OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tohir Toirov. Buxoro bombardimon qilinganda (1989)

Mabodo o‘rta asrlarda Florensiya osmoniga samolyotlar galasi yopirilib kelsayu vayron qiluvchi aviabombalarni yog‘dira boshlasa, shahar aholisi tushgusi dahshat va vahimaning chek-chegarasi bo‘lmas edi. Agar bu samolyotlar Florentsiya tepasida taxminan birinchi jahon urushi davrida paydo bo‘lib qolsa va shaharni bombardimon qila boshlasa, buni faqat bir jihatdangina tushunish mumkin edi — zero, odamlar bu davrga kelib, samolyot, bomba degan narsalar nima ekanligini anglab yetishgan edi. Lekin shunda, ham ushbu vayrongarchilikni vahshiylikdan bo‘lak narsa deb izohlash mumkin bo‘lmasdi. Zotan, Florensiya Yevropa madaniyatining ramzi, ustalar va me’morlar, rassomlar va haykaltaroshlar silsilasidan iborat o‘nlab avlod mehnatining natijasi o‘laroq vujudga kelgan me’morchilik qo‘riqxonasi hisoblanadi.

Bari bir, muzey shaharning bombardimon qilinishini hech qanday g‘oya bilan, saroylarda bekinib olgan dushmanni yanchib tashlashga qaratilgan biron-bir harbiy-strategik reja yoki o‘zga bir vaj bilan oqlab bo‘lmaydi. O‘quvchi: «Bu safsataning nima keragi bor?», deyishi mumkin. Gapning «berdi»sini eshiting. XX asr boshlarida Buxoro amirligi yemirildi, shu tarixga bir nazar tashlaylik. Usha paytdagi Buxoro amirligini Florensiyadagi demokratiya bilan qiyoslab bo‘lmaydi, albatta. Buxoro yuzlab qullar bandilikda saqlangan shahar, shafqatsiz mutlaq hokimlikning poytaxti edi. Ayni paytda Buxoro — Sharqning qadimiy shaharlaridan biri, musulmon renessansi shakllangan va gullab-yashnagan go‘sha, Sharqning o‘ziga xos tarixiy-me’morchilik muzeyi edi.

1920 yilda Turkistonda Sovet hokimiyatining Buxoro amirligiga qarshi beshafqat, murosasiz kurashi avj oldi. Buxoroda yosh buxoroliklar partiyasining a’zolari qo‘zg‘olonga tayyorlana boshlashdi. Nihoyat, shaharga hujum boshlandi. Yordamga aviatsiya tashlandi. «Qumdagi janglar» (O‘rta Osiyoda grajdanlar urushi tarixiga doir materiallar, 1935 y. M. Gorkiy tahriri ostida) kitobida ta’kidlanishicha, Buxoroni bombardimon qilish uchun «Turkiston frontiga ilgari misli ko‘rilmagan butun boshli havo kemalari armadasi tashlandi» (298-bet). 1920 yil avgust oyining so‘nggi kunlaridanbirida Buxoro yaqinidagi Kogon stantsiyasida o‘nga yaqin samolyot shaylab qo‘yildi. Ular orasida samolyotlarning «forman», «farsal», «sovpvich», «nyupor», «vuazen» va «albatros» kabi turlari bor edi. Chorjo‘ydan maxsus aviaotryad (samolyotlar dastasi) olib kelindi. Yuqoridagi kitobda qayd etilishicha, Stepanov, Stolyarov, Fousek, Ilin, Zelenskiy kabi uchuvchilar bombardimon qilishga tayyorlab qo‘yildi. Bu orada Buxoroga samolyotlarning birinchi uchishi o‘z ishini qilib bo‘lgan edi. Ikkinchi uchishda esa har biri 64 kilogramm keladigan bombalar bir necha yuz metr balandlikdan to‘ppa-to‘g‘ri «amirning beadad boyliklar to‘plangan qordek oppoq saroyiga» yog‘ila boshladi (299-bet). Fousek degan uchuvchi boshqargan «Forman» turidagi yengil bombardimonchi somolyot o‘z yuklarini shaharga «muvaffaqiyat» bilan tashlab, hammadan keyin qaytib ketdi. Uchinchi kun ertalab bomba ortib olgan samolyotlar tag‘in Buxoro tomon yopirilishdi.

Buxoroning bombardimon qilinishi ishtirokchisi va shohidi, sinovchi-uchuvchi Fousek shunday xotirlaydi: «Biz Buxoroni bombardimon qildik. Qadimiy amirlikni vayron etib tashladik. Xususan, mashhur «Ajal minorasi»ga tushgan bomba, garchi mohiyatan bu minoraning mo‘ljalga olinishi biz uchun mutlaqo foydasiz bo‘lsa-da, bizga alohida zavq-shavq bag‘ishladi» (303-bet). Shunday qilib, uchuvchi, bombardimon ishtirokchisi tashlangan bombalar hech qanday harbiy xavf-xatar tug‘dirmaydigan bino va obidalarni bema’ni ravishda vayronaga aylantirganini ochiq-oshkora tan oladi. U tag‘in bunday deb yozadi: «Bomba olib uchib borar ekanman, pastda bir machitni ko‘rib qoldim. Men xuddi mezanani qo‘porib tashladim, deb maqtandi bir kuzatuvchi uchuvchi, biz miriqib kuldik. Shu-shu kuzatuvchi uchuvchining laqabi «mezana» bo‘lib qoldi» (303-bet).

«Zambaraklar darvozalarni va yaqin-atrofdagi aholi yashaydigan mavze’larni vayron qilayotgan» (304-bet) bir paytda aviatsiya aholi va amir armiyasiga dahshat solibgina qolmasdan, vahimadan esi og‘ib qolgan aholi to‘plangan toqlar, gumbazlar va machitlarga bombalar yog‘dirdi. Zero, aholi bu po‘lat qanotli qushlarni umrida ko‘rmagan edi. 20-yillarda Buxoro ahli uchun samolyotlarning paydo bo‘lishi do‘zaxdan, qiyomat-qoyimdan bo‘lak narsa emas edi.

Zambaraklar to‘g‘ri mo‘ljalga olishi uchun maxsus aerostatlar uchirildi. Aviatsiya qo‘mondoni «benzin va bomba tugagunga qadar» (304-bet) shaharni bombardimon qilish haqida buyruq berdi. Toshkentdagi Turkiston harbiy okrugi muzeyining ko‘rgazmalarida ta’kidlanishicha, Nikolay Alekseevich Laskin degan uchuvchi hujum paytida Buxoroga 26 pud bomba tashlagan.

Bombardimon uchinchi kunda ham davom etdi. «Amirning shahar chekkasidagi qarorgohi — Sitorai Mohi Xossani bombardimon qildik. Amirning hidi kelgan hamma joy va hamma narsani vayron etdik». Darvoqe, Sitorai Mohi Xossada amir haramidagi ayollar va xizmatkorlar yashar edi.

Amirga qarshi urushning boshqa bir ishtirokchisi va shohidi bo‘lmish V. Klemenev «Sovet Turkistoni uchun» degan kitobida (Toshkent, 1963, 458-459-betlar) Buxoro amirligi qo‘shinining favqulodda sarosima va vahimaga tushib qolganini yozadi. Amirning qarorgohi — Buxoro Arki ming yil bo‘lmaganda ham, bir necha yuz yillik tarixning guvohidir. Arkning oppoq tosh va marmar minoralari, asosiy saroyi yuzlab chaqirim naridan ko‘rinib turadi. Bombardimonda Arkning asosiy mezana va minoralari vayron qilib tashlandi.

Buxoro 30 ta minoradan iborat qadimiy qal’a devori bilan o‘ralgan edi. Ana shu minoralar va devor qariyb butunlay yakson qilindi. Artilleriya va aviatsiya to‘g‘ri nishonga olish yo‘li bilan bu qal’ani buzib tashladi. Devorda o‘n bitta qadimiy darvoza bo‘lib, ularning ba’zilari temirdan yasalgan edi.

Yuqorida nomi tilga olingan kitobda Buxoroning ana shu o‘n bitta darvozasidan biri qanday portlatilgani tasvirlanadi. «1 sentyabr kuni soat 3 larga yaqin Qarshi darvozasining chaprog‘ida devor osti chuqur kovlanib, 52 pud portlovchi modda ko‘milgani va portlash uchun tayyorlab qo‘yilganligi haqida injener ma’lumot berdi» (462-bet). Buxorodagi bu urush nihoyatda shafqatsiz bo‘ldi. Har bir guzar, har bir hovli uchun jang ketdi. Qancha kishi halok bo‘lgani tarix uchun sirdir. Bunday ma’lumotlarning o‘zi yo‘q. Biroq bir necha kun muttasil artilleriya hujumi va havodan yalpi bombardimon qilinishi natijasida Buxorodagi ko‘pgina inshootlar qariyb butunlay vayron bo‘ldi. Bugungacha omon turgan yodgorliklar esa gumbaz va toqlar panasida «jon saqlashgan» edi. Biroq ana shu omon qolgan obidalarning o‘zi ham vatanimiz va jahon madaniyatining faxri hisoblanadi.

Buxoro amiri 1920 yilda qochib ketishga muvaffaq bo‘ldi. Uning ketidan quvlab, hujum qilib borgan aviatsiya uni chegarada to‘xtatib qo‘yishiga oz qoldi. Tashib ketilayotgan ba’zi oltinlar va amir xonadoniga meros dur-javohirlarning bir qismi qo‘lga kiritildi va Moskvaga jo‘natildi.

Dunyoning turli burchaklaridan keladigan minglab turistlar uning obidalarini hayrat bilan tomosha qilishadi. Yaqinda Buxoro shahrining «inturist»da ishlaydigan gid zilzila natijasida oppoq toshlardan qurilgan ark qulab tushganini juda jonli qilib tushuntirib berdi. Lekin uning bu izohlari allanechuk ishonchsiz chiqdi. Buning ustiga, ko‘pgina sayyohlar, nega endi Arkdan ko‘ra omonatroq bo‘lgan imoratlar zilziladan omon qoldi-yu, bu obidaga zarar yetdi, deb so‘rashdi. «Axir, Buxoro Arki bombardimon paytida vayron bo‘lganini ularga qanday qilib ham ayta olaman», deb keyinroq menga shikoyat qilib qoldi gid.

Bugungi oshkoralik va poklanish davrida 1920 yilda Buxoroda sodir bo‘lgan voqealarga qaytmasligimiz mumkin emas.

Muarrixlarimiz o‘sha yillarning qahramonlikka va fojialarga boy voqealarini to‘liq yoritishlari lozim. Bugungi oshkoralik davrida Buxoroda ro‘y bergan voqealar tariximiz sahifalaridan o‘zining haqiqiy ifodasini topadi, degan umiddamiz. Buxoryuni bombardimon qilish shartmidi? Amirni boshqacha yo‘l bilan yengish mumkin emasmidi? Jahon madaniyati yodgorliklari — insoniyatning daxlsiz boyligi-ku axir. Buxoroyi sharif ham bundan mustasno emas edi-ku. Buxoroning bombardimon qilinishi — grajdanlar urushi davridagi eng ulkan fojialardan biridir. Uni bizning xotiramizdan o‘chirib tashlab bo‘lmaydi.

Tohir Toirov, huquqshunoslik fanlari doktori.

“Yoshlik” jurnali, 1989 yil, 7-son

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.