Biz doim seysmologlardan so‘raymiz: nima sababdan, tabiatning qaysi qonuniga ko‘ra zilzilalar sodir bo‘ladi? Hammasi bir og‘izdan: Yer qatlamlarining tektonik harakatidan, deb javob berishadi. Sinoptiklardan so‘raymiz: yog‘ingarchilik yoki qurg‘oqchilik boisi nima? Hammasi jo‘r bo‘lib: tsiklon va antitsiklon, deyishadi. Vulkanologlardan so‘raymiz: nima uchun vulqon otilyapti? Yer olgan nafasini chiqaryapti, tog‘ paydo bo‘lyapti, deb javob beradilar. Lekin bu javoblar unchalik to‘g‘ri emas. Shuningdek, quyoshda bo‘layotgan zilzilalar unnng ustki qavatidagi tebranma harakatga bog‘liq deganlari ham noto‘g‘ri. Bizningcha, bu savollarga planetalar va boshqa osmon jismlarining o‘zaro ta’siri hamda ularning o‘z muvozanatini saqlash uchun tinimsiz harakatini anglash, tabiiy olam taraqqiyoti, jamiyatning tabiatga ta’sirchan munosabati tarixini o‘rganish orqali to‘g‘ri javob topish mumkin.
Avvalo shuni aytish kerakki, quyosh sistemasida bo‘layotgan barcha tabiiy hodisalar planetalarning o‘z orbitalarida muvozanatini saqlash qonuni asosida sodir bo‘ladi. Yerning massasi, Yer atmosferasi og‘irligi, Oyning massasi, litosfera va atmosferadagi o‘zgarishlar hosilasi bo‘lgan kuchlar ta’siri — hammasi Yerning magnit o‘qiga tushadi. Magnit o‘qi va uning qutblari Quyoshning ekvatorial magnit qutblariga tortilib, Yerning barcha harakatini ta’minlab turadi. Yerning magnit o‘qi bilan uning ustidagi mantiya qavati o‘zaro doimiy ishqalanishda bo‘lib, modda almashuv jarayonida gazlar ajralib chiqadi. Bu gazlarning bir qismi tabiiy paydo bo‘lgan kanallar orqali mantiya qavatdan, Yer qobig‘idan chiqib doimiy vulqonlarni hosil qiladi. Qolgani esa, Yerning ustki qavatida, qaerda tabiiy muvozanat buzilgan bo‘lsa, o‘sha yerdan yorib chiqadi va zilzila bilan «yangi uyg‘ongan vulqon» nomini oladi. Mantiya qavati va Yer qobig‘ining bunday tebranishlari tektonik harakatlarning bosh sababchisidir.
Buyuk olim Isaak Nyuton: «Tortish kuchining xossalari sababini hanuzgacha men hodisalardan topa olmadim, gipotezalarni esa to‘qib chiqarmayman», deb tan olganiga qaramasdan, tabiatshunoslar uning «Butun olam tortishish qonuni»ga yopishib olib 300 yildan beri osmon jismlari haqida ko‘plab farazlar to‘qidilar. Biz hali Oyning ahamiyatini ham to‘la anglamaymiz. Agar Oy va Mars Yerning yo‘ldoshi bo‘lmaganida, Yerda hayot bo‘lmas edi. Oy Yer ustida suvni va atmosferani saqlab turibdi. Atmosferadagi o‘zgarishlar, shu jumladan, tsiklon va antitsiklon havo oqimlari Oy va Yer magnit maydonlari kuch chiziqlarining o‘zaro ta’siri natijasida sodir bo‘lmoqda. Yer — Oy o‘rtasidagi o‘zaro magnit tortishuvlarining normadan oshib ketishi planetamiz uchun halokatlidir.
Yerning magnit qutblari Quyosh ekvatoridagi magnit qutblari bilan bog‘langan bo‘lib, Quyoshning magnit kuchi Yerni o‘z o‘qi atrrofida (sutka) va Quyosh atrofida (yil) aylantiradi. Yer esa o‘z magnit kuchi bilan Oyning harakatini ta’minlab, o‘z atrofida aylantiradi. Demak, Oyning massa og‘irligi ham Yerning magnit o‘qiga tushmoqda.
Bundan tashqari bizga ma’lumki, Yerning ustki qobig‘ida quruqlik bilan suvlik teng taqsim bo‘lmagan. Sharqiy yarim sharda quruqlik ko‘p bo‘lsa, g‘arbiy yarim sharda suv ko‘p. Agar biz boshlang‘ich meridian deb Grinvich chizig‘ini emas, yerning magnit o‘qi ekvator bilan kesishgan nuqtani olsak, sharqiy yarim sharda quruqlik maydoni g‘arbiy yarim shardagidan 13 foiz, suv esa g‘arbiy yarim sharda sharqiy yarim shardagiga nisbatan xuddi shuncha ko‘pligini ko‘ramiz. Quruqlikka yog‘in shaklida tushayotgan suv miqdoriga nisbatan quruqlikdan jahon okeaniga oqayotgan suv ko‘pdir. Har yili o‘rtacha 540 kub kilometr yoki ikkita Volga, ikkita Dnepr daryolarining bir yillik oqimiga teng suv jahon okeaniga quyilmoqda. Jahon okeanida suv sathi ko‘tarilmoqda. Boshqacha qilib aytganda, quruqlikda har yili ana shu ikki daryo suviga nisbatan ikki barobar ko‘p suv resurslari kamaymoqda. Bu kamayish, asosan, Osiyo qit’asi, shu jumladan, Orol havzasi hisobidan bo‘lmoqda. Jahon okeani sathi 7—8 ming yildan buyon asta-sekin ko‘tarilib boryapti. XVII—XIX asrlarda har yili o‘rtacha 1 millimetrdan yuksalgan bo‘lsa, endilikda, XX asrda 1,5 millimetrdan ko‘paymoqda. 1900 yildan to 1964 yilgacha jahon okeanining sathi 95 millimetr, shu jumladan, Tinch okeani — 60, Atlantika—125, Hind — 40 va nihoyat Shimoliy Muz okeani sathi 100 millimetr ko‘tarilgan.
Yana shunday axborot borkim, har yili Hind okeani suvi 3000, Shimoliy Muz okeani suvi esa 6000 kub kilometrga oshib bormoqda. Chunki Tinch okeanida suvning harakati aktiv bo‘lib, Shimoliy Muz okeanida passivdir. Shimoliy Muz okeanida suvning kirimi ko‘p, chiqimi kam bo‘lganidan Shimoliy qutb og‘irligi ortmoqda.
Shunday qilib, quruqlikda suv resurslarining intensiv kamayishi, jahon okeani sathining ko‘tarilishi, Shimoliy Muz okeanida ortiqcha suv to‘planishi, suv va quruqlikning Yer yuzida teng taqsim bo‘lmaganligi — bularning hammasi Yerning o‘z o‘qi bilan magnit o‘qi o‘rtasidagi masofani orttirmoqda, Yerning o‘z orbitasida muvozanat saqlashiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Boshqacha qilib aytganda, Yerning ekvator bilan orbita tekisligi o‘rtasidagi burchak kattarayotir. Bu burchakka ta’sir etuvchi boshqa bir qancha omillar ham bor, albatta. Butun insoniyat kelgusi avlodlari oldida turgan strategik vazifa ekvator bilan Yer orbita tekisligi o‘rtasidagi burchakni hozirgi 23 gradus 45 minutdan oshirmaslik, so‘ngra, bu burchakni 22 gradusgacha asta-sekin kamaytirishdan iboratdir. Chunki bu burchak astronomik hisobda bir sekundga oshsa, Yer yuzida o‘nlab kuchli zilzilalar, bo‘ronlar, vulqon otilishlari, qurg‘oqchiliklarni keltirib chiqaradi.
Aleksandr Makedonskiy davrida, bundan taxminan ikki yarim ming yil muqaddam Yerning ekvatori bilan orbita tekisligi o‘rtasidagi burchak 22 gradusga teng, shuning uchun Sahroi Kabirdan boshqa dunyoning hamma manzilgohlarida tabiat go‘zal va serfayz bo‘lgan. Bu davrda fan va madaniyat rivojlangan bo‘lsa-da, tabiatni yashnatishga oid biror ish qilinmadi. Davlatlar o‘rtasida dunyoga hokim bo‘lish uchun kurash davom etaverdi. Biror viloyatning tabiati fojiaga uchrasa, uni o‘z holiga tashlab, tabiati go‘zal bo‘lgan boshqa viloyatlarni egallab olaverdilar. Bu tarixiy jarayon Amerika qat’asi kashf etilib, yevropaliklar uni egallab olgunlarigacha davom etdi.
Yevropada kapitalizm rivojlangan, tabiatshunoslik fanlari bir qancha yutuqlarga erishgan bo‘lsa-da, yirik davlatlarga qaram bo‘lgan Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlari xalqlari hayotiga, bu qit’alar tabiatiga mutlaqo g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmadi. Bunday mustamlakachilik siyosati qanchalik og‘ir oqibatlarga olib kelganligini, xalqlar hayoti va tabiatni naqadar fojiali ahvolga tushirganligini birinchi marta qalamga olgan inson 25 yoshli Karl Marks bo‘ldi. U 1853 yilda yozgan «Hindistonda Britaniya hukmronligi» asarida Osiyo va Afrika qit’alarida irrigatsiya va sug‘orish ishlarining naqadar katta ahamiyatga ega ekanligini ko‘rsatib, «Yevropada hosil ob-havoning yaxshi-yomon bo‘lishiga bog‘liq bo‘lsa, Osiyoda hukumatning yaxshi-yomon bo‘lishiga bog‘liqdir. Insoniyat Osiyoning sotsial sharoitida tubdan revolyutsiya qilmasdan turib o‘z zimmasidagi vazifani bajara oladimi-yo‘qmi — gap mana shunda», degan xulosaga keldi.
Tabiatning to butun olam to‘fonigacha bo‘lgan tarixini bilolmaymiz. To‘fondan keyin ona-tabiat o‘z qonuniga muvofiq, asta-sekin organik olam va insoniyat zarariga o‘zgarib, katta-kichik fojialarga uchrab kelmoqda. Insoniyat quldorlik davlatlari paydo bo‘lganidan, Misr piramidalari bunyod etilganidan to hozirgi fan-texnika inqilobi davriga qadar tabiatga mehr-muhabbat bilan yondashish, uni o‘rganish, ijobiy ta’sir o‘tkazish o‘rniga doimo e’tiborsizlik, goho esa nafrat bilan qarab, qirg‘inbarot urushlar vositasida, tabiiy ofatlarning ko‘payishi, chuqurlashuvi uchun «ko‘maklashmoqda» xolos. Fan-texnika rivojlangan sari tabiatga hokim bo‘lish g‘oyasi tobora kuchli tus olmoqda. Hozirgacha Yer atmosferasiga 4000 ga yaqin sun’iy yo‘ldoshlar chiqarilgan, unda zaharli gazlar miqdori juda tez sur’atlar bilan ko‘paymoqda.
Butun olam to‘fonidan to bugungi kungacha tabiatning o‘z qonuniyati va insonning noto‘g‘ri aralashuvi bilan juda katta obod territoriyalar cho‘lu biyobonlarga aylanib ketdi. Shu tarixiy davr ichida ko‘plab daryolar, ko‘llar qurib bitdi, go‘zal manzilgohlar o‘nglanmas halokatga uchradi. O‘simliklar va hayvonot olami ham katta qirg‘inlarga duch keldi. Tog‘larda qor va muz qatlamlari Qizil kitobga yoziladigan darajada kamaydi.
Orol dengizi fojiasi tabiatning tarixidan bir sahifadir. O‘tgan eraning oxirlarida O‘rta Osiyo va Qozog‘iston yoki Orol dengizi havzasida suv resurslari hozirgidan taxminan 1000 marta, ekin maydonlari 10 marta ko‘p, flora — 100 marta, fauna 70 marta boy bo‘lgan. Avvalo, aytish kerakki, Orol fojiasi bu regional problema emas, Orol dengizi havzasi 2,36 million kvadrat kilometr maydonni qamraydi. Buyuk Britaniya, GFR, Ispaniya, Italiya va Frantsiya territoriyalarini birga qo‘shib hisoblaganda, ular maydonidan 1,3 marta kattadir. Fazoda harakat qilayotgan ulkan kema — Yerning ulkan bir bo‘lagi, tarkibiy qismidir. Bu yerda suv resurslarining kamayishi, ulkan dengizning qurishi sayyoramiz harakatiga ta’sir etmasdan qolmaydi. Qadimda hozirgi Kaspiy va Orol bitta dengiz bo‘lgan. Taxminan bundan 4000—5000 yil muqaddam Orol dengizi Kaspiydan ajralgan. Keyingi 2300—2400 yil mobaynida bu dengizlarni suv bilan ta’minlab turuvchi tabiiy manbalar muntazam qashshoqlashib kelmoqda. Masalan, Pomirdagi «Fedchenko» muzligi faqat so‘nggi sakson yil ichida 40—50 km masofaga chekingan.
Xo‘sh, tarixda O‘rta Osiyoda mavjud bo‘lgan o‘sha katta dengiz, tog‘lardagi muzliklar suvi qayoqqa ketdi, Oygami yoki boshqa sayyoralargami? Hech qayoqqa uchib ketgani yo‘q. Hammasi atmosfera orqali jahon okeaniga borib qo‘shildi. Jahon okeanida suv sathi doimiy ravishda ko‘tarilib borishining sabablaridan biri ana shu. Suvning ko‘payishi okeanlar tubidagi bosimni oshiradi, ayni paytda quruqlik yerlar qatlamlarida bosim kamayadi. Yerning o‘z orbitasidagi muvozanati buzilishi natijasida, Quyoshning magnit qutblari Yer magnit o‘qiga ko‘rsatgan ta’siri bilan, Yer yadrosi va mantiya qavat o‘rtasida ishqalanishining kuchayishi sababli tobora ko‘proq ajralib chiqayotgan gazlar birinchi navbatda bosim kamaygan, ayniqsa, ekvatordan 35 gradus shimoliy va janubiy kengliklardagi quruqlik qobig‘ini yorib, vulqon va zilzila shaklida atmosferaga chiqib ketadi. Bunday hodisalar keyingi 300—400 yil ichida tobora kattaroq territoriyalarda sodir bo‘lmoqda. Nyu-york shtati, Olmaota shahri, Alyaska va Chukotka yarim orollarida bo‘lgan voqealar fikrimiz uchun dalildir. Keyingi yillarda Orol dengizida suv kamayishi munosabati bilan turli rayonlarda zilzilalar, vulqonlar aktivligi oshib bormoqda. Bizningcha, Amerika qit’asida, Kaliforniya yarim orolida bo‘lgan zilzilalar, Nyu-York shtatida vulqon otilishi, Mexiko shahriga katta talofat yetkazgan tabiiy ofatning bosh sababi Osiyo qit’asida, jumladan, Orol havzasida suv miqdorining qamayishidir. Orol dengizi qurib qolsa, nima bo‘ladi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Agar bugun Orol qurisa, so‘zsiz erta-indinga (XXI—XXII asrlarga borib) Kaspiy dengizi ham quriydi. Bu ikki dengizning qurib qolishi oqibatida jahon xalqlari boshiga tushadigan kulfat oqibatlarini hisob-kitob qilishga kibernetika fani ham ojiz qoladi. Tabiat hozirning o‘zidayoq taxminimizcha, Turkmaniston va Eronda 11—12 balli, O‘zbekiston va Tojikistonda 10—11 balli, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Turkiya, Kavkaz, Shimoliy Kavkazda 9—10 balli zilzilalar bo‘lishi uchun zamin tayyorlagan. Qurg‘oqchiliklar, ob-havo noqulayliklari zo‘rayib, hosildorlik keskin kamayadi. Natijada oziq-ovqat taqchilligi butun dunyoni qamrab oladi. Shu boisdan ham Sovet Ittifoqida turg‘unlik hukm surayotgan 1971 yilda Shimol va Sibir daryolari suvining bir qismini janubga — Kaspiy va Orol dengizlari havzasiga burish masalasi ko‘tarildi. Demak, Orol havzasini fojiadan qutqarish butun insoniyat istiqbolini ta’minlash uchun ham juda muhim shartdir.
Ochiq aytmoq kerak, bu tadbirning tashkiliy tomoni talabga javob bermas edi. Chunki shunday jahonshumul ish faqat ma’lum soha mutaxassislari — gidrologlar, injener-melioratorlar, tuproqshunos va agroximiklarga topshirilgan edi. Ular suv resurslari kamligidan dehqonlar va chorvadorlar qiynalayotganligini, qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish zarurligini yaxshi bilishar edi. Lekin bu tadbir G‘arbiy Sibir, Janubiy Ural, Qozog‘iston va O‘rta Osiyoning iqlimi, o‘simlik va hayvonot dunyosi, seysmnk holati va nihoyat, Yerning tabiatiga qanday ta’sir etishini chuqur o‘rganmagan edilar. Bu olimu injenerlar Sibir suvini janubga oqizishni noto‘g‘ri yo‘nalishda hal qilishga kirishdilar. Ya’ni suvni birinchi navbatda Orol havzasi emas, Kaspiy dengizi tomon oqizish zarur deb topdilar.
Ular tuzib chiqqan «Asr loyihasi» bo‘yicha qaziladigan kanal marshruti boshdan-oxir noqulay va qimmatga tushadigan qilib belgilangan edi. Ana shunday kamchiliklar, loyihaga qarshi olimlarning turli gipotezalari munosabati bilan «Asr loyihasi» bo‘yicha boshlangan ishlar 1986 yilning avgustida KPSS Markaziy Komiteti va SSSR Ministrlar Sovetining maxsus qarori bilan to‘xtatib qo‘yildi. Loyihaga qarshi gipotezalardan ayrimlarini keltiraman.
— Sibir daryolari janubning issiq energiyasini olib Shimoliy Muz okeaniga quyib, bu bilan uning iqlimini normal holda saqlamoqda. Agarda Sovet Ittifoqi Sibir daryolari suvini Orol havzasiga oqizadigan bo‘lsa, Shimoliy Muz okeanida iqlim normadan pastlab, Skandinaviya yarim orolidagi mamlakatlar, Kanada va Alyaskaning ob-havosi keskin sovib ketadi.
— Sibir daryolari suvining Qozog‘iston va O‘rta Osiyoga oqizilishi Yerning o‘z o‘qi atrofida aylanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ya’ni u sekinlashib, jahon miqyosida tabiiy ofatlarni keltirib chiqaradi.
Bu ikki faraz tarafdorlari Yerning ekvator bilan orbita tekisligi o‘rtasidagi burchakni kichraytirilsa, Shimoliy Muz okeaniga Quyosh nuri hozirgiga qaraganda ko‘proq tushishi, bu esa Shimolda kerakli mo‘‘tadillikni saqlab turishini e’tiborda tutmadilar. Holbuki, Shimoliy Muz okeani va Hind okeanlarida suv normadan ortiq to‘planyapti, ayni paytda ikki okean o‘rtasidagi quruqliklarda suv miqdori keskin kamaymoqda. Shuning uchun Yer yuzida bo‘layotgan tabiiy ofatlarning 55—60 foizi Yevrosiyoning mazkur okeanlar o‘rtalig‘idagi quruqliklarga to‘g‘ri kelyapti.
— Suvdan tejamkorlik bilan foydalanilsa, xo‘jaliklar suv uchun haq to‘lasa (?), mavjud ekin maydonlari ikki baravar ko‘paysa (?) ham, O‘rta Osiyoda suv resurslari yetarlidir. Sibir daryolari suvini O‘rta Osiyoga oqizish iqtisodiy jihatdan juda qimmatga tushadi, o‘zini qoplashi uchun 30 yil kerak. Bu faraz mualliflari: akademik A. Aganbegyan va V. Perevedentsev.
— Sibir daryolari suvi Qozog‘iston va O‘rta Osiyoga burilsa, Shimoliy Muz okeani abadiy muzlikka aylanadi va kemalar qatnay olmaydi. Shuningdek, G‘arbiy Sibirda Yupiterdagi katta qizil dog‘ni eslatuvchi mangu torf alangasi paydo bo‘ladi.
To‘rtinchi faraz muallifi falsafa fanlari doktori Yu. Shkolenkodir.
— Orolbo‘yi ekologik fojiaga uchragan. Bu ekstensiv yo‘l bilan sho‘r yerlarni o‘zlashtirish va o‘ylamasdan ko‘pdan ko‘p suv havzalari barpo etish, drenaj suvlarini daryoga tashlash, paxta maydonlarini haddan tashqari kengaytirish oqibatidir. Bu fojiadan qutulish yo‘li — paxta maydonlarini tobora kamaytirish, iloji bo‘lsa, uni (paxtani) boshqa ekinlar bilan almashtirish, barcha kanal va ariqlarni betonlashtirish, g‘o‘zani tuproq tagidan va tomchilatib sug‘orish, oziq-ovqat va yem-xashak ekinlariga ko‘proq e’tibor berish, sug‘orish normalarini kamaytirish, Orolbo‘yi aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, geografik qulay joylarga qayta taqsimlash — boshqa joylarga ko‘chirish, ularni qayta o‘qitib, boshqa kasblarni o‘rgatish va hokazo... Bu takliflarni «Pravda» gazetasining 1988 yil 14 iyun sonida SSSR FA muxbir a’zosi V. Kotlyakov ilgari surgan edi.
Ko‘rinadiki, hech bir farazda masalaga kompleks yondoshilmagan. Hech bir olimning nazari muammoni lozim darajada yuksaklikda turib, ulkan miqyoslari va barcha qirralari bilan qamrab ololgan emas. Orol dengizning qurish jarayoni esa hali to‘xtagani yo‘q. Tabiiy muvozanat asta-sekin bir tomonga og‘ayotir. Shunday ekan, endilikda bizga ma’lum soha olimlarining faqat o‘z yo‘nalishiga tortib ketadigan biryoqlama taxmin va ko‘rsatmalari emas, balki O‘rta Osiyodek juda katta regionda yuz bergan fojiaviy ahvolni barcha jihatlari bilan yoritib, kishilar hayotidan boshlab, to Yer shari tabiiy muvozanatigacha bo‘lgan oraliqda bu hol yuzaga keltiradigan og‘ir talofatlarning oldi olinishini garantiyalovchi aniq, puxta ilmiy tadqiqotlar zarur. Bir so‘z bilan aytganda, masala juda bahstalab. Ekologik falokat yoqasida turgan katta regionni suv bilan ta’minlash, Orolni qutqarib qolishning konkret yo‘llari haligacha aniq ko‘rsatib berilmadi. Bu regionda yuz bergan holat tufayli SSSR ekonomikasi har yili 10—15 milliard so‘m zarar ko‘rmoqda. Orol havzasida suv resurslarining kamayib borishi, bu regiondan juda ko‘p tabiiy gaz, neft va boshqa yer osti boyliklari qazib olinayotganligi natijasida regional mutanosiblik buzilib, Yer o‘z muvozanatini tiklash jarayonida yuz bergan zilzilalar oqibatida ko‘rilgan zarar hadsiz-hisobidir. Aytmoqchimizki, Orol havzasini ekologik fojiadan qutqarish, olamshumul ahamiyat kasb etib, bu yo‘lda eng to‘g‘ri chora-tadbirlar ishlab chiqish mamlakatimiz, qolaversa, butun dunyo olimlari oldidagi eng dolzarb vazifa bo‘lib qoldi.
“Yoshlik” jurnali, 1989 yil, 8-son