Azaldan xalqimiz qanoatga, sabr-toqatga, boshiga har qanday kulfat tushganda ham «shukur» deb yashashga odatlangan. Hatto yov bostirib kelib yurtda qirg‘inbarot janglar boshlangan yillarda ham «Ko‘pga kelgan to‘y» deb, bir-birovini ovutishgan.
«O'zbek ishi», «Paxta ishi» deb nomlangan «Qama-qama»lar ham bir jihatdan ko‘pga kelgan to‘yga o‘xshab ketdi. Yuzlab gunohsiz kishilar qamalib, insonni-inson o‘rnida ko‘rmagan shafqatsiz tergovchilardan jabr ko‘rdi. O'rmondan tushgan o‘tdek bu tergovchilar uchun ho‘lu-quruq baravar edi. Ular haqiqiy poraxo‘rlar bilan birga, chorig‘ini arang sudrab yurgan kasalvand dehqondan ham «million»ni so‘rab olmoqchi bo‘ldilar. Bir paytlar «O'zbekistonda hamma paxtakor» degan dabdabali shior ularning davriga kelib «O'zbekistonda hamma poraxo‘r»ga aylangan edi. Ko‘plab ishbilarmon, tadbirli rahbarlar ular ixtiro qilgan «qora chig‘iriq»dan o‘tkazildi. Birovlar bu chig‘iriqning dahshatli azob-uqubatlariga dosh berdi, boshqa birovlar «bermaganni - berdim», «olmaganni - oldim» deb yolg‘on ko‘rsatmalar bilan «nodonlik» yo‘lini tutdi.
Bugun biz shu «vahshat chig‘irig‘i»ga tushib omon chiqqan mard, bardoshli inson Nusrat Hikmatovning achchiq qismati haqida hikoya qilamiz.
«MENI TANIYSIZMI?..»
Bekorchilikdan zerikkan shaytoni lain gohida bir toqqa chiqib olib, og‘ir xarsanglardan turli-tuman g‘ildiraklar yo‘nib, pastga qarab dumalatarkan. Bu toshlar bamisoli haros toshidek pastda g‘imirlab yurgan gunohkor-gunohsiz kimsalarning bo‘yniga liqqa-liqqa ilinaverarkan. Shaytoniy tavqi la'natda xalos bo‘lish bechora bandalar uchun amrimahol ekan.
Nusrat Hikmatov bo‘yniga ham «Jinoyatchi» degan tavki la'nat ilish unchalik oson bo‘lmadi.
MA'LUMOT O'RNIDA: Nusrat Hikmatov 1938 yil Buxoro viloyati Romiton nohiyasida tug‘ilgan, o‘zbek, 1961 yildan KPSS a'zosi, ushbu jinoyat ishi bo‘yicha 1986 yili partiya safidan o‘chirilgan. 1961 yili Buxoro Davlat Pedagogika institutini, 1974 yil Toshkeng Oliy Partiya maktabini tamomlagan, 1976 yil oktyabr oyidan 1985 yil 22 noyabrga qadar Navoiy viloyati Qiziltepa nohiyasi firqa qo‘mitasining birinchi kotibi bo‘lib ishlagan. «Oktyabr revolyutsiyasi», «Mehnat Qizil Bayroq», «Hurmat belgisi» ordenlari, medallar bilan mukofotlangan, ish bo‘yicha ehtiyot chorasi ko‘rilib, 1985 yil 25 dekabrdan to 1988 yil 27 iyunga qadar qamoqda saqlangan...
1985 yilning 25 apreli. Navoiy viloyati firqa qo‘mitasining birinchi kotibi Nusrat Hikmatovni o‘z idorasiga chaqirib, sen dongdor raykom sekretarimizsan, oblastda obro‘ying ham yomon emas. Agar xo‘p desang, seni oblast ijroiya komiteti raisligiga saylasak, deb maslahat soladi. Nusrat Hikmatov bu taklifga rozilik bermadi. Oradan uch kun o‘tgach, uni Buxoroga, yaqinda ishga o‘tgan viloyat firqa qo‘mitasining birinchi kotibi Ismoil Jabborov chaqirib qoladi. U ham avval viloyat ijroiya komiteti raisligiga, so‘ng Romitan nohiyasi firqa qo‘mitasining birinchi kotibligi lavozimiga taklif etadi. Nusrat o‘zining tug‘ilgan yeri bo‘lganligi uchun ham keyingi taklifga rozilik beradi. Pirovardida, Ismoil Jabborov, hamma tomoni kelishilgan, Yesin ham rozi, 2-3 kundan so‘ng seni Markazqo‘mga chaqiradilar, deydi.
Biroq, Nusrat Hikmatovning «xaridorgir»ligi nohiya va viloyatdagi ayrim kishilarga yoqmasligi tabiiy edi. Ular dam pastdan, dam yuqoridan turib shayton g‘ildiraklarini dumalata boshladi. Shu orada jumhuriyat prokuraturasi N. Hikmatov haqida fikr so‘rab, Xatirchi nohiyasida ish olib borayotgan SSSR Prokuraturasi tergov gruppasining rahbari P. Uringga murojaat qiladi. Bu gruppada Qiziltepalik To‘ra Qodirov degan tergovchi ham bor edi. (Bu kishi haqida keyinroq to‘xtalamiz). Jumhuriyat prokurori A. V. Buturlin ular bergan ma'lumotga asosan, Markazqo‘mga xat jo‘natadi. Holbuki, bu vaqtda Nusrat Hikmatovning jinoiy ishini tasdiqlovchi birorta dalil, tergovchining yozma axboroti-yu, Qiziltepa paxta zavodi direktori I. Usmonovning Nusrat Hikmatovga 65 ming so‘m pora berganligi haqidagi ko‘rgazmasi bo‘lmagan. Bu ko‘rgazmani I. Usmonovning sudda tan olib aytishicha, tergovchi P. Uring uni «Ikki marta do‘pposlab urgandan so‘ng», 1985 yil 11 may kuni kechqurun majburan yozib bergan ekan.
Ertasiga Nusrat Hikmatovni yo‘lda uchratib qolgan Uring uni viloyat ichki ishlar boshqarmasiga taklif etadi. Nusrat choqqina xonaga kirganida mahalliy tergovchi To‘ra Qodirov savlat to‘kib o‘tirardi. Salom ham, alik ham yo‘q.
- Ha keldingizmi?- deb so‘radi tergovchi pisandsiz.
- Keldim, - deydi Nusrat.
- Meni tanidingizmi?
- Bo‘lmasam-chi.
- Siz avval hech kimni tanimas edingiz, endi taniysiz, - dedi u. - Mashina so‘radim, bermadingiz, to‘yimga xabar qildim, bormadingiz, qabulingizga yozildim, kabinetingizga kiritmadingiz. Endi Qiziltepadadan qochib ketmoqchimisiz? Hech qayoqqa ketmaysiz. Taqdiringiz bizning qo‘limizda. Sizning haqingizda allaqachon tegishli joyga xabar berib qo‘yganmiz. Biz nima desak, shu bo‘ladi.
Nusrat tergovchining hamma javoblariga, e'tirozlariga bosiqlik bilan javob berdi: Mashinani o‘zi emas, rayon ijroiya komiteti qarori bilan berilajagi, to‘yga hech kim xabar qilmagani, kabineti hamisha ochiqligi haqida gapirib, eng oxirida:
- Men ko‘chadagi oddiy farrosh emas, bo‘ynimda katta rayon turibdi, qayoqqa qochib ketaman, avvalo men Qiziltepaliklardan biror-bir yomonlik ko‘rganim yo‘q,- dedi.
Shundan keyin tergovchilar, Isroil Usmonovdan 65 ming pora olgansiz, u haqda uning ko‘rgazmasi bor, deya «karta»ni ochib tashlashdi.
13 mayda Nusrat Hikmatov Toshkentga, Markazqo‘m plenumiga ketish oldidan Rayijroqo‘m raisi Qahhor Asadovga, men shoshilib turibman, Usmonovni chaqirib gapiring-chi, o‘zi nima gap, deya jo‘nab ketadi. 14 mayda plenumdan qaytgach, Q. Asadov bor gapni unga aytib beradi: Usmonov yig‘lab kelibdi. Ahvoliga qarab bo‘lmaydi, rosa qiynashgan. Majbur bo‘lib, Nusrat akaga 65 ming so‘m berganman, deb yozib beribdi. Sudda hammasini ochiq aytarmish...
Bir oqshom To‘ra Qodirov mast holda raykom kotibining idorasiga kirib, «Sizning militsiya boshlig‘ingiz Navbahorga ketayotgan ekan, Hayitov mening nomzodimni ko‘rsatganda yo‘q depsiz», deydi. Nusrat unga: «Avvalo, Hayitov menga hech nima demadi, qolaversa, bu ra,yon juda og‘ir, qiynalib qolasiz», deydi.
Shundan so‘ng T. Qodirov eshikni taraqlatib chiqib ketadi.
Nihoyat 1985 yilning 5 avgustida rasmiy chaqiriq qag‘ozi bilan Hikmatovni Navoiy ichki ishlar boshqarmasiga taklif etib, I. Usmonov bilan yuzlashtiradilar. Qamoqda yotaverib, adoyi tamom bo‘lgan I. Usmonov yerga tikilib turib, sizga 65 ming so‘m beruvdim, deydi. Biroq, ancha tortishuvlardan so‘ng, Nusrat Hikmatovning: «Sening oldingda mening vijdonim pokmi, axir!»- degan savoliga: «Albatta pok» - deb yig‘lamsirab javob beradi.
1985 yil 19 noyabrda Nusratni Markazqo‘mga chaqiradilar. Unga «Prokuraturada siz haqingizda xat bor, yaxshisi o‘zingiz ariza berib ketsangiz... Sizga munosib bir ish topib beramiz», deyishdi.
N. Hikmatov Qiziltepaga qaytgach, 22 noyabrda nohiya firqa qo‘mitasining plenumi chaqiriladi. Plenum a'zolari uni ishdan ozod qilishga sira rozi bo‘lmaydilar. Shunda uning o‘zi ikki marta so‘zga chiqib, arang ko‘ndiradi. Plenum umrida kasal nimaligini bilmagan N. Hikmatovni «salomatligi yomonlashgani munosabati bilan» ishdan ozod qiladi. O'sha kunlarda «Qizil tong» gazetasida yoritilgan plenum haqidagi hisobot ham bunga dalildir. Biroq Navoiy viloyati firqa qo‘mitasi o‘zining 27 noyabrdagi Byuro qarori bilan dam olishda yurgan N. Hikmatovga «Xizmat mansabini suiiste'mol qilganligi uchun» degan yorliqni taqab, uni ishdan bo‘shatishga qaror qiladi va nohiya firqa qo‘mitasi plenumining dastlabki qarorini ham o‘zgartiradilar. Oradan uch kun o‘tkazib, 1985 yilning birinchi dekabirida N. Hikmatov haqida bundan ham qattiqroq yana ikkita qaror qabul qilinadi:
2047-RAQAMLI JINOIY ISH
Dam olishdan qaytgan Nusrat Hikmatov 25 noyabrda viloyat qo‘mitasining birinchi kotibi huzuriga kirib bordi. V. P. Yesinning kayfiyati nihoyatda yomon, betlari salqib qolgan, negadir shivirlab gapirar edi. U qisinib, tortinib: «Senga oddiy ishni ham berolmayman, chunki qo‘limda biror hujjat yo‘q», deydi. «Bo‘lmasa Romitanga ko‘chishga ruxsat bering». Birinchi kotib: «Ixtiyoring» deb yelka qisib qo‘yadi.
Nusrat Hikimatov hikoyasi: Ushanda viloyat firqa qo‘mitasi binosidan chiqar ekanman, o‘z taqdirimga, o‘z qismatimga achinib ketdim. Yetimlikdan shu darajaga ko‘tarilgan edim. Nahotki, el uchun, yurt uchun kecha-kunduz xizmat qilgan, chorak asrlik kommunistning qadri shu bo‘lsa? Qiziltepaga yaqinlashar ekanmiz, yo‘l bo‘yi qurilgan binolarga, bog‘u-rog‘larga qarab, yuragim achishadi. Ana, Navoiyga qayrilishdagi yo‘l ustida qad ko‘targan Ulug‘ Vatan urushi qatnashchilariga o‘rnatilgan yodgorlik, bu tomonda g‘isht zavodi, yangi maktab, madaniyat uyi va savdo markazi. Bularning hammasi keyingi 10 yil ichida qad ko‘tardi. Bu yerga kelganimda, Qiziltepa xo‘jaliklari davlatdan 36 milyon so‘m qarzdor edi. Turmushni yaxshilash, iqtisodni ko‘tarish uchun mahalliy sanoatga, chorvaga, bog‘u-rog‘larga katta e'tibor berdik. Paxta dalalariga har kilosi 1 so‘m 70 tiyin turadigan ingichka tolali paxta ekildi. Bu sohada O'zbekistonda eng yuqori ko‘rsatkichlarga erishilgani hech kimga sir emas. Endilikda barcha qarzlardan qutulib, kolxoz va sovxozlarimiz jamg‘armasi 48 milyon so‘mga yetdi. Shunday bir paytda tuhmat va malomatga qolib, o‘tirsang-u, biror kishi, hatto yuqoridagilar ham yoningga tusha olmasa? E, ularning o‘zlari ham talvasada-ku. Nimalar bo‘lyapti o‘zi?
Esimda, 26 dekabrda Romitanga ko‘chdik. «Xayr, Qiziltepa!» deyman. Qichiklarimning ko‘zlarida yosh, chunki ular shu yerda tug‘ilishganda. Hali sho‘rliklar, bu ko‘z yoshlarni daryo-daryo oqizishlarini men ham, ular ham bilmas edi. Ko‘ch-ko‘ronni hovli yuzida qoldirib, o‘zimiz kichik uyga kirib yotdik. Uyqu qayoqda deysiz. Saharlikda ko‘zim ilingan ekan, allaqanday shovqindanmi, sharpadanmi, uig‘onib ketdim. Tashqari chiqsam, 4-5 ta mashina, 20 chog‘li odam darvoza oldida turibdi. Oldinda basharasida qat'iyat porlagan tergovchi Uring. U bir qog‘ozni ko‘rsatdi. O'sha qog‘oz hamon xotiramda muhrlanib qolgan:
«1985 YIL 14 DEKABR.
Hikmatov Nusratning shaxsiy uyida tintuv o‘tkazilsin.
O'zbekiston SSR Prokurorining o‘rinbosari Gaydanov O I.»
Uringni hovliga boshlab, bemalol, bor bisotimiz ana shu, dedim. Ular hamma joyni ag‘dar-to‘ntar qila boshladilar. Uring mendan Qiziltepadagi hovlida nima bor, deb so‘radi. Arzimas u-bu narsalar qolgan, dedim. Yuring borib ko‘ramiz, dedi. UAZ-469 mashinasiga chiqdik. Uring oldinda. Mashinaga chiqqach, ikki tomonimdan ikki kishi o‘tirib oldi. Ketyapmiz deng, hali ham hech narsadan xabarim yo‘q. Bir payt mashina Qiziltepada to‘xtamasdan, Navoiyga qarab yo‘l oldi. Hoynahoy obkomiga olib borib, partiyaviy masalamni ko‘rishsa kerak, deb o‘yladim. Yanglishgan ekanman. To‘g‘ri Navoiy qamoqxonasiga olib kelishdi. Shunda haligi Romitandagi hovlida ko‘rsatilgan qog‘ozga o‘xshash ikkinchi bir varaqni ko‘rsatdilar. Bu qog‘oz ham albatta, xotiramda bir umr muhrlanib qoldi.
«1985 YIL 14 DEKABR.
O'zbekiston Jinoyat kodeksining 1491 -152 qismi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan Hikmatov Nusratni ehtiyot chorasi qo‘llab qamoqqa olinsin.
O'zbekiston SSSR Prokurori o‘rinbosari Gaydanov O. I.»
P. Uringga, qaysi aybim uchun meni qamaysizlar, deganimda, To‘ra Qodirovning gapiga ko‘nmaganliging uchun, deb qo‘lidagi qog‘ozni 2047-raqami yozilgan deloga solib qo‘ydi.
Soqchi obdon tintib, qo‘limga kishan soldi...
QORALANGAN QISMAT
Maktub: «Assalomu alaykum, aziz dadajonim! Sog‘lig‘ingiz yaxshimi? Dadajon, faqat sizdan birgina iltimosim, iltijo qilib so‘rayman, o‘zingizni qiynamang, iloji boricha, asrang. Bizlarni o‘ylab ko‘p zerikmang. Nasib bo‘lsa, albatta, haqiqat g‘alaba qozonadi. Men bunga aminman, tuhmatchilarning yuzlari qora, ko‘zlari ko‘r bo‘ladi, nasib bo‘lsa. Bizlarga nohaq jabr qilganlar, albatta, xudodan topadi. Shuning uchun ham siz dadajon, ko‘p zerikmang. Sog‘lig‘ingizni asrang, axir biz sovet davlatida yashayapmiz-ku. Haqiqat vaqtincha bukilsa-da, u hech qachon sinmaydi.
Salom bilan qizingiz: Xolida».
Nusrat Hikmatov hikoyasi: Ikki oydan so‘ng qo‘limga kelib tekkan bu bir parcha qog‘ozni o‘qidim-u, ko‘zlarimdan duv-duv yosh to‘kildi. Ochig‘i, urushdan keyingi yillarda va qamoqda qanchadan-qancha azobu qiynoqlarga giriftor bo‘lsam-da, ko‘zimdan sira yosh chiqmagan edi.
Yetimlikda diydam qotib ketgan. Birinchi kuni maxsus tayyorlangan ashaddiy jinoyatchilar yotgan avaxtaga tashlashdi. U yerda biz firqa xodimlarini «Krasnaya chuma» - «Qizil o‘lat» deb atashar ekan. Ikki kun rosa kamsitib xo‘rlashdi. Uchinchi kun yotib o‘yladim: Nusrat senga nima bo‘ldi? Bir paytlar rayon markazida, Buxoroda kerilib yurarding. Nahotki, shu darajada yurak oldirgan bo‘lsang. Bu qo‘rqinch hissi obkom, Markaziy Komitet Byuro va Plenumlarda eshitgan do‘q-po‘pisalarning ta'sirimikan? O'zingni qo‘lga ol, dedim. Bir boshga - bir o‘lim. Tiz cho‘kib yashagandan ko‘ra, tik turib o‘lgan yaxshi emasmi? Ochiqda ham birorta kattakondan gap yemas eding-ku... Avaxtadoshlar ham mard, chidamli va dangal odamlarni yoqtirishar ekan. 41 kun Navoiy qamoqxonasida yotdim. Har besh-o‘n kunda P. Uring ke-lib tergov qilib ketardi. O'sha kuni kamerani almashtiradilar. Uydan narsa olmaymiz. Na yeyishga, na chekishga berishadi. Nuqul «I. Usmonovdan ikki marta 65 ming olganman», deb ko‘rgazma berishga majbur qilishadi. So‘ng Toshkent qamoqxonasiga olib keldilar. Eng ashaddiy jinoyatchilar saqlanadigan yerto‘laga tashlashdi. Oltmish kun yotdim. Shunda bildim tuynukdan kiradigan havoning, tirqishdan tushadigan nurning qadrini. T. Gdlyan gruppasidan kelgan ikki tergovchi ertalab soat 9 dan kech soat 8-9 gacha surunkasiga bir hafta tergov qilishdi. Endi meni pora olganlikda emas, pora berganlikda ayblamoqchi bo‘ldilar». V. P. Yesin va I. Jabborovga pora berganman», deya ko‘rgazma yoz deb qiynashdi. Ovqat ham, non ham yo‘q. Ular shunga iqror bo‘lib, yozib bersang, seni hozirning o‘zida chiqarib yuboramiz, bo‘lmasa shu yerdan o‘liging chiqadi, deyishdi. 1986 yil fevral-mart oylarini shu balchiq, zax chuqurda o‘tkazdim.
Ikki oy yer to‘lada saqlagach, Kattaqo‘rg‘on qamoqxonasiga olib keldilar. Bu yerda bir oyga yaqin yotdim. U yerdan Navoiyga yuborishdi. Avvalgidek yana ashaddiy jinoyatchilar orasida bo‘lib, «do‘pposlanish», «kaltakxo‘rlik» va «haqoratlanish», «ilmi»dan dars oldim. Hozir bu gaplarni shunchaki aytayapman-u, aslida yuraklarim zirillab turibdi. Qisqasi, to‘rt oy davomida yuz martadan oshiq so‘roq bergan bo‘lsam-da, atigi bir martasida protokol tuzishdi, xolos.
Qonun bo‘yicha tergovchilar 1985 yil may-iyun oylarida menga aybnoma o‘qib berishlari kerak edi. Ular esa, 1986 yil 24 aprelda tanishtirdilar. Qarasam, ishda I. Usmonovning ko‘rgazmasidan bo‘lak birorta arzirli hujjat yo‘q. Biror kishi ham so‘roq qilinmagan. Tavba, bular meni kim deb o‘ylashadi o‘zi? Nahotki, men ular o‘ylaganchalik shu qadar go‘l va gumroh bo‘lsam! «Ayblash fikri» boshdan-oyoq tuhmat», deb yozib berdim. So‘ng katta hajmdagi ariza bilan norozilik bildirdim. Meni yana Qattaqo‘rg‘on qamoqxonasiga jo‘natishdi.
DASTLABKI HUKM
1986 yil 26 iyunda Qiziltepa paxta zavodi klubida viloyat sudining a'zosi H. Nazarov raisligida sud majlisi boshlandi. Sudda har kuni Viloyat va Nohiya mehnatkashlari - 300-400 kishi qatnashar, dastlabki kunlar sud raisi «N. Hikmatovda hech qanday gunoh yo‘q, uni sud qilib bo‘lmaydi», deb turgan bo‘lsa-da, qattiqqo‘l tergovchilarning tazyiqlari unga ta'sir etmay qolmadi. Hatto sudga yuqoridan Butunittifoq televideniesi «Ijodkor»lari yuborildi. Bu o‘z navbatida sudning borishini tamoman boshqa izga burib yubordi. «Baxshullaning achchiq kuzi» degan bu filmda Navoiydagi «Kommunizm kolxozi raisi Baxshulla Hamroevning qilmishlari haqida hikoya qilinsa-da, sud epizodi Qiziltepa nohiyasidan, boshqa «qahramon»lar hayotidan tanlangan edi. O'zingizga ma'lum, o‘sha yillarda arzon shov-shuv uchun O'zbekistondagi istalgan sohani matbuotda qoralab yozib, ekranlarga negativ holatda chiqarish odat tusiga kirib qolgan edi.
Bu hol hamon davom etmoqda.
Xullas, sud bir oydan ko‘proq davom etdi. 140 dan ortiq kishi guvoh tariqasida so‘raldi. Ularning hammasi (I. Usmonovdan tashqari), biror kishi ham Nusrat Hikmatovga guvohlikka o‘tmadi. Odamlar darg‘azab, chol-kampirlar yig‘lagan, ko‘plarning «qo‘lida» raykomimizni qaytib bering», degan ariza. Lekin xalqning oshkora talabiga hech kim quloq solmadi. Chunki o‘shanda oshkoralik endigina tetapoya bo‘lib kelayotgan edi.
Sudning so‘nggi majlisi 30 iyulda tugagan bo‘lsa-da, o‘sha kunning ertasigayoq avvaldan tayyorlab qo‘yilgan 16 betli hukm o‘qildi.
«Sudlanuvchi Hikmatov Nusrat O'zSSR J. K.ning 149, 1491, 155, 152 moddasining II qismi va 1191moddalari bilan aybli deb topilsin va mol-mulki musodara qilinib, 13 (o‘n uch) yil muddatga ozodlikdan mahrum qilinsin...»
Mazkur hukmda O'zSSR J. K.ning 28-moddasiga asosan, Nusrat Hikmatov yuqoridagi jazoni o‘tab qaytgach, yana 5 (besh) yil muddatga mansabli ishlarda ishlashdan mahrum qilingan edi.
Hukm o‘qildi. Lekin bu ochiq sudda qatnashganlar, uning nihoyatda yuzaki, xo‘jako‘rasinga o‘tganligidan hali-hali g‘azabda. Chunki, avvalo, besh kunlik tanaffusdan keyin sudda birorta ham guvoh so‘roq qilinmadi. Sud majlisida 3 soat davomida Nusrat Hikmatovning o‘z ayblarini rad qilib, so‘zlagan nutqidan sud kotibi Banaqulov biror satrini ham yozmasdan, esnab o‘tirdi. Guvohlarning so‘zlari esa mutlaqo qog‘ozga tushirilmadi. Ana shunda Hikmatovning oilasi, farzandlari bu adolatsizlikka chiday olmay, har biri bittadan daftar olib, suddagi barcha guvoh, sud hay'ati, prokuror, oqlovchi va aybdorlarning so‘zlarini ipidan ignasigacha yozib bordilar...
Bir-biridan azobli soatlar, kunlar, haftalar o‘tib borardi. Nusrat Hikmatov yuqori sud organlariga 5 marta ariza yozgach, nihoyat 77 kundan so‘ng uni sud majlisi protokoli bilan tanishtirdilar. Protokolda guvohlikka o‘tgan kishilarning sud raisi so‘roqlariga bergan javoblari butunlay o‘zgartirilib yozilgan, hatto tergov hujjatlarida bo‘lmagan gaplar ham kiritilgan. 3 oktyabrdagi protokolning 30-41 betlari batamom qayta yozilgan edi. Bu ham yetmagandek, Nusrat Hikmatov tilidan: «Meni kechirishingizni so‘rayman», degan iboraning kiritilishi, ayniqsa uni qattiq g‘azablantirdi. Chunki sudda qatnashgan guvohlar, yuzlab adolattalab kishilar, oilasi, qarindoshlari, murg‘ak farzandlari ham uning pok ekanligiga qanoat hosil qilgan edilar.
BORMISAN, HAQIQAT
Nohaq tuhmat qurboni bo‘lgan har qanday jafokash ham atigi bir marta bo‘lsa-da, haqiqat bilan ro‘baro‘ kelib, unga salom bergisi, bor ovozda hayqirgisi keladi. Nusrat Hikmatov ham bu jarayonda qatnashar ekan, bir jihatdan qattiq o‘ksinib, iztirob cheksa, ikkinchidan, odamlarning, ayniqsa, beg‘ubor farzandlarining o‘ziga bo‘lgan ishonchlaridan boshi ko‘kka yetib o‘tirardi. Oilasi, farzandlarining suddan keyingi xatlari esa, ayniqsa, ishonch va umidga to‘la edi.
«Salom azizim! Ahvollaringiz yaxshimi? Ko‘p o‘rtanmang, hammasi yaxshi bo‘ladi. Atrofga qarang. Menga 13 yil berdilar deb, ruhan tushmang, o‘zimni albatta oqlayman deb, o‘ylang. Haqiqat ertami-kechmi g‘alaba qiladi. Bizlar to tirikmiz, sizga ishonamiz. Bir yangilik: Olim institutga kirdi. Xayr.
Salom bilan oilangiz Fazolat».
Kichik o‘g‘li ham institutga kiribdi. Axir tergovchilar «har bir bolangni institutga kiritish uchun qancha bergansan?» deb uni ozmuncha qiynamadilarmi? Farzandlari Xolida, Sur'at, San'at o‘qiyotgan institutlarga borib, ularning «qaysi yo‘l» bilan o‘qishga kirganlarini, qanday o‘qiyotganlarini tekshirib ham bir ishkal topolmadilar. Bolalarining hammasi «a'lo» bahoda o‘qiyapti. Mana, o‘zi ikki yildan beri qamoqda yotgan bo‘lsa-da, Olim ham o‘qishga kiribdi.. Aslida bolaning o‘zida bo‘lsin ekan...
Oradan yana bir yil o‘tdi. O'zbekiston SSR Oliy sudi kollegiyasi uning kasatsion arizasini ko‘rib chiqib, 7-8 sababga ko‘ra dastlabki hukmni bekor qilib, ishni qayta sudga yubordi. Navoiy viloyat sudi raisining o‘rinbosari Z. Ya. Yalg‘ashev boshliq sud hay'ati ikkinchi marta ishni ko‘rdi. Sudga qo‘shimcha guvohlar chaqirildi. Yangi hujjatlar talab qilib olindi. Bu sudga ham I. S. Borov va P. Uring ta'sir o‘tkazmoqchi bo‘ldilar. Biroq, hammani ham insofsizlik, vijdonsizlik yo‘liga boshlash mumkin emas ekan. Sud raisi Yalg‘ashev, bu bo‘tqani kim pishirgan bo‘lsa, o‘zi yesin, deb so‘zida qattiq turib oldi. Jinoyat ishini qo‘shimcha tergovga yuborish haqida ajrim chiqardi.
Shundan keyin ham Nusrat Hikmatov yana bir oy qamoqda yotdi. Oqibat haqiqatning nurli tuynugi ochilgandek bo‘ldi. O'zbekiston SSR prokurori D. A. Usatov N. Hikmatovni ozod qilish va uning ishini noto‘g‘ri olib borganlarni jazolash haqida xat yubordi. Ana shu xatdan keyin ham Navoiy viloyati prokurorining qarori bilan uni yana bir oy qamoqda saqlashdi. Shu orada tergovchi I. S. Borov bir necha bor tergov qilib, «Yesin bilan Jabborovga pora berganingni bo‘yningga ol», deb majbur qildi. Lekin u: «Hech kimga pora bermaganman, isbotlang», deb o‘z so‘zida turdi. Hatto 1988 yil 23 iyunda o‘sha tergovchi N. Hikmatovning oqlovchisi Sh. Zabirovga ta'sir o‘tkazib, uning yoniga kiritdi. Oqlovchi ham «Nusrat aka, pora berdim deya qoling endi, hozir chiqarib yuborishadi», deya D. A. Usatovning xatini ko‘rsatdi. U oqlovchini ham haydab chiqardi. I. Borov biror ish chiqara olmagach: «O'zingni ham bola-chaqangni ham qamoqda chiritaman», deya dag‘dag‘a qildi. Shunda Nusrat: «Bilganingni qil», dedi qo‘l siltab.
Nihoyat, yana to‘rt kun qonunsiz qamoqda saqlaganlaridan so‘ng, 1988 yilning 27 iyunida uni tilxat orqali ozodlikka chiqarishdi.
Qamoqxona eshigida uni oila a'zolari va bir guruh do‘stlari kutib turishar edi. U avval terak bo‘yi ko‘tarilgan quyoshga, so‘ng odamlarga qarab olib: «Bormisan, haqiqat», deya pichirlab qo‘ydi.
SO'NGGI QIYNOQ
1988 yil 28 iyundan boshlab yana Qiziltepa paxta tozalash zavodida «do‘kon» ochib, odamlarni tergov qila boshladilar...
Nusrat Hikmatov O'zbekiston SSR prokurori o‘rinbosari O. I. Gaydanov huzuriga kirib, pasportini so‘raganda, u stolini mushtlab, «Seni oqlab chiqarib bo‘ladimi?» deb o‘shqirdi. Shunda Nusrat o‘zining haqligini isbotlab bera boshladi. Gaydanov noiloj pasportini qaytarib berarkan: «Baribir seni mansabingni suiste'mol qilganing uchun jazolaymiz!» dedi. 1988 yil sentyabr oyida uni jumhuriyat prokuraturasining alohida muhim ishlar bo‘yicha tergovchisi Rahim Ro‘ziev chaqirib xursand qilmoqchi bo‘ldi. «Nusrat aka, - dedi u, - sizni O'zSSR JK 149, 149, 155-moddalari bo‘yicha qilgan ayblaringiz avfga amnistiyaga tushdi. 152-moddasining 2-qismi va 119 moddalar bo‘yicha JK 5-2 moddasi bilan ishingizni butunlay bekor qilamiz. Iltimos, mana bunga qo‘l qo‘yib bersangiz».
Biroq, bu xil «yaxshilik»lardan ancha pishib qolgan Nusratni aldab bo‘lmasdi. U «Menga amnistiya kerak emas, chunki men jinoyatchi emasman!- deb qo‘l qo‘yishdan bosh tortdi. - Yuqoridagi moddalarni JPK 5-2-moddasi bilan bekor qilsangiz, qo‘l qo‘yaman, bo‘lmasa yo‘q». Yana tortishuv, yana aldash-avrashlar...
Yugurib-elib 1988 yil 3 noyabrda Nusrat Buxoro to‘qimachilik korxonasiga ishga kirdi.
Nusrat Hikmatov hikoyasi: Endi ishga kirib, odamlarga qo‘shilib, ko‘kragimga shamol tekkanda, Toshkentdan qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Rahim Ro‘ziev ekan, 20 noyabr soat 10 da Toshkent qamoqxonasi oldida uchrashsak, deydi. Tinchlikmi, deb so‘radim. Issiqroq kiyinib, to‘rt-besh so‘m pul oling. Moskvaga ketamiz. Sizni Gdlyan gruppasi chaqiryapti, dedi. Ko‘z oldim qorong‘ulashib ketdi. Bu gal Gdlyanning o‘zi tergov qilsa kerak, deb o‘yladim. Yonimga jiyanim Sa'dullani oldim. 21 noyabrda Ro‘ziev, Usmonov, uyam Ismat degan jiyanini olibdi, besh kishi Moskvaga uchdik. Mehmonxona qayoqda, ijaraga bir xona topdik. 22 noyabrdan boshlab avval Usmonovni chaqirib, ikki kunda unga javob berib yubordilar. Keyin navbat menga keldi. Havo sovuq, yerda qor izg‘irin. R. J. Vafin degan tergovchi so‘roq qildi. O'sha gap: «Yesin bilan Jabborovga pora bergansan», deydi. Rosa qiynadi. So‘kdi. Yetti kun ertalabdan-kechgacha tergab, bir necha marta qo‘limga kishan solib, dag‘dag‘a qildi. E, ular insonni odam o‘rnida ko‘rishmaydi. Bunaqalarni ona tug‘magan bo‘lsa kerak. Eng oxirida o‘sha mashhur tergovchi, Ivanovning oldiga olib chiqdi. N. Ivanov ham yarim kundan oshiqroq meni aldab avradi. Yesingayam, Jabborovgayam hech narsa bermaganman, bergan bo‘lsam, sizlarni ham, o‘zimni ham qiynamasdan, o‘sha 1986 yildayoq yozib berardim, deyman. Qani endi ishonsa. Bir ish chiqavermagach, Ivanov ham qizishib do‘qqa o‘tdi. «Menga qara, sen kimsan o‘zing?» Oddiy bir raykom sekretarisan-da, deb yoniga tupurib oldi. - Bu yerda MKning sekretarlari, prezidentlaring yotibdi, bolalaringga rahming kelsin». «Mayli,-dedim,-bola-chaqam bilan bir umrga xayrlashib kelganman». Ivanov istehzoli jilmayib: «Aytdim-ku, sen bizga kerak emassan, mana bu obkom sekretarlari kerak, hali bu yerga ana u yoqdan ham olib kelamiz,-deya ko‘rsatkich barmog‘ini yuqoriga qadadi,-tushundingmi, Kremldan ham keladi bu yerga!» Tishimni-tishimga qo‘yib, chidab turibman. U jahl bilan xonada nari beri yurar ekan, bir payt shaxt bilan menga o‘girilib: «Bilaman, siz o‘zbeklar hammang poraxo‘r!», deb baqirsa bo‘ladimi. Chidab turolmadim. O'rnimdan sapchib turib, uning ko‘zlariga tikildim: «Men mahbusman, har qancha haqorat qilishing mumkin. Lekin millatga tegma!», dedim. U yana o‘zinikini takrorladi. (Nusrat Hikmatov o‘sha mash'um voqealarni eslarkan, ko‘zlari xonasidan chiqib ketib, azoyi badanini yumdalay boshladi). «Sening o‘zing poraxo‘rsan, qo‘llaring toza emas senlarni», dedim, Bu kasal yuragimga to‘kilgan. Sal asabiylashsam, azoyi badanim qizib, qichisha boshlaydi. Ikki yarim yillik qamoqda orttirganim shu bo‘ldi. Shundan keyin Ivanov «Hozir Abduvohid Karimov va Usmonxo‘jaevga aytsam, har biri sendan 50 ming so‘m olganman, deb ko‘rgazma berishi mumkin», deya po‘pisa qildi. Vijdonim toza, deb turaverdim. Kechgacha bir ish chiqarolmagach, R. Vafinga uni hech qayoqqa yuborma, deb tayinladi; Vafin yana avrashga tushdi. «Boshimni qotirma, bu men uchun o‘talgan bosqich», dedim.
1988 yil 22 dekabrda SSSR ichki ishlar ministrligining mahbuslar iborasi bilan «Morskaya tishina» («Dengiz sukunati») deb ataladigan qamoqxonasiga olib bordilar. Avval tergovchilar menga rosa «ishlov berdilar». So‘ng xonaga I. Jabborovni olib kirdilar. Bir siqimgina bo‘lib qolibdi bechora. Tergovchilardan yashirincha, menga ko‘z qisib, besh barmog‘ini ko‘rsatib, berganman, deb ayt, deya imo qiladi. G'azabimni ichimga yutdim. Jabborov avvaliga meni rosa maqtadi, so‘ng ikki martada besh ming so‘m olganman, dedi. Men esa hech qachon pora bermaganligimni ko‘rsatdim. U porani qaerda va qachon olganligini isbotlab berolmadi. Keyin V. P. Yesin bilan yuzlashtirishdi. U ham meni talantli partiya xodimi» deb ko‘klarga ko‘tarib, yarim soatcha maqtagach, negadir, Nusrat menga ikki martada besh ming so‘m bergan edi, dedi. Buni qarangki, har ikkala sekretarga ham ikki martada ko‘p ham emas, kam ham emas, besh ming so‘mdan pora bergan emishman. Axir bu g‘irt tuhmat-ku. Jon-ponim chiqib ketdi. Odamzod ham shunchalik mute va irodasiz bo‘ladimi? Olmagan narsasini oldim, deb tursa. O'zimni bosib olib, Yesinga: Vasiliy Pavlovich, ko‘zimga tik qara-chi, dedim. Qaray olmadi. Ko‘zlarini yerga tikdi. Senga hech narsa bergan emasman, dedim. Tergovchi R. Vafin shu yerda edi. Yana so‘kdi. Lekin men ham qarab turmadim. O'ladigan ho‘kiz boltadan toymas, deganlaridek, ikki-uchtasiga bitta aytib turdim. Yesinni olib chiqishdi. Ivanov buni hech qayoqqa yuborma, deb Vafinga tayinlar ekan, seni ham anovilar va Usmonxo‘jaevlarning qora poezdiga ulab yuboraman, dedi. Agar istasang, mening o‘zim parovoz, Qizil parovozman, dedim.
Yarim kechada, ancha sanu-manlardan keyin R. Vafin ruschalab, seni bomba bilan ham parchalab bo‘lmas ekan, bor ket, deb chiqarib yubordi. Tashqari qop-qorong‘u. Cho‘ntagimda bir tiyin pul yo‘q. Qayoqqa borishni, nima qilishni bilmayman. Yaqinda bir magazin bor ekan. Shuning qorovuliga uchrashdim: «Bratan, mana bu soatni olib, ertalabgacha menga uch so‘m pul berib tur», deb iltimos qildim. Ruslar juda ajoyib xalq bo‘ladi. Soatni olmayman, dedi. Unga soatni majburan qoldirib, uch so‘m olib yo‘lga tushdim. Metro ham allaqachon bekilgan ekan. Bir amallab yarim yo‘lgacha taksida yetib keldim. Undan uyog‘iga piyoda yurib, soat uchlarda ijara xonamizga arang yetib bordim.
Moskvadan qaytgach, kasalxonaga tushdim.
ADOLAT TANTANASI
Nihoyat, O'zbekiston SSR Oliy sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov kollegiyasi jumhuriyat oliy sudining a'zosi Ahrorjon Qodirov raisligida Nusrat Hikmatovning jinoiy ishini atroflicha qayta ko‘ribdi.
Sudda juda ko‘p narsalar - tergovchilarning jinoyatkorona xatti-harakatlari-yu, dastlabki sudning yuzakiligi, tergov va sudning protokolidagi qalbakiliklar aniq isbotlar bilan fosh qilindi. Sud majlisida avval pora oldim, deya ko‘rgazma bergan V. P. Yesin, pora olmaganman, deb Nusrat Hikmatovdan kechirim so‘radi. I. Jabborov esa «olgan porasi»ni qaerda, qaysi sharoitda olganligini isbotlab bera olmadi. I. Usmonov bo‘lsa o‘zining dastlabki ko‘rgazmalarini qiynoqlar ostida majburan berganligini aytdi, yig‘lab uzr so‘radi.
Nusrat Hikmatov hikoyasi: - (Suddagi so‘nggi so‘z): - Oliy sudning adolatli kollegiyasi a'zolari. Men 25 yil partiyaga, xalqqa xizmat qildim. Rahbariy lavozimlarda ishladim. Butun umrim davomida birovni kamsitganimni, nohaq haqorat qilganimni eslay olmayman. Biror kishiga jabr-zulm o‘tkazmadim. Mehnat faoliyatim davrida na partiyaviy, na ma'muriy jazo olganman. Hamisha halollik uchun kurashdim. Boshimga og‘ir malomatli kunlar tushdi. Oshkoralik va demokratiya haqida ikki yarim yil zax yerto‘lalarda yotib eshitardim-u, lekin unga zor edim. Birovlar o‘z ixtiyori bilan partiya biletini topshirayotgan kunlarda men qamoqxonalarda, har qanday qaltis davrlarda kommunist degan sharafli nomga munosib bo‘lishga, unga dog‘ tushirmaslikka harakat qildim. O'zboshimcha tergovchilar ixtiro qilgan «qora chig‘iriq»qa qayta-qayta tushgan bo‘lsam-da, ming shukurki, undan har gal majaqlanib bo‘lsada, sof vijdonli holda chiqardim. Ular mening irodamni bukmoqchi bo‘ldilar. Lekin qo‘llaridan kelmadi. Chunki men oxir-oqibat adolat tantana qilishiga ishonardim...
«O'zbekiston SSR Oliy Sudining Jinoiy ishlar bo‘yicha sudlov kollegiyasi O'zSSR JPKning 279-282, 195-296-moddalarini qo‘llab,
HUKM QILDI:
Hikmatov Nusrat O'zSSR JKning 149-1491 va 155-moddalari bilan O'zSSR JPKning 5-moddasi ikkinchi qismiga asosan, harakatida jinoyat tarkibi yo‘qligi uchun oqlansin.
Hikmatov Nusratni O'zSSR JK 153-moddasining II qismi bilan O'zSSR JPK 5-moddasining I qismiga asosan jinoiy hodisa ro‘y bermaganligi uchun oqlansin.
O'zSSR JPKning 302-moddasi talabiga ko‘ra, ushbu hukm kasatsiya tartibida shikoyat berilishi va protest qilinishi mumkin emas».
Sudning adolatli hukmini yig‘ilganlar qarsaklar bilan kutib oldilar.
Shuningdek, sud kollegiyasi SSSR Oliy Soveti Prezidiumining 1981 yil 18 maydagi Farmoniga asosan, nohaq jabrlangan Nusrat Hikmatovni 3 oy davomida avvalgi ishiga tiklash, imkoni bo‘lmasa, shunga baravar vazifa bilan ta'minlash huquqini berdi.
O'zbekiston Oliy Sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov kollegiyasining 1989 yil 21 sentyabrdagi ajrimi bilan Nusrat Hikmatovga ma'muriy organlar aybi bilan yetkazilgan 19 ming 274 so‘mlik moddiy zararni davlat hisobidan undirish haqida qaror qabul qilindi.
Shubhasiz, Nusrat Hikmatovga bu moddiy zararni undirib berdilar.
30 oy davomida mash'um qamoqxonalarda chekkan azob-uqubatlar, qiynoqlarni, oyoqosti qilingan or-nomusni, xotini, yetti farzandi qalbida bir umrga muhrlanib qolgan achchiq musibatni, oqizilgan daryo-daryo ko‘z yoshlarni nima bilan yuvsa bo‘ladi? Bu ma'naziy zarar kimning hisobidan undirib beriladi?!
Bu masalada ham davlat xazinasiga murojaat qilish adolatdan bo‘lmasa kerak!..
Redaksiyadan:
Muxbirimiz O'zbekiston SSR Oliy Sudining raisi o‘rtoq M. Malikov bilan uchrashib, Nusrat Hikmatov «Jinoyat» ishi bo‘yicha chiqarilgan oqlov hukmi haqida uning fikrini so‘radi.
- Men shaxsan Nusrat Hikmatov to‘trisidagi oqlov hukmi bilan tanishib chiqdim, - dedi Muhammad Bobur Majidovich, - ushbu hukm qonuniy va o‘z vaqtida chiqarilgan, deb hisoblayman.
1989 yilning 7 sentyabrida «Sudlar tomonidan oqlov hukmlari chiqarish va jinoiy ishlarni reabilitatsiya qilish asoslari bo‘yicha harakatdan yotqazish praktikasi» haqida O'zbekiston SSR Oliy sudining plenumi bo‘lib o‘tdi. Ushbu plenumda qilgan dokladlarida N. Hikmatovning jinoyat ishi bo‘yicha yo‘l qo‘yilgan Sotsialistik qonunbuzarliklar ham ko‘rsatib o‘tildi.