XX asr o‘zbek milliy-ijtimoiy, adabiy va madaniy harakatida faol qatnashgan siymolardan biri Shokir Sulaymondir. U ham she’riyat yoki nasr bilan shug‘ullanmasin, ham publitsist yoki adabiy munaqqid sifatida qalam tebratmasin hamisha ma’rifatparvarlik g‘oyalarining tolmas targ‘ibotchisi sifatida faoliyat ko‘rsatgan. Shokir Sulaymon 1900 yilda navro‘zi olam arafasida Qo‘qonda tavallud topti.
XIX asrning birinchi va ikkinchi yarimlarida qator mashhur shoirlarni yetkazib bergan Qo‘qon adabiy muhiti o‘zining adabiy-ma’naviy nufuzini XX asr boshlarida ham yo‘qotmagan edi. Bu hol Shokir Sulaymonning adabiy va ijtimoiy faoliyatining shakllanishiga ta’sir o‘tkazmay qolmadi. U shu yerda 1916 yilgacha yangi usuldagi maktabda ta’lim oldi. So‘ngra Orenburgga borib, mashhur Madrasai Husayniyada o‘qishni davom ettirdi. Bu uning arab, fors, turk, tatar, rus tillarini o‘rganishigagina emas, balki shu tillarda chop etilgan gazeta va jurnallarni o‘qishiga ham imkon berdi. Shokir Sulaymon Oktyabr to‘ntarishidan so‘ng O‘zbekistonga qaytgach, mahalliy matbuot sahifalarida ma’rifatparvarlik g‘oyalarini targ‘ib etish yo‘lidan bordi. 1922—1926 yillarda esa avval Moskvadagi ishchilar fakultetida, so‘ng Krupskaya nomidagi pedagogika akademiyasida o‘qidi.
Shunday qilib, Shokir Sulaymon 20-yillarning o‘rtalaridayoq publitsist, hikoyanavis, shoir va tarjimon, adabiyotshunos va munaqqid, shuningdek, darslik va qo‘lyozmalar muallifi sifatida maydonga chiqa boshladi. Agar u o‘nlab maqola va ocherklar yaratib, ularda o‘z xalqini ma’rifatga va madaniyatga chorlagan bo‘lsa, «Qotil», «Hukm», «Farmoza otasi», «Lolazordagi shumg‘iya», «Parazitlar», «Yamo bilan Xamo» kabi bir qator hikoyalarida yangilik bilan eskilik o‘rtasidagi ayovsiz kurashni ko‘rsatishga harakat qildi.
Shokir Sulaymon shoir sifatida o‘z davrida anchagina shuhrat topgan edi. Uning «Erk kuylari» (1926), «G‘alaba marshi» (1928), «Davr hayqirig‘i» (1932) kabi she’riy to‘plamlari va dostonlarida «yangi hayot» quvonchi va tashvishlari baralla kuylandi. Shokir Sulaymonning shoir sifatidagi faoliyatida uning chet el Sharqi mavzuidagi asarlari diqqatga sazovordir. U jumladan, «Kullari ko‘klarga!» she’rida hind xalqining mustamlakachilik siyosatiga qarshi olib borgan kurashini aks ettiradi.
Shokir Sulaymonning hayotida uning pedagogik faoliyati ham muhim o‘rin tutadi. U o‘rta va oliy o‘quv yurtlari uchun bir qator darslik va qo‘llanmalar yaratib, ularda xususan, So‘fizoda, Hamza, Mirmuhsin, Fitrat, Cho‘lpon ijodiga oid qimmatli ma’lumotlarni berdi. Uning A. Sa’diy, O. Ibrohimov, Xodi Toqtosh, Hasan To‘fon, S. Ayniy, A. Lohutiy kabi qardosh xalqlar adabiyoti va ilmiy namoyandalari haqida chiqishlari qonqardoshlikni mustahkamlash va adabiy-madaniy aloqalarni chuqurlashtirish ishiga xizmat etdi.
Ijodiy va ijtimoiy-ma’rifiy faoliyati qizg‘in tus olgan urush yillarida qatag‘onlik nafasi Shokir Sulaymonga ham yetib keldi. U 1941 yilning 25 avgustida qamoqqa olinib, 1942 yilning 8 avgustida, bor-yo‘g‘i 42 yoshida jo‘vonmarg etiladi. 60-yillarga kelib oqlanadi va 1964 yilda uning «O‘ch» nomli hikoyalar to‘plami nashr etiladi.