Farida Afro‘z (Bo‘tayeva Farida Qo‘ziyevna) 1956 yil 5 martda Qo‘qon shahrida tug‘ilgan. Muqimiy nomidagi Qo‘qon davlat pedagogika institutida taxsil olgan (1977).
Farg‘ona san’at bilim yurtida o‘qituvchi, Farg‘ona viloyati, Bog‘dod tumanining «Avangard» gazetasida adabiy xodim, Uchko‘prik tumanidagi «Iste’dod» ijodkor yoshlar uyushmasining raisi, Respublika «Ma’naviyat va ma’rifat jamoatchilik markazi» huzuridagi «Shuur» ijodiy korxonasi direktori, Adliya vazirligining «Hayot va Qonun» yuridik jurnalida bosh muharrir o‘rinbosari, G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida san’at bo‘limi boshlig‘i, «Yozuvchi» nashriyotida bosh muharrir vazifalarida ishlagan. 1994 yildan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a’zosi.
«Qirq kokilligim» (1986), «Iztirob ko‘ylagi» (1992), «Tunlar isyoni» (1994), «Ko‘zim manim...» (1999), «O‘zimdan o‘zimgacha» (2001), «Ushshoq» (2004), «Tasbih» (2006) kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan. «Qurbonjon dodhox» (2000) tarixiy dramasi ham bor.
1999 yili “Shuhrat” medali bilan, 2001 yili «O‘zbekiston mustaqilligining 10 yilligi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.