OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

G‘ozi Olim Yunusov (1893-1938)

G‘ozi Olim Yunusov (G‘ozi Yunus, 1893 — Toshkent shahri — 1938.4.10) — tilshunos, folklorshunos olim. Turkiya universitetida, Anqaradagi «al-Azhar» madrasasida o‘qigan (1912—14). 1918 yil iyulda Turkiston yoshlarini milliy va ilmiy ruhda tarbiyalash maqsadida «Turk o‘chog‘i» tashkilotini tuzgan.

1920—22 yillarda Maorif komissarligi qoshidagi ilmiy kengash til va terminologiya sho‘‘basida ishlagan. Shu komissarlik qoshidagi Til va terminologiya qo‘mitasida ilmiy kotib, Samarqand pedakademiyasida o‘zbek tili kafedrasi professori (1925—30), Til va adabiyot institutida ilmiy xodim (1934—37). Samarqand, Toshkent, Sirdaryo (Mirzacho‘l) viloyatlarida bo‘lib, xalq qo‘shiqlari, jumboqlari, maqollarini, «Alpomish» dostonining 2 qismini (50 sahifa), «Hiylakor kal», «Topqir kal», «Shum kal», «Tulki va bedana», «Tulki va tojik», «Kimlar o‘g‘ri», «O‘rinsiz tilak», «Aldangan qozi», «Yengilgan podshoh» kabi hikoyatlarni to‘plagan.

«O‘zbek urug‘laridan qatag‘onlar va ularning tili» (1930), «Yuridik terminlar lug‘ati» (1926), «O‘zbek tili grammatikasi» (1936) ilmiy asarlar muallifi. O‘zbek xalq eposi — «Alpomish» dostonining ilk tadqiqotchilaridan biri. 20—30-yillar matbuotda G‘ozi Yunus taxallusi bilan matbuot, tilshunoslik, adabiyot, folklorshunoslikka oid dolzarb maqolalar yozgan. 1937 yil 3 iyulda hibsga olinib, 1938 yil 4 oktyabrda otilgan. 1989 yilda oqlangan.

Sirojiddin Ahmedov.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.