Iste’dodli shoir, dramaturg, olim va jamoat arbobi Hamid Olimjon 1909 yil 12 dekabrda Jizzax shahrida dunyoga keldi. Narimonov nomidagi boshlang‘ich maktabni tugatgach, Samarqand pedagogika bilim yurtida (1923—1926), so‘ng Pedakademiyada (1926— 1931) o‘qidi.
Hamid Olimjon talabalik yillaridayoq she’riyatga qiziqdi. Uning asarlari 1926 yildan «Zarafshon» gazetasida chiqa boshladi. 1927 yilda shoir mazkur ro‘znoma muharririyatiga ishga o‘tdi.
Hamid Olimjonning «Ko‘klam» nomli ilk she’riy to‘plami 1929 yilda bosilib chiqdi. Shundan so‘ng «Olov sochlar» (1931), «O‘lim yovga» (1932), «Poyga» (1932) kabi she’riy to‘plamlari nashr etildi.
Davr bilan birga odim tashlagan, o‘z ijodida xalqimizning mehnat jabhasidagi qahramonligini tasvirlagan shoir 30-yillarda qator ajoyib lirik she’rlar bilan birga «Zaynab va Omon» dostonini yaratdi.
Hamid Olimjon she’riyatining lirik qahramoni — zamon bilan baravar odim otuvchi, vatanparvar, shodlik va baxt taronalarini kuylovchi insondir.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasining muxbir a’zosi (1943) Hamid Olimjon o‘zbek adabiyotining dolzarb masalalari bo‘yicha qator ilmiy-tanqidiy asarlar yaratdi.
Hamid Olimjon A. S. Pushkin, L. N. Tolstoy, M. Gorkiy, V. Mayakovskiy, A. Serafimovich, T. Shevchenko, M. Lermontov, N. Ostrovskiy, A. Korneychuk asarlarini tarjima qildi.
O‘zbek xalq og‘zaki ijodining ajoyib durdonasi «Alpomish» dostoni birinchi marta Hamid Olimjon tomonidan nashrga tayyorlanib (1938), chop etildi. U Alisher Navoiyning 500 yilligini o‘tkazish yubiley qo‘mitasining a’zosi sifatida ulug‘ shoir hayoti va ijodi yuzasidan ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bordi.
Hamid Olimjon 1939 yildan to umrining oxirigacha O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga rahbarlik qildi.
Hamid Olimjon «Daryo kechasi» (1936), «O‘lka» (1939), «Baxt» (1940) to‘plamlari, «Ikki qizning hikoyasi» (1935—1937), «Oygul va Baxtiyor» (1937), «Semurg‘» (1939) dostonlari bilan o‘zbek she’riyatida romantik tasvir tamoyillarining qaror topishiga katta hissa qo‘shdi.
Ikkinchi jahon urushining olovli yillarida uning «Muqanna» nomli she’riy dramasi yaratildiki, u hanuzgacha dramaturgiyamizning go‘zal namunalaridan biri bo‘lib kelayotir. Uning «Jinoyat» dramasi zamonaviy mavzuda yozilgan. Bu davrda uning bir necha she’riy to‘plamlari bilan bir qatorda «Jangchi Tursun», «Roksananing ko‘z yoshlari» kabi qator balladalari ham yaratildi.
Iste’dodli shoir 1944 yil 3 iyulda avtomobil halokatiga uchrab, vafot etgan.