OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nafisa Sodiqova. Xazinaning egasi kim? (1990)

SSSR xalqlari tarixini biz Kavkazortidagi Urartu davlati tarixidan va O'rta Osiyo hududida eramizdan avvalgi VI-V asrlarda ro‘y bergan voqealar talqinidan boshlaymiz», deyilgan «Qadimgi mualliflar O'rta Osiyo haqida» (Toshkent, 1940. Rus tilida) kitobida. Darhaqiqat, yurtimiz qadimiy yurt. O'rta Osiyo qadim-qadimdan Yaqin Sharq va G'arb davlatlari, ya'ni Urartu, Misr, Yunoniston, Bobil, Rim kabi davlatlari bilan iqtisodiy savdo aloqalari qilgan boy o‘lka. Shuning uchun ham u doimo chet el istilochilarining diqqat markazida bo‘lgan. Buning ustiga, boy-feodallarning o‘zaro ichki ziddiyatlari tufayli, O'rta Osiyoda urush, to‘s-to‘polonlar tez-tez bo‘lib turgan. Binobarin, madaniy yodgorliklar boylik manbai bo‘lib, hukmron doiralar qo‘lida shaxsiy mulk sifatida to‘plangan. Ovrupo va Rossiya davlatining markazida esa tarix, san'at va madaniyat yodgorliklarini to‘plash butunlay boshqacha yo‘sinda bo‘lgan. Masalan, Peterburgda 1719 yili Petr Birinchining qimmatli va noyob san'at, madaniyat, tarix, arxeologiya va boshqa yodgorliklardan iborat kollektsiyasi asosida Kunstkamera, ya'ni Rossiyada birinchi muzey ochiladi. Qishki saroydagi (Ermitaj) alohida zallar ham Ovrupo va dunyo madaniyatining noyob durdonalaridan yig‘ilgan kollektsiyalar ko‘rgazmasidan iborat edi.

Ermitaj Rossiya podshosi Yekaterina II davrida ayniqsa boyigan va kengaytirilgan. U o‘z vakillarini Yevropa davlatlariga jo‘natib, juda katta mablag‘ sarflab, dunyodagi mashhur musavvirlar asarlarini, nodir gobelenlar - suratli gilamlarni to‘plagan. Natijada, Qishki saroy torlik qilib qolganidan so‘ng, qo‘shimcha bino qurilib Ermitaj zallari 2-3 barobariga kengaytiriladi. Faqat Ermitaj emas, yozgi saroy - Petergof, Sarskoe selo, Yelizaveta saroyi ham boyitib boriladi. Rossiyada graflar, knyazlar qasr va saroylar qurib, tasviriy san'at, nodir buyumlar ko‘rgazmalariga aylantirganlar. Moskvadagi Sheremetev va Yusupov saroylari shular jumlasidandir.

Bulardan tashqari, Peterburgda podsho kutubxonasi tashkil etilib, 300-400 yillar davomida uzluksiz bebaho nodir ma'naviy yodgorliklar bilan boyitilib kelingan. Keyinchalik shoh kutubxona va saroylari chor hukumati tomonidan bosib olingan o‘lkalardan tashib keltirilgan noyob ma'naviy va madaniy yodgorliklar bilan yanada boyitib borilgan.

O'rta Osiyoda esa hayot tarzi va tarixi taqozosi butunlay boshqacha bo‘lgan.

Arxeologlarning izlanishlari natijasi o‘laroq, biz bugun O'rta Osiyo zaminining naqadar boy va muftunkor san'at diyori bo‘lganini ko‘ramiz. Afrosiyob, Varaxsha,, Bolaliktepa, Ayritom, Fayoztepa saroylarining hashamatli devor bezaklari va ularning ulug‘vorligi qadim ustalarning betakror nozik didi, chuqur ilmlaridan darak beradi. Shu bilan birga, Turon hukmdorlarining hayot tarzi juda dabdabali bo‘lib, ular behisob boylikka ega zkanliklarini ko‘rsatadi.

Ammo O'rta Osiyo qismati juda og‘ir kechdi: Bosqinchilik urushlari, doimiy qirg‘inlar tufayli, betakror xon saroylari va go‘zal shaharlar vayronaga aylanib, yig‘ilgan bebaho boyliklar g‘oliblar o‘ljasi bo‘ldi.

Muarrix Muhammad Narshaxiyning guvohlik berishicha, arablar Buxoro va Paykand janglaridan hisobsiz tillo-kumush buyumlar, qurol-aslahalar, qimmatbaho kiyim-kechaklardan iborat katta o‘lja bilan qaytganlar.

Arab istilosi davrida xazina to‘plash, madaniy boylik jamg‘arish ishlarida durustroq siljish yuz bermadi.

O'rta Osiyoda mustaqil somoniylar davlatining (IX-X asrlar) barpo bo‘lishi bu borada tubdan o‘zga-rish yasadi. Bu davrda saroy boyliklaridan tashqari, katta kutubxonalar, arxivlar barpo etilib, «xazina» so‘zi endi ma'naviy boyliklar to‘plangan arxiv va kutubxonalarga nisbatan ham qo‘llaniladigan bo‘ldi. Tarix guvohligicha, X asrdagi Buxoro va Sheroz shoh-amir kutubxonalarida insoniyat yaratgan hamma kitoblar bo‘lgan ekan.

Ayniqsa, Buxorodagi kutubxona mashhur bo‘lib, xalqimizning buyuk farzandi, qomuschi olim Abu Ali ibn Sino ham shu yerda mutolaa qilgan.

Sheroz kutubxonasi ham o‘z xazinasi bilan Buxoronikidan qolishmas edi.

G'aznaviylar sulolasining asoschisi Mahmud G'aznaviy ham juda ko‘p qo‘lyozma va kitoblar to‘plagan. Arman tarixchilarining ta'rificha, uning kutubxonasi yerdan shiftgacha qadimgi va yangi kitoblar bilan tirband bo‘lgan.

Go‘zal saroylar, qasrlar, maqbaralar qurishda, nodir bsyliklar to‘plashda Xorazm shohi Muhammad katta ishlar qildi. Ammo ming afsuski, bu yaratilgan go‘zalliklar, betakror yodgorliklar, mo‘g‘ul bosqinchilari istilosi tufayli, kuli ko‘kka sovurildi. Butun shaharlar yer yuzidan yo‘qotildi. Kutubxonalar, madaniy markazlar, go‘zal qasrlar, shafqatsiz, vahshiylarcha yondirildi. Mo‘g‘ullar yerli xalqqa behisob kulfat, musibat, baxtsizliklar keltirdilar.

Mo‘g‘ullar bosqini 100 yillar davomida madaniy taraqqiyotni orqaga surdi. Oradan 150 yil o‘tgandan so‘ng, O'rta Osiyoda fan va madaniyat kurtaklari paydo bo‘la boshladi. Ayniqsa, Amir Temur tomonidan yagona markazlashgan davlat tuzilishi va Samarqandning poytaxt qilinishi katta boyliklarning to‘planishiga sabab bo‘ldi. Me'moriy yodgorliklar, saroylar qurildi. Samarqandda katta kutubxona barpo etildi. Shu davrda Amir Temur Xoja Ahmad Yassaviy sag‘anasi ustiga maqbara va oldiga katta ulug‘vor machit qurdirdi. Machit oldingi xonasining o‘rtasida 2 tonnalik mis qozon o‘rnatildi. Bu qozon misdan yaratilgan shoh asar bo‘libgina qolmay, o‘sha davrning yuksak texnika yutug‘i ham hisoblangan. Bu noyob qozon yaqin-yaqinlargacha Ermitaj zallarini bezab keldi. (U Qozog‘iston hukumatining SSSR Madaniyat vazirligi oldiga qo‘ygan talabiga binoan, 1989 yili Qozog‘istonga qaytarildi va Ahmad Yassaviy maqbarasidan o‘z joyini egalladi.)

XIX asrning birinchi yarmida yevropalik olimlar mahalliy xalqlar tarixi, turmushi, diniy e'tiqodi, etnografiyasiga qiziqib, Sharq xalqlarining yozma yodgorliklariga, ayniqsa, tarixiy manbalarga murojaat etdilar.

Sharqshunos X. D. Fren 1834 yili O'rta Osiyodan izlab topish mumkin bo‘lgan Sharq mualliflariga mansub «Yuz asar»ning xronologik ro‘yxatini tuzib chiqdi. Rossiya moliya vazirligi Orenburgdagi bojxonaga ro‘yxatda ko‘rsatilgan qo‘lyozmalarni O'rta Osiyo shaharlaridan savdogarlar orqali sotib olish va ularni kutubxonalarga topshirishga e'tiborini qaratish haqida farmoyish berdi. Natijada, Sharq xalqlari tarixi va geografiyasiga doir ancha-muncha qo‘lyozmalar to‘planadi. Qo‘lyozmalar to‘plash o‘zbek xonliklarini zabt etish davrida, ayniqsa, tezlashdi.

1853 yili rus qo‘shinlari Oqmachit qal'asini bosib olganidan to turkman yerlari bosib olingungacha (1882)bo‘lgan barcha yurishlar davomida, rus olimlari arxiv, kutubxona va boshqa madaniy yodgorliklarni qo‘lga kiritishni uyushqoqlik bilan olib bordilar.

1868 yil Samarqanddan Turkistonning birinchi general-gubernatori K. B. Kaufman (1862-1882) tomonidan mashhur Usmon Qur'oni Peterburg kutubxonasi uchun jo‘natilgan edi. 1870 yili Buxoro amiri fuqarolari qo‘zg‘olonini bostirishda qatnashgan harbiy ekspeditsiya Shahrisabz va Kitob bekliklariga qarashli joylardan ko‘pgina qadimiy qo‘lyozmalar (97 jildga yaqin) olib qaytdi.

1873 yili Xivaga qilgan katta harbiy yurishga tayyorgarlik paytida, Rossiya jug‘rofiya jamiyati xonlikka qarashli yerlarda va unga tutash territoriyada geografik, etnografik hamda madaniy-tarixiy jihatdan tadqiqot o‘tkazish, shuningdek, madaniy qimmatga ega bo‘lgan turli boyliklar to‘plashning keng programmasini ishlab chiqdi. Xpva yurishiga boshchilik qilgan Kaufman sharqshunos A. L. Kun (1840-1888) zimmasiga Peterburg kutubxona va muzeylari uchun hamma nodir boyliklarni jo‘natib turish vazifasini yukladi. Yana rus armiyasi soldat va ofitserlariga qo‘lyozma, arxiv, tanga va boshqa qimmatli buyumlarni to‘plash yo‘llari ham ko‘rsatilgan edi.

A. L. Kun o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifani to‘la bajarishga intildi. Xon saroyidan ko‘pgina qimmatli qo‘lyozmalarni qo‘lga kiritdi. Xon kutubxonasidan 300 tacha kitob qo‘lyozmasi musodara qilindi va o‘sha yiliyoq Peterburgdagi (1873) Imperator xalq kutubxonasiga jo‘natildi (B. V. Luning). Bundan tashqari, Kun va uning yordamchilari Xiva xonlari tanga zarb etish uchun ishlatgan 200 nusxa qolip, bir dasta muhr, mashhur Xiva ustalari ishlagan Xiva xonining taxti, 172 nusxa jo‘jilar tangasi va qo‘ng‘irot sulolasi xonlariga oid tangalardan 3 nusxadan, shuningdek, bir qancha nodir-etnografik buyumlar olib ketdilar (B. V. Luning). Ular orasida kandakorlik san'atining yuksak namunasi bo‘lmish nodir xon taxti alohida e'tiborga molik. 1874 yili bu taxtni, saqlash uchun, qurol-aslaha palatasiga topshirilgan (G. N. Chabrov). Xivadan olib ketilgan ayollar va bolalar kiyimlari, oltin va kumushdan ishlangan ko‘pdan-ko‘p turli bezaklar ham keyinchalik Sarskoe selo qo‘riqxonasiga, Moskva politexnika muzeyiga va Peterburgdagi badiiy rag‘batlantirish jamiyati muzeyiga topshirilgan. Keyinroq Xiva qimmatbaho buyumlarining katta qismi Davlat Ermitajiga, etnografik buyumlarning bir qismi esa Moskvadagi Leshkov etnografik muzeyiga kelib tushdi.

Qo‘qon qo‘zg‘olonini bostirish va xonlikni tugatish paytida (1875-1876) tarix, tabobat, fiqh va diniy ilmlarga oid asarlardan iborat jami 130 chamasi qo‘lyozma qo‘lga kiritildi va Imperator Xalq kutubxonasiga jo‘natildi (G. N. Chabrov).

Bu davrda yana bir harakat boshlandi, ya'ni rus ofitser va generallarining kollektsiyachilik havaslari oshib ketib, O'rta Osiyo xalqlari madaniy yodgorliklarini arzon-garov sotib olishib, xususiy boylik orttira boshladilar.

Zarafshon okrugining boshlig‘i general A. Abramov, Sirdaryo viloyati harbiy gubernatori general N. Golovachev, Amudaryo bo‘limi boshlig‘i A. Galkin va boshqalar to‘plagan tanga kollektsiyalari, qimmatbaho buyumlar bunga yorqin misoldir.

Rus olimlari esa Peterburg, Moskva muzey va kutubxonalarini Turkiston buyumlari hamda qo‘lyozmalari bilan to‘ldirib borardilar. Ular o‘lkani o‘rganish mobaynida mahalliy aholining turli vakillari bilan yaqin aloqada bo‘ldilar va Turkistonda olib borgan ilmiy ishlarida mahalliy kishilarga tayandilar.

Samarqandlik Mirza Qosimov shahardagi yodgorliklar arxitekturasi qoplamalarining lavhalarini to‘plovchi kishi sifatida mashhur edi. Jizzax darasidagi yozuvlar lavhasi ham shu ajoyib xattot-rassom tomenidan qog‘ozga tushirilgan. U tayyorlagan Ulug‘bek madrasining qo‘lyozma chizmasi saqlanib qolgan.

Ilmiy ahamiyatga molik yodgorlik to‘plovchilar ichida eng faollaridan biri toshkentlik savdogar Akram Asqarov bo‘lgan. U noyob arxeologik obidalarning Turkistondagi atoqli to‘plovchisi va Parijdagi Ilmiy arxeologik jamiyatning a'zosi edi. Asqarov qadimgi tanga va yodgorliklarni to‘plashda shunday malaka hosil qilganki, natijada tangalarning zarb etilishi vaqtini deyarli aniq belgilay olgan.

Akram Asqarov o‘z vasiyatnomasida kollektsiyalarini hukumatga topshirishlarini iltimos qilgan. Biroq Asqarovning o‘limidan keyin, u yiqqan narsalar bo‘lak-bo‘lak holda sotilib, turli odamlar qo‘liga o‘tib ketdi. Uning kollektsiyasining katta qismi- 14 ming tanga va 280 nodir buyum, Turkiston general-gubernatori A. B. Vrevskiy farmoyishi bilan, Peterburgga jo‘natildi («Turkestanskie vedomosti», 1892, 31-son).

Mahalliy yodgorlik muxlislari va to‘plovchilari orasida katta qobiliyatli, rus shaharlari bo‘ylab bir necha bor sayohat qilgan, faol va yirik kollektsioner, samarqandlik Mirza Abdulla Buxoriy ham bor edi. U ipak fabrikasining egasi, zamonasining ilg‘or fikrli kishisi bo‘lgan. Mirza Buxoriy o‘z ixtiyori bilan 1888 yilning 21-oktyabrida Peterburgga 6 yashik qadimgi tanga va boshqa buyumlarini tekinga yubordi (hammasi - 6300 narsa).

Mirza Abdulla Buxoriyning qimmatli yodgorliklari Ermitaj ixtiyoriga o‘tkazilgan. U maqsadini shunday bayon etadi: «Har qalay, umumiy manfaat va Rossiya ilm-fanini ko‘zlab hamda ulusimizdan... boshqalar ham bu qadimgi narsalar xususida alohida tushunchaga ega bo‘lishlari uchun, Turkiston o‘lkasida bu ish bilan hammadan ko‘proq men shug‘ullanganimni unutmasliklari uchun yodgorlik qoldirishga harakat qilaman» (B. V. Lunin).

Boshqa bir o‘lkashunos, qadimgi buyumlar muxlisi, haqiqiy etnograf Shohimardon Ibrohimov esa yuksak ma'rifatli va madaniyatli kishi sifatida ajralib turadi. O'rta Osiyo xalqlari etnografiyasiga oid ko‘pgina asarlar uning qalamiga mansubdir.

Shayboniyxon madrasasida mudarrislik qilgan Abu Said Maxsum ham mahalliy o‘lkashunos, qadimgi buyumlar ishqibozi va to‘plovchisi bo‘lgan. Mohir xattot, arab yozuvini mukammal bilgan Abu Said Samarqandning tarixiy yodgorliklari, jumladan, Go‘ri Amir, Shohi Zinda maqbaralari va boshqa inshootlarda saqlanib qolgan, o‘qish ancha mushkul bo‘lgan yozuvlardai muvaffaqiyatli ravishda nusxa ko‘chirgan. U bilan shaxsan tanish bo‘lgan V. V. Bartold Abu Saiddan Osiyo muzeyi uchun Sulton Shohruh davridan to shayboniyxonlar sulolasining so‘nggi davrigacha mansub turli yorliq va hujjatlarni sotib olgan. Uning nomi mashhur Ulug‘bek rasadxonasi qoldiqlarini aniqlash bilan bog‘liq bo‘lib, u arxeolog V. L. Vyatkin bilan 1908-1909 yillarda Obirahmat arig‘i yaqinidagi Poyirasad tepaligida qazuv ishlarini olib borgan. Natijada, o‘zbek xalqining jahon ahamiyatiga molik ajoyib madaniy yodgorliklaridan biri - Ulug‘bek rasadxonasi kashf etildi.

Yettisuv viloyatida arxeologiya va etnografiya bilan Turdi Mirg‘iyosov shug‘ullanib, qimmatli yodgorliklarni 16 yil to‘plagan.

Shu tariqa, rus olimlari va mahalliy o‘lkashunoslar Peterburg, Moskva muzey va kutubxonalarini O'rta Osiyo moddiy-manaviy yodgorliklari bilan to‘ldirib bordilar.

Chor hukumati Turkiston o‘lkasi xalq ommasiga milliy jihatdan o‘zini anglash uchun imkon bermas, chunki ular orasida tarixiy bilimlarni keng tashviqot qilish va ular e'tiborini qadimgi yodgorliklarga jalb etish chorizmning mustamlaka siyosatiga futur yetkazadi, deb hisobladilar. Lekin O'rta Osiyoni o‘z mustamlaka mulki deb bilgan chor hukumati bu o‘lkaning beqiyos boyliklarini o‘zlashtirish va o‘zining Sharqdagi istehkomiga aylantirish uchun Turkistonni ilmiy asosda o‘rganish zarurligini yaxshi tushunardi. Buning uchun qulay muassasa muzey edi. A. P. Fedchenko, I. V. Mushketov, V. F. Oshanin, V. V. Bartold va boshqalar Turkistonda muzeylar qurilishining tashabbuskorlari bo‘ldilar.

1376 yili birinchi bo‘lib Toshkent muzeyi, 1896 yili Samarqand, 1898 yili Yettisuv, 1899 yili Farg‘ona va Kaspiyorti (Asxabad) o‘lka muzeyi barpo etildi.

Oktyabr to‘ntarishidan keyin esa mamlakatda muzey ishlari ikki yo‘nalish bo‘yicha rivojlana boshladi. Bu - birinchidan, musodara qilingan qadimgi yodgorliklar va san'at asarlarini davlat muassasalarida jamlash, ularni muzey xazinalariga topshirish va muzeylar tarmog‘ini kengaytirish yo‘li bilan bo‘lsa; ikkinchidan, muzeylarni yangi binolar bilan ta'minlash, mavjudlarini yuridik jihatdan mustahkamlash tadbirlari ko‘rildi.

Bu jarayon Turkistonda qanday o‘tdi? Agar Sovet Rossiyada 1918 yildan 1923 yilgacha bo‘lgan davrda 150 dan ortiq yangi muzey yuzaga kelgan bo‘lsa, Turkistonda plu davr ichida atigi 4 muzey ochildi, xolos.

Mavjud muzeylar fondini to‘ldirish borasida ham ana shunday keskin tafovutni ko‘rish mumkin edi. Masalan, shu yillar mobaynida, Ermitaj va Rus muzeyi fondiga 100 mingdan ortiq qadimgi san'at va madaniyat yodgorliklari, Rumyantsev muzeyiga rus va G'arbiy Yevropa san'ati namunalaridan 2500, Tretyakov galereyasiga 2000 tasi topshirildi. Buning sababi shundan ibrratki, rangtasvir asarlari, chinni idishlar, nodir buyumlar kollektsiyalari juda ko‘p bo‘lgan podsho saroylari, dvoryanlar qasrlari, shahar va dang‘illama dala uylari, ya'ni Ermitaj, Petergof, Sarskoe selo, Yekaterina saroyi, Sheremetev, Yusupov qasrlari va boshqa yuzlab hashamatli imoratlar markaziy rayonlarda to‘plangan edi. Musodaraning amalga oshishi va ko‘p saroylar egalarining hamma narsalarini tashlab qochib ketishlari muzeylar uchun eksponatlar sonini tezda ko‘paytirish, mavjud fonlarni esa misli ko‘rilmagan darajada kengaytirish imkonini berdi.

Chor Rossiyasining sobiq mustamlakasi bo‘lgan Turkiston, aksincha, bunday sharoitga ega emasdi. Mahalliy boy va feodallardan juda oz qismi suratlar va san'atning boshqa yodgorliklarini to‘plash bilan shug‘ullanganlar. Chor amaldorlari orasida esa kollektsionerlar ozchilikni tashkil etardi, lekin ularning bor kolektsiyalari ham unchalik ahamiyatli emas edi. Buxoro va Xiva xonliklarining xazinalari Turkiston muzeylari fondiga jamg‘arilmadi, davlat ixtiyoriga olinib, bo‘laklarga bo‘linib ketdi.

Markaziy rayonlardan farqli o‘laroq Turkrespublikada yangi muzeylar barpo etish uchun yaroqli binolar, saroylar, dang‘illama uylar hovlilar va hokazolar yo‘q edi. Tarixiy qimmatga ega bo‘lgan me'morlik yodgorliklari yarim vayrona holatida edi. Chorizmning mustamlakachilik siyosati o‘lkaking faqat iqtisodiy emas balki, madaniy rivojida ham o‘z izini qoldirgan edi. Yangi muzeylar yopilgan ko‘rgazmalarning eksponatlari, ilmiy jamiyatlarshshg kollektsiyalari, shaxsiy in'omlar, shuningdek, Moskva va Leningrad muzeylarining ikkinchi darajali ashyolari hisobiga tashkil etilardi.

Sovet davlatining 1917-1918 yillarda o‘tmishda xalqqa tegishli bo‘lgan badiiy va ilmiy boyliklarni o‘ziga qaytarish to‘g‘risidagi qarorlari chuqur mazmunga ega edi. Shu qarorlarga binoan. V. I. Lenin imzosi bilan, chorizm davrida milliy o‘lkalardan zo‘rlab olib ketilgan ancha nodir yodgorliklar qaytarildi. Jumladan, ukrain xalqiga uning tarixiy yodgorliklari - bayroqlar, tug‘lar, yorliq va boshqa qimmatli narsalar, Turkiston aholisiga chorizm tomonidan 1865 yili Peterburgga olib ketilgan musulmonlarning muqaddas, tabarruk kitobi Usmon Qur'oni (VIII asr yozma yodgorligi) qaytarib berildi.

Afsuski, Lenin tomonidan boshlab berilgan bu adolatli ish keyinchalik butunlay to‘xtab qoldi.

Sovet hukumatining dastlabki yillaridagi qadimgi yodgorliklarni va san'at asarlarini muhofaza etish hamda ta'mirlash, yangi muzeylar ochish, tabiatni muhofaza etish, arxeologik qazilmalar olib borish, ilmiy merosni to‘plash ishlariga juda katta ahamiyat berilar edi. Shu ishlarni boshqarish uchun maxsus komitet - Turkomstaris barpo etildi (keyinchalik Sredazkomstaris bo‘ldi). Bu komitetlar Turkistondagi katta ilmiy-tadqiqot ishlarini boshqaruvchi markazga aylandi.

Turkomstaris katta vakolatga ega edi. Uning ruxsatisiz bironta ilmiy kollektsiya respublika tashqarisiga chiqarilmas yoki ekspeditsiya uyushtirilmas edi.

Ilmiy tadqiqot, ilmiy ekspeditsiya va safarlar tashkil qilinib, muzey fondlari arxeologiya, etnografiya va tabiat boyliklarini ko‘rsatuvchi nodir kollektsiyalar bilan to‘ldirildi. Bu ishlarga V. V. Bartold, A. A. Semyonov, A. A. Divaev, M. Ye. Masson, L. V. Oshanin, A. M. Mironov, M. O. Andreev, Turdi Mirg‘iyosov kabi olimlar bosh-qosh bo‘ldilar. Muzey tarmoqlari kengaydi, tarixiy, arxeologik, arxitektura yodgorliklarp aniqlanib, ta'mirlash ishlari yo‘lga qo‘yildi.

Ilg‘or rus olimlari fan uchun betakror yodgorliklarni saqlab qolish va kelajak avlodlarga yetkazish borasida katta jonbozlik ko‘rsatdilar. Shu o‘rinda Turkomstaris raisi D. I. Nechkinning 1922 yili Maorif Xalq komissari A. V. Lunacharskiyga yo‘llagan bir xatini keltirmoqchiman: «Adabiyot, muzika va san'atning boshqa turlariga oid yodgorliklarning nihoyatda qashshoqligi, - deb yozgan edi u, - Turkiston respublikasi xalqlarining eng mo‘‘tabar, eng qimmatli boyliklari taqdiriga favqulodda hushyorlik va hamdardlik bilan munosabatda bo‘lishga majbur etadi. Ularning nobud bo‘lishi xalqning chinakam baxtsizligidir va bizning zimmamizdagi katta mas'uliyat - bunga yo‘l qo‘ymaslikdan iborat. Oktyabr revolyutsiyasi boshlangan kundanoq biz, ya'ni Sovet hokimiyatining vakillari va ishonchli kishilari bu yodgorliklarni asrab qolishdek mas'uliyatni zimmamizga olgan ekanmiz, yaqinlashib kelayotgan halokatni ko‘ra turib, mablag‘ yo‘q degancha qo‘l qovushtirib chetda tura olmaymiz. Mablag‘ topilishi kerak. Bu boshqa masalalardan tashqari, Sovet hokimiyatining or-nomusidir». (Bu o‘rinda gap Samarqandning jahonga mashhur yodgorliklari haqida boradi).

Xuddi shunday xat RKP (b) Markaziy Komitetining sekretari V. V. Kuybishevga ham yuborilgan va unda Turkiston xalqlari qadimiy yodgorliklarining taqdiriga qayg‘urish, undan xavotirlanish tuyg‘ulari bildirilgan edi. Mamlakat 1920-yillarda iqtisodiy-ijtimoiy qiyin ahvolda bo‘lishiga qaramasan, tarixiy va madaniy merosga ahamiyat kuchli edi.

Turkiston respublikasining 1923 yili chiqarilgan qaroriga binoan, Turkomstaris chet ellardan ilmiy nashrlarni bojsiz olish va ayirboshlash uchun boshqa chet davlatlar ilmiy muassasalari bilan bevosita muloqotda bo‘lish huquqidan foydalanadigan tashkilotlar qatoriga kiritildi.

Ana shu davrda Turkistonda muzey qurilishi va fondlarga qimmatli kollektsiyalar to‘plash birmuncha samarali bo‘ldi. Ming afsuski, keyingi yillarda tarix, arxitektura, arxeologik va madaniy yodgorliklarga e'tibor susaya bordi. Dunyoga mashhur me'moriy yodgorliklar omborxonalarga joylandi, bebaho naqshlar yemirila boshladi. Ko‘p yodgorliklar vayron bo‘ldi, muzeylar tarmog‘i qisqarib, etnografik, arxeologik ekspeditsiyalar doirasi torayib bordi. Madaniyatimiz taraqqiyoti ancha orqaga ketdi.

Muzey kollektsiyalarini to‘plash - ilmiy izlanish samarasidir. Yuzlab, minglab, yuz minglab to‘plangan buyumlar - faqat mashaqqatli izlanishlargina emas, ayni paytda har bir predmetni aniqlash, o‘rganish, ilmiy qayd etish bilan bog‘liq bo‘lgan minglab tarix ham demakdir.

Hozirgi kunda faqat jumhuriyat davlat muzeylarida saqlanayotgan ana shunday durdonalarning soni millionga yaqinlashdi. Umuman, hozirgi kunda respublikada 50 dan ortiq davlat, 100 dan ortiq xalq va jamoat muzeylari ishlab turibdi. Bu muzeylar fondlaridagi manbalar asosida ilmiy ishlar olib borilib, monografiyalar yozilmoqda, katalog, albomlar chiqarilmoqda.

Davr bugungi kunda muzey jamoatchiligi oldiga birmuncha muammolarni qo‘ymoqdaki, ularni biz jumhuriyat ilmiy jamoatchiligining tashabbusi va O'zbekiston hukumatining qo‘llab-quvvatlashi bilangina amalga oshirishimiz mumkin.

Bular quyidagilardir:

1. Chorizm davrida Turkiston diyoridan markazga olib ketilgan noyob tarix va san'at durdonalari o‘z joyiga qaytarilishi zarur! Masalan, Xiva xonining taxti. Bu taxt Xorazm ustalarining buyuk asari bo‘lib, Kremldagi «Qurol-aslaha palatasi» muzeyida saqlanmoqda. Yana Ermitajda O'rta Osiyoda zarb etilgan, xon saroylaridan olib ketilgan tilla va kumush tangalar, xazinalar, muhrlar va badiiy ahamiyatga zga bo‘lgan nodir san'at yodgorliklari saqlanmoqda; Britaniya muzeyida saqlanayotgan Amudaryo xazinasi durdonalaridan (miloddan ilgarigi V-VIII asrlar) nusxalar va boshqa buyumlar ham shu muzeyda. Bular hammasi xalqimizga qaytarilishi lozim.

2. Buxorodagi amirning yozgi qarorgohi bo‘lgan Sitorai Mohi Xossani Petergofga o‘xshatib saroy muzeyi sifatida tiklash zarur.

3. Muzeylarning xalqaro aloqalari hozircha faqat Moskva, Leningrad markaziy muzeylarining monopoliyasi bo‘lib qolmoqda. Hozirgi kunda SSSR dunyodagi 150 chet mamlakat bilan madaniy aloqa olib boradi.

Bizningcha, O'zbekiston muzeylarining ham chet el muzeylari bilan mustaqil aloqa bog‘lash davri keldi: Samarqand, Toshkent, Buxoro, Xiva muzey fondi durdonalaridan tuzilgan ko‘rgazmalar ayriboshlash, muzey xodimlarini malaka oshirish uchun chet ellarga yuborish, chet el muzeylarida O'rta Osiyo madaniyati va san'atiga taalluqli nodir yodgorliklar nusxalarini to‘plash ishlarini boshlash lozim.

4. O'zbekiston muzeylarida saqlanayotgan nodir yodgorliklarning yagona yig‘ma katalogini tuzish lozim.

5. Muzeylarning moddiy-texnika bazasini kuchaytirish kerak.

6. O'lkamizdagi Turkiston general-gubernatoriga va rus olimlarining tashabbusi bilan 1876 yili barpo etilgan 115 yil davomida dunyo miqyosidagi arxeolog va o‘lkashunos olimlar - V. V. Bartold, M. S. Andreev, A. A. Semyonov, V. L. Vyatkin, I. I. Umnyakov. A. E. Shmidt, Ya. G'ulomov, T. Mirg‘iyosov va boshqa yirik olimlarning ilmiy mahsullarini mujassamlashtirgan O'zbekiston xalqlari tarixi muzeyi bir necha yillardan beri, binosi vayrona holida bo‘lgani uchun, berkitilgan va o‘z ekspozitsiyasini xalqimizga ko‘rsatishdan mahrum qilingan. Nahotki, shunday respublikada o‘zbek xalqining qadimiy va hozirgi tarixini, madaniyati, turmush tarzini ko‘rsatishga loyiq bir bino topilmasa yoki yangisi qurilmasa! O'lkamiz madaniy merosining 200.000 dan ortiq nodir yodgorliklari qulf ostida zanjirband holda yotsa!

Buxoro, Xiva muzeylari ham bunday ahvoldan xoli emas. Biz respublika jamoatchiligi, ziyolilar, olimlar va mutasaddi rahbarlar ko‘tarilgan masalalarni hal etishda yordam beradilar, deb umid qilamiz.

«Fitna san'ati» (2-kitob, «Fan» nashriyoti, Toshkent, 1993) kitobidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.