OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shukrullo (1921)

Iste’dodli shoir, dramaturg va nosir Shukrullo (Shukrullo Yusupov) 1921 yil 2 sentyabrda Toshkent shahrining Shayxontohur dahasida tug‘ilgan. Dastlabki ta’limni olgach, pedagogika bilim yurtida (1935), so‘ngra Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika institutida, Davlat universiteti qoshidagi aspiranturada o‘qigan. U turli gazeta va jurnallarda, badiiy adabiyot nashriyotlarida ishladi, o‘qituvchilik ham qildi. O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasida adabiy maslahatchi bo‘ldi.

Shukrulloning dastlabki she’rlari urushdan oldin yaratilgan bo‘lsa ham, u ijodning katta yo‘liga 40-yillarning oxirlarida chiqib oldi. Uning birinchi she’ri 1939 yilda dastlabki she’riy to‘plami «Birinchi daftar», «Qalb qo‘shiqlari» esa 1949 yilda nashr etilgan. Shoir 1948 yilda chop etilgan «Chollar» dostonida yangi yerlarni o‘zlashtirishga kirishgan zamondoshlari obrazini yaratdi. Keyinchalik yaratilgan «Ikki qoya», «26-tong otari» (1970) kabi dostonlari bilan o‘zbek dostonchilik rivojiga munosib ulush qo‘shdi.

Shukrullo ijodida ma’naviy-axloqiy masalalarni tasvirlash asosiy o‘rinni egallaydi. Xususan, uning «Hayot ilhomlari», «Umrim boricha», «Inson va yaxshilik» (1961), «Inson — inson uchun» (1964) kabi she’riy to‘plamlariga kirgan ko‘pchilik she’rlarida insondagi eng muhim ma’naviy-axloqiy fazilatlar ulug‘lanadi, ko‘z-ko‘z qilinadi. Shuningdek, keyinchalik yaratilgan «Zarralar» (1973), «Suyanchiq» (1977), «Yashagim keladi» (1978), «Sening baxting» (1988) kabi she’riy guldastalarida ham hazrati insonga ta’zim bosh o‘rinda turadi. Ayniqsa, uning «Zarralar» to‘plamidan joy olgan ko‘pchilik ruboiylari inson haqidagi madhiya, inson haqida bitilgan goh mungli, goh shodon qo‘shiqni eslatadi.

Shukrullo dramaturg sifatida ham qalam tebratib keladi. Uning «Xatarli yo‘l», «Tabassum o‘g‘rilari» (1977), «O‘g‘rini qaroqchi urdi» (1984) kabi dramalari Respublika teatrlari sahnalarida namoyish etilgan.

Shukrullo mohir publitsist va nosir sifatida ham keng kitobxonlarga ma’lum. Bu o‘rinda uning adabiy-falsafiy maqolalaridan tashkil topgan «Qasosli dunyo» (1994) kitobini eslash kifoya. Chunki, undagi publitsistik maqolalari turli yillarda yozilgan bo‘lsa ham, ular zamondoshimiz ma’naviyatini mustahkamlashga xizmat qilishi, uni kamolot sari yetaklashi tabiiydir.

Shukrullo — nosir deganda, uning uch asarini eslash yetarli. Biri — «Javohirlar sandig‘i» (1983) qissasi, ikkinchisi — «Kafansiz ko‘milganlar» (1989) xotira-romani, uchinchisi Ubaydulla Xo‘jayev to‘g‘risidagi «Tirik ruhlar» (1999) roman-xronikasidir. Ular ma’lum ma’nodagi avtobiografik asar bo‘lganligidan o‘z ma’no va mazmuniga ko‘ra bir-birini to‘ldiradi. Bu asarlar inson haqidagi, insonga xos va uni bezab turadigan fazilatlar to‘g‘risidagi fojeaviy qasida deyish mumkin.

Shukrullo bolalar uchun ham asarlar yaratgan. Uning «Bahor sovg‘asi» (1962), «Yulduzlar» (1964) kabi she’riy to‘plamlarida bolalarning takrorlanmas ichki dunyosi, orzu-istaklari, intilish va maqsadlari Vatanga bo‘lgan muhabbat tuyg‘usi bilan uyg‘unlashib ketadi. Ularda do‘stlik, ona tabiat tasviri yetakchilik qiladi.

Shukrullo Karlo Gotstsining «Baxtiyor gadolar» pesasi, Sh. Petyofi, T.Shevchenko, Q.Quliyev va boshqalar shoirlarning she’rlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Uning asarlari rus, arab, turk, ozarbayjon, qoraqalpoq, qozoq, qirg‘iz tillarida nashr etilgan.

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti laureati (1994). «Do‘stlik» (1994) va «El-yurt hurmati» (1999) ordenlari bilan mukofotlangan

U O‘zbekiston xalq shoiri (1981). O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (1977), Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofoti sovrindori.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.