SaidjonovMuxtorjon Yo‘ldoshevich (1893, Buxoro - 1937.25.10, Toshkent) — Buxoroda jadidchilik xarakatining namoyandasi, siyosat va jamoat arbobi. Buxoro madrasalarida tahsil olgan.
Yosh buxoroliklar partiyasi MK a’zosi (1917 yildan). Kolesov voqeasidan so‘ng, Yosh buxoroliklardan ajralib chiqqan. BXSR ichki ishlar noziri (1920 yil sentyabr — 1921 yil, may; 1922 yil, mart; 1923 yil, avgust), davlat nazorati noziri (1920 yil noyabr - 1921 yil, may), BXSRning RSFSR hukumati huzuridagi maxsus vakili (1921 yil may — 1922 yil mart), BXSR MIK mas’ul kotibi (1923 yil avgust — 1924 yil oktyabr). «Milliy ittihod» tashkilotining Buxoro sho‘‘basida faoliyat ko‘rsatgan (1920—22).
O‘rta Osiyoda milliy-hududiy chegaralanish o‘tkazilgach, Zarafshon okrug ijroiya qo‘mitasi raisi (1925). «O‘n sakkizlar guruhi»ning faol ishtirokchisi sifatida VKP (b) MK O‘rta Osiyo byurosining O‘zbekistondagi faoliyatini keskin qoralaganligi uchun 1925 yil oxirida lavozimidan olib tashlandi. Keyinchalik «O‘zbekkino» tresti boshqaruvchisi (1936 yilgacha).
Muxtorjon Saidjonov sovet rejimi tomonidan qamoqqa olinib (1937 yil 20 mart), akasi Musojon Saidjonov va buxorolik boshka milliy rahbarlar bilan birgalikda (jami 17 kishi) otib tashlangan. 1965 yil 2 dekabrda oqlangan.