O'smir harbiy xizmatga o‘z oyog‘i bilan, sog‘-salomat jo‘nab, uyga temir tobutda qaytdi... Juvonmarg bo‘lgan yigit ota-onasini, bobosini, ukalarini va qorabayir otini yaxshi ko‘rardi...
Redaksiyaga maktub
Men endi nmma qilaman dunyoda!!
O'n sakkiz yil ko‘zimning qorachig‘iday avaylab katta qilganim, ziyrak, aql-farosatli suyanchig‘imdan - farzandim Sharofiddindan ayrilib qoldim.
1987 yili maktabni bitirgach, G'allaoroldan Qarshiga borib, qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash texnikumiga o‘qishga kirdi, ikkinchi yili Sovet Armiyasiga chaqirildi. Qarshi shahar vokzalidan men bilan quchoqlashib, o‘pishib: «Otajon, yigitchilik!» deb bag‘riga bosib, yaxshigina kayfiyatda jo‘nab ketdi.
Mana, besh oy qolganda, temir yashikda shishib ketgan jasadi keldi. Men jasadni ko‘rib hushimdan ketibman. Ukol qilib, dori-darmon bilan oyoqqa turg‘izishdi. O'zimga kelgan zahoti yana bolaginamni ko‘rgim keldi, bir ko‘ray, deb yolvoraverganimdan so‘ng faqat jasadini ko‘rsatishdi, yuzini ko‘rsatishmadi. Lahadga qo‘yib, ko‘mib kelganimdan keyin ham o‘zimga kelolmadim.
«O'ldi», deb telegramma oldik. Odamning ishongisi kelmaydi. Xizmatning qiyini o‘tgan, eng oxirgi xatlarida ham zarracha hafagarchilik bilinmasdi.
Lekin, insof bilan aytinglar, hech bo‘lmasa, o‘ligini hurmat qilishsa bo‘lmasmidi?! Telegrammani olib, jo‘nab ketgan ukalarim - Baxtiyorjon va Rofijon shunday hikoya qiladilar: «Borib ko‘rsak, beshta o‘lik beton ustiga yotqizib qo‘yilgan ekan, biri tanib bo‘lmaydigan darajada shishib ketgan. Sharofiddinniki ham endi ayniy boshlagan ekan. Jasadlar dorilanmagan muzlatilmagan, xor bo‘lib yotibdi. Bir-ikki kun kechiksak, nima bo‘lardi?! Pul bilan samolyotni gaplashdnk. Tobut yo‘q. Pul beramiz desak ko‘nmaydi. Aroq topib kelsang, yasab beraman, deydi. Aroq talonga ekan. Bir leytenantdan 70 so‘mga talon olib, aroq keltirib berdik... O'likni uyga olib kelguncha butkul shishib ketdi...»
Vo darig‘, bolaginamning o‘zi xizmatga kulib chiqib ketgan uyga o‘ligini qo‘ydik. Hidiga turib bo‘lmaydi. Isiriq, o‘t yoqib yuvdik, kirib xayr-xo‘sh qilib ham bo‘lmadi.
Sovxozda yashaymiz. Agar fermada bir qo‘y o‘lsa, kamida to‘rt guvoh bilan akt qilib, imzolaymiz, terisi va tuyog‘ini ashyoviy dalil tarzida qo‘shamiz, nohiya, viloyat agrosanoat rahbarlari oldida hukumatga hisob beramiz... Odam o‘lsa-chi! Hech kim so‘ramaydimi! Odamning davlatga sovxozning qo‘yichalik qadri yo‘qmi! Menga kelib, xizmat qilgan yeridan hisob bermaydimi? Men bolamni osonlik bilan katta qilganim yo‘q edi...
O'n sakkiz yil bola boqib, hukumatga shu uchun berdikmi! Uch ukasi katta bo‘lmoqda. Erta-indin ularga ham povestka kelsa, tartibi shunaqa bo‘lgan armiyaga endi ularni qanday jo‘nataman. Jo‘natmayman, desam haqim bordir!..
Musurmon Abdusalomov,
G'allaorol nohiyasi G'afur G'ulom nomidagi sovxozning 1-bo‘limi».
Men bu qishloqni uzoq deb o‘ylamagan edim. G'allaorol Toshkent - Samarqand yo‘lining chap tomonida, G'afur G'ulom sovxozi esa 55-60 km ichkarida ekan. Bir soat yurib, yo‘lda bir kishinigina uchratdik. Yo‘lning ikki yoni poyonsiz sahrolar, kengliklar; qurigan sho‘ra, sariqtikanlar, faqatgina yantoq ko‘karib turibdi. Unda-bunda qayirlardagi buloqlar tevaragida qishloqchalar paydo bo‘lgan ko‘rinadi. Bu qishloqlarning nomi ham shundan. Jarbuloq, Safarbuloq, Toshbuloq, Qizilbuloq, Korizquduq... Toponomiya bilan shug‘ullanadigan olimlarimiz shu yoqlarga borsalar qiziq nomlar etimologiyasini o‘rgansalar bo‘ladi: Beshbola, Juma, Xatcha Juma (bu qishloqqa tog‘ xat solib o‘tgan), Oqqovun, Qoratosh...
Biz shahar va qishloq o‘rtasidagi tafovutni yo‘qotish haqida kerilib gapirib keldik. Bu qishloqlarni ko‘rgach, men hali hech ish qilganimiz yo‘q, degan fikrdaman. Hali feodalizm davridagi ahvolda qolib ketgan yerlar juda ko‘p ekan. Mabodo, XVII asr haqida film olinsa, xarajat qilib, pavilon yasatmay, o‘sha yoqlarga boraversa bo‘ladi. Gazlashtirish, kanalizatsiya haqida o‘ylash - yozning o‘rtasida qorni orzu qilishday gap. Loysuvoq tomlar, tolyog‘ochdan qurilgan ko‘priklar, chang-qo‘par yo‘llar... Jamiyat bu olis go‘shalarni, qadam yetmas qishloqlarni unutgan!.. Ammo ularning farzandlarini harbiy xizmatga olishni unutmaydi. O'ylab qolaman: Davlat va shaxs munosabatlari qanday belgilanadi - davlat bizga nima berdi, biz davlatga nima berdik?..
Musurmonqul aka o‘g‘li Sharofiddinni berdi!
Cho‘ntagimdagi xat ko‘kragimni kuydiradi.
Men bilan birga borgan nohiya ijroiya qo‘mitasi xodimi qishloq sho‘rosi binosida tushib qoldi. O'lik chiqqan uyga borish, yarasini yangilash og‘ir... Qishloq sho‘rosi raisining o‘rinbosari, do‘stimiz Murtazo va Bahrom - to‘rt kishi kirib bordik. So‘rashdik, o‘tirdik, yuzga fotiha tortdik.
- O'ligini shu xonadan chiqarganmiz,- xo‘rsindi ota.
Oraga jimlik cho‘kdi. Shkaf ustida shahid yigitning suratlari. Birida maktab payti, boshqasida - askarlik kiyimida, yana birida - ot minib tushgan. Umuman, u sportni, chavandozlikni yaxshi ko‘rgan. Xatlarida ham yozgan... Musurmonqul akaning ijozati bilan xatlarni varaqlayman.
U deyarli har kuni yozgan. Otasiga alohida, oyisiga alohida, ukalari, singillariga alohida-alohida.
«Assalomu alaykum dadajon, charchamasdan yuribsizmi? Onamning sog‘liqlari yaxshimi!... Xat yozmay qo‘ydingiz. 2 oyu 17 kun bo‘ldi sizdan xat olmaganimga. Siz yozmasangiz, kim yozadi, dadajon! Aytganday, do‘stlarim yurishibdimi?»
«Dada, Zayniddinjon yigitlar safiga qo‘shilib qoldimi? Shuhriddinjonning gaplaridan ma'no chiqyaptimi yo haliyam burni oqib yuribdimi? Televizorda Xalq deputatlari s'ezdini ko‘rdik. Dada, hali yaxshi zamonlar keladi. Xat yozib turinglar... 27 may, 1989 yil».
«Dada, siz qirqib yuborgan «O'zbekiston adabiyoti va san'ati»dagi maqolalarni o‘qidim. Rahmat. Ovqat berishsa, tortinish yo‘q. Ruslar ko‘p. Sala (cho‘chqa yog‘i - K.B.) bilan u-bu qovurib, yeb turibmiz. O'zingiz bilasiz, musulmonlar cho‘chqa go‘shti yemaydi. Boshga tushsa, noiloj... Qozog‘istonlik bir o‘rtog‘im bor - Yerik degan, bir qochoqni otib tashlagan, shu uchun otpuskaga ketadi... 10.09.88».
«Farg‘onada janjal bo‘libdi, televizorda ko‘rsatdi, men postda edim, ko‘rganlar aytib berishdi... Ishqilib, tinchlik bo‘lsin-da. 32 kilolik toshni bir marta ko‘tardim, turnikda 17 marta tortildim, chopishdan o‘n birinchi o‘rinni oldim. Otishdan «otlichno», bir borganimda 6 ta o‘q bilan 3 ta nishonni urgan edim, vzvod komandirim: «Malades, basmach!» - deb qo‘ydi; devoriy gazetada ham maqtab chiqibdi...»
«Soldat bo‘laman, deb o‘ylamagan ham edim. Kiyimi qiziq bo‘larkan. Bolalar bilan o‘tirsak, kulamiz- bushlat katta-yu, ishton kichik, birovlarni telpagi shalvirab osilib turadi... Umuman, qiziqarli. 15.12.87».
«Ukajonim Shuhriddin, otni minib yuribsanmi yo mindirmay olib qochib ketadimi? Darslar miyangni achitgani yo‘qmi, domlalar o‘sha-o‘shami? Yaxshilab rasmga tushib, menga yubor - bir ko‘ray... 24.IV.88».
«Dadajon, Shuhriddin to‘g‘risida oz-moz hafagarchilikni yozibsiz. Dada, o‘zingizni asrang, hammasi yaxshi bo‘lib ketadi. Urish-so‘kish bilan odam qilolmaysiz, qaytanga bo‘m-bo‘m bo‘lib qoladi, o‘jar, qaysar bo‘ladi... O'zbekcha ro‘znomalardan jo‘natinglar».
Askar yigitning maktublari. Nega men bu xatlarni keltiryapman? Ularda ota-onasini, ukalarini, qishlog‘ini sevadigan yigitning qalbi ko‘rinadi. Bugun u oramizda yo‘q, maktublarni o‘qib, qanday yaxshi bir yigitdan ajralganimizni ko‘ngildan kechiryapman.
- O'razali ismli o‘zbek yigiti va Erk ismli qozoq yigit tobutni kuzatib birga kelishdi. So‘rasak, ikkalasi ikki xil gapiradi. Oxiri nohiya harbiy komissariatidagilar meni kelgan askarlar bilan gaplashmaysan, deyishdi. Chetga olib so‘rasam, qozoq yigit: «Otaxon, bizlarga Sharofiddinning qanday o‘lganini aytma, dizbatga qamalasan, deyishgan. Xizmat tugasin, uyga kelsam yozib yuboraman», dedi... Endi bolamizni qaytarib bo‘lmaydi. Ammo haqiqatni bilsak ko‘ngil taskin topardi, - dedi bizga Musurmonqul aka.
Qo‘limda uning so‘nggi maktubi: «Dadajon, sog‘-salomatman. Xizmat ham tugaydi, yuz ko‘rishamiz. Katta otamga ayting, men borguncha hassa olmasinlar...» Bu maktub yo‘lda borayotganda, Sharofiddin allaqachon dunyodan ko‘z yumgan edi.
Telegramma: «G'allaorol nohiya harbiy komissariga. Askar yigit Abdusalomov Sharofiddin o‘ldi. Ota-onasiga xabar qiling...»
G'allaoroldan qaytdim, harbiy xizmatdan kelganlar, oqsoqollar, yigitlar bilan suhbatlashdim va bugun harbiy xizmat muammolari ham ulkan bir dardga aylanganini sezdim. O'z mulohazalarimni sizga havola qilgim keldi.
Biz uzoq yillar harbiy xizmat haqidagi haqiqatni aytmay keldik. «Davlat siri» nomli niqob orasida qanchalab adolatsizliklar kechayotgani ayon bo‘ldi. Albatta, davlat siri ham mavjuddir. Ammo askar yigitlarning turmushi, oziq-ovqati, o‘y-kechinmalari - davlat siri emas. Bugun shular haqida ham so‘zlash kerak!
Davlat sirini matbuotda asrash shart emas. Sirni mengacha - muxbirgacha asrash lozim. Men bilgach, u endi sir emas, u - hammaga ma'lum «sir».
Biz bu yoqda - ko‘chada birov ikki tarsaki ursa ham, sudga berib, qamatamiz. Axir, bir soldat o‘lsa, uning aybdori kimligini aniqlab, jazolash kerak! Ehtimol, qotil jazolanayotgan hamdir. Ammo qurbonning ota-onalari to‘liq ma'lumot ololmay yotibdilar. Holbuki, bugun harbiy xizmatdan o‘lib qaytayotganlar soni oshib boryapti. Yo‘q, buni men havodan olganim yo‘q...
Afg‘onistonda o‘lganlarga sabab topish mumkin- har holda, u yoqda urush, qirg‘in-barot bo‘lgan. Xo‘sh, mamlakat ichida urush yo‘q, qirg‘in yo‘q, nega askar yigitlar shahid bo‘lmoqda. Men Mudofaa vazirligi organlaridan shahidlar sonini olishga ko‘zim yetmay, duch kelgan qishloq sho‘rolaridan surishtirdim. Mana, ayrim faktlar: G'allaorol nohiya G'o‘bdin qishloq Sho‘rosidan: Islomov Nuriddin, Krasnoyarskda xizmat qilgan, xizmat oxiriga 15 kun qolganda o‘lgan; Usmonov Olimjon, Moskva harbiy okrugida xizmat qilgan, 1988 yil, 19 mayda xizmat tugagan kuni «tomondan yiqilib» o‘lgan; Tojiboev Ahtam, Uzoq Sharqda xizmat qilgan, 1988 yil 31 oktyabrda o‘lgan... Samarqand viloyati Urgut nohiyasidagi G'o‘s qishloq Sho‘rosida keyingi uch yil ichida birdan bir necha yigitning jasadi keldi, hammasi mamlakat ichkarisida harbiy xizmat kilayotgan yigitlar, G'allaoroldagi Ittifoq qishloq Sho‘rosidan oxirgi uch yilda bir necha askar yigitning o‘ligi keldi- Abdujabborov Shuhrat, Samatov S, Bo‘riboev Faxriddin, Abdusalomov Sharofiddin...
Yoronlar, bu yigitlarning har biri ota-onasining dilbandi edi-ku! Bir yigit voyaga yetguncha qanchalar jafo chekadi ota-ona: tetapoya bo‘lganda, yiqilmasin, deb hadiksirashlar, har begona shamoldan asrash, maktabga borsa, yo‘linn poylab o‘tirishlar. O'zi yemay-ichmay yedirib, o‘zi ichmay-ichkazib o‘stirishlar... U alp-qomat yigit bo‘lganda, mana shunday o‘lib ketaversa...
Askar yigit o‘ldi!..
Bir oqibatsizlik meni hayratga soladi. Har gal yigitlarpmiz halok bo‘lgach, ularning uylariga xabar qilishadi, ota-onasi, qavmi-qarindoshlari, dunyoning u chekkasidan bo‘lsa ham, borib olib kelishlari kerak. Xarajatlar, ovoragarchiliklar ham mayli, ammo xabar kelguncha, urinib-surinib borguncha, so‘ng olib kelguncha, ancha vaqt o‘tib, jasad irib ado bo‘ladi, peshonasidan bir o‘pib so‘nggi yo‘lga - dorulbaqoga jo‘natmoq uchun yaqiniga yo‘lab ham bo‘lmaydi. Yigitni birov urib o‘ldirganmi yoxud o‘zini o‘zi o‘ldirganmi, kasallikdan jon berganmi, suvga cho‘kib o‘lganmi, harbiy qism u halok bo‘lgach, uyiga kutib olishni xabar qilib, tezda o‘zlari yo‘lga olib chiqsa bo‘lmasmikan? Axir, tirigida ro‘shnolik ko‘rmagan, nada bir qiz sochini silab, kuyovlik to‘nini kiymagan, gulday yoshida xorlikda o‘lgan yigitning, hech bo‘lmaganda, o‘ligi ehtiromdan xoli bo‘lmasin! Uni dunyoga qaytarish qo‘limizdan kelmas ekan, hech bo‘lmaganda, jasadini e'zoz bilan ko‘maylik, qo‘limizdan keladigan shu so‘nggi yaxshilikni qilaylik, axir!.. Bu bizning odamligimizni unutmaganimizdan dalolat bo‘ladi.
Sharofiddinning ota-onasi o‘g‘illari o‘zini-o‘zi otganiga ishonishmaydi. Agar shunday bo‘lsa ham, o‘ylaymanki, harbiy qismda bu kabi hodisalar chuqur o‘rganilishi, agar, birov otgan bo‘lsa, aybdor jazolanishi, ota-onalar sudga taklif qilinishi, borsa-bordi, bormasa jinoiy ish va hukm nusxasi jo‘natilishi, xulosalar bayon qilinishi kerak. Tokim, turli ko‘ngilbuzar gaplarga o‘rin qolmasin. Xo‘p, birov o‘ldirmabdi, o‘zini-o‘zi o‘ldiribdi, deylik. Lekin odam xursandchilikdan o‘zini o‘ldirmaydi. Demak, harbiy qismdagi ma'naviy-ruhiy muhit yaxshi emas, demak, askar yigit yashagisi kelmay qolgan, yashay olmay qolgan. Ahvol shunday qolaversa, ertaga yana birov, indin yana birov shunday qilaveradi... Navbatdagi qurbon kim bo‘ladi?
O'z-o‘zini o‘ldirish... Bu hodisaning chuqur iqtisodiy-siyosiy, maishiy-ma'naviy va ruhiy sabablari bor, albatta. Men harbiy qismlarda o‘zlarini o‘ldirganlar sonini bilmayman, ammo mamlakat bo‘yicha shunday ma'lumotga egaman. SSSRda 1984 yilda - 81 ming, 1985 yilda - 68 ming, 1986 yilda -53 ming, 1987 yilda -54 ming kishi o‘zini-o‘zi halok qilgan. AQShda har 100 000 kishidan 12 kishi, Angliyada -9 kishi, SSSR da - 19 kishi o‘zini o‘ldirmoqda.
Yigitlar - xalqlarning maqtovi, ko‘rki,Naslning javhari, davlat tayanchi.G'afur G'ulomning ushbu so‘zlari yodimizda bo‘lsin! Jamiyatning kelajagi, kelinchaklarimizning chehrasi oydin bo‘lsin desak, yigitlarni asraylik!
Men shunday fikrdaman (agar siz qo‘shilmasangiz fikringizni ayting): hozirgi armiya tartibi bizga urush davridan qolgan, stalincha strukturadir. Konstitutsiyada har bir sovet grajdani harbiy xizmat qilishi kerakligi qayd etilgan. Ommaviy harbiy majburiyat - urush holatining hosilidir. Bugun dunyoviy siyosatda ahvol o‘zgardi, ilmiy-texnika revolyutsiyasi oldimizga yangicha voqelikni ko‘ndalang qo‘ydi, keling, tarixan o‘ylab ko‘raylik.
Xo‘sh, yillar davomida armiya jamiyatga nima berdiyu jamiyat armiyaga nima berdi. Xalq deputatari s'ezdida aytildi - birgina 1989 yilda armiyaga davlat byudjetidan 77,3 milliard so‘m ajratildi. (Harbiy kosmos-3,9 milliard so‘m). Hukumat boshlig‘i N. I. Rijkov so‘zi: «O'n yillar davomida mamlakat mudofaa sanoatiga eng tajribali, mohir kadrlarni yo‘lladi. Davlat byudjeti hisobidan ilmiy tadiqotlarni ta'minlash uchun ajratiladigan mablag‘ning 75 foizi harbiy tadqiqotlar yo‘nalishiga ajratildi, qolgan hammaga -25 foiz». («Argumenty i fakty», № 33 (462). Buni o‘zimizning jo‘yali tilga o‘girsak, Sharofiddinning qishlog‘i bilan nohiya o‘rtasida telefon aloqasi yo‘q, «tez yordam» chaqirolmay, kasal uzilishi mumkin; ammo tovushdan tez uchuvchi raketalar bor. Yana: o‘zbek, dehqonining og‘irini yengil qiladigan paxta mashinasi yaratilmaydi-yu, parashyutdan suvga tashlasa, cho‘kmaydigan tanklar bor!..
Akademik A. Saxarovning hisob-kitoblariga qaraganda, bizning armiya dunyoda eng ko‘p sonli armiyadir. Yer yuzidagi eng katta uch mamlakat (Xitoy, AQSh va GFR) armiyasini qo‘shib hisoblasak ham, bizniki ko‘p. («Ogonyok», № 31, 1988 yil).
Hayotning o‘zi harbiylar sonini va ularga ketayotgan xarajatlarni qisqartirishni taqozo qilmoqda, chunki xalqning dasturxoni quruq bo‘lib, qilichi katta bo‘lsa, u - och odam - bu qilichni ko‘tarolmay qoladi. Qayta qurish siyosatining natijasi o‘laroq, dunyoda davlatimizga nisbatan xayrixohlik kayfiyati yuzaga keldi. Bugun mamlakatimizga harbiy tahdid xavfi yo‘q. Bunday sharoitda ko‘p sonli armiyani o‘n-o‘n besh yillab ushlab turish oqilona ish emas. Harbiy texnikaning zamonaviylashuvi, elektron va kompyuter qurollari ishlab chiqilishi, yerning sun'iy yo‘ldoshlari va harbiy fazo yutuqlari, yangicha voqe'lik yaratdi - endi urush bo‘lsa ham, butun aholi qurol olib maydonga tushmaydi. O'ylaymanki, endi ommaviy harbiy majburiyat shart emas!
SSSR Oliy Soveti, xalq deputatlari buni anglamoqdalar, ayrim jo‘yali qadamlar qo‘yildi: 1995 yilga kelib, harbiy xarajatlar 1,5-2 baravar qisqartiriladi, shu besh yillikda bizning sir saqlab kelingan harbiy xarajatimiz 30 milliard so‘mga qisqardi. 1995 yilga borib, mudofaa kompleksi ishlab chiqayotgan mahsulotning 60 foizi tinch maqsadlarga mo‘ljallangan bo‘ladi... Bu xayrli qadam.
Ammo harbiy qismlardagi hoziri ahvol bizni tashvishlantiradi Yillar davomida ildiz otib kelgan ikki kasallik bor - «dedlik» va «mahalliychilik»... «Ded» - bu xizmat qilib qo‘ygan «otaxon», uning aytgani-aytgan, degani-degan. Yangi borganlar ustidan haqorat va xo‘rliklar yog‘iladi. Ro‘znomalar bir qozoq yigitini qirchillama sovuqda hojatxonaga minib borib kelganliklarini, u o‘zini osib qo‘yganini yozishdi. Harbiy xizmatdagi bir askar uzoq g‘ayri insoniy xo‘rliklardan keyin, g‘azab otiga minib, avtomatdan sakkiz kishini otib tashlagani bizga ma'lum. («Ogonyok», № 31, 1 1989 yil). O'z vaqtida «ded»lar ezgan askar yigit o‘zi «ded» bo‘ladi va yangi «mishiqi»larni ezadi. Yovuz haqorat va xo‘rlikning bu zanjiri harbiy qismlarda yillar davomida hukm surib kelmoqda. Xo‘sh, nega jamiyat bong urmadi, dersiz?
Yosh shoirning bir she'rida uyga qaytayotgan askar yigit eshikdan kirish oldidan oq sochlarini yulib tashlaydi. Bu juda topilgan chizgi. Ha, askar yigit, jabru sitamdan oqargan sochlarini onaizor ko‘rishini istamaydi. Xatda ham «sog‘-salomatman», deb yozaveradi. Urib-tepib, ezib yuborishgan bo‘lsa ham, barmog‘ini nuqib: «Vo-o, juda zo‘r yashadim!», deb uyga kirib keladi. Chunki, bizning o‘zbek yigitlari mardona yigitlar-da. Turtki yeb bo‘lsa-da, qaytib kelayotgan edilar. Ammo endi murdalari kelayotgan ekan, bunga chidab bo‘lmaydi!
Menga vahima qilyapsan, bir-ikki yigit-da, deyishingiz mumkin. Avvalo, bir-ikkn emas. Keyin, agar halok bo‘lgan yigitni o‘n sakkiz yil o‘stirgan odamning o‘rniga o‘zingizni qo‘ysangiz, bilasiz - bitta yigit kam emas, bu - bir dunyo!..
«Mahalliychilik» shuki, qaerda bir yerlik, bir millat bolasi ko‘p bo‘lsa, ozlarga zug‘um qiladilar. Bu salbiy hodisalar bizga yillar bo‘yi singdirilgan aqida - armiya o‘smirni odam qiladi, toblaydi, degan xulosa unchalik to‘g‘ri emasligini ko‘rsatib turibdi.
Odam g‘o‘rligi, uquvsizligi uchun jabr chekish mumkin, lekin u millat vakili ekani uchun xo‘rlanmaydn-xoh o‘zbek, xoh tojik, xoh rus bo‘lsin.
Harbiy xizmat gohida yigitlarni dag‘al, shafqatsiz qilib yuborayotganini, yillar bo‘yi oila va maktab shakllantirgan o‘smir xulq-atvorini sindirib qo‘yganing ham ko‘ryapmiz. Maktabda musichaga ozor bermaydigan, traktor bosib ketgan chumoliga achinib yig‘lab o‘tiradigan ko‘ngli bo‘sh o‘smir, gohida harbiy xizmatdan shafqatsizlik ko‘rib qaytgach, oldida birov boshqani so‘ysa ham beparvo o‘tiradigan qo‘rsga aylanayotgani sir emas!
Buning ustiga, ularning chanqoq nigohi ayrim ko‘zbo‘yamachiliklarga ham tushadi, mug‘ombir qilib qo‘yadi. Menga hech joyda yozilmagan, latifaga aylangan, ammo amal qiladigan bir «Nizom»ni aytib berishdi va amal qilsang, xavotirsiz xizmat qilish mumkin, deyishdi, mana u - ikki banddan iborat: «1) Komandir har doim haq; 2) Agar komandir nohaq bo‘lsa, birinchi band bo‘yicha ish ko‘r!»
Xo‘sh, kishi o‘lgach rostlik bordir? Hali hech kim o‘limni alday olgani yo‘q, o‘lim hech kimdan ruxsat so‘rab kelgan emas! Yo‘q, yigitlarning guvohlik berishicha, kaltakdan, o‘qdan o‘lgan askarlarni jinoiy ish qo‘zg‘atmaslik uchun gohida tok urdi, o‘zini osib qo‘ydi, tomdan yiqildi kabi hech kimni gunohkor qilmaydigan bahonalar bilan bostirib yuborilar ekan. Yoki biror-bir ayolga tegajoqlik qilib, eri to‘rtinchi qavatdan tashlab yuborgan, ehtiyotsizlik orqasida ko‘prikdan suvga tushib ketgan askarning uyiga ham: «O'g‘lingiz xizmat vazifasini bajarayotganda qahramonlarcha halok bo‘ldi!», deb xat yozishadi. To‘g‘ri, bunday xatdan ota-ona taskin topadi... Ammo bu ma'naviy jinoyatning boshqa tomoni ham mavjud - rostdan ham, yovuz jinoyatchining o‘qidan o‘lgan yigitlar bor, allaqanday suyuqoyoqning o‘limini ham ularga tenglash - haqiqiy jasoratga haqoratdir. Askar yigitlarimiz faqat adolat namunasida tarbiya topishlari lozim.
Soldatlarga, tekin ishchi kuchi, deb qarash ham bor. Vokzalda yarim tunda favqulodda yuk tushirish, chirigan kartoshkani yig‘ishtirish, temir yo‘lni tuzatish, izg‘irinda qor kurash... Hech kim qilmaydigan ishni qilishadi. Xo‘sh, qancha oylik olishadi: Bir yigitdan so‘radim? - oyiga 3 so‘m 80 tiyin, serjant bo‘lsa 10 so‘mu 80 tiyin oladi. Ovqat-chi? Soldat kartoshka, «grechka», «kasha», suyuq sho‘rva ichadi. Alyumin tovoq-qoshiqda tanovul qiladi, temir stakanda choy ichadi. Nima qipti, armiya-da, dersiz. Soldat odam bo‘lishi uchun azob ko‘rishi shartmi? Nega armiyadan ularning ko‘nglini qoldirish kerak?
Qolaversa, bugun soldatlar yordamida ulkan qurilishlar bunyod etilmoqda, dalalar hosili yig‘ib olinmoqda, temir yo‘llar yotqizilmoqda... Ana shularning foydasi hisobiga soldatni tuzukroq boqsa bo‘ladi!
Men armiya hozirgi sharoitda professionallashishi kerak, deb o‘ylayman. Bu jamiyatning boshqa jabhalaridagidek kechadi.
Birinchidan, u qisqaradi, ya'ni har bir millatga himoya uchun yetarli, ammo hujum qilishga yetmaydigan qo‘shin kerak, shunda hamma o‘zini xavfsiz sezadi. Bu harbiylar sonini keskin kamaytirishni taqozo qiladi.
Ikkinchidan, hammani ikki-uch yildan soldat bo‘lishga majbur qilish o‘rniga, professional shaxtyor, malakali kibernetik olim kabi, professional soldat bo‘ladi, u o‘z ishini puxta biladi. Hozir harbiy texnika juda murakkab, soldat esa uyga qaytib barini unutadi. Yangi texnika turlari chiqadi. Yangi soldatlar o‘rganadi, yana borib ketmon chopaveradi. Axir, biz hamma ikki yildan vrach bo‘lishi kerak, demaymiz-ku! Bunday vrachga biz o‘z sog‘lig‘imizni ishonmaymiz, xo‘sh, nega davlatimiz xavfsizligini ikki yillik soldatga ishonishimiz kerak? Agar soldatlik kasbga aylansa, u ishonchli, mustahkam qo‘riqchiga aylanadi.
Uchinchidan, bunday harbiy kollektivda «ded»lik, zo‘ravonlik bo‘lmaydi. Axir, bir meditsina kollektivida katta vrachlar kichik vrachlarni mushtlab yurmaydiku?
Hamma harbiy komissariatlar peshtoqiga: «Armiya i narod - yediny», ya'ni «Armiya va xalq - mushtarak», deb yozib qo‘yilgan. Keyingi yillar voqealari bu birlikka rahna soldi. Tbilisidagi namoyishchilarni bostirishda soldatlar qatnashuvi bizning insonparvar armiyamiz obro‘siga putur yetkazdi, armiya o‘zi «mushtarak» xalqni bostirishga ishlatishini - jinoyat deb qaralishi kerakligi s'ezdda ham aytildi.
Farg‘onada ham soldatlarning maydonga tushishi shunday bir holdir. Kuch ishlatish kerak bo‘lsa, bu bilan militsiya shug‘ullansin. Unga texnika, yordam berilsin. Askar avtomat ushlab o‘z xalqiga o‘qtalmasin. Chunki, uni harbiy xizmatga kuzayotgan onaizor birovni otishini istamaydi.
«Za Rodinu» ro‘znomasining shu yil 20 iyul sonidagi N. Vasilevning «Farg‘ona aks-sadosi» maqolasida, O'zbekistondagi fojialar soldatlar shafqatsiz harakat qilmagani uchun yuz berdi, degan fikr olg‘a suriladi. Zapasidagi mayor N. Vasilevning jabr chekkanlarga xayrixohligiga ishonganda ham, uning tinchlik soldat miltig‘i yordamida o‘rnatilishini qo‘msashiga qo‘shilib bo‘lmaydi. Odamlarning murdasi ustidan o‘tib boriladigan osoyishtalikni oqlash mumkin emas.
Armiya Vatanni dushmanlaridan himoya qilishi lozim, u Vatanni o‘z xalqidan himoya qilishi kerak emas. Harbiy qasamda Vatan himoyasiga tayyorlik va dushman ustidan g‘alabaga erishish ta'kidlangan. «Imperializmning SSSR va uning ittifoqchilariga qarshi kirdikorlarini» har qanday yo‘l bilan bostirish, «bosqinchini yanchib tashlash»ga qasam ichgan askar yigitlar namoyishlarni bostirishga tashlansa, nima bo‘ladi? Bunday hodisalar armiyaning obro‘sini tushiradi. Onalar o‘g‘illarini hadik va xavotir bilan kuzatadilar. Hozirgiday ayrimlar kasallik varaqasi qilib yoki o‘qishga joylab xizmatdan olib qolmoq payida bo‘ladilar.
Ikkinchi hodisa - Afg‘oniston. Bu urush haqida turli fikrlar yuribdi. Ammo soldat buyruqni bajargan. Modomiki, bu ish noto‘g‘ri bo‘lgan ekan, siyosatchilar, harbiy ekspertlar javob berishlari kerak. Ko‘chada Afg‘onda xizmat qilgan soldatni ko‘rib, «Jallod!» deb, barmoqni bigiz etmaylik.
Yana bir mulohaza. Yaqinda Toshkent aeroportiga qo‘ndim. Ko‘rgan bo‘lsangiz kerak, mahalliy yo‘nalishlar tomonidan chiqaverishda temir to‘sinlar bor. Bu yerda harbiy xizmatga chaqirilganlarni jo‘nash oldidan joylashtirib turishadi. Qarasam, odam ko‘p, tepadan issiq uradi, bir umr paxta dalasidan chiqmagan bolalar komandirning ruschalashini tushunishmadi, shekilli, yoshgina serjant sherigiga qarab: «Iz etix baranov nado delat soldata!», - dedi. Bu og‘ziga kuchi yetmagan ikki serjantning jizzakiligiga qo‘l siltab qo‘ysam ham bo‘lardi. Ammo osiyolik millatlarga savodsiz, befahm, deb qarash keng tarqalgan. Buning ustiga, Farg‘onadagi voqealarning ayrim ro‘znoma va oynomalarda ortiqcha ko‘pirtirilishidan, «o‘zbeklar yovuz» degan tuhmat ham qo‘shildi. Xo‘sh, rostdan ham savodsiz bo‘lsalar; bu norg‘ul yigitlarning aybi nima? Qishloqlarida san'at saroylari, teatru muzeylar bor-u, ular o‘qishni istamaydilarmi? Yo‘q. Paxta yakkahokimligi oqibatida, aholining qashshoqlashuvi, madaniy muassasalar yo‘qligi, dalaga chiqishlar orqasida maktabdan qolishlari ularni shu ahvolga solmadimi, axir!..
Yurtimizdagi og‘ir ekologik ahvol, qishloq oilalaridagi qashshoqlik oqsil tanqisligiga, turli kasalliklarga olib kelayotgani, o‘smirlarimizni nimjon qilib qo‘yayotgani ko‘rinib turibdi. Vaziyat hatto millatning naslu nasabiga - genefondiga ham ta'sir o‘tkazmoqda, yigitlar ota-bobolariga qiyoslaganda, pachoqroq, kamquvvat bo‘lib qolmoqdalar. Ammo buning uchun ularni kamsitishga hech kimning haqi yo‘q. Chunki, bu fojialarda ulardan ko‘ra, ularni shu ko‘yga solgan jamiyat aybdordir.
«Nash sovremennik» oynomasida (1989 yil, 6-son) huquqshunoslik fanlari doktori G. Litvinova shu yigitlarning ustidan kulganday yozadi: «Sovet armiyasi safida harbiy-tarixiy tajribaga ega bo‘lgan millat yigitlarining qisqarishi oqibatida, harbiy-strategik topshiriqlarni amalga oshirishda qiyinchiliklar yuzaga kelishi mumkin». Tushunyapsizmi, Sharqda tug‘ilish ko‘pligi tufayli armiyada «harbiy-tarixiy tajribaga ega» bo‘lmagan millatlar «harbiy-strategik topshiriq»larni xavf ostiga qo‘yar emishlar. Bu yigitlar o‘tmishidagi jahongir bobolari bilan maqtansalar bo‘lardi. Ammo, bizning yigitlar- oqil, ko‘ngilchan...
O'zbek o‘g‘lonlari astoydil xizmat qiladilar, uncha-muncha g‘ayur nazarlarga parvolari falak. Ammo, markaziy matbuotning Farg‘ona voqealarini bejab, «o‘zbeklar ruslarni so‘yayotganmish», «ayollarni paranji ostiga tiqisharmish» kabi talmovsirashlari, ayniqsa, «Ogonyok»da bosilgan «Ko‘lanka» kabi uzoqni o‘ylamay yozilgan maqolalar markaziy oliy o‘quv yurtlarida, boshqa jumhuriyatlarda, shuningdek, harbiy qismlarda o‘zbeklarga qarshi kayfiyat uyg‘otdi. Yigitlarimiz qo‘ng‘iroq qilib, maktublar yozib, haqoratlanayotganlarini, gohida mushtlashuv, yoqalashuvlarga borayotganliklarini aytishmoqda. Oxiri nimaga olib borishi ayon.
Qayta qurish harbiy siyosatni ham o‘rnidan qo‘zg‘atgan umidbaxsh hodisadir.
Yangicha, oqilona tafakkur ustun kelib, mashq kilayotgan tanklar, soldat etiklari ostida changib yotgan zaminga ketmon tushadi, rayhonu nastarinlar ekiladi, gullar tong chog‘ida shudringlarni silkib quyoshga peshvoz chiqadi, raketalardan bo‘shagan osmon qaldirg‘ochlarning chug‘uriga to‘ladi, deb umid qilaman!..
Maqolani tugatib, ustidan bir o‘qimoqchi bo‘lib turuvdim, telefon jiringladi. Tashvishli ovoz: «Allo, men Baliqchi nohiyasining Yettiqashqar qishlog‘idan, Anorxon degan sho‘rlik ayol bo‘laman. Peshonam qursin! O'g‘lim Rustamjonning harbiydan qaytishiga ikki oy qolganda, o‘ligi keldi. Qozog‘istonda xizmat qilardi.. Yigirma kundan buyon o‘zimni qayga qo‘yishni bilmayman.Temir sandiqqa solib, ustini svarka qilib olib kelishdi. Ochgani qo‘yishmadi, teshigidan suvday erib bolaginamning badani oqadi. Odamning yog‘i oqadi, kul sepamiz. Voy-ey!..»
Ko‘zlarnn tiyra ochish kerak!!!
Anorxon ayaga, tinch zamonda farzandlari shahid bo‘lgan onalarga boshqa nima deb taskin berishni bilmayman...
II
(Maqolaga munosabat bildirilgan maktublar. Muallif sharhlari.)
«Karimjon, bu qayg‘uli sahifani qay yo‘sinda yozdingiz?! Siz yozganingizga oylik olasiz, biz onalar» uchun o‘qish qattiq iztirob bo‘ladi... Shuni yozish shartmidi? Oshkoralik deb, onalarning yurak-bag‘rini ezmanglar, iltimos...»
(«Mahbuba Yusupova. Buvayda rayonidagi «Partiya XX s'ezdi» kolxozi»).
«Maqola qalbimizni larzaga soldi. Kimning farzandni harbiyda xizmat qilmaydi, deysiz?!
Biz ham borganmiz. «Ded»larning shapaloqlarinig tatiganmiz, kechalari ularning o‘rniga pol yuvganmiz, oshxonada mijja qoqmay kartoshka archganmiz. Muallif yozganday, yana uyga gerdayib, go‘yo huzur halovat ko‘rib kelayotganday qaytganmiz. Axir, qaysi yuz bilan ota-onamizga yegan kaltaklarni ayta olardik.
Yozganga rahmat! Qachongacha sir tutish kerak! Bugun, 18 oktyabr kuni, Moskvadan-hamqishlog‘imiz Ochilboy Usmonovdan xabar keldi: Bir yil xizmat qilmay o‘zini osibdi. Ochilboy oldinroq o‘qituvchisi Tohirjon To‘ychievga xat yozgan ekan: «Tohir muallim. Qismimizga xat yozinglar. Meni boshqa joyga ko‘chirsin... Qiynashyapti... Xo‘rliklarga chidolmayman. O'zimni osaman...»
U aytganini qildi».
(M. Boborahimov, Leninobod viloyati, Asht nohiyasi, Dahana qishlog‘i).
«Maqolani o‘qib, yetti farzandning otasi sifatida, dilim kuydi. Ikki o‘g‘lim Hasanboy va Husanboy Qo‘chqorovni 1989 yil 18 iyun kuni sog‘-salomat harbiy xizmatga jo‘natdik. Bir-ikki yaxshi maktub ham oldik. Uch oy o‘tar-o‘tmas Husanboydan xat oldik: «Otajon, akam Hasanboy bir oydan buyon yo‘q... Tezda yetib keling...» Onasi Suydixon yuragi o‘ynab yiqildi, vrachlar yordam berolmadi... O'g‘illarni harbiy komissariat orqali chaqirtirdik. 1989 yil 24 sentyabrda yetib kelishdi.
Husanboy so‘zlab berdi: «Qozog‘istonga borganda tsement tushirishga qo‘yishdi... Bir kun «ded»lar: «Besh so‘m pul, to‘rt quti papiros topib berasan», deyishdi. Ilojimiz yo‘qligini aytdik. «Kechqurun gaplashamiz!», deb po‘pisa qilishdi. Shu kech charchab uxlab yotganimizda, oqshom soat uchlarda meni og‘zimga sochiq tiqib, adyolga o‘rab olib chiqishdi. Biroz yurgach, tikon sim bilan oyoq-qo‘limni bog‘lashdi. Avval taxta bilan, keyin temir bilan og‘zi-burnimdan qon kelguncha kaltaklashdi. Birovi: «O'ldirib qo‘yaqolaylik!», deb lom bilan soluvdi, o‘ng qo‘lim ikki joyidan sindi. Hushimdan ketib qolibman... Uch kun o‘tgach, topib kasalxonaga jo‘natishdi. Bir yarim oy yotdim, tuzalmadim».
Hasanboy hikoya qiladi: «Ukam Husanni kasalxonaga jo‘natgach, menga g‘ashiqib qoldilar. Ko‘pchilik bo‘lib meni kaltaklashdi, qovug‘imga, oyoqlarim orasiga tepishdi. Jon talvasasida qochdim. Bir yarim oy, ukam kelguncha, kunduzi ishlab, kechasi o‘tlar orasida yashirinib, qochib yurdim... Agar, uyga chaqirib olishmaganda, o‘ligimiz kelarmidi...»
Endi biz nima qilaylik!»
(Jamoliddin Usmonov, Norin nohiyasidagi, «Oktyabr» kolxozi, «Yangi Farg‘ona ko‘chasi, 77 uy).
«K. Bahrievning maqolasida ko‘pgina fikrlar dalil-isbotsiz yozilgan. U shonli Sovet Armiyasiga tuhmat qilib, obro‘sini to‘kishga urinmoqda, xolos...»
(Farhod Sultonov. Toshkent shahri, Lisunov ko‘chasi, 40-uy, 25-xona).
«Namangan shahrining Shohimardon ko‘chasidagi 4-uyda yashagan, Armanistonda xizmat qilayotgan Akbarov Nabixonning jasadini xizmat tugashiga bir oy qolganda olib kelishdi. Hujjatida har doimgiday: «O'zini otgan», deb yozishgan. Bir oy qolganda-ya!.. Tobutni ochishganda, o‘q o‘rni yonida pichoq izi ham bo‘lgan, bir qulog‘i qirqilgan... U o‘zini otib, keyin qulog‘ini qirqqanmi yoki qulog‘ini qirqib, keyin o‘zini o‘zi otganmi? Nimaga inonish kerak?»
(Sodiqjon Sobirov, Namangan shahar Litvinov ko‘chasi, 10-uy).
«Men ham kuyganidan yer tepib yurganlarning biriman. Qismatim qursin...
Katta o‘g‘lim Najmiddin Semipalatinskda xizmat qilardi. 1983 yil 10 oktyabrda, kelishini kutib yurgai paytimizda, halok bo‘lgani haqida xabar oldik... Uning orzu-umidlari o‘zi bilan ketdi. Politexnika institutida ikki hafta tahsil ko‘rgan, qaytib kelib davom ettirmoqchi edi...
O'sha vaqtda ikkinchi o‘g‘limiz Nasriddin Afg‘onistonda xizmat qilardi... U ham harbiydan odamovi bo‘lib qaytdi. Birovga qo‘shilmaydi. Hovliga birov kelsa yashirinadi. Voenkomatga borib yordam so‘rasam, ularga «Qo‘rqqan bo‘lsa kerak, yaxshilab ovqat bering, tuzaladi!», deyishdi.
1986 yil 11 dekabrda (men ishda edim) xayoli qochib, mehmonga kelgan opasini pichoqlab o‘ldiribdi, onasiga ham pichoq uribdi...
Ikki o‘g‘il o‘stirib, harbiydan topganimiz shu bo‘ldi!»
(Rasul Rashidov, G'ijduvon rayonidagi «Zarafshon» kolxozi.)
«O'g‘lim Murodjon juda yaxshi xizmat qilardi. Bir yil o‘tar-o‘tmas, 1980 yil aprelida o‘lganligi haqida telegramma oldik. Qancha azob-uqubat bilan borib olib keldik. Tuproqqa topshirdik, o‘n yilki fojia sababini bilolmayapmiz...»
(Muhtor Qosimov. Buvayda rayonidagi «Partiya XX s'ezdi» kolxozi).
«O'g‘lim Qomiljon 1989 yil 13 iyunda xizmatga chaqirilib, RSFSRdagi maxsus qurilish qismida xizmat qilardi. Avgust oyi oxirida kechasi bir necha askar kirib, yotgan yerida ustini yopib, duch kelgan yeriga urishadi, oshqozonosti beziga zarb tushadi. Besh kun o‘tgach, harbiy gospitalga yotqizishadi. Shu kuniyoq operatsiya qilinadi. Shu kuni bizga xabar qilishadi.
7 sentyabrda yetib bordik. Shu kuni ikkinchi bor operatsiya qilishdi. Ahvoli biroz yaxshilandi. 7 kun oldida o‘tirdik. Kimlar urganini aytib berdi. 13 sentyabrda og‘irlashib, uchinchi bor operatsiya qilindi va to‘rt kun yetgach, 18 sentyabrda, tongda joni uzildi. Kaltak yeganidan to vafotigacha harbiy qismdan kelib hech kim xabar olmadi, jinoyatni yashirib turishdi. Mening arzim bo‘yicha, 110-raqamli meditsina xulosasi bilan, 19 sentyabrda jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Bolamning sovuq jasadini uyga o‘zim olib keldim.
Nega vaqtida oldi olinmadi? O'g‘limdan so‘ng o‘sha qotillar toshkentlik Dalaboev Odiljonni ham urib o‘ldirishibdi. Choriyorov Ramazon va Asqarov Ravshan esa hanuz kasalxonada yotishibdi. Albatta, endi qotillar jazolanadi. Ammo komandirlar loqaydligi, bag‘ritoshligi uchun jazo olarmikan? Meditsina xulosasini ham jo‘natyapmiz...»
(T. Jalolov, Kitob rayonidagi Sivaz qishlog‘i).
«O'g‘lingiz Hamdam Qodirov xizmat burchini o‘tayotganda, 19 yoshida halok bo‘ldi!»,- bu telegramma jonimizdan o‘tib ketdi. Biz sovuq tobutni emas, o‘g‘limizni quchoqlab kutib olmoqchi edik. Bundan ko‘ra, ko‘ru kar bo‘lsak tuzuk edi.
Keyin ikkinchi xabarni aytishdi. Go‘yo u ehtiyotsizlik qilib, o‘zini otib qo‘ygan emish. Qorni uch yeridan, yelkasi butkul ilma-teshik o‘q yegan. «Ehtiyotsizlik qilib» o‘zini shuncha otadimi?!
Nihoyat, uchinchi yozma xabar keldi: «O'g‘lingiz bir do‘stini otib, jazodan qo‘rqib, keyin o‘zini otgan! Axir, tuturuq bormi ularda. Biz farzandlarimizdan judo bo‘ldik. Boshqalarning farzandlari sog‘-omon kelsin, iloyim...»
(Kenja Qodirov, Oyimsuluv Qodirova, Sovetobod rayonidagi «Moskva» kolxozi).
«Harbiyda ham, dengiz flotida ham bizning umumiy kulfatlarimiz limmo-lim. Xo‘sh, qalloblik yo‘qmi? Bor! Bundan qochib qutulib bo‘lmaydi. Afg‘onistonda uch marta bo‘ldim. Uch bor ham askarlar orasida birorta amaldorning bolasini izladim. Topolmadim. Mansabdorning bolasi yo‘qmi? Bor, ammo ular Afg‘onistonga tushmagan...»
(Vasiliy Izgarshev. «Pravda», 18 noyabr, 1989 yil.)
«To‘qqiz nafar o‘g‘lim bor. Hammasi xizmat qilgan. Kenjasini 1988 yil bahorda kuzatib qo‘ydik. Azizjon Moskvada xizmat qilayotgan edi... 1989 yil 16 iyulda bir qotil askar avtomatdan o‘g‘lim va uch askarni otib tashlaydi. Uch yigit o‘sha yerda halok bo‘ladi. O'g‘lim og‘ir-yaralanib, gospitalga tushadi... Bizga esa o‘n bir kun o‘ttach -27 iyulda telegramma keldi. 28 iyulda akalari yetib bordi. U o‘z akalari qo‘lida jon berdi. Nahot vaqtida xabar qilish qiyin bo‘lsa!..»
(U. Xolmatova. Andijon viloyati, Leninsk shahridagi M. Gorkiy ko‘chasi, 8-uy.)
«Katta o‘g‘lim Rustambek hunar-texnika bilim yurtida o‘qidi, haydovchilikni ham o‘rgandi. Harbiy xizmatga jo‘natayotib, ko‘nglim tinch edi. Axir, armiya yigitga faqat kuch bag‘ishlaydi, deyishardi-da.
Xatlar kamaygach, qismga qo‘ng‘iroq qildim. O'g‘lim: «Onajon, ahvolim og‘ir... kasalxonadaman», - dedi. Harbiy xizmatdan uch oy kechikib keldi - davolab jo‘natishibdi. Keyin bir ko‘zi ko‘rmay qoldi! Jarrohlar besh soat operatsiya qilishdi. Avval biroz ahvoli yaxshi bo‘ldi, keyin og‘irlashaverdi. Hozir asabiy bo‘lib qolgan, goho kechalari ko‘chaga chiqib ketadi. Agar u jinoyat qilib qo‘ysa, kim javob beradi? Bizning aybimiz nima? Farzand o‘stirganimizmi?!
Yaqinda jahl ustida menga ham qo‘l ko‘tardi... Uni shu ko‘yga solgan praporshik Repchinskiy jazolanmadi ham...»
(F. Ibrohimova, Toshkent shahri. K-157, 15 kvartal, 25-uy, 31-xona).
MUALLIF SHARHI:
Har sahar ko‘zlaringni ochar ekansan: «Shukur, bugun ham tirikman!», deya o‘ylaysan. Axir, kimdir bugun yo‘q, kecha tirik edi, bugun yo‘q... Onalarning nolakor so‘zi dilni o‘rtaydi, yigitlar ohi she'r bo‘lib yurakka cho‘kadi, ha, bu she'r parvoz qilmaydi, u yurakka cho‘kadi.
Shamollar uyg‘ondi. Barglar tebranar,Hatto yer tagida qo‘zg‘oldi ilon.Dunyo ko‘zlarini ochayotganda,Men ko‘z yumayinmi, onajon. Begunoh bittadir - u ham osmonda,Qo‘lga chivin qo‘ndi, quvmoqqa yo‘q jon.Chivinlar, chumchuqlar yurgan jahonda,Menga joy yo‘qmidi, onajon. Oftobga qaradim - ko‘zim qamashdi,Chiyron kiprigimda yosh oqdi marjon.Nurlarni sog‘inib suyagim qaqshar,O'lgim kelmayapti, onajon. Qotilning qo‘lida pichoq, o‘q yedim,O'lim azobiga bormikan poyon...Men hali dunyoga to‘ygan yo‘q edim,Dunyo to‘yibdimi mendan, onajon.Inson dunyoga bir marta keladi. 1909 yil 8 oktyabrda L. N. Tolstoy bilan uchrashishga Yasnaya Polyanaga kelgan III Davlat Dumasining noibi M. D. Chelishev bilan xayrlashayotib, buyuk yozuvchi: «Qachon Duma o‘lim jazosini bekor qiladi? Odamni yashashdan mahrum qilish g‘ayriaxloqiy ishligini tushunishmaydimi?!» deydi. Ha, Tolstoy hatto jinoyatchini ham o‘limga hukm qilishga hukumatning haqi yo‘q, deb hisoblaydi. To‘g‘ri-da, chunki hayotni hukumat bergan emas; hech kim davlat buyrug‘i tufayli tug‘ilmaydi, shuning uchun o‘ldirishga ham haqi yo‘q. Bizga hayotni kim bergan bo‘lsa, o‘zi oladi.
Maktublar... Ko‘ngil faryodlari. Men yuqorida keltirgan o‘nlab dil dardlari va qo‘limda turgan, ro‘znoma sahifasiga sig‘magan minglab xatlarni o‘qir ekanman, xayriyat, bugun ochiq aytyapmiz, deb o‘zimga taskin beraman. Lekin ko‘nglimga og‘ir botgan uch maktub - da'vo ham qo‘limdaki, men ularga javob berishni, harbiy xizmat haqida yana bir bor fikrlab ko‘rishni burchim, deb o‘ylayman.
BIRINCHI MAKTUB: «Yozganlaringiz noto‘g‘ri, armiya ham bir oila, unda har bir askar o‘zi uchun sharoit yaratadi, ust-boshini yuvadi, xonani tozalaydi, kartoshka archadi... Bunday maqola chiqishi ro‘znoma uchun uyat! Armiya haqida zig‘ircha ham tasavvurga ega emassiz!» (A. Ahmedjonov, Marg‘ilon shahri, Q. Marks ko‘chasi, 634-uy).
Balkim, men harbiyni siz bilganchalik bilmasman. Ammo biladiganlardan kelgan maktublarni bir o‘qib ko‘ring, - ehtimol, ularda siz bilmagan biror nima bordir! To‘g‘ri, armiya ham bir «oila», har kim o‘zi uchun ishlashi kerak. Ammo men bu «oilaning katta o‘g‘li» yoshrog‘ini kaltaklashini tushunolmayman, oilada hamma teng bo‘lishi kerak, yangi borgan askar «ded»ning paypog‘ini, oyog‘ini yuvib berishini qabul qilolmayman.
O'zimning «zig‘ircha tasavvurim» bilan buni xo‘rlash, deb bilaman!
IKKINCHI MAKTUB: «Siz armiyaga qarshisiz. Xizmatga bormagan yigit ham yigitmi? U armiyadan chiniqib keladi. Men faqat xizmat qilgan yigitga tegaman... Salom bilan, Malohat R...».
Singlim, Malohatxon! Men armiyaga qarshi emasman, undagi tartibsizliklarga qarshiman! Uning intizomli, malakali, tartibli bo‘lishini istayman. Albatta, yigit «chiniqib» keladi. Albatta, siz «xizmat qilgan yigitga tegasiz!». Faqat u qaytib kelsa!..
Qo‘limda Urgutdan kelgan yana bir maktub bor. Singlim, uni yozgan ota-onaning o‘g‘li ham sizday bir qizni baxtli qilishi mumkin edi: «1988 yil 19 mayda xizmatga chaqirilgan o‘g‘limiz Husniddin Krasnodar viloyatida xizmat qilardi... Kelishiga uch oy qolganda, halok bo‘lgani haqida xabar oldik. Qism komandiri o‘rinbosarining xatiga qaraganda, uni taksi haydovchisi, yuragi va o‘pkasiga pichoq urib, o‘ldirgan emish... Dodimizni kimga aytaylik. To‘yiga deb xarajat qilib qo‘ygan edik. Motamga aylandi! Marhumning ota-onasi: Ismoilov Isrofil va Rasulova Mohbuvi». (Urgut nohiya, Ibn Sino nomidagi sovxoz).
Mana bu maktubni yozguncha qanchalar sim-sim yig‘lashdi ekan: «O'g‘limiz Habibulo 1980 yilniig kuzida xizmatga ketdi. Xizmat joyidan xat kela boshladi. Bir yarim oy o‘tgach, xat-xabar taqa-taq to‘xtadi. Harbiy komissariatta murojaat qildik... Ammo xat o‘rniga, 1981 yil 11 mart kuni yo‘qolgani haqida xabar keldi... Oyog‘im singan, yurolmas edim. Yana xat yozdik. Izini qidiryapmiz, degan javob keldi. Yozmagan yerimiz qolmadi. To‘qqiz yarim yildan buyon na tirigidan, na o‘ligidan xabar bor!.. Bolamizni topishga yordam beringlar. Oyday yigit eding, qayoqlarda qolding, bolam!.. (Yu. Eshonxonov, I. Usmonova, Namangan shahar, 1 - Egamberdiev ko‘chasi, 46-uy).
Bu maktublar, ehtimol, mana bu chiqishga ham javob bo‘lar.
UChINCHI MAKTUB: «Karim Bahriev o‘z maqolasini SSSR Konstitutsiyasida belgilangan ommaviy harbiy majburiyat haqidagi Qonunga qarshi yo‘naltiradi... «O'zbekiston adabiyoti va san'ati»dagi maqola armiyamizning obro‘yiga putur yetkazadi... Podpolkovnik A. Bondarenko». («Frunzevets», 1989 yil 25 oktyabr).
Xo‘sh, armiyaning obro‘yiga nima putur yetkazadi?
«Qismimizning yosh ofitserlari SSSR xalq deputatlarining s'ezdiga shunday murojaat qildilar: «Biz oshna-og‘aynigarchilik, safsatabozlik, takabburlik, kichiklarga nisbatan hurmatsizlik avjiga chiqqan Qurolli Kuchlarda xizmat qilishni istamaymiz. Armiyada qalloblik, ko‘zbo‘yamachilik, haddidan oshish, mansabdorlik va harbiy jinoyatlarni yashirish odatga aylandi». Buni menday «bilimsiz» (A. Bondarenko meni shunday deb atagan) yozgani yo‘q, iste'fodagi katta leytenant, Qurolli Kuchlarda siyosiy xodim bo‘lib ishlagan Igor Berejnoy yozgan («Sobesednik», 1989 yil, 40-son). Ha, bugun asabiylarcha harbiy xizmatni devor bilan to‘sgandan, kamchiliklarni yashirgandan ko‘ra, oshkora aytmoq, tuzatmoq to‘g‘ri bo‘ladi. Bu - odil siyosatga xosdir.
Keling, chaqiriq paytidan boshlay qolaylik. Harbiy xizmatga bir paytlar qamalganlar olinmasdi. Hozir har chaqiriqda qariyb 50 ming avval qamalgan yigit xizmatga olinmoqda, ya'ni yiliga 100 ming qamoqxonada «tajriba orttirgan» yigitlar, kecha maktabdan borgan o‘smirlar yonida, bir qismda xizmat qilmoqdalar. Axir, bu beboshliklarni keltirib chiqaradi-da! Tezroq, qamalganlarni chaqirmaslik yoki ularni alohida qism qilish haqida buyruq chiqarish lozim... Harbiy komissariatlar tor, tekshiruvchi vrachlar ishga ko‘milgan, har chaqiriqda bir vrach 2-3 ming bolani qo‘ldan o‘tkazadi. Ba'zan kasalmand bolalar ham olib ketilmoqda. Armiyada ular xizmat qilish o‘rniga, gospitallarni to‘ldirmoqdalar. Sog‘lom yigitlarnigina olish kerak, armiyani ortiqcha tashvishga qoldirmaylik. Xayriyatki, bu yil mudofaa ministrining 317-raqamli yangi buyrug‘i chiqdi, endi aqli zaiflar, asab sistemasi shikastlanganlar, miya, sil kasalliklarini boshdan kechirganlar, meningit, anaxronidit bilan og‘rigan, miya qopqog‘i va osisi singan bemorlar xizmatga olinmaydi. Shuningdek, ichki organlari kasallangan, bronxial astma (nafas qisishi), qand kasalligining yashirin shakli bilan kasallanganlar ham chaqirilmaydi. To‘g‘ri-da, faqat sog‘lom yigitlargina harbiy xizmatga foyda keltiradilar. Ammo bu buyruqnn hamma harbiy komissariatlarda ham bilishadimi, unga rioya qilishyaptimi? Bilmadim...
Xo‘sh, nega ayrim komandirlar, zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ymoqdalar? Sababi oddiy: Ularga bu qulay. «Ded»lar urib-so‘kib bo‘lsa-da, polni tozalatadilar, qo‘rqitadilar, jimlik hukm suradi. Komandirga maza! Lekin bu jimlik - qabristondagiday jimlik, qo‘rquvga asoslangan «tartib»dir.
Nega harbiydagi jinoyatlar ko‘pincha ochilmaydi? Chunki, «jazodan qo‘rqib», boshliqlar jinoiy ishni yiqildi, tok urdi, o‘zini o‘ldirdi, boshiga g‘isht tushib ketdi, deb yopib yuboradilar. Buning ustiga, armiyada siyosiy boshqarmalardan boshqa soldatlar huquqini qiladigan tashkilot yo‘q. Yuristlar yo‘q. Askarlar xizmat payti hatto Konstitutsiyada belgilangan huquqlardan mahrumdir: Kasb tanlash, dam olish, ko‘chib yurish erkinligi, saylash huquqi... ularda yo‘q.
Soldatlar birov kaltaklaganini aytmaydilar. Chunki, jinoyatchi qamalsa ham, sheriklari qoladi, «qasos» oladi. Shuning uchun ular guvohlik berishdan ham qo‘rqishadi.
Mana, oddiy pol yuvdirish, paypoq tozalashdan boshlangan tartibsizlik qotillikka olib kelmoqda. O'tgan yilning to‘qqiz oyi davomida (mening maqolam chiqqan u paytgacha) 167 o‘zbek xonadoniga tobut kelgan. Bir yilda O'zbekistonga 430 tobut keldi! Har kuni kelib turibdi. Tasavvur qiling, ertaga ham, indinga ham... So‘nggi qurbon hali tirik. Uni saqlash uchun harakat qilaylik.
Jinoyatchilik avjiga chiqqan joy ko‘pincha qurilish qismlaridir. O'zbekiston KP Markaziy komitetining RSFSR Sharqiy rayonlarida qurilishda ishlayotgan harbiy qismdagi sotsial-maishiy, axloqiy-ruhiy ahvolni o‘rganish komissiyasi xulosasida aytilishicha, bir qismda 73 kishi avval qamalgan, 69 kishi ruhiy kasallangan, 30 kishi nashavand, 4 kishi ichmasa turolmaydigan ekan! Buning jabrini, albatta, nimjon askarlar, sport o‘rniga ketmon chopgan, zaharli dorilar sepilgan dalada o‘sgan kamquvvat yigitlar chekishadi. Qismda bunday yigitlar -60 kishi. (Ushbu komissiya xulosasi ham matbuotda e'lon qilinsa yaxshi bo‘lardi!).
Shu qismda 30 avgust kuni oddiy askar V. Rachinskiy o‘zbekistonlik M. O'rinboevni uradi, sho‘rlik yigit kasalxonada jon beradi. Avvalroq, 19 avgustda rota komandiri Ye. Mironov boshqa askarlarning oldida, safdan chiqarib M. O'rinboev, A. Adhamov, H. Rahimovni kaltak bilan namoyishkorona urgan, keyin uch kun qamab qo‘ygan... M. O'rinboev avval ham bir necha bor kaltaklangan edi.
Qismda tartib yo‘q ekan. Tekshirish kuni 30 kishining qaerdaligi noma'lum bo‘lgan. Komissiya tekshirib turganda, boshqa qismda 14 noyabr kuni oddiy askar R. Priskar N Abdurahmonovni pichoqlab tashlagan.
«Mening o‘g‘lim davlatni qo‘riqlash uchun chaqirilishi kerak, xandaq qazish, kartoshka terish uchun emas Askar uchun stroybatdan haqoratli narsa yo‘q. Stroybat - pagon taqqan mardikorlikdir!»- Bu SSSR xalq deputati Yu. Chernichenkoning so‘zi. («Krasnaya zvezda», 1989 yil, 14-noyabr).
Hisob-kitoblarga qaraganda, armiyaga aloqasiz turli ministrlik va tashkilotlarda qurilish qismlariga tegishli 300 mingdan ziyod askar ishlamoqda. Harbiydagi salbiy hodisalarning 40 foizdan ko‘prog‘i shunday qismlarda sodir bo‘lmoqda. Ular Konstitutsiyamizda ko‘rsatilgan «davlat belgilagan eng oz miqdordan» - 70 so‘mdan kam maosh oladilar, ya'ni ularning konstitutsion huquqi kamsitilmoqda. Masalan, «Astraxanstroy»dagi askarlarning maoshi oyiga 12 so‘mga ham yetmagan. To‘rt kishiga mo‘ljallangan xonalarda 12-14 kishi yotadi, qishda devorlar sovuqdan muz bilan qoplanadi. («Izvestiya», 1989 yil 2 noyabr). Axir, hech bir ona farzandini shu uchun xizmatga jo‘natgan emas!
Mamlakatimizning mudofaa ministriga bo‘ysunmaydigan Bosh Harbiy prokurori A. Katusyovning hisobicha, o‘tgan yilning o‘zida Qurolli Kuchlarda jinoyatchilik 14,5 foiz o‘sgan. Armiyadagi jinoyatchilikning davlatimiztga xavf solayotganlari ham bor. Qurol sotish, yo‘qotish natijasida, harbiy texnika o‘g‘ri, jinoyatchilar qo‘liga o‘tmoqda. Bugun 8945 harbiy o‘q otish quroli izlanmoqda. Ularning 1952 tasi SSSR Mudofaa ministrligiga tegishlidir. Bu jinoyatchilar «ixtiyori»dagi qurolning 22 foizini tashkil etadi. Davlat bojxona nazorati bosh boshqarmasi ma'lumotlariga qaraganda, chegarada buyurtma hujjati bo‘lmagani uchun SSSR Mudofaa ministrligi Bosh injenerlik boshqarmasiga tegishli yuk-22 bronetransporter qo‘lga tushgan. Albatta bu narsalar armiyaning obro‘yini tushiradi-da!
Men harbiy xizmatni kasbga aylantirishni taklif qilgan edim. O'zbekiston televideniesi darhol «Hayot quvonchlari va tashvishlari» ko‘rsatuvini tayyorlab, qarshi chiqdi - yollanma armiyaga qarshi «yollanma jurnalistika» ishga tushdi. Odamlar bugun shunday latifa to‘qibdilar. Ikki kishi so‘zlashmoqda:
- Bir yerda armiyada xizmat qilish maza-da!
- Voy, qaerda!
- Qaerda bo‘lardi, «Hayot quvonchlari va tashvishlari» ko‘rsatuvida!..
Armiya tinchlik paytida, meningcha, oz sonli, ammo o‘ta malakali bo‘lishi kerak. Ikki yilda jangchi bo‘lib bo‘lmaydi. Izchil, bosqichma-bosqich professional armiyaga o‘tish mumkin. Hozirning o‘zidayoq Qurolli Kuchlarning 35 foizi professionallardan iborat. Ayrim qismlarda bundan ham ko‘p .Ikki yillik askarga murakkab qurolni ishonib, uyda xavfsiz o‘tirib bo‘larmidi? Matias Rustning kichkinagina samolyoti chegaradan o‘tib kelib, Qizil Maydonga qo‘ndi. Bu bizning ishonchimiz ustiga tortilgan chiziqdir.
Armiya iqtisodga qimmatga tushmoqda. 1990 yilda harbiy xarajatlarga davlat byudjetidan 70 milliard 975 million 800 ming so‘m ishlatildi. Bugun ishlab chiqildigan har bir qit'alararo raketa - yuzlab qurilmagan maktablar, uylar, kasalxonalar demakdir. Tushunaman, qurolsizlanish ikkiyoqlama bo‘lishi lozim. Ammo, ish ayanchli darajaga yetdi, SSSR va AQShdagi termoyadro quroli ikki mamlakat aholisini yetti bor qirib tashlashga yetarli. Yana qurollanish nega kerak?! KPSS MK Siyosiy byurosi sobiq a'zosi Ye. K. Ligachevning quyidagi e'tirofi juda to‘g‘ridir: «Mamlakat ko‘p yillardan buyon harbiy xarajatlar yuki ostida ezilmoqda. Undagi ishlab chiqarish va intellektual kuchning sezilarli, buning ustiga, eng malakali qismi mudofaa maqsadlariga yo‘naltirilmoqda... Meningcha, bu ahvolda iqtisodni dunyoviy sifat darajasida qayta qurish va zarur sotsial masalalarni tezda yechishning umuman iloji yo‘q!»
Harbiy xarajatlarni qisqartirish haqida gapirsang, ayrim generallarning jazavasi tutadi... Tushunaman, ular ishsiz qoladi. Lekin bu qanaqa ish?! Ular bir umr tashqi dushman hujumini qaytarishga tayyorlanadilar. Dushman esa hujum qilmayapti... Qarabsizki, u generalgacha o‘sib yetdi, ammo hali «tirik dushman»ni ko‘rgani yo‘q... Bizni esa qashshoqlik, ekologik nomutanosiblik atalmish «dushman» yeb qo‘ymoqda. Albatta, armiya xalqni himoya qilishi lozim. Agar undagi beboshliklardan xalq omon qolsa, albatta, himoya qiladi!.. Xo‘sh, professional armiyani qaysi xarajat asosiga tuzish mumkin? Meningcha, harbiylar sonini ikki baravar qisqartirish (eng baquvvat, malakalilarni qoldirish), ko‘payib, kattalashib ketgan harbiy komissariatlardagi ofitserlarni armiyaga olish, tashkilotlardagi harbiy mutaxassislarni qisqartirish, qari-qartang generallarni hurmat-izzat bilan pensiyaga jo‘natish, harbiy rahbarlikni kuch-quvvatli, jasur kishilar qo‘liga berish hisobiga, o‘ylaymanki, armiya allaqachon professinallashuvi mumkin.
Aytishlaricha, Moskvaning o‘zida butun AQSh armiyasidagidan ko‘p general xizmat qilar emish. Balkim, rostdir... Rostini qaydan bilaylik. Hali hanuz ko‘p narsalar sir saqlanmoqda. Siz o‘qiyotgan maqola ham harbiy tsenzuradan o‘tgan!
Armiyada milliylik masalasiga e'tibor kam. Oddiy bir faktni oling. O'zbekcha harbiy gazetalar chiqmaydi, hozir. 1944 yilda frontlarning siyosiy boshqarmalari milliy tillarda 47 gazeta chiqarganlar, shu jumladan, o‘zbek tilida 11 gazeta bosilgan, qozoqcha-10 ta, tojikcha 2 ta gazeta chiqib turgan. To‘g‘ri-da, harbiy ruhni quvvatlash kerak bo‘lgan. Nima, endi kerak emasmi?! Qismlarda hamyurtlar klubi, milliy kitoblar jovoni ochish mumkin-ku...
Huquqshunoslik fanlari doktori G. Litvinova bizning yigitlarni «harbiy-tarixiy tajribaga ega bo‘lmagan millat» vakillari, deb ataydi («Nash sovremennik», 1989 yil, 6-son). Farg‘ona vodiysining qadim tadqiqotchilaridan biri bo‘lgan A. Middendorf eramizdan avvalgi IV asrda Iskandar Zulqarnaynning bosqinchilik yurishlari paytida tog‘da kurashga mo‘ljallangan maxsus alpinistlar qurollari qo‘llanganini yozadi. Uning yozishicha: «1382 yilda Amir Temur ham o‘zi bilan Badaxshondan keltirilgan cho‘qqiga chiquvchilar otryadini olib yurgan». Temur va Bobur qo‘shinlarida mukammallashgan tosh otuvchi va devor qulatuvchi mashina hamda aslahalar bo‘lgan. Eng hayratlisi Temur Malikning Sirdaryoda 70 kemadan iborat harbiy floti bo‘lganidir. Ular 600 pudgacha (9000 kilogramm) yuk ko‘tara olgan ekan. Bu kemalar sirtidan ho‘llangan kigiz bilan qoplangan bo‘lib, yondiruvchi snaryadlar va yonayotgan yoy o‘qlaridan asrar edi... Ana tajriba! Bugun harbiy bilim yurtlarida o‘qishning faqat bir tilda olib borilishi kecha daladan kelgan yigitlarga tushunarsiz, albatta.
Ha, muammolar ko‘p. Eng muhimi, biz ularni oshkora muhokama qila boshlaganimizdir. Endi harbiy xizmatni intizomli qilish umumxalq ishi bo‘lmog‘i kerak. Ana shunda onalar yurak hovuchlab, eshikka termulib, xavotirda yashamaydilar.
«Fitna san’ati» (1-kitob, «Fan» nashriyoti, Toshkent, 1993) kitobidan olindi.