OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhyi (1835-1911)

Muhyi (taxallusi; asl ism-sharifi Muhammad Rizo Oxund o‘g‘li) (1835, Qandahor, Afg‘oniston — 1911, Andijon) — shoir. Turkiy va forsiy tillarda ijod qilgan. Hirot va Buxoro madrasalarida tahsil olgan.

Muhyi 19-asrning 60-yillari o‘rtalarida Andijon shahrida yashagan. Andijon hokimi — Xudoyorxonning katta o‘g‘li Nasriddinbek (1865 — 75) Muhyiga «Toj ush-shuaro» («Shoirlar toji», 1869) faxriy unvonini bergan. 1871 yil haj ziyoratidan so‘ng u «Hoji Muhyi» taxallusini olgan. 1876 yilda Qo‘qon xonligi tugatilgach, Muhyi Qo‘qonda, Soibzoda hazrat madrasasida yashagan.

Muhyidan salmoqli ijodiy meros qolgan. Bular jumlasiga shoir devonining turli kotiblar tomonidan ko‘chirilgan 6 qo‘lyozma nusxasini, Muhyining o‘zi tuzgan 1 she’riy to‘plamni kiritish mumkin. Forsiy va turkiy devonlari 1 muqovada 1912 yilda Toshkentda, Portsev matbaasida chop etilgan. Forsiy devonida 242 g‘azal, 6 qasida, 4 masnaviy, 91 qit’a, 19 fard va 3 ruboiy bor (230 sahifa), turkiy devoni esa 148 g‘azal, 1 musaddas, 1 murabba’, 74 qit’a, 1 qasida va 11 mufradot (130 sahifa)dan tashkil topgan.

Muhyi, asosan, lirik she’rlar yozgan. G‘azaliyotida Navoiy, Lutfiy, So‘fi Olloyor ijodining ta’siri seziladi. Satirik asarlarida, xususan, mashhur Viktor voqeasi haqidagi muxammasida o‘lkaga kirib kelayotgan rus sarmoyadorlarining kirdikorlari, ularga ishonib aldangan mahalliy boylar hajv ostiga olingan.

Akrom Dehqonov

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.