Ikrom Otamurod (Otamurodov Ikrom Islomovich) 1951 yil 5 mayda Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumanidagi Xo‘jakasbi qishlog‘ida tug‘ilgan. 1969-1974-yillarda Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning jurnalistika fakultetida o‘qigan.
1974 yil fevral oyidan O‘zbek sovet entsiklopediyasi (hozirgi O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi davlat-ilmiy nashriyoti)da xizmat qilgan. 1975 yil aprel oyidan buyon “Sharq yulduzi” jurnalida musahhih, adabiy xodim, bo‘lim mudiri, bosh muharrir muovini sifatida faoliyat yuritib kelayapti.
Shoirning «Vaqt ranglari» (1982), «Janub qushlari» (1983), «To‘rg‘ayli manzillar» (1983), «Ufqlar orti bepoyon» (1987), «Xaritaga tushmagan joylar» (1992) «Uzoqlashayotgan og‘riq» (1992), «Sopol siniqlari» (1994), «Sen» (1996), «Ichkari va tashqari» (1997), «Ruhimning qayg‘usi» (1997), “Kanglum, o‘zing”, “Tavr”, “Tag‘azzul” she’riy kitoblari chop etilgan.
Ikrom Otamurodning falastin shoiri Muin Bsisuga bag‘ishlangan «Yarador umid otlari» dostoni (1986) 80-yillar o‘zbek she’riyatida sezilarli voqea bo‘lgan. Dostonda xorijlik ijodkor obrazi orqali inson qalbining po‘rtanalari, mustaqillik haqidagi orzular, ona-yurt obrazi kuchli his-hayajon bilan badiiy ifodalangan.
Shoir falsafiy mushohada bilan yo‘g‘rilgan she’riy uslubiga sodiq qolib, 1990 yili «Uzoqlashayotgan og‘riq» dostonini yaratdi. Bu asarda zamondbshlarimizni tobora tark etib borayotgan e’tiqod, burch, insoniylik tushunchalari qalb tug‘yoni, vijdon azobi, yurak qoni bilan badiiy tadqiq etilgan.
Ikrom Otamurod Mahmud Darvish, Muin Bsisu, Uold Uitmen, Pablo Neruda, O‘ljas Sulaymon, Yevgeniy Yevtushenko kabi shoirlarning she’r va dostonlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Ikrom Otamurodning she’r va dostonlari ham turk, arab, bulg‘or, rus, moldovan, ozarboyjon, qozoq, qirg‘iz, tojik, gruzin tillariga tarjima qilingan.
Ikrom Otamurod “Do‘stlik” ordeni hamda “Xalq maorifi a’lochisi” nishoni, shuningdek, mustaqillikning o‘n, o‘n besh, yigirma yilligi medallari bilan taqdirlangan.