Keyingi yillarda moddiy va ma’naviy hayotdagi yangilanishda, demokratiya va oshkoralik borasida dadil qadamlar qo‘yilmoqda. Bu hol partiya qarorlarida, davlat arboblarining fan va madaniyat namoyandalari bilan muloqotlarida, xususan, o‘tmishda ro‘y bergan salbiy hodisalarni bartaraf etish uchun ko‘rilayotgan chora-tadbirlarda, tarixga, dinga, milliy madaniyat va milliy tillarga munosabatda, kishilarimiz qalbida ishonch va tashabbuskorlik ruhining tobora teran ildiz yutayotganida ko‘rinmoqda. Ko‘pmillatli mamlakatimiz xalqlari o‘z madaniyati va tarixiga, ayniqsa, shaxsga sig‘inish va turg‘unlik yillarida bir qadar buzib talqin qilingan tarixlarga yangicha ko‘z bilan qaramoqdalar. Xuddi shu ma’noda, men ham ba’zi mulohazalarimni bildirmoqchiman.
Tarix va madaniyatimizning ildizlari uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Biz yashab turgan bu yurt inqilobgacha Turkiston deyilgan, arablar istilosi davridan boshlab Movarounnahr atalgan. Bundan uch ming yillar avvalroq esa, Oltoy va Oltin tog‘, Tangri tog‘ (hozirgi Tiyonshon) yerlarida, G’obi sahrosidan Qipchoq dashtlariyu Xorazm va Turon chegaralarigacha yastangan ulkan tuproqda eng qadimiy ajdodlarimiz yashagan. O’sha zamonlarda ularning Oq xunlar, Ko‘k turklar, Xunlar davlatlari barpo bo‘lgan, ajdodlarimizning dinlari va ilk madaniyatlari shakllanganki, bu haqda butun dunyo tarixi sahifalarida, xususan, eng qadimiy Chin manbalarida yozilgan. Adabiyotimiz tarixi ham, nazarimda, butun turkiy xalqlar adabiyoti tarixi kabi, eski O’g‘uz dostonlari, Mate qahramonliklari to‘g‘risidagi afsonalargacha borib yetadiki, bu—ikki-ikki yarim ming yilliklarning nari-berisidagi tarixdir, buni biz hali tadqiq qilganimizcha yo‘q.
Umuman, xalqimiz va madaniyatimiz tarixi sust o‘rganilmoqda. Bunday sustkashlik bizni orqaga tortmoqda, bugungi tabiatdagi, iqtisoddagi, ma’naviyat va madaniyatdagi yo‘qotishlar shu illat oqibatidir. Uning tub ildizi esa millatlar huquqi poymol qilingan stalinizm davrida oziqlanib, hamon kishilarimiz ruhiga zaqqum daraxti kabi ko‘lka tashlab turibdi.
Necha yillar mobaynida o‘zbek tarixchisining, ziyolisining ovozsizligi, repressiyalar zamonida ortgan qo‘rquvning mudom ingrog‘i va vahmlari bois tilsiz bo‘lib qiynalgani, haqiqiy tarixiy asarlar o‘zbek tilida deyarli bosilmagani, nashrga tayyorlanganlari e’tiborsiz yotgani, ba’zi bosilganlari ham tarqatilmagani, ba’zan tarqatilganlari yig‘ib olingani, qolaversa, inqilobga xizmat qilgan So‘fizoda, Ibrat, Ibrohim Davron, Behbudiy, Fitrat, Cho‘lponlarning asarlari hamon to‘liq bosilmay yotgani, maktablarimizda, oliy o‘quv yurtlarida tarixiy fanlarni o‘qitish nihoyatda qoniqarsiz ekani, turkiy xalqlar tarixiga hamon yevropatsentristik nazar bilan qarash, hamon «panturkizm» tamg‘asi ko‘zi bilan boqish va tarixni soxtalashtirish, haqoratlash davom etayotgani odamni afsuslantiradi.
Bugungi kunda matbuotning, ziyolining vazifasini, xalqning tashabbuskorligini oshirish, uni turmushdagi mavjud maishiy va ma’naviy g‘ovlarni bosib o‘tishga, bor qudratini namoyon qilishga chorlashdan, inqilobiy qayta qurish muvaffaqiyatini ta’minlashdan iborat. Shu ma’noda V. I. Leninning «Falsafa daftarlari»dagi quyidagi gaplar ibratlidir: «Har bir jangda shunday payt bo‘ladiki, eng botir soldatlar g‘oyat zo‘r berganlaridan keyin qochish istagini his qiladilar, bu vahima o‘z mardligiga ishonch yo‘qligidan kelib chiqadi; ularga bu ishonchni qaytarmoq (ta’kid bizniki—T. Q.) uchun arzimagan bir voqea, qandaydir bir bahona kifoyadir; ularni vujudga keltirib turish yuksak san’atdir».
Biz bugunda stalinparastlik va turg‘unlik yillarining illatlari, xususan, tarixni buzib talqin etish hollari haqida ro‘y-rost so‘zlayapmiz, tarix kitoblarini yangidan yozish zarurligini ta’kidlayapmiz. Ammo xalqimiz tarixiga, inqilobdan avvalgi tarixga, muayyan shaxslarga, sulolalar tarixiga, o‘tmish haqidagi kitoblarga, tarix darsliklariga oid ko‘p muammolar borki, ular to‘g‘risida matbuotda, minbarlarda fikr yuritib, amaliy biror natijaga erishib bo‘lmas. Bu muammolarga bag‘ishlangan umumziyolilar s’ezdi chaqirish va barcha masalalar xususida kelishib olish zarur. Shunday muammolardan biri — «inqilobgacha o‘zbek xalqi savodsiz edi, aholining atigi 2 foizi o‘qish-yozishni bilardi», degan gapdir. Bu yolg‘on necha o‘n yillardan beri takrorlandi, avlodlar ongiga singdirildi. Bu gapda haqiqat yo‘qligini, inqilobdan avvalgi hisob-kitoblarga — ya’ni, mustamlaka Turkistonda aholining o‘shancha qismigina rus imlosida o‘qish-yozishni bilishi xususidagi dalilga suyanib shunday deyilayotganini tarixchilar bilmasmidi?
Ajdodlarimizning eramiz avvalida ham, arablar bosqini davrida ham o‘z yozuvi, kitoblari bo‘lgani, arab istilosidan so‘ng xalqimpz arab imlosini qabul qilgani va ming yillar davomida turkiy, arab, fors tillarida yozib, kitoblar yaratib, dunyoga mashhur olimu shoirlar in’om etib kelayotganini tarixchilar bilmasmidi?
Xalqimizning inqilobdan avvalgi savodi, madaniyati darajasini quyidagi dalillardan bilib olmoq mumkindir: Bundan ikki yuz yil avval Samarqandda 150 ming aholi yashagani, 250 masjid, 40 madrasa (rus tilidagi manbada madrasani «universitet» deyilgan) bo‘lgani, Buxoroda esa 200 ming odam yashagani, 400 masjid, 30 madrasa bo‘lgani Peterburgda chiqqan «Otechestvennne zapiski» jurnalining 1821 yilgi nashrida aytilgan («Istoriya Uzbekistana v istochnikax», Toshkent, 1988, 215-bet).
«Qomus ul-a’lom» to‘rtinchi jildining 2984-sahifasida yozilishicha, bundan yuz yil avval Toshkentda yuz ming aholi yashagan. Shahar ko‘m-ko‘m bo‘lgan, «uzoqdan bir o‘rmon kabi ko‘ringan», unda, ruslar ta’sis etgan yangi qismdan tashqari, ya’ni Shayxovandtoxur, Sabzavor, Besh og‘och, Ko‘kcha dahalaridan iborat asosiy Eski shahar yerlarida 300 masjidi jome, 18 madrasa, 60 maktab, 30 karvonsaroy, 6 hammom, 1200 do‘kon, 322 maydon, 13 ming xonadon bo‘lgan.
«O’zbekiston xalqlari tarixi»da (rus tilida, Toshkent, 1974) ta’kidlanishicha, asrimiz boshlarida Turkistonda maktab va madrasalar soni o‘sgan: «Agar 1894 yili maktab va madrasalar 6 ming 445 ta bo‘lgan bo‘lsa, 1913 yilga kelib 7 ming 665 taga yetdi» (328-bet). Shu kitobda yana bir ma’lumot bor: «1911 yili O’zbekistonda (u paytda «O’zbekiston» degan ibora bo‘lmagan, bu kitob yozganlarning juz’iy xatosidir — T. Q.) 105 rus-tuzem maktabi bor edi...». «1887 yili rus-tuzem maktablarida Turkistondagi yerli millatlarning 245 farzandigina ta’lim olardi» (319-bet). Nazarimda, xalqimizning ana shu rus-tuzem maktablarida o‘qigan iaslinigina savodli deb, yetti yarim mingdan ortiq madrasa — «universitet»larda ta’lim olgan asosiy qismini «savodsiz» deb hisoblangan eski «tarix»larda!
Toshkentda 1912 yili A. I. Dobrosmislovning «Tashkent v proshlom i v nastoyashem» kitobi chiqqan. Unda ham xalqimizning o‘tmish xayoti tarixi, madaniyatiga oid bir muncha haqiqatlar bor. Jumladan, kitobxonlik o‘tmishda ham xalqimizning fazilati bo‘lganini shu asardagi quyidagi so‘zlar isbotlaydi: Asrimiz boshida Toshkentning ruslar yashaydigan qismida asosan uchta katta kitob magazini bo‘lgani va yillik daromad yuz ming so‘mni tashkil etgani, Eski shaharda esa, o‘ttiz beshta kitob do‘koni, kitob rastalari borligi, sharq tillarida kitoblar sotilgani, yillik daromad uch yuz ming so‘mni tashkil qilgani qayd etilgan (284-bet). Bas, shunday ekan, bu xalqni «savodsiz edi» deyish o‘rinlimi?
Bu kabi savollar yetmish yildan beri har bir vijdonli insonning dilida, goho esa, ikki-uch dildosh, maslakdosh do‘stlar tilida takrorlanardi, xolos; ammo hech kim matbuotda yoki minbarlarda bu savolga javob bermasdi. Soxta tarixlardan ta’lim olgan nochor tarix muallimlari esa avlodlarga yolg‘onlar darsini o‘rgatardilar. Oqibatda, yurtimizda xalqimiz tarixini buzib talqin qilish rasm bo‘ldi, nasllar ongida «biz madaniyatsiz, qoloq bir ajdodlarning avlodimiz», degan noto‘g‘ri bir tasavvur tug‘ildi.
Qarang, Vladimir Ilichning «Sotsialistik revolyutsiya va o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi» degan asarida shunday haqiqat bor: «Rossiyada — aholining 57 protsenti; ya’ni 100 milliondan ortiqrog‘i ezilgan millatga mansub bo‘lgan, bu millatlar ko‘proq chekka o‘lkalarda yashagan, bu millatlarning bir qismi velikoruslardan ko‘ra madaniyroq bo‘lgan, siyosiy tuzumi, ayniqsa, varvarlik va o‘rta asrchilik xarakteriga ega bo‘lgan Rossiyada... — chorizm tomonidan ezilgan millatlarning Rossiyadan erkinlik bilan ajralib chiqish huquqini tanish sotsial-demokratlar uchun... zarurdir» («V. I. Lenin O’rta Osiyo va Qozog‘iston to‘g‘risida». Toshkent, 1965, 232-bet).
Afsuski, bugunda ham tarixni eskicha talqin qiluvchilar istagancha topiladi. Chunki qayta qurishga biz endi kirishmoqchimiz (tarix va madaniyat bobida), shu bois ham uzoq va yaqin tarix xususidagi bahsli gaplar tez-tez ko‘zga chalinmoqda.
Bitta misol: O’tgan yili tarixchi olim G. Hidoyatovning «Ulug‘ murabbiy» («Velikiy vospitatel». «Pravda Vostoka» gazetasi, 1988 yil, 11 noyabr) maqolasi bosildi, unda muallif tarixning ahamiyati xususida to‘g‘ri fikrlar bildirgani holda, ba’zi asossiz gaplarni ham aytganki, bu ziyolilar orasida haqli e’tirozlar tug‘dirdi. Biz professorning tarixiy shaxslar haqida xususiy fikrini bildirishga haqi yo‘q, degan fikrdan yiroqmiz. Biz har qanday fikrning asosli bo‘lishi tarafdorimiz, xolos.
«Tarixdan na Temurni, na Boburni, na Xo‘ja Ahrorni, na Jaloliddinni o‘chirib tashlash mumkin, — deb yozadi G. Hidoyatov. — Bu yerda muhimi shuki, ular faoliyatlarini baholashdagi aniq mezonlarni shakllantirish va ularning tarixdagi o‘rni masalasiga ma’naviy munosabatlarimizni aniqlashtirish lozim», degan so‘zlardan so‘ng maqola muallifi gazetxonlarni bir soxta «xavf»dan ogoh etarkan, «tamerlanomaniya», «baburomaniya» va hokazolarga qarshi murosasiz, og‘ishmay kurashmog‘imiz kerak, deya ta’kidlaydi. Va bu «maniya»lar bilan «xastalangan» ikki ziyolining asarlarini shu yo‘nalishda buzib talqin qiladi. «Bugungi kundagi eng katta xavf, aftidan, diletantizmda, bir qancha kishilarning tarixiy masalalar borasida yozgan yuzaki asarlarida ko‘rinmoqda, — deb yozadi G. Hidoyatov. — Ular tajribasiz, g‘o‘r o‘quvchilarni faqat chalg‘itadigan maqolalarini e’lon qilishga jur’at etmoqdalar. Bunga «Guliston» jurnalining 1987 yilgi 10, 12-sonlarida bosilgan Bobur haqidagi maqola misol bo‘la oladi. Unda boburiylarning barcha ajdodu avlodi to‘g‘risida mufassal ma’lumot beriladi, uning xotinlari, bolalari, nabiralari, opa-singillari, aka-ukalari, ma’lumu noma’lum barcha nasllari sanab o‘tiladiki, bularning bari «Boburnoma»dan olingandir. Ammo Boburning hayoti va faoliyatiga sinfiy nuqtai nazardan baho berilmaydi, shuning uchun maqola yengil-elpi va yuzaki bo‘lib qolgan».
Nazarimda, Bobur va boburiylar shajarasini mufassal bayon qilgan maqola — faqat ma’rifiy ahamiyatga molik, unda hech bir «xafv» ham, «maniya» ham yo‘q. Maqola muallifi asarda «Boburnoma»ga suyanganini G. Hidoyatovning o‘zi ham ta’kidlayapti, qolaversa, «baburomaniya»da ayblanayotgan muallif N. A. Muhiddinov butun umri va faoliyati bilan xalqimizga, partiyamizga sidqidildan xizmat qilgan asl, dili pok insonki, u kishining to‘g‘ri so‘ziga egri qarash maqbul ish emas. Zotan, tarixiy shaxslarning haqiqiy shajarasini bilmaslik ilmda ham, kundalik munosabatlarda ham ko‘p tashvishlar tug‘diradi.
G. Hidoyatov Amir Temur va shoir Kantemirning shajarasi haqida haqqoniy ma’lumotga ega bo‘lganida, balki bu ikki shaxs tarixini qorishtirib yubormagan, chalkash gaplarni aytmagan bo‘lar edi. «Azim Suyunning «O’zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasida bosilgan «Antiox Dmitrievich Kantemir bilan tanishuv» she’rida ham diletantizm ustunligi baralla ko‘rinib turibdi. Mana uning bir she’ri:
Tarix qatlarida bobongiz ismi
Kantemir bitilgan… demak, Xon Temir,
«Ajnabiy» atadi Sizni rus nasli,
To‘g‘ri! Ajdodingiz Temurlang erur!
Bunday da’voda zarracha haqiqat yo‘q, — deb davom etadi Hidoyatov. — Bu tarix borasidagi mutlaqo yuzaki tasavvurlar natijasidir. Birinchidan, shuni oydinlashtirish lozim: Temurning o‘zbeklarga hech qanday aloqasi bo‘lmagan...»
Maqola muallifining da’volarini vaqtincha shu o‘rinda to‘xtatib, har biriga alohida javob bermoqchiman. Demak, Azim Suyun she’ridagi «tamerlanomaniya», professor aytmoqchi, Kantemirning Temurga aloqasi yo‘qligi xususida.
Mana, qo‘limda o‘tgan asr oxirida nashr etilgan kitob: «Sochineniya V. G. Belinskogo. V chetyrex tomax. Tom chetvertyy. 1844—1849. S, Peterburg, 1896». Bu kitobning 172-betida ulug‘ adabiyotshunos olim V. G. Belinskiyning «Knyaz Antiox Dmitrievich Kantemir» sarlavhali maqolasi bor. Undan ayrim parchalar keltiraman: «Rus adabiyotini Lomonosovdan boshlaydilar — bu ayni haqiqat. ...rus adabiyoti tarixini esa Kantemirdan boshlanadi, deyishadiki, bu ham haqiqatdir» (172-bet). Belinskiy davom etadi: «rus tilida eski bir kitob borki, uni 1783 yili Novikov nashr etgan, nomi — «Moldaviyalik janob knyaz Konstantin Kantemirning hayoti va a’mollari tarixi Sankt-Peterburg Fanlar akademiyasining marhum professori Beer tarafindan yozilmish, rusiya tiliga tarjima, knyaz Kantemirlar xonadoni shajarasi haqidagi izohlar bilan» deb ataladi».
V. G. Belinskiy maqolasida: «Kantemirlar o‘z nasl-nasablarini qrim tatarlari bilan bog‘laydilar», deydi va buning hech qanaqa tahqirli jihati yo‘qligini, tatarlarning shon-shavkatlari shubhasizligini ta’kidlaydi (173-bet). So‘ngra quyidagi dalillarni keltiradi: «Kantemirlarning kelib chiqishi to‘ppa-to‘g‘ri Temurlangga bog‘lanadi... Ammo hajvchi Kantemirning shajarasi Temurlangga bog‘lanadimi, Odam Otagami — rus-adabiyoti uchun baribir. Uning moldaviyalik janob Dmitriy Kantemirning o‘g‘li ekanini, bu janob buyuk Pyotrning zamonidan, xususan, Prutda sulh bilan tugallangan rus-turk urushi tarixidan ma’lumu mashhur ekanini bilish rus adabiyoti uchun kifoyadir. Knyaz Dmitriy alloma odam edi: U tarix ilmi bilan astoydil shug‘ullangan; «falsafa va riyoziyotda ham peshqadam bo‘lgan; me’moriya ilmlarini yaxshi bilgan», Berlin akademiyasining a’zosi bo‘lgan; turk, fors, yunon, lotin, italyan, rus, moldavan tillarida erkin so‘zlashardi, frantsuz tilini raso egallagan edi. Undan lotin, yunon, moldavan va rus tillarida bir necha meros asarlar qolgan. U yozgan «Muhammad qonunlari» kitobi Buyuk Pyotrning buyrug‘iga binoan 1722 yili chop etilgan. Filhaqiqat, bundayin otaning bolalari ham bilimdon va olim insonlar bo‘lib yetishgan.
Antiox knyaz Dmitriyning to‘rtinchi o‘g‘li bo‘lib, 1708 yilning 10 sentyabrida Konstantinopolda (ya’ni Turkiyaning Istanbul shahrida — T. Q.) tug‘ilgan» (174-bet).
Azim Suyunning professor G. Hidoyatov «tamerlanomaniya»da ayblayotgan she’ri ana shu haqiqatlarga — rus tilida bosilgan kitobga, aniq tarixiy dalilga suyanib yozilgan.
Endi muhtaram professorning «Temurning o‘zbeklarga hech qanaqa aloqasi bo‘lmagan. Uning qavmi — barloslar qavmi — har doim Zabaykaleda yashagan va ular mo‘g‘ullardan kelib chiqqan. Barloslar Chingizxonning O’rta Osiyoga yurishi davrida, uning qo‘shiniga qo‘shilib-kelgan va Qashqadaryoda o‘rnashib, asta-sekin turkiylashganlar...» degan so‘zlariga kelsak; birinchidan, bu gaplar ilmiy asossizligidan tashqari, nihoyatda g‘alati iboralar bilan yozilgandir; olim fikr yuritayotgan tarixda, Temur va Chingizxon davrlarida «O’rta Osiyo», «Zabaykale», «Qashqadaryo» kabi jo‘g‘rofiy atamalar bo‘lmagan. Shaklan noraso bu gaplar mazmunan ham haqiqatga ziddir. G. Hidoyatovning bu gapi aslida, o‘tgan yili Markaziy televideniening «Pozitsiya» ko‘rsatuvidagi G. Borovik va A. Mixaylovning suhbatida diletantlarcha tilga olingan «Samarqand va Buxorodagi osori atiqalarning o‘zbek xalqiga hech daxli yo‘q», degan «kashfiyoti»ga hamohang. Shu o‘rinda bir qiyos joiz: faraz qilingki, qay bir kaltabin yozuvchi yoki tarixchi matbuotda «Pyotrning va u asos solgan Peterburgning ruslarga hech qanday aloqasi yo‘q», degan asossiz fikrni aytsa, shubhasiz, butun rus xalqiga, tarixga tosh otgan hisoblanardi. Samarqandu Buxorodagi madaniyatning, Temurning o‘zbek xalqiga aloqasi yo‘q degan gap ham xalq dilida shunday e’tiroz tug‘dirdi.
«Barlos — o‘zbek qabilalaridan biri. Amir Temur shu urug‘ga mansub», deyiladi «O’zbek sovet entsiklopediyasi»da (2-jild, 76-bet). «Temur yirik feodal davlat arbobi, sarkarda. Otasi Tarog‘oy barlos qabilasi zodagonlaridan» (11-jild, 39-bet) deyiladi yana shu qomusda. Nahotki, o‘zbek tarixchisi G. Hidoyatovning ko‘zi «O’zbek sovet entsiklopediyasi»dagi shu so‘zlarga tushmagan bo‘lsa? Shayx Sulaymon Buxoriyning «Lug‘ati chig‘atoyi va turki usmoniy» qomusida «barlos» so‘ziga shunday sharh berilgan: «o‘zbek qavmdaridan birining ismidir; jangovar, sipohdor, solor» (1-jild, 74-bet; hijriy 1298. Istanbul nashri).
1893 yili Toshkentda, G’ulom Hasan Orifjon o‘g‘li matbaasida bosilgan «Shajari barlosiya» (asar forscha yozilgan, muallifi Xo‘jandiy) kitobida barloslardan bo‘lmish Temur va uning ajdodu avlodi haqida ishonchli ma’lumot keltiriladi, jumladan, so‘nggi temuriyzodadan boshlab, Temurning ota-bobolari xususida shu so‘zlar bitilgan: «Avrangzeb olamgir shoh ibn Shahobiddin Shohjahon ibn Nuriddin Jahongir shoh ibn Akbar podshoh ibn Umarshayx Mirzo ibn Sulton Abusaid Mirzo ibn Amironshoh Ko‘ragon ibn sohibqiron va qutbiddin vad-dunyo Amir Temur Ko‘ragon ibn Amir Tarag‘oniy ibn Amir Turkal Barlos ibn Engiz Bahodir ibn Abchal No‘yon ibn Amir Qorachar Barlos...» (281-bet). Shu kitobda yana Temurning otasi Amir Tarag‘ayni Boyonqulixon juda ko‘p lashkar bilan Xitoy mulkiga yuborgani, Temurni bu vaqtda Amir Chokuy Barlos tarbiya qilgani haqida, Temurning buvasi (onasining otasi) ham fozil kishi bo‘lgani, mashhur «Sharhi viqoya» kitobining muallifi ekani ham qayd etilgan.
«Temurnoma» (1920 yili Toshkentda bosilgan, eski o‘zbek imlosida) kitobida ta’kidlanishicha, Amir Temurning otasi Tarag‘ay Bahodir Amir Qorachar naslidandir. Amir Qorachar Chig‘atoyxonning vaziri bo‘lgan, Chig‘atoy Koshg‘arni poytaxt qilgach, Amir Qoracharga Movarounnahr hokimligini bergan. Ayni shu Amir Qoracharni «Chingizxonning amakivachchasi» deyilgan forsiydagi tarixlardan yevropa tillariga o‘girilgan xabarlar, nazarimda, ba’zi kishilarni chalg‘itib kelgan. «Temurning nasl-nasabi mo‘g‘ullarga taqaladi» degan dabdabali tushunchani tug‘dirgan.
Atoqli tarixchi Ahmad Rafiqning olti jildli «Buyuk tarixi umumiy» asarining 4-jildida (Istanbulda hijriyning 1327 sanasida bosilgan) «Temurlang imperatorligi» degan qism bor. Unda, jumladan, shunday yozilgan: 1260—1360 yillar mobaynida, ya’ni yuz yil ichida Sibiriyo va Turkiston yerlarida tarkib topgan Chig‘atoy hukumatida 25 hukmdor o‘tdi, ammo birorta tarixiy siymo yetishib chiqmadi: Bu davrda arlot, barlos, jaloyir va oybardi kabi to‘rt qavmntsng nufuzi kuchaydi. So‘ngra kitobda Temurning Shahrisabzda tug‘ilgani, otasi Amir Tarag‘ay barloslar xonadoniga mansubligi, «Tarag‘ay» so‘zi eskicha turkcha tarla qushi nomi bilan bog‘liqligi, shuningdek, jaloyir qavmi asli mo‘g‘ullarga taqalashi, barloslar asl turkiy urug‘ ekani ta’kidlanadi (324—-325-betlar).
Olti jildli «Qomus ul-a’lom»ning Amir Temur va temuriylar davriga oid sahifalaridan ham biz professor G. Hidoyatov so‘zlarini tasdiqlovchi biror so‘z uchratmadik (masalan, 3-jildning 1727-betidagi «Temurlang» maqolasiga yoki 4-jildning 2848-sahifasidagi maqolaga qarang — T. Q.).
Turkiy qavmlar tarixiga bag‘ishlangan yana bir mashhur asar — Abdulg‘ozi Bahodirxonning «Tarixi shajarai turk» (1891 yilgi Qozon nashri, Abdua’lom Fayzxon tayyorlagan) kitobini varaqlarkanmiz, undagi «Mo‘g‘ul va boshqa turk urug‘larining zikri» (23—40-betlar) yoki Chingizxon tarixi va uning shajarasi tarixiga bag‘ishlangan sahifalarida (41—96-betlar) ham, G. Hidoyatov aytganidek, «Temurning mo‘g‘ul bo‘lgani, barloslarning mo‘g‘ullardan kelib chiqqani» xususidagi biror dalilga duch kelmadik.
Ko‘rinib turibdiki, jamoatchilikning e’tirozi haqlidir: Tarixchi olimimiz G. Hidoyatovning «tamerlanomaniya», «baburomaniya»da o‘z zamondoshlarini ayblashi asossiz, uning N. A. Muhiddinov maqolasi, shoir A. Suyun she’rlari xususidagi fikrlari, Temur va uning davri, o‘zbek xalqining o‘tmish madaniyati va tarixi haqidagi tasavvurlari mutlaqo noto‘g‘ri. Nazarimda, bu o‘quvchiga ayon bo‘ldi.
«O’rta Osiyoda azaldan shoirlarni qadrlaydilar, — yaeb yozadi yana G. Hidoyatov, — chunki ular ilg‘or g‘oyalar targ‘ibotchisi, insonparvar va donishmand bo‘lganlar, yuksak axloqni, xalqlar do‘stligini tarannum etganlar. Shuning uchun ham, biz bugun yozuvchi va shoirlarimiz ijodiga alohida mas’uliyat bilan yondashishga haqlimiz. Ammo o‘z tarixini bilmagan shoir... neni ham o‘rgatishi mumkin?.. Darvoqe, bu ko‘pgina yozuvchi va shoirlarimizning aybigina emas, balki, kulfati hamdir».
Tarixchi yozuvchi va shoirlarni shundayin ayblaganidan, ayniqsa, asossiz ayblaganidan nima naf ko‘ramiz? Nahotki, shu bilan tarixda biror o‘zgarish sodir bo‘lsa?.. Bu maqoladagi noto‘g‘ri gaplar respublikamizda yashayottan rus tilida gazeta o‘qiydigan millionlab qardosh xalqlarda o‘zbek ziyolilari, shoirlari va yozuvchilari haqida noto‘g‘ri fikr tug‘dirmaydimi, ular «tamerlanomaniya», «boburomaniya» kabi «muhim xavflar»dan cho‘chib, o‘zbek xalqi to‘g‘risida noto‘g‘ri tasavvurlarga bormaydilarmi? Shular borasida o‘ylarkanman, muhtaram professorimiz tarix haqida yaxshi gaplar aytaman deya azbaroyi ba’zi noto‘g‘ri tushunchalari bois gazetxonlarda naqadar achinarli bir kayfiyat tug‘dirganiga amin bo‘ldim. Albatta, biz Temur yoxud Boburni ko‘r-ko‘rona bayroq qilmoqchi emasmiz. Buning hech kimga keragi yo‘q. Faqat faktlarni buzmaslik, ulardan ko‘z yummaslik kerak.
1988 yilning boshida Moskvada SSSR FA, SSSR Yozuvchilar soyuzi, KPSS MK qoshidagi Ijtimoiy fanlar akademiyasi birgalikda tarix fanlari va adabiyotning muhim masalalariga bag‘ishlangan konferentsiya o‘tkazdi. Unda bir notiq: «Insonni kimyo, kibernetika bilan tarbiyalab bo‘lmaydi, uni tarix, adabiyot, ona tili tarbiyalaydi», dedi.
O’zbekiston SSR FA, O’zbekiston SSR Yozuvchilar soyuzi, barcha ijodiy uyushmalar birgalikda ayni shunday — tariximiz, adabiyotimiz, ona tilimizning muhim masalalariga bag‘ishlangan kengash chaqirsalar, balki Qayta qurishdagi amaliy ishlar jo‘nashib ketar. Biz nashr etilishini orzu qilgan asarlar, balki, o‘sha kengashda kelishib olinar, komissiyalar tuzilar, nashriyotlarga topshirilar, nazorat o‘rnatilar. Aks holda, bundan keyin ham taklifboz bo‘lib qolaveramiz turg‘unlik yillarida shakllangan odatimizdan qutulolmay, loqaydlarcha kun o‘tkaramiz — ammo bu mumkin emas!
«Fitna san'ati» (2-kitob, «Fan» nashriyoti, Toshkent, 1993) kitobidan olindi.