Haziniy Xo‘qandiy (taxallusi; asl nomi Ziyovuddinxon Kattaxoja o‘g‘li Haziniy to‘ra) (1867 — Qo‘qon yaqinidagi Katta Kenagas qishlog‘i — 1923) — shoir va shayx. Qo‘qondagi Jome’ madrasasida tahsil olgan. Qur’on, tafsir, hadis, fiqh, kalom, adabiyot ilmlarini chuqur o‘zlashtirgan. Tasavvuf ta’limoti bilan izchil shug‘ullangan.
30 yoshida murshididan irshod (tariqat rahnamoligiga ruxsat) olib, «Haziniy to‘ra» va «Eshonbuva» nomlari bilan xalq orasida e’zozlangan, uz davrining yetuk qodiriya tariqati shayxi sifatida e’tirof etilgan va «Murshidi Farg‘ona» nomiga musharraf — valiy zot bo‘lib tanilgan.
Dehqonchilik bilan kun kechirgan. Bog‘lar barpo qilgan, binolar qurdirgan. Qabri o‘z qishlog‘ida. Bu qabr — maqbara va uning atrofidagi obidalar me’moriy yodgorlik sifatida davlat muhofazasiga olingan.
19-asr 2-yarmi va 20-asr boshlarida ko‘chirilgan ko‘plab qo‘lyozma bayozlar va majmualardan Haziniy she’rlari o‘rin olgan. 1910—15 yillarda Toshkentning Orifjonov, Portsev va Laxtin matbaalarida «Bayozi Haziniy» to‘plamlari bir necha bor nashr etilgan.
Haziniy mumtoz she’riyat janrlaridan g‘azal, murabba’, muxammas va musaddaslar yozgan. Adabiy merosi 4000 misra atrofida. Shoir asarlarini g‘oyaviy mavzui boy. Uning tasavvuf ruhidagi asarlarida sof so‘fiyona ma’no va mazmun tarannum etilsa, axloqiy mavzudagi bitiklarida poklik, odamiylik, sahovatpeshalik kabi yuksak insoniy fazilatlar ulug‘langan.
Haziniyning o‘ndan ortiq g‘azallariga muxammas bog‘langan va naziralar qilingan.
«Bayozi Haziniy»ning toshbosma nusxalari O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanadi (inv. № 12665, 14850, 15197). Farg‘ona shahrida uy-muzeyi tashkil qilingan, Haziniy nomida jamoa xo‘jaligi, bog‘, maktab, kutubxonalar bor.
Otabek Jo‘raboyev.