OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Saidrasul Saidazizov (1866-1933)

Saidrasul Saidazizov (1866, Toshkent — 1933.3.2) — ma’rifatparvar, shoir, tarjimon. Toshkentda Mahmud dasturxonchi madrasasida tahsil ko‘rgan, rus-tuzem maktabini tugatgan (1900).

O‘zi o‘qigan madrasada mudarrislik qilgan, rus-tuzem maktabi, o‘qituvchilar seminariyasida «sharqiya muallimi» bo‘lib ishlagan (1900 yildan). Moskva va Peterburgga sayohat qilgan (1910). Taassurotlari «Turkiston viloyatining gazeti»da bosilgan (1910-11). V. V. Bartold, A. N. Samoylovich, S. M. Gramenitskiy kabi rus ziyolilari bilan do‘stona munosabatda bo‘lgan.

Saidrasul Saidazizov o‘zbek, tojik va arab tillarida ijod qilgan. G‘azal, fard, ruboiy, ta’rix va boshqa janrlardagi she’rlar, publitsistik maqolalar, «Ustozi avval» darsligi (1902) muallifi.

G‘azallari ishqiy mavzuda, boshqa she’rlarida ilm-ma’rifatli bo‘lish, odob, axloqlilik ulug‘langan. Toshkentda yangi usuldagi maxalliy maktablar ochgan, ularni rus-tuzem maktablaridagi ta’lim-tarbiya metodikasi asosida ishlangan dastur va darsliklar bilan ta’minlagan, o‘qituvchilik ham qilgan.

«Tovush usuli» («Usuli savtiya») metodidagi «Ustozi avval» darsligi 17 marta nashr etilgan. U I. A. Krilov («Tulki bilan uzum», «Zuluk bilan ilon» va boshqa), L.N. Tolstoy («Qishloqi birla bolasi», «Fatonat» va boshqa), asarlarini o‘zbek tiliga ilk bor she’riy tarjima qilgan.

Begali Qosimov.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.