Nemis olimi E. Gekkel 1867 yili fanga ekologiya atamasini kiritgan vaqtda yuz yillardan keyin atrof-muhitni muhofaza qilish masalasi hozirgidek olamshumul muammoga aylanishini ko‘z oldiga keltirmagan bo‘lsa kerak. Darhaqiqat, keyingi vaqtlarda ekologik vaziyatning keskinlashish geografiyasi uzluksiz kengayib, jahon jamoatchiligining diqqat-e’tiborini tobora ko‘proq o‘ziga jalb qilmoqda. Dunyoviy muammolar ichida tabiatni asrash yadro urushi xavfining oldini olish problemasidan keyin ikkinchi o‘rinda turibdi. 1962 yili BMT Bosh Assambleyasining XVII sessiyasi turli mamlakatlarning «Iqtisodiy rivojlanishi va tabiatni muhofaza qilish haqida» maxsus qaror qabul qildi. 1967 yilda esa BMT Bosh Assambleyasining XXII sessiyasi tabiiy muhitni muhofaza qilish yuzasidan Xalqaro konferentsiya chaqirishni birinchi marta kun tartibiga qo‘ydi. 1972 yilning 5—16 iyun kunlari Stokgolmda (Shvetsiya) Xalqaro konferentsiya o‘tkazilib, 5 iyunni «Tabiatni muhofaza qilish Xalqaro kuni» deb e’lon qildi. Yuqorida zikr etilgan tadbirlarning barchasi ekologiya masalasi jahon miqyosidagi dolzarb muammo ekayligini ko‘rsatib turibdi.
Yer kurrasining ayrim rayonlari o‘zining iqlimi, demografik rivojlanishi, geografik o‘rni, iqtisodiy ishlab chiqarishining xususiyatlariga ko‘ra, ekologik jihatdan «xavfli zona»larga aylandi. Xususan, dehqonchilikning nisbatan ekstensiv rivojlanishi tirik organizmlarning faoliyatiga salbiy ta’sir etadigan juda katta miqdordagi ximiyaviy o‘g‘itlarga, zaharli moddalarga ehtiyoj tug‘dirdi. Sun’iy sug‘orish sistemalari anglangan va hali anglanmagan ekologik problemalarni, yangi iqtisodiy va sotsial ziddiyatlarni keltirib chiqardi. Ikkinchi tomondan, dashtu cho‘llarning jadal sur’atlar bilan o‘zlashtirilishi ming yillar davomida saqlanib kelayotgan biosfera muvozanatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, noyob flora va faunani tubsiz jarga uloqtirib tashladi yoki jar yoqasiga keltirib qo‘ydi.
Tabiatni muhofaza qilish o‘z mohiyatiga ko‘ra, kompleks xarakterga ega bo‘lib, o‘z ichiga ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviysiyosiy vazifalarni qamrab oladi. Shu vazifalar ichida iste’mol qilinadigan suvning tabiiy tarqalish mutanosibligini ta’minlash, tejash va sofligini saqlash favqulodda muhim muammoga aylandi. Uning yechimini topish fan, texnika, ekonomika, madaniyat va axloqning hal qilinishi lozim bo‘lgan vazifalari markaziga ko‘chirildi. Chunki Yer kurrasining hisob-kitobsiz bo‘lib ko‘ringan boyligi — suvning umumiy miqdorndan atigi o‘ndan bir foizigina texnika va inson ehtiyojlarini qondira oladi, xolos.
Biosferaning mutanosibligini ta’minlashda suv birlamchi omillardan hisoblanadi. Eng muhimi shundaki, faqat uning mavjudligi emas, balki shu suv resurslarining yer qobig‘i bo‘ylab tarqalishi ham muayyan ekologik bog‘lanish va aloqadorlikni vujudga keltirgan. SSSR territoriyasining to‘rtdan bir qismini tashkil qiladigan Qozog‘iston, O‘rta Osiyo respublikalari, Ozarbayjon va Moldaviyada, ya’ni asosan sug‘orib dehqonchilik qilinadigan respublikalarda suv boyliklarining atigi ikki foizi mavjud. Ma’lumotlarga qaraganda, O‘rta Osiyoda sug‘orib dehqonchilik qilish mumkin bo‘lgan 58,1 million gektar yer mavjud bo‘lib, hozirgi kunda qariyb 6,5 million gektar yerda dehqonchilik qilinmoqda. Shundan 4 million gektari O‘zbekiston territoriyasidadir. Bu regionlarda har yili yuz minglab gektar yerlarning o‘zlashtirilishi ekologik vaziyatni tobora keskinlashtirmoqda. Zero, mavjud sahro va cho‘llar ham biosferaning umumiy ekologik muvozanatida muhim rol o‘ynaydi. Shuning uchun ularni o‘zlashtirishda vujudga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy ekologik oqibatlarni har tomonlama o‘rganish taqozo etiladi. Sahro va cho‘l hisobiga ekin maydonlarini zo‘r berib kengaytiravermasdan intensiv texnologiya asosida ishni tashkil etish — chuchuk suv tanqisligi, havzalardagi suv zapaslarining kamayishi, keng maydonlarning ximiyaviy ifloslanishi, antropogen eroziyaning oldini olish, yo‘qolib ketayotgan flora va faunani saqlab qolish, atmosfera va suv havzalarining musaffoligini ta’minlash lozim.
Ma’lumki, Orol dengizi O‘rta Osiyo tabiatini belgilab turgan muhim bo‘g‘indir. Hozirgi kunda Ittifoqimizda yirik ekologik muammoga aylangan Baykal ko‘li Sibir uchun qanday ahamiyatga ega bo‘lsa, Orol dengizi ham O‘rta Osiyo, Qozog‘iston, Volga bo‘yi uchun shundan kam ahamiyatga ega emas. Uning qurib borishi bilan keng maydonlar antropogen cho‘lga aylanib, ekologik vaziyat benihoya keskinlashib ketmoqda. Achchiq bo‘lsa ham haqiqatni aytish kerak: respublikamiz olimlari, mutaxassislari Orol dengizining qurishi kelajakda qanday salbiy ekologik oqibatlarga olib borishini asoslab bera olmadilar, to‘g‘rirog‘i, ilmiy nazariyalarga, loyihalarga yuqori tashkilotlarni ishontira bilmadilar. Vaholanki, Orol dengizining taqdiri haqida yetarli, asosli ilmiy axborotlar to‘plangan. Ularning hayotiy ekanligini bugungi kunning tajribalari ko‘rsatib turibdi. Lekin mutasaddi tashkilotlar bu ilmiy yechimlarni hayotga tatbiq qilishga shoshilmayotirlar, ilm ahllarining xulosalariga shubha bilan qaramoqdalar. Hanuz ikkilanib: «Yo‘g‘-e, unchalik emasdirov» degan xom xayol bilan yashamoqdalar. Nahotki butun boshli bir DYeNGIZ qurib qoladi-yu, lekin sezilarli oqibatga olib kelmasa? Keyinchalik «eh, attang!» deguncha, bugun xavf-xatarning oldini olgan ma’qul emasmi? Shu kunlarda ma’lum iqtisodiy, texnik vositalardan foydalanib bu jarayonning oldini olish mumkin, lekin 30—40 yillardan so‘ng hozir sarflashimiz zarur bo‘lgan resurslardan 100 karra, 1000 karra ortiqroq mablag‘ sarflab ham hozirgi holatiga olib kela olmasligimiz aniq bo‘lib qolyapti.
Olimlar, mutaxassislar va raqbarlarning asosiy kamchiligi — Orol dengizining yiliga 500 ming tsentner balig‘iga nisbatan unga quyilayotgan daryolar suvidan foydalanib, deqqonchilik qilib bugun 100 karra ko‘p iqtisodiy foyda olishga mahliyo bo‘lishdadir. Eng dahshatlisi shundaki, kishilar bu vaziyatga ko‘nikib kelmoqdalar. Hatto yuqori minbarlardan turib: «Orol dengizi qurib qolayotgan bo‘lsa, Avtonom respublikaning xalq xo‘jaligini territorial va tarmoq jihatidan boshqa iqtisodiy yo‘nalishlarga o‘tkazish istiqbollarini belgilash kerak», deydigan kishilar topilmoqda. Bu Orol dengizining qurib qolishi bilan bog‘liq bo‘lgan ekologik halokatni hali ham aniq tasavvur qilabilmaslik natijasidir.
Ayrim mahalliy partiya, davlat organlarining rahbarlari uchun 25, 50, 100 yillardan keyin bo‘ladigan istiqbollar amaliy ahamiyatga ega emas, nari borganda, bunday ilmiy takliflar faqat og‘izdagina, yuzaki qo‘llab-quvvatlanadi, xolos. 1980 yili Nukusda O‘zSSR FAning ko‘chma sessiyasi orolbo‘yi regionining ekologik istiqbollariga oid konkret ilmiy takliflarni kiritgan edi. Biroq, bu takliflar mahalliy partiya, davlat organlarining e’tiboridan chetda qolib ketdi. Respublikamiz olimlari, mutaxassislari bu takliflarni amalga oshirishda qat’iyat, printsipiallik ko‘rsatmadi. Natijada Orol dengizining qurib borishi bilan bog‘liq ekologik muammo allaqachon regional doiradan chiqib, global ahamiyat kasb etdi, chinakam fojiaga aylandi. Zero, 60-yillarda Orol dengizining sathi 65 ming km2, suv hajmi 1100 km. bo‘lib, o‘rtacha chuqurligi 16 metr, bir litr suvning sho‘rlanish darajasi 10 gramm bo‘lgan bo‘lsa, keyingi 20 yil ichida 11,5 metrga pasayib, sathi 18 ming km.2ga, suvi ayrim joylarda qirg‘oqdan 70-100 km chekinib, hajmi ikki barobardan ortiqqa qisqardi. Minerallashish darajasi 44 grammga oshganligi natijasida unda yashovchi tirik organizmlar qirilib ketmoqda, biologik mahsuldorligi 5 martadan ko‘proqqa kamaydi. Ayrim tirik organizm turlari mutlaqo yo‘q bo‘lib ketish arafasiga kelib qoldi. Bundan tashqari, Amudaryoning Orol dengiziga quyilish deltasidagi 600 ming gektar yerning o‘simlik dunyosi qurib tamom bo‘ldi. Bunga asosiy sabab, Orol dengizining qurib qolgan joylaridan tuzning bosib kelishidir.
SSSR FAning Geografiya instituti va Suv problemalari institutining olimlari asrimiz oxiriga borib Orol dengizining 40 metrga cho‘kib, ikki qismdan iborat namokob ko‘llarga aylanishini va undagi barcha tirik organizmlarning butunlay qirilib ketishini bashorat qilmoqdalar. 1985 yil kosmonavtlar tomonidan o‘tkazilgan Orol dengizining qurib borish tendentsiyasini ko‘rsatuvchi ilmiy tadqiqotlar, fotosuratlar buning haqiqiy ofat ekanini uzil-kesil isbotladi.
Orol dengizining qurib borishiga asosan uchta sabab hal qiluvchi ta’sir qilmoqda: birinchisi, Orol dengiziga quyiladigan daryo sohillarida sug‘orib dehqonchilik qilinadigan yerlarning kengaytirilishi. 60-yillar boshida vohalarda sug‘oriladigan maydon 3,5 million gektarni tashkil qilgan (Amudaryo vohasida 1,6, Sirdaryo vohasida 1,9 million gektar) bo‘lsa-da, Orol dengizining suv zapasi 30-yillarga nisbatan kamaymagan. Keyingi 20 yildan ko‘proq vaqt ichida sug‘oriladigan maydonlar Amudaryo vohasida 2,4, Sirdaryo vohasida 2,6 million gektarga yetkazildi. Shunday qilib, sug‘oriladigan maydonlarning intensiv kengaytirilishi Orol dengizi uchun ham, region uchun ham ekologik fojianing boshlanishi bo‘ldi. Ayniqsa, Amudaryodan keyingi yillarda Qoraqum kanali orqali Turkmaniston SSR olayotgan suvning 7 km. ga ko‘payishi Orol dengizining taqdirini yanada mushkullashtirdi. Natijada Orol dengizi 60-70 yillarda 24 foiz, 70-80 yillarda 54 foiz suvidan mahrum bo‘lib qoldi.
Ikkinchi sabab, Amudaryo va Sirdaryo suvlaridan tejab-tergab. foydalanmaslik va bu daryolarning suvlarini sun’iy suv omborlariga to‘plashdir. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, Amudaryo va Sirdaryodan o‘rta hisobda yil davomida 120 milliard m3 suv oqadi. Bu suv bilan 12 million gektar yerni sug‘orib, dehqonchilik qilish mumkin. Hozir esa 5 million gektar yer sug‘oriladi. Bundan tashqari, sug‘orishda boshqa suv havzalarining suvlaridan, yer osti suvlaridan foydalanilmoqda. Sug‘orishdan ortgan suvlar o‘nlab suv omborlariga to‘planmoqda. Xususan, Norin daryosidagi To‘xtag‘ul suv ombori — 19,5, Sirdaryodagi Chordara — 5,2, Qayroqqum — 3,4, Amudaryodagi Tuyamo‘yin — 7,8 km suvni to‘play oladi. Kezi kelganda shuni aytish kerakki, Ittifoqimizda sun’iy suv omborlari qurilishi natijasida 2600 qishloq, 165 shahar suv ostida qolib ketdi. Suv omborlarining umumiy maydoni Frantsiya territoriyasiga teng keladi.
Yuzaki qaraganda, sun’iy suv omborlari yaxshi iqtisodiy samara berayotir, lekin hamma vaqt ham qulay ekologik, qolaversa, sotsial vaziyatni vujudga keltirayotgani yo‘q. Aksincha, atrof rayonlarda yer osti suvlarining sathi ko‘tarilishi, yerlarning sho‘rlanishiga olib kelmoqda. Bunday yerlarda hosildorlik keskin kamayib, hatto yaroqsiz holga kelyapti. Ularning meliorativ holatini yaxshilash ba’zan yangi yerlarni o‘zlashtirishdan ham qimmatga tushmoqda. Masalan, Tuyamo‘yin gidrouzelining qurilishi undan quyida joylashgan rayonlar yerlarining sho‘rlanish darajasini oshirib yubordi. Bundan tashqari, bir vaqtlar sho‘r ko‘llarning qurib qolishidan hosil bo‘lgan katta-katta tuz konlarini suv bosdi, ular asta-sekinlik bilan erib Amudaryo suvining sho‘rlanish darajasini oshirib yubordi. Mutasaddi tashkilotlar, avvalo, «Tuyamuyungidrostroy» boshqarmasi gidrouzel qurilishi bilan bog‘liq bo‘lgan salbiy ekologik oqibatlarning oldini olish uchun zarur amaliy choralarni ko‘rmayotir. Ayniqsa, Tuyamo‘yin kanalining Toshovuz yo‘nalishi qurilishi hozirdanoq uning salbiy oqibatlarining oldini olish uchun yerning zaxini qochiradigan qo‘shimcha zovurlar qazishni, mavjudlarini ta’mirlashni talab qiladi. Bu ishni keyinga qoldirish — tabiatga tuzatib bo‘lmas jarohat yetkazish bilan barobardir. Uchinchi sabab, Amudaryodan va Sirdaryodan sug‘orish uchun olinayotgan ortiqcha suvlarning oqavalarini hamda zax suvlarini Orol dengiziga oqizmasdan pastqamliklarga quyilishi natijasida katta-katta maydonlarda Sariqamish, Akchako‘l, Doutko‘l, Qorategin, Haydarko‘l, Arnasoy va boshqa suv havzalari paydo bo‘ldi va unumdor yerlar, yaylovlar suv ostida qolib ketdi. Ularning hajmi 60-70 yillardayoq 8—10 marta ko‘paydi, bug‘lanish va yerga singishdan ortgan va keyinchalik yana ham ortishi ko‘zda tutilmoqda. Birgina Arnasoy ko‘lining maydoni 1800 km.2ni, suv hajmi 14 km.3ni tashkil qiladi. Unga 70 yillargacha kollektor-zovur suvlari bilan 5,5 million tonna tuz to‘plangan bo‘lsa, 80-yillarga kelib uning massasi 10 million tonnaga yetdi va umumiy tuz zapasi 130 million tonnadan oshdi. Suvning sho‘rlanish darajasi doimiy oshib borishi kuzatilmoqda. Hozir bir litr suvda 10,3 gramm tuz bo‘lsa, 2000 yilga borib 18 gramm bo‘lishi kutilmoqda. Bu esa undagi flora va faunaning yashashi uchun noqulay vaziyatni vujudga keltiradi. Faqat uning tuz zapasidan ximiya sanoati uchun xom ashyo sifatida foydalanish istiqbollarini qidirib topish qoldi, xolos.
«Orol dengizi qurib qolayotgan bo‘lsa, boshqa sun’iy suv havzalari paydo bo‘lyapti-ku», deb dalda beruvchi olimlar ham yo‘q emas. Lekin suv resurslarining parchalanishi va taqsimlanishi ekologik vaziyatni keskinlashtirishdan tashqari, yangi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni keltirib chiqarmoqda. Xususan, muayyan tabiiy sharoitda yashayotgan kishilar ming yillar davomida shu geografik muhitga xos xo‘jalik faoliyatlarini rivojlantirib kelganlar. Tabiiy muhit bilan bog‘liq bo‘lgan iqtisodiy ishlab chiqarish ukladining xarakteri kishilarning turmush madaniyatini, psixologiyasini, an’analarini, umuman, hayot tarzini belgilab turgan. Tabiiy mutanosiblikning jadallik bilan o‘zgartirilishi bu doimiy aloqadorlikni, bog‘liqlikni uzilishiga olib keladi, unga putur yetkazadi. Bulardan tashqari, yozuvchi S. Zaligin aytganidek: «Chaqalarimizni bir, besh, o‘n cho‘ntakka yoki hamyonga bo‘lib solganimiz bilan uning umumiy summasi o‘zgarmaydi. Tabiat resurslari chaqa emas, uning har qanday taqsimoti yo‘qotish bilan bog‘liqdir».
Mutaxassislar, olimlar Orol dengizini jilla qursa hozirgi holatda saqlab qolish uchun turli loyihalarni tavsiya qilmoqdalar. Lekin har qanday optimist mutaxassis ham ahvol shu tariqa davom etsa, Orol dengizini saqlab qolish mumkin emasligini e’tirof etishga majbur bo‘lmoqda. Bir yo‘nalishdagi loyihachilar Orol dengiziga quyilayotgan daryolarning suvidan o‘ta tejamkorlik bilan foydalanishni taklif qilmoqdalar. Zero, Amudaryo vohasida 80-yillarda har yili o‘rtacha 20 km.3 (26 foiz), Sirdaryo vohasida 6 km.3 (17 foiz) daryo suvi befoyda yo‘qotilmoqda. Ikkinchi yo‘nalish: Amudaryo va Sirdaryoning quyi oqimiga foydalanilgan oqavalarni, zax suvlarni oqizish, paydo bo‘lgan sun’iy ko‘llarning suvini Orol dengiziga quyishning ilmiy yechimlarini bayon qilmoqda. Uchinchi yo‘nalishga mansub mutaxassislar suvning tabiiy yo‘qotilishining, xususan, irrigatsiya sistemalarini rekonstruktsiya qilish bilan yerga singish va bug‘lanishning oldini olish, umuman, Orol dengizining bug‘lanishini kamaytirishni kun tartibiga qo‘ymoqdalar. Darhaqiqat, SSSRda yopiq suv havzalari ichida kattaligi jihatidan ikkinchi o‘rinda turuvchi Orol dengizi O‘rta Osiyo cho‘llari o‘rtasida joylashgan bo‘lib, har yili atmosferaga 60 km3 suvni bug‘lantirib turgan. Boshqacha qilib aytganda, uning bug‘lanishi ham ekologik mutanosiblikni ta’minlovchi faktor bo‘lgan. Shuni nazarda tutgan buyuk rus olimi A. I. Voeykov bir vaqtlar: «Hindikush tog‘larining qorlari hosil qiladigan daryolar Orol dengiziga quyiladi, ular yana bug‘lanib Hindikush qoriga aylanadi. Shu zayldagi aylanma jarayon Orolning qurib qolishiga yoki o‘lib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi», deb bashorat qilganida insonning tabiiy jarayonlarga faol aralashuvi salbiy oqibatlarga olib kelishini hisobga olmagan edi, shekilli.
Yuqorida aytib o‘tilgan loyihalarning amalga oshirilishi Orol dengizining qurib qolishi bilan bog‘liq bo‘lgan ekologik muammolarni qisman bo‘lsa-da, hal qilishi mumkin. Xususan, har bir yo‘nalishdagi loyihalar kompleks ravishda amalga oshirilsa, Ustyurt bilan Qizilqumni ajratib turuvchi suv to‘siqni saqlab qolish imkonini beradi. Bu esa birinchi navbatda avtonom respublikani va Xorazm vohasini yozda sahroni jazirama garmselidan, qishda shimolning qahraton sovug‘idan muhofaza qiladi, albatta. Biroq, muammoning shu tomonlari ham mutaxassislar va olimlar diqqatidan chetda qolib ketmoqda.
Mamlakatimizda Azov dengizining ekologik balansini saqlash borasida matematik modellashtirish metodi yaxshi natijalar berdi. Xuddi shunday ishni amalga oshirish uchun bizning respublikamizda ham yetarli moddiy-texnik, intellektual baza mavjud, lekin tor doiradagi mahkamachilik, sansalorlik,mas’uliyatsizlikuniamalgaoshirishgato‘siq bo‘lmoqda. Hozirshumuammobilanbevositayokibilvositashug‘ullanuvchiilmiymuassasalar, olimlar, mutaxassislarningfaoliyatlarinimuqobillashtirishzaruriyatipishib yetildi. Buning uchun respublika partiya tashkiloti va hukumatining tashabbusi, tashkilotchiligi zarur bo‘lib turibdi. Shu o‘rinda respublikamiz Fanlar Akademiyasiga ta’nalarimiz bor. Ma’lumki, Sibir daryolarining bir qismini O‘rta Osiyo daryolariga va Orol dengiziga quyish haqidagi loyihalar ko‘pgina ilmiy tekshirish institutlari, mutasaddi tashkilotlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan edi. Biroq, ayrim olimlar asosiy ishlaridan bo‘sh vaqtlarida, mustaqil ravishda bu tadbirlarning ijtimoiy-iqtisodiy, ekologik oqibatlarini hisob-kitob qilishib, uning maqsadga muvofiq emasligini isbotladi, shunga yuqori partiya va hukumat tashkilotlarini ishontirishga muvaffaq bo‘ldilar. Nahotki, bizning respublikamizda shunday tashabbuskor olimlar yo‘q?
Respublikamizda yer osti suvlaridan xo‘jasizlarcha foydalanish oqibatida uning tabiiy jamg‘armalari keskin kamaymoqda. Agar 1984 yilda O‘zbekistonda 37473ta artezian quduqlari mavjud bo‘lgan bo‘lsa, o‘tgan yili ularning soni 38985taga yetkazildi. Biroq shulardan 26525 tasi normal ishlatilgan, 3440 tasi esa tashlandiq holda qolib ketdi va yer osti suvlarini ifloslantiruvchi vosita bo‘lib qoldi. Artezianlardan zarur bo‘lmagan paytlarda suvning oqizilishi tabiatga nisbatan shafqatsizlik va jinoyatdir. Keyingi ma’lumotlarga qaraganda, o‘z holicha oqib yotgan skvajinalar soni KQASSRda 234, Toshkent oblastida 40, Farg‘onada 36, Navoiyda 31 ta bo‘lib, ulardan befoyda oqib yotgan suv sutkasiga 63,4 ming metr kubni tashkil qiladi. Ko‘plab artezian quduqlarining qazilishi tabiiy buloqparni quritib yubormoqda. Bundan tashqari, ayrim rayonlarda yer osti suvlarining jamg‘armasi tamom bo‘ldi. Masalan, Xorazm oblastining Xonqa, Xiva, Urganch, Shovot va boshqa rayonlari markazlarida sifatli, ichish uchun yaroqli yer osti suvi yo‘q. Qashqadaryo oblastining U. Yusupov nomli rayonidagi «Maymonoq», «Oq jangal» kabi qishloqlarida yashovchi o‘n minglab aholi hozirgi kunda ham 3 tonna ichimlik suvini 20 so‘m to‘lab sotib olmoqda. Endilikda ular uchun xalqimizning «suv tekin» degan tushunchasi ramziy ma’noga ega bo‘lib qoldi. Ichimlik suvining tanqisligi, uni saqlash sharoitining yo‘qligi aholi o‘rtasida turli kasalliklarni keltirib chiqarayotgani ham sir emas. Xuddi shuningdek, QQASSRda eng muhim sotsial va ekologik problemalar aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash bilan bog‘liq bo‘lib turibdi. Chunki keyingi 10 yil ichida Amudaryoning quyi oqimida suvning ximiyaviy minerallashuv darajasi 2—3 marta oshib ketdi, yer osti suvlari iste’mol uchun mutlaqb yaroqsiz. Natijada aholining turli yuqumli kasalliklarga chalinishi va bolalarning nobud bo‘lish darajasi respublikada eng yuqori o‘rinni egalladi. Umuman, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti, aholi turmush madaniyatining Ittifoqimizda eng oxirgi o‘rinda turishi, aholi jon boshiga hisoblaganda milliy daromad SSSRning o‘rtacha ko‘rsatkichidan uch marta past ekanligi ham ekologik vaziyatning keskinlashganiga borib taqaladi.
Butunittifoq «Gidroproekt» institutining O‘rta Osiyo bo‘limi olimlarining aniqlashlaricha, O‘zbekistonda foydalanilayotgan suvning 98 foizi sug‘orib dehqonchilik qilishga, 1,5 foizi sanoat ishlab chiqarishiga, 0,5 foizi aholi iste’moliga sarflanadi. Respublikamizning Ittifoq mehnat taqsimotida paxtachilik bazasiga aylantirilishi ichimlik suviga ehtiyojlarni kundan-kunga oshirib yubormoqda. Zero, 1 gektar g‘o‘za rivojlanish davrida 5,5 tonna suv talab qiladi. Bundan ko‘rinib turibdiki, qishloq xo‘jalik ekinlarini sug‘orishga sarflanadigan suvni tejash ekologiyaning asosiy yo‘nalishi bo‘lishi kerak.
Respublikamizda ichimlik suvi resurslarining cheklanganligi favqulodda katta ekologik muammoni vujudga keltirmoqda. Suvdan pala-partish, xo‘jasizlarcha foydalanish natijasida 1 million 300 ming gektar yerning meliorativ holati agrotexnika talablariga javob bermaydi. Birgina Jizzax oblastida 1987 yil boshida umumiy sug‘oriladigan 279575 gektar yerdan 112394 gektarining meliorativ holati yomonlashganligi aniqlandi. Shundan 80466 gektari o‘rtacha sho‘rlangan bo‘lsa, 31928 gektar yer juda kuchli sho‘rlangan, hatto yer yuzini tuz qoplagan. Ayniqsa, Mirzacho‘l rayonining 71,2 Paxtakor rayonining 68,7, Do‘stlik rayonining 65,6, Zomin rayonining 41,6 foiz yerlari dehqonchilik uchun noqulay meliorativ holatga kelib qolgan. Zomin rayonining 7672 gektar yerini tuz qoplab, undan hatto yaylov sifatida ham foydalanib bo‘lmaydigan darajaga kelgan. Oblastda shunday faktlar aniqlanganki, ba’zi rayonlarda yerning zaxini qochiradigan yopiq zovurlar qurilmasdan foydalanishga topshirilgan. Bu ishlarning bajarilganligi haqida axborotlar qog‘ozlardagina mavjud. Bunday ishlar Ona yerga nisbatan hurmatsizlik va mas’uliyatsielik bo‘lib qolmasdan, balki jinoyatdir. Zero, hamma narsani o‘z nomi bilan atagan ma’qul.
Keyingi vaqtlarda Xorazm paxtadan yuqori hosil olish shon-shuhratini yo‘qotmoqda. Buning asosiy sababi — yer unumdorligi pasayib ketganligidir. Bu oblastda o‘tgan besh yillikda yerlarning meliorativ holatiny yaxshilash uchun 56 million so‘mdan ortiqroq davlat kapital mablag‘i sarflandi, biroq hozirgi kunda ham ekin maydonlarining uchdan bir qismi achinarli holatda. Vaholanki, mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, yerning meliorativ holatini yaxshilash evaziga hosildorlikni 35—40 foizga oshirish mumkin.
Suvdan foydalanishning keng tarqalgan praktikasi shundayki, kim suvning boshida bo‘lsa xohlaganicha bo‘g‘ib oladi. Ajabki, suv manba’sidan qancha ko‘p suv olinsa, undan shunchalik xo‘jasizlarcha foydalaniladi, isrofgarchilik ortadi. Aniqlashlaricha, suvning hajmi ikki barobar oshsa, undan foydalanish koeffitsienti uch hissa kamayar zkan. Shuning oqibatida QQASSRda 31, Navoiy oblastida 29 foiz suv mutlaqo befoyda oqib ketmoqda, vaholanki, respublikamizda o‘rtacha suvning isrof bo‘lish ko‘rsatkichi 17—19 foizni tashkil qiladi, xolos.
Hozirgi vaqtda suvdan tejab-tergab foydalanish yetarlicha nazorat qilinmayotir. Hisob-kitob qilishning, nazoratning mukammal, qat’iy sistemasini ishlab chiqib amalga joriy qilish zaruriyati tug‘ilmoqda. O‘g‘it, texnika, yoqilg‘i, mehnat resurslari har bir gektar yoki tsentner hosilga normativ asosida belgilab qo‘yilganidek, suvni ham puxta reja asosida taqsimlash lozim. Sug‘oriladigan rayonlarga differentsial tarzda yondoshgan holda xo‘jaliklarga beriladigan suv miqdorining qat’iy limitini belgilab qo‘yish kerak. Umumiy olinadigan daromaddan ortiqcha foydalanilgan yoki isrof qilingan suvning qiymatini chegirib qolish yoki normadagidan kam miqdordagi suv bilan dehqonchilik qilganligi uchun qo‘shimcha tarzda rag‘batlantirish sistemasini ishlab chiqish maqsadga muvofiq. Binobarin, xo‘jaliklarda oila va brigada pudratining keng joriy etilishi suvdan tejab-tergab foydalanishnnng tashkiliy shart-sharoitini yaratadi, ya’ni pudrat kollektivi yil oxirida oladigan ustama ish haqidan, mukofotlaridan ortiqcha foydalangan va isrof qilgan suv uchun ma’lum miqdorda pul ushlab qolinishini yoki kam miqdorda suv ishlatib, uni tejaganligi uchun qo‘shimcha moddiy manfaatdor bo‘lishni bilsa va bu hol xo‘jalik bilan pudrat o‘rtasida tuzilgan shartnomada mustahkamlangan bo‘lsa, suvdan foydalanishga boshqacha nuqtai nazardan qaralardi, albatta.
Dehqonchilikda ortiqcha foydalanilgan suvlarning oqavalari jiddiy ekologik muammolarni keltirib chiqarmoqda. Xususan, toza suv havzalariga tushib, ularni ifloslantirmoqda, yer osti suvlarining minerallashuv darajasi oshmoqda, yerlarning sho‘rlanishini va botqoqliklarga aylanishini kuchaytirmoqda. Ayniqsa, daryolarning quyi oqimlarida joylashgan rayonlardagi ahvol achinarlidir.
Hozir Amudaryodan sug‘orish uchun olinayotgan suvning yarmi turli minerallar bilan sho‘rlanib, qayta daryoga quyilmoqda. Natijada suvning sho‘rlanish, minerallashish darajasi keyingi 15 yilda uch martadan ko‘proq oshdi. Faqatgina tojikistonlik dehqonlar Amudaryoga 3 milliard m.3 zax suvlarni quyishi natijasida suvning minerallashish darajasi ancha ko‘paysa, quyiroqda Surxondaryo, Sherobod, Qorasuvdan tushayotgan oqavalar bu ko‘rsatkichni yanada oshirmoqda. Qarshi cho‘li, Buxoro oblasti bu darajani yanada yuqoriroqqa ko‘tarmoqda, nihoyatda sho‘rlangan suvni Amudaryoga oqizmoqda. Yaqin kelajakda bu suvning miqdori 200 m.3 ga yetishi kutilmoqda.
Yuqori darajada minerallashgan suvdan foydalanib dehqonchilik qilish yerlarning sho‘rlanishini oshirib yubormoqda. Natijada qayta-qayta sho‘r yuvishga majbur bo‘linayotir. Agar olimlar va mutaxassislar tavsiya qilayotganidek, Amudaryoning o‘ng va so‘l qirg‘oqlarida kollektor-zovur suvlarini to‘plab Orol dengiziga quyiladigan kanallar qazilsa yuqoridagi muammolarni — Amudaryo suvining sho‘rlanishini hamda Orol dengizi qurib qolishi bilan bog‘liq bo‘lgan muammolarni birmuncha yumshatish mumkin. Biroq, respublikamizning ayrim oblastlarida bu ishga yetarli darajada e’tibor berilmayotir. Masalan, QQASSRda irrigatsiya sistemalaridan foydalanish koeffitsienti 0,56-0,58 darajada, xolos. Shuning oqibatida sug‘orishga sarflanayotgan suvning hajmi normadagidan 1,5—2 marta ko‘p bo‘lmoqda.
Avtonom respublikada har yili 270 ming gektardan oshiqroq yerning sho‘rini yuvish uchun 2,5 km.3 suv sarflanadi. Biroq, zax suvlarni oqizish sistemasining yo‘qligi natijasida bu ish yaxshi samara bermayotir. Buning ustiga, Amudaryo suvining yuqori darajada minerallashuvi yerlarning ikkilamchi sho‘rlanishiga sabab bo‘lmoqda.
Loyihalashtirishda yo‘l qo‘yilgan xatoliklar natijasida o‘n millionlab so‘m sarflab qazilgan asosiy kollektorlardan zax suvlarning chiqib ketmasligi oqibatida yer osti suvlarining ko‘tarilib, yerlarning sho‘rlanish darajasi oshib ketishi kuzatilmoqda. Hozir Avtonom respublikada yer osti suvlari 1,5 metrgacha bo‘lgan maydonlar keyingi 4 yil ichida 106 ming gektarga ko‘paydi.
Qoraqalpog‘iston ASSRda 21 foiz yerning sho‘rini yuvish uchun umumiy olinayotgan suvning 41 foizi sarflanadi. Bu esa yerlarning sho‘rlanishi va uni yuvish ehtiyoji ichimlik suv muammosini keskinlashtirishdan tashqari Orol dengizining qurib qolishiga asosiy sabab bo‘lmoqda. Shuning uchun yerlarning sho‘rlanishini bartaraf qilishning boshqa texnologik yo‘nalishlarini topish kun tartibidagi eng dolzarb masalalardan biri bo‘lib qolyapti. Turkmaniston SSRda yerlarning sho‘rini ketkazishda quyosh energiyasidan foydalanish, respublikamizda elektr energiyasini qo‘llash, gidroliz zavodlarining chiqindisi bo‘lgan ligninni yerga solish tajriba qilib ko‘rildi. Olimlarning tajribalari shuni ko‘rsatdiki, har bir gektar yer hisobiga 30 tonna lignin solib haydalganda sho‘r yuvishga sarflanadigan suv miqdorini keskin kamaytirishdan tashqari, hosildorlikni o‘rtacha 7-8 tsentnerga oshirib, har gektardan 76 so‘m sof iqtisodiy foyda olish mumkin.
Kelajakda aynan industrial texnologiya yerlarning sho‘rini ketkazishning amaliy-ilmiy yechimlarni topishi mumkin. Buning uchun barcha mutasaddi tashkilotlarning faoliyatlarini maqsadga muvofiq tarzda koordinatsiyalashtirish hamda ularning mas’uliyatini oshirish taqozo qilinadi.
Ittifoqimizda va respublikamizda irrigatsiya-melioratsiya sohasining mukammal tarmog‘i — ilmiy-tekshirish institutlari mavjud. Lekin faqat ularninggina xulosalari bilan chegaralanib qolish masalani bir tomonlama hal qilishga, boshqa ijtimoiy-iqtisodiy, ekologik muammolarni chetlab^d! o‘tib, ba’zan tuzatib bo‘lmas xatoliklarga sabab bo‘lmoqda. Shuning uchun bu muammo turli soha mutaxassislarining bir yoqadan bosh chiqarib ishlashini talab etadi.
Atrof muhitning ifloslanishida sanoat korxonalari jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Olimlarning hisob-kitoblariga qaraganda, rangli metallurgiya korxonalari joylashgan yerdan 1,5-2 km. tevarakda qo‘rg‘oshin, margimush, rux, simob, mis va boshqa moddalar tirik organizmlar yashashiga salbiy ta’sir qilmoqda. Shunday korxonalardan 5 km. uzoqlikdagi qo‘rg‘oshin normal sharoitdagiga nisbatan 109 martagacha (kartoshkada 166 marta), margimush 39 marta ko‘p bo‘lishi aniqlangan. Sanoat zonalarida yer osti suvlari jamg‘armalarining kamayishi bilan birgalikda uning ximiyaviy ifloslanishi ham muammoni chuqurlashtirib yubormoqda. Ayniqsa, ximiya sanoati zonalarida ahvol juda achinarli. Farg‘ona shahrining shimolidagi Oltiariq — Besholishsoy yer osti suv havzasi «Fergananefteorgsintez» ishlab chiqarish birlashmasi chiqindilari bilan doimiy ravishda ifloslantirilishi natijasida hatto 70 metr chuqurlikdagi 1 litr suv tarkibida neft mahsulotlari, ruxsat etilgan kontsentratsiya chegarasidan ortiq fenol borligi, umumiy qattiqligi normadagidan bir necha marta ko‘p ekanligi aniqlandi. Ahvolning jiddiyligini O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti va respublika Ministrlar Sovetining bu boradagi bir qator ko‘rsatmalari ham tasdiqlab turibdi. Biroq, hozirgacha bu ko‘rsatmalar sezilarli amaliy natijalar bermayotir. Xuddi shunday hodisalar respublikamizning boshqa sanoat markazlarida ham kuzatilmoqda...
Popovga radio ixtiro qilgani uchun alyuminiy krujka sovg‘a qilishgan. Mendeleevga esa ximiyaviy elementlar davriy sistemasi jadvalini tuzgani uchun alyuminiydan yasalgan medal berishgan ekan. Bir vaqtlar oltindan ham qimmatbaho hisoblangan shu metallni ishlab chiqarish hozirgi kunda atrof-muhitni ifloslantirayotgan metallurgiya korxonalari ichida yetakchi o‘rinlardan birini egallab turibdi va juda katta tashvish tug‘dirmoqda. Masalan, Tojikiston SSRning Regar rayonida qurilgan alyuminiy zavodidan chiqayotgan zaharli moddalar faqat zavod atrofidagi yerlarni, atmosferani, suv havzalarini ifloslantirib, tabiatga jiddiy putur yetkazib qolmasdan, O‘zbekiston SSRning Surxondaryo oblastidagi Sariosiyo, Denov rayonlarida ham ekologik vaziyatni keskinlashtirib yubordi. Xususan, qishloq xo‘jaligi ekinlari, chorva mollari, eng muhimi — inson sog‘ligiga salbiy ta’sir o‘tkazmoqda. Bu rayonlarda uch yildan beri davlatga pilla topshirish umuman plandan chiqarib tashlandi, chunki zavoddan chiqqan zaharli moddalar tut barglarini zaharlab, ipak qurtlarini batamom qirib yubordi. Shuningdek, Dashnobodning mashhur anorzorlari ham qurib tamom bo‘lish arafasiga keldi. Shunday oqibatlardan keyin ham zavoddan chiqayotgan zaharli moddalarning inson salomatligiga salbiy ta’sir o‘tkazmasligiga kafolat beradigan kishi topilarmikan?
Keyingi vaqtlarda atmosferani, yerlarni, suv havzalari ifloslanishining oldini olish uchun, atrofdagi aholi punktlariga ta’sirini kamaytirish maqsadida korxonalarning dudburonlarini, mo‘rilarini baland qilish, korxonalarni aholi punktlaridan chetroqqa qurish amalda keng qo‘llanilmoqda. Lekin bunday yo‘l bilan muammoni hal qilib bo‘lmaydi. Ishlab chiqarish korxonalarini joylashtirishning mavjud sanitariya-gigiena jihatidan loyihalash normativlariga ko‘ra, atrof muhitga ta’siriga qarab bir toifadagi (klassdagi) korxonalarni aholi punktidan 1000 metr, II toifadagini 500 metr, III toifadagini 300 metr, IV toifadagini 100 metr, V toifadagini 50 metr chetga qurish belgilangan. Birinchidan, bu normativlar nisbiy bo‘lib, allaqachon eskirgan, qolaversa, ularga hamma vaqt amal qilinayotgani yo‘q.
Ikkinchidan esa, korxonalardan chiqqan zaharli moddalar borib tushgan joyida mixlanib yotmaydi: shamol uni ko‘chirib yuradi yoki suv tarmoqlari oqizib bizning nazarimiz tushmaydigan joylarga olib boradi. Yuqorida aytilgan Regardagi alyuminiy zavodi Sariosiyodan 35, Denovdan 70 km. uzoqda-ku! Uni qaysi toifaga kiritish mumkin?
Mavjud korxonalarning ayrim rahbarlari o‘z tinchini ko‘zlab, plan ketidan quvib, atrof muhit muhofazasiga yetarli darajada e’tibor bermayotirlar, chunki hozirga qadar korxona rahbari planni bajarmasa ta’naga qolib, mukofotdan mahrum bo‘ladi. Tabiatni ifloslantirgani uchun esa nari borganda korxona hisobidan jarima to‘laydi, xolos. Nazarimizda, korxona rahbarlarining mas’uliyatsizligi, shaxsan moddiy javobgar emasligi, ekologik tafakkuridagi turg‘unlik bunga asosiy sabab bo‘lmoqda. Agar atrof muhit muhofazasining nazorati hozirgi tartibda ketaversa sanoat korxonalarini xo‘jalik hisobiga o‘tkazish ham atrof muhit muhofazasiga doir tadbirlarni amalga oshirish mas’uliyatini susaytirishga olib kelishi mumkin. Ya’ni, xo‘jaliklar ko‘proq foyda olish maqsadida bu ishga yetarli darajada e’tibor bermay qo‘yadi. Shuning uchun sanoat korxonalari muayyan texnologik jarayon uchun zarur bo‘lgan miqdordagi suvni «sotib olib», ortiqcha sarflangan har bir litr suv uchun moddiy javobgar bo‘lishi lozim.
Albatta, sanoat tarmog‘i uchun yopiq suv ishlatish sistemasiga o‘tish hozircha iqtisodiy jihatdan «zararli» bo‘lib, mehnat va moddiy resurslar ta’minotida muayyan qiyinchiliklar keltirib chiqarishi mumkin. Lekin muqarrar ravishda jamiyatga iqtisodiy, sotsial, tabiatga esa ekologik foyda keltiradi. Buning samaradorligi tajribalarda isbotlandi. Xususan, rangli metallurgiya sanoati o‘n birinchi besh yillikda 30 ta fabrikasini suvdan foydalanishning yopiq sistemasiga o‘tkazgan edi, natijada juda katta texnik-iqtisodiy foyda ko‘rdi.
SSSR Fanlar akademiyasining prezidiumi qoshidagi tabiiy suvlarni muhofaza qilish komissiyasining raisi, akademik N. Laskorning fikriga ko‘ra, sanoat chiqindi suvlarini har qanday mukammal qurilmalar bilan tozalash muammoni hal qilish emas va iqtisodiy jihatdan istiqbolsizdir. Darhaqiqat, Baykal tsellyuloza-qog‘oz kombinatiga suv tozalash inshootini qurish davlatga 46 million so‘mga tushdi. Shunga qaramasdan chiqindi suvlarning iflosligi ruxsat etilgan darajadan yuqori bo‘lib qolmoqda. Shu besh yillikda bu kombinatni suvdan yopiq tarzda foydalanishi mumkin bo‘lgan boshqa yo‘nalishdagi mahsulot ishlab chiqarishga moslashtirishga qaror qilinganining asosiy sababi ham shundadir.
Ekologik salbiy oqibatlar hamma vaqt iqtisodiy zarar bilan bog‘liq bo‘ladi. Bekobod tsement zavodi territoriyasidagi uylarning tomlarini tsement qoplagan (afsuski, odamlar ichiga yutgan changlar bevosita ko‘rinib turmaydi). Hatto 2 km. masofadagi 1 m.3 havoda 20-22 milligramm tsement changi mavjud. Bekobodning doimiy shamoli bu changlarni uzoq-uzoqlarga uchirib ketib, katta ekologik zarar yetkazish bilan birgalikda mahsulot tannarxini 6 foizga qimmatlashtirib yubormoqda. Buning oldini olish uchun qardosh sotsialistik mamlakatlarda allaqachon samarador texnologik vosita topilgan. Xususan, Bolgariyaning Lovchenskiy okrugidagi tsement zavodi kyoyingi 10 yil ichida chang chiqarmayotir. Chang hisobidan ishlab chiqarilayotgan tsement miqdori 300 ming tonnani tashkil qiladi.
O‘zbekistonda paxta tozalash zavodlari atrof-muhitni ifloslantiruvchi jiddiy manba bo‘lib qolmoqda. Ayniqsa, mashinada terilgan paxtaning ifloslanishi yuqori. Paxtaning 4-5-navlarida 20 foizgacha chang, xas-cho‘p mavjud. Bu changlarda madaniy o‘g‘it, zararkunandalarga qarshi ishlatilgan zaharli moddalar, g‘o‘za bargini tushirishda foydalanilgan defoliantlardan tashqari 16-32 foiz sitsiliy oksidi, 39—57 foiz silikat moddalar, umuman, 65 foiz organik moddalar, 35 foiz mineral aralashmalari mavjud. Paxta zavodlarining turli tsexlarida 1 sm.3 havoda 5840-6480 ta chang zarrasi bor. Agar zavod sutkasiga 400-450 tonna paxtani qayta ishlasa, bu changlarning umumiy salmog‘i 8-9 tonnani tashkil etadi. Atrof muhitni muhofaza qilishning zamonaviy uskunalari bilan jihozlangan paxta zavodlarida ham changish darajasi ruxsat etilgan chegaradan bir necha barobar yuqoridir. Bu moddalar zavodda ishlovchi va territoriyasida yashovchi kishilarning havo orqali nafas olish organlariga, ichimlik suvi bilan organizmga tushib, ichak-oshqozon va boshqa surunkali kasalliklarni keltirib chiqarmoqda. Xususan, kremniy (II) oksidiga boy changlar pnevmokonioz kasalligiga, g‘o‘za bargi va paxta chigitidagi bo‘yovchi modda — gossipol jigarda to‘planib uning funktsiyasini ishdan chiqaradi. Shuningdek, atrofdagi qishloq xo‘jalik ekinlari hosildorligiga, chorva mollarining rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Tabiatni muhofaza qilishga yaqindan hissa qo‘shayotgan korxonalaru kollektivlarni, ayrim kishilarni moddiy rag‘batlantirish uchun maxsus fond tashkil qilish maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Bu fondni ekologik xatolar uchun to‘layotgan jarimalar hisobiga oshirib borish mumkin.
To‘g‘risini aytish kerakki, aksariyat holatlarda global miqyosida atrof muhitni muhofaza qilish haqida gap ketganda kapitalistik mamlakatlarda yo‘l qo‘yilayotgan ekologik xatoliklarni, ularning salbiy oqibatlarini ko‘rsatishdan nariga o‘tmayapmiz. Vaholanki, o‘zimizning ko‘z oldimizda ro‘y berayotgan ekologik xatoliklar haqida gap ochmaymiz. Nari borganda kamchiliklarni niqoblab, egasiz tanqid bilan chegaralanib qolmoqdamiz. Agar Orol dengiziga o‘xshagan suv havzasi biron bir kapitalistik mamlakatda qurib qola boshlaganda edi, bizning olimlarimiz uni albatta kapitalistik ishlab chiqarish usuli bilan, burjua jamiyatining tabiiy resurslarni ayovsiz ekspluatatsiya qilishi bilan bog‘lab qattiq tanqid qilgan bo‘lar edi. Odatda, kapitalistik mamlakatlardagi olimlarning ekologik qarashlariga sinfiy pozitsiyadan yondoshamiz deb hamma vaqt ham ularning fikrlarini ma’qullayvermaymiz. Vaholanki, ularning qarashlarida ham foydadan xoli bo‘lmagan qimmatli ilmiy haqiqat mavjud bo‘ladi. Burjua sinfiga mansub olimlarning aytgan haqiqatini e’tirof etish sinfiy hushyorlikni bo‘shashtirish yoki mafkuralar kurashida murosaga kelish degan gap emas. Zero, haqiqatni kim aytishidan qat’i nazar u haqiqat bo‘lib qolaveradi — uni do‘st aytsa ham, dushman aytsa ham mohiyati o‘zgarmaydi. Bundan tashqari, hozirgi vaqtda global ekologik problemalarni turli sistemalardagi katta-kichik mamlakatlarning iqtisodiy, siyosiy, mafkuraviy o‘zaro birdamligi va hamkorligisiz hal qilish mumkin emas. KPSS Markaziy Komitetining Bosh sekretari M. S. Gorbachyov Frantsiya parlamenti a’zolari bilan uchrashuvdagi nutqida: «Yevropadagi barcha mamlakatlarning kuch-g‘ayratini birlashtirmasdan turib, qit’amizda atrof-muhitni muhofaza qilish va sog‘lomlashtirishdek keskin problemani ham chinakamiga hal etish mumkin emas. Obrazli qilib aytganda, qit’amizning ko‘pgina rayonlarida zamin oyog‘imiz ostida bamisoli alanga olmoqda, osmondan olov yomg‘iri yog‘mayotgan bo‘lsa ham kislota yomg‘iri yog‘moqda, tutunning ko‘pligidan osmonning o‘zi ko‘rinmayapti. Yevropadagi daryolar va dengizlar ham ayanchli ahvolga tushib qolmoqda. O‘z vaqtida bizlarning hammamiz endi umuman milliy doirada hal qilib bo‘lmaydigan problemalarni yuzaga keltirib, chamasi yetarli darajada uzoqni ko‘rib ish tutmadik. Hammamiz qit’aning taqdiri mushtarakligini anglashimiz zarur bo‘lgan haqiqiy soha mana shulardan iborat», degan edi. Darhaqiqat, planetaning suv havzalari va atmosfera ma’muriy chegaralanmagan, bir mamlakatda yo‘l qo‘yilgan ekologik xato boshqa mamlakatlarning ekologik vaziyatiga salbiy ta’sir etyapti.
Dunyo olimlarining, shu jumladan, Ittifoqimizdagi yirik mutaxassislarning vujudga kelayotgan ekologik muammolar haqida tashvishlanib gapirayotgani, matbuotda e’lon qilinayotgan fikrlari aksariyat hollarda «pessimizm» deb e’lon qilinadi. Bunday «pessimistik» qarashlarga «optimistik» qarashlar qarshi qo‘yilmoqda. Nafsilambrini aytganda, har qanday optimistlikning chegarasi bor, agar shu chegaradan o‘tilsa, xatoliklardan ko‘z yumishga to‘g‘ri keladi.
Ekologik vaziyatni to‘g‘ri baholash, bu vaziyatga nisbatan aktiv pozitsiyani shakllantirish, ekologik tafakkurni rivojlantirish uchun ommaga tabiiy atrof-muhit muhofazasiga doir zaruriy statistik informatsiya, axborotlar, faktlar bilan doimiy ravishda tushuntirib borish lozim. Lekin vaqtli matbuotda, maxsus adabiyotlarda yoritilayotgan materiallar hamma vaqt ham voqelikni to‘liq, ob’ektiv aks ettirayotgani yo‘q. Ikkinchi darajali hodisalar atrofida shov-shuv ko‘tarilib, asosan maqtovlar bilan chegaralanib qolinayotir.
Mutaxassislar, yozuvchilar, jurnalistlar masalani keskin qo‘yishi mumkin, lekin zarur bo‘lgan materiallar mutasaddi tashkilotlarda «etti qulf ostida» saqlanmoqda. Hozir ham bunday faktlarning oshkor qilinishi tegishli tashkilotlarning, rahbarlarning obro‘siga, eng muhimi — mamlakatimiz obro‘siga salbiy ta’sir qiladi degan chuchmal mushohadalar jamoatchilik manfaatlaridan ustun bo‘lib qolmoqda.
Hurmatli jurnalxon! Siz bu maqolamizni o‘qib ko‘rib: «Ha, endi, kishilar yashashlari uchun non ham yeyishlari kerak-ku. Ayniqsa, aholi sonining o‘sib, ehtiyojlarining oshib borishi xohlasa-xohlamasa tabiatdan olinadigan ne’matlarni ko‘paytirishni talab qiladi-ku», deyishingiz mumkin. To‘g‘ri, kishilar yashashi uchun kiyinishlari, uy-joy bilan ta’minlanishi kerak. Buning ustiga, nonni yog‘ bilan yeyishni xohlaydilar. Lekin inson faqat yeyish-ichish uchun yashamaydi. Ma’naviy oziq ham shart. Uni esa musaffo osmon, toza havo, tiniq suvsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Semashkoning fikriga kengroq ma’no berib aytganda, ekologiya madaniyatisiz umuman madaniyatning bo‘lishi mumkin emas. Qolaversa, kelajak avlod oldidagi burch va mas’uliyat ham bor.
Yuqorida keltirilgan fikrlar aslo vahima qilib, odamlarni sarosimaga solish uchun aytilgani yo‘q, ular shu kunning haqiqatidir. Haqiqat esa har qancha achchiq va vahimali bo‘lsa ham e’tirof etishni talab qiladi. Yana shunisi ham haqiqatki, biz tabiatga nisbatan qilgan tantiqliklarimiz uchun javob berishga majburmiz. Chunki u Ona tabiat, axir! ONA esa hamma vaqt farzandning mehriga muhtojdir. Agar biz uning qitig‘iga tegsak, u bizni shapaloqlaydi. Alam qiladi, lekin tishimizni tishimizga bosib chidashga mahkum etilganmiz. Chunki, shoir aytmoqchi, «Onaga qo‘l ko‘targan — farzand sanalmas!»
“Yoshlik” jurnali, 1988 yil, 2-son