«Zvezda Vostoka» oynomasining bosh muharriri S. Taturga ochiq xat[1]
Tarixiy haqiqat johilni qanchalik tahqirlasa, tarixiy yolg‘on ham fozilni shunchalik tahqirlaydi.
O'LJAS SULAYMONOV
O'rtoq muharrir!
Oynomangizning 1990 yil 3-sonida bosilmish Mixail Popovning «Oq poshsho - oq general» maqolasi, rus rassomi V. Vereshchaginning «Orenburgdan Toshkentgacha» yo‘lnomasidan olingan parchalar tepasida berilgan oynoma so‘zboshisi menda og‘ir taassurot qoldirdi. Zero, maqola ham kirish so‘zda bosqinchi general M. Ikobelev va chor Rossiyasining mustamlakachilik siyosati, bu siyosatni amalga oshirgan qo‘nxo‘r generallar «jasorati»ning maddohi V. Vereshchagin ko‘zi bilan «fidoyilar», «mehribon, saxovatli insonlar», «asl rus ziyolisi namunasi» tarzida ko‘rsatishga urinish haqiqatni haqorat qilishdan o‘zga narsa emas. «Haqiqat esa,- buyuk rus yozuvchisi F. Dostoevskiy yozganidek, - ROSSIYaDAN ULUG'DIR». Shunday ekan, M. Popov va oynoma tomonidan bu ikki shaxs faoliyatiga oid aytilmay o‘tilgan yoki g‘ayri izohlangan ayrim o‘rinlarni qayta nazardan o‘tkazishga majburman.
Qadim. Sharq donishmandlaridan biri: «Haqiqatning to‘qson to‘qqiz foizi yolg‘ondir», degan ekan. Siz boshchilik qilayotgan oynoma sahifasida chop etilmish M. Popov maqolasi ham, bir foiz chin haqiqat qolib, to‘qson to‘qqiz foiz yolg‘onga qurilgan. Yolg‘on esa har doim xudbin kimsalarning quroln bo‘lib kelgan, jamiyatni boshi berk ko‘chaga olib kirgan.
Bu har ikki tarixiy shaxsning O'rta Osiyo tuprog‘idagi «faoliyatini», ko‘p yillik o‘rganishlar tufayli, juda yaxshi bilaman. Vereshchagin haqida she'r ham yozganman. Bu she'r pati yulinib, nashr ham etilgan. Chor Rossiyasining mustamlakachilik siyosati borasida bir necha maqolalar ham yozganman. Ochig‘ini aytay, men Skobelev, ayniqsa, Vereshchagin haqida umuman yozmaslik kerak, degan fikrdan yiroqman. Men faqat «Rossiyadan ulug‘» haqiqatga amal qilish tarafdoriman. «Muarrixning Vatanga bo‘lgan asl muhabbati, - deb yozadi atoqli rus tarixchisi N. I. Kostomarov, - eng avvalo haqiqatga bo‘lgan e'tiqodi bilan belgilanmog‘i zarur».
Asosiy maqsadga o‘taylik.
Tarixdagi har bir ijtimoiy yuksalish jamiyatning o‘z merosiga, o‘z o‘tmishiga bo‘lgan munosabatini isloh qilishdan boshlangan. Zero, o‘tmish saboqlari zamonaviy taraqqiyot uchun xizmat qiladi.
1988 yil oxirida bo‘lib o‘tgan xalq ta'limi xodimlarining Butunittifoq s'ezdida SSJI Xalq ta'limi Davlat qo‘mitasining raisi G. Yagodin: - «Sotsialistik nnternatsionalizm millatsiz emas. U milliy iftixor, ilg‘or tarixiy an'analar, ona tilini hurmat qilish asosiga quriladi. Bu sohada ko‘pgina masala yig‘ilib qoldi. Jumladan, «SSJI tarixi» darsliklari ma'lum darajada hamon rus xalqining, rus davlatining tarixi bo‘lib kelmoqda», deb bu boradagi kamchiliklarni yangicha tafakkur asosida haqqoniy tanqid qildi. Xuddi shunday fikrni atoqli qozoq shoiri O'ljas Sulaymonovning «Pravda» ro‘znomasida bosilgan maqolasida ham o‘qish mumkin: «Lavhalarida: «Boshqalarni tahqirlab, o‘zing yuksal!», deb yozilgan biror din yo‘q. Ammo ayrim g‘oyalar, siyosiy yo‘nalishlar asosida aynan mana shu qabih fikr yotgani ham aniq. O'z xalqini osmonga ko‘tarib, boshqa xalqni haqoratlagan hollarni san'at, adabiyot va tarix fanida ham uchratish mumkin. Toki bu chirkin yo‘nalish harakatda ekan, tarix fani ibtidoiy, yovvoyi etnotsentrizm manbai bo‘lib qolaveradi. Madaniyat bunday qarash bilan kurashgandagina chiniqadi. Faqat madaniyat emas, shaxs chiniqadi! Bugungi juda ko‘p ijtimoiy illatlarimiz o‘zini boshqalar hisobiga ulug‘lash samarasi emasmi?»
Aykan mana shunday illat og‘usi bilan zaharlangan, tarixiy haqiqatni buzib ko‘rsatuvchi V. Pikulning «Darvozangni och, «Xiva!» hikoyasi, A. Gorbovskiy bilan Yu. Semenovning «O'q uzmasdan» qissasi, Yu. Kuznetsovning Ko‘ktepa qal'asi Skobelev tomonidan qo‘lga olinishiga bag‘ishlangan she'riy balladasiga o‘xshash ulug‘ davlatchilik g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi, O'rta Osiyo xalqlarini, ularga mansub ayrim tarixiy shaxslarni haqorat qiluvchi asarlarning ko‘payib borishida siz boshliq oynoma ham faol ulush qo‘shayotganligi meni tashvishga soladi, o‘rtoq muharrir!
O'zbekiston tarixiga yangicha tafakkur bilan qarash zarur bo‘lgan masalalardan biri - O'rta Osiyoning, xususan, bugungi O'zbekiston xududiga kirgan yerlarning Rossiya tomonidan zabt etilganiga bagishlangan axborotlar va tadqiqotlarda tez-tez uchraydigan qora dog‘lardir. M. Popov maqolasi munosabati bilan ana shu bahsli o‘rinlarga baholi qudrat oydinlik kiritishga harakat qilaman.
O'ljas Sulaymonov Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasi plenumida so‘zlagan «Munosabatlarni buzish» nomli nutqida shunday yozadi: «Juda ko‘p asarlarda O'rta Osiyo Rossiya tomonidan zabt etilishining ijobiy tomonlarini gapirgan holda, mustamlakachilik deb nomlangan siyosatning qora tomonlari haqida lom-mim deyilmaydi.
Tarixiy voqealardan uzilgan tarzda, o‘sha voqealardan ancha vaqt o‘tganidan foydalanib, bugungi kunning manfaatlaridan kelib chiqib, ayrim shaxslarni o‘sha davr qatlamlaridan yulib olgancha yo qoralaymiz, yo sharaf shohsupasiga ko‘tarishga urinamiz.
Yermakni olqishlab, Quchumxonni qoralab, Skobelev va Perovskiyga madhiyalar bitib, generallar Kolpakovskiy va Kaufman insoniy fazilatlar egasn bo‘lgani haqida va'zxonlnk qilgan holda, bu bosqinchilar tomonidan yondirilgan, vayronaga aylantirilgan minglab ovullar haqida gapirishni unutamiz. Kazaklar qilichidan halok bo‘lgan o‘sha xonu beklarni bu siyosatni (mustamlakachilik siyosatini) to‘g‘ri tushunmaganlikda ayblagan ayrim, yozuvchilar murakkab tarixiy jarayonlardan mutlaqo bexabar ekanliklarini namoyish qiladilar.
O'tmish, o‘sha dahshatli o‘tmish yuraklarimizniig botiniy qatlamlarida, bugungi xaritalarida yashirindir. U bobolarimiz kuylagan qo‘shiqlar orqali yangi avlodlarga yetib keldi...»
Rost, O'rta Osiyoning Rossiya tomonidan zabt etilgani haqida haqiqat ochiq-oydin aytilmas ekan, bobolar qo‘shig‘i orqali yetib kelgan o‘tmish zulmati ko‘zlarimiz nuri bilan yoritilmas ekan, jumhuriyatimizda yashovchi xalqlar do‘stligiga raxna soluvchi tazyiqlar ortsa ortadiki, hech qachon kamaymaydi. Qolaversa, bu raxnani ko‘paytirishga xizmat qiladigan M. Popov maqolasiga o‘xshash tadqiqotlar yaratilaveradi.
Bu masalaga mas'uliyat ko‘zi bilan qaragan odamlar «Yevropa xalqlarining jallodi» (V. I. Lenin iborasi) bo‘lmish chirkin imperiya -chor Rossiyasi mustamlakachilik siyosati uchun hech qachon rus xalqi javobgar emasligini, balki Skobelevdek kimsalar aybdor ekanligini yaxshi anglaydilar. Urni kelgani uchun, buyuk rus demokrati A. Gertsenning so‘zini keltirib o‘tmoqchiman: «Kimlarki, rus xalqini hukumatdan ajratolmas ekanlar, ular hech nimani tushunmaydilar». Skobelevni - O'rta Osiyo xalqlari erkining kushandasi va jallodini rus xalqi manfaatlari himoyachisi sifatida ko‘rsatishga uringan M. Popov bu haqiqatni chuqur anglamog‘i zarur edi.
Chor Rossiyasi Turkiston o‘lkasini bosib olgandan keyin «o‘lkada taraqqiyot kuchaydi», deb da'vo qiladigan ulug‘ davlatchilik tarafdorlarn bugun yana ko‘payib koldi.
Xo‘sh, Rossiyaning O'rta Osiyoni zabt etishdan maqsadi bu o‘lka xalqlariga taraqqiyot olib kirish edimi, degan savolga javob izlaylik.
O'rta Osiyo xalqlarining qadim madaniyati insoniyat taraqqiyotida muhim o‘rin tutishi, bu tuproq jahon madaniyati beshiklaridan biri bo‘lganini yaxshi bilasiz. Bu o‘lka jahonga Al Farobiy, Al Farg‘oniy, Al Xorazmiy, Beruniy, Ulug‘bek, Abu Ali ibn Sino, Navoiy, Jomiy, Bobur va boshqa buyuk mutafakkirlarni bergan, ayni vaqtda, rus bosqinidan oldin ham o‘zining yuksak madaniyati, san'ati va adabiyoti, ilm-fani bilan ajralib turardi. 1897 yilgi aholini ro‘yxatga olish ma'lumotlaridagi tojiklar, qirg‘izlar, turkmanlar, o‘zbeklar, qozoqlarning 99 foizi savodsiz bo‘lgani haqidagi dalilning soxta ekanligini bugun ochiq aytishimiz kerak. Shu paytgacha, bu hisob-kitob o‘lkada tashkil etilgan rus-tuzem maktablarida ta'lim olgan bolalar soniga nisbatan olingani jo‘rttaga aytilmasdi. O'lkadagi eski maktablarda, madrasalarda ta'lim olayotgan yoshlar, ichkarida otinbibilar qo‘lida savod chiqarayotgan xotin-qizlar umuman «sanoq»qa qo‘shilmasdi. Vaholanki, 1897 yili Samarqandning o‘zida bitta rus-tuzem maktabi bo‘lgani holda, 21 madrasa, 83 maktab yoki Buxoroda o‘sha yillarda yuzdan ortiq madrasa bo‘lgani tarixdan ma'lum! 1900 yili «Vestnik vospitaniya» oynomasida berilgan «O'rta Osyyo va Qozog‘iston aholisini to‘la savodxon qilish uchun 4600 yil kerak», degan ahmoqona mulohazani hadeb pesh qilavermaslik kerak. Yaqinda «Fan va turmush» oynomasida bosilgan bir maqolada keltirilgan ma'lumotlarga qaraganda, o‘sha davrlarda aholining taxminan ellik foizi savodxon bo‘lgan. Xo‘sh, Rossiyaning o‘zida ahvol qanday edi? 1897 yilgi aholini ro‘yxatga olish ma'lumotlariga binoan, Rossiya aholisining 21 foizi savodli bo‘lgan, xolos. Bu ko‘rsatgich 1914 yilga kelib 43 foizga ko‘tarilgan. Bu raqamlarni sharhlash ortiqcha bo‘lsa kerak. Tatar olimlari o‘rganib chiqqan ma'lumotlarga qaraganda, Turkiston mustamlakaga aylantirilgandan so‘ng, maorif ishi oldinga emas, orqaga ketgan ekan. Buni Turkiston general-gubernatorlaridan biri bo‘lmish N. A. Kuropatkinning o‘z kundaligida, biz mahalliy aholini falon yil davomida taraqqiyotdan, maktab-maorifdan va rus hayotidan chetda saqladik, deb bitgan so‘zlari ham tasdiqlamaydimi? Chor hukumati ochgan rus-tuzem maktablari mahalliy aholining bor-yo‘g‘i 0,17 foizini qamrab olganini bila turib, haqiqatdan ko‘z yumib, Rossiya O'rta Osiyoga maorif keltirdi desak, to‘g‘ri bo‘larmikan? Yaqinda «Frunzevets» ro‘znomasi orqali: «Biz Turkistonga taraqqiyot olib kelganmiz, yorug‘lik olib kelganmiz, hayvon darajasida yashagan xotin-qizlarni ozod qilganmiz!», deb jar solgan bir guruh rus yozuvchilari (V. Ustinov, G. Reznikovskiy, Faridi, (F. Bokarev), V. Lehenko, M. Grebenyuk, V. Stulovskiy) bu haqiqatni bilarmikanlar? Qolaversa, o‘sha - «ozod bo‘lgan xotin-qizlar» bugunga kelib, paxta teruvchi qullarga aylanganidan ular xabardorlarmi?! Bosqinchilik og‘usi, uni har qanday bahona bilan oqlashga urinish xastaligi bu chorparast yozuvchilarning ongini hanuzgacha soxtalikda tutib turganidan dalolat bermaydimi? «Sizni xoru zorlikdan, faqirlikdan olib chiqqanmiz!», deya da'vo qilayotgan mustamlakachilik gumashtalari bosqindan oldin O'rta Osiyoga kelib qolgan rus fuqarosi Filipp Nazarovning quyidagi esdaliklarini o‘qiganmikanlar: «Toshkentliklar baquvvat, beg‘am, bejirim kiyingan, o‘yin-kulguga berilgan, dili nozik, musiqaning ishqibozi, o‘ta mehribon, xotinlarni haddan sevuvchi odamlardir. Shaharga kirsang, ko‘cha-ko‘yda to‘p-to‘p bo‘lib yurgan, darvozalar oldida, bog‘chalar ichida musiqa chalib kayfichog‘lik qilayotgan odamlarni uchratasan, go‘yo bu yerda mangu bayram davom etayotgandek...» Qolaversa, bu da'vogarlar qullikda yashamoqdan ko‘ra, xoru zor, ammo ozod yashashning mohiyatini anglarmikanlar?!
Xo‘sh, ko‘raylik-chi, o‘lkani «taraqqiyot» doirasnga olib kirish yo‘llarini izlagan ayrim mutaraqqiy rus znyolilariga - sharqshunoslar jamiyati Toshkent bo‘limi a'zolariga Turkiston harbiy okrugi qo‘shinlarining qo‘mondoni, general-leytenant Madievskiy yordamchisi jo‘natgan xatda nima deyilgan: «General-leytenant sizning sharqshunoslik bo‘limi faoliyatiga oid ishlaringiz bilan tanishib, shuni sizga yetkazishni buyurdilarkim, janobi oliylariga barchasi ma'qul tushdi. Biroq, asosiy masala chetda qolib ketgan. Jamiyat Osiyoni osiyoliklar yoki ilm-fan uchun o‘rganmay, bu yerdagi xalqlarning Rossiyaga qo‘shilib ketishini, ularni ruslashtirish yo‘llarini o‘rganishingiz zarur»!
O'sha davr ilmiy-texnikaviy taraqqiyot vositalarining o‘lkada joriy etilishi mahalliy xalqlar taraqqiyoti uchun xizmat qildi, deguvchilar, eng avvalo, bu vositalar chor Rossiyasining manfaatlari uchun xizmat qplganini unutmasliklari kerak. V. I. Lenin: «Kaspiy orti temir yo‘li O'rta Osiyoni kapital uchun ochib berdi», deb yozganida, menimcha shuni nazarda tutgan! Binobarin, M. Popovning Skobelev tomonidan Ashxobodgacha o‘tkazilgan telegraf liniyasi avvalo harbiy-strategik nuqtai nazardan qurilganini unutib qo‘yib, «bu liniyaning qurilishi o‘lkani ko‘p asrlik mahdudlikdan olib chiqdi», deb lof urishi ma'naviyatsizlik namunasi, xolos!
Chor Rossiyasining Turkiston o‘lkasini bosib olishdan ko‘zda tutgan maqsadini bu bosqinni tayyorlagan va amalga oshirgan kishilar ochiq-oydin aytishgan. Bu bosqinga undovchilar: «Bo‘shab qolgan sandiqlarimizni to‘ldiruvchi xazina G'arbda emas, u O'rta Osiyo mulklaridir», deya jar solardilar. V. I. Lenin ta'biricha, ularning asosiy maqsadi «ulug‘ kapitalistik Rossiya yaratish, bosqinchilik esa «boshdan-oyoq qoraguruhchilik; ruhidagi millatchilik bilan sug‘orilgan siyosat» edi. Bekorga F. Engels Rossiyani «o‘g‘irlangan boyliklar egasi», deb atamagan! Garchand chor Rossiyasi Turkistonda tushlariga kirmagan boyliklarni qo‘lga kiritib, undan qaroqchilardek tekin foydalansa ham, chor amaldorlari «Turkiston rus millionlarini yeb yotibdi», degan cho‘pchak to‘qib olamga ovoza qilardilar. Bu yolg‘on hanuzgacha qo‘llanib kelinayotgani sir emas. Holbuki, rus olimasi Z. Kastelskaya turg‘unlik yillaridayoq: «Bu cho‘pchak boshdan-oyoq yolg‘on», deb yozgan edi (Z. Kastelskaya). «Turkiston o‘lkasi tarixidan», M., 1980, 49-bet),
«O'rta Osiyoning bosib olinishi, albatta, mustamlakachilik siyosatining yorqin namunasi bo‘lib, bu bosqinchilik kuchga kira boshlagan rus burjuaziyasi va dvoryan-pomeshchik guruhlari vakillaridan iborat chor Rbssiyasts hukumatining manfaatidan kelib chiqqan holda amalm oshirildi. Buni inkor etish yoki xaspo‘shlash xato va zararlidir. Turkiston o‘lkasini mustamlakaga aylantirgan bosqinchilik, boshqacha atalmay, o‘z nomi bilan yuritilmog‘i shart va zarur.
Yana shuni ta'kidlash lozimki, bir qator sovet tarixchilari, «O'rta Osiyoning Rossiyaga qo‘shib olinishi rus qo‘shinlarining bosqinchilik yurishlari tufayli bo‘lgani», «chor Rossiyasi siyosati o‘lkaga yangi, og‘ir iqtisodiy va milliy zulmni olib kelgani», «bu siyosat talonchilikdan iborat bo‘lib, O'rta Osiyo xalqlarining qashshoqlanishi va xo‘rlanishiga sabab bo‘lgani» haqida so‘z yuritish bilan birga, bu bosqindan avval oddiy xalq Rossiyaga intilgani, bosqinchi rus qo‘shinlariga qarshi qaratilgan qurolli qarshiliklar bor-yo‘g‘i mahalliy hukmdordar qilmishi ekani, bu hukmdorlar xalqlarning milliy-ozodlik kurashini Rossiyaga qarshi qaratishga uringanlari haqida yozadilar. Bunday qarash masala mohiyatini anglamay, unga ko‘r-ko‘rona yondashish, ilmiy nohalollik namunasidir. Mahalliy aholining juda oz qismini tashkil etuvchi tijorat ahlining tor doirasida mavjud ruslarga moyillik kayfiyatini butun o‘lka xalqlarining «Rossiyaga intilishi» tarzida ko‘rsatish, milliy-ozodlik kurashini bir hovuch hukmdorlar qilmishi sifatida talqin etish, bu haqiqatni buzib ko‘rsatishdir». (B. Lunin. «Turkistondagi ilmiya jamiyatlar», T., 1962. 34-bet).
A. Aminov, B. Boboxo‘jaev kabi sovet tarixchilari mahalliy xalq rus bosqinchilariga deyarli qarshilik ko‘rsatmaydilar, deb uyalmay-netmay yozganlarida, o‘z ona yurtlari - Turkistonni dushmanlardan himoya qilib halok bo‘lgan qahramonlar xotirasini toptaganlarini o‘ylab ko‘rganmilar? Ular mukammal qurollangan, son jihatdan ustun bo‘lmasa-da, sifat e'tibori bilaga zamonaviyroq qurol-aslahalarga ega bosqinchiga qarshsh tengma-teng olishib, janggohlarda qurbon bo‘lgan jo‘mard yigitlar, ularga jang payti nonu suv yetkazib turgan ayollar va bolalar, dushmap qurshovida qolgach, yovuz ham qonxo‘r gala qo‘liga tushib tahqirlanishday o‘limni afzal bilib, o‘zlarini miltiqdori (porox) saqlanadigan yerto‘lada portlatgan fidoyilar yodini haqorat qiladilar! Ular Jizzax qo‘rg‘onini bir necha kunlik beomon jangdan so‘ng zabt etgan rus qo‘shinlari shahar lchnda birorta ham sog‘ yerlik jangchi topolmaganlarini, yolg‘iz og‘ir yaradorlargina tirik qolganini, «muzaffar» qo‘shin esa bu yaradorlarni ayamay qirib tashlaganini biladilarmi? Albatta, ular bu bosqinni soatma-soat batafsil qayd etib borgan rus harbiylari bitgan «asar»larni o‘qiganlar. Ammo o‘qib ham, o‘z xalqlari xotirasiga xiyonat qiladilar. Ilmiy haqiqatga xiyonat qilgan tarixchilar Toshkent shahrining zabt etilishiga hnssa qo‘shgan Abdurahmonbek Shodmonbekov, Qo‘qon xonligida qo‘zg‘olgan milliy-ozodlik kurashini bostirishda fon Kaufmandan maslahatlarini ayamagan Mirza Hakim parvonachi, Samarqandning botir o‘g‘loni Bobonbek Aliboy o‘g‘lini ruslarga tutib bergan Saidxon Karimxonovdek sotqinlar bilan teng turadilar.
Bu qabih bosqinchilikning asl mohiyatini to‘la ochish uchun, rus inqilobining atoqli vakili, TurSIK a'zosi, 1938 yilda Stalin qirg‘iniga uchrab, dahshatli Solovki lagerida nobud bo‘lgan Grigoriy Safarovning «Mustamlaka inqilobi» kitobidagi ayrim lavhalarni keltirishni lozim, deb bilaman. G. Safarov yozadi:
«Turkiston, bir tomondan, Hindistonni egallash yo‘lidagi ma'lum bosqich, ikkinchi tomondan, u rus hukumatiga ikki tomonlama manfaat keltiradi: 1) iqtisodiy siyosat; ya'ni, davlat xazinasini to‘ldirish va ichkarida ishlab chiqarilgan mahsulotlar uchun yangi bozor; 2) mustamlaka siyosati nuqtai nazaridan, markaziy guberniyalardagi ortiqcha aholini bosib olingan yerlarga ko‘chirish. Turkiston shular tufayli bosib olindi. 1864 yilda Turkiston, Chimkent, Avliyoota, 1865 yilda Toshkent egallandi. 1867 yilda Semireche (Yettisuv.) viloyati tashkil topdi, 1868 yilda Samarqand, 1876 yilda Qo‘qon xonligi, 1884 yilda Marv zabt etildi. (1873 yilda Xiva bosib olindi. - H. D.) ,
Bosqin, dastlabki bosqichda, rus qo‘shinlari yurishi ruhnda kechdi. «Bizning uezd boshliqlarimiz (harbiy gubernatorlar ham), asosan, harbiylardan bo‘lib, ular, taqdir taqozosi bilan, mahalliy xalq tomonidan xonlar zamonidagi bek va hokimlardek juda keng huquqlarga ega amaldorlar sifatida tan olindi. Aholi asrlar davomida zulm va zo‘ravondan qo‘rqqani uchun ham, u uezd boshliqlaridan qattiq hayiqardi» (Nalivkin. «Tuzemin», 66-bet). Qonli bosqin ishtirokchisi Nalivkinning bu guvohligi o‘lkaning zabt etilishi naqadar qonli va dahshatli kechganini anglashga ko‘mak beradi. Bosqinchilar Turkistonni o‘z tomorqalariga aylantirdilar.
...Turkistonni dastlab uezd boshliqlari - harbiylar talagan ekan, vaqt o‘tib, ularning o‘rnini yanada yovuz va firibgar kimsalar - ulug‘ millatga mansub, ulug‘davlatchilik g‘oyalarini yurgizuvchi savdogarlar - komissionerlar egalladilar. Bu kimsalar qilmishi hammasidan oshib tushdi. Ular ham poraxo‘rlik, ham Ugryum - Brukcheevlarga qaragaida battarroq zo‘ravonlik bilan xalqni taladilar. Ular asosan ruslar va ovrupoliklar edilar...
Paxtachilikning rivojlanishi musulmon qishloqlari va shaharlari aholisi orasida sinfiy qatlamlarga bo‘linishni yuzaga keltirdi; savdo-sotiq va sudxo‘rlik kapitalizm siyosatini yurgizuvchi mahalliy zodagonlar sinfini yaratdi; mahalliy jamoa turmushini to‘la nazorat etuvchi rus ulug‘davlatchilik kapitali hukmronligini mustahkamladi... Paxta tolasini qayta ishlovchi sanoat birinchi o‘ringa chiqdi va bu, o‘z navbatida, ruslar mavqeini ko‘tarib, Turkiston sanoatida ishlovchi mahalliy xalq turmush darajasining pasayishiga sabab bo‘ldi.
Bir tomondan Rossiya bu o‘lkani xomashyo bazasi va ishlab chiqarilgan mahsulotlar bozoriga aylantirgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, markaziy guberniyalardagi ortiqcha aholi tomonidan Turkistonning to‘la va «tinch» bosib olinishiga imkon yaratdi. Bu ahvol yarmmburjua va yarimkrepostnoy ahvoldagi Rossiya aholisining nafaqat iqtisodiy, shu bilan birga, siyosiy manfaatlaridan kelib chiqqan edi. Turkiston o‘lkasiga rus va ovrupoliklarning ko‘chirilishi, xususan, 1905-1907 yillar inqilobi mag‘lubiyatidan so‘ng, ayniqsa, kuchaydi. Bu ko‘chirilgan aholining asosiy qismini Rossiyaning isyon ko‘targan janubiy guberniyalari dehqonlari tashkiya etdi. Ko‘chirib kelinganlar tez orada eziluvchi dehqonlardan mahalliy xalqlarni ezuvchi - pomeshchiklarga, xo‘rlangan millat vakillari bo‘lmish ukrainlar esa turkistonliklarga nisbatan ulug‘davlatchilik g‘oyalarini, «asl rus» zulmini o‘tkazadigan kuchlarga aylandilar. Endi ularga chor hukumatining mustamlakachilik siyosati, ustunlari sifatida qaray boshladilar.
... Mahalliy xalq mustamlakachilik bosqinining asosiy qurbonlari bo‘lib qolaverdilar... Ularning madaniy qoloqligi va huquqsizligi bu bosqinning rpvojiga rivoj qo‘shardi. Chor hukumati bir vaqtlar mahalliy xonlar olib borgan siyosatdan ko‘ra ham past ishlarga qo‘l urdi va Turkiston yerini imperiya mulki, deb e'lon qildi. «Turkiston va Dasht qonunlari»ni; tuzgan rus amaldorlari yangi zabt etilgan yerlar mahalliy xalqning xususiy mulki emasligi va mahalliy aholi bu yerlardan ma'lum muddat davomida foydalanishi mumkinligi haqida qaror chiqardilar. «Aholini Turkistonga ko‘chirish ishi» 1910, 39-bet). Chor Rossiyasi uzining bevosita Chingizxon vorisi ekanligini so‘zda emas, amalda isbotladi!
Rus samoderjaviesi Turkiston o‘lkasiga o‘zining ma'muriy nazorat boshqaruvini «mahalliy xususiyatlarga ko‘ra» biroz o‘zgartirgan holda, aslida, mohiyatan o‘zgartirmay o‘rnatishga erishdi. Bu boshqaruv markaz nazorati asosida, ya'ni tepada - general-gubernator, so‘ng viloyat hokimlari, undan quyi uezd boshliqlari turishi tarzida bo‘lib, zulmni kuchaytirishgagina xizmat qilardi. Xuddi Rossiyada bo‘lganidek, bu boshqaruv. apparati quyi bosqichdagi mavze hokimlari, qishloq oqsoqollari, qozilar hukmronligini chetlamagan holda asosan nazorat-jazo xizmatini o‘tardi. Rus ip-gazlama va savdo kapitali mahalliy boylarni musulmon qishloqlaridagi vakillarga, qolaversa, rus samoderjaviesi ularni rus millatining ulug‘davlatchilik huquqlari hnmoyachisiga aylantirdi.
O'z-o‘zidan ravshanki, Turkiston o‘lkasi rus dvoryanlari va amaldorlaridan iborat rezervning eng badnafs, yovuz vakillari yuboriladigan joyga aylandi. (Mazkur siyosat bugungi, 80-chi yillar so‘ngidagi markazdan jumhuriyatimizga jo‘natilgan amaldorlar desanti, ularning O'zbekistonda amalga oshirgan «faoliyati»ni eslatadi. X. D.). Bu kelgindilar, o‘lkada o‘z nafslarini qondirish, zo‘ravonliklarini namoyish etish, mahalliy xalqni uyatsizlarcha, yovvoyilarcha talash, poraxo‘rlik uchun cheksiz huquqlaridan foydalanardilar. O'lkadagi butun rus aholisi Turkistonning mahalliy xalqlarini urish, zo‘rlash, talash, o‘ldirish uchun yaratilgandek tarbiyalanardilar. Huquqi toptalgan bu o‘lkada ushbu qo‘shiq bekorga yaratilmagan-da!
Ex, ty Aziya pechalnaya,Bezotvetnaya strana.-I s nachalstvom beznachalnaya,I s bogatstvom bedna.Mazmuni:
Ey, sen mahzun Osiyo,Tili, erki yo‘q tuproq -Egasi ko‘p - egasiz,Boyligi ko‘p-u, qashshoq...Bu o‘lkada eng pastkash rus mirshabi ham o‘zi istaganchalik pul va mol, hatto boshqalar xotinini tortib olishdan qaytmasdi. Mabodo, unga qarshilik ko‘rsatilsa, o‘ldirishdan ham tap tortmasdi. Zero, har qanday jinoyat saxovatli boshliqlar tomonidan imi-jimida bekitilardi.
Bu o‘lkada xuddi ertaklardagidek boylik orttirishardi. Mahalliy dehqonlarning yerlarnni, uy-joylari bilan birga tortib olgan zo‘ravonlar, «shariat bo‘yicha, yer uni yashnatganniki», deb da'vo qilardilar (Ilin. «Olis o‘lkada», T., 1913).
Bunday zulmga qarshi bosh ko‘targanlarni juda qattiq jazolashar, ayol demay, bola demay, chol demay so‘yishardi, otishardi. Qon daryo bo‘lib oqib, buzib tashlangan kulbalarning tuprog‘i bilan qorishardi.
Bezbet va firibgar bo‘lsa bas, xohlagan rus qallobi Turkistonda istagan narsasini qilishi mumkin edi... Buning ustiga, chor hukumati mahalliy xalqlarni ruslashtirish bilan shug‘ullanardi... Qoraguruhchi Ostroumov kabi missionerlar, Likoshin kabi generallar «g‘ayridinlar»ni pravoslaz diniga o‘tish, yolg‘iz rus tilida o‘ylashga ko‘niktirish uchun jon-jahdlari bilan urinardilar.
Komil ishonch bilan ta'kidlash lozimki, o‘lkadagi rus aholisining asosiy qismi tekinxo‘rlikni kasb qilib olgan kimsalar - dvoryanlar, amaldorlar, ruhoniylar, savdogarlardan iborat edi. Bu ro‘yxatga dehqonlarning o‘ziga to‘q qismiyu boy-badavlat kazaklarni qo‘shadigan bo‘lsak, kelgindi rus aholisining ko‘pchiligi ezuvchi sinf vakillaridan iborat ekani yaqqol ko‘rinadi. Bu guruh rus samoderjaviesi va ulug‘davlatchilik kapitalining mustamlakachilik apparatlari suyanadigan kuch bo‘lib, bu kuch mahalliy xalqlarni o‘z tug‘ilgan yeridan haydab chiqarish, mazlum turkistonliklarni boshqarish, poraxo‘rlik qilish, aldash, sudxo‘rlik bilan shug‘ullanish, paxtani o‘n chandon arzon sotib olish, talonchilik, bo‘g‘ish, jazolash uchun kerak edi.
Bu kuch rus bosqinchi qo‘shinlarining miltiqlari tig‘lariga suyanib, harakat qilardi. O'lkani boshqarish va iqtisodiy siyosat yurgizish yolg‘iz shu kuchga mansub edi. Bu kuch atrofida mahalliy xalqlarning tekinxo‘r vakillari - tilmochlar, savdogarlar, advokatlar, mirshablar yig‘ilgan edilar. Bu kuch o‘lkada o‘z hukmronligini ta'minlovchi harbiy shaharchalar, amaldorlar uchun shaxsiy uylar, savdo rastalari va davlat muassasalari binolaridan iborat yangi shaharlar barpo etdi. Temir yo‘llar, rus aholisi yashaydigan kasabalar (poselkalar), kallakesar kazak qishloqlari asosan mahalliy aholi yashaydigan qishloqlar yonida qurilib, bir paytlar pruslar qo‘llagan odatta binoan, Rossiya kuch-qudratini namryish etuvchi vosita xizmatini o‘tardi.
Turkistondagi mustamlakachilik zulmi va asoratining ijtimoiy mohiyati mana shundan iborat edi».
Grigoriy Safarovning bu so‘zlariga bir-ikki qo‘shimcha qilishni istardim. Tarixiy hujjatlardan ma'lum bo‘lishicha, Turkiston o‘lkasida xizmat qilgan harbiy gubernatorlarning yillik maoshi 20-40 ming so‘mni tashkil etgan. Holbuki, Rossiyaning o‘zidagi gubernatorlik yillik maoshi 8 ming so‘mdan oshmagan. O'lkadagi rus ma'muriyati amaldorlarining maoshi ham juda yuqori bo‘lgan. Yana shuni ta'kidlash lozimki, bu ortiqcha maosh chor hukumati xazinasidan ajratilmay, balki o‘lka daromadidan olingan. Buning ustiga, o‘lkadagi necha o‘n minglik rus qo‘shinini boqish ham mahalliy aholi bo‘yniga yuklangan edi. Qolaversa, chor hukumati harbiy yurishlarga sarflanadigan xarajatlarning ham 70 foizini mahalliy byudjetdan olgan! Bu holning haqiqatini Rossiya Turkistonga iqtisodiy yuksalish olib kelgan, deb da'vo qilayotgan ayrim kimsalar bilisharmikan? Bu kimsalar chor Rossiyasi, Lenin yozganidek, «xalqlar turmasi» bo‘lganini, turmada odamlar emas, faqat mahbuslar saqlanishini unutmasliklari kerak. Bu turmada 63 million (47 foiz) rus bo‘lmagan xalqlar va elatlar yashardi, ular ulug‘ davlatchilik g‘oyasi bilan zaharlangan hukmdor sinf vakillari tomonidan dahshatli tarzda ezilardi. Masalan, mustamlaka Turkiston mehnatkashlariga solingan soliq (1869 yilga nisbatan) 1910 yilga kelib, 10 marta oshdi! Chor hukumati o‘zbek dehqonlari yerlarini zo‘rlik bilan tortib olish siyosatini yurgizardi. Samarqand, Farg‘ona va Sirdaryo viloyatlarida mavjud 63,9 million desyatina yerning ko‘pchilik qismi rus hukumatiga tegishli edi. «Soliqlarni oshirib borish siyosati vositasi bilan, chor hukumati Turkiston qonini so‘rib yotardi», deb yozadi tarixchi Z. Kastelskaya. Ajabki, xuddi hozirgidek, o‘sha paytlarda ham, chor amaldorlari, «Turkiston rus millionlarini bekorga yeb yotibdi», degan gap tarqatgan edilar. Lekin bunday bema'ni gapni biror bir tarixiy hujjat tasdiqlamaydi. Chamasi, bugungi kunimizda ham ish berayotgan bunday mish-mishlar mahalliy xalqning shafqatsizlarcha talanayotganini yashirish uchun o‘ylab topilgan g‘oyaviy «barrikada»lardir. Qo‘rqoq (fosh bo‘lishdan qo‘rqqan) oldin musht ko‘tarar, deganlari shu bo‘lsa kerak!
Mustamlaka o‘lkadagi chor amaldorlari orasida, ayniqsa, poraxo‘rlik juda avj olgan edi. Masalan, Sirdaryo viloyatining harbiy gubernatori Golovachev (Xivani qonga botirganlardan biri!) mahalliy aholini shu darajada talagan ediki, hatto oq podsho ham o‘zining bu nufuzli vakilini sudga topshirishga buyruq bergan. Biroq uning harbiy xizmatlari e'tiborga olinadi-yu, poraxo‘r amaldor jazolanmaydi. Uezd boshliqlaridan biri Bikchurin esa bir soliqni aholidan to‘rt marta yig‘ib oladi!..
Ammo chor hukumati davrida qonun yo‘q edi, deb bo‘lmasdi. Oddiy dehqonlar bir chaqa uchun qamoqqa tashlanardi. O'z elida huquqsiz bo‘lgan xalqning ahvolini hibsdagi hayotga qiyoslash mumkin, xolos. Toshkentdagi katta ko‘chalarda o‘zbeklarning milliy kiyimlarda yurishi qattiq taqiqlanardi. Tramvaylarda o‘zbeklar uchun alohida, o‘rindiqsiz maydonchalar ajratilgan edi. Shunga qaramay, ulug‘ davlatchilik g‘oyasining maddohlari uyatni yig‘ishtirib qo‘yib: «Bizning zabt etilgan xalqlarga nisbatan o‘tkazayotgan siyosatimiz teng huquqlilikka asoslangan. Kuni kecha bosib olingan Toshkent, Samarqand aholisi o‘sha zahoti Moskva grajdani bilan huquqda tenglashdilar», des olamga jar soladilar.
O'RTOQ MUHARRIR! Yaxshi bilasizki, tarix darsliklarida SSJI xalqlari o‘tmishi bir yoqlama yoritilib kelindi. Chunonchi, olmon, shved, polyak feodallarining Rossiyaga qilgan bosqinlari keskin qoralandi-yu, chor Rossiyasining Sibiriya, O'rta Osiyo, Kavkaz va Boltiqbo‘yi xalqlari ustiga uyushtirgan «bosqinlari xaspo‘shlandi yoki boshqacha tus berishga harakat qilindi. Men bunday siyosat rus xalqining manfaatlaridan kelib chiqib emas, aksincha, imperiya manfaatlari va chor hukumati talablaridan kelib chiqqan holda yuritilganini juda yaxshi bilaman.
Shu paytgacha biz rus samoderjaviesi bilan rus xalqi degan tushunchalarni bir-biridan ajratmagan holda, ularni bir-biriga teng qadriyat sifatida qabul qilganimiz uchun ham, chor Rossiyasi siyosatiga qarshi qaratilgan har qanday tanqidiy fikrni rus xalqiga qarshi qaratilgan, deb keldik. Bu g‘ayriilmiy siyosatning o‘q tomiri necha avlodlarni nobud etdi, necha onglarni zaharladi. Yillar davomida, ayniqsa, «Stalin - tarix fanining otasi», deb rasman e'lon qilingandan so‘ng, rus podsholari, knyazlari, lashkarboshilari faqat ijobiy baholanib kelindi. Mustamlakachilik iskanjasiga tushib qolgan o‘lka xalqlari boshiga solingan jabr-zulm, iqtisodiy qashshoqlik, madaniy qoloqlik haqida rus tarixchilari o‘tgan asrdayoq ochiq-oydin yozgan bo‘lsalar ham, asrimizning 30-chi yillari o‘rtalaridan boshlab, chor Rossiyasining mustamlakachilik siyosati to‘g‘risida faqat ijobiy fikr bildirish temir qonunga aylandi. Bu hol faqat olimlarning ilmiy asarlariga xos bo‘lsa mayli edi. Holbuki, darsliklarda, kinofilmlarda, to hatto badiiy asarlarda ham aks etdi. Avlodlar ongi zaharlab kelindi. Yuqorida A. Gorbovskiy va Yu. Semenov qalamiga mansub «O'q uzmasdan» asarini sanab o‘tgan edim. Ushbu asar mualliflari Buxoro amiri ishonchini qozonishga erishgan rus josusi Benevenini fosh etgan toshkentlik Xo‘ja Raim ismli savdogarni «chaqimchi»likda, «ayg‘oqchi»likda ayblashadi. Xo‘ja Raim vatanparvarlik burchini bajargani mualliflarning xayoliga kelmaydi!
Eng ajablanarlisi shundaki, Afrika, Osiyo va Lotin Amerikasi xalqlarining ingliz, farang, ispan, olmon va boshqa mustamlakachilarga qarish qaratilgan kurashi, hatto ular mahalliy hukmdorlar tomonidan boshqarilgan bo‘lsa-da, ijobiy baholangani holda, chor Rossiyasiga qarshi qaratilgan har qanday xalq harakati, albatta, millatchilik, milliy mahdudlik rangi bilan bo‘yalib, to‘la qoralanadi. Bu faqat zararli tashviqot bo‘lmasdan, balki xalq harakatlarining qutlug‘ g‘oyalarini haqorat qilishdir. Menimcha, tarixni soxtalashtirgan va soxtalashtirayotgan olimlar bilib-bilmay ulug‘ davlatchilik g‘oyalariga xizmat qilishayotganini tushunishlari kerak.
Bizning ayrim ko‘zi ko‘ru dili buzuq tarixchilarimiz Turkiston o‘lkasining bosib olinishini oqlash uchun ne-ne soxta aqidalarni to‘qimadilar, necha-necha yolg‘on da'volarni aytmadilar. Adolat dushmanlari bo‘lmish bunday tarixchilarning biri «o‘sha davr sinfiy muhitida bu O'rta Osiyo xalqlari uchun mahalliy zulmdan qutilish imkonini beradigan yagona ma'qul yo‘l edi», deb yozsa, ikkinchisi «inqilobsari borayotgan Rossiya tarkibiga kirish Turkiston manfaatlariga xizmat qilardi», deb yozdi. Uchinchi tarixchi bo‘lsa, «O'rta Osiyoning Rossiyaga qo‘shib olinishi o‘lkaning ijtimoiy-iqtisodny taraqqiyotini tezlashtirdi», deb da'vo qiladi. Ammo, biz K. Marks va F. Engelsning «kapitalistik Rossiya ham O'rta Osiyoda, xuddi Angliya Hindistonda bajargani kabi ikki vazifani - buzuvchilik va yaratuvchilik, ya'ni eski, osiyocha jamiyatni buzib tashlab, ikkinchi tomondan g‘arbcha (kapitalistik) jamiyatga asos solish»i mumkinligi haqida aytgan so‘zlarini yaxshi bilamiz. Shu nuqtai nazardan qaraydigan bo‘lsak, Rossiya yolg‘iz birinchi vazifani bajardi- u Turkistondagi eski jamiyat tuzilishini buzib tashladi. Ammo ikkinchi vazifani bajarolmadi, - bugunga qadar o‘lka xomashyo bazasi bo‘lib qolish balosidan qutulgani yo‘q!
Bizning ayrim tarixchilarimiz esa, bugungacha, oq podshoning sodiq xizmatkorlari kabi, uning siyosatini oqlash uchun kuyib-pishmoqdalar; oq podsho siyosatining ramzi bo‘lmish qo‘shboshli kalxatni xuddi harir qanotli farishta, podshoning o‘zini qo‘l ostidagi xalqlarni o‘ylab uyqusini unutgan saxovatpesha va olijanob-hukmdor tarzida ko‘rsatishga urinmoqdalar! Lenin ta'biri bilan aytsak, «bu boshi toshdan bo‘lgan marksistlar» aljirashi shu darajaga yetdiki, ularning yozishicha, O'rta Osiyo qonli bosqin, qon to‘kish, chopish, yondirish bilan emas, shunchaki «qo‘shib olinish» bilan imperiya tarkibiga kirgan ekan! Axir, bu masxarabozlik, yo‘q, haqorat emasmi?!
Ammo, tarix yo‘li o‘zga-yu, tarixchilar yo‘li o‘zgadir. Tarix hatto tarixchi nazarida yozib qoldirishga hech arzimaydigan voqealar, jarayonlar yuz berayotgandayam o‘z vazifasiga sodiq qoladi. Tarixchi yolgonni bitayotgan lahzada ham tarix to‘g‘ri yo‘lda davom etaveradi. Yolg‘on ilgarilari ham bitilgan, hozir ham bitilmoqda. Ammo:
Kim yolgonga bosh eggan,Anglamog‘i shart, zarur.Haqiqat - bu mangu jang,Haqiqat - bu xalq erur! Bir so‘z bor xalq tilida:«Yolg‘onning umri qisqa!».Yolg‘on - karvon yo‘lidaO'rmalagan qumursqa. Uni yanchib o‘tgan damHaqiqatning karvoni,Hattoki tuproqqayamYuqmaydi harom qoni...Mana shunday yolg‘onlardan biri - «toshboshli» tarixchilar tufayli, tarix ilmida aqidaga aylangan yolg‘on - O'rta Osiyo xalqlarida inqilobga qadar milliy ong bo‘lmagani haqidagi tushunchadir. 1916 yilgi xalq qo‘zg‘oloni borasida to hanuz biror bir chuqur ilmiy tadqiqot yo‘qligiga shu bois emasmi? Hatto, 1986 yilda, bu buyuk qo‘zg‘olonning 70 yilligi nishonlanishi kerak bo‘lgan qunlarda, jumhuriyat matbuotida birorta maqola e'lon qilinmagani shu boisdan emasmi? Nahotki, biz o‘z xalqimiz xotirasini toptab, haqorat qilib, ruslarga mansub har qanday xatti-harakatni faqat «taraqqiyotga xizmat qiladi», deb tushunsak?!
Endi, O'RTOQ MUHARRIR, oynomangiz olqishlagan Skobelev shaxsi xususida fikr yuritsak. O'ljas Sulaymonov yuqorida tilga olingan nutqida, Skobelev shaxsi milliy qahramon sifatida talqin etilgan bir asar haqida gapirib, jumladan shunday deydi: «Eng avvalo bu general haqida menga ma'lum bo‘lgan gaplarni aptmoqchiman. U haqda inqilobdan avvalgi Rossiyada va hatto keyin ham juda ko‘p yozilgan. Hozir ham chet el matbuoti O'rta Osiyodagi sovet jumhuriyatlari haqida yozganida, bu shaxsning nomini tilga olmay o‘tmaydi. Skobelevning hayoti va faoliyati to‘la qamrab olingan yagona kitob - Nikolay Knorringning Parijda chop etilgan kitobidir. Menimcha, oq emigrantning bu kitobi sovet yozuvchilarining ana shu mavzudagi yaratgan asarlariga qaraganda, o‘sha davr voqealarini xolis va mufassal yoritishi bilan, tarixiy voqealarni dialektik, ko‘rqmay aytishim mumkinki, «marksistik nuqtai nazar»idan yondashganligi bilan kishini hayratga soladi. Iste'dodli sarkarda, kishilarni rom etishga usta qo‘mondon - general Skobelev: «Dunyo slavyanlarniki, slavyanlar Rossiyaniki», shiorining muallifi edi.
Skobelevning umriy maqsadi Angliyaning sharqdagi mustamlakalarini, birinchi navbatda Hindistonni bosib olish edi. O'rta Osiyo va Eron bilan Afg‘onistonni zabt etish bu yo‘ldagi qulay jabha sifatida kerak edi. Podshoh Aleksandr II bu mash'um rejalarni qo‘llab-quvvatlardi. Bu rejaning birinchi moddasini Skobelev Turkmaniston va Mang‘ishloqni qonga botirish bilan «qoyil» qilib bajardi.
Faqat, Aleksandr II ni halok qilgan xalq qasoskorining bo‘mbasi podshohning navbatdagi xatti-harakatlariga chek qo‘ydi.
Bu bo‘mba Rossiyani Angliya bilan urushdan saqlab qoldi!
Yangi podshoh - Aleksandr III Skobelev rejalarini qatag‘on qildi. Generalning martaba osmoniga tobora o‘rlab borayotgan orzu quyoshi bemahal botdi.
Bir qarashda uning hayoti, fojiali ham shuhratli umr yo‘li yozuvchilar diqqatini tortgulik tuyuladi. Biroq, umriy orzusiga yetolmagan bu shaxs fojiasi ustida ko‘zyosh to‘kib, generalning ijtimoiy-siyosiy faoliyati o‘sha davr mutaraqqiy rus ziyolilarining g‘azabiga sazovor bo‘lganini unutmaslik kerak! Bizni meshchan Moskvaning qoraguruhchilik, ulug‘davlatchilik og‘usi bilan zaharlangan davrlardagi Skobelevning arzon shuhrati aldayolmaydi. Proletar Peterburg va ilg‘or ziyolilar Skobelev g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlamagani esimizda tursin».
O'RTOQ MUHARRIR! Oynomangizda bosilgan M. Popov maqolasi o‘sha qoraguruhchilik, ulug‘ davlatchilik og‘usi bilan zaharlangan davr g‘oyalarini targ‘ib qilish emasmi?!
Mashhur Brokgauz - Efron qomusiy lug‘atining IX jildidagi 21 sahifada ketma-ket uch general Skobelevlar haqida ma'lumotlar berilgan.
Ivan Nikitich Skobelev (1778-1849) o‘rtamiyona oilada tug‘ilib, o‘n to‘rt yoshida soldatlikka yollanadi. Frantsuzlar bilan bo‘lgan urushda, M. Popov yozganidek, serjantlik unvoniga sazovor bo‘lishdan tashqari, qomusda berilgan ma'lumotga qaraganda, 1812 yil urush qahramoni general Raevskiy ad'yutanti darajasiga yetadi. Urush tugagach, harbiy xizmatini davom ettirib, generallik unvoniga ham erishadi. Hatto harbiy mavzularda hikoyalar yozib, ozmi-ko‘pmi muxlis orttiradi.
Uning o‘g‘li Dmitriy Ivanovich Skobelev (1821-1880) tarixga Sharqiy urush nomi bilan kirgan harbiy harakatlarda leybgvardiya polki boshida turib qatnashadi. Urushdan so‘ng, podshoh Aleksandr II ning shaxsiy qo‘riqchilari boshlig‘i sifatida xizmat qiladi va shu tufayli, podshohga yaqin kishilar davrasiga kiradi.
Oynomangiz qahramon va olijanob inson sifatida ko‘kka ko‘targan Mixail Dmitrievich Skobelev (1843- 1882) bobosi va otasi izidan boradi. Dastlab uyda, keyin Parijdagi Jirarde pansionatida tarbiyalanadi. 1861 yili Peterburg universitetiga o‘qishga kiradi. Ammo bir oy o‘tar-o‘tmas, to‘s-to‘polonda qatnashgani uchun haydaladi. Shundan so‘ng, otliqlar polkiga yunker sifatida qabul qilinadi. 1863 yilda kornet unvoniga erishadi. Xuddi o‘sha yili polyak xalqining bosqinchilarga qarshi ko‘tarilgan isyoni boshlanadi. Shavkatga o‘ch kornet qon isini sezishi bilan, ta'tilga ruxsat olib, otasi xizmat qilayotgan Polshaga boradi. Yo‘lda isyonni bostirish uchun borayotgan qo‘shinlarga qo‘shiladi. Butun ta'til davomida isyonchilar qonini to‘kish bilan shug‘ullanadi. Oynomangizda M. Popov yosh ofitserning bu yillardagi «qahramonligi»ni jo‘shib yozar ekan, o‘z ozodligi uchun bosh ko‘targan polyak vatanparvarlari, ularning qora qismati haqida churq etmaydi. Tarixdan ma'lumki, isyonni qonga botirgan chor Rossiyasi razilligini o‘sha davrdagi jahon va rus mutaraqqiy kuchlari qoralab chiqqan edilar. F. Engels bu qo‘zg‘olon eng avvalo «Polsha mustaqilligini tiklash» uchun boshlanganini qat'iy ta'kidlaydi. Yana shu narsa ma'lumki, isyonchilarning haqqoniy kurashini qo‘llab-quvvatlagan juda ko‘p rus kishilari, ayniqsa, oddiy soldatlar qo‘zg‘olonchilar bilan yonma-yon turib jang qilishadi. «Biz Polsha bilan birgamiz, - deb yozadi A. Gertsen,- chunki biz Rossiya tarafidamiz... hammamizni bir zanjir qisib turgani uchun ham polyaklar bilan birgamiz». M. Popov, oynomangiz nahotki shular haqida bilmasa? Bilib turib, haqiqatdan ko‘z yumish johillik emasmi?
Shundan keyin Skobelev Bosh shtab akademiyasini bitiradi va Turkiston o‘lkasiga yuborilishini so‘raydi. Chunki bu yerda ham qon to‘kilayotgan edi. Biroq, Turkistonda uning keyingi «olamshumul shuhrati»ni yo‘qqa chiqarishi mumkin bo‘lgan bir voqea yuz beradi. M. Popov bu haqda yozmagani uchun shu voqeaga to‘xtaylik. Zero, bu juda ko‘p narsalarni oydinlashtiradi. M. Popov maqolasi aynan mana shu voqealarga bag‘ishlangan tarixiy badiha ustida ishlab turgan paytimda bosilgani bu ishni osonlashtiradi. Qolaversa, bu voqealar nafaqat Skobelev, shu bilan birga Vereshchaginning ham, oynomangizda yozilganidek, haqiqatda qanaqa «asl rus ziyolisinnng namunasi» bo‘lganliklarini ko‘rsatadi.
1868 yil 1 may kuni bosqinchi general fon Kaufman Samarqand shahrini Cho‘ponota qiridan to‘pga tutgandan so‘ng, shahar taslim bo‘ladi. Shaharni egallagan rus qo‘shinlari bir oydan so‘ng Kattaqo‘rg‘on tarafga otlanib yo‘lga tushgach, 30 maydan 1 iyunga o‘tar kechasi shaharda isyon boshlanadi. 3 iyunda Zirabuloq yaqinida buxoroliklar bilan urush harakatida bo‘lgan bosqinchilar-isyondan xabar topib, tahlikaga tushadilar. Qopqonga tushishdan qo‘rqqan fon Kaufman boshliq rus qo‘shini juda qattiq jang qilib, Buxoro amiri qo‘shinini mag‘lubiyatga uchratadi. Va shitob bilan Samarqand ustiga yuradi. 8 iyunda shahar ostonasiga yetib kelgan fon Kaufman, huzuriga omonlik tilab chiqqan shahar oqsoqollarini quvib haydaydi. Shaharni to‘pga tutishni, uni butunlay yondirib tashlashni buyuradi. 9 iyunda shaharda dahshatli qirg‘in boshlanadi. Yuzlab begunoh odamlar hech qanday sud va so‘roqsiz otib tashlanadilar. Bosqinda faol ishtirok qilgan V. Vereshchagin bu haqda hikoya qilar ekan, o‘zining asl basharasini ochadi: «General Kaufmanning hovlimiz o‘rtasida, yo‘lkursida o‘tirgancha, isyonda qatnashgan turli odamlarni jazoga hukm qilgani ko‘z o‘ngimdan ketmaydi. Jangovar ofitserlar davrasida o‘tirgan saxovatli Konstantin Pstrovich hech nima bo‘lmagandek, bamaylixotir faqat bir ogiz so‘zni takrorlardi: «Otib tashlansin, otib tashlansin, otib tashlansin...»
Qonli voqealarni chizishni, Peterburgning kibor xonimlari davrasida: «Dorga osilgan odamlar tipirchilab turganida, rasmlarini chizganman», deya maqtanishni, «bir mullavachchani minoradan uloqtirib yubordim», deb maktublarida kerilishni haddan tashqari yoqtirgan mustabid rassom bu so‘zlarni jazoga tortilayotgan odamlarga achinganidan emas, balki «saxovatli» Konstantin Petrovich irodasi va.qat'iyatiga qoyil qolganidan qayd etadi! Es-hushi joyida bo‘lgan odamning inson qonini to‘kib turgan jallodni «saxovatli» deyishiga ishonish mumkinmi?!
Vereshchagin haqidagi oynomangiz so‘zboshisida xatolar bor: «Mashhur rus musavviri Vasiliy Vasilevich Bereshchagin faqat mo‘yqalam emas, shuningdek, qalam egasi edi, u nasr, hatto she'r bitardi», degan jumlaga «u miltiq va tig‘ egasi ham edi», deb tuzatish kiritish kerak! Oynoma: «Musavvir Vereshchagin va yozuvchi Vereshchagin doim yonma-yon edi», deb yozadi. Menimcha, bu jumla ham, «musavvir Vereshchagin, yozuvchi Vereshchagin va bosqinchi Vereshchagin doim yonma-yon edi», deb tuzatilsa, to‘g‘ri bo‘lardi. Men Vereshchaginning asarlari, kundalik daftarlari, maktublari oynomangizda bosilishini istayman. Mabodo, shunday niyatingiz bo‘lsa, yuqoridagi tuzatishlardan foydalanasiz, degan umidim bor.
...Biroq, dahshatli qatli omdan so‘ng ham, xalqning erkka bo‘lgan intilishi so‘nmadi. Xalq isyonlari qaynab ko‘tarilaverdi. Mana shunday harakatlarning eng jiddiysi va bosqinchilarni bag‘oyat shoshirib qo‘ygan Bobon boshliq qo‘zg‘olon bo‘ldi. Bu xalq qahramonining el yodidan o‘chgani uzoq yillar olib borilgan ko‘r-ko‘rona spyosat oqibati o‘laroq paydo bo‘lgan manqurtligimiz tufayli ekanligini anglagan holda, xalq sharafiga loyiq bu qahramon xotirasi oldida bosh egaman!
Bobon Aliboy o‘g‘li boshchiligidagi xalq qo‘zg‘oloni 1869 yil oktyabrda boshlanib, Zarafshon daryosining quyi oqimidagi tumanlarni, jumladan, Buxoro amirligi tasarrufidagi Ziyovuddin va Xatirchi bekliklari, Rossiyaga tobe yerlardan tuzilgan Zarafshon okrugining Kattaqo‘rg‘oi bo‘limiga kirgan qishloqlarni qamrab oldi. Dastlab bor-yo‘g‘i o‘n sakkiz kishidan iborat bo‘lgan qo‘zg‘olonchilar soni ikki oy ichida besh yuzdan oshib ketdi. 1869 yilning so‘nggi kunlarida Bobon boshliq qo‘rga Haydarqul rahbarligidagi yigitlar ham qo‘shiladi.
Chor Rossiyasi mustamlakachilik siyosatining himoyachilaridan biri, general Terentev «O'rta Osiyoning bosib olinishi tarixi» asarining birinchi jildidagi 482-betda uyatni unutib, shunday yozadi: «So‘nggi yillardagi to‘s-to‘polonlar, amir qo‘shinining betayinligi, xalqining siyosiy nodonligi tufayli, mustaqillikka erishmoqchi bo‘lgan har bir da'vogarni qo‘llab-quvvatlashi oqibatida, g‘alayonlar, o‘g‘rilik va talonchiliklar avj oldi. Ayniqsa, Jom bilan Kattaqo‘rg‘on oralig‘idagi juda katta joyda bosqinchilik bilan shug‘ullangan Bobon deganning to‘dasi ajralib turadi».
Birovning yurtini bosib olgan general, mana shu qullikka qarshi kurashgan xalq vakillarini «bosqinchi» deyishini qanday izohlash kerak?! Xuddi shu nuqtai nazar M. Popov maqolasida ham mavjudligi kishini ajablantiradi.
Vaqt o‘tgani sayin, qo‘zg‘olonchilar saflarining kengayib borayotganidan qo‘rqib ketgan Zarafshon okrugi boshlig‘i general Abramov shoshilinch razishda fon Kaufmandan yordam so‘raydi. Mana shunday pallada Akademiyani bitirib, shtab-rotmistr unvoniga sazovor bo‘lgan Skobelev Samarqandga keladi. Kaufman bilan kelishib, general-mayor Abramov qo‘zg‘olonni bostirish uchun Skobelev boshchiligida maxsus jazo otryadini tuzadi. Otryadga asosan tajribali kazaklar ajratiladi.
Jazo otryadi qo‘zg‘olonchilar bilan dastavval Kattaqo‘rg‘on yaqinidagi Chorshanba qishlog‘i yonida to‘qnashadi. Ana shu ilk to‘qnashuv Skobelevning so‘nggi jangi bo‘lishi mumkin edi. Qo‘zg‘olonchilar Skobelev otryadiga jiddiy ziyon yetkazib, qutulib ketadilar. Jazo otryadining mag‘lubiyaii Turkistonga xo‘jayinlik qilayotgan bosqinchi harbiylar orasida tahlika uyg‘otdi. Shuning uchun ham, fon Kaufman «Bosh shtabga birkitilgan shtab-rotmistr Skobelevning Chorshanbadagi nomunosib xatti-harakati haqidagi masalani tekshirib ko‘ruvchi» nufuzli hay'atni tuzishga majbur bo‘ldi! Otasining podshohga yaqin turgani uchungina Skobelev og‘ir jazodan qutulib qoladi. O'z «qahramoni» hayotini ipidan-ignasigacha o‘rganib chiqqan M. Popovning «kuchli sarkarda» Skobelev jangu jadalda pishgan kazaklardan tuzilmish jazo otryadini oddiy o‘zbek yigitining bir hovuch qo‘ri mag‘lub etgani haqida lom-mim demagani kishini ajablantiradi!
Mana shu sharmandali mag‘lubiyat tufayli, Skobelev umr bo‘yi Turkiston xalqlaridan qonxo‘r qilichi yordamida qasos oldi; bola demay, qari demay, odamlarni qirish uning oddiy turmush tarziga aylandi!..
«Ulug‘ Rossiya davlati ofitserining sha'nini yerga urgan» shtab-rotmistr Turkistonga kelganiga bir yil to‘lmay, Kavkaz harbiy okrugiga qarashli Kaspiyorti bo‘lim ixtiyoriga jo‘natildi. Markazi Krasnovodsk bo‘lgan bu bo‘lim qo‘shinlari turkman qabilalari qonini to‘kib, ularning yerlarini bosib olishga tayyorgarlik ishlari olib borilardi. Chor Rossiyasining ochko‘z panjasi Xiva ustida muallaq turar, chang solish uchun bir og‘iz so‘z kifoya edi. Bu bir og‘iz so‘z 1873 yilda aytildi. Qo‘shinlar Xivaga otlandi.
M. Popovning maqola yozishdan maqsadi qonxo‘r generalga maddohlik qilish bo‘lgani uchun ham, tarixiy voqealarni jiddiy o‘rganmagan, shu bois juda ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ygan. Bu Xiva, Qo‘qon, Ko‘ktepa voqealarini tasvirlashda ko‘zga tashlanadi. Chunonchi, Xivaga qarab ikki qo‘shin - Toshkentdan fon Kaufman boshchiligidagi Turkiston harbiy okrugi askarlari, Orenburg va Mang‘ishloqdan general-leytenant N. A. Verevkin boshchiligidagi otryad yo‘lga chiqdi, deb yozadi. Keyinroq, «uch otryad birlashdi», degan jumlani ishlatadi. Brokgauz - Efron qomusiy lug‘atining 73-jildidagi 187-betda esa shunday yozilgan: «1873 yili fon Kaufman boshchiligida to‘rt otryad «Turkiston, Mang‘ishloq, Orenburg, Krasnovodsk otryadlari tuzildi. 13 000 kishilik bu qo‘shin 4 600 ta ot, 20 000 ta tuya yordamida fevral oyinnng oxiri, mart oyining boshida Jizzax, Kazalinsk, Kaspiy dengizi bo‘yidan yo‘lga chiqdilar. Ammo Krasnovodsk otryadi manzilga yetib borolmadi».
Brokgauz - Efron qomusiy lug‘atidan keltirilgan bu ma'lumotlarni atoqli o‘zbek muarrixi Muhammad Yusufbek ibn Bobojonbek - Bayoniy o‘zining «Shajarai Xorazmshohiy» asarida quyidagicha tasdiqlaydi: «Kaufman... Xorazm ustiga bormoqning sar-anjomlarini tutmoqg‘a muqayyad bo‘ldi. Ikki yildan ortiq zamonda tamomi safar tadorikin tutub, hijratning ming ikki yuz to‘qsonlanchisi va tovuq yili imferatur a'zamg‘a bu holatdin xabar berib, Xorazm safari ruxsatin tilab, tamomi asbobi safarni muhayyo qilg‘onining izhorin etdi. Imferatur a'zam qabul qilib, ruxsat berdi.
Ammo Rusiya davlati mundin burun besh martaba Xorazm ustiga askar yuborib, alarning ba'zilari Xorazm yo‘lida tashnaliqdin qirilib, ba'zilari Xorazmga borib urushib, qirilib, hanuzgacha aslo zafar topa olg‘onlari yo‘q erdi. Bas, imferatur a'zam bu bobda tamomi arkoni davlati bila maslahat etib, ul tarafg‘a bormoqg‘a qaysi yo‘l yaxshiroq erkonin ham bilmay, lojaram (noiloj) Xorazm ustiga to‘rt tarafdin askar yubormakni iltizom etdilar.
Avvalg‘isi Turkiston lashkarining amiri Kaufman general gubernaturni Turkiston lashkari bila, ikkilanchi, Qofqos (Kavkaz) lashkarining amiri Marqasufni Qofqos askari bila, uchlanchi, Urunburg‘ mahofazining vakili Verufkinni O'rinburg‘ askari bila, to‘rlanchi Bahri Hazar kanorida Kandarli askarining ulug‘i Qoyilmaqom Lomokinni Kandarli askari bila Xorazm ustiga yursinlar, deb va hamma yakkalarga Kaufman gubernatur amiri lashkar bo‘lsun, deb farmon yubordilar».
M. Popov maqolasida voqealar xoh Xiva, xoh Ko‘ktepa voqealari tasvirlansin, birinchi o‘qlar hamisha beozor rus qo‘shiniga qaratib otilgandek tasvirlanadi. Go‘yo ular Xivani bosib olish uchun kelmagan-u, sayrga chiqqanlar! M. Popov yozadi: «28 may kuni peshinda hujumchi qismlar shahar darvozalariga yaqinlashdilar, ammo hujum qilmadilar, xivaliklar ruslarni qal'a to‘plaridan o‘qqa tutishdi, ruslar ularga miltiqlaridan javob berishdi». Chor Rossiyasi davrida bosilganiga qaramay, o‘zining aniq ma'lumot berishi bilan nufuzli Brokgauz-Efron qomusiy lug‘atida esa bu haqda shunday ma'lumot beriladi: «28 may kuni Orenburg va Mang‘ishloq otryadlarining bir qismi general Verevkin boshchiligida Xiva shahriga yaqinlashib, xandaqlarni egalladilar va shaharni to‘pga tutdilar. Shaharda to‘s-to‘polon boshlandi».
Bu qaydlarni Bayoniy ham tasdiqlaydi: «Kaufman... Xevaqning ikki yarim milligida bir yerga tushdi... Kuluchov (Golovachev) shaharga to‘p otmoq boshladi».
Voqealar davomini yozishda M. Popov yana yolg‘ondan foydalanadi. Muallif mazkur maqolasida bosqinni oqlash uchun turli yolg‘onlarni to‘qib chiqargan ayrim rus harbiylari va «tadqiqotchi»lari yozib qoldirgan «ilmiy» asarlardan foydalangani ochiq-oydin ko‘rinib turibdi. «Ko‘r ko‘rni qorong‘uda topar», deganlari shu-da!
Juda ko‘p tarixiy asarlardan ma'lumki, shahar to‘pga tutilgandan so‘ng, fuqarolari qonining to‘kilishini istamagan Xiva hukmdori Said Muhammad Rahimxon Kaufmanga elchilar jo‘natib, unga shahar darvozalarini jangsiz ochib berishni aytadi. Brokgauz - Efron qomusiy lug‘atidan: «Shunday qilib, Sariko‘prik tomondagi darvoza orqali Orenburg qo‘shinining bir qismi, boshqa darvozadan esa Kaufman boshchiligidagi Turkiston va Orenburg qo‘shinining qolgan qismi tantanali tarzda, jangu jadalsiz Xivani egalladi». Ammo shaharning tinch yo‘l bilan zabt etilishidan norozi, aniqrog‘i, qon to‘kishga o‘rgangan Skobelev Xiva darvozalaridan birini to‘pga tutishni buyuradi va qo‘lostidagi mingga yaqin sallotni jangga boshlab, har ikki tarafdan juda ko‘p odamlarning qurbon bo‘lishiga sababchi bo‘ladi. Bu voqealar xususida Bayoniy «Shajarai Xorazmshohiy»da quyidagilarni yozadi: «...Rusiya to‘piying kunforalari qal'aning ustida yorilib, ba'zi joylarni o‘t ola berdi. Xon hazratlari sarosima bo‘lib, Amir To‘ra va Inoqbek va Muhammadmurod devonbegi va Ya'qubboy va g‘ayri... chaqirib, maslahat etib, yurtni Rusiyaga taslim etib, sulh qilmoqg‘a qaror berdilar. Ondin so‘ng, bu mazmunda noma yozib, Eltuzar Inoqni elchi qilib, Kaufman tarafiga yubordilar.
... Qaufman noma mazmunidan ogoh bo‘lub, sulh so‘zini qabul qilib dedi: «Ertang xoningni olib kelgin. Bu yerda oning bila suluh qilib men ushbu yerdin qaytaman»... Kaufman Quluchofga farmon yubordikim, Xevaq xoni qal'ani bizga berdi. Emdi to‘pu miltiq otmoqdin qo‘l saqlasunlar. Quluchof buyurdi: Rusiya askari to‘p va miltiq otmoqdin qo‘l saqladilar.
... Siqubluf (Skobelev) va qunat Shuvaluf (kornet Shuvalov) bir g‘ayrat ko‘rguzmak uchun zobitlarni harbg‘a targ‘ib etib, ushbu bir necha miltiq otilg‘onini urush boshlong‘oniga hisob etib, yo‘luqg‘on kishini otib-chopib kela berdilar. G'arazlari bu erdikim, Xevoqni harb bila olduk, demakchi erdilar. Bu tariqada izdihom (dahshatli hamla) bila Ark tarafg‘a yurudilar. Aholi ham uchakulardan (tomlardan) alarg‘a miltiq otar erdilar. Urunburug‘ askarining sarkardasi Siqubluf to Ark oldig‘a kelguncha, bu tariqada otishub keldi. Mundin yarim soat so‘ngra Kaufman Toshkent lashkari bila musiqa cherttirub, Hazorasp darvozasidan kirib keldi. Chun ularning (ya'ni Skobelev bilan Shuvalovning) bu tariqa shaharga kirishlari Kaufmanning amrya bilan emas erdi. Kaufman alarning kelgonlarini eshitib, farmon yubordikim, alar kelgon yo‘llaridan qaytib chiqib, lashkargohga borsunlar».
Shaharning tinch yo‘l bilan qo‘lga kirganidan mamnun Kaufman bu qonli voqealardan xabar topib, qattiq g‘azablanadi. Biroq, erkatoy ofitserni jazolashdan hayiqadi, - jallod bu gal ham qutulib ketadi. O'sha davr rus mutaraqqiy kuchlari oraoida «Jallod» nomi bilan mashhur bo‘lgan Aleksandr II esa Skobelevni «Jasurligi uchun», deb yozilgan oltin qilich, to‘rtinchi va uchinchi darajali Avliyo Georgiy xochi nishoni bilan taqdirlaydi. Qilich ham, hoch ham Xiva ostonasida halok bo‘lgan mahalliy xalq va oddiy rus sallotlarining qoniga bo‘yalganini M. Popov yoxud boshliq oynoma ahli bilarmikan?!
M. Popov va uningdek insofni unutgan ayrim «tarixchilar» diqqatini yana Bayoniyning «Shajarai Xorazmshohiy» asariga qarataman. Diyonatli o‘zbek muarrixi rus bosqinchilarining Xiva xonligi hududida yashagan turkman urug‘laridan - yovmit (yamut)larga nisbatan qilgan qirg‘inini tasvirlab, shunday lavhalar chizadi: «Qozoq otlilar (ya'ni rus kazaklari) ko‘zga ko‘ringanini otib, qorri bobolarni va ayolu atfol nayza bila sanchib o‘tg‘a otar erdilar va amvollarin (bolalar)ni tig‘ bila chopib, sut ematurg‘on o‘g‘lonlarni toroj etar edilar...
... Shu boisdan, so‘ng yamutlar ittifoq etib dedilar: «Endi bizlarning Rusiya bila muloqotimizning qilich bila bo‘lg‘oni yaxshiroqdur. Ayolu atfollarimiz talaf bo‘lg‘odin so‘ng, bir jonimiz uchun Rusiyadin minnat kutarmizmu?! Dunyoda mundoq hayot yurgondin o‘lg‘on yaxshidur...»
Quluchuf yamutlarning ta'qiblari uchun qozoq otlilarning oralaridin yetti bo‘lak otlini intihob etib, Burnash Ujan otliq bir zobitni olarg‘a sarkarda qilib irsol etdi. Bular bir mil miqdori yo‘l yurib, bir jamoa yamutlarning izlaridin yettilarkim, ba'zilari qorriliq jihatidin, ba'zilari bemorliq sababidin va ba'zilari ayolu atfollarig‘a hamrohlik etib o‘g‘lonlarin, orqalarig‘a ko‘tarmak bila horishib, sust bo‘lub, aftonu xezon (yiqilib va turib) borur erdilar. Qozoq otlilar olarni ko‘rgan hamono, ot solib borib, hammalarin qatl etdilar. Ondin o‘tub, yana bir jamoa yamutlarning izlaridan yettilarkim, olar ham ayolu atfollari bila chuloshib va bir miqdor qo‘yu echkilarin surub, ahvoli xarob bila borur erdilar. Qozoq otlilari «hayyo-huy» ujobi bila qichqirishub, ot solib kelib, aralashib qatl qila berdilar. Yamutlarning ko‘p atfollari otlarning oyoqlari ostida qolib, nechalar o‘lub, nechalari nimjonlik bila ota-onalariga qichqirur edilar. Ul holda yamutlarning ko‘zlariga dunyovu jahon qorong‘u bo‘lub, Rusiya askariga taqsum bo‘ldilar. Ba'zi xotinlar ham chap qo‘lida bolasi va o‘ng qo‘lida tig‘ bila Rusiya otlilarig‘a hamla qilur erdilar. Bir miqdor urush bo‘lg‘ondin so‘ng, Rusiya askari g‘olib kelib, olarning ham hammalarin tig‘u to‘fang bila qirib tamom etdilar.
Ba'zi zamon zaxmdorlar (yaradorlar) o‘luklarning oralarida o‘zlarini o‘lukdek etib yotmish erdilar. Rusiya askari nayza bilan urub o‘lturur erdilar. Va ul yerda bir kichik ko‘l bor erdi, yigirmadan ko‘proq xotinlar o‘g‘lonlarin quchoqlariga olib, ul ko‘lga kirib suv ichidagi ekinlarning oralarida pinhon bo‘lub turub erdilar. Rusiya askari olarni ko‘rub, miltiq o‘qi bila olarni urub qatl etdilar.
Ul holda to‘rt qozoq (kazak) otliq bir yamutning izidin yetib, o‘rtag‘a olib har tarafdin tig‘ urmoq boshladilar. Ul yamutning qo‘lida hech yarog‘i yo‘q erdi. Onga ko‘p zaxm urdilar. Qo‘llaridin va tamomi badanidin qon oqib borur erdi. Yamut ko‘rdi, bular oni o‘lturmakchidurlar, g‘ayratga kirib, bir hamla qilib, ul qozoqning biridin qilichini qongirab qo‘lidin olib, ul qilich bila hamula (o‘sha) to‘rt qozoq otlini qatl etdi. Chun zaxmlaridan qon ko‘p oqib erdi, behol bo‘lib yiqilib qoldi. Ul holda ikki qozoq otli bu ahvolda ko‘rub kelib, otib va tig‘ bila urub shahid etdilar va Rusiya askari har yerda ziroatu xirman bo‘lsa, o‘tlab (yondirib) va uylarni tamom o‘tlab borur erdilar...»
Ona yurti boshiga tushgan og‘ir va fojiali kunlar haqida yozar ekan, Bayoniy qora voqealar tasvirini bir zum to‘xtatib, alam bilan bo‘zlaydi: «Darig‘kim, ahli Xorazm mardi muboriz jamoa erdilar! Bir necha Vatan xoinlari o‘z maqsadlarin hosil etmak uchun mundog‘ hisoratni olarning boshlarig‘a kelturdilar. Agar tamomi Xorazm aholilari yakdilu yakjihat bo‘lub, urush etsalar erdi, ehtimoli yo‘q erdikim, Rusiya askari olarg‘a zafar topa olg‘aylar. Mundin burun, besh navbat kelib, aslo zafar topa olg‘on ermaslar. Nechunkim, Xorazmning atrofida qumu dashtlar bordur va bir tarafida daryo bordurkim, mahkam sadlarning o‘rtasida voqedir. Oning pastu balandin bilmagan kishilarga fathi mahol erdi. Chun' olohi taoloning irodasi bu erdi, taqdirg‘a chora yo‘qdur!»
Qonxo‘r Skobelevning Ko‘ktepa ustiga qilgan xuruji haqida yozar ekan, M. Popov shunday so‘zlarni ishlatadiki, ularni o‘qib, hayron qolasan. Bosqinchi general maddohi uchun odam qonini to‘kish - «quvnoq kuy ostida bo‘ladigan soldatlarning quvnoq mehnati». Yoki Skobelevning tinch aholi - turkmanlar bilan uchrashuvi tasvirini oling (M. Popov ularni «ayyor turkmanlar», deb haqorat qiladi!). Bu uchrashuv paytida, bir turkman yigiti: «Turkmanlar hech qachon yolg‘on gapirmaydilar!», deb aytadi. Shu haqda yozar ekan, M. Popov o‘zi yolg‘onni ustma-ust qalashtirib tashlaganini unutadi!
Ha, M. Popov butun maqola davomida, uyatsizlarcha, yolg‘on ishlatadi. Niyati - yolg‘onga zo‘r berib bo‘lsa-da, Skobelevning qonxo‘rligini oqlash, iloji bo‘lsa, generalni farishtaga aylantirish. M. Popov faoliyati bundan ikki asr ilgari «Rossiya davlati tarixi»ni bitishga ahd qilgan bir gubernator faoliyatiga o‘xshab ketadi. O'sha tarixchi - gubernator ham o‘z xalqi tarixida yuz bergan sharmandali voqealarni yashirishga yoki xaspo‘shlashga urinardi. Masalan, solnomalarda «Ruslar jangda dushmandan 10 tasini o‘ldirdilar», deb yozilgan bo‘lsa, bir qalam urish bilan 10 soni 100 ga aylantirilardi. 100 ta bo‘lsa 1000 taga aylantirilardi. Yoki solnoma «dushmanlar-ruslardan 1000 kishini o‘ldirdilar», deb ma'lumot bersa, bu tarixchi-gubernator 1000 sonini 10 ga aylantirardi! Zero, u tarixiy solnomalardan nimani olishni, nimalarni yashirish lozimligini bilardi...
Sovet tarixchilari ustozlaridan akademik B. Grekov «Kiev Rusi» asari so‘zboshisida rus va butun sovet tarixchiligi aqidasini quyidagicha bayon qiladi: «Tarixiy manba, u qanaqa bo‘lishidan qat'iy nazar, tarixchi undan nima olishni yaxshi bilsagina foydalidir». Bu so‘zlarda, O'ljas Sulaymonov aytganidek, tarix ilmiga juda katta zarar keltirgan «ilmiy» nuqtai nazar mohiyati yashirin!
Skobelevning qon to‘kish dardiga! mubtalo bo‘lgani Qo‘qon xonligini zabt etish, Po‘latxon boshliq xalq qo‘zg‘olonini bostirish davomida yana bo‘rtib ko‘rindi. M. Popov bu voqealar haqida so‘z yuritganda, yana haqiqatni aytmaydi.
... Chor Rossiyasining, zulm-istibdodga asoslangan siyosatidan norozi xalq orasida chor hukumdorlariga nisbatan bo‘lgan qahru g‘azab kuchayib borgani tabiiy. Juda ko‘p hollarda bu qahr-g‘azab xalq qo‘zg‘oloniga zamin hozirlagan. Shunday harakatlarning biri Po‘latxon qo‘zg‘oloni bo‘ldi. Ushbu qo‘zg‘olon haqida yozgan tarixchilarimizdan H. Bobobekov, bu harakatga «baho berishda shu kunga qadar tarixchi olimlar o‘rtasida birlik yo‘q: biri uni xalq harakati, ikkinchilari reaktsion harakat, uchinchilari milliy ozodlik urushi, to‘rtinchilari o‘zaro feodal urush, beshinchilari hech qanday baho bermay kelmoqdalar», deydi. O'ylashimcha, harakatga eng to‘g‘ri baho, allaqachonlar, uning dushmani bo‘lmish kishi tomonidan aytilgan. Qo‘zg‘olonni bostirishda faol qatnashgan (o‘sha paytda u hali kapitan edi) general Kuropatkin oliy qo‘mondonlikka yuborgan ma'lumotida shunday axborot beradi: «Kurash xon bilan bo‘lmay; aksincha, yengish juda qiyin bo‘lgan xalq harakati bilan bo‘ldi... Aholi bilan jang qilish esa hamisha, mahalliy mustabidlarga qaraganda, juda og‘ir bo‘ladi».
Po‘latxon qo‘zg‘oloni tom ma'noda xalq harakati bo‘lib, u eng avvalo ozodlikka chiqish uchun chor hukumati zulmiga qarshi, mahalliy feodallarning xalq manfaatlariga zid qilmishlariga qarshi qaratilgan edi.
Mustabid general Trotskiy: «Qo‘zg‘olon rus vakillariga qarshi ko‘tarildi», deb yozadi. Trotskiyning bu so‘zlari, yuqorida aytganimizdek, rus mustabid tuzumi bilan rus xalqi o‘rtasida farq yo‘qdek, bir tushuncha sifatida qabul qilinishi oqibatida, hujjatdan hujjatga o‘tib, qo‘zg‘olonni qoralovchi fakt sifatida qo‘llanib kelinmoqda. Xo‘sh, general Trotskiy, «rus vakillari» deganda bu o‘lkaga kelgan olim, sayyoh yoki biror bir savdogarni nazarda tutgan edimi? Albatta, yo‘q. Axir, bu paytda bosib olingan yerlarda rus qo‘shinidan, mustamlaka qonunlarini o‘rnatishga xizmat qiluvchi amaldorlardan bo‘lak rus vakillari yo‘q edi-ku! Generalning bu so‘zlarni aytishdan yagona maqsadi, himoyasiz Andijonga hujum qilish uchun bahona izlashdan o‘zga narsa emas. Bosqinchi uchun pashshaning g‘ing‘illashi ham bahona bo‘lishi mumkin! Demak, generalning «rus vakillariga qarshi» degan so‘zini, «rus bosqinchilariga qarshi», deb tushunmoq kerak! Bu esa Po‘latxon qo‘zg‘oloni - mustamlakachilarga qarshi harakat ekanini yana bir karra tasdiqlaydi.
M. Popov madh etgan general Skobelev Po‘latxon qo‘zg‘olonini bostirishda faol ishtirok etdi. Generalning yozishicha, bu harakatning bosh maqsadi, ruslar «bosib olgan xonlik yerlarini qaytarib olishdats iborat» edi. Bosqinchi generalning bu so‘zlaridan yaqqol ko‘rinib turibdiki, qo‘zg‘olon (xususan, uning o‘rta bosqichi) milliy ozodlik harakati xarakteriga ega bo‘lib, u mus-tamlakachilarga qarshi qaratilgan.
Rus bosqinchilarining o‘lkadagi rahbari fon Kaufman podshohga telegramma jo‘natadi. «O'n ming qo‘qonlik Turkiston general-gubernatorligiga urush boshladi», deb vahima ko‘tarib, yangi bosqinlar uchun fotiha tilaydi. Shu bilan birga, Kaufman podshohdan qo‘qonliklarga qarshi urush olib borish uchun 200 ming so‘m pul qarz so‘rab, bu pulni bosib olinajak xonlik xazinasidan yuz karra oshig‘i bilan qaytarishga ishora qiladi. Podshoh telegramma qog‘oziga: «Bajarish kerak», deb yozadi.
Bu - qo‘zg‘olonni bostirish bahonasida, urush harakatlarini boshlash, Qo‘qon xonligini bosib olish uchun rasmiy ruxsat edi!
General M. D. Skobelev tashabbusi bilan, «Ikki suv orasi», deb nomlangan urush harakatnomasi ishlab chiqiladi. Bu harakatnoma asosan qo‘zg‘olonchilarga qarshi qaratilgan bo‘lib, unda yana bir marta Andijonga hujum uyushtirish, qo‘zg‘olonchilarning asosiy kuchlarini tor-mor etish ko‘zlangan edi.
Qonxo‘r general bu niyatini amalga oshirish uchun yo‘lida uchragan barcha qishloqlarni kultepaga aylantirib, 1876 yilning 8 yanvarida Andijon ostonasiga yetadi. O'rtada dahshatli jang boshlanadi. Andijonliklardan 20 ming odam o‘ldiriladi!
Bu so‘zlarning isboti uchun Z. A. Kastelskayaning «Turkiston o‘lkasi tarixidan» nomli kitobi 24-betidagi satrlarga sizning va maqola muallifining diqqatini jalb etmoqchiman: «Jazo otryadiga boshchilik qilgan Skobelev qo‘shinlari isyonchilarga qarata to‘plardan o‘t ochib, ularni chekinishga majbur qildilar. Skobelev Andijonni yondirib, Qoradaryo vohasidagi qishloqlarning hammasini yo‘q qilib tashladi».
Sizga va M. Popovga Skobelevning shu davrga oid bir «jasorati» haqida hikoya qilib beray. Siz jamoatchilikni, shu jumladan, biz o‘zbeklarni «shonli 150 yilligini nishonlashga chorlagan» qonxo‘r general boshchiligidagi yovuz gala yondirilgan, vayronaga aylantirilgan qishloqlarini tashlab chiqib, boshpana izlab yurgan bir to‘da tinch aholini uchratib qoladi. Ularning qo‘lida yaroq yo‘qligini, to‘da asosan chollaru kampirlardan, ayollaru bolalardan iborat ekanligini ko‘ra turib, Skobelev qo‘l ostidagi ofitserlar - Nalivkin bilan Ionozga tinch aholini qirib tashlashni buyuradi. Shunda Nalivkin bu qabihlikdan bosh tortib: «Men ofitserman, qurol ushlagan dushman bilan yuzma-yuz jang qilishga o‘rganganman. Tinch aholini qirish esa qo‘limdan kelmaydi», deb javob beradi. G'azabi chiqqan Skobelev Ionovni zug‘umga olgach, u qo‘l ostidagi sallotlarni boshlab, emizukli bolalargacha chopib tashlaydi. Mana shu voqeadan keyin Skobelev, «Nalivkin yo jazoga tortilsin yoki iste'foga chiqsin», deb turib oladi. Oqibatda, Nalivkin iste'foga chiqishga majbur bo‘ladi.
... Qo‘zg‘olon beshafqat bostirildi. Butun boshli romanlarga mavzu bo‘lmish Po‘latxon taqdiri fojiali tugadi: o‘z xalqi erki uchun kurashgan 33 yoshli yigit dorga osildi. Xalq qonini daryo qilib oqizgan, yo‘lida uchragan barcha qishloqlar kulini ko‘kka sovurgan, tirik jonni tig‘dan o‘tkazgan general Skobelev esa, 1876 yilning 19 fevralida podshoh hukmi bilan tashkil etilgan Farg‘ona viloyatining harbiy gubernatori, deb e'lon qilindi.
Qo‘zg‘olonning haqiqiy qahramoni xalq edi. Shu boisdan ham, «reaktsion mahalliy elementlar bu qo‘zg‘olonni boshqarib turgani, ular Rossiyaning O'rta Osiyodagi ta'siri kuchayib borayotganidan qo‘rqqani uchun, xalqni ruslarga qarshi ko‘targani» haqida gapirish asossizdir. Chor hukumatining mustamlakachilik siyosatini yoqlab, ya'ni qo‘zg‘olon ruslarga qaratilgani uchun, xonlik chor qo‘shinlari tomonidan bosib olindi, deb yozgan bir qator tarixchilar bu bilan butun bir xalqni haqorat qilganlarini, ularning ozodlik yo‘lida to‘kkan muqaddas qonlarini o‘sha rus sallotlari kabi tuproqqa qorganlarini anglarmikanlar? Hamon anglamagan bo‘lsalar, anglaydigan payt yetdi, deb aytishni istardim!..
Chor hukumati o‘z xalqi manfaatlariga qarshi borgan va sotqinlik yo‘liga o‘tgan kimsalarni o‘z panohiga olardi. Qo‘zg‘olonga xiyonat qilgan Abdurahmon Oftobachi xalq qahridan qochib Yekaterinaslavda yashay boshlaydi va o‘z sotqinligi evaziga 3 ming tilla tanga hisobida nafaqa oladi. Uning o‘limidan so‘ng bu pul sotqinning xotini va qiziga beriladi. Mustabidlar xiyonatni juda qimmat baholaydilar. Bunday siyosat mustamlaka o‘lkada hukm surayotgan har qanday zo‘ravonlik, har qanday jabru zulmdan dahshatli edi!
U odamlar ko‘ngliga shubha va xiyonat urug‘larini sochardi. Bunday siyosat ularda, bir-birlarini sotish bilan, chaquv va ayg‘oqchilik bilan o‘z turmushlarini yaxshilash mumkin, degan tasavvur paydo bo‘lishiga xizmat qilardi. Chor hukmdorlarining urinishlari bekor ketmadi. Bu hol kechikib bo‘lsa-da, hosila berdi. Shuning uchun ham, o‘z xalqi manfaatlarini o‘ylamaydigan ba'zi bir amaldorlarni ko‘rsam, ular o‘sha urug‘larning mevasi emasmikin, degan o‘yga boraman.
M. Popovning farosatsizligi (balki bilib turib, o‘zini farosatsiz qilib ko‘rsatishi) shu darajaga boradiki, uyatni bir chetga yig‘ishtirib qo‘yib: «Turkiston va Turkmanistonda bo‘lgan paytida M. Skobelev Hindistonni inglizlar hukmronligidan OZOD QILISH MAQSADIDA JANGOVAR SAFAR UYUSHTIRISH masalasi bilan jiddiy shug‘ullanadi», deb yozadi. Unda, biz Angliyaning O'rta Osiyoga ko‘z olaytirishini «TURKISTON o‘lkasini ruslar asoratidan ozod qilish istagi» sifatida ko‘rsatishimiz mumkin ekan-da! Qolaversa, Hindistonni ozod qilish» bahonasida rus bosqinini oqlash Skobelev fikri emas, bu M. Popovning o‘ylab topgan yolg‘on aqidasidir. Skobelev esa bu bosqin rejasini tuzayotganda M. Popovga o‘xshab o‘z maqsadyni yashirmay, ochiq-oydin: «Bu bosqin Rossiya tantanasi va ulug‘ligi» uchun xizmat qiladi, deb ulug‘ davlatchilik g‘oyalarini targ‘ib etgan!
Butun kuch-quvvatini generalning buyuk dahosiga olqish aytishga sarflagan M. Popov boshqa voqealarni deyarli o‘rganmaganligi oqibatida, tarixiy voqealardan palapartish xulosalar chiqaradi. Jumladan, u «Qo‘qon xoni Abdurahmon», deb yozadi. O'rta maktab o‘quvchisiyam biladiki, o‘sha paytda Qo‘qon xoni taxtida Xudoyorxon o‘tirgan edi. Abdurahmon esa... Abdurahmon Oftobachi bo‘lib, u dastlab xon tarafida, keyin xonga qarshi chiqqan qo‘zg‘olonchilar tarafida turgan, undan keyin... qo‘zg‘olonchilarni rus bosqinchilariga tutib bergan sotqin bir kimsadir. Lekin M. Popov hamisha ham aldayvermaydi, ba'zan to‘g‘ri gapniyam aytadi. Jumladan, Skobelevning naqadar «buyuk psixolog», «ajoyib inson», «demokrat», «tengi yo‘q inson» ekanini butun maqola davomida isbotlashga uringan muallif o‘ttiz to‘qqiz yashar bosqinchining fohisha to‘shagida o‘lib qolganini tasvirlash bilan, butun qilgan «mehnati»ni yo‘qqa chiqaradi, ya'ni suyukli generalning qanday inson bo‘lganini, o‘zi bilmay, fosh etib qo‘yadi!
O'RTOQ MUHARRIR! Millatlararo munosabatlarning butun mamlakatda, shu jumladan, jumhuriyatimizda ham taranglashgan paytida, bunday g‘ayri g‘oyalarni targ‘ib qiluvchi, takror ta'kidlayman, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikka raxna soluvchi maqolani bosib chiqarishdan muddao nima?! Nima sababdan, jumhuriyatimiz xalqlari, birinchi galda o‘zbek xalqi ma'naviyati uchun xizmat qilishi zarur bo‘lgan oynoma sahifasida, bu xalqning tarixini buzib ko‘rsatuvchi, shu bilan uni tahqirlovchi maqola e'lon qilindi?!
Avvalo, bunday maqolalarning bosib chiqarilishiga biz o‘zbek ziyolilarining loqaydligimiz sabab bo‘layotganligini tan olaman. Mana shu loqaydlik natijasida, O'ljas Sulaymonov yozganidek, «bir qator shaharu qishloqlarimiz hamon bosqinchi podshoh va uning generallari nomi bilan atalib kelinayotgani bilan dahshatlidir. Bu dahshat qaerdakim, olim beparvo, shoir soqov, siyosatchi ko‘r bo‘lsa, o‘sha yerda o‘zini namoyon qilaverishi bilan dahshatlidir».
Toshkent yaqinidagi joylardan biri shaharni qonga botirgan general nomi bilan «Chernyaevka», deb atalishini siz ham, men ham bilamiz. Balki siz bundan xursanddirsiz, ammo meni bu juda qiynaydi. Jallodlikda Skobelevga barobar rus burjuaziyasi, «Turkiston xazinalarini bizga ochib bergan O'rta Osiyo Yermagi», deya olqishlagan bu zolim haqida Z. Kastelskaya kitobida shunday yozilgan: «Chernyaev ashaddiy shovinist edi. Uning nazarida, Qo‘qon xonligida yashagan o‘zbeklar, qirg‘izlar, qipchoqlar va boshqa xalqlar yolg‘iz to‘n kiygani uchungina qirib tashlashga loyiq» edilar.
«Ulug‘ rus musavviri» ekanligi pesh qilinib, poytaxtimiz ko‘chalaridan biri Vereshchagin nomi bilan atalishi, Samarqand yaqinida, Zarafshon daryosi qirg‘og‘ida yuksalib turgan adir tepasida shaharni bosib olish chog‘ida halok bo‘lgan bosqinchilarga o‘rnatilgan haykalning qo‘r to‘kib turishi, loqaydlik va manqurtligimiz oqibati emasmi?! Nahotki, bu «xalqlar do‘stligini mustahkamlashga xizmat qiladi», deb o‘ylaydigan kimsalar hamon bor bo‘lsa?! Agar shundaylar bo‘lsa, ular haqiqatdan ko‘z yumgan so‘qirlardir. Haqiqat esa, yana takrorlayman, Rossiyadan ulug‘dir.
Ushbu maktubimni bundan bir necha yil avval yozgan she'rim bilan yakunlamoqchiman:
Samarqandga yaqinlashgan on,Yurak birdan g‘azab-la urar:Yuksak adir ustida, ne tong,Bosqinchilar haykali turar. Ular qo‘lda miltiq, tig‘ ushlab,Vatanimga kirib kelganlar.Vatan deya jang qilgan erlarBoshin kesib, tilin tilganlar. Ular sutni qo‘shganlar qonga,Onalarning murdasini yanchib;Ko‘targanlar qora osmonga,Bolalarni tig‘larga sanchib. Ular zulmi, ular azobiTo‘ldirgandir dilni ozorga;Ular o‘tgan yo‘llar atrofiTo‘lib ketgan sonsiz mozorga. Ular bizga ilmu ziyomas,Qullik, xorlik olib kelganlar;Bobolarning kitobin yoqib,Bizni «nodon» deya kulganlar. Ular to‘pga tutganlar xalqim;Shahrim bo‘lgan xor, kunpayakun.Demak, bordir so‘rashga haqqim:«Bochqinchini yodlamoq nechun?!» Nechun bunda Bobon, yo bobomNomin yodga olmaydi birov?Nechun bunda yodlanar, axir,Erk qotili- istilochi yov?! Kimlar bizni masxara etar,Kimlar bizni qilar haqorat?!Qachon bu zulm abadiy yitar,Qachon bosqin etilar g‘orat?! Bu dunyoda bosqinchidek g‘ar,Bosqinchidek zolim yo‘q, xalqim!Haykal emas, sening ko‘ksingdaZanglab yotar bitta o‘q, xalqim!.[1] Ushbu maqola gazetada e'lon qilingan paytda jurnal bosh muharriri S. Tatur edi.
«Fitna san’ati» (1-kitob, «Fan» nashriyoti, Toshkent, 1993) kitobidan olindi.