Biz juda sabr-toqatli, chidamli, ertangi kungi haqimiz nari tursin, bugungisini ham talab qilmaydigan andishali odamlarmiz. Boriga baraka qilib yashashga o‘rganganmiz. Taqdirimizga ta'sir etguvchi shaxslarni xijolatga qo‘ymaslik uchun ularga quyushqondan oshirib bir og‘iz gap aytmaslikka o‘rganganmiz. Har holda qornimiz to‘q, ustimiz but-ku, bola-chaqa bilan tinch yashasak bo‘ldi-da, deya o‘ylaydi o‘rtacha kishi o‘zicha, ertangi kunning hisob-kitobini qilib. Ishqilib, yumaloq-yassi qilib qizini chiqarib, o‘g‘lini uylantirib olsa, bas. Demak, hayot, tirikchilik shu. Rostdan ham, shundaymikan?..
- «Yosh leninchi»dagi maqolangizni o‘qidim. Gorbachyovdan tortib, respublika rahbarlarigacha tanqid qilibsiz. Sizga nima kerak? Bir tashkilotda rahbar bo‘lsangiz. Kuningiz yaxshi o‘tib turgan bo‘lsa. Odamlar hurmat qilsa. Nima qilasiz o‘z boshingizga o‘zingiz g‘avg‘oni sotib olib. Siz qo‘yayotgan talablarga bizda hech kim tayyor emas-ku. Bu ahvolda olabo‘jiga aylanib qolasiz, uka, - menga astoydil maslahat beradi poliklinikamiz tabibi.
- Mana, odamning donosi. Eshitdingmi, xuddi mening gaplarimni aytyapti. Sog‘ boshingni savdoga solib nima qilasan! - deydi bu gapni eshitib turgan yaqin kishim kuyib-pishib.
Men nohaqlik oldida sukut saqlashga ko‘nikmagan odamman. Maslahat berayotganlarga: «Ey, ahli mo‘‘min, Vatan-chi!» - deya hayqirgim keladi. Lekin bu odamlardan ham xafa bo‘lmaslik kerak, deya o‘ylayman o‘zimga o‘zim tasalli bergan bo‘lib. Sababi, bul kishilardan bundan ortiq gap va fikr kutib bo‘lmaydi. Ularning bori shu. Eng muhimi, ularning qon-qoniga, ongiga singgan ana shu ma'naviy mayiblik farzandlariga o‘tganmi, yo‘qmi? Hamma gap ana shunda. Bu narsa Vatan va xalqning kelajagi, taqdiri bilan bog‘liq bo‘lgan tuyg‘udir. Men siz bilan ana shu tuyg‘u xususida fikrlashmoqchiman.
Buxoro va Samarqandda hind quruvchilari muhtasham qo‘noqxonalar qurmoqdalar. Dunyo talpinib turgan shunday buyuk shaharlarda shu paytga qadar oddiygina, sayohatchilar ko‘nglidagidek birorta qo‘nalg‘a qura olmadik. Endi esa foydani bo‘lishtirish evaziga hind do‘stlarimiz bilan bu ishni amalga oshirishga kirishdik. Hech bo‘lmaganidan kech bo‘lganiyam ma'qul chog‘i. Hind mutaxassislari Buxoroga kelib, beton qorishga ishlatiladigan suvning tarkibini o‘rganib chiqdilar va suvni ushbu maqsadda ishlatib bo‘lmasligini bilishib, uning tuzini ajratib, so‘ngra foydalana boshlashibdi... (Bizda gil tuproqdan kulollar yasagan yodgorlik buyumlari ham bir-ikki yil o‘tmasdan tuz boylab ketadi. Sho‘r tortib ketgan imoratlarmizni qo‘yavering). Hamma narsa inson uchun, insonning baxt-saodati uchun deb hayqiradigan biz esa shu suvni hatto odamlarning ichishiga ham tozalab, yaroqli qilib bera olmaymiz. Mana sizga dunyoning ishi...
Bo‘stonliqda zavod qurilishi muammosi bilan bog‘liq janjallar hali ko‘pchilikning esidan chiqmagan bo‘lsa kepak. Oxirgi ikki yig‘in negadir xotiramda muhrlanib qoldi. Birinchisida bironta rayon rahbari Toshkentdan borgan yigirma nafar yozuvchining yaqiniga yo‘lamasa bo‘ladimi?! Anchadan so‘ng peshonasi tirishgan ijroqo‘m raisining muovini paydo bo‘ldi. U ham nega keldilaring, qiladigan ishlaring yo‘qmi, degandek xakoratomuz gap qildi. Eng dahshatlisi, yozuvchilarni biror kishi «kelinglar» demasa-chi? So‘nggi yig‘in uzoq cho‘zildi. Qanday bo‘lmasin, tepaning xoxish-irodasini o‘tkazishga uringan oblijroqo‘m raisi yig‘inni olib borayotganidan foydalanib, turli xil nag‘ma qilib ko‘rdi. Prezidiumning yarmi partiya, sovet xodimlari, yarmi yozuvchilardan iborat edi. Shunda men ko‘pchilikning fikrini aytib, so‘nggi chorani qo‘llashga majbur bo‘ldim.
- Dustlar, hurmatli xaloyiq! Bu yerda kim haq, kim nohaq deya tong otgunga qadar tortishish mumkin!
Ajablanarlisi shundaki hech kim, hech bir rahbar bizni tushunishni istamayapti! Bu masalaga ularning aqllari yetmay, tushunishmaganda boshqa gap edi. Biroq ko‘ra-bila, tushunishni istashmasa... Tabiat, degani, bu xudo degani! Bu yog‘ini xudoga solamiz! Kim nohaq bo‘lsa shuni xudo (tabiat) ursin! Prezidiumda o‘tirgan yozuvchilarni esa minbarni tark etib, zalga tushishlarini so‘rayman!
Biz prezidiumdan pastga tushdik. Odamlar esa zalni tashlab chiqa boshlashdi. Bizdan oldin va keyin, hatto biz bilan birga borgan oblast hamda rayon rahbarlari xayr-ma'zurni nasiya qilib, sutdek oppoq «Volga»lariga o‘tirishib jo‘nab ketishdi. Ularning munosabatidan «ruhlangan» odamlar ham bizga xo‘mrayib qarashardi. Eski avtobus atrofida uymalashayotgan hamkasblarimga qarab turib, ko‘nglim buzilib ketdi. Men bu daqiqada aslo-aslo yozuvchilarning ahvoliga, ularga hurmatsizlarcha munosabatdan achinganim yo‘q. Yozuvchilar tabiatan izzattalab odamlar emas. Azob, kamsitilish, nohaq tazyiqlar, ezilish yozuvchini shakllantiradi va yuksaltiradi. Baxtli, to‘kis odamlardan butun yozuvchilar chiqmasligi ham ana shundan. Adolatsizlik, nohaqlik oldida yelka qisib turgan yozuvchi esa xalqning vijdoni emas, uning tanasiga o‘rnashib qolgan o‘q parchasidir.
Xuddi o‘sha daqiqa men ikki narsadan iztirob chekayotgan va achinayoltan edim. Birinchidan, o‘z yozuvchilaridan yotsirab (to‘rtta rahbarning qutqusiga uchib) o‘zini bizdan tortib turgan bir to‘p odamlarga rahmim keldi. Uning kelajagi ko‘zimga g‘oyat mavhum va nursiz kurinib ketdi. (Ilohim, men nohaq bo‘layin!) Beixtiyor bu olomon uchun nima mukaddas ekan, deya o‘ylay boshladim va ming afsuslar bo‘lsinkim, bizni quvvatlagan bir necha guruh odamdan bo‘lak, tomoshabin bo‘lib turgan kishilarda o‘sha mukaddas tuyg‘uni ko‘rmadim. Ikkinchidan, yozuvchi bilan uning xalqi orasiga raxna solishga kirishgan, stalinizmning yumshoqqina supurgisi bilan odamlarning betiga urayotgan rahbarlar haqida o‘ylar edim. Har qanday qonli yakkahokimlik xukmron bo‘lgan mamlakatda xam xalq yozuvchilarga qarshi qayralmagan. Bizda esa «Yozuvchilar asarini yozavermaydimi, nima kiladi iktisodu siyosatga aralashib» deguvchilar hozir ham istagancha topiladi.
Odamlar! Raxbarlar! Siz juda-juda yaxshi bilasiz! Shu paytgacha birorta o‘zbek yozuvchisi ochlik va yalang‘ochlikdan o‘lgani yo‘q! O'lmaydi ham! Bu xalq yozuvchisini abgor qilib qo‘ymaydi. Ishsiz yurgan yozuvchisini ham to‘yu ma'rakalarda to‘rga o‘tqazib, ustiga chopon yopadi. Sabab el duch kelgan amaldorga yomon ko‘rinib, oddiy xalqni himoya qilib yuradigan bu bechoralarning qalamidan bo‘lak hech narsasi yo‘qligini va uni hech kim tortib ololmasligini yaxshi biladi. Shu bois ham uzoq o‘tmishdan tortib bugungacha va barcha tuzumlarda adabiyot, san'at va ilm ahliga zug‘um qilgan hokimlarning ishi yurishmagan. Fozilu fuzalolar qarg‘ishiga uchraganlari hatto yaxshi o‘lim ham topmagan. Men bu fikrlarni ichimdan to‘qiyotganim yo‘q. Buning hammasi xalq orasida bor va bot-bot sinovdan o‘tgan tirikchilikdir.
Ruslarda xalq ko‘rmaydi, lekin his etadi, degan gap bor. Hech bir ishni xalq ko‘zidan pana qilib bo‘lmaydi, Mana, yaqinda inson ozodligi va huquqlarinipg betakror va buyuk himoyachisi Andrey Dmitrievich Saxarov olamdan o‘tdi. Qayta qurish, demokratiya va oshkoralik o‘zining bashoratchilaridan biridan judo bo‘ldi. Yigirma yil burun Saxarov biz endilikda gapirayotgan gaplarni aytganda uni yomonotliqqa chiqarib ko‘pchiligimiz turg‘unlik va xotirasizlik davrining daholariga choy tashib, yaltoqlanib, ular bilan ko‘rishganda qo‘limizni bir hafta yuvmay yurar edik. Hamma imtiyozlardan voz kechgan va oxir-oqibatda suogun qilingan Saxarov esa xalq va vatan deya kuyib yonardi. Tayga qa'rida azob chekib yotgan siyosiy mahbuslar ko‘nglini so‘rab, oilasiga yordam berib yurardi. Insonlarning oddiy huquklarini himoya qilardi. Biz uning faryodini ko‘rib ko‘rmaslikka, eshitib eshitmaslikka olardik. Bu buyuk inson haqida o‘ylar ekanman, u kishining oilasi bilan bog‘liq, yoka ushlaydigan bir vokea bot-bot yodimga tushaveradi. Saksoniichi yil eli, shekilli, O'zbekiston Musavvirlar uyushmasida rahbariyatni almashtirish xususida (u paytda men «San'at» jurnalida ishlar edim) besh-o‘n chog‘li kishi orasida fikr almashindi. Respublika mafkurasiga mutasaddilardan biriga uyushma rahbarligiga Ro‘zi Chorievni taklif etsa buladi, demokrat, barchaga barobar odam, dedim. Raxbar mening gapimni eshitmaslikka oldi yoki eshitishni istamadi. O'sha paytda bilinmasa-da, uning bu madaniyatsizligi nafsoniyatimga tegdi. Keyingi uchrashuvda yuqoridagi gapni esiga soldim.
- Bilasanmi, - dedi u meni o‘ziga yakin olib. - Choriev birinchidan kommunist emas. Ikkinchidan...
- Nima, ikkinchidan?
- Gap oramizda qolsinu, Saxarov bilan aloqasi bor shekilli, Stokgolmda xotinining qo‘lini o‘pibdi. Qara, qiladigan ishi yo‘qmi, a?
Men bir zum nima deyishimni bilmay kalovlanib qoldim.
- U juda his-hayajonli odam. Stokgolmda asarlari namoyish etilgandi. Ko‘rgazmaga kelgan bo‘lsa, o‘psa o‘pgandir, - dedim anchadan so‘ng o‘zimga kelib.
- Masalaning boshqa tomonlariyam bo‘lishi mumkin. Sen bilan menga hamma gapni aytishmaydi-ku,- dedi u o‘rnidan turib meni jo‘natishga chog‘lanarkan. (Bu odam kishilar bilan eng yuqorining ra'yi-rag‘batiga qarab gaplashardi.) - Undan tashqari sen GDRda bo‘lganingda qo‘shinlarimizning Afg‘onistonga kirishi haqida siyosatga qarshi gap aytibsan. Nima, boshing ikkitami?!
- GDRda bunday gap aytgan-aytmaganim esimda yo‘q. Lekin bu gapni shu yerda aytganman. Sizga ham aytganman. Kerak bo‘lsa, xalq oldida ham aytishim mumkin, - dedim o‘zimni bosolmay.
- Bunaqa ishlarga nuqta qo‘y. Bizda shu paytgacha gapirib, hech kim yutmagan. Birovlarga homiylik qilishdan oldin o‘z og‘zingga ehtiyot bo‘l. Hali yoshsan, o‘sishing kerak. Aks holda senga hech kim yordam berolmaydi...
Men karaxt holda chiqib ketdim. Bo‘ladigan gapni aytsam, bu karaxtlik hamon meni tark etgani yo‘q. Men chet elga chiqqan har bir kishining har bir hatti-harakatini kuzatishning uddasidan chiqa olgan ko‘zlarga tasanno deyman, xolos! Yuqorida qayd etilgan voqealar bugungi kunimiz uchun ham xarakterli bo‘lmaganida, men bu xaqda yozib o‘tirmas edim.
Biz esa o‘z aqliy va fikrlash darajamiz, ijtimoiy-siyosiy madaniyatimizdan kelib chiqqan holda, jumhuriyatimizda qayta quramiz, demokratik, insoniy munosabatlar va oshkora muloqotlar asosida ish yuritamiz deya uylayapmiz hamda o‘zimizcha nimadir kilgan bo‘lyapmiz. Lekin gapning indallosini aytadigan bo‘lsak, poezd joyidan jilgani yo‘q. Axyon-ahyonda u bor ovozi bilan tevarak-atrofga jar solib, gudok chalib qo‘yyapti, xolos. Qayta qurishning men sezgan bitta ijobiy tomoni - odamlar yuz foiz bo‘lmasa-da, ichlaridagi gaplarni qo‘rka-pisa bo‘lsada aytmoqdalar. Hademay bu jarayonning boshlanganiga ham besh yil bo‘ladi. Xo‘sh, shu muddat davomida bizda nima o‘zgardi? Sakson to‘qqizinchi yilning eng katta yangiligi bu odamlarga yer berish bo‘ldi. Hay, buning uchun ham rahmat deylik. Lekin bu yerni xalqqa Lenin va'da qilgan edi. Endilikda odamlarga yer beryapmiz, deb minbar mushtlagandan ko‘ra, Leninning aytganini qilmaganimiz, uni yetmish yil kechikib amalga oshirganimiz (bu ish ham hali oxiriga yetkazilgani yo‘q) uchun xalqdan kechirim so‘rashimiz kerak emasmi?!
To‘g‘ri, bizda hech kim ochlikdan o‘layotgani yo‘q! Lekin insofli-diyonatli odamning emin-erkin yashashi uchun sharoit ham, imkoniyat ham yo‘q! Boyroq yashash uchun albatta yo‘qdan yo‘ndiradigan poraxo‘r, olg‘ir, o‘g‘ri va qallob bo‘lish kerak. Bunday insoniy «fazilat»larga ega bo‘lish esa hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi! Odamlar orasida bir gap yuradi. Oktyabr inqilobidan so‘ng chet elga jo‘nayotgan piterlik boy xayrlashish uchun inqilobchi o‘g‘lini huzuriga chiqarib, nima uchun kurashayotganini, qon to‘kilayotganini so‘rabdi.
- Boylar bo‘lmasligi uchun kurashyapmiz!-deya javob qilibdi o‘g‘il.
- E-e, bolam-a, tafovutimiz juda katta ekan! Biz esimizni tanigandan beri, kambag‘allar bo‘lmasligi uchun kurashgan edik! - degan ekan ota ko‘zi yoshovlab.
Xo‘sh ayting-chi, bunday olib qaraganda biz qachongacha «kambag‘al-dehqon» oilasidan chiqqanligimiz bilan faxrlanib kamtarin va yarim qashshoq yashashimiz kerak! Qachongacha ishga ohori to‘kilgan kostyum-shim va rangi o‘ngib ketgan eski poyabzal kiyib borish oddiylik va halol yashashning mezoni bo‘lib xizmat qilishi kerak! Axir kiyim-kechak ham insonning ko‘rki emasmi? Qachongacha biz ko‘rksiz kiyinishimiz va yelkamizni qisib yurishimiz yoki xalqning ko‘ziga o‘zimizni shunday ko‘rsatishimiz kerak?!
Sobiq oblast rahbarlaridan birini kuzatib hayron bo‘lar edim. Unniqib, yengi yeyilib ketgan plashch kiyib yurardi. Uni kamtarinlik qilib, odamlardan farqlanmaslik uchun shunday kiyinsa kerak, deya o‘ylardim. Keyinchalik bu shaxsning uyidan katta pul topilib, o‘zlari Sibirga qarag‘ay kesishga ketganlaridan so‘ng «kiyim shkaflarida yigirmaga yaqin plashch va palto, yuz juft atrofida oyoq kiyim hamda son-sanoqsiz boshqa kiyim-kechaklari borligi ma'lum bo‘lganda, ko‘pchilik taajjublangani yo‘q. Xalq buni juda yaxshi bilar ekan. Xo‘sh, bu niqobbozlikning kimga keragi bor? Xalqimizni ora sarson qilgan narsa ham ana shu Niqobbozlik emasmi? Biz qachongacha xalqning ko‘z o‘ngida uquvsiz siyosiy masxarabozlik qilamiz? Bir kuni u bizni qo‘lbola sahnamiz bilan birga qo‘shib uloqtirib yubormasligiga kim kafil?
Ilgari o‘qimishli (albatta, madrasa ko‘rgan va dunyoning oqu qorasini tanigan) kishilarni hokimiyatga yo‘latishmagan va o‘ttiz yettinchi yilgacha bularning hammasi qariyb mahv etilgan. Og‘zi desa qulog‘ini ko‘rsatadigan kishilardan hatto respublika, oblast, rayon va ovul rahbarlari yasashgan. Bundaylar yuqorining ko‘rsatmasini qosh qayirmay bajaradigan, qalbida Vatan va xalq tushunchasi to‘la shakllanmagan kishilar bo‘lgan. Bundaylar mansabni baxt-saodat deb biladilar va hammadan aqlliligim uchun shu martabaga erishdim deya o‘ylaydilar. (Bundaylar hozir ham istagancha topiladi). Voqea va hodisalarning tub mohiyatiga tushunmaydigan bunday rahbarlarning yomg‘irdan so‘nggi qo‘ziqorinday ko‘payib ketishi aslida turg‘unlik deya atalayotgan daraxtning o‘q ildizi edi. Bizga dunyoni keng idrok eta oladigan fozil kishi emas, xalqnipg boshidan butifos sepishga aqli yetadigan rahbar kerak edi. Bizdagi kadrlar siyosati ana shu g‘ayri insoniy aqida ustiga qurilgan edi. Menimcha, bu «xislat»larimizdan birdaniga qutulib keta olmaymiz.
Xalqning ruhiy holatini kuzataman. Qirq va oltmish yoshlar orasidagi odamlarning siyosatdan hafsalasi pir bo‘lganday. Oilasini naridan beri tebratishni o‘ylab, barcha qatori kuni o‘tganiga shukr qiladi. Bu odamlardan yuksak kommunistik e'tiqod talab qilishning o‘zi sarobdek gap. Bular o‘qigan yasama qo‘llanmalarning hammasi endilikda yolg‘on bo‘lib chiqdi. O'z ustida ishlab, dunyoviy haqiqatlarni o‘rganishga esa ularda vaqt ham, imkon ham bo‘lmagan. Bor qobiliyatini och va yalang‘och qolmaslikka sarflagan. Besh vaqt namoz o‘qiydiganlarning anchayini esa islomdan ham chalasavod yoki savodsiz.
Bugungi xato va nomaqbul ishlarimizning tamal toshi siyosatimizning shakllanish davriga ham borib taqaladi, Ayniqsa, stalinizm davrida Leninning har qanday to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri fikridan Stalin o‘z qilmishlarini niqoblash uchun foydalandi. Har qanday oqsoch davlatni boshqarishi mumkin, degan edi Lenin. yo‘q, mumkin emas, deya javob bergandi Plexanov. Biz hech qachon Rossiyada marksizmning otasi bo‘lgan Plexanovning gapi haqligini o‘ylamasdik. Qanday bo‘lmasin bizga Lenin nohaq bo‘lib chiqmasligi kerak edi va bunga yo‘l ham qo‘yilmasdi. Men shunga hayronmanki, odamlar o‘z-o‘zlarini boshqarolmaydilar-u, lekin o‘zgalar ustidan hukmronlik qilishga urinadilar, deganda, Suqrot haq edi. Yuqorida qayd etilganidek, kunimiz bir navi o‘tyapti. Lekin Suqrot so‘rovi bilan aytganda, ruh va qalb uchun nima qilyapmiz? Agar hech nima qilmayotgan bo‘lsak, demak yashamayapmiz. Men bu odamlarni bilaman, ular yaxlab qolgan ko‘lmakdir, deganda Gyote so‘qir qalb va loqaydlarni nazarda tutgan edi. Chernishevskiy: g‘arib -millat, qullar millati. Eng yuqoridan quyigacha hammasi qullar! - degandi. («Xlopkorab» degan juda yumshoq tanqidga jirillagan ayrim o‘rtoqlar yana fikrni to‘ppa-to‘g‘ri qabul qilmasdan, bu yerda gap ma'naviy qullik, ma'naviy yetimlik haqida ketayotganligini anglasalar kerak deb o‘ylayman). Biz birinchp galda o‘z nodonligimiz va buning oqibatida kelib chiqadigan noqobilligimiz, noahilligimizning quli va qurbonimiz.
Biz o‘zimiz bilib-bilmagan holda uzoq yillar davomida partiya, davlat va hukumat apparatini sog‘lom fikrlay olmaydigan chalasavodlarga berib qo‘ydik. O'zga falsafalarga bo‘lgan noinsoniy munosabatimiz, buldozerchilik harakatimiz va betayin ateizmimiz bilan xudojo‘ylarni ham holdan toydirdik. Uyidan arabcha alifbodagi kitob topilgan odam qamalgani yoki otilganini hali beri ko‘plar esidan chiqara olmaydi, albatta. Bugunga kelib esa odamlardagi kommunistik e'tiqod ham, diniy e'tiqod ham chala. Chalasavodlikdan savodsizlik yuz karra afzaldir. Ko‘plar bolasiga «yaxshi odam bo‘l» deydi-yu, lekin yaxshi odam bo‘lish uchun nima qilish kerakligini o‘zlari chuqur anglab yetmaydilar. Bir kuni hamkasb o‘rtog‘im bilan bozornying eshigi oldida turib olib, bozorlik qilib uyiga qaytayotgan odamlarii «so‘roq» qildik:
- Bozorga kelganda, biror marta o‘qish uchun bolangizga badiiy kitob sotib olganmisiz?
Yuz chog‘li odamdan birortasidan «ha» degan javobni eshitmadik. Badiiy kitob degani qanaqa qitob, deya javob berganlar haqida gapirishning o‘z uyat.
O'zbek xalqi mehnatkash deymiz. To‘g‘ri. Ularga kuchi yetguncha yer beryapmiz. A'lo. Lekin besh sotix yeriga ham tuzuk-quruq ekin ekmaydig‘an, yumaloq-yastiq qilib sakkiz bog‘ makka oladigan odamlarimizning noqobilligi, dangasaligi haqida ham o‘ylab ko‘ramizmi. Sigiriga daladan ikki bog‘ o‘t o‘rib kelish o‘rniga qishloq magaziniga to‘planib olib, qotgan pecheneni gazak qilib, aroq ichishni afzal ko‘radigan kishilarimizni bir ko‘z oldingizga keltiring! Aroq ichib olib, eshak bilan barobar yuradigan traktorning ostida qolib halok bo‘layotgan, mototsikl bilan telejkaning ostiga kirib ketayotgan, qishloq to‘ylarida bir-birini so‘yayotgan, ko‘pkarida otning ostida qolib o‘layotgan kishilar kimlar? Siz bilan biz ko‘rishib yurgan odamlar emasmi?!..
Paxta «sharofati» bilan bizda asrlar mobaynida chorvachilik bilan shug‘ullanib kelgan turkiy uluslar ham o‘zlarining asl kasblarini almashtirishga majbur bo‘ldilar. Turkiston sarhadida azal-azaldan bevosita chorvachilik va dehqonchilik bilan shug‘ullanib kelgan xalqlar va elatlar bo‘lgan. Masalan, Farg‘ona vodiysida dehqonchilik bilan asosan sartlar shug‘ullangan. Biz mehnatni tashkil etish jarayonida ana shu tarixiy an'analarni hisobga olishimiz kerak. Daryo oqib kelgan tomoniga qarab oqishi darkor.
Stalinizm O'zbekistonda feodal tartiblarning davomi sifatida hali uzoq yillar yashasa kerak. Bu holatni faqat stalinizmning tabiatidan qidirish va uni ayblash ham insofdan emasdir, balki. O'sha paytda, Turkistonda Stalinning asl qiyofasini, stalinizmning asl mohiyatini bilgan kishilar Rossiyaga nisbatan olib qaraganda yo‘q hisobi edi. Shu bois ham bu g‘ayri insoniy tuzum O'rta Osiyoda gullab-yashnadi va hali beri o‘z istehkomlarini topshirmaydi. Haliyam bizda Stalin desa o‘zini tomdan tashlaydiganlar yuzlab emas, o‘nminglab topiladi. Xalq ongidan Xudoni ham, Muhammad alayhissalomni ham urib chiqarib, o‘rniga bu yurtlarni tushida ham ko‘rmagan, bir marotaba qadam bosmagan va bosishni istamagan Stalinni joylashtirdilar (Stalin Sharq xalqlarini, jumladan, musulmonlarni xush ko‘rmagan va mast bo‘lgan paytlarida eng sevimli tirikchiligi Temurni so‘kish bo‘lgan.). Xonliklarning o‘zaro urush-janjallari hamda chorizmning betayin zulmidan bezgan xalq olisdagi «payg‘ambar»dan najot kutib, unga sig‘inib yashay boshladi. Xalqda podsholar uzoqdan mehri bilan ilitadi, yaqindan esa yondirib yuboradi degan gap bor. «Xalqlar otasi» doimo kimgadir sig‘inib yashagan xalqning ruhiy holatidan foydalanib, uni qochgan tarafiga qarab quvdi. Ular kechasi oy va kunduzi quyosh chiqishini ham Stalinning sharofati deya bilishardi. Sababi, odamlarga o‘zgacha fikrlash va mushohada qilish man etilgan va bunga jur'at etgan eng yetuk kishilarning borar joylari tayin edi. Stalinizm o‘z xalqiga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsata olishi mumkin bo‘lganlarni orqa-oldiga qaramay qatag‘on qildi. Va ana, shu yo‘l bilan Stalinzm o‘zining mapqurtizm siyosatini amalga oshirdi va bu siyosatdan biz hozirgacha foydalanib kelyapmiz. Stalin albatta osmondan tushib qolgani yo‘q. To‘g‘ri, Lenin bu ishning oldini olishi mumkin edi. Lekin bunday bo‘lmadi. Tarixchilar bu xususda o‘zlarining so‘nggi fikrlarini aytishlari shart. Aks holda biz endilikda aytayotgan ko‘p tarixiy haqiqatlar chala diyonatning ustiga qurilgan bo‘lib chiqadi. U o‘sha davrda o‘zi kabi fikrlaydigan odamlarning xohish irodasining ifodachisi sifatida maydonga chiqqan edi. Sababi, ayni o‘sha paytda o‘rtadan past va quyi darajada fikrlaydigan keng xalq ommasn uchun xuddi Stalindek odam kerak edi. Tarixiy jarayon tizzasigacha qon kechgan «buyuk dohiy»ni dunyodagi eng katta davlat tepasiga olib chiqib qo‘ydi va o‘ttiz yil mobaynida u bu bepoyon yurtda xayoliga kelgan ishni qildi. Uning g‘irt bo‘lmag‘ur, ahmoqona gaplari ham vahiy singari qabul qilindi va haqiqiy siyosiy gipnoz turg‘unlik davrida emas, aynan o‘sha paytda yuz bergan edi. Bu gipnoz shu qadar kuchli ekanki, yaqin o‘tmishning gipnozi chilparchin bo‘lib ketsa-da, u burnidan narini ko‘rmaydigan, dunyoni tom ma'noda demokratik idrok etolmaydigan shaxslar timsolida ma'muriy-buyruqbozlik sistemasini vujudga keltirib yashamoqda.
Masalaning tub mohiyatini olib qaraydigan bo‘lsak, menimcha, jumhuriyatimiz tom ma'nodagi demokratik o‘zgarishlar va oshkoralikka tayyor emasga o‘xshaydi. Boltiq bo‘yi, Kavkazorti, Ukraina Belorussiya va Moldaviya jumhuriyatlarining yo‘rig‘i boshqa. U yerlardagi siyosiy madaniyat bizga qaraganda bir necha barobar yuksak. Buning uchun u yerlarda siyosiy, ma'naviy va iqtisodiy holat yetilgan. Donolar aytganidek, xalq orzu qilgan emas, o‘zi munosib hokimga ega bo‘ladi. Ehtimol, men yanglisharman, lekin bizning sharoitda har qanday dono demokratiyaning ham uzog‘i bilan bir yilda chuvi chiqadi yoki siyosiy mafiyaning qurboni bo‘lib ketadi. Siyosiy fazoga chiqish uchun bizda demokratiyaga yakkahokimlikni qo‘shib olib borish shartga o‘xshab qolyapti. Bu ahvolda esa uzoqqa mo‘ljallangan xalqchil siyosat yurgizish mushkul va muammo bo‘lib qolaveradi. Qayta qurishdan nimadir kutyapmiz. Biroq hamon uning mukammal iqtisodiy va siyosiy yo‘nalishi ishlab chiqilgani yo‘q-ku! Taklif etilayotgan g‘oyalarni amalga oshirish uchun xalq tayyor emasga o‘xshaydi. Jumhuriyatimizda esa bu ishga eng ilg‘or ong va qobiliyatlar jalb etilmayotir.
Bizda iqtisodiy qoloqlik - ma'naviy qashshoqlik va siyosiy nodonliklarga olib kelmoqda. Beixtiyor o‘ylay boshlaysan. Axir bizning jamiyat qachongacha ko‘zi chala ochiqlarning jamiyati bo‘lishi mumkin! Samarqanddan chiqib, Toshkentga kelyapmiz. Beton armaturalarga mustahkam qilib o‘rnatilgan temir taxtalarni bo‘yab, yozishyapti. Bu yil 200 tonna cho‘chqa go‘shti, 1000 tonna uzum va yana allanimalar beramiz! Buldozer bilan ham qo‘porib bo‘lmaydigan bu mustahkam «barrikada»larga yuqoridagi sanalarni yozib qo‘yish kimga kerak ekanligini esimni taniganimda beri anglolmayman. Bir chet ellik mehmonga tushuntirishganda u hayratdan yoqa ushlab, balki shu yerlik kishilar raqamlarni eslaridan chiqarib qo‘ymaslik uchun yozib qo‘yishgandir degan ekan. Yanada yoqa ushlaydigan tomoni shundaki, bu xil g‘ayritabiiy narsalarga shu qadar ko‘nikib ketganmizki, buning oqibatida butun xalq loqaydlik kasali bilan og‘ridi va hali-beri bu darddan forig‘ bo‘ladiganga o‘xshaymiz. Ichkilikbozlikka (aslida ichkilikbozlikka emas, ichimlikka) qarshi ahmoqona kurash boshlanganda, bu kurash muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Rossiya tarixida olti marotaba bunday tadbir qo‘llanilgan va hammasi barbod bo‘lgan. Baxmal, Bulung‘ur va boshqa qator rayonlarda necha yuzlab gektar maydonlardagi uzumzorlar kunpayakun qilindi. Gazetada yozib, bong urmoqchi bo‘ldik. Har galgidek bizda quyidan borgan ovozga quloq solishmaydi. Tepaga yoqish uchun tezroq biror ish qilishlari, hech bo‘lmasa gullab-yashnab turgan uzumzorlarni tag-tubi bilan qo‘porib tashlashlari kerak edi. Bo‘lmasa xudoyligingizni ayting. Viloyat va hududlarni qo‘shib yuborib, yana qayta tiklash ham qayta qurishga kiradimi? Bunday ishlar tepadagi bshr necha kishining tashabbusi bilan amalga oshirilgandi. O'zimizni qanchalik suqrotbashara qilib ko‘rsatmaylik xatti-harakatlarimiz va qilmishlarimiz bizning kimligimizni ko‘rsatib turaveradi. Mana endi sarhisob qilib ko‘rishibdi. Ittifoq bo‘yicha jami 314 ming gektar yerdagi noyob navli uzumzorlar yo‘q qilib tashlangan. O'nlab jahon standarti talablariga javob beradigan zavodlar yopilgan yoki boshqa mahsulotlar ishlab chiqarishga moslashtirilgan, xorijdan oltin baravariga olingan ko‘plab eng zamonaviy asbob-uskuna lar yo‘q qilingan (Aif 50/479).
Hozirgi kunda Ittifoq miqyosida Gorbachyovning xizmatini tan olmaslik noshukurlikdir. Ayniqsa, tashqi siyosat bobida. Lekin bu degani uning kamchiligini aytmaslik yoki u yo‘l qo‘ygan xatolarni yuziga solmaslik degani emas. Menimcha, bosh rahbarning o‘zi ham buni yaxshi tushunadi. Qayta qurish sur'ati to‘rachilik sistemasining ta'sirida to‘xtab qolayotgan ekan, bunga Gorbachyov emas, bizning o‘zimiz, aniqrog‘i, bizga yo‘l ko‘rsatish da'vosida bo‘lgan ishboshilar aybdordirlar. Bunday yo‘lboshchilarning tegirmoniga suv quyayotganlar esa ana shu sistemaning yuzaga kelishiga bosh sababchi bo‘lgan (na u yoqlik va na bu yoqlik) loqayd, muallaq odamlardir. Unga tepasida kim turganligining ahamiyati yo‘q. (Ko‘pchilik rahbarlarimiz g‘oyat sirli yoki bir necha kishining istagi bilan mas'ul lavozimga o‘tirib qolsalar, buni o‘zlaricha xalqning xohish irodasi deb biladilar.) U allaqachon bunga qiziqmay qo‘ygan. Lekin kim bo‘masin, boshi yumaloq, buti ayri bir odam kelib, o‘ziga ish buyurishini biladi. Dunyoni suv bossa o‘rdakka ne g‘am degan aqida o‘zi sezmagan holda uning ongiga o‘rnashib qolgan. U o‘zligini tanish jarayonida fikrini aytishga, xohish-irodasini namoyish etishga urinib ko‘rgan. Lekin boshi taq etib toshga tekkan va o‘zining katta oqimning harakatiga qarab yuradigan juda mayda murvat ekanligini anglagan. Ana shundan so‘ng u qo‘lini yuvib, qo‘ltig‘iga urgan. Jonining tinchini o‘ylaydigan odam bo‘lib qolgan. Och qornim, tinch qulog‘im. ...
Odamlarning bu xil fikrlashlariga ham o‘zimiz aybdormiz. Qay bir joyga yangi rahbar bormasin (albatta hammasi emas) dastavval kattaroq, yog‘liroq joylarga o‘z yaqinlarini tiqishtiradi. Xalq esa navbatdagi «Zamona zo‘rniki, tomosha ko‘rniki» deya atalguvchi spektaklni ko‘rib turaveradi va bora-bora hamma narsadan hafsalasi pir bo‘ladi. Biz esa to‘lqinlarni to‘ldirib o‘zimizdan allaqachon yuz o‘girgan kishilar bilan gumanistik jamiyat qurish uchun «kurashaveramiz».
Gap aylanib kelib, bari bir iqtisodga taqaladi.
Shoir Erkin Vohidov bilan Kattaqo‘rg‘on hibsxonasini uzoq aylandik. Qamoqxona noziri bilan xayrlashib, ko‘chaga chiqqanda ikkimiz ham xomush va ojiz insonlarga aylanib qolgandek edik. Qulog‘imiz ostida oshxonaga sabzavot tashiyotgan ishtixonlik mahbus yigitning so‘zlari jaranglaydi.
- To‘rtta bolam bor, sakson so‘m oylik olaman. Shuniyam vaqtida berishmaydi. Kunim o‘tmay qoldi. Ferma mudiriga aytib, uch kishi bo‘lib bitta molni sotib yedik. Uchovimizniyam qamashdi. Yordam beringlar! To‘raqul Yo‘ldoshevning qishlog‘idanman.
Rangi o‘ngib ketgan paxtalik kiygan, ko‘kragiga fashist kontslagerlaridagidek hisob taxtachasini osib olgan oydekkina yigitning yuziga termulib men boshqa narsa haqida o‘ylardim. Davlatimiz bor-yo‘g‘i 32 tiyinga tushadigan bir shisha aroqni o‘n so‘mga pullasa-yu (restoranda 20 so‘m), dehqondan bozorda yozdayoq ikki-uch so‘m turadigan olmani 18-20 tiyindan, anorni 40-70 (bozorda 3-5 so‘m) tiyindan, shaftolini 40-60 tiyindan (bozorda 3 so‘m), uzumni 18-28 tiyindan (bozorda 2-3 so‘m), karamni 6-25 tiyindan, kartoshkani 11-18 tiyindan (Rossiyaniki 33 tiyindan, urug‘likka 50-60 tiyindan olinadi va bu xo‘jalikka bir so‘mdanga tushadi), makkani 11 tiyin, bug‘doyni 9 tiyin va arpani 6 tiyindan xarid qilib olsa. Aytingchi, bu ahvolda o‘zbek dehqonining kosasi qachon oqaradi? Yuqorida qayd etilgan meva, sabzavotlarning bugungi kundagi bozor bahosini aytib o‘tirishga hojat yo‘q.
Ayting-chi dehqonni bundan beshafqatroq va chiroyliroq shilish mumkinmi?
- Brigadamizda deyarli barcha turdagi meva-cheva hamda sabzavot yetishtiramiz,- deydi Samarqanddagi «Leninobod» davlat xo‘jaligining o‘nboshisi, jumhuriyat Oliy Soveti deputatligiga nomzod Murtazo Qosimov. - Yetishtiramiz-u, suv tekin bahoda vagonlarga yuklaymiz. Shig‘il-shig‘il uzum yetishtirgan bog‘bonning bola-chaqasi to‘yibgina bir marta uzum yemaydi. Bu hosilni yetishtirib bergani uchun olgan haqiga bog‘bon bechora o‘sha uzum yemaydigan bolalariga bittadan tuzuk-quruq qishlik kiyim olib berolmaydi. Shunday bo‘lgach, bir qism xosilni bozorga olib borib sotgan dehqon hyaq emasmi? Haliyam odamlarimizda insof bor, andisha bor. Lekin bu ahvolda ish yuritib bo‘lmaydi Zarafshon vodiysi o‘z oti bilan Zarafshon. Bu ulug‘ zaminda zardan tortib mo‘miyoi aslgacha unadi, Murtozaqul aka. Lekin Xorazmda mevali daraxtlar, Ohangaron vohasida palak yozadigan o‘simliklar allaqachon hosil bermay qo‘yganligini, ayrim mevali daraxtlar. gullaganda g‘unchasi to‘kilib ketishini bilasizmi? «Odamlarni ishlatib bo‘lmay qoldi, uka, - deydi kuyunib, Ohangaron rayonida «Angren» sovxozining direktori Murodali Qodiraliev. - O'ylab ko‘ring, bir litr birinchi nav sut 33 tiyin, ikkinchi nav 30 tiyin tursa-yu, ximiyaviy usulda tayyorlanadigan pepsikolaning bir litri 1so‘mu 5 tiyin tursa. Bu nima degan gap? Bu mahsulotning qay biri inson sog‘lig‘i uchun foydali! Jonivor qonida besh yuz marta aylangach, sut asl holiga kelib, inson uchun darmonga aylanadi. Pishillab pepsikola-chi?»
Albatta, bu yerda bizning «hayot-mamot»imiz bo‘lgan paxta xususida gapirib o‘tmasdan bo‘lmas. Uning xarid narxini jahon bozori darajasiga ko‘tarmasdan turib, jumhuriyatimizda adolatli iqtisodiy siyosat yurgizib bo‘lmaydi. Misr dehqoni bir tonna tolani besh ming dollarga sotadi. Bu dollarning hozirgi kursi bo‘yicha bizning pulda 30 ming so‘m degani. Agar bir dollarning chayqovda 15-18 so‘mga almashtirilishini hisobga oladigan bo‘lsak, bu raqam 100-120 ming so‘m atrofida aylanadi. O'zbek paxtasining sifati xususidagi uydirmalarga esa men mana shunday deya javob beraman: Xo‘sh, sizning o‘sha suv tekin bahoingizga (bir tonna tola 2 ming so‘m atrofida bo‘ladi) qanaqa paxta tolasi kerak? Yaxshi sifatli mahsulot talab qilishdan oldin dunyodagi barcha madaniyatli savdo va sanoat doiralari amal qiladigan narxda aqchasini to‘lang! Qolganiga biz kafil! .. Bu iqtisodiy diyonat faqat o‘zbek dehqoni uchun emas, balki Kuzbass shaxtyori uchun ham tiklanishi shart. Nega endi 42 so‘m sarflanadigan bir tonna ko‘mirni 22 so‘mga sotishimiz kerak! Bu ahvolda qanaqa iqtisodiy erkinlik va xo‘jalik hisobi haqida gap bo‘lishi mumkin, deya kuyinadi kuzbaslik shaxtyor. To‘g‘ri. Axir qachongacha bizda eshagidan to‘shovi qimmat bo‘ladi. Oddiy iqtisodiy adolat o‘rnatilmagan davlatda katta siyosat haqida gapirish o‘rinli bo‘larmikan? Axir har qanday ishlab chiqaruvchi molini bozor ko‘targan narxda sotishi kerak emasmi? Bu narsani tan olmaslikning o‘zi diktatura va totalitarizmga olib kelmaydimi? Bir tonna paxta tolasiga 5-6 ming so‘m pul olgan dehqon uchun 100 so‘mga ikki tonna ko‘mir olish og‘irlik qilmaydi, albatta.
Bora-bora biz Turkiston sarhadida yaylov degan iborani so‘z boyligimizdan chiqarib tashlasak ajab emas. Yaylov bedapoyalarida (bular ham yo‘q hisob) tuproq yalab yurgan chorva mollarini ko‘rib rahmingiz keladi. O'tloq nari tursin bu jonivorlarning oyoq yozishi uchun ham bizda bir parcha maydon yo‘q. Guliston rayonidagi «Oktyabr» kolxozida g‘alati bir gapni eshitib qoldim. «Bizning mollarimiz juda tartibli batalonning soldatlariga o‘xshaydi. Har kuni besh chaqirim olisdagi zovur bo‘yiga asfalt yo‘l chetidan askardek bir saf bo‘lib bsrib, yana saf bo‘lib qaytishadi. Ikki qatorga tizilishmaydi. Mashina urib yuborishini bilishadi», - deydi qishloq podachisi. Chorvachilik uchun alohida va katta maydonlar ajratilmas ekan, bu soha bilan kishilarimiz ongli ravishda shug‘ullanmas ekanlar, uning kelajagi ayanchli va mavhum bo‘lib qolaveradi.
Xorijlik mehmon bilan to‘rt-besh nafar kishi bir rahbar o‘rtog‘imiznikiga tushlikka tashrif buyurdik. Mehmondorchilik soat ikkida boshlandy. Soat sakkizlarda uy egasidan zo‘rg‘a ro‘xsat olib, o‘rnimizdan qo‘zg‘aldik. Mezbon xafa bo‘lib qoldi. Kechasi dam olgunga qadar shu yerda yeb-ichib o‘tirmaganimizdan va tunab.qolmaganimizdan norozi bo‘ldi. Xorijlik mehmon esa hayratdan ko‘zlarini katta-katta ochib bizga boqardi. Olti soat tushlik qildik-a, olti soat, deydi boshini chayqab. Mana sizlarda asosiy, vaqt nimaga ketar ekan? Biz, jim edik. Biz mehmonning ko‘nglidan o‘tayotgan, o‘zimiz xijolat chekayotgan narsa bitta edi. Bu nima? Mehmondorchilikmi. yoki madaniyatsizlik! Axir o‘zini bilgan xalqlar ovqatlanish, mehmondorchilik uchun buncha vaqt sarflamaydilar-ku!
Plastinkaning ikkinchi tarafini qo‘yadigan bo‘lsak, ana shu mehmondorchiligimiz uchun ham oladiganimizni olayapmiz-ku! Bizning halol-pokiza mehmondorchiligimizni poraxo‘rlik va pastkashlik deb atashadi-ku?! Yana nima kerak? Bizda tansiq meva-chevani darmondoriga zor bolasiga ham bermay, mehmonga atab olib qo‘yadilar. Hatto mehmon bemalol olib o‘tirishi uchun ko‘ngli tusasa ham uy egasi o‘sha narsaga qo‘l uzatmaydi, mehmonning oldiga surib qo‘yadi. O'zini go‘yoki har kuni shu narsani yeydigan qilib ko‘rsatadi. Zamonaviy tilda buni diplomatiya deyyshadi. Lekin aslida bu katta madaniyat. Bot-bot uni olib turishga undaydi. Farzandlarning dasturxonga qo‘yilgan taomga ko‘z olaytirishi nari tursin, mehmon o‘tirgan uyning eshigi yoki derazasi oldidan o‘tmasligiga nima deysiz? Mehmon otangdan ulug‘ degan gap faqat bizda bor. Hatto bu gapning o‘zga tillarga tarjimasi ham unchadik jaranglamaydi. Kechirasizu, qator elatlarda eng tansiq taomni bolalariga berishadi, ortsa mehmonga qo‘yishadi. Hatto tashrifingizdan bexabar bo‘lishsa, uzr o‘zimizga mo‘ljallab taom tayyorlagandik deyishadi ham. Ha xalqimiz eng sermeva daraxt edi va shunday bo‘lib qolajak. Shu bois ham birinchi, katta tosh unga otildi va otilmoqda. Bul kabi nohaq munosabatlar xalqni toblab, ko‘zini ochsa ajab emas. Bu bilan men biror-bir xalqni qoralamoqchi emasman. Ko‘r hassasini bir yo‘qotadi degan gap bor. Biz hassani emas, o‘zligimizni yo‘qotayozsak ham ko‘zimiz ochilmaydi shekilli. Shu bois bu gapni gapir uqqanga, jonga jonni suqqanga, deydilar. El o‘z qadrini bilmas, qadriyatlarini tiklab olmas ekan, u xalq sifatida shakllanmay o‘tib ketadi. Turli tashqi ta'sirlar oqibatida borgan, sari o‘zligini yo‘qotib, o‘tmishidan ajralgan va kelajagini tasavvur eta olmaydigan olomonga aylanadi.
Hayotda doimo o‘zing erisha olmag‘an biron narsaga shaydo bo‘lib yashash kerak. Inson yuksaklikka intilgan sari yanada barkamollashadi, deganida Gorkiy juda ulug‘ ideallarni nazarda tutgan edi. Katta maqsadlarni bir chetga qo‘ya turaylik, gohida joyimizni tozalab o‘tirmaymiz-ku. Nega bizda butun mamlakat bo‘yicha xalq xo‘jaligi o‘lda-jo‘lda? Sababi, odamlarning shaxsiy xo‘jaligi xarob! Kishilar o‘z uy, hovli va tomorqalarida intizomni, xo‘jalikni yo‘lga qo‘ya olmas ekanlar, bu narsani mamlakat miqyosida amalga oshirish haqida gapirishning o‘zi safsatabozlikdir, Masalan, men Amerikada ishsizlik va kambag‘allik ommaviy ekanligiga ishonmayman. Qo‘lidan ish keladigan, qobiliyatli va mehnatkash odam u yerda xoru zor bo‘lishi mumkin emas. Bizda millionlab kishilar insonga o‘xshab mehnat qilishdan qochib, davlatga ko‘z tikib, og‘zini ochib o‘tirganidek, u yerda ham dangasa, sog‘lom fikrlay olmaydigan va alamzada kishilar bor, lekin baribir bizdagidan ko‘p emas. Inson baxtli bo‘lishi kerak. Modomiki u baxtsiz ekan, bunga o‘zi aybdor, deydi Tolstoy. Buning uchun faqat bir narsa - xohish va istak kerak. Vatan degani bu biz ustida? turgan bir parcha tuproq emas, u faqat mehnat (qullarcha emas) va e'tiqod tufayli ravnaq topadigan, insonga bir martagina beriladigan ilohiy in'omg ekanligini anglab yetmoq kerak!
Shu o‘rinda qayta qurishning taqdirini hal qiladigan milliy munosabatlar xususida gapirmaslik mumkin emas, deya o‘ylayman. Aynan bugungi kundagi fikrlashimiz va olg‘a surilayotgan qator g‘oyalar bilan bu sohada inqilob yasab bo‘lmaydi. Bo‘lmasa o‘ylab ko‘ring, barcha qardosh respublikalardan tergovchilarni to‘plab O'zbekistonga «hashar»ga yuborish ham xalqlar do‘stligiga kiradimi? Nahotki, yigirma millionlik xalq o‘zini o‘zi idora qilib, yaxshisini rag‘batlantirib, yomonini jazolay olmasa? Yoki jinoiy javobgarlikka tortganlarni Ashxobod, Olmaota, Dushanbe yoki Moskvada sud qilinishi ham qayta qurishga xizmat qiladimi? Bu ruschaga «medvejiy usluga» deya atalib, aslida millatlarni bir-biriga gij-gijlash emasmi? Demokratiya degani armanni arman, tojikni tojik, o‘zbekni o‘zbek sud qilsin degani zmasmi? Jumhuriyat va viloyatlarda shunday lavozimlar bo‘lsaki, unga shu xalqning yetmish yillik tarixi mobaynida yerlik kadrlardan hech kim qo‘yilmasa? Bu o‘sha xalqqa ishonchsizlik emasmi? Axir ma'lum joydagi rahbariyat aholining umumiy sonidan (yashash foiziga nisbatan) kelib chiqqan holda tarkib topishi kerak emasmi? O'sh oblastida bo‘lganda bir narsadan hayratga tushdik (buni qirg‘iz hamkasblarimizga aytganimizda ular ham ma'qullashdi). Bu yerda huquqiy tashkilotlarga millatning nomi qo‘yilgan jumhuriyat fuqarolaridan boshqa millat vakillari qariyb ishga olinmas ekan. Vaholanki, bu viloyatning ko‘pchilik aholisini o‘zbeklar tashkil etadi. Biz o‘zimiz bilib-bilmay katta-katta nomaqulchiliklarga asos solib qo‘yamiz-u, so‘ngra Qorabog‘ yoki Farg‘onadagidek voqea yuz bergach, shamchirog‘ yoqib aybdorlarni qidirishga tushamiz. Lekin, ming afsuski, hayit o‘tgan bo‘ladi.
Qayta qurish degan gapga quloqlarimiz ham ko‘nika boshladi. Nimaniki kishi hayajonlanmay, sovuqqonlik bilan qabul qilishga ko‘nikar ekan, bu yaxshilik alomati emas. Boshidanoq bu shiorni qaytadan boshlash deya olg‘a surish kerak edi. Odatda kultepa yoki qabr ustida uy qurmaydilar. Bir narsani o‘ylab ko‘raylik. Biz yangi xalq xo‘jaligini, zamonaviy iqtisodiy munosabatlarni qay bir poydevorning ustiga qayta quramiz. Stalinizm poydevori ustigami yoki zamini stalinizm bo‘lgan brejnevizm turg‘unligi ustigami? Yoki Xrushchevning dovdir iqtisodiy siyosati asosigami? Menimcha, har uch holatda ham haqiqatning to‘g‘ri yo‘liga tushib ololmaymiz. Lenin ishlab chiqqan iqtisodiy ko‘rsatmalarga sotsializm sharoitida yashayotgan Yevropa mamlakatlarining birortasida amal qilinmayotir. Lekin yangicha iqtisodiy siyosat, yangicha bozor sistemasiga o‘tish uchun birdan-bir foydalanish mumkin bo‘lgan g‘oyalar Leninda ham bor. Bu g‘oyalarni ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul qilmay tanqidiy yondashmoq kerak. Marks, Lenin davri bilan bugungi kun orasida yer bilan rsmonchalik farq borligini unutmasligimiz darkor. Undan tashqari Sharqda biror marotaba bo‘lmagan marksizm-leninizm klassiklari o‘z g‘oyalarini g‘arb tajribasidan kelib chiqib, g‘arb uchun yozgan edilar. Biz esa bu g‘oyani feodal tartiblar ham to‘liq qaror topmagan Turkiston va hatto Mo‘g‘ulistonga ham tadbiq etmoqchi bo‘ldik. Chexov ta'kidlaganidek, modomiki, kichik narsalarda o‘zgarish ko‘rinmas ekan, uni katta narsalardan axtarish befoydadir.
Bir qobiliyatli iqtisodchi tanishimdan nega qayta qurishning jang maydonida ko‘rinmaysiz, deya so‘radim. U savolni hazil ohangidami yoki jiddiy ma'noda berdimi degandek tikilib turdi-da, dedi: Men uchinchi qayta qurishning odamiman. Hozir birinchisi ketyapti. Orada yana bittasi bor! Meni jangga da'vat etmay qo‘ya qoling!
So‘ngra uzoq jim qoldik.
- Xalqingiz haq gapni eshitishga va tushunishga tayyor emas-ku?! Unga to‘g‘ri fikrni tushuntirmoqchi bo‘lsangiz olabo‘jiga aylantirib qo‘yishadi-ku, - dedi anchadan so‘ng yig‘iga o‘xshash ovozda. - Charchadim, aqlim yetmaydi. Biz noto‘g‘ri yo‘ldan ketyapmiz. Bilmadim, bizda qachongacha siyosat bilan dunyoviy haqiqatlarni chuqur anglamaganlar shug‘ullanadi.
- Xalqni qoralash gunoh, uning neki nuqsoni bo‘lsa, bunga biz aybdormiz. Sabab bu paytgacha uni Amudaryoga olib borgan bo‘lsak ham suvsiz qaytarib olib keldik. Shu bois u endi bizning haq gapimizga ham shubha bilan qarayotir. Biz xalqqa yo‘lboshchilik da'vo qilganimizdan ko‘ra, dastavval uning oldida yo‘qotgan ishonchimizni tiklamog‘imiz kerak! To‘g‘ri gapni aytib yomonotliqqa chiqayotganlar masalasiga kelsak bizda oddiy insoniy madaniyat kamyob bo‘lganidek, siyosiy madaniyat ham ancha yetishmaydi. O'sha haq gapni oliyjanoblik bilan emas, gohida so‘kish ohangida aytamiz. Va shu bois yegan va yemagan somsaga barobar pul to‘lashga to‘g‘ri kelib qolayotir.
Yana uzoq jim qoldik. Ko‘z oldimizda esa yangi binoning poydevori qurilmoqda. Unga befarq qarashga, menimcha, hech kimning haqqi yo‘q. Modomiki, bu bino qad ko‘tarar ekan, tagkursining toshlari tug‘ri terilmog‘i shart. Aks holda avlodlarimizning boshi ham qayta qurishdan chiqmaydi. Biz ularga ibratli ishlarimiz bilan bir qatorda juda ko‘p qusurlarimizni ham meros qilib qoldiramiz. Bular ichida eng dahshatlisi ma'naviy mayiblikdir.