Salohiddinov Mahmud Salohiddinovich (1933.23.11, Namangan shahri) — matematik olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi (1974), O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi (1984), fizika-matematika fanlari doktori (1967), professor (1969).
O‘rta Osiyo universitetining fizika-matematika fakultetini tugatgan (1955), shu universitetda aspirant (1955— 58) va matematik analiz kafedrasida o‘qituvchi (1958—59), differentsial tenglamalar kafedrasi mudiri (1980—86, 1993—96). O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Matematika institutida ilmiy xodim, bo‘lim mudiri, ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari (1959—67), direktori (1959—85), O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti (1984—85), O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri (1985 — 88), O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti (1988—94). O‘zbekiston Fanlar akademiyasi fizika-matematika fanlari bo‘limi raisi (1994—97). O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Matematika institutida bo‘lim mudiri (1974 yildan), O‘zMU professor (2000 yildan).
Ilmiy ishlari chiziqli bo‘lmagan xususiy hosilali differentsial tenglamalar tizimi uchun Koshi masalasini hal qilishga, chegarada buziladigan differentsial tenglamalar uchun qo‘yilgan chegaraviy masalalar nazariyasiga, nazariy va amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan aralash hamda aralash-qo‘shma tipli tenglamalar nazariyasiga oid. Mahmud Salohiddinov aralash-qo‘shma tipli differentsial tenglamalar nazariyasini rivojlantirib, ularning to‘la tadriji va kanonik ko‘rinishlarini topgan, har bir hol uchun bir qancha yangi masalalar qo‘yib tekshirgan.
Beruniy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1974).