Xalq tarixi xalqqa qanday yetkazilmoqda. Bosmachilik?! Mohiyat anglab yetilmaganda... So‘zi boshqa, ishi boshqa... Milliy-ozodlik kurashchilari... Hujjatlar tilga kirsa... Tasavvurni o‘zgartirish kerak...
Davra suhbatida O'zFA Tarix institutining Oktyabr inqilobi va fuqarolar urushi bo‘limi mudiri, tarix fanlari nomzodi Marat Hasanov, shu institutning tarixshunoslik, manbashunoslik va arxeografiya bo‘limi mudiri, tarix fanlari nomzodi Valeriy Germanov, Toshkent xalq xo‘jaligi institutining «O'zbekiston madaniyati tarixi» kafedrasi mudiri, dotsent Shodi Karimov, O'zFA Qo‘lyozmalar institutining katta ilmiy xodimi, filologiya fanlari nomzodi Qozoqboy Mahmudov, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining mas'ul kotibi, shoir Miraziz A'zam, oynoma tanqid va adabiyotshunoslik bo‘limi katta muharriri Asqar Haydarov ishtirok etishdi.
Davra suhbatini oynoma bosh muharriri o‘rinbosari, yozuvchi Omon Muxtorov olib bordi.
O. Muxtorov. So‘nggi paytlar tarixga munosabat keskin o‘zgardi. To‘g‘rirog‘i, biz o‘zimizning yillar davomida ko‘zlarimiz bog‘lab qo‘yilganini his etdik. Qarshimizda qopqalar keng ochildi.
Bunday paytda kishi bir suyunib, bir mahzun holga tushasan. Suyunishga sabab - zanjirband qilib chuqur chohlar tubiga tashlab qo‘yilgan haqiqatning nihoyat yuzaga chiqayotgani bo‘lsa, mahzunlikka sabab: zamonlar davomi baxtsizlik tuygan xalqning «baxtiyor bir zamonda» yangi ko‘lfatlarga duchor qilingani, oldingidan battar qullik holatiga tushganini his etib, bu fojiani anglay boshlaganimizdadir.
Qisqasi, bugun biz o‘z tariximizni yaxshi bilmaganligimiz ham, tarix birovlarning irodasiga bo‘yinsungan holda buzib, noto‘g‘ri, chalkash ko‘rsatib kelingani, butun avlodlarni shu ruhda tarbiyalagani ham oshkor bo‘lib qoldi. Shuning barobarida, butun tarix, ajdodlarimiz nazdida bizning mas'uliyatimiz o‘sdi. O'tmishimizga boricha, tarix haqiqati nuqtai-nazaridan baho beradigan payt keldi.
Davra suhbatimizda yaqin tariximizdagi eng murakkab davr - fuqarolar urushi davri haqida fikrlashib olsak.
Men bunday deb o‘ylayman. Xalqqa malomat tamg‘asini bosishga urinib, bosmachilik deb atalgan harakatni, aslida, xalqimizning milliy-ozodlik harakati deb tushunish kerak. Inqilobmi, boshqa buyuk bir maqsaddanmi kelib chiqib, sargardonlikka, qon to‘kilishiga bois bo‘ladigan har qanday voqea hozir dunyoning hur fikrli kishilari tomonidan baribir qoralanmoqda. Minglab odamlar orasida norozilik nega uyg‘onganini anglamay-tushunmay turib, menimcha, biz inqilob kunlariga ham, undan keyingi davrga ham to‘g‘ri baho berolmaymiz.
Jarayonni ikki og‘iz so‘z bilan taxminan bu yo‘sinda tasvirlash mumkin: inqilob bizga ma'lum darajada chetdan olib kelingan. Xalqning tarixi, an'analari, ruhiyati, hayot tarzi hech kimni qiziqtirmagan. Xalqni o‘rganish, uning xalq ekanini hisobga olish yetarli bo‘lmagan. Zulm zulmni, yovuzlik yovuzlikni tug‘diradi. Bosmachilik degan harakatning ildizlari shu nuqtaga borib taqalsa kerak.
Ammo keyinchalik kimlarnidir o‘sha davr qahramonlari atab, qolgan ko‘pchilik xalq bosmachilar ro‘yxatiga kiritila boshlandi. Pirovardida, bir qator kitoblar, filmlar yuzaga kelib, xalqning katta qismi nodon, johil, qonxo‘r ekan, degan tushuncha hammayoqda o‘z hukmini o‘tkaza boshladi. O'z yeri.nomusi, tarixi, qarashlari toptalgan kishilar yuziga yangidan loy chaplangandek bo‘ldi.
Biron xalqni oqlash yoki qoralash emas, biz mana shu bor jarayonni ko‘z oldimizga keltirishimiz, bu haqda xolis fikr yuritishimizga to‘g‘ri keladi. Tarixiy haqiqatni xalqqa ilmiy-badiiy jihatdan asosli, to‘la-to‘kis yetkazishda, anglatishda, shubhasiz, olimlar va yozuvchilarning o‘rni, so‘zi salmoqli bo‘ladi.
M. Hasanov. Suhbatimiz mavzui dolzarb, ayni vaqtida o‘tkazilayotgani xayrli ishlardan biri, deb o‘ylayman. Chunki bosmachilik O'rta Osiyo tarixidagi eng murakkab hodisalar sirasiga kiradi. O'tgan o‘n yilliklarda shakllangan va mustahkamlangan totalitar mafkura ma'muriy-buyruqbozlik tartibi vujudga kelishiga zamin hozirladi, bu o‘z navbatida tarix fanlariga, xususan, uning Oktyabr inqilobi va fuqarolar urushi qismiga bevosita ta'sir ko‘rsatdi. Yolg‘on, noto‘g‘ri talqin qilish, ustiga-ustak, oshkora soxtalashtirish, mutlaqlashtirish hamda mavjud rejimni qo‘llab-quvvatlash oxir-oqibatda o‘z o‘tmishi haqida xira tasavvurga ega bo‘lgan xalqlar g‘azabini keltira boshladi.
Bugungi kunda, biz tarixchilarni ko‘p jihatdan o‘z ishimizda ko‘lamli ish olib bormayotganimiz uchun to‘g‘ri tanqid qilishmoqda. Ayniqsa, fuqarolar urushi tarixi bo‘yicha. Ammo ta'kidlab o‘tishim o‘rinliki, so‘nggi vaqtlarda bu jabhada olib borayotgan ishlarimiz tobora yaxshilanyapti. Ilmiy hayotdagi oshkoralik va demokratiyalashuv jarayoni tadqiqotlar tabiati hamda yo‘nalishini o‘zgartirish imkoniyatini yaratdi. Bundan olti-etti yil ilgari tasavvur qilmagan narsalar bugungi kunda reallik kasb etmoqda. Shu narsani aytib o‘tish joizki, bo‘limimizning bir aspiranti tarix fanlari doktori R. Rajabova rahbarligi ostida 1918-1923 yillarda Farg‘onadagi bosmachilik harakati mavzui ustida ilmiy ish olib borayotir. Yana bir nomzodlik dissertatsiyasi - 1921-1924 yillardagi Buxorodagi bosmachilik harakati haqidadir. Bundan tashqari, bo‘limimiz olimlari, ayni damda «Turkiston muxtoriyati» degan kitob ustida ish olib borishmoqda. Yuqoridagilardan kelib chiqib, tarixchilarga ta'na toshi otish, nazarimda, unchalik adolatdan bo‘lmas. Biroq tom ma'nodagi fan shoshma-shosharlik bilan yaratilmaydi, shu bois, uning natijalari ham keng jamoatchilikka bugun-erta emas, balki sal kechikib yetkaziladi.
M. A'zam. Bu shunchaki jiddiy masala bo‘libgina qolmay, ayni choqda millatning bor-yo‘qligini yoki qanchalik kamolotga yetganini ko‘rsatuvchi bir belgi hamdir. Shuning barobarida, milliy, baynalmilal masaladir. O'z tarixini bilmaydigan millatni bor deb bo‘lmaydi, bilsa ham bu haqda baralla gapirmaydigan millatni yetilgan deb bo‘lmaydi. O'z tarixini soxtalashtirishga yo‘l qo‘ymaydigan, u bilan faxrlanadigan millatgina komillik sari yo‘lda hisoblanadi. Ba'zi bir xalqlar ilmiy-texnik taraqqiyot cho‘qqisiga yetishgan bo‘lsalar-da, o‘zga xalqlar tarixini behurmat qiladilar, yo atayin soxtalashtiradilar. Bu esa nuqson va tanazzul alomatidir.
Millatlararo munosabatlar o‘txonaday qizib turgan bu kunlarimizda tarixga munosabatimizni asos-asosidan boshlab to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishimiz zarur, deb o‘ylayman.
Turkistonda tarixga munosabat, asosan, 20-yillarning ikkinchi yarmidan boshlab soxtalashtirish yo‘liga kirdi. «Buyuk inqilob» niqobi ostida ulug‘ millatchilik butun O'rta Osiyo va Qozog‘iston ko‘klarida qanot yozdi.
Zo‘ravonlik bilan tariximizni buzib ko‘rsatish, o‘z qo‘limiz bilan buzdirish siyosati shu qadar keng miqyos kasb etdiki, biz goh Yassaviyni «reaktsion», «diniy-mistik», Navoiyni «saroy shoiri», Boburni «bosqinchi» deb ta'rifladik, goh temuriylar davlatida qonxo‘rlikdan boshqa narsani ko‘rmadik. Jaloliddinning qahramonlik harakatidan ko‘z yumishga majbur bo‘ldik, goh islom obidalarini oyog‘osti qildik, o‘nlab asrlik tariximizni bilib-bilmaslikka oldik, darsliklarimizdan bir sahifa ham o‘rin bermadik, goh millatning o‘z mustaqil davlatini qurishga intilishini qoraladik, xalqqa ma'rifat eltishdan boshqa murodi bo‘lmagan, buning uchun jondan kechishga tayyor turgan fidoyi bir harakat - jadidchilikni - burjua millatchilik harakati deb o‘qitdik.
Xullas, tariximizning haqqoniy manzarasini tiklash uchun qiladigan ishlarimizning poyoni ko‘rinmaydi.
A. Haydarov. Ana shunday talqinlar olimu yozuvchilarimizning kitoblaridan kitoblariga ko‘chib o‘taverdi. «20-yillar o‘zbeklar hayotini yorqin, haqqoniy aks ettiruvchi» o‘nlab o‘tkir syujetli filmlar yaratildi. «O'zbekfilm» el og‘zida «Bosmachfilm» degan istehzoli nom oldi.
Qolar yomondan ham bir yaxshi «asar»,Bilolmas sababin fan ham, bilim ham.Bo‘lmasa gazanda bosmachi agarOyoqqa turmasdi «O'zbekfilm» ham,-degan satrlar yuzaga keldi. Bularning hammasi xalqimiz tarixidan bexabar bo‘lgan qardoshlarimiz orasida o‘zbeklar bosmachi degan taassurot uyg‘otdi. Hatto, bizning ilmdan yiroqroq yurgan sodda, go‘l, tez ishonuvchan millatdoshlarimiz ham ota-bobolarimiz bosmachi, o‘z elining dushmani bo‘lgan ekan-da, degan fikrga bordilar. Bir xil ovqatni hadeb tanovul qilish me'daga tekkani kabi, bosmachilarning «jallod, odamxo‘r, fashist...»ligi nihoyat bizda aks mulohaza uyg‘ota boshladi. Bilamizki, aks fikrlashimizga yetarli asoslar bor. Axir bosmachilik o‘z-o‘zidan tug‘ilgan emas-da.
M. Hasanov. Men ilmiy izlanishlari turg‘unlik zamoniga to‘g‘ri kelgan tarixchilar haqida mulohaza yuritarkanman, ular qilgan ishlarni butunlay qoralash, yerga urishni ko‘nglimga tukkan emasman. Tarixshunoslikda, jumladan, adabiyotshunoslikda ham, voqea-hodisalarga noan'anaviy qarash, qotib qolgan nuqtai nazarlarni chilparchin etishga urinishlar bo‘lgan. Kamtarlik yuzasidan ham, ularni inkor etish, menimcha, noshukrlikdir. Hatto turg‘unlik yillarining avj pallasida ham ilmiy adabiyotda Turkiston hukumatining diniy siyosatda yo‘l qo‘ygan xatolari aytilgan edi. Ularda o‘sha fojeiy davrda ro‘y bergan ocharchilik va boshqa deterministik (narsa va hodisalarning sababiy bog‘lanishi haqidagi materialistik ta'limot) omillarning o‘rni barligi haqida shunchaki gapirilgan edi. Lekin «hur» yillarda, Sho‘ro jamiyati rivojlanishining eng dramatik pallasida bosmachilik haqidagi ilmiy tasavvurlar tadrijiy o‘sishida qandaydir choh vujudga keldi. Baribiram ilmiy tasarrufga bugungi kunda mutlaqo boshqacha idrok qilinayotgan hujjatlar kiritila boshlandi. Ayni paytda keskin tanqid qilinayotgan professor A. Zevelevning «O'zbekistonda fuqarolar urushi tarixidan» degan kitobi 1959 yilda bosmadan chiqqan edi. Fursatdan foydalanib, diqqatlaringizni kitobdagi mana bu satrlarga tortmoqchiman: «Farg‘ona frontidagidek urush shu paytga qadar sodir bo‘lmagan edi: tutqich bermas dushmanni ortdan quvishga tushilgan edi» yoki: «Bosmachilik bilan kurashishning oldingi usullari, ya'ni ularni guruhi bilan ta'qib etish hech qachon biror natija bermadi va bermaydi ham», chunki «bu yerda front chizig‘i yo‘q, qayoqqa qarama urush».
Zevelevning ushbu kitobida birinchi bor Turkkomissiya a'zosi F. Goloshchekiyning bayonoti ham joy olgan: «U yoqda (Farg‘onada) siyosiy va iqtisodiy hayotda faqat o‘ta tartibsizlik va dahshat bor. Sinfiy kurash yo‘q, aksincha milliy kurash shiddatli tus olgan, bosmachilik esa Sho‘ro hokimiyati va guruhlarimiz sa'y-harakati tufayli vujudga kelgan», «partiyaning barcha a'zolari bosqinchilik qilmoqda, pora olmoqda». Nazarimda, bunday dalillarning kitobdan o‘rin olishi unchalik oson kechmagan hamda muallifdan katta jasorat va qat'iyatni talab etgan.
Sh. Karimov. Bosmachilikning paydo bo‘lish tarixi uzun. U XIX asrning ikkinchi yarmidan, to‘g‘rirog‘i, Chorizm istilosi davridan boshlangan. Bizga umumjahon tarixidan ma'lumki, mustamlaka xalqlar baribir, qachonlardir o‘zining mustaqil davlatini tuzish uchun kurashadilar. Buning uchun ilg‘or fikrli kishilar paydo bo‘lib, ular o‘z ortlaridan butun xalqni ergashtiradilar. Kishilik jamiyati taraqqiyotida muayyan darajada ta'sir ko‘rsatgan va millionlab odamlar taqdirida keskin iz qoldirgan Oktyabr inqilobi uning vujudga kelishini tezlashtirdi. Kerenskiy boshchiligidagi Muvaqqat hukumatni zo‘ravonlik bilan ag‘darib tashlagan Oktyabr inqilobini xalq tez va to‘la-to‘kis qabul qilmadi. Qabul qilganida mamlakatda dahshatli fuqarolar urushi boshlanmas, «harbiy kommunizm» siyosati joriy etilmas edi. Bu inqilobning allanechuk tasodif, noxush hodisa ekani, hatto uzoq Turkistondagi ro‘znomalarda ham o‘z aksini topdi. Proletar yozuvchisi A. M. Gorkiy «Novaya jizn»da e'lon qilingan «Demokratiyaga» deb ataluvchi murojaatida (bu murojaat o‘sha davrda chiqib turgan ko‘plab vaqtli matbuot nashrlarida, jumladan, «Turkestanskoe vedomosti» ro‘znomasining, 1917 yil 16 noyabr sonida ham ko‘chirib bosilgan) Oktyabr to‘ntarishiga o‘zining salbiy munosabatini bildirgan edi: «Lenin, Trotskiy va ularning hamtovoqlari hokimiyatning chuqur zaqqumi bilan zaharlanib bo‘ldilar. Ularning so‘z erkinligiga, demokratiyaga erishgan inson huquqlariga nisbatan sharmisor munosabati buning yaqqol dalilidir.
So‘qir mutaassib va vosvosga uchragan jahongashtalar oldi-ketiga qaramay, «sotsial inqilob» tomon yelmoqdalar, aslida esa bu yo‘l - o‘zboshimchalik yo‘li, inqilob va yo‘qsillarning o‘lim yo‘lidir...»
Tarix fanlari nomzodi A. Krushelnitskiy o‘zining «Telegraf orqali so‘ralgan diktatura» maqolasida («Fan va turmush», 1990 y., 4-son) bunday deb yozadi: «Turk-front qo‘shinlariga suyangan Buxorodagi inqilobiy hukumatga aholi begonasirab qaradi... 1923 yilda qizil armiyachilar soni Buxoroda 3 mingdan 30 mingtagacha o‘sdi, ayni paytda buhorolik qizil armiyachilar atigi 400 nafar edi». Mahalliy xalq tarixda «bosmachilik harakati» deb nom olgan, aslida o‘zining milliy mustaqilligi uchun kurashga otlandi.
1917 yil 1 noyabrda Toshkentda aholining tabaqalarga bo‘linishini bekor qilgan, diniy va milliy mahdudlikka chek qo‘ygan, hokimiyat idoralariga yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylov joriy etgan, mahalliy aholini mardikorlikka olishni taqiqlagan Muvaqqat hukumat qulatildi. Ertasiga Turkiston butun o‘lka demokratik tashkilotlarining qo‘shma majlisi bo‘ldi. Unda hokimiyat masalasi muhokama etildi. Bu anjumanda O'lka sho‘rosi, Toshkent sho‘rosi Ijroqo‘mi, musulmon vakillari O'lka Sho‘rosi faqat maslahat ovozi bilan qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ldilar, xolos. Mahalliy xalqlar sho‘rolari bundan norozi bo‘lib, 5 noyabrda mustaqil ravishda o‘z qurultoylarini chaqirdilar. Ular Turkiston ishchi, askar va dehqon sho‘rolarining chaqirilmoqchi bo‘lgan navbatdagi 111 qurultoyiga hal qiluvchi ovoz bilan qatnashish huquqlarini talab qildilar. Biroq qurultoy ularning bu talabini rad etdi.
Eng xarakterli tomoni shundaki, mahalliy musulmon xalqlari irodasiga zid qarorlar qabul qilgan Turkiston o‘lkasi Sho‘rosining 1917 yil 15-21 noyabrda bo‘lib o‘tgan III qurultoyi Turkiston xalq komissarlari kengashini tuzdi. Unga 7 bolshevik va maksimalist, 8 so‘l eser saylandi. Hukumat tarkibida mahalliy millatlarning birorta ham vakili saylanmadi, ularning hammasi markazdan kelgan kishilar edi. Ular mahalliy xalqning na tili, na dini, na madaniyati, na milliy urf-odati, o‘lkada asrlar osha shakllangan na tarixiy iqtisodiy-siyosiy munosabatlarini bilar edilar. Tasodifiy rahbar unsurlar mahalliy shart-sharoit bilan hisoblashmadilar, mustamlaka Turkistonda ulug‘ rus shovinizmi siyosatini zo‘ravonlik bilan davom ettirdilar. Bu narsa hatto Turkiston o‘lkasi Sho‘rolarining III qurultoyi qabul qilgan qarorda ham o‘z aksini topdi. Unda «mahalliy aholi o‘rtasida proletar sinfiy tashkilotlari bo‘lmaganligi sababli» ular vakillarining o‘lkadagi hokimiyat organlarida ishlashiga yo‘l qo‘yilmasligi uqdirilgan. Turkiston o‘lkasi Sho‘rolar hukumatining a'zosi, o‘ta shovinist, so‘l eserlar partiyasining boshliqlaridan biri K. Ya. Uspenskiyning o‘lka Sho‘rolarining 1918 yil yanvarida bo‘lib o‘tgan IV qurultoyida so‘zlagan nutqidagi mana bu parchaga bir e'tibor bering: «O'rtoq musulmonlar! Shuni bilingizki, biz sizlarning katta og‘angizmiz! Siz kichiksiz va, tushunarliki, bizga bo‘ysunishingiz kerak!» 1917 yil 22 noyabrida Leninning «Rossiya va Sharqning barcha musulmon mehnatkashlariga» deb nomlangan murojaatnomasi e'lon qilinadi. Unda biz quyidagi jumlalarni o‘qiymiz: «Bundan buyon sizlarning urf-odatlaringiz, sizlarning milliy va madaniy muassasalaringiz ozod va daxlsiz deb e'lon qilinadir. O'z milliy hayotlaringizni erkin va bemalol uyushtira boringiz, sizlarning bunga haqqingiz bor.
...Sizlar o‘zlaringiz o‘z vataningizning hokimlari bo‘lishingiz lozim. O'z rasm-rusumingizga binoan hayotingizni uyushtirishingiz lozim. Sizning bunga haqqingiz bor, chunki sizlarning taqdiringiz - o‘zlaringizning qo‘lingizda».
Ana shu murojaatnomadan ruhlangan mahalliy inqilobchilar o‘zlari mustaqil ish ko‘rishga majbur bo‘ldilar. Buni biz 1917 yil 26-29 noyabrda. bo‘lib o‘tgan Turkiston o‘lkasi umummusulmonlari IV qurultoyi qabul qilgan qarorlar misolida ham ko‘rishimiz mumkin. Bu qurultoy Lenin dasturiga muvofiq Muxtor hukumat tuzadi. Unga qirg‘iz «Aralash o‘rda» partiyasining rahbari Muhammadjon Tanishpaev boshliq etib saylanadi. Hukumat tarkibiga 54 kishi kiritilib, ularning 32 nafari yerli xalq vakillari edi. Ko‘rinib turibdiki, Muxtor hukumatga asos solgan tub aholi vakillari tom ma'nodagi baynalmilalchilik g‘oyalari negizida o‘ta adolatli siyosat yuritganlar. Holbuki, Turkiston Sho‘rolar hukumatini tuzgan vakillar o‘lkada yo‘qsullar sinfining shakllanmaganini bahona qilib, hukumat tarkibiga bironta ham mahalliy millat vakilini kiritmagan edi. Butun vujudini o‘ta millatchilik g‘oyasi qamrab olgan A. Kazakov 1919 yil 24 mayda musulmon kommunistlarining I O'lka konferentsiyasida, jumladan bunday degan edi: «Turkiston jumhuriyatida 95 foiz musulmon va faqat 5 foiz ruslar yashaydi va shu 5 foiz butun hokimiyatni deyarli o‘z qo‘lida ushlab turibdi. Shunday qilib, ozchilik hukmronligi davom etmoqda. Lekin bu vaqtincha hol. Musulmon dunyosi tayyor bo‘lgach, biz jumhuriyatni boshqarish ishini ularga topshiramiz. Biz ularga yordam beramiz». Mahalliy aholining hukumatni boshqarishga tayyor emasligi haqidagi asossiz uydirmalar shu tariqa kuchayib boradi. P. Konstantinopolskiy Turkiston Kompartiyasining III s'ezdida A. Kazakovdan oshirib shunday degan: «Ochiq aytamanki, Turkistonda proletariat yo‘q, yarim proletarlar bor, nazarimda, bu omma tarixiy jarayonni ilgari suradigan... inqilobiy kuch bo‘la olmaydi».
O'lka mehnatkashlari Muxtor hukumatni qo‘llab-quvvatlashdi. Buning tasdig‘i sifatida 1917 yil 6 dekabrda Toshkentning Eski Jo‘vasidagi Beklarbegi madrasasida bo‘lib o‘tgan katta mitingni misol qilib ko‘rsatish mumkin. Unda Munavvar qori, Mullo Odil mufti, Said G'anixon, Sherali Lapin, Pirmuhammad A'lam kabilar qatnashib, 13 dekabrda Muhammad payg‘ambar tavalludini nishonlashga qaror qiladi. O'sha kungi tinch mitingda Turkiston muxtoriyatini yoqlashga da'vatlar yangraydi. Ammo Toshkent shahar Sho‘rolari Turkiston muxtoriyatini tan olmaydi, uni milliy musulmon burjua hukumati deb hisoblaydi. Shu boisdan, shahar sho‘rosi namoyishchilarga qarshi otliq qurollangan askarlarni yuboradi. Askarlar namoyishchilarni o‘qqa tutadilar, uning faol rahbarlarini qamoqqa oladilar. Shaharda harbiy holat e'lon qilinadi.
1917 yil 26 dekabrda Qo‘qon shahrida musulmon ishchi va askar vakillarining 1 favqulodda qurultoyi boshlandi. Qurultoyda so‘zga chiqqan P. Poltaratskiy Muxtor hukumatni musulmon burjua hukumati, deb isbotlashga urinadi. Biroq qurultoy qatnashchilari 30 dekabrda Qo‘qon muxtor hukumatini yoqlab ovoz beradilar. Qurultoy nomidan Leninga telegramma jo‘natiladi. Unda biz quyidagilarni o‘qiymiz: «Turkiston musulmonlari ishchi va askar deputatlari I favqulodda s'ezdi qabul qilgan qarorni Sizga ma'lum qilib, Turkistonni halokat yoqasiga keltirib qo‘yuvchi tartibsizlik, qo‘sh hokimiyatchilikning oldini olish maqsadida o‘lkada hokimiyatni Vaqtli Turkiston muxtor hukumatiga topshirish to‘g‘risida Turkiston Xalq Komissarlari Sovetiga Rossiya demokratik respublikasining Oliy hokimiyati nomidan ko‘rsatma berishingizni so‘raymiz».
Afsuski, ishchi-dehqon va askar deputatlari Kengashi Farg‘ona vodiysidagi mahalliy sharoit bilan, tub aholining kayfiyati bilan hisoblashmaydi. Aksincha, 1918 yil 14 fevralda Turkiston Xalq Komissarlari Soveti Farg‘ona viloyatida harbiy holat e'lon qiladi. Farg‘ona temir yo‘lida esa qamal holati joriy etiladi. Qo‘qon ishchi va askar deputatlari Kengashi 17 fevralda Qo‘qon muxtoriyati hukumatiga taslim bo‘lish talabini qo‘yadi. Toshkent shahridan Perefelev qo‘mondonligi ostida qurolli kuchlar yordamga yetib kelgach, 18-19 fevralda Qo‘qon muxtoriyatiga qarshi hujum harakatlarini boshlab yuboradi. Shaharda vaziyat keskinlashadi. Muxtoriyatchilar kuchlar teng bo‘lmaganini hisobga olib, umumiy avf e'lon qiladi, ilgari o‘g‘irlik va talonchiligi uchun qamoqqa tushganlarning barchasini ozodlikka chiqaradi. Musulmonlarni muxtoriyatni himoya qilishga da'vat etadi. Shaharni himoya qilish, o‘lkani yangi zulmdan saqlab qolish bir vaqtlar o‘g‘riligi va talonchiligi uchun Chor ma'murlari tomonidan qamalgan Ergashga topshiriladi. U Qo‘qon shahrining qo‘rboshisi, ya'ni qorovullar boshlig‘i deb joriya qilinadi. Vaziyatning qaltisligini tushungan muxtoriyatchilarning 5 a'zosi - M. Mirahmedov, A. O'razaev, Ya. Ageev, S. Chanishev, Qo‘shbegiev va boshqalar Farg‘onaga jo‘naydilar. Ular uyushtirgan namoyish qattiqqo‘llik bilan bostiriladi va muxtor hukumat vakillari otib tashlanadi. Ergash qo‘rboshi ham Qo‘qondan qochadi. Butun ko‘rgulik xalq boshiga tushadi. Mazkur voqealar shohidi bo‘lgan M. Shkorupa shunday yozadi: «Tinch aholining uylari, Turkiston va Rossiya uchun tansiq bo‘lib qolgan manufakturalar, g‘alla omborlari yonardi. Qo‘qon uch kun o‘t ichida qoldi».
Xullas, ana shu davrdan e'tiboran, Turkiston o‘lkasida milliy-ozodlik (yoki «bosmachilik») harakati boshlandi va u 16 yil davom etdi.
M. A'zam. Bosmachilikning kelib chiqishi haqida Shodi aka o‘zining o‘rinli fikr-mulohazalarini bildirdi. Men esa u kishi to‘xtalmagan jihatlarga e'tiboringizni qaratmoqchiman. 1917 yil 26-29 noyabr kunlari bo‘lib o‘tgan Turkiston o‘lka musulmonlarining IV qurultoyida Mustafo Cho‘qay - hukumat boshlig‘i va tashqi ishlar noziri, Islom Shoahmad o‘g‘li - adliya noziri, Potelyaxov - oziq-ovqat noziri, Ubaydullaxo‘ja - harbiy nozir, Chanishev - bosh qo‘mondon, Saidnosir Mirjalil o‘g‘li - xazinachi bo‘ldilar va hokazo. Bu qurultoy butun Turkiston o‘lkasi musulmonlari ishtirokida o‘tgan bo‘lsa ham va u Turkiston muxtor jumhuriyatini tuzgan bo‘lsa ham, keyinchalik unga «Qo‘qon muxtoriyati» deb nom berildi. Jug‘rofiy jihatdan bu to‘g‘ri, albatta. Darhaqiqat, qurultoy Qo‘qonda bo‘lib o‘tgan. Ammo Turkiston muxtor jumhuriyatini Qo‘qon muxtoriyati deb atash uni kamsitish va tarixiy haqiqatni buzishdir. Soxta tarixchilar bu bilan Muxtoriyatga shahar maqomini bermoqchi bo‘ladilar, qurultoy shunchaki bir shaharda bo‘lib o‘tgan oddiy o‘tkinchi voqea edi, deb uning qiymatini pasaytirishni xohlaydilar. Vaholanki, qurultoyda Farg‘onadan, Sirdaryodan, Samarqanddan, Buxorodan, Hazar bo‘yidan va hatto o‘lkaning Ovrupo qismidan ham vakillar qatnashgan edi. Bu ham yetmaganday tarixchilar o‘sha qurultoyni «burjuaziya millatchi tashkilotlarining qurultoyi» deb ataydilar («Bolshaya sovetskaya entsiklopediya» 2-nashri, 21-jild, 10-bet). Bu ham to‘g‘ri emas. Chunki tuzilgan hukumatning uchdan bir qismi qardosh millat vakillariga ajratilgan edi. 36 o‘rin Farg‘ona, Samarqand, Sirdaryo, Yettisuv, Hazarbo‘yi va shahar dumalari vakillari uchun ajratilgan bo‘lsa, 18 o‘rin o‘lkaning ovrupoviy tashkilot va firqalari, jumladan, temiryo‘lchilar ittifoqi, ishchi-dehqon va askarlar Kengashi, sotsial-demokratlar, Dashnoqtsutyun, yerli va ovrupoli yahudiylar, eserlar, ukrainlar, polyaklar va boshqalarga ajratilgan edi. Demak, bu qurultoyni va u tuzgan muxtoriyatni «burjuaziya millatchi tashkilotlarining qurultoyi» deb ta'riflash asosga ega emas. Undan tashqari, o‘lka musulmonlarining IV qurultoyi osmondan tushgan g‘ayritabiiy hodisa ham emasdi. Birinchidan, Rusiyada ro‘y bergan fevral inqilobi Ozodlik, Tenglik, Birodarlik shiorlarini o‘rtaga tashlagan va Muvaqqat hukumatning tabaqa-toifaviy, diniy va mahdudlikni bekor qilish va mahalliy idoralarni saylashda umumiy, bevosita, teng va maxfiy ovoz berish huquqini ta'sislash to‘g‘risidagi dasturamali Turkiston xalqida ham rus imperializmini parchalab, demokratik qayta qurish imkoni borasida umid uyg‘otgan edi.
Ikkinchidan, Turkistonda milliy mustaqillik uchun kurash chor Rossiyasi imperialistiq istilochiligi boshlangandan buyon tinim bilmay davom etib kelayotgan edi. Ma'lumki, Pyotr I 1722 yilda qozoq yerlari orqali Rusiyaning Osiyoga yoyilish rejasini o‘rtaga qo‘ygan edi. U «qozoq o‘rdalari (juzlar) butun Osiyo o‘lkalari uchun eshik va kalitdir. Shuning uchun ularni mutlaqo Rusiya himoyasi ostiga kiritishga majburmiz», «Rusiya, Turkiston va Afg‘oniston orqali Hindistonga kirish yo‘lini izlashi kerak» tarzida ta'lim bergan va siyosiy vasiyat qoldirgan edi. Pyotr I dan keyingi barcha rus imperatorlari buni hamisha yodda tutganlar. Dastlab Turkistonning shimoliy qismida joylashgan qozoq yerlari istiloga duchor bo‘ldilar. Qozoqlar XVIII asr boshlarida 3 davlat holida yashardilar. Ular, o‘z jamoatlarini «juz»lar derdilar. Ular Katta juz, O'rta juz, Kichik juz xonlik davlatlaridan iborat edi. 1731 yildan 1855 yilgacha Kichik juz va O'rta juz xonliklari, 1855-1864 yillari Katta juz xonligi Rusiyaga qo‘shib olindi. 1854 yilda podsho Nikolay I maxsus kengash o‘tkazib, Sibir chegarasini Sirdaryo hududiga o‘tkazib, uni mustahkamlash to‘g‘risida farmoyish berdi. Bu ish 1864 yilda Avliyoota, Chimkent va Turkiston shaharlari bosib olingandan keyin amalga oshirildi. Ammo bu hujum shu bilan tugamadi. 1865 yil yozdayoq yopirilib Toshkentni bosib oldilar. 1868 yilda Buxoro xonligiga yurish boshlab, Samarqandni egalladilar. Zarafshon vohasida Zarafshon okrugi tashkil etildi. 1874 yilda Xivaga qarshi yurish boshlab, Amudaryoning o‘ng etaklari Rusiyaga qo‘shib olindi va Amudaryo bo‘lmasi tuzildi.
Ko‘qon, Buxoro, Xiva xonliklari rus qo‘shinlarining tazyiqi ostida Rusiya bilan sharmandali shartnomalar tuzishga majbur bo‘ldilar va rus podshosining vassaliga aylandilar. Vassallik holida Buxoro va Xiva xonliklari saqlanib qoldi. Qo‘qon xonligi esa, qirg‘iz-qipchoq Abdurahmon Oftobachi Xudoyorxonning ruslarga bo‘yinsunishiga rozilik bermay, isyon ko‘targanda, isyonni bostirish bahonasi bilan yo‘q qilindi. 1885 yilda Kushka istehkomining bosib olinishi, 1886 yilda Atekning Axaltekinga qo‘shilishi natijasida Turkmaniston istilosi ham yakunlandi. Pomirda ruslar 90-yillarning birinchi yarmida hukmronlikni o‘rnatdilar. (Qarang: P. G. Galuzo. «Turkestan - koloniya», M., 1929 y.)
Albatta, Turkiston xalqlari Rusiya mustamlakachilarining bu istilolariga qarshi uzluklik harakatda bo‘ldilar. Masalan:
1) Qozog‘iston mintaqasida 1783-93 yillarda Sirim Botir qo‘zg‘oloni;
2) 1822-23 yillarda Jo‘lomon Tilanchi qo‘zg‘oloni;
3) 1836-38 yillarda Isatoy Toymon qo‘zg‘oloni;
4) 1837-46 yillarda Sulton Kenasarin qo‘zg‘oloni;
5) 1856 yilda Sirdaryo Jonxo‘ja Nurmuhammad qo‘zg‘oloni;
6) 1868 yilda Samarqand mudofaasi va Buxoro xonligining Buxoro shahri, Shahrisabz bekligidagi harakatlar;
7) 1870 yilda Mang‘ishloq qirg‘izlarining isyonlari;
8) 1871 yilda yuqorida tilga olingan Abdurahmon Oftobachi qo‘zg‘oloni;
9) 1871 yilda eshon Eshmuhammad boshchiligidagi Sirdaryo viloyatidagi chiqishlar;
10) 1871 yilda Farg‘onada Yetimxon qo‘zg‘oloni;
11) 1898 yilda Dukchi eshon boshchiligidagi Andijon qo‘zg‘oloni;
12) 1899 yilda Sirdaryo viloyatidagi harakatlar va hokazolar.
Bunday milliy-ozodlik harakatlari benihoya ko‘p bo‘lgan. Faqat 1887-1898 yillar davomida Farg‘ona, Samarqand va Sirdaryo mustamlakachilar idoralariga qarshi 668 marta hujum bo‘lganligi ro‘yxatga olingan. 1899 yildan 1917 yilgacha Farg‘ona, Samarqand, Hazarbo‘yi, Sirdaryo, Yettisuv viloyatlarida hammasi bo‘lib 4922 marta chor hukumati idoralariga qarshi hujumlar bo‘lgani ham Galuzoning kitobida keltirilgan. Bu ma'lumotlardan shu narsa ochiq-oydin ko‘rinib turibdiki, Turkiston o‘lkasi musulmonlarining IV qurultoyi tarixiy hodisalarning mantiqiy bir davomi edi va deyarli ikki asrlik milliy-ozodlik harakatlari nihoyat endi ijobiy bir yakunga kelayotganday edi. Turkiston musulmonlari rus xalqi bilan birgalikda ozodlikka, mustaqillikka erishadigan payt keldi, degan umidda edilar.
Tabiiyki, 400 kishi va harbiylar ishtirokida Turkiston hokimiyati g‘ayriqonuniy yo‘l bilan, mahalliy aholining ishtirokisiz amalga oshirilgan bu to‘ntarish yerli xalqning katta noroziligiga uchragan, shu tariqa yuqorida zikr etilgan Turkiston o‘lka musulmonlarining VI qurultoyi chaqirilgan edi. Rus askarlari, armanilarning «Dashnoqtsutyun» partiyasi askarlari bilan birga 5 fevralda Qo‘qon shahriga hujum qilganida 180 qishloqqa o‘t qo‘yganlar. Sh. Shoma'dievning 1961 yili rus tilida chiqqan «Farg‘ona vodiysida fuqarolar urushi tarixidan ocherklar» kitobida aytilishicha, Qo‘qon uch kun olov ichida qolganida 10 mingdan ortiq turkistonliklar o‘ldirilgan ekan. Afsuski, so‘nggi nashrlardan biri bo‘lmish «O'zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi» nomli bir jildlik qomusda Turkiston o‘lka musulmonlarining VI qurultoyi «antisovet fitna» deb ta'riflangan. «1918 yil 19 fevralda Toshkent qizil gvardiyachilari bilan birgalikda (?) kontrrevolyutsiya bilan (?) kurashga otlanadilar», deb yozilgan unda. Umidlari sarob bo‘lib chiqqan Turkistonda milliy-ozodlik kurashi yangitdan boshlandi. Turkiston muxtor jumhuriyatining qurol kuchi bilan yo‘q qilinishi va qurollanmagan tinch aholining talon-toroj, qatli om qilinishi xalq orasida milliy-ozodlik harakatlarini kuchaytirib yuborgani haqiqatdir.
Sh. Karimov. Men bu o‘rinda ozodlik harakati qatnashchilarining hammasini xalq manfaatini ifoda etgan, ular milliy qahramonlar, degan g‘oyadan yiroqman. Harakat saflarida albatta, o‘zining tor sinfiy, shaxsiy manfaatlarini ko‘zlagan kimsalar, o‘g‘rilar, muttahamlar, xullas, keng mehnatkashlar ommasi xohishlariga yot ko‘z bilan qarovchi unsurlar ham bo‘lgan. Ammo bu harakatning tom ma'nosi va yo‘nalishi milliy-ozodlik yo‘nalishida bo‘lganiga shak-shubha yo‘q. Turkiston xalqlari chor samoderjaviesiga qarshi bir qancha qo‘zg‘olonlar ko‘targan esa-da, ular shafqatsizlik bilan bostirilaverganiga yuqorida to‘xtab o‘tdik. So‘ngra, 1917 yilgi fevral va Oktyabr inqiloblari mehnatkashlarga ozodlik olib keladi, millatlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilashdan iborat lenincha siyosat amalga oshiriladi, ekspluatatsiya va zulmdan ozod bo‘lamiz, deb o‘ylagan edi o‘lka ahli. Afsuski, bu orzu ham sarobga aylandi. O'lka mehnatkashlarining oddiy fuqarolik huquqlari poymol etila boshlandi. Bu holni o‘sha paytdagi nufuzi baland kishilarning, jumladan Turkiston Kompartiyasi musulmonlar byurosining raisi Turor Risqulovning quyidagi so‘zlaridan ham bilish mumkin: «Biz sho‘rlik musulmonlarni Nikolay zamonida qanday hayvon o‘rnida ko‘rishgan bo‘lsa, yo‘qsullar hukumati davrida ham shunday... Hozir ham zulmatda yashamoqdamiz, och, yalang‘och, itga o‘xshab xor bo‘lib o‘lib ketyapmiz. Buning uchun kim aybdor?.. Men boylar tarafini olmoqchi emasman. Biroq bir kambag‘alning bitta oti bo‘lgani va shu otga arava qo‘shib oilasini boqib turgani haqida gapirmoqchiman. Bu bechoranikiga bir qizil armiya jangchisi kirib keladi, oilani boqib turgan otni tekinga olib ketadi, endi oila nima hisobiga kun kechiradi, buni so‘rab ham o‘tirmaydi. Nahotki, shunday qilish firqa dasturi amalida bo‘lsa? Boylarning mol-mulkini bo‘lib beryapmiz, deb aslida, 84 ming kishilik butun shaharni talon-toroj qilishdi. Xo‘sh, bu nima degan gap? Namangandan chiqadigan barcha mahsulot, qimmatbaho buyumdan tortib to qulfgacha ro‘yxatga olindi. Ba'zi kishilarni qurol saqlashda gumon qilib qamashdi. Qurol topisholmagach esa, ularni shartli ravishda ozod qildilar va 5-10 ming so‘m jarima to‘latdilar. Bu pullar qaerga ketdi - sho‘rolar kassasigami yoki cho‘ntakkami? Agar cho‘ntakka bo‘lsa, bu holga qanday baho berish kerak? Yoki o‘zlari hukmron bo‘lishlari uchun bu hukumatni barpo qildilarmi? Ular... boshqalarning ipak-gazlamalari va qimmatbaho buyumlari bilan uylarini bezadilar. Biz musulmonlarga nima berishdi? Qornimizni to‘yg‘azishdimi? Yo‘q! Ustimiz but bo‘ldimi? Yo‘q! Agar yaxshi kiyintirishganda, kambag‘allar yalangoyoq yurisharmidi? Agar qornimizni to‘yg‘azishganda ming-minglab odam ochlikdan o‘larmidi? Bizning uylarda nimalar qoldi? Faqat juldir to‘shaklar, xolos. Boshqa hech narsa...» O'lka mehnatkashlari bunday og‘ir ahvoldan chiqishning yakkayu yagona yo‘lini - milliy mustaqillik yo‘lini tanlashdan boshqa iloji qolmadi. Bu haqda Samarqand shahar hokimi V. Doriomedov 1918 yil yanvar oyida «Znamya svobod!» gazetasida shunday yozgan edi: «Rus bolsheviklari har qanday muxtoriyatni tan olmadi va mazlum xalqlar o‘z huquqlari va taqdirlarini haqiqatan o‘zlari belgilamoqchi bo‘lganlarida bunga yo‘l qo‘ymadilar». Turkistonda milliy siyosatni amalga oshirishda jiddiy xatoliklarga yo‘l qo‘yilganligi to‘g‘risida partiya va davlat arbobi, o‘lkadagi inqilobiy harakatlar ishtirokchisi D. Manjara ro‘y-rost shunday bayon etadi: «Milliy siyosatda yo‘l qo‘ygan xatolarimiz tufayli Qo‘qon muxtoriyati vujudga keldi... Uni yo‘qotish payti yana bir xatoga yo‘l qo‘ydik. Qurol-yarog‘i deyarli bo‘lmagan muxtoriyatchilar joylashgan eski shaharni qamal qilish o‘rniga, biz to‘plardan o‘qqa tutdik, keyin dashnoqlarning qurolli to‘dalarini ishga soldik. Natijada talon-toroj, nomusga tegish, qirg‘in boshlandi. Bundan muxtoriyatchilarga aloqasi bo‘lmagan tinch aholi katta zarar ko‘rdi».
Ulug‘ millatchilik g‘oyalari bilan zaharlangan ovrupolik vakillar tub aholiga past nazar soldilar, hatto ular orasidan chiqqan kommunistlarga ishonmadilar, mahalliy kommunistlarni tor darajadagi majlis va yig‘inlardan chiqarib yuborar, qarorlarni esa o‘z bilgilaricha tuzardilar. Turkiston Xalq Komissarlari Kengashining a'zolaridan biri Pavlyuchenko bu borada o‘z fikrini ochiq-oydin quyidagicha bayon etgan edi: «Biz o‘zimizni inqilobning ilg‘or otryadi, eng ongli va komil jangchilari, deb bilamiz va siyosatga g‘o‘r bo‘lgan musulmon mehnatkashlarining yetakchisi bo‘lishni burchimiz deb bilamiz. Musulmonlarga biror narsani topshirish niyatida emasmiz». Tub yerli musulmonlar har qadamda, har daqiqada o‘zlariga nisbatan ishonchsizlikni, ayovsizlik va dushmanlikni ko‘rdi. Shunday ekan, biz milliy-ozodlikka otlangan kurash qatnashchilarini xalqqa qarshi, xalqdan ajralgan, o‘zining tayanch bazasiga ega bo‘lmagan bir to‘da kallakesarlar guruhi yoki «bosmachilar» deb ayta olmaymiz. Bunday sanash siyosiy nodonlik, kaltabinlik hisoblanadi. Hurriyatchilar, aksincha, o‘zlarini. «islom askarlari», «musulmonobod jangchilari», «Vatan mudofaachilari», «islom mudofaachilari», «Turkiston ozodlik askarlari» deb ataganlar.
M. A'zam. A. Zevelev, Yu. Polyakov, A. Chugunovning «Basmachestvo» kitobida (Moskva, 1981 y.) shunday satrlarni o‘qish mumkin: «Slovo bosmach proisxodit ot tyurkskogo glagola «basmak», chto oznachaet «davit», «pritesnyat», «nasilovat». U narodov Sredney Azii ponyatie «basmach» oznachaet «naletchik», «bandit», «razboynik», «nasilnik». Ko‘rinib turibdiki, «bosmoq» fe'lining birinchi mazmuni olinmagan, e'tibor keyingi ma'nolarga qaratilgan. «Bosmoq»ning birinchi ma'nosi esa «zaxvatit»dir. Ya'ni, birovlarning yerini, mol-mulkini bosib olish ma'nosida ishlatiladi. Mualliflar atayin bu ma'noni tushirib qoldiradilar. Agar bu ma'no ko‘rsatilsa, o‘quvchida o‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: xo‘sh, bosmachilar qimlarning yerini tortib olgan ekan? O'z uyini, o‘z yerini bosib olish mumkin emas-ku? Mantiqsizlik ko‘rinadi-qoladi. «Bosmachilar» o‘z yerini bosib olmagan, balki uni bosmachilardan himoya qilgan. U holda milliy-ozodlik jangchilariga bu so‘z qaerdan olib, qanday yopishtirilgan ularga?! Bu savolga javobni RSDRP Markaziy Komitetining 1922 yil 18 may qaroridan topish mumkin. Bu qarorda bosmachilikka qarshi harbiy tadbirlar bilan birga aholi orasida jiddiy targ‘ibot tashkil etilishi ham muhim vazifa sifatida ko‘rsatilgan va jumladan «Anvar poshoni aholi orasida inglizlarning josusi va Sharq xalqlarining dushmani», deb ko‘rsatilgan targ‘ibot yuritish kerakligi aytilgan edi. (M. Erkaev. «Istoriya grajdanskoy voyn? v Tadjikistane». Dushanbe, 1963, 328- 329-betlar.) Tarixdan ma'lumki, Anvar posho Kamol Otaturk bilan birga ingliz imperialistlariga qarshi hayot-mamot janglarida qatnashgan. U «ingliz josusi» bo‘lishi mumkin emasligi ayon edi. Uni el ichra obro‘sizlantirish uchun «ingliz josusi» deb targ‘ibot yuritish vazifa qilinayotgan edi. Xuddi shuningdek, Vatan mudofaasiga otlangan mujohidlarni ham xalq orasida obro‘sizlantirish uchun ularga nisbatan «bosmachi» atamasini birinchi bo‘lib shovinistlar tarqatganiga shubha qilmasa ham bo‘ladi. Shu tariqa birinchi bor 1925 yilda bosmachi atamasini frantsuz jurnalisti Jozey Kastagne ishlatdi. 1928 yilda Turkiston muxtor jumhuriyatining sobiq raisi Mustafo Cho‘qay ham bu atamani ingliz tilida takrorladi. «Bosmachilik» atamasi 1930 yildan keyin rasmiy tusda keng qo‘llana boshladi. Shuni ham yodga olish joizki, 1979 yilda «Sovet qo‘shinlarining cheklangan kontingenti» Afg‘onistonga kiritilganda o‘z yurtini himoya qilgan afg‘on mujohidlari ham talay vaqtgacha sovet matbuoti sahifalarida «bosmachilar» deb nomlandilar. Ammo bu gal bu tavqi la'natni afg‘onlarga yopishtirishning iloji bo‘lmadi.
M. Hasanov. Bosmachilik hayotda xiyla murakkab kechgan. Buni men o‘lka ijtimoiy-iqtisodiy hayotida paxtachilikning barbod bo‘lishi tufayli ommaviy ishsizlikning kelib chiqishi, yangi askarlar orasida lyumpen-proletariat (kapitalistik jamiyatda qiyofasini yo‘qotgan sinf vakillari) borligi, bosmachilik harakatining mintaqaviy turli-tumanligi sababli aytayotganim yo‘q. Shunisi ravshanki, hukumatning diniy masalada yo‘l qo‘ygan xatosi birinchi galda ko‘chmanchi aholidan madaniy-ma'rifiy darajasi yuqori sanalgan o‘troq odamlar orasida qattiq norozilik uyg‘otdi. Nega desangiz, islom qadriyatlari ko‘chmanchi odamlar orasida dehqonchilik bilan mashg‘ul va o‘troq hayot kechirayotgan aholi orasidagidek katta kuch va qudratga ega emas edi. Ayni paytda, Turkistonning o‘sha paytdagi jug‘rofiy-siyosiy jihatlarini ham ko‘zdan qochirmaslik kerak. Yangicha siyosiy fikrlash doirasi bizni sog‘lom mulohaza yuritishga olib kelgan bir davrda, inglizlarning Turkiston ishiga aralashishgani diqqat markazidan chetda qolmasligi kerak. Eslatib o‘tishim lozimki, men o‘sha yillardagi kurash keskinligini «xalqaro imperializmning hiyla-nayrangi» deya izohlash tarafdori emasman. Ammo ingliz maxsus mahkamalarining Turkiston ishiga aralashuvini inkor etish ham joiz emas. Va yana nep (yangi iqtisodiy siyosat), ya'ni bozor iqtisodiyotiga o‘tish paytiga to‘g‘ri kelgan 1921-22 yillardagi siyosiy yon bosishlar - vaqfning qaytarilishi, eski uslubdagi maktablarning qonuniy tus olishi, o‘lka siyosiy hayotiga obro‘li ruhoniy va badavlat kishilarning jalb etilishi hamda boshqa tadbirlarni ham nazardan soqit qilmaslik kerak. Bu omillar hokimiyat va aholi o‘rtasidagi ehtiroslarni anchayin yumshatdi, pirovardida bosmachilik harakati 1923-24 yillarda o‘zining siyosiy ahamiyatini tezda yo‘qotdi; u oddiy bosqinchilik tusini olib keng mehnatkash omma tomonidan qo‘llab-quvvatlanmadi. 1918-22 yillardagi bosmachilik esa aholining o‘lka hukumatining nafaqat terrorga asoslangan, ayni zamonda iqtisodiy va diniy sohada olib borgan siyosatiga javob sifatida vujudga kelib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri milliy-ozodlik harakati tusini olgan edi. Bugungi kunda bosmachilik harakatining paydo bo‘lishi va tub sabablari haqida asl manbalar hammani qiziqtirishi tabiiy, deb o‘ylayman. Chunki bunday hujjatlar shu paytga qadar temir sandiqlarda saqlanar, ochilganlarini ham e'lon etib bo‘lmas, e'lon etilganida esa bir tomonlama yondashilardi. Institutimiz hujjatgohida saqlanayotgan mana bu asl matn nusxasi mazkur masalaga ancha oydinlik kiritadi. Ko‘pchilik fikriga zid keluvchi bunday hujjatlar hozirga qadar matbuot yuzini ko‘rmagan. Mana o‘sha hujjat:
«Ishchi, qizil askar va musulmon deputatlari Qo‘qon kengashiga
Qo‘qon tasarrufiga qarashli Buvayda tumanidagi Yalg‘unzor qishlog‘ida turuvchi Eshmuhammad Boybochi qo‘rboshidan
Sizlarga ushbu murojaatnomamizni yuborar ekanmiz, uni har ikki siyosiy partiyada muhokama etib, o‘z qarashlaringiz, xohish va istaklaringizni bizga yozma ravishda bildirishlaringizni iltimos qilamiz.
Qo‘qon shahri va uning atrofi qirq uch yildirki, Rusiya davlati ixtiyoridadir, musulmonlar hokimiyatga tobe bo‘lib, so‘nggi paytda uning farzandlari ham bo‘lishi mumkin edi. Ikki yil avval, xonimiz hayot chog‘ida ham rus va mahalliy hukumatning barcha farmonlari musulmonlar tomonidan hech moneliksiz batartib bajarilardi.
Hukumat o‘z kuchi bilan tartibsizlik hamda beboshlik kelib chiqishiga yo‘l qo‘ymasdi, aholini qiynoq-qistovga olayotgan bezorilarni tutib, intizom ustidan nazorat qilib borardi, haryoqda osoyishtalik hukm surardi.
Erkinlik bo‘lishi bilan shaharda hamma erkin bo‘lib qoldi, qishloqlarda xavotir kuchaydi, tartibsizlik va bezorilik kun sayin oshib boraverdi, pirovardida biz qo‘rboshilar partiyasi tuzib, o‘z mablag‘imiz hisobiga qurol-yarog‘ - miltiq, to‘pponcha va boshqa narsalar sotib olib, 15000 kishini qurollantirdik. Shahar atrofidagi har qanday bezorilik, talon-toroj va qimorbozlikni daf etdik, qo‘lga tushganlarni qattiq jazolab, tartib va osoyishtalik o‘rnatdik.
Bizning qo‘rboshilar partiyasi shu vaqtga qadar mavjud hukumatga qarshi bormadi, tartibsizliklar keltirib chiqarmadi, aksincha osoyishtalik hukumat vakillari tomonidan buzilmoqda, masalan, Xolovot qishlog‘iga bolsheviklar kelib, qurbonbiylarga hech qanday zarar keltirmasdan qishloqni xonavayron etdilar, nuqul tinch, qashshoq odamlar nobud bo‘ldi, ularning mulki bolsheviklar tomonidan talab ketildi.
Aholiga keltirilayotgan bu kabi zararlaringiz faqat sizlar tarafdan emas, boshqa joylarda mahalliy hukumat vakillari tomonidan ham yo‘l qo‘yib berilayotgani aniqlanmoqda.
Agar sizlar to‘la ma'noda hokimiyat tepasida bo‘lsangizlar, bunday hol hech qachon yuz bermasdi. Axir bizlar ham shahar atrofida va zavodlarda ishlayotgan rus va armanlarni o‘ldirishimiz mumkin-ku.
Har qanday talonchilik, qotillik, o‘zboshimchalik, mal'unlik, kambag‘allarni xo‘rlash va ship-shiydam qilish bizning qonunlarimizga, shariatga to‘g‘ri kelmaydi. O'ylaymizki, Xolovot va boshqa joylarda sodir bo‘lgan bunday hollar, masalan, qishloqlardagi hech bir gunohsiz odamlarni, millatidan qat'i nazar rus, arman, yahudiylarni, hatto bolalar va ayollarni o‘ldirish, ularning xo‘jaligini talab ketish, muqaddaslik manfaati deb chalao‘lik holida qoldirish sizlarning ham qonunlaringizga to‘g‘ri kelmaydi.
Sizlar va shuningdek, «To‘rtinchi»ga yozilgan biz musulmonlar tomonidan ham shahar bozoriga biron narsa xarid qilish yoki sotish ilinjida kelgan qishloq odamlarini qo‘rboshilar yigiti yoki qarindosh-urug‘i deb hisoblab, ushlab qamoqqa olishmoqda va ship-shiydam qilib talashmoqda.
Bunday hol davom etaversa, qishloq ahli shaharga har turli oziq-ovqat mahsulotlari keltirishni to‘xtatib qo‘yishi mumkin, natijada shahar mushkul ahvolga tushib qoladi.
Ilgari bizning shariat hech kim tomonidan bekor qilinmagan edi, musulmonlar o‘z urf-odatlariga amal qilib yashashardi. Sizlar esa ayni zamonda oldi-sotdini taqiqlab qo‘ydingizlar, bu bizning shariatga mutlaqo ziddir. Sizlarning bunday qadamlaringiz yuqorida qayd etilgan tartibsizliklarga borib ulanaveradi.
1919 yil 28 fevralida Eshmuhammad Shermuhamedov muhri bosildi».
A. Haydarov. Shu o‘rinda e'tiboringizni fuqarolar urushi tarixining, to‘g‘rirog‘i, Farg‘onada vaziyatning keskin o‘zgarishiga sabab bo‘lgan yana bir jihatiga diqqatingizni tortmoqchiman. «Dashnoqtsutyun» partiyasi a'zolarining «Turkiston muxtoriyatini» tugatishda qanday o‘rin tutganligi ko‘pchilikka ma'lum, biroq Turkiston hukumati a'zolari undan darhol saboq chiqarib olmaganlar. Shu sababdan bo‘lsa kerak, bu masalada o‘lka qo‘mitasi rahbariyati, shaxsan I. Tobolinning nuqtai nazari butunlay boshqacha edi. «Dashnoqtsutyun» partiyasi mahalliy yo‘lboshchisining kutilmaganda Turkiston Kompartiyasi I s'ezdini tabriklashi va s'ezd munosabati bilan: «sizlarning inqilobiy kayfiyatingiz biznikiga yaqindir, hamohangdir», «bizlar sizlar bilan birgamiz, mashaqqatli onlarda o‘zlaringiz kabi bizlarga ishonishlaringiz mumkin», deya bildirgan munosabati uning ayni ko‘nglidan chiqadi. Tobolin bu gapni faqat «yutibgina qo‘ya qolmasdan», javob nutqida shunday qo‘shimcha ham qiladi: «Siz bildirgan nuqtai nazarlarga qo‘shilgan holda proletariat huquq va ideallarini amalga oshirishda, biz «Dashnoqtsutyun» inqilobiy partiyasi qiyofasida o‘z ittifoqdoshimizni ko‘rayapmiz, yirtqich imperializm yaramaslarcha suqilib kirsa yoki tahdid solsa jangovar saflarimizda sizlar bizga yelkama-elka bo‘lishlaringizga umid qilamiz». («Nasha gazeta», 1918, 22son.)
Bu fikr aynan Farg‘onada siyosiy vaziyat muvozanati markazga jipslasha boshlagan vaqtda aytilgan edi. Qo‘qon voqealaridan keyin Farg‘onada bo‘lgan T. Risqulov A. Kazakov nomiga murojaatnomasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shunday deb yozadi: «...front, asosan, Qo‘qon voqealaridan dam o‘tmay Sho‘ro arboblarining salbiy xatti-harakatlari tufayli kelib chiqqan. Farg‘ona viloyatidagi barcha hodisalar markazida «Dashnoqtsutyun» armanilar partiyasining g‘alamisona ishi qizil ip bo‘lib o‘tadi. Qizil Armiya otryadlari bosqinchilar bilan kurashish o‘rniga nuqul araqxo‘rlik qilishgan, qurollarini sotish bilan ovora bo‘lishgan, shahar chekkasiga chiqqanlarida tinch qishloqlarni qaroqchilarga homiylik ko‘rsatishda ayblab talashgan». Aynan dashnoqlar «o‘zbek qizlari nomusiga majburlab tekkanlar, bolalar va ayollarni qatl etganlar. Bularning hammasi musulmonlarning diniy mutaassibligi va his-tuyg‘ulariga tekkan, natijada ularning ixlosi qaytib qochganlar va bosqinchilar guruhiga borib qo‘shilaverganlar». Bu dalilni o‘lka musulmonlari partiyasi kommunistlari ham tasdiqlaydi. Uning qarorlaridan birida aytilishicha, «aynan» musulmon va dashnoqlar o‘rtaeida adovat «Dashnoqtsutyun» milliy partiyasining mahalliy sho‘ro tashkilotlari biyaan aloqa bog‘lashiga kirishishi va uning harbiy tayanchi bo‘lishiga imkon yaratdi... Tinch aholiga qilingan zo‘ravonlik, talon-torojlar bosqinchilarning o‘sishiga sharoit tug‘dirdi».
Turkiston Jumhuriyati Markaziy Ijroiya Komitetining 1919 yil 19 iyundagi maxsus buyrug‘iga binoan mazkur partiya tarqatib yuborildi. O'sha qarorda shunday deyilgan: «Boku, Kavkazorti va Farg‘ona viloyatida sodir etilgan hodisalar shuni aniq ko‘rsatmoqdaki, u sotsialistik partiyadan milliy-burjuaziya partiyasiga aylangan, bu davr mobaynida o‘zining Sovet hokimiyati maslagida tug‘ilganini rasman tan olganiga qaramay, oshkora murosachilik siyosatini olib bordi va mushkul daqiqalarda Boku proletariatini sotdi. Farg‘ona voqealari yuz bergan paytda esa milliy nizo chiqarishga erishdi, tinch mehnatkash ommaga ancha zo‘ravonlik o‘tkazdi».
M. Hasanov. Shuni ham unutmaslik joizki, voqealar qahatchilikning davom etishi, paxtachilikning yemirilib, ommaviy ishsizlikning kelib chiqishi, hech kutilmagan non monopoliyasi va uning oziq-ovqat razvyorstkasi (Sho‘ro davlatining harbiy kommunizm davrida qishloq xo‘jalik mahsulotlari tayyorlash usuli)ga almashtirish davrida o‘sa bordi. Ustiga ustak, o‘sha paytda bosmachilikning ijtimoiy asosi kengayishi uchun mafkuraviy zamin hozirlandi. Men bu o‘rinda jumhuriyat hukumatining vaqfni bekor qilish, eski maktab-madrasalarni yopish, qozilik sudlovi va boshqa narsalarni taqiqlash borasida chiqargan qarorlarini ko‘zda tutayotirman.
Turkiston jumhuriyati hukumati yuqori tashkilotlarining siyosiy xatolari tufayli minglab partiya xodimlari, chekistlar, harbiylar va dehqonlar umri zomin bo‘ldi. Turkiston jumhuriyati ichki ishlar xalq komissarligining ma'ruzalaridan birida shunday deyiladi: «Markaz yaxshi xabardor bo‘lmay turib (ta'kidlar bizniki - M. H.) bosmachilik harakati siyosiy sabablari nimada ekanini bilmay va ularni jinoyatchi deya gumon qilib, bosmachilar guruhini yakson etish uchun muntazam ravishda ovrupoviy harbiylarni jo‘nataverdi... Bu - o‘tga yog‘ quyish bilan barobardir. Ko‘plab qon to‘kildi, biroq samara bermadi. Bosmachilik tinchish o‘rniga, aksincha o‘sib, shunday qamrovga ega bo‘ldiki, Farg‘onada mavjud hukumat bugun-erta yemirilishi mumkin». Armiya haqiqatan ham g‘oyat murakkab ahvolga tushib qolgan edi. «Sovetskoe slovo» ro‘znomasining 1922 yil 22-sonida yozilishicha, «Bosmachilik urushi Sovet federatsiyasining boshqa janggohlaridan keskin farq qiladi, bosmachi guruhlar yerni, turmushni bilishda Qizil Armiya qismlaridan juda katta ustunlikka ega, shunga ko‘ra ular mavjud vaziyatlarda osongina yo‘l topa oladilar... Qizil Armiya qismlari o‘z dushmanining barcha yo‘nalishlarini bilish imkoniga ega emas». Maqolada to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta'kidlanishicha, «bosmachilikning bunchalik uzoq vaqt faoliyat yuritishiga asosiy sabab, odamlar so‘nggi damlargacha bosqinchilarga nisbatan o‘zining keskin so‘zini» aytmagani ekan.
Men bosmachilik tarixining ba'zi jihatlariga diqqat qilarkanman, bu bilan qizil askarlar va chekistlar qahramonligini qoralamoqchi emasman, balki Farg‘ona vodiysida ehtiroslarning bir necha yil jo‘shib turishiga zamin hozirlagan chet el maxsus mahkamalarining bosmachilar, ruhoniylar va boy-badavlat kishilar toifasiga harbiy yordam berishi sabablariga to‘xtalib o‘tmoqchiman. «Qizil terror» mavzusi professor Yu. Korablyovning e'tirof etishicha, «bekik mavzu hisoblanadi. Favqulodda jazo tashkilotlari faoliyati haqidagi hujjatlar esa tadqiqotchilarga haligacha ochilgan emas».
Bu mavzuda ham qo‘limda bir talay hujjatlar bor. Ularning birida oshkora shunday deyiladi: «odamlar kutganichalik kelgindilar (ya'ni, muntazam armiya - M. H.) qiyofasida asriy qullikdan xalos etuvchi va proletariat umumdiktaturasiga yo‘l boshlovchilarni ko‘rmadi, aksincha ular qiyofasida yangi asoratga soluvchilarni ko‘rdi, urf-odat va din kelgindilarga tobe bo‘lishga imkon bermadi. Oshkora kurash nish urmasidanoq urug‘lar orasida g‘alayon ko‘tarildi. Muayyan siyosiy yondashuv yo‘llaridan bexabar alohida bo‘lim hamda Favqulodda Komissiya organlari bundan xabar topib haraqat rahbarlarini ta'qib eta boshladilar, duch kelgan odam, hatto el orasida obro‘-e'tibori baland urug‘ sardorlari o‘ngdan ham, so‘ldan ham qo‘lga olinaverdi. Otilmay qolganlari esa baribir ta'qib ostida bo‘ldilar. Ta'qibga olinganlarning aksariyati uzoq muddat alohida bo‘limlar yerto‘lalarida o‘tirishga toqatlari yetmay, issiq joylarini tashlab ovrupoliklarning o‘tkir nigohi tushmagan manzillarga yashirinardilar». Ushbu hujjatda jazolovchi organ va armiya faoliyati tahlil etilishi barobarida, shunday satrlarni ham o‘qishimiz mumkin: «asl siyosiy xodimlar bilan bir qatorda tarix, umuman Turkiston tarixidan mutlaqo bexabar bo‘lgan kishilar - tushunchasi past ishchilar, qizil askarlar va matroslar kelishib, ular qishloqda inqilobni alohida bo‘limlar va Favqulodda Komissiya organlari orqali ehtimol, Ryazan gubernyasida qo‘llanilgan, lekin Turkistonga butunlay yot uslublar bilan chuqurlashtira bordilar. Agar kishi nafratini keltiradigan dalillarga batafsil to‘xtaladigan bo‘lsak, inqilobga mutlaqo daxlsiz bunday kimsalarning qahramonligini yoritish uchun bir uyum qog‘oz qoralash mumkin. Gunohsiz odamlar ikki-uch qo‘shnisi bo‘htoni bilan otib tashlanar, ashaddiy aksilinqilobchilar esa noma'lum sabablarga ko‘ra qo‘yib yuborilardi. Masalan, Samarqandda jazolovchi organlar xodimlari o‘rtasida qo‘lga tushganlarni kechasi kim ko‘p o‘ldirish bo‘yicha musobaqa o‘tkazilgan, ular musulmonlar hayotining asriy daraxtini qo‘porishga kirishib, mamlakatning azaliy turmush tarzini buzib, din ahlining hissiyotlarini poymol etib, ularni salkam bir yil ichida baynalmilal ruhda tarbiyalamoqchi bo‘ldilar». (O'zShSJ Markaziy Davlat hujjatgohi, f-r 17. op. I yed. xr. 45.)
Pomirga inspektsion safar bilan borgan Turkiston Markaziy Ijroiya Komiteti ayg‘oqchisining A. Rahimboev nomiga yozgan murojaatnomasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shunday e'tirof etiladi: «Jazolovchi organ rahbari va Pomir uchligi raisi bir odam bo‘lib, u alohida bo‘limning eski xodimi sanaladi. 1918-1919 yilgi alohida bo‘limdagi mavjud g‘oyalar qon-qoniga singib ketgan. Qo‘rqitish, taqiqlash, jazolash - bu kimsaning butun dunyoqarashi va siyosiy fikri ana shu uch omildan tarkib topgan».
Ushbu bayonnoma muallifi bunday yondashuvlarning siyosiy natijalarini baholar ekan, shunday deb davom etadi: «Hozir chet elda mamlakat tasarrufidan chiqib ketayotganlarni xushnudlik bilan kutib olishmoqda. U yerda esa Sho‘ro hukumatiga nisbatan qahr-g‘azab ko‘pirayapti, bizdan norozi bo‘lganlar soni oshib borayotir, ular mavjud shart-sharoitni tahlil etolmay o‘z noroziliklarini ayrim xodimlarga emas, butun Sho‘ro hukumatiga to‘nkamoqda, biroq bu hol davom etaverishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Axir inson o‘lik narsa emaski, unda ilmiy maqsadlarni ko‘zlab jarrohlik qilaversak...»
O'sha yillari Pomir va Farg‘onada sodir etilgan bu sira mayllar boshqa hujjatlarda ham o‘z aksini topgan. Turkiston Kommunistik partiyasi Markaziy Komitetining RKP(b) MKiga yozgan xatida mazkur holga alohida to‘xtab o‘tilgan: «Jazolovchi organlar ular orasidan qo‘poruvchi va boshqa unsurlarni tozalashga asosli zarurat sezmasa ham, umuman hozirgi shart-sharoitlarga yetarlicha moslashmagan hamda o‘z xatti-harakatlari bilan xalq ommasi g‘alayoni va nafratini oshirmoqda (Pomir va O'shda), ba'zan esa milliy ixtilof va ig‘vo uyg‘otmoqda (Qo‘qon, Namangan, Andijon). Shu boisdan, TKP MK eng aniq unsurlarni RKP(b) MK O'rta Osiyo byurosi rahbarligi ostiga olishi zarurligini alohida ta'kidlaydi». Shular barobarida aytib o‘tish o‘rinliki, men maxsus xizmat mahkamalari va harbiylarning aksilinqilobchi.lar va bosmachilar bilan kurashidagi faoliyatini qoralashni istamayman. Negaki, aksilinqilobchilar va bosmachilar I guruhlarining ijtimoiy tarkibi g‘oyat xilma-xildir. Shu sababdan ham turkistonlik I chekistlar Turkiston jumhuriyati davlat xavfsizligi organlarida paydo bo‘lgan vaziyat haqida birinchilardan bo‘lib bong urgan edi. Turkiston Favqulodda Komissiyasi kommunist xodimlarining RKP(b) MKiga 1921 yil martida qilgan bayonotnomasida shunday qayd qilingan: «Bu qanchalik og‘ir bo‘lmasin, lekin biz idrok etishimiz lozimki, kommunist jazolovchi organga tushib qolsa, insoniylikdan chiqib, avtomatga aylanadi va harakatlari mexanik tus oladi. Hatto g‘ayritabiy ravishda fikrlaydi, uni nafaqat erkin gapirish huquqidan, balki o‘ziga xos fikrlashidan ham judo etadi. U o‘z qarashlarini erkin bildirolmaydi, izhor qilolmay faqat otish bilan qo‘rqitadi...» Yana shu narsa ham qayd etiladiki, FK xodimlari «jumhuriyat siyosiy hayotidan chetda qolmoqdalar... Ularda ahmoqona mayllar - o‘zini yuqori olish, izzattalablik, shafqatsizlik, sovuq xudbinlik va hokazolar rivoj topmoqda. Va ular asta-sekin o‘zlari sezmagan holda partiyaviy oilamizdan ajralib chiqmoqdalar, bu burungi jandarmchilar tabaqasini dahshatli ravishda esga soladigan tabaqalarni vujudga keltirmoqda. Partiya tashkilotlari ularga ilgarigi himoya etuvchilarga qaraganday hayiqish va shubha bilan qaramoqda... Ular partiyaning maxsus mushtumzo‘rlari bo‘lib, aynan shu mushtumzo‘rlar partyya boshiga musht tushirmoqda». (Qarang: G. Bordyugov, V. Logikov. «Yovvosh tarix yoki yangi publitsistik jannat». G'amgin qaydlar. «Kommunist» jurnali 1989 yil, 14-son.)
1921-22 yillar oxirida partiyaning bosmachilarga qarshi kurashi taktik rejimlari mexanizmlarini tushunish masalasida harbiy doiradagi kishilarning qarashlari ham oydinlik kiritadi, deb o‘ylayman. Ularning fikricha, bosmachilikni birgina qatli om bilan tugatib bo‘lmaydi. Bu fikrni Turkfront Harbiy Inqilobiy Kengashining 1921 yil 20 iyukida, ya'ni RKP(b) MK Siyosiy Byurosining Farg‘ona viloyatida siyosiy yon berishlar haqidagi mashhur qarori chiqishidan to‘rt oy ilgari bo‘lib o‘tgan majlisidagi so‘zlar ham tasdiqlaydi. Turkfront qo‘mondoni V. S. Lazaryovich: «harbiy g‘alabalarni iqtisodiy omillar bilan mustahkamlash uchun Farg‘onada oziq-ovqat razvyorstkasini bekor qilish kerak, chunki oziq-ovqat razvyorstkasi bosmachilik avj olgan rayonlarda juda oz naf berib, aholi qahr-g‘azabini keltirdi, xolos», deydi. Shuningdek, Turkiston fronti Harbiy-Inqilobiy Kengashi a'zosi P. I. Baranov esa bunday deydi: «Farg‘onaga qilgan safarimga asoslanib shunday xulosaga keldimki, bosmachilikni harbiy vositalar bilan tugatib bo‘lmaydi. Shu sababli bir qator iqtisodiy omillar o‘tkazish zarur, shundagina biz kutilgan siyosiy natijaga erishishimiz mumkin. Bunday tadbirlardan birinchisi, Farg‘onani tezlik bilan oziq-ovqat razvyorstkasidan xalos etish; ikkinchisi, farg‘onaliklar bilan mol ayirboshlash uchun moddiy fond tashkil etish; uchinchisi, Farg‘ona viloyatiga ko‘chib kelgan ruslarni yer fondi tuzib ko‘chirish va hokazolar».
Uni muhokama qilishda qatnashgan Ya. Rudzutak, Solts va boshqa kishilar masalaning bu tarzda qo‘yilishiga to‘la xayrixohlik bildiradi. Boz ustiga bunday yondashuvlar Turkfront harbiy-Inqilobiy Kengashi qabul qilgan qarorda o‘z aksini topgan.
Nazarimda, harbiylar tutgan mavqe faqat taktik jihatdan uzoqqa mo‘ljallangani bylan emas, balki insoniyligi bilan ham ahamiyatlidir. TKPning VI qurultoyida N. To‘raqulov qilgan ma'ruzadan ma'lum bo‘lishicha, harbiy harakatlar tufayli Turkiston jumhuriyatida 200 ming kishi o‘ladi va mayib-majruh bo‘ladi.
Haqiqiy tarixga yon bosish mayli yotdir, ammo Turkistonda qurbon bo‘lgan kishilar soni nisbatan ozchilikni tashkil etsa kerak. Chunki turkistonliklar uchun alternativ yondashuvlar bo‘lgan edi. Axir, 1918 yil aprelida Turkiston muxtoriyati e'lon qilingan, islomga nisbatan yondashuv va qarashlar o‘zgargan edi. Jumladan, 1918 yil yozida Turkiston jumhuriyatining milliy masalalar bo‘yicha xalq komissariati Moskvaga «vaqflarni tezda umumiy mulkka aylantirish» birgina aholi xayrixohligini yo‘qotishga emas, balki, jiddiy norozilikning o‘sib faol qarshi harakat vujudga kelishiga sabab bo‘ladi», deb xabar beradi. O'sha hujjatda mana bunday satrlar ham bor: «Markaziy hukumatning nikoh va ajralish haqidagi Farmoyishini to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshirish ham murakkablik keltirib chiqarishi mumkin: musulmonlar hayoti bus-butun shariat qoidalariga asoslangan, mabodo yangi mezonlar hayotga boshdan-oxir tadbiq etilsa, yangi hukumatga xizmat qilayotgan, tayanch bo‘lgan odamlarni ham Sho‘ro hukumatidan bezdirish mumkin». Bu hujjatni keltirishimdan maqsad shuki, 1918 yilda Turkiston jumhuriyatining yuqori idoralari Butunittifoq Markaziy Ijroiya Komitetining u yoki bu qarorlarini, jumhuriyatning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olib, tuzatish huquqiga ega bo‘lganini bildirishdir. Buni Turkiston MIK raisi nomiga kelgan telegramma ham tasdiqlaydi: «O'rt. Lenin bilan qilgan shaxsiy muzokaralarimizga ko‘ra, TMIK o‘lka aholisining turmush shart-sharoitlariga zid keladigan farmoyishlarning ayrim bandlarini tuzatish huquqiga egadir». (A. Gordienko. «Turkiston ASSRning tashkil topishi». 1968 y.)
Biroq 1918-20 yillarda bu mustaqillikdan o‘lka hukumati to‘la-to‘kis foydalana bilmadi.
Sh. Karimov. Marat keltirgan dalillar yakkam-dukkam emas. Biz o‘sha davr hodisalari aks etgan hujjat-dalillarni ko‘plab keltirishimiz mumkin. Fursatdan foydalanib, men ham ayrim ma'lumotlarni aytib o‘tishni lozim topdim.
1921 yil 9 martda Farg‘ona viloyati inqilobiy ijroiya qo‘mitasining majlisida Qizil Armiyaning Farg‘ona qo‘shinlari qo‘mondoni Konovalov va Turloning Farg‘ona vodiysidagi bosmachilik harakati to‘g‘risida ma'ruzalari tinglanadi. Unda Biryushev, Pevzner, Aliev, Zaxarov, Kirzner va boshqalar ishtirok etadi va Konovalov bosmachi-likka qarshi kurash «muvaffaqiyatli» olib borilayotganligini ta'kidlaydi. Ammo 1922 yil 18 iyulda Turkiston ijroiya qo‘mitasining IV plenumi beshinchi majlisida Turkiston ijroiya qo‘mitasining a'zosi Otaboev qilgan nutqda «muvafaqqiyatli» olib borilayotgan kurashning yovuzliklari ochib tashlanadi. Konovalov bosmachilar to‘dasining Bozorqo‘rg‘on qishlog‘ida ekani to‘g‘risida ma'lumot oladi va o‘zi boshchilik qilayotgan otryadni o‘sha yoqqa yetaklaydi. U otryad harakati yo‘nalishini bosmachilarga xabar qilishlari mumkin, degan shubhaga borib, yo‘l-yo‘lakay oldidan chiqqan tub aholini bitta qoldirmay qirib boradi. Qishloq yaqinida bosmachilarning kichik bir guruhiga duch kelganida bir kecha-kunduz jang bo‘ladi. Bosmachilar ko‘zdan g‘oyib bo‘lishi bilan Nikolskoe qishlog‘idagi ruslarga Bozorqo‘rg‘onni talashni topshiradi. Nikolskoeliklar Bozorqo‘rg‘onni 28 kun davomida «bosmachilardan tozalashadi». Bu ham yetmaganiday qishloq ahli bitta qoldirilmay - go‘dakdan tortib ayolu qariyasigacha otib tashlanadi. Ularning fikricha, qishloq bolalari kelajakda bosmachi bo‘lib yetisharmish. Bir iloj qilib qochib qutulgan bozorqo‘rg‘onliklarga nikolskoeliklar qishloqlaringga qaytib kelishlaring mumkin, deydi. Ular qaytib o‘liklarni yig‘ishtirib ko‘mishayotganda, jamiki to‘planganlarni yana otib tashlaydilar. Bosmachilar mudofaa janglarini olib borishayotganda ular qurshab olinib, ayovsiz o‘qqa tutiladi. Tinch odamlar qishloqdan daryo bo‘yiga borib yashiringanlarida pulemyotlardan o‘qlar uzilib qishloq ahlini bitta qoldirmay o‘ldirishadi. Murdalarni ko‘mishga hech kim kelolmaydi va ularni itlar g‘ajib tashlaydi.
Albatta bunday xatti-harakatlar odamlarga Qizil Armiya va Sho‘ro hukumatiga nisbatan ishonchsizlikni kuchaytirdi, bosmachilar harakatiga yangidan-yangi kuchlarning kelib qo‘shilishiga sabab tug‘dirdi. Turkkomissiya faollari mahalliy sharoitni, xalq tarixi, urf-odati, tili va madaniyatini bilmay, eski dunyo deb barcha mavjud madrasa-machitlarni xonavayron etadi. Qozi, domla, mullalar qamoqqa olinadi. Dinga qarshi kurash shiori ostida Andijondagi Jome' masjidi musulmon otryadlarining kazarmasiga aylantiriladi. Ko‘plab me'morlik imoratlari oyog‘osti etiladi.
V. Germanov. Hozir aytilgan gaplarning asosiy qismi Farg‘ona vodiysidagi bosmachilik harakati haqida bordi. Lekin Xiva xonligi va Buxoro amirligida bosmachilikning vujudga kelishida vodiy bosmachilarinikidan, umuman, farqlanadigan tomonlar ham bor. Biz bu harakatni imkonimiz yetgancha tahlil etarkanmiz, bosmachilarning har bir guruhi murod-maqsadlarini, yo‘nalishlarini o‘rganib, umumlashtirishimiz darkor, shundan so‘nggina uning ijtimoiy tabiatini aniq ayta olamiz.
Men yaqinda markaziy davlat hujjatgohlarida bo‘lib, aynan hozir biz muhokama qilayotgan davrga oid bir talay hujjatlar bilan tanishishimga to‘g‘ri keldi. Bu o‘rinda Xorazmda, qisman Buxoroda bosmachilikning paydo bo‘lishi sabablarini G. I. Broydoning ilmiy merosi orqali bayon etmoqchiman. Xo‘sh, Broydo kim? U 1883 yili Vilno shahrida tug‘ilgan. Yurist. 1909 yildan boshlab Toshkentda advokat yordamchisi bo‘lib ishlaydi. 1912 yili Toshkent temiryo‘lchilari o‘rtasida inqilobiy g‘oyalarni yoygani uchun Pishpek (Frunze)ga surgun qilinadi. Fevral inqilobidan keyin Broydo qisqa muddat askar deputatlari Toshkent Sho‘rosi rahbarligi ostida ishchi va askar deputatlari o‘lka kengashiga a'zo bo‘lib kiradi. So‘ng Moskvaga ketib, leninizmning milliy siyosati nazariy asoslarini ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi. 1918 yili Turkiston ASSR Markaziy Ijroiya Komitetining Moskvadagi muxtor vakili, Sharqiy Frontdagi I-IV armiyalarning siyosiy komissari bo‘lib ishlaydi. So‘ng 1920 yil avgustigacha RSFSR Xalq Komissarlari Kengashi va Butunittifoq Markaziy Ijroiya Komitetining Turkkomissiyasida xizmat qiladi, keyingi yillarda bir qator rahbarlik ishlarida bo‘ladi. 1941 yili trotskiychilikda ayblanib, qamoqqa olingan. 1955 yilda oqlangan.
Broydo Turkkomissiyaning tashqi aloqalar bo‘limi mudiri lavozimini egallab turgan paytda, Lenin nomiga yo‘llagan bayonnomasida, Oktyabr inqilobidan keyingi yillarda Turkiston, Xorazm va Buxoro jumhuriyatlarida yuritilgan siyosatga baho berar ekan, milliy va mustamlakachilikka oid nuqtai nazarlarini bildirib o‘tgan. Hozirga qadar Xorazm va Buxoro inqilobiga bag‘ishlangan tarixiy-partiyaviy adabiyotlarda Turkiston jumhuriyati hukumatining xonlik va amirlikda inqilobiy jarayonlarni, sun'iy jadallashtirish va tezlashtirishga uringaniga diqqat berilmay kelinmoqda. Yaxshi maqsadlar izidan tushgan turkistonlik kommunistlar goh-gohida haqiqiy ciyosiy vaziyatni o‘rganmay turib harakat qilganlar. Yosh buxoroliklarning Turkiston Qizil qo‘shinlari yordamida amirlik tuzumini ag‘darishga urinishi («Kolesov yurishi») 1918 yil bahorida muvaffaqiyatsiz tugagan edi. Mag‘lubiyat sabablaridan biri shundaki, xalq ommasi amirlik tuzumini ag‘darish zaruratini anglab yetmagan, unga tayyorlanmagan edi. Broydo hayotning o‘zi bergan shafqatsiz saboqni diqqat bilan o‘rganadi, bunday xatti-harakat takrorlanmasligiga qarshi jon-jahdi bilan tirishadi. Turkiston Harbiy-Inqilobiy Kengashi a'zolarini ehtiyotkor, mulohazali bo‘lishga da'vat etadi. «Buxoro amirligini tashqaridan berilgan kichik bir zarba bilan ag‘darish mumkinday tuyulgan, - deb yozadi u. - Nazarimda, Kolesov ham xuddi shunday o‘ylagan bo‘lsa ajabmas... Oqibati kutilganidan mutlaqo boshqacha bo‘lib chiqdi. Yurish millatchilikni haddan tashqari kuchaytirib yubordi, qurolsiz xalq to‘p va pulemyotlar o‘qiga qarshi turardi. Yurish Buxoro armiyasini shoshilinch va zudlik bilan tashkil etishga zamin hozirladi, jamiyatning barcha tabaqasidagi kishilar taxt yoniga to‘plana boshladi. Amirlik hukumati kuchaya bordi. Urush tamom bo‘lishi bilan biznyng ma'naviy buzuq qismlarimiz va partizan so‘l eserlar guruhlari amir sarbozlariga miltiq, snaryad, pulemyotlar sota boshladilar». U o‘z lavozimidan foydalanib, «Kolesov tajribasi» asoratlarini tugatishga harakat qiladi. Chegarachilar. talon-toroj bilan shug‘ullanib, har xil mojarolar chiqara boshlaydi, natijada Buxoro bilan munosabat murakkablashadi. Turkkomissiyaning siyosiy yo‘nalishi o‘zgarishi unda xavf uyg‘otadi. Ustiga-ustak «Buxoro va Xiva - ichki front» degan siyosiy formula ishlab chiqiladi. 1919-20 yillarda Broydo Buxoroga qarshi shoshilinch va o‘ylovsiz urush ochishning oldini olishga urinadi. U bu haqda shunday yozadi: «...Buxoroda bu inqilobiy harakatni batamom yakson etadi. U navbatdagi shovinizmni keltirib chiqaradi, kambag‘allarning ruhoniy va amaldorlar atrofiga to‘planishiga imkon yaratadi». Ayni shu paytda Turkiston siyosiy, harbiy xodimlari o‘rtasida Buxoro amirligi qo‘shinini ikki-uch polk bilan majaqlab tashlash mumkin, degan aqida.keng tarqalgan edi. Broydo bunga qarshi yozadi; «Aksincha, amirlikni harbiy yo‘l bilan ag‘darib tashlash mumkin, lekin bu urushning uzoqqa cho‘zilishiga imkon yaratadi. Natijada Qizil Armiya ozodlik keltiruvchi emas, ezuvchilik qiyofasini ko‘rsatadi, buxorolik partizanlar esa Buxoro mustaqilligi uchun kurashuvchilar bo‘lib maydonga chiqadi». Demak, bunday qilinsa, Buxoro yer bilan yakson etiladigan urush ichida qolishi mumkin. Buxoroning mo‘rt inqilobiy kuchlari mavjud shart-sharoitda faqat istilochi qo‘shin va uning qo‘llab-quvvatlashiga tayanardi, xolos. Bu shubhasiz, Buxoro kommunistlarini odamlar ko‘z o‘ngida mustaqillikning boy berilishida aybdor qilib ko‘rsatardi. 1920 yil fevralida Qizil Turkiston qo‘shinlarining Xivani qo‘lga kiritganlarida ham shu mavqedan turib baho beradi. U yuqori lavozimda ishlasa-da, RSFSR XKK va BMIK komissiyasining Turkiston ishlari hamda TASSR Harbiy-Inqilobiy Kengashi Xiva-Amudaryo bo‘limi muxtor vakili B. Skalovning o‘z hukumatiga qarshi qo‘zg‘olon ko‘targan xivaliklarga harbiy yordam berish vaqti va uning harbiy qo‘shinlar ustidan siyosiy rahbarlik qilib borishida o‘z huquqlarini bilmasligini ham yozib qoldirgan. B. Skalov nomiga yozgan maktubida shunday satrlarni uchratamiz: «Kolesovning Buxorodagi tajribalari bizning shunday taxmin qilishimizga to‘liq asos beradiki, Xivaga bostirib kirish ishlarimizni mutlaqo puchga chiqaradi. Xon ham, xalq ham bizga: «RKP(b)ning millatlarning o‘z taqdirini o‘zlari belgilashi haqidagi huquqi unda nimani ifodalaydi?» degan achchiq savolni beradi. Bizning nojo‘ya qadamlarimiz tufayli ingliz elchixonasi o‘z mavqeini Buxoro va Afg‘onistonda yanada mustahkamlashi mumkin... Biz hozirgi xatti-harakatlarimiz bilan yosh xivaliklarni ham, shubhasiz, obro‘sizlantirib qo‘yamiz».
1920 yil 10 fevralida Turkkomissiya yig‘ilishida Broydo yana shunday deydi: «O'zimiz qilayotgan tartibsizliklarni tushunib yetolmayapman, komissiyaning har bir a'zosi mustaqil ish yuritmayapti, nazarimda Skalovning bunday ishga qo‘l urishiga kimdir yo‘l-yo‘riq bergan. (Unga ko‘rsatmani Eliava va Kuybishev imzosi ostida Turkiston Harbiy-Inqilobiy Kengashi bergan - V. G.). Men esa butunlay boshqacha ko‘rsatma bergan edim, harbiy g‘uruhlarimiz Xiva ishlariga aralashsa qanday murakkabliklar kelib chiqishini eslatgandim. Biz o‘ng‘aysiz holatga tushib qoldik, undan chiqishimiz g‘oyat mushkul, negaki mavjud vaziyatni tiklash esa ishni yanada chigallashtiradi. Turkmanlar o‘zbeklar dodini berib bostirib kiradi, biz hammani o‘zimizdan qochira boshlaymiz. Shu sababdan, mening takliflarim quyidagichadir: 1) siyosiy va g‘o‘r go‘dak - yosh xivaliklar partiyasini oyoqqa turg‘azish; 2) Turkiston musulmonlari orqali Xiva qo‘shinini tashkil etishga ko‘mak berib, qismlarimizni iloji boricha tezroq olib chiqib ketish; 3) Turkmanistonni tashkil etishga tez kirishish kerak, shundagina xivalik turkmanlarga yetkazilgan jarohatni bitirish mumkin; 4) qismlarimizning Xivaga kirib kelishi Xiva hukumati bilan kelishilgan holda bo‘lishi lozim, kelganida esa Xo‘jayli, To‘rtko‘l... da rus oq-gvardiyachilarini tugatish zarur; 5) rus xodimlarini chetlashtirib, o‘rnini turkman (turkistonliklar bo‘lsa kerak - V. G.) musulmonlarga berib, ular orqali inqilobiy harakatlarni rivojlantirish, xonlikni yemirmb, mehnatkash omma kengashini chaqirishga erishish; 6) ruhoniylar va amaldorlarny ishdan olish; 7) Turkkomissiya tashqi aloqalar bo‘limiga otryadlar Xivani bosib olishi Turkkomissiya va Harbiy-Inqilobiy Kengash farmoni bilan bo‘lganini e'lom qilib, qismlarimiz yo‘l qo‘ygan xatolarni tugatish borasida muxtor vakil belgilanggnligini aytish kerak», deydi.
Skalovning 1920 yil 17 yanvarida Turkkomissiya raisi Sh. Elivaga yo‘llagan maktubida aytilishicha, «Xivada inqilobiy to‘ntarishni mustaqil boshqara oladigan real inqilobiy partiya bo‘lmagan. Yosh xivaliklarning kuchi haddan ziyod ko‘pirtirilgan. Xodimlar shunchalik bo‘shki, biz ruslarga Xivaga kirganimizda mulla va eshonlarni qirib tashlashni taklif qilishmoqda. Ular boshqa biron nojo‘ya ishga qo‘l urmasligi uchun ortidan doimo kuzatib borishga to‘g‘ri kelmoqda». Skalov xuddi shu narsani 1920 yil 16 martda Turkkomissiya tashqi aloqalar bo‘limiga yo‘llagan maktubida ham ta'kidlab, Xiva inqilobini rivojlantirishga oid o‘z nuqtai nazarini mustahkamlaydi: «Hech qanday ommaviy harakat sezilmaydi. Faqat yuqorida o‘tirganlar almashgan, ijtimoiy munosabatlarda esa hamon eskicha tartib, balki yangidan kelgan yosh xivaliklar biron narsaga erishar, chunki hozirgacha hech bir xodim tashviqot ishlari olib bormayapti, mamlakat hamon g‘aflat uyqusida».
Xivada siyosiy voqealar murakkablashadi, Amudaryo bo‘limi rahbarlari xatoga yo‘l qo‘ymasligi, RSFSRning ojiz davlatlarga bo‘lgan munosabatidagi mezonlar buzilmasligining oldini olish uchun BMIK komissiyasi Broydoni muxtor vakil etib tayinlaydi.
1920 yil 29 martda Broydo boshchiligida 150 ga yaqin kishi Petroaleksandrovskka (hozirgi To‘rtko‘l) keladi. Missiya a'zolari mavjud vaziyatni o‘rganar ekan, jiddiy suiste'molliklar yuz berganini aytadi. Harbiy Tribunal raisi I. R. Fonshteynning Toshkentga yozgan maktubida shunday jumlalar bor: «Biz bu yerda ko‘rgan narsalar shunchalik dahshatliki, bunaqasini hech qaerda ko‘rmaganmiz. Oshkora harbiy talon-torojliklar uyushtirilgan, qo‘lga tushgan narsalardan shtab rahbarlari o‘zlariga ko‘proq ulush olib qolib, qolganini taqsimlashgan. Xotinlarni olib ketishgan, ularni asira sifatida saqlab, Petroaleksandrovsk va Xiva bozorlarida kim oshdi savdosida sotishgan. Xiva saroylari yakson etilgan, Qizil Armiya askarlari oldidan chiqqan odamni otib tashlayvergan. Skalov bularning boshida turadi va u jinoyatkorona lo-qaydligi uchun aybdordir...»
BMIK komissiyasi a'zosi Shokirov 1920 yil 4 aprelida Toshkentga yozgan xatida xabar berishicha, Skalov tomonidan tashkil etilgan Muvaqqat hukumat bu yerdagi talon-torojchi qismlarning harbiy buyruqchisi vazifasini bajargan, ular aholi mulkini ochiqchasiga talab, qo‘lga tushgan o‘ljalarni o‘zaro baham ko‘rganlar. Amudaryo bo‘limidagi mustamlakachi gazandalar guruhi ayollarni ochiqchasiga sotish bilan keng shug‘ullangan. Ayrim qizil askarlarga, mana buni otasiz, degan ko‘rsatmalar berilgan. Ska-lovning o‘zi Xiva harbiy noziri Sardorboyni otib o‘ldirgan. Ana shulardan kelib chiqib, Broydo skalovchilik, kolesovchilik - boshqa mamlakatlar mehnatkashlarining ijodiy kuchiga ishonmaslik oqibati, deb baho beradi. U Turkkomissiya rahbarlari bilan ham xuddi shu masalada kelishmay qoladi. Uni Toshkentga chaqirib olishadi. Xiva ishlariga favqulodda muxtor vakillik huquqi Skalovga tegadi.
Broydoning Xorazmdagi faoliyati alohida o‘rganishga arziydi. Afsuski, Broydo yuqorida sanab o‘tgan takliflarning birontasi ado etilmaydi.
Moskvadalik paytida esa u MK diqqatini Xorazm jumhuriyatini tuzishda tug‘ilgan muammolarni, yarim mustaqil feodal davlatda inqilobning noyob tajribasini o‘rganishga qaratadi. Afsuski, u qo‘ygan masalalar e'tiborsiz qoldirilaveradi. Xorazm jumhuriyati tugatilganga qadar siyosiy, iqtisodiy, madaniy rivojlanish jabhasida muayyan natijalarga erisha olmaydi. O'zbek va turkman urug‘lari o‘rtasidagi qarama-qarshilik kuchayadi, fuqarolar urushi va bosmachilik harakati to‘xtamaydi. So‘ng Qizil Armiyani qurol-yarog‘ bilan ta'minlash uchun uyushtirilgan Buxoro operatsiyasi va Hisor ekspeditsiyasi jumhuriyatning harbiy-siyosiy rahbarligiga yetuk odamlar kelmaganini ko‘rsatdi.
Broydoning asosiy fikrlaridan biri siyosiy xodimlarni tarbiyalash masalasi edi. Uning e'tirof etishicha, Turkiston hududidan tashqarida tuzilgan Qizil Armiya qismlari siyosiy jihatdan halokatga mahkumdir, chunki ular mahalliy siyosiy vazifalarni bilishmaydi, Qizil Armiya qismlari ertami-kechmi siyosiy mohiyatini yo‘qotib, boshqarib bo‘lmaydigan texnik kuchga aylanadi. Yuborilgan siyosiy xodimlar tub proletar va yarim proletarlar bilan til topisha olmaydi, ularga qay yo‘sinda yondashishni bilmaydi. Broydo bunday fikrga uzoq kuzatuv va mulohazalaridan keyin kelgan. U Turkistonga xodimlar yuborishni diyonat bilan kuzatib borgan. Turkkomissiyaning ba'zi xodimlari o‘lkaga jazoni o‘tash sifatida, surgunga jo‘natilganday jo‘natilavergan. Bu hol, hatto markazda «O'rta Osiyo ne'matlaridan bahramand bo‘lishga jo‘natish» degan istehzoli ta'rif ham olgan. Bunday «vakillar» mahalliy shart-sharoitni bilmasa-da, istar-istamas, o‘lganining kunidan yo‘lga chiqqanlar, kelishganida esa xalq urf-odatini mensimaganlar, mahalliy xodimlardan o‘zlarini yuqori tutganlar. Katta rahbarlar ko‘z o‘ngida yaxshiroq ko‘rinishlari, oqlanishlari uchun jo‘yaliyu jo‘yasiz ishlar qilaverishgan.
Ozodlik, madaniyat, ma'rifat olib kelishni targ‘ib qilgan inqilob, uning bayroqdorlari mahalliy aholini nazar-pisand qilmay o‘z bilgilaricha ish tutaversa, har xil beboshliklar qilaversa qaysi bir xalq bunday xo‘rliklarga chidab turishi mumkin edi?! Milliy g‘urur, milliy or-nomus - bosmachilikni keltirib chiqargan omil emasmi?! Nega Broydo aynan Turkkomissiya tashqi aloqalar bo‘limida ishlab turganida uning ustidan har xil ig‘volar uyushtirilgan? Chunki u bor haqiqatni aytgan, rus inqilobchilari mahalliy shart-sharoitlarni bilmasligidan noligan, tub aholi mayli bilan ish ko‘rish lozimligini uqtirgan, inqilobni zo‘ravonlik yo‘li bilan amalga oshirishni qoralagan. Bu esa Turkkomissiyaning ko‘p a'zolariga yoqmagan. Shu komissiyaning a'zosi Golubning tavsiyasi bilan Chicherinning Leninga yozgan maktubida, Broydo 1917 yilgacha firibgar, Kerenskiy davrida menshevik, Sho‘ro tuzumi davrida sho‘ro xodimi, ashaddiy avantyurachi bo‘lgani ta'kidlanadi. Broydo kabi rus proletarlari, siyosiy xodimlarining ilmiy merosi ko‘rsatib turibdiki, bosmachilik tug‘ilishiga ob'ektiv omillar sabab bo‘lgan. U biz yuzaki tasavvur qilgandek, o‘g‘ri, qaroqchilarning uyushgan to‘dasi emas.
Sh. Karimov. Insofi borning barakasi bor, degan naql mavjud. O'lka ahli insofsizlik, diyonatsizlik va b.a'zi kimsalarning insoniylik qiyofalarini yo‘qotganliklari oqibatida qanchadan-qancha aziyat chekdi. Xiva xoni Junaydxonga urug‘chilik negizida raqib bo‘lgan G'ulom Ali va Qo‘shmamad Qizil Armiyaga yordamga keladi, madad beradi va xonlik tor-mor etiladi. Ammo biroz vaqt o‘tgach, har ikkisi ustidan Sho‘ro hukumatiga qarshi davlat to‘ntarishi tayyorlamoqda, degan ig‘vo tarqatilib, yo‘q qilinadi. Voqea tafsiloti shunday: Sho‘ro hukumati vakillari Buxoroga yurish qilish bahonasida ularni Xivaga chaqiradi. G'ulom Ali va Qo‘shmamad o‘z yigitlari bilan shaharga yetib kelgan zahoti ularga qo‘qqisdan hujum uyushtiriladi va qurolsizlantiriladi. Qo‘shmamad va uning yigitlari qilichdan o‘tkaziladi, G'ulom Ali esa qochib qolishga erishadi. Jazo otryadi G'ulom Alining orqasidan ta'qib etadi. Yo‘l-yo‘lakay barcha qishloqlar talanib, yakson etiladi. Voqeadan xabar topgan yovmud turkmanlari mol-mulklarini tashlab duch kelgan tomonga qocha boshlaydi, ularning aksariyati Eronga qochib o‘tadi. Bosmachilar tinch hayot kechirayotgan aholining qoni to‘kilayotganini ko‘rib, bir necha marta Sho‘ro hukumati bilan yarash bitimlari tuzishni taklif etganlar, jumladan, Farg‘ona vodiysi millatparvarlari 1921 yil avgust oyida Turkiston Sho‘rolari X qurultoyiga quyidagi diniy, xo‘jalik va siyosiy shartlar bilan muzokaralar olib borishni maxsus taklif qiladilar: shariatni ochiq tan olish, machitlar, madrasalar, maktablar ochish, qozilik sudlovi, vaqf mulklari, diniy boshqarmalarni qayta tiklash, bozor erkinligi, dehqonchilik va mayda ishlab chiqarish korxonalari rivojlanishiga yo‘l berish va bosmachilarning otryadlarini Qizil Armiya safiga qabul qilish. Agar Sho‘ro hukumati vakillari o‘z vaqtida bunday talablarga ko‘nganlarida edi, davom etayotgan fojia bunchalik uzoq muddatga cho‘zilmasdi. O'z ixtiyori bilan Sho‘ro tomoniga 40 yigiti bilan o‘tgan Boytuman Qo‘rboshi va yana boshqa bosmachilar to‘dasi Turkfrontning Farg‘ona guruhi qo‘mondoni Zinovev askarlari tomonidan qirib tashlanadi. Bunday holatlar ham bosmachilikning yanada o‘sishiga, ularning badtar qahr-g‘azabga minishiga omil bo‘lgan.
M. A'zam. Yuqorida aytilgan A. Zevelev, Yu. Polyakov, A. Chugunovning kitobida «Favoritom Ferganskoy kontrrevolyutsii stal Madamin Axmadbekov» deb yozilgan. Aslida esa Muxtoriyat hukumati Marg‘ilon shahar qo‘rboshisi Madaminbek Ahmadbek o‘g‘lini «amir al-muslim» qilib saylagan edi. Sal keyinroqda «Revvoensovet Ferganskogo fronta, pristupil k peregovoram s Madaminbekom, ne prekraidal organizatsiyu presledovaniya protivnika. Madaminbek v?nujden b?l kapitulirovat 6 marta 1920 g. On podpisal s komandovanie Krasnoy Armiey soglashenie kotoroe predusmatrivalo yego polnoe podchinenie Sovetskoy vlasti. 12 marta 1920 goda vsadniki Madaminbeka prekratili soprotivlenie» deb yozilgan. Aslida, Farg‘ona vodiysida Madaminbek, Shermuhammad, Nurmatbek, Xolxo‘ja, Parpi qo‘rboshi kabi milliy kurash qo‘mondonligi ostidagi mujohidlar Qizil Armiyani tashvishga solayotgan edilar...
Q. Mahmudov. Vaqt o‘tishi bilan Turkiston ozodlik kuchlarining ichiga turli ayg‘oqchi, ig‘vogar, sotqin kuchlar to‘plana boshladi. Millat fidoyilari o‘lja tushgan qurollar, kontrabanda (yashirincha) yo‘l bilan chet ellardan sotib olingan qurollar bilan jang olib borardilar. Rasmiy ravishda ularga hech bir mamlakat yordam bermagan. Farg‘onadagi ozodlik kuchlari bir tomondan ocharchilikka uchragani, chetdan madad bo‘lmagani, ozodlik kuchlari qo‘lidagi qurollar zamonaviy asr tig‘iga bas kelishi qiyinligi, shuningdek, Markaziy Rusiyadan kelgan bir yuz ellik ming kishilik qo‘shin bilan kurashish qiyinligini inobatga olib, Madaminbek fevral-mart oylarida Sho‘ro hukumati bilan muzokara olib borishga majbur bo‘ladi. Ammo o‘sha muzokara chog‘ida hukumat vakillari ularga nisbatan zimdan zo‘ravonlik, tazyiq o‘tkazadilar. Madaminbek siyosat ishida tajribasizlik qiladi. Yangi hukumat, Madaminbek o‘z oldiga Turkistonni siyosiy, iqtisodiy jihatdan to‘la mustaqillikka erishishi lozim, degan talabni qo‘yish imkoniyatiga ega bo‘lmagan. Shunga ko‘ra, Turkistonda musulmonlarning shariat qonunlariga aralashmaslikni, yerli xalq tili va madaniyati hurmat qilinishini, ozodlik kuchlarining daxlsizligini, o‘z guruhining saqlanishi hamda Namangan shahri va viloyatini o‘z tasarrufida bo‘lishini talab qilgan, shu kabi shartlarga rozi bo‘lgan taqdirda Sho‘ro qo‘shinlariga yordam berishini ta'kidlagan. Sho‘ro hukumati vakillari esa qo‘yilgan shartlarning ma'lum qismiga rozi bo‘lganlar. Ammo yarash bitimi imzolangandan so‘ng Turkistonda siyosiy vaziyat, iqtisodiy ahvol o‘ta jiddiylashadi. Umuman, bu yarash bitimi nimalardan iborat ekanidan o‘quvchilar tasavvur hosil qilishi uchun uning to‘la matnini keltirish o‘rinli bo‘la'di, deb o‘ylayman.
MADAMINBEK BILAN YARASH BITIMINING TUZILISHI
2-Turkiston harbiy qo‘mondonligining o‘qchi diviziyasi va Madaminbek qo‘mondonligidagi islom qo‘shini o‘rtasidagi bitim matni
1920 yil, 6 mart, Farg‘ona shahri
Biz quyida imzo chekuvchilar: birinchi tomondan - Harbiy-Inqilobiy Kengash buyrug‘iga asosan, Turkiston frontida harakat qilayotgan 2-Turkiston o‘qchi diviziyasining boshlig‘i Verevkin-Raxalskiy va diviziya harbiy-siyosiy komissari Slepchenko, ikkinchi tomondan: - islom qo‘shinining qo‘mondoni Muhammad Aminbek Ahmad Bekov mazkur bitimni tubandagicha tuzdik:
Men, Muhammad Aminbek o‘z qo‘shinim hamda o‘zlarining batamom roziliklarini shaxsan menga izhor qilgan qo‘rboshi va a'zolarim bilan birgalikda tantanali qasamyod qilamanki, endilikda Sho‘ro hokimiyatini tan olaman hamda uning sodiq xizmatkori bo‘lishga so‘z beraman, uning barcha buyruq va topshiriqlariga quyidagi shart-sharoitlarda amal qilaman:
1) Sho‘ro hukumati Turkiston fuqarolari hayotini yo‘lga qo‘yishda shariat asoslarini saqlab qolib, mehnatkashlarning manfaatlarini himoya etib, ahli islomga mavjud shariat, ya'ni musulmonlarning mahalliy shart-sharoiti va urf-odatlariga huquq berganida;
2) Otryadimning doimiy qarorgohi Namangan shahri etib tayinlanganida;
3) Men, boshqa frontlarga chiqmasdan, vaqtincha Farg‘ona tasarrufida, Sho‘ro hokimiyatini har tomonlama ham ichki, ham tashqi dushmanlardan himoya qilishga va'da beraman.
4) Otryadimda xizmat qilayotgan barcha ruslar to‘la ozod etiladi va xohishlariga binoan otryadimda xizmatda qolishlari mumkin.
5) Shu yilning 13 martidan kechikmay o‘z vakillarim bilan Turkfront-Harbiy Inqilobiy Kengashi va Turkiston Markaziy hokimiyatiga sodiq ekanimni bildirish uchun Toshkentga borishga so‘z beraman.
2-Turkiston o‘qchi diviziyasining boshlig‘i Verevkin-Raxalskiy,
Harbiy-siyosiy komissar Slepchenko.
Islom qo‘shinining qo‘mondoni Madaminbek.
MADAMINBEK BILAN YARASH MUZOKARALARI
1-kun
2-Turkiston o‘qchi diviziyasi shtabining Madaminbek parlamentyor (vakil)lari bilan yarash bitimi haqidagi muzokaralari
1920 yil, 4 mart, soat 14.
2-Turkiston o‘qchi diviziyasi shtabidan ishtirok etuvchilar: diviziya boshlig‘i Verevkin-Raxalskiy, 2) diviziya harbiy komissari Slepchenko, 3) shtab boshlig‘i Xodorovskiy, 4) shtab harbiy komissari Bogaevskiy 5) siyosiy komissariat mudiri Shafranskiy, 6) viloyat inqilobiy qo‘mitasining raisi Xo‘jaev, 7) otliq brigada qo‘mondoni Kujello va 8) brigada harbiy komissari Antonov.
Madaminbek tarafidan vakil sifatida ishtirok etuvchilar: 1) Radzevskiy, 2) Sitnyakovskiy B. N., 3) Mulla Mo‘min Karimxo‘jaev, 4) Madali Mirza Muhammadjonov va 5) Hayitoxun Islomboev.
Kotiblar: Blyum va Levashev.
Verevkin-Raxalskiy. Men bu yerga, muzokaraga yig‘ilganlarni yarash bitimi tuzishga chin qalbdan, ochiqko‘ngillik bilan va ko‘pdan buyongi tilaklarini amalga oshirish uchun kelgan, deb hisoblayman.
Sitnyakovskiy. Verevkin-Raxalskiy bayonotini qo‘llab-quvvatlayman. Bek nomidan aytamanki, u hech qachon Sho‘ro hokimiyatiga qarshi bormadi, u harakatlari markaz farmonlari bilan ayri bo‘lgan hokimiyatning ba'zi vakillariga qarshi chiqdi. Bosmachilarni tiyish uchun yuborilgan otryadlar aholini talon-toroj qildi, zo‘rladi. Bek esa omma tarafini oldi. Endi u yarash muzokaralari boshlanayotganini tabriklamoqda hamda yarash bitimi tuzilishini xohlamoqda, chunki ijobiy siljishlar ro‘y berdi. Sho‘ro hokimiyatining yo‘lboshchilari o‘zgardi.
Muhammad Ali Mirza Muhammadjonov. Bek hokimiyatni egallashga intilmadi - uning uchun xalq manfaatlari azizdir. Sho‘ro hukumati berayotgan va'dalarga ishonmasa-da, u sizlar bilan yonma-yon yashashni va sizlarning harakatingiz adolatli bo‘lishini kuzatib borishni istamoqda.
Verevkin-Raxalskiy. Yana kim nima demoqchi?
Xo‘jaev. Madaminbek jamiki musulmonlar nomidan gapirish vakolatiga ega emas, agar u qo‘rqoqlik qilmaganida edi, muzokaralar olib borishi uchun albatta o‘zi yetib kelgan bo‘lardi. Barcha kambag‘al-musulmonlarni u, ya'ni uning nomi bilan kim xonavayron etdi? Madaminbek jamiki aholini yiqqan emas, ularga o‘z fikrlarini bayon etgan emas va uni xalq saylagan ham emas. Agar u Sho‘ro hukumatiga ishonsa, hukumat bilan yonma-yon emas, balki birga yashashi kerak. U qo‘rqoqlik qilmaganida edi, bizlarga qarshi ochiqchasiga kurashgan bo‘lardi. U esa dilisiyoh odamlarning ishonch va muhabbatiga sazovor bo‘lmagani, qo‘llab-quvvatlamasligini bilgach, yarashish haqida gapirmoqda. Madaminbek jo‘natgan vakillar ayni damda, hap senimi deb turmasdan oshkora gapirishlari, bor haqiqatni aytishlari kerak.
Sitnyakovskiy. Xo‘jaev Madaminbekka malomat yog‘dirmoqda, go‘yo Bek aholining o‘zi bilan birga ekanini isbotlay olmas emish. O'zim shunga guvoh bo‘lganmanki, Bek kelishi hamono odamlar unga peshvoz chiqishadi, hatto ayollar yuzlarini ochishadi. Agar odamlar menga qarshi chiqsa, darrov Sho‘ro hukumatiga bo‘yin egaman, deb Bek bir necha marta ta'kidlagan. Xo‘jaev Bekni qo‘rqoqlikda ayblayotir, biroq Bek dastlabki muzokaralar chog‘idayoq qo‘shinini tashlab keta olmaydi. Biz, qachonki ijobiy natijalarga erishib borsak, shundagina Bek bitimni imzolagani keladi.
Xo‘jaev. Men Madaminbekning kelishi shartligini nazarda tutayotganim yo‘q, ammo u o‘zining ishonchli vakillariga maqsadini - qo‘shnichilikda yashash va Sho‘ro hukumatining faoliyatini tekshirib borishini aytib yuborishi bilan o‘zining qo‘rqoqligini namoyon etayotir hamda kimlar bilan muzokaralar olib borayotganini tushunmayotir. Madaminbek sho‘ro hukumati yaxshi-yomonligi haqida fol ochmasdan vakillariga o‘zining qat'iy qarorini aniq aytishiga vakolat berishi kerak edi.
Verevkin-Raxalskiy. Madaminbek Sho‘ro hukumati bilan yarash bitimi tuzish, uning vakillariga bo‘yinsunish uchun qanday shartlarni maqbul deb hisoblamoqda?
Sitnyakovskiy. Bizning nimalarga daxlimiz bo‘lsa, shular haqidagina gapirishimiz mumkin. Madaminbek yarash bitimiga o‘zi hamda qo‘shiniga Sho‘ro hokimiyati o‘rnatilgan joydan tasarruf ajratilishini shart qilib qo‘ymoqda. Madaminbek o‘sha tasarrufda hayotning osoyishta kechishiga kafolat beradi. Sho‘ro hukumati qachonki o‘z va'dalarini bajarsa, u o‘sha zahoti Sho‘ro hukumati uchun xizmat qilishga o‘tadi.
Shafranskiy. Madaminbek Sho‘ro hukumatiga ishonsa hamda uning xohishlari bizga samimiy bo‘lsa, u bu holda hech qanday tekshirish o‘tkazmasligi, ajralmasligi kerak, - u hokimiyatga butunlay bo‘ysunishi lozim.
Sitnyavskiy. Sizlar oldingi vakillarning qo‘zg‘olon chiqishida aybdorligini tan olasizlarmi?
Verevkin-Raxalskiy. Sizlarga sho‘ro hukumati chiqarayotgan barcha farmonlar ma'lumdir, ularda hukumatning ayrim vakillari xato va adolatsizlikka yo‘l qo‘ygani tufayli bosmachilik vujudga kelgani aniq aytilmoqda. Madaminbek va uning a'zolariga ham ayonki, hukumatning bunday vakillari xatti-harakatlari uchun qattiq jazolanadilar. Sizlar bilasizlarki, Sho‘ro hukumatining faoliyati ocharchilikni tugatish, osoyishta va farovon turmush yaratishga qaratilgan. Qo‘shinlarimizdan talon-torojchilar butunlay tozalandi, qat'iy tartib-intizom o‘rnatildi, barcha ishlarimiz xalq farovonligini oshirishga yo‘naltirilgan. Bulardan xabardor bo‘lgan Madaminbek Sho‘ro hukumatini qandaydir tekshirishini gapirmasdan, aksincha kelib, unga bo‘ysunishi kerak edi. Agar haqiqatdan ham ayrim shaxslarning tartibsizligiyu adolatsizligi uni bizlar bilan kurashga majbur etgan bo‘lsa.
Sitnyakovskiy. Matbuot boshqa, amaliyot boshqa. Agar biz markaz farmonlarining turmushga tadbiq etilayotganini ko‘rsak, unda darhol yarash bitimini tuzishga kiri-shamiz, mabodo adolatli hokimiyat haqidagi masala chigal bo‘lsa, unda o‘rni bilan qo‘porib tashlash zarur.
Xo‘jaev. Sho‘ro hukumatiga ishonchsizliklaringiz nimaga asoslangan? Nega sizlar bizning hamma farmonlarimiz turmushga, mehnatkashlar manfaatiga, asosan to‘g‘ri tadbiq etilayotganiga ishonmaysizlar?
Sitnyakovskiy. Sizlarning farmonlaringiz turmushga, mehnatkash omma foydasiga qanchalik to‘g‘ri oshirilayotganini biz ko‘rmayapmizmi? Sizlar buni bizga isbotlab bering, biz uni Bekka yetkazaylik. Sizlar bizlarni hap senimi deb turishda ayblayotirsizlar, afsuski «Madamin, yalqovlik qilma!» degan maqola buning aksi ekanini isbotlab turibdi. Biz emas, sizlar hap senimi deb turibsizlar.
Verevkin-Raxalskiy. Ro‘znomadagi maqola shundan iboratki, Madaminbekka ishonib bo‘lmaydi, bunga esa o‘zi aybdor, chunki u Baliqchiga yondosh Namangan deparasida muzokaraga chorlab, vakillarimizni kutishga majbur qilgan, o‘zi esa qochib ketgan, xuddi shu hol o‘sha maqolaning yozilishiga turtki bergan, afsuski maqola ancha kechikib chiqdi.
Sitnyakovskiy. Biz muzokaralar olib borishdan voz kechgan edik, negaki ayg‘oqchilarimiz bizni o‘rab olishayotgani haqida xabar yetkazgan edi.
Verevkin-Raxalskiy. Shuni qat'iy ta'kidlaymanki, o‘sha payti bizning mavjud kuchlarimiz muzokaralar olib boradigan joydan butunlay boshqa joyda bo‘lib, qo‘shinlarimiz sizlarni o‘rab olishi mumkin emas edi, buni diviziyaga berilgan buyruq ham tasdiqlaydi.
Sitnyakovskiy. Ushbu holda, balki anglashilmovchilik bo‘lgandir.
Madali Mirza Muhammadjonov. Oldingi safar muzokaralar bo‘lib o‘tmaganiga otryadlaringiz sababchi, chunki ular bizni qurshovga ola boshlagan edi. Ayni paytda muddoimiz to‘la samimiy, biz tinchlik o‘rnatish tarafdorimiz.
Verevkin-Raxalskiy. Shuni oshkor aytishim o‘rinliki, markazning qaroriga ko‘ra, yarash bitimining asosiy shartlaridan biri - taslim bo‘lganlar Sho‘ro hokimiyatiga to‘la bo‘ysunishlari kerak. Bordiyu tuzilayotgan turk brigadasini o‘sha yigitlar hisobiga to‘ldirish lozim topilsa, albatta bu amalga oshiriladi, ustiga-ustak Madaminbek o‘sha brigadada ma'muriy vazifalardan birini egallaydi yoki qo‘mondonlik qiladi. Bo‘lak otryadlar, takror aytaman, markaz qaroriga ko‘ra tuzilmaydi.
Muhammadjonov. Bek o‘z qo‘shini bilan yashashi mumkin bo‘lgan tasarrufni qat'iy talab qilgan. Sho‘ro hukumati qozilar o‘rniga sud'yalarni deltirib qo‘ydiki, bu hol shariatga mutlaqo xilofdir. Bek tasarrufni Sho‘ro hukumatining shariatga munosabati nechog‘li munosib kelishini bilish uchun ham talab qilayotir.
Sitnyakovskiy. Bek tasarruf olish tarafdori. O'ylaymizki, biz qo‘ygan bitim shartlari bandma-band qabul qilinadi. Biz yuqorida ko‘rsatilgan shartlarni buzishga vakolatli emasmiz, sizlarning shartlaringizni esa Madaminbekka, albatta yetkazamiz. Bordiyu Madaminbek siz tarafingizga butunlay o‘tsa, u o‘z qo‘shiniga bosh bo‘lib qolaveradimi? Rekvizitsiya (mol-mulkni, qiymatini to‘lash sharti bilan majburiy ravishda davlat ixtiyoriga olish) bekor qilinadimi?
Xo‘jaev. Shariat va sud talablariga muvofiq aytishim zarurki, biz shariatni buzish tarafdori emasmiz. Maxsus diniy sudlar tashkil ztiladi, ularga shariat asos qilib olinadi. Ayni mahalda Sho‘ro hokimiyati tomonidan rekvizitsiya va konfiskatsiya (mol-mulkni musodara etish) qo‘llanilmayapti. Hamma narsalar sotuvchilar bilan kelishilgan holda xarid qilib olinadi. Farg‘onadagi harbiy harakatlar chog‘ida ko‘rilgan zararni qoplash uchun markaz tomonidan 200 000 000 so‘m ajratilgan.
Sitnyakovskiy. Sizlar bizlar bilan mustaqil holda muzokara olib borishga vako-latlimisizlar yoki Toshkentdan biron buyruq bormi shartlarni kelishilgan holda o‘zgartirishga? Bundan tashqari, muzokaralar chog‘ida otryadlaringiz bilan to‘qnashuv chiqmasligi uchun xolis, aniq bir joy kelishib olinsa ayni muddao bo‘lardi.
Verevkin-Raxalskiy. Sizlarning takliflaringiz bo‘yicha Toshkent bilan kelishib olamiz. Bizning shartlarimizni esa Madaminbekka to‘liq yetkazinglar. Muzokaralar olib borishga esa xolis bir joyni aniqlaymiz.
Dastlabki talablardan voz kechish
Vaqtinchalik ahdlashuvdan so‘ng Madaminbek huzuriga yuborilgan vakillarimiz u bilan muzokara olib bordi, pirovardida Madaminbek o‘zining tasarruf talabidan voz kechganligini bildirdi. Muxtor turk qo‘shiniga yon berdi va shtabga o‘z taklifi - shu yilning 5 martida Ko‘hna Marg‘ilonda muzokaralar olib borishni belgilab, unda shaxsan o‘zi ishtirok etishini bildirgan.
2-kun
5 mart kuni oqshomga yaqin bizning tinchlikparvar delegatsiyamiz Madaminbek qarorgohiga yetib keldi. Delegatsiyamiz Ko‘hna Marg‘ilon bo‘ylab borarkan, butun bozor va unga yondosh ko‘chalarda xalq guruh-guruh bo‘lib o‘tirishardi, o‘lar orasida tinchlikparvar delegatsiyaning kelishi haqidagi xabar yashin tezligida tarqalgan edi. Nafaqat bozor va unga yondosh ko‘chalarda, deyarli barcha tomlar ustida sartlar olomoni yurardi. To‘planganlarning kayfiyatlari ko‘tarinki bo‘lib, ular har xil tusda kiyingan edilar.
Soat 5 dan 50 daqiqa o‘tganida yarash muzokaralari boshlandi.
Shtab tarafidan: diviziya shtabi boshlig‘i Verevkin-Raxalskiy, diviziya harbiy komissari Slepchenko, otliq brigada qo‘mondoni Kujello, otliq brigada harbiy komissari Antonov, otliq polk harbiy komissari Fillipov, viloyat harbiy komissari Kovrov, «Proletarskaya m?sl» ro‘znomasining muharriri Savin va kotiblardan Blyum va Levashev o‘rtoqlar ishtirok etdi.
Madaminbek shtabi tarafidan: islom qo‘shini qo‘mondoni Madaminbek, shtab boshlig‘i Belkin, adyutant Geyer, xodimlardan Sitnyakovskiy, Nensberg, Konstantinov, Bakelov, Poplavskiy, Madali Mirza Muhammadjonov o‘rtoqlar qatnashdi.
Tinchlikparvar delegatsiyamiz raisi Verevkin-Raxalskiy quyidagilarni bayon qildi:
«Men bu yerga Turkfront Harbiy-Inqilobiy Kengashi nomidan ikki yildan buyon cho‘zilayotgan fuqarolar urushiga chek qo‘yish uchun keldim. Sizlarning bitim tuzish va Sho‘ro hukumati bilan urushishni bas qilish borasidagi tilaklaringiz samimiyligiga ishonib, umid qilamanki, biz ushbu yarashish muzokaralarimizda xonavayron bo‘lgan Farg‘onada osoyishtalik o‘rnatishga muvaffaq bo‘lamiz».
O'rtoq Verevkin-Raxalskiy davom etib dedi: «Yarashish muzokaralarimizda bitim masalalarini hal etishdan avval biz Madaminbekdan bitim tuzishining bosh va asosiy sabablarini bilmoq istaymiz, fuqaro Madaminbek va uning qo‘shini Sho‘ro hukumatiga bo‘ysunadimi, uni tan oladimi?»
Madaminbek. Agar men Sho‘ro hukumatini tan olmaganimda edi bu yerga kelib o‘tirmagan, sizlarni esa yarashish bitimi tuzishga taklif qilmagan bo‘lardim. Sho‘ro hukumatini tan olaman (matndagi barcha takidlar nashrdan olingan-Red.), biroq yarashish bitimining ma'lum talablar asosida tuzilishini xohlardim. Bordiyu bitimni imzolashga erishsak, uning birinchi bandi Sho‘ro hukumatining shariatni tan olishi, ikkinchisi esa qo‘shinimning mayda-mayda qilib yuborilmasligi bo‘ladi. Qo‘shinimni qaerga jo‘natish lozim topilsa, men ham shu yoqqa borishim kerak.
Men Marg‘ilondan chiqqanimda, talon-toroj bilan shug‘ullanish va qo‘mondon bo‘lishni maqsad qilgan emasman. Chiqishimga sabab - Sho‘ro hukumati vakillarining ahli islomga o‘tkazgan munosabatlaridagi adolatsizliklardan anchayin xo‘rlanishim bo‘ldi. Sizlar o‘z ro‘znomalaringizda endi Sho‘ro hukumati yangilanayotganini, uni nomunosib vakillardan tozalashga kirishayotganlaringizni yozmoqdasizlar. Men o‘shandayoq: agar Sho‘ro hukumati shu yo‘lga kirsa, men u bilan birga bo‘laman, deb aytgan edim.
Men Marg‘ilondan chiqqanimda yuz berayotgan adolatsizliklardan qahr-g‘azabga mingan edim, jon-jahdim bilan dushmanlarga qarshi kurashdim. Shuni tan olishim kerakki, qon to‘kilayotgani, shuningdek, bu kurashda xo‘rlangan Farg‘ona xalqi xonavayron bo‘layotgani menga og‘ir botardi. O'ylashimcha, biz urushni davom ettiraversak, xalq dehqonchilik bilan shug‘ullana olmay qoladi, battar qashshoqlashadi va ochlikdan nobud bo‘la boshlaydi. Sizlar bilan kurashayotganimga ikki yil bo‘ldi. Ana endi Sho‘ro hukumati o‘zgargani, g‘oyali odamlar bilan yangilanayotganini bilib, Sho‘ro hukumati bilan murosa qilib yashashni xohladim.
Men tomondan tuzilayotgan bitimning muhim shartlari quyidagilar hisoblanadi; qo‘shinim o‘zim bilan birga bo‘lishi hamda meningsiz hech qayoqqa jo‘natilmasligi kerak. Mabodo Farg‘ona sarhadlariga hujum boshlansa, shu zahoti o‘zimning ishonchli yigitlarim bilan uni dushmanlardan muhofaza etishga kirishaman.
Antonov. Madaminbek dushman deganda kimlarni nazarda tutayotganini bilsak bo‘ladimi?
Madaminbek. Men bu o‘rinda tashqi dushmanlarni nazarda tutayotirman, ularga qarshi Sho‘ro hokimiyati tarafida turib kurashaman, shuning barobarida uning ichki dushmanlariga ham qarshi turaman.
Verevkin-Raxalskiy. Ma'lum bo‘lishicha, Bek Qizil Armiyaning nega tuzilgani haqidagi tushunchaga ega emas. Armiya o‘z safiga chaqirilgan va unga ko‘ngilli bo‘lib kirganlardan tashkil topgan. Qizil Armiyaga u yoki bu yo‘sinda kirganlarning hammasi, shubhasiz, uning umumiy nizomlariga bo‘ysunadi. Sobiq partizanlar otryadidan biz tomonga o‘tganlardan alohida turk brigadasi tashkil etiladi, unga bo‘yin eggan yigitlar ham qabul qilinadi. Bu xildagi harbiy qismlarni tashkil etish xuddi Qizil Armiyani tashkil etishdagi kabi bo‘ladi.
Haqiqatdan ham, Madaminbek va uning xodimlari Sho‘ro hukumatini samimiy tan olsalar, bo‘yin egganlarning istaklarini hisobga olib, Turkfront Harbiy-InqilobiyKengashi o‘z buyrug‘ida biz tomonga o‘tgan yigitlar yonlarida qurol olib yurishihamda ularning tashkil topayotgan brigadaga qo‘shilib ketishiga ruxsat bergan, ammo takror aytaman, Madaminbek va uning a'zolari bizga qarshi kurashganiga tavba qilishi hamda sho‘ro hukumatini tan olishi va unga bajonidil bo‘ysunishi kerak.
Nensberg. Ushbu shartga binoan Bek va uning a'zolari ham tavba qilishi kerak ekan-da, unda men uning yaqin xodimi sifatida, shuningdek, boshqalar nomidan norozilik bildiraman, chunki biz Sho‘ro hukumati bilan uning ayrim vakillari xatti-harakati tufayli kurash olib bordik. Markaziy hukumat vakillari bu yerga kelgunicha obro‘sini to‘kkanligini bilamiz. Shu boisdan, tavba qilishimiz noo‘rin, negaki biz Sho‘ro hukumatining nomunosib vakillariga qarshi kurash olib bordik.
Madaminbek. Biz talon-toroj bilan shug‘ullanmaganmiz, shu tufayli tavba qilishimizga hojat yo‘q.
Verevkin-Raxalskiy. Markazdan yuborilgan o‘rtoqlar tomonidan boshqarilayotgan Sho‘ro hukumati ta'kidlashicha, ilgarigi nomunosib vakillarning hammasi qattiq jazoga tortiladi, bu ish amalga oshirilayotir ham. O'rtoqlar, markazdan kelganlar inqilobiy qonunlarning adolatli bo‘lishi hamda xo‘rlangan ommaga tezroq madad berishga diqqat qilmoqdaki, bu ham sho‘ro hukumatining asl mohiyatini anglatadi. Ammo Madaminbek urushni davom ettirmoqda, qon to‘kilishiga yo‘l qo‘ymoqda. Markazdan yangi vakillarning kelganiga 4 oy bo‘ldi. Biz Turkistonda olib borayotgan siyosatimizning keskin o‘zgarganiga Madaminbek ishonch hosil qilishi uchun vaqt yetarli bo‘lgan, deb o‘ylaymiz. Biz hukumatning oldingi barcha a'zolari bilan aloqani uzishimiz va ularni sudga berishimiz ham sizlarga qorong‘imi?
Qizil Armiyaning keyingi vaqtda, barcha frontlarda ulkan muvaffaqiyatlarga erishgani sizlarga ma'lum bo‘lsa kerak. Sho‘ro davlati o‘sib ketdi va mustahkamlandi, uning harbiy qudrati esa tobora oshib borayotir. O'tgan oylar mobaynida, sizlar Sho‘ro hukumati jamiki xo‘rlanganlarni ozod qilajagi borasida kurash olib borayotganiga yashonch hosil qilishlaringiz mumkin edi. O'z muassasalaringizni yot unsurlardan tozalashga kirishib,oldingi xatti-harakatlaringiz uchun rostakamiga tavba qilishlaringiz hamda Sho‘ro hukumatini tan olishlaringiz zarurdir.
Madaminbek. Men hukumatning oldingi vakillari bilan olib borgan kurashim uchun tavba qilishim kerakmi?
Verevkin-Raxalskiy. Sho‘ro hukumati o‘zining oldingi vakillarini qattiq jazoga tortayotganini gapirar ekanman, Madaminbek bundan 3-4 oy oldin kurashni to‘xtatmagani uchun tavba qilishi kerak, chunki bu paytda yangilangan hukumat o‘zining nomunosib vakillarini jazoga torta boshlagan edi, demoqchiman.
Nensberg. Sho‘ro hukumati so‘zdan ishga o‘tganini, sizlarning esa yaxshi so‘zlardan yaxshi ishlarga urinayotganingizni ko‘rib, kurashni to‘xtatish uchun sizlarga murojaat qildik. Biz bunga avvalroq ishonishimiz lozim edi, ana endi ishongach, Sho‘ro hukumatini tan olganimizni hamda o‘zaro urushni bas qilishni istab huzuringizga keldik.
Verevkin-Raxalskiy. O'tgan ishga salavot, endi yarashish bitimi masalalariga o‘taylik, uning shartlarini ishlab chiqaylik. Shunday qilib, biz bir yarim soatlik muzokaralarimiz davomida sizlarning Sho‘ro hukumatini samimiy tan olganlaringizga batamom ishondik.Men Turkfront Harbiy-Inqilobiy Kengashi nomidan aytamanki, Madaminbek otryadining taslim bo‘lgan qismi qurolsizlantirilmaydi, aksincha ular turk brigadasiga qarashli alohida harbiy qism bo‘lib qolaveradi. Madaminbekning o‘zi yigitlari bilan birgalikda, albatta Farg‘ona yoki Qo‘qon shahriga kelishi shart, shu yerda uning qo‘shini a'zolari muayyan harbiy tashkilotga tegishli tartiblarga solinishi uchun qarorgohlarga joylashtiriladi. Madaminbek qo‘shini bozor kuni, ya'ni 7 martda Qizil Armiya tuzilganining 2 yilligini nishonlashda qatnashishi, so‘ngra Bek o‘z o‘rniga o‘rinbosarini qoldirib, Turkfront Harbiy-Inqilobiy Kengashiga va Markaziy hukumat vakillariga shaxsan ma'ruza qilishi uchun Toshkentga borishi shart.
Belkin. Mening o‘ylashimcha, Bekning Toshkentga borishi birmuncha fursat keyinga qoldirilgani maqbul, chunki viloyat bo‘yicha kichik-kichik guruhlarga bo‘lingan yigitlarimizning yig‘ilishida uning o‘zi albatta, qatnashishi zarur. Sababi - yigitlar dastlabki tinchlik bitimi natijalaridan bexabar qolsa, Bek tushuntirib bermasa, uni a'zolarimiz sotqinlikda ayblashlari mumkin.
Madaminbek va fuqaro Nensberg ham xuddi shu fikrda qat'iy turadilar.
Verevkin-Raxalskiy. Bu holda, meni yarashish haqidagi masalani mustaqil hal etadigan islom qo‘shinining qo‘mondoni bilan muzokaralar olib borish sharafiga muyassar bo‘lishi qiziqtirib qoldi, yoki men bilan qo‘shinning oddiy a'zosi gaplashayaptimi? Bek o‘z qo‘shinini yarashish bitimiga tayyorlamaganini avvalroq bilganimda edi, men bu yerga qadam bosib o‘tirmasdim. Agar, haqiqatdan ham Madaminbekning yigitlari unga ishonsa, hurmat qilsa, to‘la bo‘ysunsa, unda u Farg‘ona shahriga kelib, o‘z qismlariga yarash bitimi imzolangani haqida buyruq yozib tarqatishi mumkin, shunda u yigitlarini tezda huzuriga to‘play oladi.
Madaminbek. Yana takror aytaman, men sizlar bilan bitim tuzishga ochiqko‘ngillik bilan kelganman, sizlarga qandaydir tuzoq qo‘ymoqchi emasman hamda o‘zim ham tuzoqqa tushishni xohlamayman. Sizlar menga ishonmas ekansizlar, biz urushni davom ettirishga majburmiz, ayni paytda muzokaralar olib borish uchun Toshkentga o‘z vakilimni jo‘nataman. U qaytib kelishi hamono harbiy harakatlarga chek qo‘yaman. Ustiga-ustak, guruhlarimni shaxsan o‘zim yig‘ishim nega zarur ekanini tushunib yetmayapsizlar. Sizlar bu bilan o‘zlaringizning musulmonlar ruhiyatini, jumladan yigitlarim ruhiyatini, umuman bilmasliklaringizni oshkor etayapsizlar. Bundan tashqari, meni Farg‘onada o‘rnatilajak yangi turmush asosida shariat bo‘lish-bo‘lmasligi, shariat aqoidiga asosan sud qiladigan qozilar bo‘lish-bo‘lmasligi, ularning xalq tomonidan saylanish-saylanmasligi masalalari qiziqtirmoqda.
Fillipov. Fuqaro Bekka tushuntirishga ruxsat berishingizni iltimos qilaman. Shariatga nisbatan bunday munosabat markaziy hokimiyat vakillari diqqat markazida turibdi, ular musulmonlar istagini e'tiborga olishmoqda. Toshkentda tuzemliklar turmush tarzida shariat amal qilishi masalalariga bag‘ishlangan musulmonlar qurultoyi chaqiriladi. Farg‘ona ma'muriy fuqarolik boshqarmasi har jihatdan shariat farmonlari va aqidalari asosida idora etiladi.
Shundan so‘ng, Verevkin-Raxalskiy Madaminbek Toshkentga borganida markaziy hokimiyat hamda Turkfront Harbiy-Inqilobiy Kengashi vakillari bilan suhbatda bo‘lib, shartlarning qismlariga o‘zgartirishlar kiritish mumkinligini aytib, muzokaralarni to‘xtatishga da'vat etadi.
Verevkin-Raxalskiy. Siz nima deysiz, o‘rtoq Bek? Agar Sho‘ro hukumati hamda uning buyruqlariga itoat qilsangiz, unda men sizga shunday taklif qilaman: Qizil armiya vujudga kelgan kunni nishonlashda qatnashishingiz hamda turk brigadasining otliq polkiga qo‘shilish uchun tezda o‘z qo‘shiningiz bilan yetib kelishingiz kerak.
Nensberg. Men Bekning qo‘shinni o‘zi to‘plashi, shundan keyingina Farg‘onaga yetib kelishi haqidagi fikrlarini batafsil tushunib turibman. Shu boisdan ham Verevkin va Bekka murosaga borishlarini taklif qilaman, ya'ni Qizil Armiya tuzilganini nishonlashga qo‘shinimizdan faqatgina bir qismi (100-150 kishi)ni uning yaqin xodimlari boshchiligida yuborish mumkin. O'zi esa huzurlaringizga faqat qo‘shinni to‘plaganidan so‘nggina kela oladi.
Shundan keyin tanaffus e'lon qilinadi, bu paytda Bek Nensberg va Belkin bilan kengashish uchun uzoqroqqa borishadi. Kengashishgach, Madaminbek shunday deydi:
«Men muzokaralarimiz uzilib qolmasligini istamayman, sizlar chiqargan farmonlarga bo‘ysunaman, istaklaringizga binoan 7 mart kuni Qizil Armiya tuzilgan kunni nishonlashga yaqin xodimlarim rahbarligida 100-150 kishini yuboraman, ammo ta'kidlaymanki, bu hol tufayli qo‘shinning qolgan a'zolari orasida ko‘ngilsiz hodisalar ro‘y berishi, menga ishonchsizlik uyg‘onishi hamda talon-toroj bilan shug‘ullanadigan mayda guruhlarga bo‘linib ketishi mumkin.
Vyorevkin-Raxalskiy. Shunday qilib, men hamda diviziya harbiy komissari sizlarga aniq, to‘la-to‘kis ushbu shartlarni qo‘yamiz:
1) Sho‘ro hukumatiga batamom bo‘ysunish va tan olishni; 2) ertaga, 6 mart kuni soat 16 da mavjud otryadingiz bilan yarash bitimini imzolash, yigitlaringizni to‘plash uchun zarur muddatni belgilagani yetib kelishingiz; 3) mavjud otryadingiz 7 mart kuni ertalab soat 9 da Qizil Armiya tuzilganini nishonlashda ishtirok etishini va 4) Toshkent shahrida Turkfront Harbiy-Inqilobiy Kengashi va markaziy hukumat vakillariga qilajak o‘z ma'ruzangizda yarash muzokaralari shartlari qismlarini hal etish talablarini qo‘yamiz.
Madaminbek. O'z nomim va shtabim nomidan aytamanki, diviziya boshlig‘i Verevkin-Raxalskiy hamda diviziya qarbiy komissari Slepchenko qo‘ygan shartlarga amal qilaman. O'z navbatida, men diviziya shtabiga kelgungacha biz tomondan qo‘yilgan talablarning muhim jihatlarini sim orqali aniqlab qo‘yishlaringizni iltimos qilaman.
Soat 9 dan 50 daqiqa o‘tganida yarash muzokalari tugaydi.
(Yarash bitimi matni 2-Turkiston diviziyasi siyosiy bo‘limining 1920 yilgi nashridan tarjima qilingan.)
Yarash bitimi hech qanday ahamiyatga ega bo‘lmagani uchun boshqa beklar Madaminbekni xoinlikda qoralashdi. Xolxo‘ja qo‘rboshi Uchqo‘rg‘on tegarasida Madaminbek bilan jangga kirishib, uni qatl etadi.
A. Haydarov. Afsusqi, Madaminbek xiyla yon bosib tuzgan yarash bitimidagi bandlar shavkatli Qizil Armiya rahbarlari tomonidan bajarilmaydi. Diviziya qo‘mondonligi bitim matnini viloyat partiya qo‘mitasi va Turkfront Harbiy-Inqilobiy Kengashi bilan kelishib olmagani ayon bo‘ladi. Negaki, oradan ko‘p o‘tmay, Turkistonda o‘zining ancha «muborak izi»ni qoldirgan V. Kuybishev Farg‘ona fronti rahbarlarini qoralab shunday deydi: «U (ya'ni bitim) shu holida siyosiy sohada ham, harbiy sohada ham yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin... Birinchi bandi bizni Farg‘onada va hatto Turkistonda fuqarolar orasida olib borajak ishlarimizni cheklab qo‘yadi va Sho‘ro hokimiyatiga yot bo‘lgan mezonlarga amal qilishga majbur etadi». U bitim matnida boshqa shart-sharoitlar ko‘rsatib tuzishni, «Madaminni asta-sekin shashtidan tushirib, uni oddiy bir itoat etuvchi kishi darajasiga keltirib qo‘yish»ni taklif qiladi. Farg‘ona viloyati partiya komiteti bu xususda maxsus qaror qabul qiladi: «Turkiston Kompartiyasi,-deyiladi bu qarorda,- o‘lka komitetidan va Turkfront Harbiy-Inqilobiy Kengashidan Madamin bilan tuzilgan yarash bitimi matnining kirish qismi va 5-bandidan boshqa hammasini bekor qilish so‘ralsin, chunki u viloyat komiteti va Harbiy-Inqilobiy Kengashning ba'zi a'zolari fikricha, siyosiy jihatdan mutlaqo noto‘g‘ridir». Bitimda ko‘rsatilganidek, o‘sha paytda ikkita alohida turk brigadasi tuziladi. Lekin oradan hech qancha vaqt o‘tmay, ular tarqatib yuboriladi, Sho‘ro hukumatiga bo‘yin eggan milliy jafokashlarga ishonchsizlik bildiriladi. Bu xususda Turkiston Markaziy Ijrriya Komiteti fraktsiyasi, Turkiston KP o‘lka komiteti va Turkkomissiyaning qo‘shma majlisida so‘zga chiqqan muruvvatli sarkarda Frunze: «Sobiq bosmachilardan tuzilgan brigadalarni tarqatib yuborish kerak», degan edi.
Endi Buxorodagi bosmachilik xususida to‘xtalmoqchiman. Ayonki, amirlik tuzumini ag‘darish, xalqning madaniy-ma'rifiy darajasini oshirish Buxoro jadidlarining asosiy maqsadi edi. Buxoro inqilobi yaqinlashishi bilan ular o‘rtasida ixtiloflar yuz berib, ikkiga ajraladilar. Birinchi guruhdagilar Buxoro Kommunistik partiyasiga kirib, o‘z taqdirini Oktyabr inqilobi va jahon kommunistik harakati taqdiri bilan, jahon sotsial inqilobi uchun kurash bilan qo‘shadi. Ikkinchi qismi esa inqilobiy to‘ntarish qilishga qarshi chiqadi. Ularning fikricha, Buxoroda inqilobiy vaziyat pishib yetilmagan edi. Xuddi ana shu toifadagi jadidlar Buxoro inqilobi amalga oshganidan so‘ng bosmachilik harakatiga qo‘shilib ketadi. Sho‘ro hukumati rahbarlaridan Muhiddin Xo‘jaev, Usmon Xo‘jaev, Oripov kabi shaxslar yuqori lavozimlarda ishlasalar-da, partiya va hukumat yurgizayotgan siyosatga qarshi chiqib, xalq himoyasi uchun kurashga otlanadi. Bosmachilar jazavasini qo‘zg‘atgan narsa, dag‘alroq qilib aytganda, hukumatning beburdligi edi. Buxoro inqilobi tashabbuskorlari o‘zlarini qanchalik kuchli, qudratli qilib ko‘rsatmasinlar, ammo xalq ommasidan tarkib topgan bosmachilarning ko‘p sonli guruhlari qarshisida ojiz qolardilar. Hokimiyatni egallaganlar esa o‘z mavqelarini saqlab qolish uchun Qizil Armiyadan madad so‘rardi. Chunonchi, 1922 yil 8 martida Jabbor boshliq millatchilar jumhuriyat poytaxti Eski Buxoroni hamma tomondan qurshab oladi. Shu sababli BXSR hukumati g‘arbiy Buxorodagi bosmachilikni tugatishga yordam so‘rab Turkfront Harbiy-Inqilobiy Kengashiga murojaat qiladi. Samarqanddan yetib kelgan otliq qismlar Vobkent va G'ijduvon oldida bo‘lgan janglarda Jabbor guruhini tamomila yakson qiladilar. 1922 yil 25 mayda Butun Buxoro Sovetlar Markaziy Ijroiya Komitetining qaroriga binoan, o‘z ixtiyori bilan taslim bo‘lgan bosmachilarga amnistiya beriladi. Ammo umumiy avf berilsa-da ko‘p o‘tmay Jabbor va boshqa bosmachilar guruhlari aldab olinib, otib tashlanadi. Albatta bu nayranglar ular ruhiyatiga ta'sir etmasdan qolmasdi. Xo‘sh, Buxoro amirligidagi bosmachilarning muddaosi ne edi? Menimcha, buni Buxoro hukumati rahbarlariga yozilgan quyidagi xat to‘liq oydinlashtirib beradi:
«Salomimizni qabul qilgaysiz, alhamdililloh biz sog‘-salomatmiz.
Bema'ni xatingizni oldik. Sizning bizga nisbatan g‘alati iltifotingizdan juda taajjublandik. Siz xatingizda bunday deb yozibsiz: «Sizlar Buxoro inqilobi boshlanganidan beri ko‘p ishladingiz, lekin sizni harbiy ishlar noziridek juda muhim mansabga ko‘tarmoqchi bo‘lib turganimizda ba'zi insofsiz kishilarning gapiga aldanib, bizdan ketib qoldingiz, kelavering. Gunohingiz kechiriladi». Bizga bunday iltifot qilganingizga shuning uchun yana bir marta taajjublanayotirmizki, siz o‘z birodarlaringiz bo‘lgan rus bolsheviklari bilan Buxoro tuprog‘iga kirib millat qonini to‘kdingiz, uning mulki bo‘lgan oltin va g‘allani yo‘q qilib tashladingiz, xullas, xalqning barcha zarur mulkini yo‘qotdingiz, machit va madrasalar kabi tabarruk joylarni oyog‘osti qildingiz, Favqulodda Komissiya orqali kambag‘al aholining mol-mulkini va hayotini tortib oldingiz, ularga oqsoqollar, aksilinqilobchilar, boylar va burjuylar deb nom qo‘yib, shunday qildingiz. Bolshevizm va kommunizm g‘oyalarini amalga oshirishga kirishdingiz.
O'z diningizni, imoningizni va vijdoningizni bir parcha non evaziga la'nati ruslarga sotdingiz. Rus bolsheviklari jabr va zulmni avj oldirib yubordilar, Buxoroning mustaqilligi quruq so‘z bo‘lib qoldi, haqiqatda undan darak yo‘q. Shu sababli, Buxoro inqilobchilaridan biri bo‘lgan qahramon Usmonxo‘ja Buxoro jamiyatining raisi bo‘lishiga qaramay, rus konsuliga va sizlarga qarshi vijdonan urush e'lon qildi. U mana shu jabr-zulmlarga toqat qilolmadi. Vatanimizning farzandlaridan biri bo‘lgan men ham mamlakatimizning baxt-saodati va taraqqiyoti yo‘lida qahramonlarcha jang qildim va bundan buyon ham rus bolsheviklariga va sizlar singari xoinlarga qarshi qahramonlarcha jang qilaveraman.
Buxoro farzandlaridan, millatimizning haqiqiy qahramonlaridan birontasi ham sizlarning qabih g‘oyalaringizga aslo qo‘shilmaydi, o‘zining or va nomusini aslo srtmaydi.
Bir yarim million kishidan iborat bo‘lgan Buxoro aholisi cho‘l va tog‘larda o‘zining issiq qonini to‘kib, qo‘liga qilich olib millat xoinlari bilan jang qilayotganligini hozirgi kunda ko‘rib turibmiz. Biz ham vatanimizning haqiqiy farzandlari bilan birga mamlakatimiz mustaqilligi va ravnaqi uchun siz kommunistlarga qarshi kurashaveramiz. Bizlar bosmachilar emasmiz, balki millatimizning haqiqiy va itoatli xodimlarimiz, dushmanlarimiz bo‘lgan ruslarni vatanimizdan haydab chiqaramiz va ularni abadiy yo‘qotamiz. Xudoga ming qatla shukrki, bizning yo‘limiz va g‘oyamiz haq yo‘ldir va haq g‘oyadir, biz ishimizni soat sayin hech bir to‘xtovsiz avj oldirmoqdamiz. Musulmonlar qo‘llariga qurol olib g‘azavotda qatnashmoq uchun o‘z ixtiyorlari bilan hamma tomonlardan to‘planib kelmoqdalar, islom dinini va musulmonlarni qutqarish uchun biz bilan bir bo‘lib kurashmoqdalar. Islomning fathi uchun hamma otlangan. Shu sababli biz sharafli vatanimizni yaqin fursatda kofirlar va vijdonsizlardan tozalashimizga va ularni yo‘q qilib tashlashimizga aminmiz.
So‘ngra xatingizda bunday deb yozibsiz: «Agar sizlar taklifimizni e'tiborga olmasangiz, sizlarga kuchimizni va zarbamizni ko‘rsaturmiz». Bu gapingizni biz o‘zi-mizning haqiqiy istagimiz deb hisoblaymiz, o‘rtoqlaringizning to‘p-to‘pxonalari va zambaraklariga qaramay, sizlarga qarshi jang qilishga hamisha tayyormiz. Zafar xudodan, kimga xohlasa shunga beradi. Biz hech qachon va aslo jangdan qaytmaymiz, hamisha olg‘a boraveramiz.
Millat xoinlarining boshlig‘i bo‘lgan siz shunaqa qahramon bo‘lib chiqqanligingizga hayronman, siz faqat xalqning qahrini eshitasiz.
Azizlar! Maslahatimiz uchun afv etgaysiz, fursatni qo‘ldan bermay, biz tomonga o‘tingiz va millatga xizmat qilib uning tashakkurini olingiz. Tarixda yaxshi nom qol-dirmoq uchun islom yo‘lida kurashayotganlarning safida ishlangiz.
Sizga yana sihat-salomatlik tilaymiz.
1318 yil, 18 ramazon. (1921 yil 18 sentyabrga to‘g‘ri keladi.)
Agar islom uchun kurashayotganlar bilan ittifoq bo‘lishni istasangiz, ruslarni sharofatli vatandan chiqarib yuboringiz. Shunday qilsangiz, vatan ravnaqi yo‘lida birga ishlayveramiz - bizning birdan-bir tilagimiz mana shu.
Ehtirom bilan:
Bosh qo‘mondon G'ozi
Buxoro inqilobchisi Qori Abdulla
Norqul botir
Doniyorbek ellikboshi».
Ko‘rinib turibdiki, bosmachilar shariat himoyasi yo‘lida kurashganlar. Ammo islom muhofazasi bu - ruh va vujud, ya'ni inson muhofazasi demak. Islom muhofazasi bu - asrlar osha shakllangan milliy madaniyat, tarix, e'tiqod muhofazasi demak. Ushbu xatda keltirilganidek, millat fidoyilari ruslarni quvib chiqarish deganda, yuqorida aytilganidek, o‘z burchi va vazifasini unutgan, bilmagan talonchilarni ko‘zda tutganlar. Negaki, Buxoroda inqilobdan ilgari ham ruslar mahalliy aholi bilan baqamti yashagan edilar.
M. A'zam. Turkiston milliy-ozodlik qarakati hukumat hujjatlarida, matbuot nashrlarida va badiiy adabiyotda har doim fuqarolar urushining bir qismi deb baholangan va «bosmachilik harakati boylar va mullalar tomonidan olib borilgan ochiq siyosiy banditlik» deya ta'riflangan. (Stalin. Asarlar. M., 1960 y. V jild, 143-bet.) Ammo bu haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Fuqarolar urushi deganda biz bir millat ichida olib borilgan birodarlik urushini tushunamiz. Turkistonda esa butun millat o‘z ustidan boshqa davlatning hukmronligiga qarshi kurashgan. «Banditlik» deganda biz davlatga, armiyaga aloqasi bo‘lmagan tasodifiy olishuvlarni tushunamiz. Banditchilik, odatda shaxsiy boylik orttirish yo‘lida va yoki shaxsiy qasoskorlik tuyg‘ulari bilan olib boriladi. Bosmachilar esa Turkiston muhtor jumhuriyatini saqlab qolish uchun va jumhuriyatning harbiy kuchlari sifatida shovinistik tuzumga qarshi kurash olib borganlar va bu kurash 16 yilga cho‘zilgan. Demak «bosmachilik» degan atama Turkiston milliy-ozodlik jangchilariga mos kelmaydi.
Turkiston frontining bosh qo‘mondoni bo‘lgan Frunze: «Bosmachilik bezorilik emas. Agar shunday bo‘lsaydi, ularni allaqachon yo‘q qilish mumkin bo‘lardi», deydi. V. Kuybishev esa: «Bosmachilik harakatini shunchaki banditlik deb qabul qilish xato bo‘ladi. Chunki u siyosiy inqilobdir», deb yozadi. Komissar Skalov fikri: «Bosmachilik Turkiston xalqining begona hokimiyatga qarshi milliy isyonivdir. Komissarlar Ginzburg va Vasilevskiy fikri esa mana bunday: «Bosmachilikning shiorlari «Turkiston turkistonliklar uchun!» «Turkistonni Rusiyadan qutqaramiz», «Zulmsiz Turkiston!» kabi maqsadlarga qaratilgan edi. Sovet adibi Boris Pilnyak: «Bosmachilar yuksak ism va sharaf sohibidirlar» deb yozgan.
Bosmachilik harakatini ob'ektiv baholashga intilish bizning adabiyotimizda ham dastlab Mamadali Mahmudovning «Bog‘don qashqiri» qissasida yuz ko‘rsatgan edi. Yaqin o‘tgan yillarda Shukur Xolmirzaevning «Qora kamar» dramasida bu mavzuga yanada yaqinroq yondashildi. Ammo hali mukammal asarlar, epopeyalar oldinda kutib turibdi.
M. Hasanov. V. Germanov. Umuman, jumhuriyatimiz markazida 20-yillarning, ya'ni milliy-ozodlik harakatining begunoh qahramonlari xotirasiga yodgorlik o‘rnatish mavridi keldi, deb o‘ylaymiz.
O. Muxtorov. Bugungi davra suhbatimiz, nazarimda, ancha keng va chuqur o‘tdi. Biz xalqimiz tarixining eng chigal davriga oid o‘z xulosalarimizni samimiy gaplashib oldik. O'ylaymanki, uzoq yillarga cho‘zilgan bosmachilik harakatini birgina suhbat miqyosida uzil-kesil hal etish qiyin. Tabiiyki, yuqorida aytilgan fikrlarni yagona va hal etuvchi xulosa, deb qabul qilmaslik kerak. Ularga qo‘shiluvchilar ham, qo‘shilmaydiganlar ham bo‘lishi mumkin. Bugungi oshkora fikr olishuv zamonida biz oynoma sahifalarida 20-yillar hayoti chuqur tahlil etilgan boshqa mualliflarning ham maqolalarini yoritib borish niyatidamiz. Shundagina keng o‘quvchilar ommasining bosmachilik harakatining butun musbat va manfiy tomonlari haqidagi fikrlari ravshanlashadi, taassurotlari boyiydi. O'sha davr voqealari shohidlari o‘z xotiralari bilan ishtirok etishsa, nur ustiga a'lo nur bo‘ladi.
"Sharq yulduzi" jurnali, 1991-yil, 3-son