OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Matluba Hamroyeva. “Erkin muhabbat” qurbonlari (1989)

O‘n yil burungi bir voqea yodimga tushdi. Dorilfununning birinchi kursida o‘qirdim o‘shanda. Qishloqdan Toshkentga qaytyapman. Buxoro-Toshkent poezdiga meni uydagilar chiqarib qo‘yishdi. Xayollarim tizginsiz, orzu-o‘ylarim dunyoga sig‘maydi. Ko‘zlarimga hamma narsa go‘zal, odamlar ham sodda, samimiy ko‘rinadi. Faqat onamning kuzatuv oldidan: «Qizim, ehtiyot bo‘l» degan so‘zlari quloqlarim ostida jaranglaydi. «Ehtiyot»likni men o‘zimcha tushundim.

Kupe-vagondagi hamrohlarim — yoshgina juvon va uning tili endigina chiqa boshlagan Marik ismli o‘g‘ilchasi. Hozir juvonning yuz tuzilishini yaxshi eslolmayman. Faqat uning o‘ynoqi ko‘zlari, qulog‘idagi kattakon baldog‘i xotiramda qolgan. U bilan yaqindan tanishgan bo‘ldik, suhbatlashib ketdik. Samarqanddan o‘tib, qaysidir stantsiyada juvon meni uyg‘otdi. Bolasiga qarab turishimni, o‘zini esa shu stantsiyada bir tanishi kutib turgani, qo‘lidagi tugunni unga topshirib qaytishini aytdi. U poezddan tushdi-yu, ammo qaytib kelmadi. Maqsadi bolani tashlab ketish ekan.

Oradan yillar o‘tdi. O‘g‘lim — Behzod dunyoga keldi, o‘sha ayolni esladim. O‘g‘lim — Behruz dunyoga keldi — o‘sha ayolni esladim. Qizim — Gulyuz dunyoga keldi — yana o‘sha ayolni esladim. Onalik tabiatning ayol zotiga bergan eng buyuk sharafi ekanligini his qildim — yana o‘sha ayolni esladim. Eslayverdim...

Maqsad-mavzuimiz tirik yetimlar, lahzalik ko‘ngil xushi istagida bir murg‘ak jonni bir umrlik baxtdan — ota-ona mehridan mosuvo etguvchi nokaslar haqida desam, muhtaram o‘quvchiga tushunarli bo‘lar.

Men hayot farovonligidan quvondim. Mehr, shafqat degan insoniy xislatlarni o‘rgandim. Nogoh, taqdir «jinko‘cha»lariga nazarim tushdi. Ko‘rganlarim tuganmas nafratga aylandi. Qadimiy urf-odatlarimizga ko‘ra, o‘zbek qizining qo‘shni devoridan bo‘ylab qarashi ham uyat. Yo‘q, biz «ilg‘orlashib» ketdik. O‘tmish «sarqit»larining ildiziga bolta urdik. Ko‘cha-ko‘ydami, aeroport, vokzaldami, kinoteatrdami, xullas, ko‘z-ko‘zga tushadi. Tanishamiz. Ko‘p o‘tmay «muhabbat» paydo bo‘ladi. Uchrashuv, sehrli damlar. So‘ng esa... So‘ng — fojia. Tug‘ruqxonalar, bolalar uylari — tirik yetimlik.

Hisob-kitoblarga ko‘ra bolalar uylarida tarbiyalanayotgan yetimlar soni millionga yetibdi. Ularning 95 foizi ota-onasi tirik yetimlar ekan. Urush yillaridagidan hozirgi dorilomon kunlarda yetimlar soni uch-to‘rt barobar ko‘payibdi. Nahotki biz shunchalar tubanlashib ketdik? Nahotki o‘zligimizga qaytishimiz uchun urush yillaridagidek fojialarni boshdan kechirishimiz kerak bo‘lsa?!

Chaqaloqlarning «inga» ovozlari tug‘ruqxonalarga sig‘may axlat uyumlarida eshitiladigan bo‘ldi. Urfimizga ko‘ra bir burda nonni axlatga tashlash gunoh sanalgan. Dunyoga kelib, ona siynasini ko‘rmagan go‘dakni yerga urish nafaqat gunohi azim, balki o‘taketgan razillik, qabihlik-ku, axir! Men har gal dard va iztirob bilan ko‘radigan «Nomingni unutma» badiiy filmi sizga ham tanish bo‘lsa kerak. Fashistlar asirga olgan rus ayoli — ayollar kontslagerida, uning besh yoshlar chamasi o‘g‘li — bolalar kontslagerida. Kontslagerlar orasi uncha uzoq emas. Ayol har gal ilojini qilib o‘ziga berilgan bir burda nonini ham o‘g‘liga tashiydi. Kontslagerning tikanli simlariyu fashistlarning pistirmalari ayolni cho‘chitmaydi. Ayol har gal o‘g‘li yoniga kelarkan, devor tirqishlaridan unga non uzatayotib bir so‘zni takrorlaydi: «O‘g‘lim, nomingni unutma. Sening isming Gena!», Bu-ku bir film. Ammo bugun o‘z bolasini axlat uyumlari-yu temir yo‘l relslariga ravo ko‘rayotganlar go‘dak bilan so‘ng bor qanday so‘z aytib vidolashar ekanlar?

48-yildan buyon Toshkentdagi 22-bolalar uyida direktorlik qilayotgan A. Xlebushkina bilan suhbatlasharkanman, mavzuimiz ota-onasi tirik yetimlarga ko‘chgani hamon bu ayolning samimiy chehrasidan nur yog‘ib tursa-da, ko‘zlaridan kutilmaganda yosh sizib chiqdi:

—     O‘zi hayot, to‘rt muchasi sog‘, ammo o‘z farzandidan voz kechayotgan ota-onalarni insonlar deb atagim kelmaydi. Unaqalar bilan ko‘rishishga sabrim yetmaydi.

—     Antonina Pavlovna, tirik yetimlar soni ko‘payayotganligining sabablari nimada deb o‘ylaysiz?

—     Buning sabablari juda ko‘p. Yengil-elpi, o‘ylamay qadam tashlashning oqibatida og‘iroyoq bo‘lib, arosatda qolgan qizlar ko‘payib ketyapti. Ular to‘ysiz, nikohsiz bolali bo‘lishga or qilishadi-da, eng oson yo‘li — undan voz kechib qo‘yaqolishadi. Men bunday qizlarning tarbiyasiga boshdan putur yetgan deb o‘ylayman. Ota-ona tarbiya, nazoratni bo‘sh qo‘ydimi, farzand har qanday ko‘chaga kirishdan hazar qilmaydi. Mening mingdan ortiq o‘g‘il-qizlarim, nabira-chevaralarim bor. Shukrki, shu choqqacha birorta o‘g‘il-qizim yuzimni yerga qaratgani yo‘q.

Tirik yetimlarning ko‘payayotganligi sabablaridan yana biri: erkak oilasiga xiyonat qiladi. Agar ayol oqila bo‘lsa, bolalarini hech kimga ravo ko‘rmay jonida asrab katta qiladi. Agar u ham erdek o‘z rohatini o‘ylasa, bolalar uyiga topshiradi.

Antonina Pavlovna bilan uchrashgunimga qadar men bolalar uyini boshqacha tasavvur qilar edim. Biz xonalarni birma-bir aylanar ekanmiz, tasavvurlarim yorishdi. Ozoda, shinam xonalar bu yerdagi hayotning go‘zalligidan, ta’lim-tarbiyaning uyg‘unligidan darak beradi. Dunyodagi bor ezgulik Xlebushkina singari ayollar fidoyiligidan yaralishiga ishondim.

Hovliga chiqarkanmiz, mevazor boqqa o‘rnatilgan o‘rindiqda kitob o‘qib o‘tirgan qizchaga ishora qilib:

—        Boring, suhbatlashing, — dedi Antonina Pavlovna.

Bordim. Qizcha sapchib o‘rnidan turdi-da, salomlashdi. Ismini so‘radim.

—        Ismim Muqaddas. 6-sinfda o‘qiyman, — javob berdi u. Muqaddas bilan ancha suhbatlashdim. U maktabda o‘qish bilan birga muzika maktabida ham tahsil olarkan.

—       Muqaddas, bu yerga qanday kelib qolgansan? Savolimdan o‘zim iztirobga tushaman.

—        Dadam bizni tashlab ketganlar. Oyimlar kasallar. Men, singlim va ikki ukam shu yerda yashaymiz.

—        Dadang kelsa ketarmiding?

—        Kelishlariga ishonmayman.

«Kelishlariga ishonmayman!» Muqaddasning bu ichki nidosini izohlash uchun so‘z topolmayman. Bolalar uyi to‘g‘risidagi tasavvurlarim ro‘yo, ko‘rganlarim chin bo‘lsa-da, bunda faqat bir narsa — o‘z ota-onasi mehriga zorlik dilni o‘rtaydi. Tarbiyachilarning bir insonchalik mehribonligi, kuyib-yonishlari ham qalbning darz ketgan nuqtasigacha yetib borolmaydi deb o‘ylayman beixtiyor. O‘ylaymanu, ammo men ham Muqaddasning dadasi qaytib kelishiga ishonmayman.

Yaqinda redaktsiyaga bir xat kelgandi. Xat muallifi Kalinin rayon Erkin mahallasida yashovchi yosh juvon. U yozadi: «Turmush o‘rtog‘im Nasiba ismli qiz bilan bir oy Moskvada bo‘lib qaytishdi. Endi bo‘lsa Nasibaga uylanaman, deb uydan chiqib ketdilar. Nahotki, bir qizning yengiloyoqligi sabab mening bolalarim tirik yetim bo‘lib qolsa?...» Juvonning maktubda bitilgan iztiroblari sabab bo‘lib, o‘sha qiz — Nasibani izlab topdim. Nasiba bilan uchrashgunimga qadar uni aldangan, bir nokasning hiylalariga uchgan deb o‘ylardim. Lekin aksincha bo‘lib chiqdi. Mahalla-ko‘y, rayon xotin-qizlar sovetining aralashuvi ham Nasibani bu yo‘ldan qaytarolmagan ekan. O‘z qadrini, or-nomusini bilmaganlar atrofdagilardan uyalish, ularni hurmat qilishni ham bilmaydi. Shunday qilib Nasiba bir oila daraxtining ildizini chiritdi. Gullab, endigina g‘o‘raga aylangan ne’matni yer bilan bitta qildi — farzandlar manglayiga «tirik yetim» muhrini bosdi. O‘z farzandlarini xo‘rlab, o‘zgacha ko‘ngilxushlikni izlab ketayotgan beburd otalar, nomusini sariq chaqaga ravo ko‘radigan Nasibalar, afsuski, juda ko‘p.

Grajdanlik qonunlarimizni o‘rganib chiqarkanman, bir taklif ko‘nglimdan kechdi. Bolasini tug‘ruqxona, ko‘cha-ko‘yda tashlab ketayotgan andishasizlar, o‘z oilasiga xiyonat qilganlar va qonunsiz qovushib ketayotgan badaxloqlarga nisbatan ham qandaydir qonuniy jazo choralarini qo‘llash fursati yetdi. Shunday mulohazalarim bilan Kalinin rayon prokurori Baxtiyor Abdusalomovga murojaat qildim. U shunday deydi:

—     To‘g‘ri, bizning grajdanlik qonunlarimiz bir tomondan juda shafqatli ko‘rinadi. Bundan yengiloyoqlar manfaatlanib qolishyapti. Xiyonat ko‘chasiga kirgan er yoki xotin oilasidan nolib ajrim uchun «munosabatlarimiz to‘g‘ri kelmay qoldi» mazmunida sudga ariza topshiradi. Sudning belgilangan muddati tugagach, sud ajrim uchun hukm chiqaradi. Oqibatda begunoh bolalarning tirik yetim bo‘lishi hech kimni o‘ylantirmaydi, tashvishga solmaydi. Jamiyatimiz insonparvar jamiyat. Partiya va hukumatimizning yetim bolalarga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rligi beqiyos. Bizning o‘tmish tariximizda hech qachon bo‘lmagan — yetim bolalar uchun maxsus fond ajratilishi ham quvonarli, ham kishini o‘ylantiradigan holdir. Sizning fikringizga qo‘shilaman: o‘z bolasini tashlab ketayotgan ota-ona, nomusini toptab, tinch oilalarning osoyishtaligini buzayotgan xotin-qizlarga nisbatan qonuniy jazo belgilansa foydadan xoli bo‘lmaydi. Biz shunday qilaylikki, insonning ma’naviy, ruhiy dunyosi sira shikastlanmasin.

Bundan uch yarim asr avval yashab o‘tgan farang faylasufi Blez Paskal insoniyatga shunday baho berib ketgan edi: «Odamlar o‘zini gunohkor hisoblaydigan halol kishilar va o‘zini halol hisoblaydigan gunohkorlardan iborat». Bas, shunday ekan gunohlarimiz ortmasdan turib o‘zimizning axloq dunyomizni poklab olaylik. Axir insonlar bir-biriga baxtiqarolik keltirish uchun yashamaydilar-ku!

Chillaxonalarda ko‘z ochgan jonning sarsonligi hamda mehr izlab sarg‘ayishlarini istamayman. Yashashinsonga bir marta berilgan ne’mat. Shu ne’matning butun hamda to‘kin bo‘lishini istayman. Mo‘‘jaz uylarda go‘daklarning xandon kulgisi jaranglashini istayman. Yana ko‘p narsani istayman... Istaklarim faqat Yorug‘lik.

* * *

Bu g‘arib nigohlar iskanjasida
Tunlarim cho‘zilar, yo‘qolar tinchim.
Bolajon, nomingni bilaman, ammo
Atab chaqirmoqqa yetmaydi kuchim.
 
Hayot bir tomosha sahnasi monand
Nuqul yaxshilikni qilar targ‘ibot.
Afsus, qo‘llaringga tutmas xo‘rozqand
Sahna ortidagi toshbag‘ir hayot.
 
Jajji kaftlaringda tugilgan bu tosh
Otilmay sirg‘alib tushadi yerga.
Ishonib yashaysan munis enagang
Aytgan ezgu aldov ertaklariga.
 
Sen yolgon so‘ylashni bilmaysan, yo rab
Aldovlar-ku seni yashatib qo‘ygan.
Boqqan nigohlarga aytasan titrab:
«Mening ota-onam frontda o‘lgan».
 
Namchil kipriklaring tundan qarodir,
Qorachig‘ing uyg‘oq xayollarimda.
Yurakka sig‘inib yashaysan endi
AHD bilan PAYMONning oralig‘ida.

“Yoshlik” jurnali, 1989 yil, 8-son

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.