Turkiston tarixiga doir manbalarda, aniqrog‘i, sovet davrida yaratilgan qo‘llanmalarda inqilobgacha Turkiston xalqining atigi 2 foizi savodxon bo‘lgan, deyiladi.. Bu raqam keng tarqalgan, kitoblardan kitoblarga ko‘chib kelayotir. Afsus bilan e'tirof etish joizki, O'rta Osiyo xalqlari tarixini bo‘yab-bejab ko‘rsatishda o‘lkamizdan chiqqan ayrim olimlar jonbozlik ko‘rsatganlar. Ularning «katta xizmat»lari, ayniqsa, Turkiston tubjoy aholisining savodxonligini o‘ta bir yoqlama yoritganlarida ko‘rinadi. Endi bu qo‘pol xatolarga chek qo‘yish fursati yetdi.
Savodsizlik har doim madaniyatsizlik, johillik, ma'naviy qashshoqlik bilan uzviy bog‘liq tushunchadir. Shu sababdan ham inqilobgacha Turkiston aholisining savodxonligi haqida haqiqatni aytishning muhim printsipial ahamiyati bor. Bu masalani to‘g‘ri hal etish orqaligina Turkiston xalqlarining madaniy taraqqiyoti tarixini xolisona yoritish imkoniga ega bo‘lamiz.
Xalqlarning savodxonligi darajasini asossiz ra-vishda pasaytirib ko‘rsatish ularning tarixiy o‘tmishini kamsitadi, milliy g‘ururiga ziyon yetkazadi.
Taniqli sharqshunos olim, Farg‘ona tubjoy aholisiga ta'lim berish qanday tashkil etilganini bir necha oy mobaynida o‘rgangan akademik A. Middendorfning Turkiston mahalliy aholisining savodxonligi nisbatan yuqori darajadaligini ta'kidlab aytgan fikrlari diqqatga sazovordir. U shunday deb yozgan: «Farg‘onada hamma o‘qish va yozishni bilishini nazarda tutsak, tub-joy aholi uchun zarur qo‘llanmalar nashr etilishi bilanoq taraqqiyot juda tezlashib ketadi» (A. Middendorf. «Ocherki Ferganskoy doliny». SPB. 1882).
Turkiston xalqlari madaniyati haqida Turkiston general-gubernatori S. M. Duxovskoyning podshoga sadoqatini izhor etib yozgan dokladida (1899 yil) qiziqarli fikrlar bor. Jumladan, u shunday yozadi: «Uzoq vaqtlar mobaynida Buxoro butun musulmonlar (sunniylar) olamida musulmon huquqshunosligi va ilmining mo‘‘tabar markazi sifatida tan olib kelingan, boz ustiga, bu obro‘-e'tiborni hanuz yo‘qotmay kelayotir.
Bir vaqtlar o‘rtaosiyolik ruhoniylar, qonunshunosu arab tili bilimdonlari faoliyatining ahamiyati naqadar ulug‘ bo‘lganini bugungi kunda butun dunyodagi musulmon - sunniylar qo‘llayotgan mashhur va mo‘‘tabar shariat majmualarining ayrimlari O'rta Osiyoda bixilganini eslashning o‘zigina kifoya. «Hidoyai-Sharif» Marg‘ilonda, «Aqoid» Buxoroda, «Hikmat-ul-Ayn» Samarqandda yaratildi. Musulmon olamiga shariatning so‘nggi talqinini O'rta Osiyo taqdim etdi. Bulardan tashqari, bu o‘lka olamga Navoiy, Ahmad Yassaviy, Mashrab, So‘fi Olloyor kabi shoir-so‘fiylarni berdi.
Ayni paytda yoshlarga ta'lim berayotgan ko‘plab musulmon maktablarini rus maktablaridagi to‘g‘ri umumiy ta'lim bilan almashtirishga zo‘r berib, uzoq vaqt mobaynida, ustakorlik va qat'iyat bilan harakat qilish tufayli erishmoq mumkin».
Turkistonning boshqa bir general-gubernatori P. I. Mishenkoning 1909 yil, 19 martda xalq ta'limi ministriga yo‘llagan ushbu yozuvlarini esa mahalliy aholini ta'riflayotgan yoki o‘lkadagi xalq ta'limi ishini tushunmay aytilgan fikrlar, deb bo‘lmaydi: «Biz mutlaqo madaniyatsiz va savodsiz qabilalar orasida xalq ta'limini joriy etishni ko‘zda tutmaganmiz, balki musulmonlar orasida qadimdan mavjud bo‘lib, g‘oyat keng yoyilgan ta'limni isloh qilmoqchimiz».
Turkiston o‘qituvchilari seminariyasi direktori N. Ostroumov ilmiy faoliyati davomida mahalliy aholining savodxonligi masalasini o‘rganishga jiddiy e'tibor bilan qaragan. U «K istorii narodnogo obrazovaniya v Turkestanskom krae» (Tashkent, 1899), «K istorii musulmanskogo obrazovatelnogo dvijeniya v Rossii v XIX i XX stoletiyax» (SPB, 1913) va boshqa kitoblar muallifi. E'lon qilinmagan «Obshiy vzglyad na istoriyu russkoy i russko-tuzemnnx shkol» sarlavhali maqolasida (1911 yil) N. Ostroumov shunday yozadi: «O'lkaning turli viloyatlaridagi mavjud madrasalarni e'tibordan soqit qilgan o‘sha paytdagi chinovniklar ularning ta'lim berish tartibi haqida yetarli darajada tasavvurga ega bo‘lmaganlar. «Turkestanskaya vedomost»da (1874 yil, 74-son) bosilgan orientalist A. I. Kunning ixcham maqolasi bu masaladagi birdan-bir chiqish bo‘lib, u ancha yuzakidir. Shundan so‘ng, uzoq vaqt keksa turkistonliklardan hech kim qadimgi maktablardagi ta'lim-tarbiyani o‘rganmadilar».
Mahalliy aholining savodxonligi haqida «Russko-tuzemnye uchilisha, maktebi i madrese Sredney Azii» nomli tadqiqotning (SPB, 1913) muallifi N. Bobrovning Turkiston general-gubernatoriga 1910 yil, 19 avgustda yozgan xatidagi ushbu fikrlar muhim ahamiyat kasb etadi. U shunday deb yozadi: «O'lkadagi maorif ma'muriyati so‘nggi paytlargacha, toki xatosi oshkor bo‘lgungacha, musulmon maktablari o‘lik, abadiy mahdudlikka yuz tutgan, degan fikrga yopishib olgan edi... Bunday fikrni «biz bilmagan nimaiki mavjud ekap, bu narsalar biz uchun yo‘qdir», degan xulosaga olib keluvchi psixologik holatning natijasi sifatida izohlash mumkin».
Oldindan aytib qo‘ya qolaylik, yuqorida tilga olingan olimlar va amaldorlarnnng birortasi inqilobgacha Turkistonda savodxonlik va ta'lim berishning ahvoli xaqida gapirayotib, 1897 yili amalga oshirilgan Rossiya imperiyasining birinchi aholi ro‘yxatidagi ma'lumotlarga murojaat etmaganlar.
Endi Sovet tarixchilarining inqilobgacha Turkiston mahalliy aholisi savodxonligi haqida yozganlariga nazar tashlaylik. Mana, O'zbekiston tarixiga opd bir necha kitobdan parchalar:
«1897 yilgi aholi ro‘yxatiga ko‘ra, maktabgacha yoshdagi bolalarni hisobga olmaganda, savodlilar atigi 2,9 foizni tashkil etgan» («Narodnoe obrazovanie v O'zbekistane», Tashkent, 1941).
«Turkiston aholisi deyarli butkul savodsiz bo‘lib, o‘qishni biladigan kishilar 2 foizdan oshmagan» (I. Q.Qodirov. «Narodnoe obrazovanie Sovetskogo O'zbekistana», Tashkent, 1964).
1897 yilgi aholi ro‘yxatiga ko‘ra, o‘lkada savodli o‘zbeklar-1,6 foizni tashkil etgan. Aholining savodxonligi shundan keyingi yillarda ham oshmagan» (Sh. Abdullaev. «O'zbekistondagi xalqlar madaniyati taraqqiyotp tarixidan», 1921-1932 yillar).
«Chor hukumati milliy madaniyatni rivojlantirishga, maktablar va ma'rifat o‘choqlarini kengaytirishga yo‘l qo‘ymadi. O'zbekistonda har 100 kishining 98 tasi savodsiz edi» («O'zbekiston SSR tarixi», O'zSSRdagi O'rta maktablarning 9-10-sinflari uchun o‘quv qo‘llanmasi Toshkent, 1974).
«O'rta Osiyo xalqlari inqilobgacha deyarli yoppasiga savodsiz edi. 1897 yili o‘zbeklarning atigi 1,9 foizi o‘qish va imzo chekishni bilardi» (Uzbekskaya SSR, Moskva, 1956).
«1897 yilgi Butunrossiya aholi ro‘yxatiga ko‘ra, savodlilar o‘lkada 1,8 foizni tashkil etgan, ya'ni inqilobgacha Turkiston deyarli savodsiz o‘lka edi» (T. N. Qori-Niyoziy, «Sovet O'zbekistoni madaniyati tarixidan ocherklar», Toshkent, 1955).
Inqilobgacha Turkiston tubjoy aholisining savodsizligini ta'kidlagan kitoblar ro‘yxatini yana davom ettirish mumkin.
Biroq haqli savollar tug‘iladi. Xo‘sh, savodsiz xalq butundunyo xalqlarining faxru iftixornga aylangan Samarqand, Buxoro, Xorazm, Toshkent va Xevadagi Go‘ri Amir, Shohi Zinda, Bibixonim kabi koshonalarni va boshqa ko‘plab osori-atiqalarni qanday qilib bunyod etgan ekan? Savodsiz xalq qay yo‘l bilan jahonga Ibn Sino, Al-Xorazmiy, Beruniy kabi olamga mashhur allomalarni yetkazib berdi ekan? Savodsiz xalq Forobiy, Ulug‘bek, Navoiy va boshqa ko‘plab shoiru fozillari bilan olamga dong taratganining siri nimada? Furqat, Muqimiy, Avloniy, Behbudiy kabi minglab ma'rifatparvarlari bo‘lgan xalqning savodsizligiga ishonish mumkinmi?!
Sovet davri olimlarining inqilobgacha Turkiston mahalliy aholisi savodsizligini ta'kidlagan ilmiy tadqiqotlarining xarakterli jihati nimalarda ko‘rinadi?
Birinchidan, bu masalada chop etilgan kitoblarning mualliflari: O'zSSR FA prezidenti T. N. Qori-Niyoziy, O'zSSRning sobiq maorif ministri I. Q. Qodirov, Toshkent pedagogika institutining sobiq rektori Sh. Abdullaevdir. Haqli savol tug‘iladi: Avtoritar sistema hukmron bo‘lgan, ma'muriy buyruqbozlik usulidagi rahbarlik ijtimoiy hayotning barcha jabhalariga tomir yoygan sharoitda biron-bir oddiy olim fan va ma'muriyatni o‘z qo‘lida ushlab turgan yuqori lavozimli amaldorlarga qarshi chiqishi mumkinmi? Yo‘q, albatta. Shuning uchun ham, mahalliy xalqning «savodsiz»ligi haqidagi ma'lumotlar tadqiq etilmay, ijodiy o‘rganilmay, shunchaki kitoblardan kitoblarga ko‘chib kelayotir,
Ikkinchidan, mualliflar mahalliy xalqlarni yoppasiga yoki deyarli savodsiz, deya chiqargan xulosalarini Rossiya imperiyasi aholisining 1897 yilgi birinchi ro‘yxati materiallari bilan asoslaydilar. Bu ro‘yxat materiallari qanchalik haqiqatga yaqin!
Umuman, bu faktlarni inqilobgacha Turkiston xalqlari savodxonligini ilmiy tadqiq etishda tarixiy manba sifatida ishlatib bo‘ladimi?
1896 yil 27 iyulda Rossiya imperiyasida birinchi marta aholini ommaviy ro‘yxatga olishni amalga oshirish haqida podshohning buyrug‘i chiqadi. Shunga muvofiq tarzda 1896 yil, 24 noyabrda Turkiston general-gubernatori o‘lkada aholini ro‘yxatga olish haqida buyruq chiqaradi, ayni paytda viloyatlar (Sirdaryo, Farg‘ona, Samarqand) va uezdlarda ro‘yxatga olish komissiyalarini tasdiqlaydi.
Bu ishda umumiy rahbarlikni general-gubernator o‘z zimmasiga oladi. Aholini ro‘yxatga olish tadbiriga Turkiston o‘lkasining mahalliy ma'muriyati vakillari qanday munosabatda bo‘lganlar? Bu haqda uezd boshliqlarnning viloyat harbiy gubernatorlariga raportlarida quyidagicha ma'lumotlar bor.
Marg‘ilon uezdining boshlig‘i shunday yozadi: «...Osiyodagi ro‘yxatga olish Yevropa Rossiyasidagidan keskin farq qilishi kerak. Diniy urf-odatlar kuchliligi va tildagi farq tufayli, ro‘yxatga olish qiyin kechadigan ish».
Qo‘qon uezdining boshlig‘i yozadi: «...Turkiston o‘lkasidagi mavjud murakkab sharoitda bunday ishga (aholini ro‘yxatga olish-Kim P. G.) mahalliy aholini jalb etish g‘oyatda mushkul. Buning uchun qandaydir programma ishlab chiqishni ham xayolga keltirib bo‘lmaydi».
Toshkent uezdi boshlig‘i yozadi: «Ayollarni ro‘yxatga olishni aqlga sig‘dirib bo‘lmaydi. Ayollar va bolalarni hisobga olishda uy egalari - oila boshliqlarining javoblari bilan cheklanishga to‘g‘ri keladi».
Ko‘rinib turibdiki, uezd boshliqlari aholining xulq-atvorini nazarda tutishib, ro‘yxatga olishning muvaffaqiyatli chiqishiga ko‘zlari yetmagan. Sirdaryo, Samarqand va Farg‘ona viloyatlari harbiy gubernatorlari ham shunday xulosaga kelishgan va ishning yutug‘idan umid qilishmagan. Ular bu haqda general-gubernatorga axborot berganlar.
Uezd boshliqlari, aholining urf-odatlari va turmush sharoitini o‘rganishib, viloyatlardagi ayollarni ro‘yxatga olish uchun ko‘rsatma berishlarini so‘rab, murojaat etishgan. Bu o‘rinda Farg‘ona viloyatadagi ro‘yxatga oluvchi komissiyaning 1896 yil, 12.dekabr kuni bo‘lgan majlisi protokoli e'tiborga molik. Unda shunday yozilgan: «Namangan uezdi boshlig‘i ro‘yxatga olishda mahalliy aholi xonadonlarining ichkarisini - ayollar, bolalarni ro‘yxatga olish uchun ko‘rsatma berishni so‘raganlar, chunki mahalliy aholining urf-odatlari xonadonlarning ichkarisiga begona kishilarning kirishlarini man etadi. Bu masalaga oydinlik kiritish uchun komissiya qaror qiladi: «Namangandagi, shuningdek, boshqa barcha joylardagi komissiyalarga ma'lum bo‘lsinki, har bir musulmon hovli - joyining ichkarisi daxlsizligi bilai bog‘liq mahalliy aholining azaliy urf-odatlarini buzishga yo‘l qo‘yilmasin va mas'uliyat yuklangan rahbarlar, hisobchilar ro‘yxat varaqasiga ayollarni qayd etishda uy egalarining bergan ma'lumotlariga amal qilsinlar».
Sirdaryo va Samarqand viloyatlari uezdlaridagi ro‘yxatga oluvchi komissiyalarga ham shunday buyruq berilgan edi. Shuningdek, mahalliy xalqni ro‘yxatga oladigan varaqani to‘ldirish tartibi ham mutlaqo noto‘g‘ri hal etilgan. 1896 yil 21 iyunda Ministrlar Komiteti «Oqmulla, Semirechensk, Semipalatinsk, To‘rg‘ay viloyatlari va Turkiston o‘lkasida ro‘yxatga olishning umumiy tartibiga ayrim tuzatishlar» nizomini e'lon qildi. Bu «Nizom»ga ko‘ra ushbu viloyatlar va Turkiston o‘lkasidagi ko‘chmanchi aholini ro‘yxatga olishda ro‘yxat varaqasidagi 6-11 va 14 - grafalarini to‘ldirmaslikka ruxsat berildi. Turkiston general-gubernatori 1896 yil 30 iyulda ichki ishlar ministriga murojaat etib, o‘lkadagi o‘troq aholini ro‘yxatga olishda ham shu «Nizom»ga ko‘ra ish yuritishga ruxsat berishni iltimos qiladi.
Bu iltimosga ministr telegramma orqali javob yo‘llab, aholini ro‘yxatga olishda ro‘yxat varaqasidagi; 6-11 va 14-grafalarni to‘ldirmaslikka ruxsat beradi.
«Nizom»ga ko‘ra, mahalliy o‘troq va ko‘chmanchi aholini ro‘yxatga olishda varaqadan tabaqa, kasb-kor, e'tiqod va boshqa muhim jihatlarga aniqlik kiritadigan, demakki, aholi ro‘yxatining sof ilmiy qimmatini ta'min etadigan grafalar chiqarib tashlanadi. Natijada ro‘yxat varaqasida asosan aholi sonini aniqlashda yetakchi ahamiyatga molik grafalar qoldiriladi. Xullas, Turkistonda mahalliy aholini ro‘yxatga olishni amalga oshirishning shunday tartibi yuzaga keladiki, bunga ko‘ra ro‘yxat varaqasining yetti grafasi o‘chirib tashlanadi.
Farg‘ona viloyatida bizni qiziqtirgan masala, ya'ni aholining savodxonligini hisobga olish masalasi ruslashtirish siyosati manfaatidan kelib chiqib hal etilgan. Farg‘ona viloyat harbiy gubernatorining shaxsiy tashabbusi bilan ro‘yxat varaqasidagi 13-grafaga «Savodi», degan qo‘shimcha kiritiladi. Mahalliy xalqning savodxonligini ro‘yxatga olish uchun gubernator yana bir - «Rus tilida gapira oladimi?» degan savolni ham qo‘shadi. 13-grafaga kiritilgan o‘zgarishlarni gubernator shunday tushuntiradi: «Bu formaning ikki bo‘limdan («a» va «b») iborat 13-grafasiga yana bir bo‘limni ko‘shish foydadan xoli bo‘lmaydi, deb o‘ylayman. Meningcha «Rus tilida gapira oladimi?» degan savol g‘oyat muhim ahamiyatga ega. Bu savolga berilgan javob Turkistonda hokim millat tilining tuzem omma orasida tarqalish me'yoriga ijobiy xizmat qiladi».
Ko‘rinib turibdiki, Farg‘ona viloyatidagi mahalliy aholining savodxonligi faqat rus tilida o‘qiy olishiga emas, shuningdek ruscha gapira olishiga qarab aniqlangan...
Shutsday qilib, 1897 yil 28 yanvardan o‘lkada aholini: ro‘yxatga olish boshlandi.
Ma'muriyat bu muhim tadbirga yetarli tayyorgarliksiz va tushuntirish ishlarini amalga oshirmay turib, ko‘chmanchi aholini hisobga olishda ro‘yxat varaqasidan 7 grafani o‘chirib tashlab, ayollar va bolalarni ro‘yxatga olishda xatolikka yo‘l qo‘yilayotganini bilgan holda hamda yetarli miqdorda ro‘yxat varaqalariga ega bo‘lmay turib kirishdi.
Aholi ham, hatto hisobchilarning o‘zlari ham, aksariyat hollarda, bu tadbirlarning maqsad-muddaosini tushunmagan. Ro‘yxatga oluvchi komissiyalarning hisobotlariga qaraganda, aholi tadbirlarning mohiyatidan bexabar bo‘lgan. Oqibatda, bir qancha joylarda (Sirdaryo viloyati, Samarqand uezdining Matchoyi va Ko‘ktepa volostlarida) hisobchilarga qarshilik ko‘rsatilgan.
Yana e'tibor qiladigan tomoni shundaki, oila a'zolari ro‘yxati yozilgan qog‘ozlardagi ma'lumotlardan ro‘yxat varaqasiga faqatgina ushbu ma'lumotlarni ko‘chirish mumkin bo‘lgan: Familiyasi va ismi, jinsi va yashash joyi. Savodi haqida esa hech qanday ma'lumot qayd etilmagan.
Jizzax uezdida ham oila a'zolari ro‘yxati qayd etilgan qog‘ozlardagi ma'lumotlarning o‘zinigina ro‘yxat varaqasiga ko‘chirib yozish bilan qanoatlanilgan. Sintob, Ko‘ktepa volostlari va O'sh uezdida bolalarni ro‘yxatga olishdan yashirish hollari, hatto vafot etganlar ro‘yxatda qayd qilingani kuzatiladi.
Tadbirga aholining qarshilik ko‘rsatgani quyidagi faktlarda yaqqol ko‘rinadi:
Farg‘ona viloyat Baliqchi volostida volost ishboshisi unda yashaydiganlarning hammasini xatga olgani uchun kaltaklangan.
Qo‘qon shahrining Sarimozor qismidagi «Ali» madrasasida hisobchini mutavalli va muallalar tahqirlaydilar, oqibatda, Farg‘ona viloyati harbiy gubernatorining buyrug‘i bilan, bu madrasa mutavallisi mansabidan chetlatiladi. O'sh viloyatida ro‘yxatga olish haqida yolg‘on gaplarni tarqatgani uchun saratovlik savdogar quvg‘in qilinadi.
Ishning sifatini tekshirishganda, Samarqand viloyatining bir necha volostlarida aholining 50 foiziga ro‘yxat varaqasi ochilmagani ma'lum bo‘ladi.
Samarqand viloyati volostlarida, aksariyat hollarda tadbirdan bo‘yin tovlagan kishilar uchun volost ishboshilarining ro‘yxatlaridan ko‘chirib ro‘yxat varaqasi to‘ldirilgan. Tekshirish xulosalariga doir materiallarda ta'kidlanishicha, blankalar yo‘qligi sababli, hisobchilar ma'lumotlarni oddiy qog‘ozga shunchaki ro‘yxat tariqasida qayd etishgan.
Farg‘ona viloyati aholisini ro‘yxatga oluvchi komissiyaga qirg‘iz (qozoq) tilidagi ro‘yxat varaqalari jo‘natilgan. Farg‘ona viloyat general-gubernatori aholini ro‘yxatga oluvchi bosh komissiyaga murojaatida bu hol juda katta qiyinchilik tug‘dirayotganini aytadi.
Qo‘qon uezdidagi ro‘yxatga oluvchi komissiyaning hisobotida shunday deyiladi: «Tuzem-musulmonlarning, balki yaratganning o‘zi ularning son-sanog‘idan ogohdir, diniy xurofotga berilganliklari, ayollarning hayoti tutqunlikda kechayotgani, hisobchi erkaklarning ayollar va bolalar sonini to‘g‘ri qayd etishlariga to‘siq bo‘lishi ehtimoli, umuman, bu kabi murakkabliklar aholini ro‘yxatga olishning natijasiga jiddiy salbiy ta'sir ko‘rsatishi kutilgan edi».
Qo‘qon shahrining 40 foiz aholisiga ro‘yxat varaqasi ochilmagan.
Sirdaryo viloyati aholisini ro‘yxatga oluvchi komissiya hujjatli materiallarga ega bo‘lmagan. Bu viloyatda ro‘yxatga olish qay tarzda amalga oshirilganini aniqlash mushkul. Faqat taxmin qilish mumkinki, bu joyda qam ro‘yxat varaqasining barcha grafalari to‘ldirilmagan. Sirdaryo harbiy gubernatorining Turkiston o‘lka general-gubernatoriga 1897 yil 28 sentyabrda yo‘llagan raporti taxminimizning to‘g‘riligiga dalil bo‘la oladi. Unda aytilishicha, viloyat gubernatori ro‘yxat varaqasinnng eng asosiy savollarinigina zarur, deb hisoblaydi, qolgan barcha savollarni murakkabligi, hisobchilar ishini qiyinlashtirgani uchun varaqadan istisno qiladi. Biroq gubernator qaysi grafalarni asosiy, qaysilarini «asosiy emas» deb hisoblashini tushuntirib bermaydi.
Umuman, Turkistonda aholini ruyxatga olishning natijalari qanday bo‘lgan?
Samarqand viloyatida ro‘yxatga olish chog‘ida g‘oyatda qo‘pol xatoliklarga yo‘l qo‘yiladi. Viloyat aholisini ro‘yxatga oluvchi komissiya hisobotiga ko‘ra, ro‘yxatga olish jarayonida 6-14, shuningdek, «savodi»ni qayd etadigan grafalar to‘lg‘azilmagan. Vaholanki, 1896 yil 21 iyundagi «Nizom»ga ko‘ra 12 - («ona tili») va 13 - («savodi») grafalarni to‘lg‘azish cheklanilmagan. Xo‘jand, Jizzax, O'sh uezdlari komissiyalarining hisobotlari ham 13-grafa to‘lg‘azilmaganidan guvohlik beradi. Uezdlardagi ro‘yxatga oluvchi komissiyalar a'zolarining mahalliy tashkilotlarga jo‘natgan yozma ravishdagi dokladlarida shu haqda so‘z yuritiladi.
Teneral-gubernator A. B. Vrevskiy 1895-1897 yillari qilingan ishlar yuzasidan podshohga yo‘llagan hisobotida, aholi ro‘yxatida keltirilgan ma'lumotlar, jumladan, xalqning savodxonligiga doir ko‘rsatgichlar asossiz ekanligini tan olishga majbur bo‘ladi.
Inqilobgacha Turkiston tarixi bilan shug‘ullanadigan mutaxassislar, 1897 yilgi aholi ro‘yxatining natijalari haqiqatdan yiroqligiga qaramay, o‘z tadqiqotlarida uni bemalol ishlataveradilar. Ro‘yxat natijalari esa xalq maorifi va savodxonligi haqidagi xulosalarga asos bo‘lib kelayotir.
Yuqoridagi mulohazalardan kelib chiqib aytish kerakki, Turkistonda o‘tkazilgan 1897 yilgi aholining umumiy ro‘yxati ma'lumotlaridan inqilobgacha Turkiston xalqlarining savodxonligini aniq belgilashda ishonarli manba sifatida foydalanib bo‘lmaydi.
Shunday savol tug‘ilishi tabiiy: Inqilobgacha Turkiston tubjoy aholisining savodxonlik darajasi aslida qanday bo‘lgan?
Bu savolga javob berishdan oldin 1897 yilgi aholi ro‘yxatida savodxonlik deganda nimani nazarda tutishganiga e'tibor beraylik. Ko‘rinadiki, 1897 yilgi aholini ro‘yxatga olishda «o‘qishni biladigan, nari borsa, bo‘g‘inlab o‘qishni eplay olganlar savodli deb hisoblangan» (I. M. Bogdanov «Gramotnost i obrazovanie v dorevolyutsionnoy Rossii i v SSSR». Moskva, 1964).
F. A. Brokgauz va I. A. Efronning Entsiklopedik lug‘atida (9-jild, SPB, 1898) o‘qiymiz: «Savodxonlik - «savodxon» degan so‘z zamirida o‘qish va yozishni biladigan yoki faqat biror-bir tilda o‘qiy oladigan odam nazarda tutiladi». V. Dalning «Izohli lug‘ati»da (1-jild. Moskva 1955 y.) ham mazmunan shunga o‘xshash sharh berilgan: «Savodxonlik - o‘qish va yozishni bilish, ayrim hollarda faqat birinchisi, o‘qiy olish». Bu o‘rinda V. Dalning izohli lug‘ati XIX asrning ikkinchi yarmida yaratilganini ta'kidlab o‘tish lozim.
Madaniyat, fan va texnika taraqqiyoti tufayli savodxonlik tushunchasi ham o‘zgardi. 1926 yilgi aholi ro‘yxatida savodxonlik o‘qish va yozishni bilishga qarab aniqlangan, 1989 yili aholini ro‘yxatga olish varaqasida savodxonlikni aniqlash uchun quyidagi savollar qayd etilgan: «ma'lumoti» (10-grafa), «kasb-hunar bilim yurtini tugatganligi» (11-grafa), «ta'lim olayotgan bilim maskanining turi». YUNESKO Bosh konferentsiyasining (1958 yil dekabr oyi) Parijda o‘tgan X sessiyasi barcha mamlakatlarga aholini ro‘yxatga olishda savodxonlik tushunchasini aniqlash uchun kishilarning o‘qiy olishlari, o‘qiganlarni tushuna bilishlari hamda o‘zlarining kundalik hayoti haqida qisqacha bayon yozishga qobilliklarini hisobga olishni tavsiya etadi. (Bu fikr I. M. Bogdanovning «Gramotnost i oboazovanie v dorevolyutsionnoy Rossii i v SSSR» kitobidan olindi, Moskva, 1964).
Endi savol tug‘iladi, 1897 yilgi aholi ro‘yxatnda qayd etilgan ma'lumotlar haqiqatdan yiroq ekan, u holda inqilobgacha Turkiston xalqlarining savodxonligini qanday qilib aniqlash mumkin?
Bu murakkab masalaga aniqlik kiritish uchun tarixiy manbalarni tarixiy-siyosiy tahlil usulida tadqiq etishga urinib ko‘raylik. Quyida inqilobgacha Turkiston, Rossiya va Belorussiyadagi ta'lim berish va savodxonlikning tarixiy ahvolini qiyoslaymiz. Nega qiyoslash uchun atay... Rossiya va Belorussiya tanlangan, degan savol tug‘ilishi mumkin. Buning sababi shundaki, sovet olimlari hozirgacha Rossiya va Belorussiyada inqilobgacha savodxonlikning ahvolini, hamda 1897 yilgi aholi ro‘yxatida qayd etilgan Rossiya imperiyasi xalqlari savodxonligiga doir ma'lumotlarni chuqur o‘rganganlar.
Aholining savodxonligini shakllantirishda xalq ta'limi sistemasi asosiy baza bo‘lib xizmat qilgan. Rossiya, Belorussiya va Turkistondagi xalq ta'limining tashkiliy tomonlarida qanday o‘xshashliklar bo‘lgan? Avvalo shuki, Belorussiya va Turkiston chor Rossiyasining uzoq o‘lkalari hisoblangan. Rossiya, Belorussiya, Turkiston maktablarida umumiy jihatlar anchagina. Birinchidan, ildizi qadim-qadimlarga ketgan diniy an'anaviy tarbiya barcha o‘lkalar maktablari uchun xos bo‘lgan. Har uchala o‘lka maktablarida diniy qonun-qoidalar qiroat qilish tartibi bilan o‘rgatilgan, progressiv ta'lim berish usullariga intilish seziladi. Turkistondagi maktablar ravnaqi Rossiya imperiyasida xalq ta'limi taraqqiyoti jarayonining bir qismi bo‘lgan. Shuning uchun o‘lkadagi maktablar tarixini Umumrossiya madaniyati taraqqiyoti tarixidan ajratib qaramaslik lozim.
Bu o‘rinda shuni ta'kidlash lozimki, o‘lkadagi chor hukumati ma'muriyati maktab va madrasalarga nisbatan turli xil kurash usullarini qo‘llagan: 1899 yilgacha mensimay qaragan, 1890 yildan boshlab, idoraviy yo‘l bilan nazorat qilib turish uchun maxsus 3-inspektor lavozimini ta'sis etgan, 1896 yildan boshlab, maktab ham madrasalar shahar va uezd boshliqlari orqali nazorat qilingan.
V. Nalivkinning (Turkiston o‘lkasidagi xalq bilim yurtlari 3-inspektori) maorif ministriga 1896 yil 8 mayda yo‘llagan axborotida maktablar soni haqida qiziqarli ma'lumot bor. U shunday yozadi: «E'tiboringiz uchun ushbu xabarni yetkazishni lozim deb bilamanki, ayni paytda Turk o‘lkadagi oliy maktab-madrasalargina xalq bilim yurtlari 3-inspektorining rahbarligidadir. Quyi maktablar bu inspektorning rahbarligi doirasidan tashqarida, ularning nihoyatda ko‘pligi sababli hali sonini olishga muvaffaq bo‘linmadi, menga topshirilgan inspektsiya ishlarida maktablarning soni haqida aniq rasmiy ma'lumot yo‘qligining boisi shunda. Biroq bunga qaramay, qo‘limdagi chalarasmiy ma'lumotlarga tayanib, o‘lkadagi maktablarning umumiy soni, ovullardagi ko‘chmanchi aholining maktablarini ham qo‘shib hisoblaganda, 5000 dan oshishini ma'lum qilishni joiz deb bilaman».
I. G'aspirali (1851-1914) - (jadidizm asoschisi. Madrasada ta'lim bergan, ro‘znoma nashr qilgan, Turkiya, Misr, Kavkaz va Turkiston musulmonlari hayotini o‘rgangan) 1892 yil 7 iyulda Turkiston general-gubernatoriga yo‘llagan maktubida aytilishicha, maktabga qatnagan 7-8 yoshdagi bolalarga «arab tilida o‘qish (qur'on, namoz va hadis), yozish o‘rgatiladi va abjad-arifmetikadan boshlang‘ich saboq beriladi. Turkiston general-gubernatorining 1909 yil 19 martda maorif ministriga yozgan maktubida, Toshkent uezdi boshlig‘ining 1901 yil 15 noyabrda Sirdaryo viloyati harbiy gubernatoriga axborotida ham shu haqda gapiriladi.
Mahalliy aholiga xat-savod o‘rgatishda maktablarning ahamiyati haqida S. Gramenitskiy shunday yozadi: «Mahalliy xalqqa shu joyning xat-savodini o‘rgatish ishi Turkiston o‘lkasida juda qadim davrlardayoq g‘oyat keng tarqalgan. O'lka bosib olingach, ruslar bu yerda juda ko‘p maktablar borligini ko‘rdilar, ularda arab alfavitida ona tili o‘qitilishiga, xat-savodni egallash musulmon dini bilan uyg‘unlashib ketganiga guvoh. bo‘ldilar» (S. Gramenitskiy. «Polojenie inorodcheskogo-obrazovaniya v Sirdarinskoy oblasti», Tashkent, 1916).
O'lka bilim yurtlari bosh inspektorining 1902 yili maorif ministriga yozgan xatida maktablarga shuiday-batafsil ta'rif beradi: «Rus musulmonlari xuddi Yevropa Rossiyasi, Sibir va O'rta Osiyodagidek o‘zlarining maktab va madrasalarida bilim olayotirlar. Maktab va. madrasalar xalq turmushida muhim ahamiyat kasb etadi, yosh avlodga muayyan yo‘nalish beradi... Bizdagi maktab va madrasalar qaysi tartibga ko‘ra tashkil topgan? Bizning joylarga bu maktablar, agar mahalliy shart-sharoitlar taqozosiga ko‘ra, tashqi ko‘rinishidagi juz'iy o‘zgarishni aytmaganda, Buxoroda deyarli o‘zgarishsiz joriy etilgan.
Maktablar boshlang‘ich ta'lim berishga asoslangan. Ularda eng kichik yoshdagi bolalar arabchada o‘qish va yozishni o‘rganadilar, Qur'onni, namozni va turkiy tildagi bir necha she'riy asarlarni yod oladilar. Maktablarda necha yoshgacha o‘qish kerakligi tayin etilmagan. Sinflar hech qanday guruhlarga ajratilmaydi. Ta'lim bosqichlari bir kitobni o‘zlashtirib, ikkinchisiga o‘tish bilan belgilanadi. Ta'lim olish muddati o‘quvchilarning qobiliyati, shuningdek, o‘qituvchilarning tajribalariga bog‘liq bo‘lib, 3-5 yilga boradi»...
Sovet olimlari Q. Ye. Bendrikov va Y. Abdullaevning kitoblarida maktablarda xat savodni o‘rgatish jarayonlari tadqiqiga maxsus boblar bag‘ishlangan. Bu kitoblarda, ayniqsa, Y. Abdullaev kitobida maktablarda xat-savodga o‘rgatishning barcha asosiy bosqichlari batafsil ta'riflangan.
Shunday qilib, arxiv hujjatlaridagi, boshqa manbalardagi maktablar haqida aytilgan barcha ma'lumotlar, ularda xat-savod o‘rgatilgan, degan xulosaga olib keladi. Biroq hanuzgacha tarix fanida inqilobgacha maktablar qotib qolgan, qoloq edi degan, manbalarga tayanilmagan, asossiz fikr hukm surib keldi.
Rossiya, Belorussiya va Turkistondagi maktablarning tashkiliy jihatini qiyoslaganda, shunday xulosalarga kelinadi:
Birinchidan, ulardagi o‘qish muddati bir xil - 2-3 yil;
Ikkinchidan, o‘quv predmetlari o‘xshash;
Uchinchidan, Rossiya va Belorussiya maktablari cherkovlar qoshida, turli jamiyatlarda, ayrim shaxslar tomonidan ochilgan. Turkistonda maktablar machitlarda va mahallalarda ochilgan.
To‘rtinchidan, Rossiya, Belorussiya va Turkiston maktablarining moddiy-texnika jihatdan bo‘shligi ham bir xil.
Endi manbalarda keltirilgan faktlarga asoslanib, 1897 yili Rossiya, Belorussiya va Turkistonda ahodining, maktablarning, ulardagi o‘quvchilarning sonlarini kuzatsak, bu o‘lkalardagi savodxonlikning darajasi oydinlashadi.
Rossiyada aholining umumiy soni - 126 368 800, maktablar soni - 33 401, o‘quvchilar soni - 2 318 100, aholining umumiy soniga nisbatan o‘quvchilar- 1,8 foizni tashkil etgan holda aholining savodxonligi - 21 foiz; Belorussiyada aholining umumiy soni 6 492 857, maktablar soni - 2263, o‘quvchilar soni - 125 41.8, aholining umumiy soniga nisbatan o‘quvchilar - 1,9 foizni tashkil etgan holda, aholining savodxonligi -24,7 foiz; Turkistonda aholining umumiy soni - 3 792 774, maktablar soni - 6027, o‘quvchilar soni - 64 015, aholining umumiy soniga nisbatan o‘quvchilar - 1,7 foizni tashkil etgan holda aholining savodxonligi-19,55 foiz bo‘lgan.
Inqilobgacha Turkiston xalqlarining savodxonligini o‘rganish e'tiborni talab qiladi. Binobarin, davr tarixiy haqiqatni tiklashga da'vat etayotir.
«Fitna san’ati» (1-kitob, «Fan» nashriyoti, Toshkent, 1993) kitobidan olindi.