OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mirmuhsin (1921-2005)

Mirmuhsin Mirsaidov (1921.3.5, Toshkent - 2005) — shoir va yozuvchi. O‘zbekiston xalq yozuvchisi (1981). O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (1970).

Toshkent pedagogika institutini tugatgan (1942). Respublika radioqo‘mitasida muharrir (1944—46), O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi kotibi (1947—61), «Qizil O‘zbekiston» gazetasida bo‘lim mudiri (1961—63), «Sharq yulduzi» (1950-60, 1972-81), «Mushtum» (1963-71), «Guliston» (1982-94) jurnallarining bosh muharriribo‘lib ishlagan.

Dastlab shoir sifatida tanilgan. Ilk dostoni «Qamar» 1938 yildanashr etilgan. «Vafo» (1944), «Qadrdon do‘stlar» (1948), «Farg‘ona» (1951), «Vatandoshlar» (1952), «Irmoqlar» (1959), «Qalb va falsafa» (1960), «She’rlar» (1964) va boshqa she’riy to‘plamlar muallifi. «Usta G‘iyos» (1946), «Do‘nan», «Yashil qishloq» (1948), «Shiroq» (1969), «Nevara», «Avesto» (1970) kabi dostonlarida zamondoshlarimiz va tarixiy qahramonlar siymosi chizilgan.

Birinchi o‘zbek she’riy romani «Ziyod va Adiba» (1954) Mirmuhsin qalamiga mansub. She’r va dostonlari obraz, tasviriy vositalari hamda tili jihatidan sodda va ravonligi, hayotiyligi bilan ajralib turadi.

Ilk nasriy qissasi «Jamila» 1956 yilda e’lon qilingan. «Oq marmar» (1957), «Cho‘ri» (1962), «Tungi chaqmoqlar» (1964) qissalari tarixiy mavzuda, «Arab hikoyalari» (1960), «Chodrali ayol» (1979) qissalari xorijiy mamlakatlarga safar taassurotlari asosida yaratilgan. Qissalarida zulm-istibdodga qarshi kurashgan mard, olijanob, jasur qahramonlar siymosi tasvirlangan.

Mirmuhsinning «Chiniqish» (1969), «Degrez o‘g‘li» (1972), «Chotqol yo‘lbarsi» (1977) romanlari o‘zbek ishchilarining hayoti va mehnatiga bag‘ishlangan. «Umid» (1969) romanida ilm kishilari, paxtashunos olimlarning zahmatli izlanishlari va kurashi turli ziddiyatlar, murakkab to‘qnashuvlar vositasida hayotiy gavdalantirilgan.

Mirmuhsin romanlaridagi Alijon, Umid, Hafiza, Arslon, Subhiya kabi obrazlar badiiy psixologizmi, sodda va samimiy, hayotiy bo‘yoqlarda chizilganligi, olijanobligi bilan ajralib turadi.

Mirmuhsin ijodida tarixiy mavzu muhim o‘rin egallagan. «Me’mor» (1974) romanida Temuriylar davri me’morligi an’analari, iste’dodli me’mor-san’atkor Najmiddin Buxoriyning fojiali qismati yoritilgan. «Temur Malik» (1986) romanida mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi mardona kurashgan buyuk qahramonlar — sarkarda Temur Malik va sulton Jaloliddin Manguberdilarning jangovar obrazlari yorqin aks ettirilgan.

Mirmuhsinning «Ildizlar va yaproqlar» (1982), «Ilon uchi» (1995), «Turon malikasi» (1997) romanlari ham bor. Mirmuhsin bolalar uchun xam ko‘plab she’r va dostonlar, hikoyalar yaratgan («Sheralining mardligi», «Ovchi bolalar», «Lukmon va O‘roqboy» va b.). Asarlari ko‘plab xorijiy tillarga tarjima qilingan.

Mirmuhsin mohir tarjimon sifatida ham faoliyat ko‘rsatib, A.Pushkin, T.Shevchenko, A.Mitskevich, Ya.Kolas va boshqa shoirlarning she’rlarini o‘zbek tiliga tarjima qildi.

Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1974), «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlangan (1998).

Ortiqboy Abdullayev.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.