Atoqli adib va jamoat arbobi Komil Yashin (Komil No‘‘monov) 1909 yil 25 dekabr kuni Andijon shahrida tug‘ildi. O‘rta maktabni tugatgach, 1925 yili Leningradga borib, O‘rmon xo‘jaligi institutiga o‘qishga kiradi. So‘ngra maktabda o‘qituvchilik qiladi. 1930—1936 yillarda Yashin O‘zbek Davlat muzikali drama teatrida adabiy emakdosh, 1946-1949 yillarda O‘zbekiston Xalq Komissarlari qoshidagi San’at ishlari boshqarmasida boshliq vazifalarini ado etadi. U yigirma yildan ortiq vaqt davomida (1958—1980) O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasiga rahbarlik qiladi. Oybek vafotidan so‘ng (1968) «O‘zbek tili va adabiyoti» jurnaliga muharrirlik ham qildi. U O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi edi.
Yashinning ijodiy faoliyati 1925 yildan boshlanadi. Bu yillarda uning she’r va ocherklari vaqtli matbuotda ko‘rina boshlaydi. Shoirning «Quyosh» (1930), «Kurash» (1931), «Komsomol» (1933) she’riy to‘plamlariga kirgan asarlarida mehnatkash xalq hayotida sodir bo‘layotgan yangiliklar, yoshlar taqdiri va kelajagi haqidagi g‘oyalar o‘z ifodasini topadi.
Uning birinchi dramatik asari «Ikki kommunist» 1929 yilda sahnaga qo‘yildi. U qishloqlarni jamoalashtirish davrida «O‘rtoqlar» (1930) va «Yondiramiz» (1931) pesalarini yozdi. Yashinning «Nomus va muhabbat» (1935), «Hamza» (A. Umariy bilan hamkorlikda, 1940) sahna asarlari Ikkinchi jahon urushigacha bo‘lgan o‘zbek dramaturgiyasining eng yaxshi namunalaridandir.
Yashinning o‘zbek xotin-qizlarining ozodligi uchun kurash mavzuiga bag‘ishlangan «Gulsara» (1934), «Nurxon» (1940) pesalari o‘z davri uchun xarakterli sahna asarlaridir.
Komil Yashinning urush davrida yaratilgan asarlarida do‘stlarga nisbatan mehribonlik, samimiy muhabbat, dushmanlarga esa qahru g‘azab tuyg‘ulari balqib turadi. Uning «O‘lim bosqinchilarga» (1942), «Oftobxon» (1944), «Davron ota» (1942, Uyg‘un, Sobir Abdulla, Chustiy bilan birga yozilgan) dramalariga shu ruh singdirilgan. «General Rahimov» dramasida (1949) birinchi o‘zbek generali Sobir Rahimovning Ikkinchi jahon urushida ko‘rsatgan qahramonligi aks ettirilgan.
Adibning 1974 yilda yozgan «Inqilob tongi» dramasida xalqimizning yetuk farzandi, atoqli davlat arbobi Fayzulla Xo‘jayev siymosi gavdalantirilgan. Adabiyot va san’at sohasidagi xizmatlari uchun Yashin O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi (1939) va O‘zbekiston xalq yozuvchisi (1969), 1974 yilda esa Mehnat Qahramoni unvonlari bilan taqdirlangan.
Yashin Hamzadan keyin o‘zbek dramaturgiyasida yangi sahifalar ochgan, uning mavzu doirasini kengaytirgan, puxta asarlar yaratgan adibdir. Uning o‘zbek teatri va dramaturgiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi ulkandir.
Yashin umrining keyingi yillarida «Hamza» romanini yaratdi. Uning so‘nggi asarlaridan biri «Yodnoma» kitobidir.
Yashin 1997 yil 25 sentyabr kuni Toshkent shahrida vafot etgan.