OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Irisali Toshaliyev. O'rgangan ko'ngil… (1991)

Davlat tili haqidagi Qonun ijrosining sustlashib borayotgani o‘z eli, o‘z tiliga e’tiborli, e’tiqodli kishilarni tashvishga solmoqda. Qonun belgilab bergan tadbirlarning bajarilishi milliy basirligu fikri ojizlikka, to‘ralarcha bepisandligu loqayd xudbinlikka yuzma-yuz kelib qoldi. Davlat tili maqomining amaliy mavqega intilishi qatag‘on yillarda qaror topgan adolatsiz lisoniy vaziyatni saqlab qolish yo‘lidagi harakatlarga birmuncha jon bag‘ishlaganday. Markaziy ro‘znoma va oynomalarda chop etilayotgan xabarlarni, kuyunchaklik bilan yozilayotgan mulohazalarni o‘qib bunga ishonch hosil qilish qiyin emas. Binobarin, milliy til maqomiga choh qaziyotgan kuchlar uzlatga chekinmoqchi emas. Ular ichdan ham, toshdan ham goh oshkora, goh pinhona harakat qilishmoqda. Sir emas, ona tili maqomining mohiyatini idrok etish nari tursin, bu xususda o‘ylashga, mulohaza yuritishga e’tiborsizlik qilayotgan yoki buni mutlaqo istamayotgan millatdoshlarimiz ham anchagina. Tildagi tengsizlik tarafdorlari, adolatsiz lisoniy «muvozanat»ni targ‘ib qilayotganlar Zarafshon shahrini Zlotogorsk deb yangidan nomlash talabi bilan chiqayapti. Xullas, til haqidagi qonun ijrosining faol imkoniyati va unga zid xudbin kayfiyat bugungi kunda bir-biriga ro‘baru keldi.
Buning sabablarini, bizningcha, hozirgi davr milliy til siyosatidagi turli xil nuqtai nazarlar va amaliy yo‘nalishlardan izlash lozim.
Kezi kelganda aytish kerak, turg‘unlik davrida, hatto «til siyosati» atamasining o‘zi deyarli iste’moldan chiqarilib, «milliy tillar qurilishi», «tillarni rejalashtirish» yoki «tillar madaniyatini takomillashtirish» singari tumtaroq va chuchmal ifodalar bilan almashtirilgan edi. Mana shu aqida qon-qonimizga singib ketgan ekanmi yo til muammosini siyosat bilan bog‘lab talqin etishdan qo‘rqishmi, harholda, «til siyosati» ifodasini ishlatishga hozir ham ehtiyotkorlik bilan yondashilmoqda. Bu turg‘un tasavvur jumhuriyatlarning milliy davlat tili maqomiga erishish harakatiga soya tashlamoqda; milliy til siyosati tushunchasini turfa tarzda talqin etishga sabab bo‘lmoqda.
Til siyosati deyilganda, eng avvalo, davlatning milliy til taraqqiyotiga ta’sir etish maqsadida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlari nazarda tutiladi. O’zbek tiliga davlat maqomi berilishi hozirgi milliy siyosatning tarkibiy qismi. Bu muhim ijtimoiy-siyosiy masalani milliy mustaqillik muammolaridan ayri qarab bo‘lmaydi.
Lekin Ittifoq shartnomasi loyihasida «Shartnoma qatnashchilari millatlararo aloqa vositasi bo‘lib qolgan rus tilini SSJning davlat tili deb e’tirof etadilar», deb qayd etilgan. Axir, yetmish yildan beri rus tili davlat tili maqomida amal qilib kelmadimi?! Agar Ittifoq shartnomasi loyihasidagi mana shu modda qonun tusida e’tirof etilar ekan, jumhuriyatlarning davlat tili haqidagi qonunlarining amalga oshirish haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Chunki bunday shartnoma markazlashtirilgan til siyosatiga ham rasman, ham amalan qonuniy tus beradi. Lisoniy adolatsizlik yana oldingi huquqiy maqomiga erishadi. Oqibatda, milliy tillar yana sustligicha, tor faoliyat maydoniga kirib qolaveradi. Eski hammom, eski tos. Shartnoma loyihasi mana shu tengsiz, adolatsiz lisoniy vaziyatni e’tirof etishga undaydi. E’tirof etish esa yagona majburiy davlat tilini tan olish, milliy tillarning mustaqilligidan, ularning endigina erishgan qonuniy maqsadidan voz kechishga undaydi.
Markaziy matbuot (shuningdek, ko‘pchilik rus tilshunoslari ham) millatlararo aloqa tiliga davlat maqomini berish zarurligini jumhuriyatlarda qabul qilingan til haqidagi qonunlar bilan bog‘lamoqdalar. Ular milliy tillarning davlat maqomini olishi rus tilining ta’siri va harakat maydonini toraytiradi, rus tilida gaplashuvchilarning huquqiga xalal beradi, deb uqdirmoqdalar. Lekin milliy tillarning davlat maqomiga erishuvi o‘sha tillarning faol taraqqiyotini, milliy madaniyatning ravnaqini o‘ylab amalga oshirildi-ku! Ona tili davlat maqomining qoiun yo‘li bilan tiklanishi adolatsiz lisoniy vaziyatni to‘g‘rilash, til ekologiyasini ta’minlash, xullas, milliy o‘zlikni anglash yo‘lida qo‘yilgan majburiy tadbir ekanligini hech kim yashirayotgani yo‘q. Bunday yo‘l tutish faol va hokim til tazyiqidan xolos bo‘lish hamda o‘z-o‘zini muhofaza qilishning zarur sharti ekanligi ko‘pchilikka bugun ayon.
Rus tilining esa bunday tadbirga ehtiyoji yo‘q. Ijtimoiy-iqtisodiy sharoit unga juda katta imtiyoz yaratib bergan. Bu imtiyoz har qanday davlat maqomidan ortiq bo‘lsa ortiqki, aslo kam emas. Uni, V. I. Lenin ko‘p bor ta’kidlab o‘tganidek, iqtisodiy munosabatlarning o‘zi qaror toptirgan.
V. I. Lenin, liberallarning agar Rossiya birlashgan va bo‘linmas davlat ekan, demak, u bitta umumdavlat tiliga ega bo‘lishi va bu til, albatta, rus tili bo‘lishi kerak, degan noto‘g‘ri qarashlarini «teskari mantiq» deb baholagan edi. U «Majburiy davlat tili kerakmi?» degan maqolasida «Liberallar pozitsiyasi — xiyla «madaniyroq» va «nozikroqyadir. Ular ma’lum doirada (masalan, quyi maktabda) ona tiliga yo‘l qo‘yilishiga tarafdordirlar. Ammo, shu bilan bir vaqtda, ular majburiy davlat tili bo‘lishini yoqlaydilar. Bu til, go‘yo «madaniyat» manfaatlari uchun, «birlashgan» va «bo‘linmas» Rossiya manfaatlari va hokazolar uchun zarur emish», deb kinoya qilgan va «bir qo‘lini (oshkora ravishda) demokratiyaga uzatadigan, ikkinchi qo‘lini esa krepostniklarga va politsiyaga (orqavorotdan) uzatadigan savdogarlarga» o‘xshatgan edi.
To‘g‘ri, davlat tili, umumdavlat tili degan atamalardan voz kechish kerakligini, buning o‘rniga umumiy yoki rasmiy til degan atamani ishlatishni taklif qilayotganlar ham bor. Bu bilan masalaning mohiyati o‘zgarib qolmaydi.
Partiya va xukumatimiz 70 yil davomida qabul qilgan hujjatlar va qarorlarning deyarli barchasida milliy tillarning teng huquqliligi, ularning erkin taraqqiyotiga sharoit yaratib berish zarurligi ta’kidlab o‘tilgan. Ayrim hujjatlarda esa o‘z tilida ish yurituvchi kadrlarni tarbiyalash zarurligi, lavozimdor shaxslarning mahalliy aholi tilini bilishi shart ekanligi alohida qayd etilgan ham. Bugun ularning bir siyosiy o‘yin sifatida qog‘ozdagina ekanligi ayon bo‘lib qoldi. Amalda esa boshqacha kechdi: o‘z ona tilingdan, uning qudratiyu madaniyatidan faxrlanish, uning erkinligiyu faolligi haqida qayg‘urish millatchilik sanaldi. Yozilmagan bir qoida qaror topgan edi: ona tili haqidagi gapni, albatta, uning taqdiriyu taraqqiyoti uchun beqiyos hissa qo‘shayotgan ikkinchi ona tiliga madhiya aytishdan boshlash urfga kirdi. Tilshunoslikka oid ilmiy tadqiqotlarni bunday hamdu sanosiz yozib bo‘lmasdi. Milliy maktablar va milliy madaniyatlar salmog‘i tarozining albatta, tosh bosa olmaydigan pallasiga munosib ko‘rildi. Oqibatda, ruszabon aholi ittifoqning qaysi bir burchagida yashamasin, o‘sha yerning tiliga ehtiyoj sezmaydigan bo‘lib qoldi. Katta og‘aliq mavqei, millatlararo aloqa tili maqomi ularni boshqa milliy tillarni o‘rganish va amalda bu tillardan foydalanish tashvishidan ozod qilib qo‘ydi. Barcha jumhuriyatlarda, barcha mahkamayu korxonalardagi davlat idora boshqaruvi faqat rus tilida olib boriladigan, bu tilni yaxshi bilmaydiganlar rahbarlik ishiga yaqinlashtirilmaydigan bo‘ldi, milliy maktablar soni kamaya bordi. Odamlar o‘z farzandlarini milliy maktablarda o‘qitishni istiqbolsiz, deb baholashga o‘rgandi.
Siyosiy-ijtimoiy sharoit tirik tilni o‘lik tilga aylintirishi mumkinligiga nafaqat tarix, balki biz yashab turgan davrning o‘zi ham guvoh. Ammo bunday ijtimoiy sharoitning yuzaga kelishi davlatning milliy til siyosati bilan bevosita aloqadordir. Tirik tilni o‘ldiradigan bunday lisoniy vaziyatni ijobiy jarayon, deb uqdirish esa borib turgan xudbinlikdir. Axir milliy tillarning o‘ksik va kemtik bir holga tushishi markazlashtirilgan til siyosatining oqibati emasmi?
O’rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas, deydilar. Barchaga ayon o‘sha «ikki tillilikni» ittifoqdagi ko‘p xalqlar uchun tuhfa qilingan ezgulik, milliy tillar uchun nufuzli bir taqdir, deb da’vo qilayotganlarga nima deysiz?
Amaldagi ikkitillilik ikki tilning to‘qnashuvi demakdir. Ikkitillilik, ikkimadaniyatlilik faol-hokim til va sust tobe til o‘rtasidagi tanglikni bartaraf etolmaydi. Maqomi past, faoliyati sust til bora-bora yo‘q bo‘lib ketishi tayin. Qonuniy, huquqiy tanglik esa amaliy mutanosiblikni, lisoniy muvozanatni belgilovchi mezon bo‘lolmaydi.
Rus tiliga davlat maqomi berilgandan keyin o‘zbek tilini o‘rganishga bo‘lgan intilish keskin kamayganligi shundan dalolat emasmi! Rus guruhlarida o‘zbek tilidan ta’lim beruvchi o‘qituvchilarning kuyunib e’tirof etishlaricha, tinglovchilar tilimizni o‘rganishdan bosh tortib, bizga bitta davlat tilining o‘zi ham yetarli, deyishayotgan ekan.
Jumhuriyatimizning til haqidagi qonuni ijrosi shubha ostida qolganligini yashirmaslik kerak. Shu jihatdan O’zFA muxbir a’zosi G’. Abdurahmonovning «Davlat tili haqidagi qonuniga tuzatish va o‘zgartirishlar kiritish xususidagi fikri e’tiborga molik. Bu ishda chor Rossiyasi davrida ham Turkiston general-gubernatorining mahkama va ma’muriyatning barcha amaldorlaridan o‘zbek tilini o‘rganishini talab qilingani, buning uchun bir yillik muddat taklif etgani hisobga olinsa yomon bo‘lmasdi. Aks holda davlat tili haqidagi qonun ijrosi mulohaza va munozara bosqichidan nariga siljishi mushkul.
SSSR Fanlar Akademiyasi muxbir a’zosi, tilshunos N. Yu. Shvedova shunday yozadi: «Til ittifoqi tillarning teng huquqli faoliyatini nazarda tutadi: bizda esa jumhuriyatimizdagi milliy tillar yo rus tili iskanjasiga tushirilib qo‘yiladi yoki o‘z-o‘zini himoya qilish maqsadida undan ajralib, mustaqil bo‘lishga intiladi». Jumhuriyatimizning davlat tili haqidagi qonuni ham mana shu iskanjaga qarshi chora sifatida qabul qilinmadimi!
Shuni ham aytish kerakki, millatlararo aloqa tilining — butun jamiyatning, barcha millatlarning ma’naviy madaniyatini oshirishga, boshqa xalqlarning milliy biqiqligini tugatishga, ularning bilimli, ma’rifatli bo‘lishlariga, baynalmilallikni kuchaytirishga qodir yagona qudratli til ekanligi haqidagi talqin hamon avjida. Rus tili boy tafakkur xazinasiga ega ekanligiga shubha yo‘q. Bu haqiqatni hadeb takrorlayverishini milliy lisoniy g‘ururlanishga yo‘yish ham mumkin. Lekin me’yoridan ortgan ta’kid minnatga, boshqalarni kamsitishga aylanishini esdan chiqarmaslik zarur. Ayni paytda, bizda, o‘z ona tilimizdan faxrlanish tuyg‘usi o‘tmaslashib qolganini ham e’tirof etish lozim. O’z tiliga loqayd, bepisand kishilarda bu ezgu tuyg‘uning o‘tkirlashuviga yordam beradigan til ta’limi va tashviqini kuchaytirish xususida jiddiy o‘ylab ko‘rish payti keldi. Bu ish ham davlat tili haqidagi qonun ijrosining uzviy qismiga aylanishi zarur. Shu jihatdan o‘zbek tilshunosligi aniq ishlarni, faol targ‘ibotni amalga oshirishi, til tanqidini tiklashi va yo‘lga qo‘yishi kerak. Matbuot yordamida odamlarga hozirgi davr til siyosati muammolari tushuntirilsa, bu sohada yuzaga kelayotgan ayrim yaltiroq ifodayu shiorlar mohiyatini fahmlashda ularga ko‘maklashilsa chakki bo‘lmaydi.
Zamona zaylini qarangki, bugunga kelib, rus tilida so‘zlashuvchi aholi huquqlarini muhofaza qilish zarurati tug‘ilganmish. Milliy ongning uyg‘onishi milliy to‘qnashuvlarga, jumhuriyatlarning davlat tili haqidagi qonunlari ruszabon aholining ko‘chib ketishiga olib kelayotganmish. Milliy tillarga davlat maqomining berilishi biz uchun ranj va g‘am ketirmoqda, deb afsuslanadi «Literaturnaya gazeta»dagi «Besh daqiqasi kam qochoqlar» nomli maqola muallifi Igor Rogov. Uzoq qishloq yo‘lidagi ruscha yozuvning o‘zbekchaga aylantirilganini tentaklarning yoki ashaddiy yaramaslarning ishi, deb hisoblaydi M. Abdullaev o‘zining «Soyuz» ro‘znomasidagi «Farg‘ona uchburchagi» maqolasida. SSSR xalq deputati R. Otajonov to‘g‘ri aytganidek, «bundan ortiq haqoratni o‘ylab topish mumkin emas» («Sovet O’zbekistoni», 1991 yil 5 fevral).
Qochoqlar haqidagi uydirma davlat tili haqidagi qonunga qarshi qayralgan bir yarog‘, xolos. Bu xil uydirma olma o‘g‘irlayman deb qo‘lga tushgan afandining ahvolini eslatadi. Afandidan «Bog‘da nima qilib yuribsan?» deb so‘rashganida, u «Nega xotiningga kalish olib bermaysan?» deb do‘q qilgan ekan bog‘ egasiga. Qochoqlar haqidagi uydirmada ham shunga o‘xshash mantiq bor. O’z elingga, o‘z ona tiling muhitiga qaytish qochoqlik hisoblanadimi? O’z yurtida turib, tez yordamga o‘z tilida qo‘ng‘iroq qilolmayotgan, turarjoy boshqarmasi idoralariga chiqib, o‘z tilida arzini aytolmaydigan o‘zbek qayoqqa qochadi, axir! Davlat idoralari va mahkamlariga ishi tushgan o‘zbek o‘zi bilan tarjimon olib yurishi kerakmi! Yoki bu inson huquqlarini kamsitishga kirmaydimi? Har bir tilning maqomi, martabasi uning egasi yashayotgan xudud bilan, u yerdagi aholining nutq faoliyati bilan tayin etiladi. O’zbek tilining davlat maqomi O’zbekistondan tashqarida ham amal qilsin, deb talab qilayotgan odam yo‘q. Bordiyu shunday qilinsa, bu tazyiq o‘tkazish vositasiga aylangan bo‘lur edi.
O’zbek tilining, asosan, O’zbekiston bilan bog‘liqligi ham taqdir taqozasi. Bu nihoyatda muhim omil. Nega endi bu omilni hisobga olish inson huquqini mensimaslik hisoblanar ekan? So‘nggi paytlarda inson qaerda yashamasin, uning barcha huquqlari saqlanishi kerak, degan fikr bevosita davlat tili haqidagi qonun bilan bog‘lanmoqda. Har holda shaxs huquqini muhofaza qilish shioriga odamlarni ishontirish osonroq va qulayroq-da! Bunga e’tiroz bildirishning qiyinligi bor. Hatto yakka shaxsning huquqi butun bir xalqning huquqiga nisbatan muhimroq, degan fikr ham o‘rtaga tashlandi. Avvalo, alohida shaxsning til mavqei bilan butun bir millat tilining maqomi tushunchalarini qorishtirmaslik kerak. Gap jumhuriyatimizdagi barcha millat vakillarini o‘zbek maktablarida o‘qitish, ulardan badiiy asarlarni, ilmiy ishlarni o‘zbek tilida yozishlarini talab qilish haqida ketayotgani yo‘q. Bu borada shaxsning ixtiyori o‘zida. Lekin u qaerda, qanday sharoitda yashayotganligini hisobga olishi kerak. Keyin davlat tili degani, eng avvalo, davlat idora boshqaruvi tili degani. Binobarin, muayyan xalq bilan muloqotda bo‘ladigan rahbar, mansabdor shaxsning shu davlat tilini bilishi zarur.
Xalq bilan uning o‘z tilida gaplashmaslik, unga yot til vositasida rahbarlik qilish, uning urf-odatlari, madaniyatiga bepisandlikni inson huquqini poymol etish desa bo‘ladi. Xalqning tilini, dilini bilmaganlik sababidan rahbarlikdan, lavozimdan chetlatish shaxsni mensimaslik emas. Binobarin, bu holni qochoqlar yoki inson huquqi bilan bog‘lash til siyosatini soxtalashtirishning, milliy idora boshqaruvidagi markazlashtirilgan vaziyatni saqlab qolishga yntilishning naq o‘zginasi. «Rus tilida so‘zlashuvchi aholi huquqlarini himoya qilish» shiori bu borada durustgina «xizmat» qilmoqda. Shoir Jamol Kamol: «rus tilida gaplashuvchi aholi» degani nimasi? Shunday bir xalq yoki shunday bir millat bormi o‘zi? yo‘q, bu o‘ylab chiqilgan matoh... to‘qib chiqilgan yolg‘on... xunuk bir niqob» deganida butunlay haq («O’zbekiston adabiyoti va san’ati», 1990 yil, 7 dekabr). Darhaqiqat, har bir millatni o‘z ismi sharifi bilan atab, so‘z yuritilsa haqiqatni yolg‘ondan ajratib olish oson kechadi. Sababi o‘sha «aholi» ichida davlat mahkamalarida xizmat qilayotgan, ammo o‘z tilini unutgan, uni o‘rganishni xushlamayotgan yurtdoshlarimiz, qonun ijrosidan norozi bo‘layotgan, tavishga tushayotgan elatdoshlarimiz oz emas. Elimizning ertasi, tilimizning istiqboli uchun xavotirli hol bu.
To‘g‘ri, o‘zbek tilini o‘rgatuvchi kurslar tashkil etilgan. Ammo ularning aksariyat qismida mashg‘ulotlar xo‘jako‘rsinga olib borilayotganligi, hozircha biror natija bermayotganligi sir emas. Qancha vaqt, qancha mablag‘ samarasiz sarflanmoqda! Bu hol «qani kutib turaylikchi, balki vaziyat o‘zgarib qolar», deb yurgan e’tiqodsizlarga, Qahhor ta’biri bilan aytganda, «preyskurant» so‘zini xuddi o‘zi o‘ylab chiqargandek kerilib aytadigan dimog‘dorlarga juda qo‘l kelmoqda. Ular o‘zlarini ikkitillilar qavmiga mansub deb bilishadi. Bunga ular bir jihatdan haqli. Zero, ikkitillilik degan atamalarning o‘zi mohiyat e’tibori bilan zohiran yaltiroq va beozor, botinan qaltiroq va beqaror tushunchani ifodalaydi. Ikkitillilik, aslida chalatillilik degani. Bunday nutqiy faoliyat ora yo‘lda qolgan lisoniy aloqa muhitini yuzaga keltiradi.
Ayrim mashhur olimlarimiz, rus tilida ijod qiladigan o‘zbek adiblari hamda mas’ul rahbarlarning radio va oynai jahon orqali beriladigan nutqlarini, suhbatlarini eshitib, bunga to‘la ishonch hosil qilish mumkin. Ularning o‘zbekcha nutqi nihoyatda g‘arib: ohangi yot, tarkibi sust, tartibi buzuq. Xullas, cho‘qilgan, g‘ajilgan bir til. Ana shu toifadagi odamlarning o‘z fikrini ne mashaqqat bilan ifodalayotganlarini, zarur so‘zni topolmay nochor ahvolga tushib qolishini ko‘rib, qiynalib ketadi kishi. Texnika fanlari nomzodining davlat tili yaxshi bo‘ldi-yu, lekin lektsiyalarni o‘zbek tilida o‘qiysan, deb boshni qotirayotgani chatoq-da, deb zorlanishi, faylasuf olimning men o‘zbekcha falsafiy atamalarni tushuna olmayapman, deb quyunishi mana shu chalatillilik oqibati. Qonun ijrosi haqida gap ketganda ko‘pchilik mansabdor kishilar rasmiy hujjatlarni o‘zbekcha yozish qiyin bo‘lyapti, zarur so‘z va nutq andozalari topilmayapti, deb bahona qilishmoqdalar. Bu ham aslida mohiyati chala, maqsadi soxta, maqomi tengsiz ikkitilllik oqibati. Ruscha o‘ylab, rus tilida fikrlab o‘zbekcha gapirish, o‘zbekcha yozish natijasi bu. Rus tilini ham ruscha idora boshqaruvi andozasi darajasidagina egallagan kishining o‘zbek hujjatnavisligidan bexabarligi tabiiy bir hol. O’zbek tili rasmiy idoraviy nutq uslubining «qoloqligi», kemtikligi esa uning idora boshqaruvi tuzugi sohasida ko‘pdan beri ishlatilmay kelayotganidandir. O’zbek tilining O’zbekistonda ilm-fan va idora boshqaruvi sohalarida ishlatilishi nihoyatda cheklab qo‘yilishida chalatilli elatdoshlarimizning ham hissasi bor. «O’n yillar davomida rus tili ilmiy izlanishlar borasidagi (rasmiy idora boshqaruvida ham) asosiy, hatto yagona til bo‘lib qoldi. Jumhuriyatimizdagi ko‘plab ilmiy-tadqiqot institutlarida o‘zbek tilida yozilgan asarlar nashr etilishi kamdan-kam uchraydigan hodisa edi. O’zFA Tarix institutida 1980—1985-yillarda yozilgan ilmiy asarlarning 80 foizi rus tilida, 12—13 foizi xorijiy tillarda, faqat 3 foizi, u ham bo‘lsa ommabop maqolalar — o‘zbek tilida nashr etilgan. Ko‘plab olimlar o‘zbek tiliga mensimay qarash shakllangani tufayli o‘z ona tilida biror asar, hatto kichik bir maqola ham yozishga qodir bo‘lmay qoldilar. Hatto o‘zbek tili, qadimiy qo‘lyozmalar tahlili, o‘zbek adabiyotiga oid ilmiy ishlar ham, asosan, rus tilida himoya qilindi», deb yozadi SSSR Fanlar Akademiyasi muxbir a’zosi Erkin Yusupov o‘zining «Til kamoli — millat jamoli» degan maqolasida («Xalq so‘zi», 1991 yil 22 yanvar). Maqola muallifi: «Bu boradagi kamchiliklarda rus o‘rtoqlarimizni ayblash mumkin emas, albatta. Bu xatolar uchun siyosiy ongi past, milliy qadriyatlarini tushunmagan o‘zbek ziyolilarining o‘zlari ham aybdordir»,— deb ta’kidlaydi. Juda to‘g‘ri fikr. Demak, chalatillilik chala madaniyatlilikni, va aksincha, chalamadaniyatlilik chala tillilikni zuhur etarkan.
Xalq tili — xalq madaniyati. Ikki madaniyatlilikning mohiyati ham ikkitililik singari mukammallikdan uzoq.
Milliy til muammolari hal qilinayotgan jarayonda murasasozlik, loqaydlik qilish axloqsiz siyosat tegirmoniga suv quyishdan boshqa narsa emas. Bunday til siyosati turg‘unlikka, milliy mahdudlikka olib boradi. Qayta qurish bizni faol va jadal nutq vaziyatiga undayapti. Bu boshqa millat vakillarini jumhuriyatimiz davlat tili muhitiga ko‘nikishiga, o‘zi yashayotgan hududga mansub madaniy-axloqiy qadriyatlarni fahmlashiga faol yordam beradi. Til o‘rganish va undan foydalanish tabiiy nutqiy aloqa muhitida tez va oson kechadi. O’zbek tilini bilish uchun odamlar bilan shu tilda muloqot qilish ham kerak. O’zbek tilini o‘rganaman degan kishi bilan faqat ruscha gaplashaversak, uning sa’y-harakatiga to‘sqinlik qilgan bo‘lamiz. Til ekologiyasi (muhofazasi), milliy Til siyosati jug‘rofiy tasavvurni ham o‘z ichiga oladi. O’zbek tili davlat maqomining amaliy ijrosi uchun ayni mana shu muhitni va unga ehtiyojni his etish yetishmayapti...
Milliy tillar mavqeiga doir bahs-munozaralar junbushga kelgan hozirgi davrda til siyosati va til muhofazasi muammolariga, bu sohadagi siru sanoatlarga nazar tashlash va ulardan ogoh bo‘lish muhim amaliy ahamiyatga molik. Bu kishilarning ona tili maqomi va istiqboliga doir tasavvuriyu mafkurasini shakllantirishga, tilimiz taraqqiyoti uchun zarur bo‘lgan.ruhiy lisoniy va axloqiy omilni, ishchan aloqa muhitini qaror toptirishga yordam berishi shubhasiz.

Irisali Toshaliyev, 
filologiya fanlari nomzodi, dotsent
«Sharq yulduzi» jurnali, 1991 yil, 8-son

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.