Toshkentda Navoiy dahosini ulug‘laydigan bir qancha yodgorliklar mavjud. Yirik markaziy ko‘chalardan biri Navoiy nomi bilan ataladi. Ko‘chaning naq ko‘kragida joylashgan shoirlar xiyobonida Navoiyning salobatli haykali qad ko‘targan. Butun bir xalq dardini yuragida jo qilgan, uning istiqboli haqida iztirob bilan o‘y surayotgan daho shoirning nuroniy siymosi har bir tashna qalbni gurungga tortadi. Shodlik-baxtiyor onlarimda ham, ruhimda noxush iztirobli kechinmalar ro‘y berganda ham Navoiy asarlarini varaqlayman, shoirlar xiyobonini kezib, soatlab o‘y suraman. Navoiyning ma’no va tuyg‘ularga boy olami ruhiy chigallarimga yog‘du baxsh etadi. Nopok maydakashlar muhitidan yuksakroq ko‘tarilishga undaydi, ruhiy bardamlik bag‘ishlaydi. Navoiy siymosi dard — olam, ishonch va qudrat, kurash va saodat, vafo va sadoqat, do‘stlik va hamkorlik olami bo‘lib, shuurimizni zabt etadi. Buyuk shoir bamisoli ma’rifat va go‘zallik quyoshi. Uning qiyofasida har birimiz o‘zligimizni ko‘ramiz, o‘zimizni taniymiz. O‘z moddiy-ma’naviy qudratimizni his etamiz. Xalqqa uning buyuk farzandlari orqali baho beradilar, degan edi Rasul Hamzatov. Navoiy — xalq ma’naviyati ko‘zgusi, xalq buyukligi timsoli.
Navoiy dahosidan ruhlanish ikki yo‘nalishda ro‘y beradi. Birinchisi buyuk shoir ijodiy tafakkur mevalaridan ma’naviy bahramandlik tuyg‘usi bo‘lsa, ikkinchisi, Navoiy merosiga, ulug‘vor shaxsiga daxldorlik tuyg‘usi, buyuk iftixor tuyg‘usi.
Iftixor so‘zi zamirida sehrli joziba mujassam. Iftixor hayotiy-falsafiy mohiyati jihatidan ideal bilan bog‘liq tushuncha. Ideal — inson hayotining tirgagi Ideal olis yulduzlar shu’lasi bo‘lib insonni o‘ziga chorlayveradi. Maysa quyosh nuriga intilganidek, inson ham hamisha yuksak tuyg‘ular og‘ushiga intiladi.
Inson ideali koinot singari cheksiz. Idealni mavhum tuyg‘ular olamidan real haqiqatga aylantirish insonning qadimiy ezgu orzusi. Bu orzuni u ko‘pincha ertaklar, majoziy timsollar tarzida gavdalantirishga intilgan. Masalan, mashhur ertak qahramoni Semurg‘ qush inson orzusini ro‘yobga chiqaruvchi madadkor kuch timsolidir.
Idealning real haqiqatga aylanishi qonuniy g‘urur, faxrlanish tuyg‘usini hosil qiladi. O‘ziga xos ma’naviy tantana yuz beradi. Iftixor — idealning inson qudrati tufayli real voqelikka aylanishi, nodir hodisa va shaxslar qiyofasida hayotiy konkretlashuvidir.
Iftixor — xalqning moddiy va ma’naviy boyligi. Ezgu orzularimiz qanchalik real voqelikka aylansa, shunchalik moddiy qudratga ega bo‘lamiz, ma’naviy boyiymiz.
Inson omili shaxsning butun potentsial imkoniyatlarini yuzaga chiqarish va jamiyat manfaatlariga to‘la ravishda safarbar etishdir. Demokratlashtirish va oshkoralik printsipi inson omilini faollashtirishga kuchli ta’sir ko‘rsatmoqda. Butun ma’naviy-axloqiy fazilatlarimiz mutelik va karaxtlikdan ijodiy mustaqillik sari harakatga keldi. Chingiz Aytmatov buni ma’naviy uyg‘onish deb atagan edi. Iftixor tuyg‘usi bu jarayonda faol ma’naviy qudrat timsolidir.
Iftixor tuyg‘usi oddiylikdan murakkablikka qarab tadrijiy o‘sib boradi. Ota-ona, do‘st-birodar, tug‘ilgan yurt iftixoridan yuksak ijtimoiy iftixor tuyg‘ulari shakllanadi. Kishida ijtimoiy grajdanlik ruhi taraqqiy etgan sari uning iftixor tuyg‘usi ham shunchalik keng ko‘lam, salmoqdor ma’no kasb etadi.
Shaxs ijtimoiy iftixor tuyg‘usini his etmoq uchun el, Vatan boyligiga o‘z mehnat ulushini qo‘shmog‘i lozim. Birinchi maoshini ota-ona qo‘liga tutqazgan o‘spirinda shu ro‘zg‘orga nisbatan yangi tuyg‘u paydo bo‘ladi. U oilada uzoq davom etgan iste’molchidan moddiy boylik yaratuvchiga aylandi. O‘spirinni o‘z mehnat mahsulotidan iftixor tuyg‘usi, o‘z-o‘zini yangidan his etish, yetuklik tuyg‘usi harakatga keltiradi. Mehnat mahsulotining el-yurt, xalq manfaati uchun ahamiyatini chuqurroq his etgan sari bu tuyg‘u ko‘lami tobora kengayib boradi.
Kasb iftixori bebaho insoniy fazilat, jamiyatning moddiy tirgagi. Kasbga sadoqat insoniylikka sadoqatdir. Uyimiz peshayvoniga deraza romi yasab o‘rnatayotgan usta har bir mayda-chuydalarigacha erinmay hafsala bilan ishlar edi. Keksa duradgor o‘z ishini kuzatib turgan kishining so‘ziga javoban dedi: «Men yengil-elpi qo‘l uchida ish bajarib o‘rgangan emasman. Qo‘ling sinsin, degan qarg‘ish emas, qo‘ling dard ko‘rmasin, degan olqish olgan mehnat baxt keltiradi.» Keksa duradgor — usta so‘zlari ota-bobolarimiz kasbga e’tiqod udumini naqadar yuksak qadrlaganliklarini ko‘rsatadi.
Mehnat yakka tartibda bajariladigan faoliyatga asoslangan zamonlarda mahsulotning egasi aniq shaxs bir-ikki kishi edi. Mahsulotning isnodi ham, rahmati ham kimga qaratilganligi ma’lum edi. Kasb kollektiv mehnatiga aylangandan keyin uning egasi umumlashdi. Bir buyumni bir guruh shaxslar birga-likda ishlab chiqara boshlagach, mehnat mahsuloti uchun mas’uliyat tuyg‘usi ham umumlashdi. Endi ko‘pchilik «bu bizning mahsulot» deb faxrlanish tuyg‘usiga ega bo‘ldilar.
Biroq, turg‘unlik davrida iftixor tuyg‘usining ohori tushib ketdi. Mahsulot uchun mas’uliyat unutildi. Iftixor o‘rnini xo‘jasizlik, beg‘amlik egalladi. Toshkent zavod, fabrikalari ishlab chiqarayotgan mebel yoki poyafzallarni Leningrad yoki Qiev shaharlari mahsulotlari bilan taqqoslab ko‘ring. Toshkent tamg‘asi g‘arib, siyqa, sifatsizlik timsoliga aylandi.
Mehnat mahsuloti jamiyatning qiyofasini ko‘rsatuvchi bosh belgi. Kasb iftixori tuyg‘usi qanchalik pok va beg‘araz bo‘lsa, shunchalik insonni yuksaklikka ko‘taradi. Ayonki, meditsinamizning xalqchillik mohiyati ulkan g‘alabadir. Qapitalistik mamlakatlarda bu kasb narx qo‘yib sotiladi. Germaniya Federativ Respublikasida har bir kasallikning bahosi ko‘rsatilgan narxnomalar mavjud. Masalan, tumov-grippni davolash 400—500 marka, ko‘richak operatsiyasi bir ming marka, infarktni davolash olti ming marka turadi (100 marka 35 so‘mga to‘g‘ri keladi). Amerika Qo‘shma Shtatlarida tug‘ruqxona xarajatlari 340 dollar hisoblanadi (100 dollar 64 so‘m 77 tiyin).
Shifokor kasbining g‘ururi — iftixori qadimiy Gippokrat qasamida g‘oyat lo‘nda ifodalangan: inson sog‘ligiga hech qachon xiyonat qilmaslik, har qanday sharoitda ham unga beg‘araz yordam ko‘rsatish! Bu og‘ir va mashaqqatli kasbning sadoqatli fidoyilari elimizning chinakam iftixoriga aylangan.
Afsuski, ayrim nopok shifokorlar kasbning iftixorini, yuksak insonparvarlik sha’nini iste’molchilik poygasi oyog‘i ostiga tashlaganlar. Bu haqda matbuotda bosilayotgan materiallar, el og‘zida yurgan gaplar sof vijdonli kishilarni tashvishga solmoqda. Bemor o‘lim yoqasida yotibdi, bir umrning quyoshi botib bormoqda, ta’magir shifokor pinagini buzmaydi, bemorning yaqin kishisini kechikib kelganlikda ayblaydi, shifokorga vaqtida «yordam» ko‘rsatmaganligini oshkora yuziga aytadi. Echkiga jon qayg‘usi, qassobga yog‘ qayg‘usi. Yokiboshqa bir misol. Qamalib chiqqan o‘g‘ri-muttaham shifokor lo‘ttibozlik bilan yana jarrohlik pichog‘ini qo‘lga olib, bemorning qornini yoradi. Undan kasallik emas, pul izlaydi. Bunday shifokorlarni tanqid qilgan jurnalist qonun mutasaddilari tomonidan qattiq ta’qibga uchraydi. Gazeta organi — rayon partiya komiteti bu holni loqayd kuzatib, tomoshabin bo‘lib turaveradi. Jamoatchilik ko‘zida badnom bo‘lgan o‘g‘ri shifokorni Respublika sog‘liqni saqlash Ministrligiga taklif etib (chaqirib emas) kollektiv fikriga xiyol e’tibor qilishini yumshoqqina maslahat beradilar, xolos. Bir vaqtlar «Rustam» degan pesa qo‘yilgan edi. Qahramonlaridan biri zaldagilarga qarab, «Ayting-chi, pulmi yo xudomi kuchli!»? deb xitob qilardi. Bu so‘zlarni o‘tmishdan kelgan sado, deb tushunar edik. Biroq, o‘ylab qaralsa, bu so‘zlar hozirgi zamon uchun ham ayni haqiqat ekanligi ma’lum bo‘ladi. Keyingi vaqtda begunohlar qolib, jinoyatchi puldorlar qamoqdan chiqib kelayotganligini xalq iztirob bilan kuzatib turibdi. Bularning xufya to‘plagan harom boyligi — millionlari jamiyatga yana siyosiy-ijtimoiy, axloqiy ziyon yetkazmasligiga kim kafolat bera oladi?!» «Qonun mayda pashshalar ilinib, yiriklari qutulib ketadigan to‘r emas» degan edi buyuk frantsuz adibi O. Balzak.
Tekin mol-dunyo, pul iftixori kasb iftixorining kushandasidir. Iftixor sotilsa, insoniylik tanazzulga yuz o‘giradi. Poraxo‘rlikka qarshi shafqatsiz kurashmay turib, kasbning iftixori, insonparvarligi haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas.
Dahshatli tomoni shundaki, voqeligimizda ta’magirlik isnod keltiruvchi illatdan rag‘bat uyg‘otuvchi «fazilat»ga aylandi. Yolg‘onchi, poraxo‘r, hiylakor, umuman davlatga xiyonatkor odamlar izzat-ikrom tojiga ega bo‘ldilar, qo‘sha-qo‘sha ordenlar, lavozimlar sohibi bo‘ldilar, deputatlikning yumshoq kursilariga o‘tirdilar. Pora bilan qo‘lga tushgan oliy maktab domlasi bitta hayfsan bilan oppoq bo‘lib, yana minbardan axloq haqida lektsiya o‘qiydi. Yoki o‘g‘riligi oshkor bo‘lgan shaxs tashviqot va targ‘ibot sohasiga yetakchilik qilib, halollikdan saboq beradi. Undan hazar qilgan, norozilik bildirgan shaxslarning xatti-harakati noaxloqiy ish hisoblanadi.
Butun madaniyatning negizi maktabdir, degan edi Lenin. Xalq maorifi rayondagi ilm-ma’rifatning yashil daraxti. Oliy maktab ham, akademiya ham shu daraxtning mahsuloti. Ildizga qurt tushsa, butun madaniy hayotga zil ketadi. Qashqadaryo oblastidagi tog‘li rayon maorif mudiri, mansab kursisiga o‘tirgan kunidan axloqiy nopoklik yo‘liga kirgan. Qabulxona sekretarining eri benomuslikka chiday olmasdan o‘zini osganda, qutqarib qolishgan. Mudirning militsiya va boshqa mutasaddi boshliqlar ogoh yangi-yangi xufya kirdikorlari rayon aholisi orasida duv-duv gap. Biroq, yuziga charm qoplagan mudir mansab kursisida o‘tirib, o‘quv-tarbiya haqidagi muqaddas hujjatlarga bemalol imzo chekmoqda. Tuyani shamol uchirsa, echkini osmonda ko‘r, deydilar. Mudir qiyofasi rayondagi yuzlab o‘qituvchilarga, minglab o‘quvchilarga qay darajada saboq bo‘lib xizmat qilishini tasavvur etish qiyin emas. Biroq, rayonning ma’rifiy iftixori mutasaddilardan hech kimni bezovta qilayotgani yo‘q. Loqaydlik — xavfli vijdon xastaligidir.
Biz bilan yonma-yon uyda yashovchi shaxs avval yashil «Jiguli» minib, har yili yozda o‘quv institutlari hovlisini aylanar edi. «Jiguli» oq «Volga»ga aylandi. Mahalladagilar zavodda qirq yil xizmat qilgan mo‘‘tabar ishchiga emas, mashina atrofida viqor bilan kerilib turgan qora ko‘z mardakka, o‘zi yo‘g‘ida 10—12 yashar o‘g‘liga yoxud egasiz turgan «Volga»ga ikki bukilib salom berib o‘tadilar. Mehnatsiz farovon turmush kechirish ruhiyati odamlarda barqaror ko‘nikmaga aylana boshlagan.
Ijtimoiy iftixor meshchan ma’naviyatiga yot xususiyatdir. Meshchan qorin to‘yg‘azish, iste’molchilik iftixori bilan yashaydi. Shoir Omon Matjon buyuk san’atkor Shukur Burhon haqidagi she’rida meshchanlikning ruhiy fojiasini g‘oyat ta’sirli aks ettiradi. Shukur Burhon Hamza nomli teatrdan Yalangto‘sh bo‘lib chiqib, poytaxt Navoiy ko‘chasi bo‘ylab odimlaydi. Odam g‘uj-g‘uj. Buyuk artist bu odamlarda o‘z san’atining aks-sadosini ko‘rishni, o‘z san’atini qadrlovchi xalq bilan iftixor tuyg‘usini his etishni istaydi. Biroq kavobpazlar, baqqollar, somsapazlar buyuk artistga burilib ham qaramaydilar. Ular o‘z majruh, olami bilan band: har qanday qilib bo‘lsada pul to‘plash San’at, adabiyot degan mo‘‘jizaviy go‘zallik olamidan bebahra, ma’naviy majruh, olomon. «Xalqmi shu!» deb kinoyali savol beradi buyuk artist. Shukur Burhon bu mayda odamlarga keskin munosabati bilan katta iftixorga sazovor iste’dodli shaxs bo‘lib gavdalanadi.
Shaharning madaniy sifati ham, illati ham qishloqqa o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Dehqon mahsulotining ilgarigi sifati yo‘qolib borayotganligi qattiq tashvish tug‘dirmoqda. Rangi zahilroq kasalmand bir yigit bozorning chetrog‘ida qornini changallab azob chekardi. «Tez yordam» chaqirib, shifoxonaga jo‘natishdi. Ma’lum bo‘lishicha, yigit qovun yeb shu ahvolga tushibdi. Nariroqda savdo qilayotgan qovunchining parvoyi palak. Sirti yaltiroq obdan yetilgan qovunlarni pullash bilan band. Markaziy shaharlardan kelgan mehmonlarimiz qovun-tarvuzni ko‘rsa, qovoq aridan cho‘chiganday o‘zlarini chetga oladilar. Zaharlanish xavfi ularning ruhiyatiga o‘rnashib qolgan. Xorazm, Buxoro qovuni, umuman o‘zbek qovunining shuhrati, iftixori qani? Boshqa mevalar — Dashtnobod anori, Samarqand mayizi, Qashqadaryo anjirining ilgarigi shuhrati qaerga ketdi?
Azaldan muqaddas kasb bo‘lgan dehqon mehnatiga nopoklik qanday dahl qildi? Buni meshchanlik, iste’molchilik illatining ta’siri bilangina izohlash kamlik qiladi. Dehqon mehnatining moddiy va ma’naviy aynishida byurokratizmning gunohi katta. Qishloq xo‘jaligida hamma diqqat-e’tibor monokulturaga aylangan paxtaga qaratildi. Boshqa ekinlar katta ijtimoiy manfaat doirasidan chetga surib qo‘yildi. Ilmiy-iqtisodiy qarovsizlik balosiga duchor qilindi. Inson mehridan mahrum etilgan bu ekinlar kundan-kunga kamayib, qashshoqlashib, yaroqsiz holga tusha boshladi.
Ma’lumki, byurokratizm hamisha mansab, vazifa negizida vujudga keladi. Mansab iftixori xalqqa, umum manfaatiga halol, beg‘araz xizmat qilishdir. Xalq faoliyatidan rozi bo‘lgan rahbarni boshi uzra bayroq qilib ko‘taradi, ulug‘laydi, u bilan faxrlanadi. Xalq orzu niyatlarining amalga oshuviga xizmat qilgan rahbar oxir oqibatda xalq idealiga aylanib, yorqin yulduz bo‘lib qoladi.
Byurokratizm naq xalq yuragini nishonga oladi. Shaxsga sig‘inish yillarida xalq iftixoriga aylangan bir qancha partiya-sovet rahbar kadrlari, ilmiy-adabiy iste’dodlar, adolatsizlik qurboni bo‘ldilar. O‘zbek xalqining munosib farzandlari Fayzulla Xo‘jaev, Akmal Ikromov va boshqa iste’dodlar jarohatlangan ruh bo‘lib xalqimiz ma’naviyatidan qayta o‘rin oldilar.
O‘rta Osiyo uyg‘onish davrining farzandi Zahiriddin Muhammad Bobur, Ulug‘bek va boshqa tarixiy arboblar siymosiga amalparastlar irodasi bilan bir necha bor soya tashlandi.
O‘zbek Sovet Entsiklopediyasining 11-jildida Amir Temur haqidagi maqola tugallanmasida birorta ham tarixiy-ilmiy adabiyot ko‘rsatilmagan. Amir Temurning shafqatsiz jahongir bo‘lganligi yetarli darajada ta’kidlangan. Maqola muallifi murakkab tarixiy shaxsning yana qanday sifatlarini eldan pinhon tutishni lozim ko‘rgan? O‘rta Osiyo tarixida, ayniqsa, Samarqand, Shahrisabz va boshqa shaharlar hayotidagi madaniy uyg‘onish davri Amir Temur faoliyati bilan bog‘langanligini, uning harbiy qo‘mondonlik salohiyatini isbotlovchi tarixiy obidalar, hujjatlar va ilmiy-adabiy tadqiqotlarni inkor etib bo‘ladimi? O‘n to‘qqizinchi asr o‘rtalarida O‘rta Osiyoga safar qilgan mashhur venger olimi German Vamberining sof ilmiy niyatidan, ba’zilar shubhalangan edilar. Buxoro hokimi Amir Muzaffarning «Oqsoq oyog‘ingiz bilan shunchalik uzoq mashaqqatli safarga qanday jur’at etdingiz, deb bergan kinoyali savoliga Vamberi deydi: «Janobi oliylari, Sizning bobokaloningiz Amir Temur ham oqsoq bo‘lishiga qaramay jahonni egallashga jazm etgandi». Sayyoh — olimning oqilona javobidan chunon ruhlangan hokim unga qimmatbaho to‘n va pul in’om etib, izzat-ikrom bilan jo‘natadi.
O‘tmishni ideallashtirish tezisi qardosh xalqlar madaniyatini tahqirlash, milliy iftixor tuyg‘ularini poymol etish maqsadida stalinizm tomonidan to‘qib chiqarilgan siyosiy ayblov chorasi edi. Bu tezis xalqning o‘z tarixidan, milliy madaniyatidan yiroqlashtirish, o‘tmishga nafrat bilan qarashga majbur etish, ma’naviy mutelikka mahkum etishni ko‘zda tutgan zararli kontseptsiyadir.
Har bir dogma o‘z demagoglarini yaratadi. Stalincha dogmani tashviq etuvchi, shu tufayli obro‘ e’tibor qozonishni ko‘zlagan demagog olimlar paydo bo‘lgan edi. Milliy iftixor tuyg‘usidan mahrum bo‘lgan, shaxsiy xudbinlikni hamma narsadan ustun qo‘ygan, o‘z vatani, yeri-zaminu, xalq madaniyatiga nafrat bilan qarovchi bunday shaxslar mohiyatan manqurtdir. O‘tmishga nohaq tosh otgan shaxs kelajak istiqbol nuridan mahrum bo‘ladi.
Tarixiy shaxslar faoliyati xoh salbiy, xoh ijobiy bo‘lishidan qat’i nazar xalq tajribasi sifatida kelgusi taraqqiyot uchun hamisha saboqdir. Tarixiy shaxslarning haddan oshiq kamsitilishi ham oshirib baholanishi ham xalq sha’niga hurmatsizlikdir.
Xullas, o‘tkinchi ko‘lankalar barqaror obidaga aylangan tarixiy shaxslarga hech bir ziyon yetkaza olmaydilar. Ular madaniyatimiz qa’rida necha asrlar nodir topilmalar sifatida yashab keldilar va bundan keyin ham yashayveradilar. Mirza teraklarning ko‘lankasi ulug‘ siymolarga bo‘lgan xalq ruhiyatiga rahna soladi, tarixiy-milliy iftixor tuyg‘ularini so‘ndiradi. Iftixordan mahrum etish xalq qo‘lidagi mash’alni tortib olishdir. Iftixori yo‘q xalq o‘tmishi yo‘q, kelajagi qorong‘i, ma’naviy majruh xalqdir.
Madaniyatimizga oid tarixiy materiallar turli vositalar bilan uzoq vaqt eldan pinhon tutib kelindi. Ozarbayjon adibi Anor yigirmanchi yillar oxirida arab grafikasidagi alfavitdan voz kechish boy madaniy merosimizdan tobora yiroqlashishga olib kelganligini afsuslanish bilan qayd etadi. Milliy madaniyatdan uzoqlashish milliy iftixor tuyg‘usidan uzoqlashish demakdir.
Madaniyatimiz hamda tarixiy shaxslar haqidagi xolisona haqiqatga keng yo‘l ochish, ularni xalqqa yetkazishning amaliy tadbirlarini ishlab chiqish vaqti keldi. Osiyo, rus va Ovrupo olimlari, sayyohlari, shuningdek, German Vamberining «Buxoro tarixi» deb atalgan yirik ilmiy monografiyasi, Amir Temur va boshqa tarixiy shaxslar haqidagi son-sanoqsiz adabiyotlar, ilmiy-adabiy manbalar xibsdan ozod qilinib, keng nashr etilishi zarur. Madaniy xazina milliy va internatsional tuyg‘ularni mukammallashtiradi, har taraflama ongli insonni tarbiyalashga xizmat qiladi.
Mansab shaxsiy manfaatlarga xizmat qilganda iftixor so‘nadi. Uning o‘rnini egoizm — xudkomlik egallaydi. Mansab egoizmi dahshatli illat. Moddiy manfaatdorlik, meshchanlik turmush talablarini qondirish bunday egoizmning birinchi bosqichi. Shaxsiy manfaatparast amaldorni xalq inkor etgan sari uning obro‘ va shuhratga ochko‘zligi tobora kuchayaveradi. O‘z mehnati, iste’dodiga ishonmagan shaxs shuhratparastlikka beriladi.
Shuhrat — halol mehnat evaziga umr bo‘yi misqollab yig‘iladigan obro‘. Shuhratparast mehnatsiz farovon turmushga qanday erishgan bo‘lsa, obro‘, e’tibor, shuhratga ham shunday osonlik bilan erishishni xohlaydi. Shuhratparast amaldorning ko‘lami qanchalik keng bo‘lsa, uning xalq va mamlakat boshiga keltirgan kulfati ham shunchalik og‘ir bo‘ladi.
Paxta — o‘zbek xalqining shon-sharafi, iftixoridir. Biz hozir ham shunday deb bilamiz. Shuhratparast bu yuksak tushunchani jabr-zulm, dard-alam — surunkali kasallik, fojiaga aylantirdi.
Shuhratparastlik jazavasiga tushgan rahbarlar irodasi bilan paxta plani shiddatli ko‘piklanib, bir yilda uch-to‘rt yillik miqyosga ko‘tarilib ketaverdi. Shuhratparast amal qilaverdi, tuprog‘imiz paxta zulmi ostida to‘lg‘anaverdi. Shuhratparast amal qilaverdi, daraxtlar, tokzorlar, zig‘ir va kunjutlar, mosh va no‘xatlar paxtaga yemish qilib chopib tashlanaverdi. Shuhratparast amal qilaverdi, polizlar, sabzavotlar qip-qizil zahar bo‘lib qozonimizga tushaverdi. Shuhratparast amal qilaverdi, maktablar, kutubxonalar eshigiga qulf urilib, bolalar, talabalar zaharli dalaga podadek haydalaverdi. Shuhratparastlik avlodimiz aql-idrokini, ilmiy-ma’rifiy iftixorimizni o‘tkinchi shuhrat botqog‘iga g‘arq etdi.
Osmondan yog‘ilayotgan zahardan jonzot qirilib o‘lyapti, shuhratparast yolg‘on tonnalardan yasalgan oltin yulduzni ko‘kragida yaraqlatib, olti million haqida nutq so‘zlayapti. Bu mash’um fojiali manzaradan o‘zbek adibi emas, o‘zga millat farzandi tug‘yonga keldi. Yozuvchi-publitsist Vladimir Sokolovning «Vijdon xastaligi» maqolasini yuksak jasorat namunasi, deb atash mumkin. Vl. Sokolov paxtakor mehnati bir-ikki amaldorning shuhrati, maishati uchun emas, Vatan istiqboli uchun zarurligini yana bir bor ta’kidladi.
Atoqli adib Odil Yoqubov «Qishloqdagi fojia»ning ildizlarini ochib tashladi. Dehqon ayollarining to‘qson foizi ma’naviy-jismoniy majruhlik dardiga chalinganlar. Onalar yangi avlod yaratuvchilardir. Shuhratparastlik xalq kelajagiga rahna soldi.
Xullas, paxta dardi — aldamchilik, qo‘shib yozish,o‘g‘irlik dardi dehqon yuragida dog‘ bo‘lib qoldi. Elga mehr-muhabbat, iftixor tuyg‘usidan mahrum bo‘lgan shaxsning obro‘ e’tibor qozonishi mumkin emas. Shuhratparastlik iftixor tuyg‘usini inkor etadi.
Buyuk frantsuz shoiri Bayron bunday fojiali qismat haqida deydi:
Zero ulug‘ nomlar shunchaki bir gap, Shuhratga ruju ham tentaklik faqat, Mangulik istagan kasni ataylab Yo‘qotgay ko‘pincha izsiz bu qismat.(Abdulla Sher tarjimasi)
Har qanday dard-alamlarga qaramay paxta bizning ko‘z nurimiz, shuurimiz, tariximiz, odamiyligimiz, o‘tmishimiz, hozirgi kunimiz, kelajagimiz, ayni o‘zimiz. O‘zligini anglab yetgan xalq qadr-qimmatini yuksak tutadi, iftixor tuyg‘ularini abadiylashtiradi. Gruzinlar o‘z tarixiga oid bir parcha taqani ham avaylab muzeyga qo‘yadilar. Ozarbayjonning Oqtom shahrida non muzeyi tashkil etilibdi. Muzey xalq iftixoriga qo‘yilgan tirik haykal. Bizda paxta muzeyi g‘oyat zarur. Xalq xo‘jaligi ko‘rgazmasi muzeyning o‘rnini bosolmaydi. Ko‘rgazmaga o‘z nomiga muvofiq yutuqlar namoyish etiladi. Quruq maqtov iftixor uyg‘ota olmaydi. Paxta muzeyida bu murakkab moddii boyligimiz haqidagi to‘la haqiqat mukammal gavdalantirilishi lozim. Paxtaga haykal xalqqa qo‘yilgan haykaldir.
Qonun va yolg‘on o‘t bilan suvdek azaldan bir-biriga zid. Qonun durbinlik ko‘z bo‘lsa, aldov niqobli bashara. Yolg‘on rasmiy qiyofaga ega bo‘lganda teskari mo‘‘jiza ro‘y berdi. Qonun va yolg‘on bir-birlari bilan og‘iz-burun o‘pishib, nikohdan o‘tib, yagona oilaga aylandilar. Muqimiy aytganidek, «osh yesalar o‘rtada sarson ilik, Xo‘ja chirog‘ yog‘i, Hakimjon — pilik».
Byurokratizm, shuhratparastlik dehqonpi har gektardan yetmish-sakson tsentnerdan paxta hosili yetishtirishga chorvadorni har yuz sovliqdan ikki yuz, ikki yuz ellik va undan oshirib qo‘zi olishga majbur etadi. Bu rasmiylashtirilgan yolg‘on muqaddas minbarlardan, tashviqot organlaridan turlicha bo‘yoqlarda tovlanib yangraydi. Dehqon rost bo‘lsa, fan yolg‘onchiga chiqadi. Agranom ham, selektsioner ham, chorvador, olim ham bu hisobni inkor ham etmaydi, tasdiqlay olmaydi ham. Jamiyatning adolat tarozusi — qonun sukutda.
Amerika sarmoyadori sovet chorvachiligida sun’iy qochirish usulining mahsuldorligini ko‘klarga ko‘tarib maqtaydi. Biroq, bu «jahonshumul muvaffaqiyat»ni o‘z mamlakatida qo‘llashni man etadi. Foydaxo‘rlikda qilni qirq yoradigan kapitalist sovet chorvachiligidagi «muvaffaqiyatga» faqat tomoshabin bo‘lib turarmidi? Qapitalist bu usulning noilmiy usul ekanini, qo‘ylarning zotini buzib, mayib-mayriq qilayotganini yaxshi bilardi. Bu haqiqatni bizdagi asl chorvadorlar ham anglardi. Biroq valyuntaristik rahbarlik — dehqon fikrini mensimagan buyruqbozlik quruq son ketidan quvishga zo‘r berib undardi. Mansabparastlar bundan o‘z g‘arazli maqsadlarida juda ustalik bilan foydalandilar. Sovet fani bu usulning iqtisodiy zararini isbotlaguncha chorvachiligimiz inqiroz yoqasiga kelib, qoldi.
Respublikamizda vujudga kelgan bu holning sabablaridan biri xalq xo‘jaligiga rahbarlikning, umuman hokimiyatning kommunistik mafkuraviy negizdan ajralib kelganligidir. Mafkura — hokimiyatning siyosiy maslagi, Maslaksiz hokimiyat quruq ma’muriyatchilikdir. Maslaksiz ma’muriyatchilik bamisoli muvozanatini yo‘qotgan zo‘ravonlikdir.
Shuhratparastlik quroli — ko‘zbo‘yamachilik, qo‘shib yozish, poraxo‘rlik amal qilganda, ijtimoiy adolat poymol etilganda qonun, fan, madaniyat vakillari nega o‘z kasblarining iftixori uchun kurashishni unutib qo‘ydilar? Unutib qo‘ydilargina emas, kasbga nisbatan xiyonat va jinoyat yo‘liga kirdilar?
Kasb-kor, faoliyat ijtimoiy grajdanlik tuyg‘usidan mahrum bo‘lganda siyosiy-ma’naviy inqiroz yuz beradi. Umumning manfaati, beg‘araz oliy niyatlar olimga ham, qonunchiga ham boshqa kasb egalariga ham mustahkam iroda, alangali kurashchanlik, ruh bag‘ishlaydi. O‘tgan asr rus huquqshunosi P. Aleksandrov adliya xodimining ijtimoiy burchi haqida shunday degan edi: «Bizning ijtimoiy arbob sifatidagi burchimiz faqat himoya qilinayotgan kishi manfaatigagina xizmat qilishdan iborat bo‘lmay, sharoit taqozo qilganda ijtimoiy manfaat masalalariga ham o‘z ulushimizni qo‘shishdir». P. Aleksandrov turma boshlig‘iga suiqasd qilgan inqilobchi ayol Vera Zasulichni chorizm ichki ishlar ministrining qattiq taz’yiqiga qaramay sudda oqlab, qamoqdan ozod qilib yubordi. Bu hol insonparvar yuristning inqilobiy kurashga ko‘rsatgan katta yordami edi. Fan zahmatkashlarining fojiali qismati , ham olimlik — ijtimoiy fidoyilikdir, degan haqiqatni isbotlandi. Fan olamida mashhur bir misolni qayd etib o‘taman. Buyuk italyan olimi Djordano Bruno jazo gulxanida yonayotganda ham o‘z kashfiyotidan zarracha voz kechmaydi. Olimning mislsiz jasorati fan iftixoriga yuksak sadoqat namunasi bo‘lib tarixda qoldi.
Vatan iftixori degan so‘z — uning bebaho madaniy xazinasi, buyuk farzandlari bilan faxrlanishdangina iborat emas. Vatan iftixori uning har bir giyohi, suvi, tuprog‘i uchun jon fido qilmoq demakdir. Tabiatga xiyonat — Vatanga xiyonat, insonga xiyonatdir. Paxtadan Shuhrat tog‘i qanchalik yuqori ko‘tarilgan sari Amudaryo bilan Sirdaryoning ichagi uzilib, Orol dengizi shunchalik xiyonat botqog‘i ichra g‘arq bo‘laverdi. Orol — Vatanim ko‘ksidagi bebaho javohir, deb faxrlanar edik. Shuhratparastlik bu javohirni uzib olib, bepoyon qumliklar ichra uloqtirdi.
Tursunzoda shahridagi alyumin zavodi havoga purkayotgan zahar, Surxondaryo vohasi tabiati, aholisi sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Tabiat go‘zalligi, suv va havo, demak tabiatning oliy mavjudoti inson jarohatlanmoqda. Vatanimizning subtropik zonasida shunday zaharli ob’ektni qurganlar ham, uni ishga tushirganlar ham bu fojiani oldindan sezmagan deyish vijdonga xiyonat bo‘lur edi. Xo‘sh, shu fojiani aniq bila turib, bunday korxonani qurishga bosh bo‘lgan kimsalarni qanday nom bilan atash mumkin?! Bunday shaxslar og‘ir jazoga — xalq qahr-g‘azabiga sazovordirlar.
Yozuvchi Georgiy Semyonov Moskva ostonasidagi bir kichik daryo suvini ifloslantirayotgan asfalt zavodi haqidagi xatga Rossiya Federatsiyasi hukumati boshlig‘i o‘rtoq Vorotnikov hozirjavoblik bilan munosabat bildirib, zavodni boshqa joyga ko‘chirtirilganligini; o‘simlik va hayvonlar saqlab qolinganligini mamnuniyat bilan yozadi. Shahar obi-havosi zaharlanishiga qarshi Yerevan aholisi uyushtirgan namoyishga Armaniston partiya-sovet rahbarlari, yozuvchi va san’atkorlar ham ishtirok etdilar, xalq talabini quvvatladilar. Taniqli arman shoirasi Silva Kaputikyan nutq so‘zladi.
Dadaxon Nuriy, Sirojiddin Saidov, Dadaxon Yoqubov va boshqa jurnalistlarning gazeta, radio va teyaevidenieda e’lon qilinayotgan materiallari Vatan, xalq iftixori ruhi bilan sug‘orilgan. Tabiatga zarar keltirayotgan yuzlab fakt va hodisalar matbuotda ko‘tarib chiqilyapti. Surxon vohasi xususidagi materiallar yuzasidan biron bir jiddiy chora-tadbir ko‘rilgan emas. Tabiat va inson kulfati mutasaddi shaxslardan hech kimni bezovta qilayotgani yo‘q. Ko‘p deganda nima ko‘p — quruq va’da ko‘p.
Va’dabozlik — ko‘zbo‘yamachilikning xavfli ko‘rinishi. Bunday illat rahbarning xalq oldidagi mas’uliyatni his etmasligi, ijroni tekshirishga munosabatning susayganligi oqibatidir. Byurokratizmga, mansabini suiiste’mol qilishga, mehnatsiz boylik to‘plashga, tabiat halokatiga qarshi xalq qahr-g‘azabini uyg‘otmasdan, jangovar grajdanlik ruhini paydo qilmasdan turib qayta qurishning muvaffaqiyatini ta’minlash mumkin emas.
Iftixor — yuksak insoniy faoliyat va fazilat xotirasi. Mansabga sig‘inish tuyg‘usi amal qilganda iftixor o‘ladi. Iftixori o‘lik shaxs yovuz shaxsdir. Chingiz Aytmatov «Asrga tatigulik kun» romanida yaratgan Manqurt obrazi bunday shaxsning dahshatli timsoli. Manqurt parvonadek kuyib-yonib, jigarim deb talpingan onasini xo‘jayinlari topshirig‘i bilan otib o‘ldiradi.
Shuhratparastlik bamisoli sarob. Quruq maqtovga chanqoq kimsani sahrodagi jimjimador majoziy alomatlar singari o‘ziga jalb etib ergashtiraveradi. Yaqinda hamkasabalardan biri — zaifgina hajvchi shoirning ellik yillik kechasi bo‘ldi. Atoqli shoirlar, artistlar kechaga tashrif buyurmagan bo‘lsa-da, nomlarining afishada chiroyli harflar bilan insho etilishi katta zalni to‘ldirib odam yig‘di. Qo‘shiqchining ijrosidan tortib, bog‘cha bolalarining yubilyarga ta’zim qylib, she’r aytishlarigacha kecha egasi tomonidan yugurib yelib, yalinib-yolvorib uyushtirildi. Notiqlardan biri yubilyarni masalchi bobo Krilovga tenglashtirdi. Yasama maqtovlardan bag‘oyat suyilib ketgan yubilyar zaldan tushgan xat bahonasida rafiqasining ham kechaga tashrif buyurib, zalning eng ortida kamtar-kamsuqumgina joy egallab o‘ltirganini e’lon qildi. Bamisoli halvodek shirin-shakar mardakka hamdamlik baxtiga muyassar bo‘lgan ayolni ko‘rish uchun hamma orqaga o‘girilib qaradi. Xonim qora ko‘zlarga tamanno bilan suzilib ta’zim qilardi. Xullas, bu tantana yolg‘on-yashiq e’lonlar, yaltoqi maqtov va soxta madhiyalar asosida shunday tashkil etilgan ediki, yubilyarni qutlash bachkana masxarabozlikka aylanib ketdi va tinglovchilarda noxush taassurot qoldirdi. Nomunosib shuhratga intilgan kimsa voqeasi o‘z nomini bo‘yalgan sharga bog‘lab, varrak qilib uchirgan bola xarakternni eslatdi menga. Darhaqiqat, har qanday manfiy yoki musbat xislat, xatti-harakat axloq me’yoridan oshganda hajvga aylanadi.
Soxta dabdaba, nosamimiy maqtovlar bilan iftixor yaratib bo‘lmaydi. Iftixor yo‘li — umum manfaati uchun mashaqqatli mehnat, barqaror halol faoliyatdir.
“Yosh leninchi” gazetasi, 1988 yil 5 mart