Erkin A’zam (A’zamov Erkin Normamatovich) (1950.10.8, Boysun tumani) — yozuvchi, publitsist, stsenarist. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist (1998), Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetini tugatgan (1972).
O‘zbekiston radiosida muharrir (1972—76), «Guliston» jurnalida muharrir, adabiy kotib (1976—81), «Yoshlik» jurnalida bo‘lim mudiri (1981—86), G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida tahririyat mudiri, ijodiy guruh rahbari (1986—92), O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktorining 1-o‘rinbosari (1992—94), Respublika «Ma’naviyat va ma’rifat» jamoatchilik markazi rahbari o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. «Tafakkur» jurnalining bosh muharriri (1994 yildan).
Dastlabki hikoyalar to‘plami — «Chiroqlar o‘chmagan kecha» (1977). «Otoyining tug‘ilgan yili» (1981), «Olam yam-yashil» (1984), «Javob» (1986), «Bayramdan boshqa kunlar» (1988), «Pakananing oshiq ko‘ngli» (2001), «Kechikayotgan odam» (2002), «Jannat o‘zi qaydadir» (2007), «Shovqin» (2011) kabi qissa va hikoyalardan iborat kitoblari nashr qilingan.
Erkin A’zam asarlari o‘ziga xos yumoristik bayon uslubi, kinoyali tili, kutilmagan badiiy yechimlarga egaligi bilan ajralib turadi. Yozuvchining insonga xos eng chigal jihatlarni ochiq ko‘rsatmay, imo-ishora orqali aks ettirishi uning asarlari ta’sirchanligini oshiradi. Erkin A’zam qissa va hikoyalarida oddiy va to‘pori, boshqalarga o‘xshamaydigan, dardu tashvishlari, shaxsiy kechinmalari bilan yaqqol ajralib turadigan badiiy xarakterlarni yaratgan. Xarakterlar falsafasini yoritish, uslubiy taranglik, psixologik tahlilning kuchliligi, asar syujetining xarakterlar asosiga qurilishi, voqealar o‘rtasidagi bog‘liqlikni obrazlar, detallar orqali ifodalash, muallif va personaj nutqining yaqinligi, psixologizm va falsafiylikning mushtarakligi Erkin A’zam badiiy uslubining asosiy xususiyatlari hisoblanadi.
«Chantrimore», «Piyoda», «Pakana», «Dilxiroj», «Erkak», «Parizod» kabi ekran asarlarining hammuallifi. 1 va 2-chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati.
Erkin A’zamning hikoya va qissalari rus, ukrain, belorus, qozoq, tojik, turkman, gruzin, bulg‘or, chex tilla-riga tarjima qilingan. Adibning o‘zi ham o‘zga xalqlar adiblari asarlarini rus tilidan o‘zbek tiliga mahorat bilan tarjima qilgan.