O‘zbek adabiyoti ravnaqiga o‘z ulushini qo‘shgan adiblardan biri G‘ayratiy—Abdurahim Abdulla o‘g‘li 1902 yil 15 fevralda Toshkentning Degrez mahallasida hunarmand oilasida dunyoga keldi. Uning otasi o‘qimishli, adabiyotga qiziqqan kishi bo‘lgan. Onasidan erta judo bo‘lgan Abdurahim mahalladagi Oyimxon aya qo‘lida tarbiya topgan. Uning adabiyotga qiziqishida ham aya aytgan ertaklar muayyan rol o‘ynagan. 1912—1915 yillarda u avval eski maktabda, so‘ng madrasalarda tahsil oladi. Shu yillarda Navoiy, Muqimiy, Furqat asarlari bilan tanishadi. Oktyabr to‘ntarishidan so‘ng Toshkentdagi (Xadra) «Namuna» nomli maktabning o‘qituvchilar tayyorlash kursida o‘qiydi, so‘ng xalq maorifi sohasida ishlaydi.
Bo‘lgusi adibning ilk she’ri 1921 yilda «Bolalar haftasi» nomi bilan «Qizil Bayroq» gazetasida bosilib chiqadi.
1926 yilda G‘ayratiy Ozarboyjonga borib, Bokudagi bilim yurtida o‘qiydi. U yerda M. O‘rdubodiy, M. Mushfiq, S. Rustam, J. Jabbor kabi taniqli adiblar bilap tanishadi va muloqotda bo‘ladi. Bokudan qaytgach, Toshkentdagi muzikali drama teatrida adabiy emakdosh bo‘lib xizmat qiladi. 1929—1931 yillarda O‘zbekiston Davlat nashriyotida muharrir va bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlaydi. Uning birinchi she’riy to‘plami 1927 yilda «Erk tovushi» nomi bilan nashr etiladi. 1928 yilda «Yashash taronalari» she’riy to‘plami, «Qutulish» nomli hikoyalar to‘plami chop etiladi. She’riy to‘plamga kirgan «She’rim», «Shoir», «Tanburchi qizga», «Mening tuyg‘ularim» kabi she’rlarida shoirning dunyoqarashi gavdalanadi.
Shundan so‘ng adibning «Hashar» (1929), «Qora yuraklar» (1931), «Oshiq hukmi» (1932), «Onamga xat» (1933), «Tanlangan asarlar» (1934), «Shikasta» (1935), «Mahkam» (1935), «Sevgi» (1939), «Oltin yoshlik» (1940), «Hikoyalar» (1957), «Tanlangan asarlar» (1958) kabi qator to‘plam va dostonlari nashr qilinadi.
G‘ayratiy 50-60-yillarda ham barakali ijod qildi. U Furqat va Hamza kabi ustozlari haqida «G‘urbatda Furqat», «Shoir», «O‘lmas qo‘shiq» kabi kitoblarini chop ettirdi. «Tepalik mozor» (1956), «Hilola», «Sababi — tiriklik» (1958), «Maxsum qochdi» (1960) kabi hajviy hikoyalar ham yaratdi. «Dovdirash» nomli hajviy hikoyalar to‘plamini nashr ettirdi. 1958 va 1972 yillarda shoirning «Tanlangan asarlar»i chop etilgan. Ayniqsa, uning «Rustamning sarguzashtlari» qissasi yoshlar va o‘smirlarning sevimli kitobi bo‘lib qoldi. G‘ayratiy ayni chog‘da E. Vohidov, Sayyor, Yu. Shomansur, H. Saloh, A. Eshonov kabi iste’dodli shoirlarga murabbiylik qildi va ustoz unvonini oldi.
1972 yilda G‘ayratiyga O‘zbekiston xalq shoiri unvoni berilgan. U 1976 yil 17 yanvarda vafot etgan. Vafotidan so‘ng esa «Quyoshga muhabbat» degan (1980) she’riy majmuasi nashr etildi.