsudiyning o‘g‘li va qarindoshlari, Sattor o‘g‘li Muhammadaminlarni ham uchratish mumkin. Tunning nurli reklamasi o‘rnini ovozli, suratli va jonli e’lonlar egallamoqda. Magazin vitrinalarida, harakatga keluvchi avtomatlar, haykallar, suratlar yirik plakatlar, ayollar, manzaralar bag‘rida tovarlar rasmi...
Ko‘chalarda yana mashinalar guvillaydi, qichqiriqlar, g‘ovur-g‘uvur to‘polonlar, sigaretasini burqsitirib chekib, chaqich chaynab ketayotgan oq, qora, sariq tanli kishilar. Qo‘ng‘iroqlar, hushtaklar, sirenalar motor tovushlaridan quloq qomatga keladi. O‘sha osmon o‘par binolar orasidagi tor ko‘chalarning issiq burchaklarida ohista o‘rin-ko‘rpasini yig‘ishtirayotgan uysiz, boshpanasiz bechoralarni ko‘rish mumkin. Bu kishilar yaltiroq e’lonlar, ko‘rkam vitrinalar oldidan beparvo o‘tadilar. Ana, yo‘lkada eti suyagiga yopishib ketgan, rangsiz bir kishi yotibdi. U bilan hech kimning ishi yo‘q.
Yigirma to‘qqiz yo‘lning hammasi shu ahvol. G‘ala-g‘ovur, chigal bir holat... Uoll-Stritning janubiga yursangiz Bruklindan chiqasiz, negrlar mahallasi — Garlemga bormoqchi bo‘lsangiz shimolga qarab yurasiz...
Ko‘chalarni aylanib «Irokez» mehmonxonasiga qaytaman. Foyega qo‘yilgan kreslolarda Memfisda uchrashganimiz Abdullaxo‘ja, uning yonida orasta kiyingan ellik yoshlardagi yana bir kishi o‘tirardi. Abdullaxo‘ja u kishini tanishtirdi.
— Abdul Rauf Maqsudiy, e’tiborli kishilarimizdan... Abdul Rauf aka biz bilan samimiy ko‘rishdi. Ikki marta Sovet Ittifoqida, shu jumladan O‘zbekistonda bo‘lgani, tanishgani, qarindosh-urug‘lari bilan ko‘rishgani haqida gapirib berdi.
Delegatsiya rahbari I. Jo‘rabekov, uning o‘rinbosari F. Teshaboev, T. Rashidov, Erkin Vohidov oldinma-keyin foyega kelishdi. Abdul Rauf Maqsudiy hammani mehmonga chorladi.
— Bu yerda yashayotgan vatandoshlar, sizlarni ko‘rishga, suhbatlashishga muntazir. Vaqtingizga qarab bir mahalni aytsangiz, o‘zimiz kelib olib ketamiz...
Tag‘in bir xushxabar, bugun qizimizning challarisi, kechqurun uyimizga qudalar, uzoq-yaqindan, qarindosh-urug‘, mehmonlar yig‘ilishadi, sizni ham taklif etamiz, borsangiz boshimiz ko‘kka yetadi.
Maslahatlashib, kechqurun Abdul Rauf akaning uyida uchrashadigan bo‘ldik.
YURAK PARCHASI
Oqshom Abdullaxo‘ja o‘z mashinasi bilan, yana Abdul Rauf Maqsudiy yuborgan bir mashina bizni mehmonxonadan olib yo‘lga chiqdi. Nyu-York markazidagi shovqin-suron ko‘chalardan o‘tib, bog‘-dalalarni eslatuvchi Nyu-Jersi shtati tomon yo‘l oldik. «Biz o‘zbeklar ko‘pchilik tinchroq, xoliroq shu shtatda yashaymiz. Bir mahallada, bir ko‘chada turmasak ham har holda bir tomonda yashaymiz. Umuman olganda o‘zbeklar AQShning boshqa shtatlarida ham bor. Boshimizni qovushtirib, birlashtirib turadigan markazimiz Turkiston-Amerika jamiyatidir», — tushuntirdi Abdullaxo‘ja.
Nyu-Yorkning Bruklin degan joyidagi Vest avenyuda katta machitimiz bor. Hali uchrashamiz, jamiyatga hozir Ne’matilla ismli ajoyib kishi boshchilik qiladi. Bilsak, ilgari bu jamiyatga Abdullaxo‘ja rahbarlik qilgan ekan. O‘tgan yili otasi Akbarxo‘ja men qarib qoldim, sen qirqdan oshding, endi o‘zingni do‘koningni ochib, tirikchilikka urunsang bo‘lardi, deb oq fotiha beribdi. Shundan keyin Abdullaxo‘ja Nyu-Jersida, uyiga yaqin bir guzarda gazlama do‘koni ochib, jamoat ishidan uzr so‘rab ketibdi.
Keng yo‘l yoqasidagi daraxtzorlar orasida oq uylar mo‘ralab qoladi. Mezbonimiz yangi uy-uchastka quribdi, hali unga olib boradigan yo‘l ham bitmagan. Nyu-Yorkning qoq markazidagi Brodveydan o‘g‘li Faridga kvartira olishgan. O‘zi bu yerda kun kechirmoqchi. Xohlasa sotib ketishi ham mumkin. Yaxshi ob-havo, baland joy, atrofi bir necha gektar ko‘m-ko‘k bog‘.
Kiraverish dahlizda bizni Abdul Rauf aka rafiqasi bilan kutib oldi. Dahlizning ikki tomonida kiyim iladigan javon. So‘ng yana bir dahliz, o‘ng tomonda mo‘‘jaz bir uy, undan oshxonaga o‘tiladi. Chap tomonda katta zal, uning to‘rida, yarim metrcha balandda yana bir xona. Xonalar o‘rtasida eshik yo‘q, shunday ark ajratib turadi.
Bizni shu chap tomondagi, gir aylantirib stul, divan, kreslolar qo‘yilgan, o‘rta-o‘rtasiga kichkina, pastak stol qo‘yilib, usti ermak uchun xandon pista, sho‘r mayda non, chaqilgan bodom, turli shirinliklar bilan yasatilgan zalga oldilar. Birin-ketin mehmonlar kela boshlashdi. Ular rafiqalari bilan sovg‘a-salom, «tog‘ora» ko‘tarib kelisharkan, Abdul Rauf aka mehmonlarni biz bilan tanishtiradi, nomlarini aytadi. Hammasi turkistonliklar — o‘zbek, tojik va boshqa millat vakillari. Qudalari Afg‘onistonda istiqomat qiluvchi tagli-taxli odamlardan bo‘lib, bugun ular ham shu yerda edilar. Zal kishilar bilan gavjumlashib, ayollar to‘rdagi xonaga chiqib ketishdi, Dilafro‘z Jabborova ham ular bilan xos xonaga o‘tdi. Zalda faqat erkaklar qoldi. Yaqinginada pensiyaga chiqqan, ammo yoshlardek chaqqon, gapga chechan Alijon ismli kishiga o‘rtani olib borish topshirildi.
Oqsoqollar to‘rdagi divanlarga o‘tkazildi. Yosh-yalanglar kiraverishdagi xonaga joylashishdi. O‘rtadagi xonada katta stol to‘la sharbat, koka-kola, pepsi-kola, mineral suv, pivo, turli ichimliklar bilan to‘ldirib qo‘yilgan. Yonida billur qadahlar, piyolalar, ochqichlar. Vatandoshlar bilan aralashib o‘tirib, tanishishamiz, suhbat quramiz.
Faridjon, Alijon aka va boshqa yoshlar qadahlar to‘la mchimliklarni patnisga qo‘yib bizga tutadilar.
— Nima ichadilar, marhamat!
— Toshkent suvi! — deymiz Abdulla Oripovning so‘zlarini eslab.
O‘rtaga bir zum sukunat cho‘kadi.
Boridan olib ichamiz. Alohida idishlarda muz parchalari. Viski, aroq, konyakni muz bilan ichish odat.
Vashingtondan kelgan, «Amerika ovozi» radiostantsiyasida ishlovchi Mirzapo‘lat ismli yigitdan Abdulla Chig‘atoyni so‘rayman, ish bilan band bo‘lib, noiloj kelolmaganini aytadi.
Dahlizdan «Kelishdi, kelinlar!» degan ovozlar eshitiladi, hammaning nigohi o‘sha tomonga qaratiladi. Childirma jo‘rligida o‘zbek yor-yori yangray boshladi.
Oppoq, harir to‘y libosidagi kelin va kuyov yosh-yalanglar o‘rovida ohista zalga kirib kelishdi. Yigirmanchi-o‘ttizinchi yillarda to‘qilgan xalq og‘zaki ijodiga mansub yor-yorni doira chalib aytib kelayotgan Zikriyo kuylashdan to‘xtaydi. Yoshlar o‘tirganlarga ta’zim qilishadi. Teshaboev delegatsiyamiz nomidan atlas, O‘zbekiston chinnisi servizini yoshlarga taqdim etadi. Yoshlar ohista yurib yuqoridagi xotin-qizlar o‘tirgan xonaga, so‘ng o‘z xonalariga o‘tib ketishadi.
Alijon mehmonlarni, yoshlarni tabriklab, ziyofatni ochiq deb e’lon qiladi. Haligi yor-yor aytib kelgan yigit agar biror so‘zni buzib aytsa, kechirishni so‘rab «O‘zbegim» she’rini o‘qiydi. Yo‘l xotiramizni shu joydan boshlagan edik. Mening yonimga yoshi oltmishlardagi, qotmadan kelgan, shinavanda bir kishi kelib o‘tirdi.
— Boboqurbon! — deb o‘zini tanishtirdi u.
— Abdurasul!
— Men Abdulla Chig‘atoyning bojasi bo‘laman. Qoramoy savdosi bilan shug‘ullanaman. Sizlarni eshitib, o‘g‘limni olib, ikki yuz kilometrcha joydan hamma ishimni yig‘ishtirib uchib keldim.
Suhbatimiz oila, bola-chaqa, O‘zbekistondagi o‘zgarishlar, amerikacha hayot borasida davom etdi, yurt nafasini nimadadir sezib, his etib turishga intilishlari ayon. Boboqurbon, amerikaliklar Bob deyishar ekan, o‘g‘lining otini O‘rxun qo‘yibdi. U Erkin Vohidovning hozirgina Zikriyo o‘qigan she’riga ishora qiladi:
So‘ylasin Afrosiyobu
So‘ylasin O‘rxun xati,
Ko‘hna tarix shodasida
Bitta marjon, o‘zbegim,
U o‘g‘li O‘rxunni, men Erkin Vohidovni chorlayman. Erkin Vohidov O‘rxunga ezgu tilaklar bildiradi. Boboqurbon aka bizni mehmonga chorlaydi, ajralgisi kelmaydi, ilojimiz qancha, safarimiz qarigan, vaqt ziq. Biz uni O‘zbekistonga taklif etamiz. U nasib etsa, oshkoralik, qayta qurish munosabati bilan o‘zgarishlar yuz berib, yo‘llar ochilsa, albatta kelishni, pul-davlatdan siqiladigan joyi yo‘qligini aytadi. Ulug‘ Vatan urushi tufayli kelib qolganini bilamiz. Sog‘liq, tinchlik tilaymiz. Shoyusuf ismli bir kishi suhbatimizga qo‘shildi. Yuragi operatsiya bo‘lib, sun’iy to‘qimalar yordamida yashab yurganini, har holda Amerikada meditsina xizmati, pulingiz bo‘lsa, yomonmasligini aytadi. Boshqa mehmonlar savol-javobga tutadilar. Biz ham ulardan ba’zi narsalarni aniqlab olamiz. O‘zga yurtda mayda millat bo‘lib yashash urf-odat, milliy madaniyat, ona tilini yo‘qotib katta xalqqa singib ketish xavfi doim mavjud ekanligini sezamiz. Bunday bo‘lmasligi uchun juda qat’iy chora-tadbir, qoida-tartib o‘rnatganlaridan gapirishadi. Biron-bir o‘g‘il yoki qizlarini boshqa millat bilan oila qurishlariga ehtiyot bo‘lishar ekan. Agar Amerikada munosib kelin yoki kuyov chiqmasa, Turkiya, Afg‘oniston, Saudiya Arabistonidan xabarlashib olishar ekan. Oilada o‘zbek tilida gaplashib, Abdulla Chig‘atoy aytganidek, bular ham har shanba kuni bolalarini machit qoshidagi o‘zbek tilini o‘qitish, o‘rganish maktabiga yuborishar ekan. To‘y, o‘lim marosimlarini milliy an’analar doirasida o‘tkazishar, diniy bayramlarni yig‘ilib birga nishonlashar ekan. Qabristonda o‘z xilxonalariga ega ekanlar. Butun diniy marosimlar, musulmonchilik rasm-rusumlariga to‘la amal qilib yashashga harakat qilishar ekan. Nafaqat Turkistonda tug‘ilgan, o‘sganlar, ularni avlodlari ham bemalol o‘z tillarida suhbat quradilar.
— Nega, o‘z yurtingizdan kelin-kuyov qilmaysizlar? Zotan, qarindosh-urug‘larda tenglari topiladi-ku.
— Ajab emas bundan buyon nasib etsa. Bizni nafaqat quda-andachilik borasida, boshqa sohalarda ham sizlardan iltijo-iltimosimiz bor, sotib olishga ham, har qancha sarf-xarajatga ham rozimiz. Avvalo bordi-keldidagi rasmiyatchiliklar, shubhalar haddan tashqari ko‘p, kerak-kerakmas ming xil «chig‘iriq»lar kamaysa, keyin biz uchun lotin yoki arab harfida kitoblar yubo-
rib tursangiz. Videofilmlar nima degan narsa. Yurtimiz hayotiga, turmush tarziga oid, so‘lim tabiati, ko‘rkam kishilari haqida hikoya qiluvchi, xonanda-sozandalar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar yozilgan videokasetalar, lentalarga zormiz. Bir nusxada bo‘lsa ham mayli, o‘zimiz ko‘paytirib olamiz.
— Nega o‘zlaringiz, ota-bobolarimiz Navoiy, Bobur, Ulug‘bek haqidagi, boshqa o‘zingizga ma’qul adiblarning kitoblarini, she’rlarini chop etmaysizlar?
— Alijon, Ne’matilla, Abdullaxo‘ja, Abdul Rauf aka, o‘ylab ko‘rsalaringiz bo‘lmaydimi bu haqda. Xorijdagi ukrainlar, beloruslar, armanlar va boshqa millat vakillari nashr etadilar-ku, hatto Taras Shevchenko, Yanka Kupala haykallari bor.
— Biz ham Alisher Navoiy bobomizning rasmlarini ishlatib qo‘yganmiz.
— Kanday yaxshi, ma’qul ish.
— Cho‘lpon she’rlarini nashr ettirganmiz. Ergash Buloqboshi ismli shoirimizning bayozlari ham chop etilgan.
— Har holda ko‘proq nashr etilsa ingliz tiliga tarjima qilinsa sizlarga nisbatan xalqlarning hurmati oshmaydimi? Qars ikki qo‘ldan chiqadi. Biz o‘z tomonimizdan harakat qilaylik. Siz bu yerdan.
— «Sovet O‘zbekistoni» jurnali, «Oydin» gazetasi juda kech keladi, O‘zbekiston radiosining vatandoshlarga bergan eshittirishlari bizgacha yetmaydi. Oshkoralik ochiq-oydin fikr almashish imkoniyati qancha muammolarni o‘rtaga qo‘ymayapti. O‘ylaymizki, ularning yechimi ham bo‘ladi. Mutasaddi idoralar, xodimlar buni qo‘lga oladilar.
Xotin-qizlar xonasida rubob, doira jo‘rligida sho‘x qo‘shiq eshitiladi. Dilafro‘z boshqa ayollarni o‘rtaga chorlab raqs tushadi. Keksalar ijozati bilan Dilafro‘zni erkaklar davrasiga chorlaydilar. Rubob, doira chalib ashula aytayotgan yahudiy yigitlari raqsdan keyin, vazmin klassik maqom ohanglariga, ashulalariga ko‘chishadi. Vatandoshlar bilan ziyofatimiz milliy taomlar — norin, palov, qovurma, chuchvara, manti, varaqi somsa, qazi qo‘yilgan dasturxondagi ovqatlardan olib tamaddi qilish, so‘ng choy, qahva ichish bilan tugadi. Mezbonlar bizni mehmonxonagacha kuzatib qo‘yishdi. Ertasi aeroportga bizni kuzatgani vatandoshlardan vakil bo‘lib Abdullaxo‘ja, «Frendship fors» tashkilotidan Eduard Xojman chiqishdi.
Uchish oldidan bir piyola choyga taklif qilishdi. E. Xojman, Abdullaxo‘ja biz bilan birga o‘tirdi. Davrada Tursun Rashidov, Erkin Vohidov ham kamina bor edi. Biz e’tibor, mehmondo‘stlik uchun yana bir bor minnatdorchilik bildirib, Abdullaxo‘jani ota yurtiga taklif etdik. U minnatdorchilik bildirib Olloh xohlasa albatta sayohatga chiqishini, bu istak ko‘plarda borligini aytdi.
— Erkin aka, o‘sib-ungan joyingizda obro‘yingiz baland, hurmatingiz yaxshi, lekin biz ham sizni sevamiz, ardoqlaymiz. — U qizargan ko‘zlarini dasturxonga tikib, qo‘shib qo‘ydi. — Onaning o‘ziga xos xushbo‘y hidi bo‘ladi. Men sizlarda ona hidini sezdim.
Amerika Qo‘shma Shtatlarida ko‘p narsalarni ko‘rdik, hammasini bir xotirot daftariga sig‘dirish qiyin. Hamrohlarim to‘ldirishar. Men bir narsaga amin bo‘ldimki, xalq diplomatiyasi hayotbaxsh, xayrli, istiqbolli diplomatiya ekan. Erkli bashar, yangi dunyo solgan bu yangi yo‘ldan ko‘proq yuraylik. Xorijda faqat dushmanmas, do‘stlarni ham ko‘raylik. Sog‘inchdan muzga aylangan siynalarni isitaylik. Poyoni yo‘q dunyoda yaxshi nom, yaxshi iz qolsin. Jahongirlik siyosati ortda qolsin, dilda vahima bilan yashamaylik, qonlarga kim qonibdi, hech kim! Kishanlar taxti yonsin, tinchlik, osoyishtalik quyoshi, osmonimizda hamisha porlab tursin.
“Sharq yulduzi” jurnali, 1989 yil, 6-son