Yusuf Saryomiy (taxallusi; asl nomi Yusuf mulla Abdushukur o‘g‘li) [1840, Chimkent viloyati Saryom (Sayram) qishlog‘i — 1912] — shoir. Toshkent, Buxoro madrasalarida tahsil olgan. Samarqand, Toshkent, Qo‘qon adabiy harakatchiligida faol qatnashgan. «Beklar begi» madrasasida o‘qigan va unga atab she’rlar yozgan («Dar ta’rifi manzari madrasai Bek az Yusuf»). Yusuf Saryomiy xattotlik — kotiblik bilan kun ko‘rgan, kosibchilik, muhrdorlik bilan ham shug‘ullangan.
Shoir she’rlari hayotligida «Bayoz» (1893), «Armug‘oni Xislat» (1911), «Bayozi Muhallo» (1912), «Bayozi Haziniy» (1912) kabi bayozlarda bosilgan. 1914 yil TavalloYusuf Saryomiy she’rlarini to‘plab, «Devoni Mavlavii Yusuf Saryomiy» nomi bilan nashr etgan. Uning toshbosma nusxalari O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti (inv. №117, 118, 119, 120, 6028, 9072) va Andijon adabiyot va san’at muzeyi (inv. №1720, 2185, 728, 799) da saqlanadi. Kitobga Rasulmuhammad Shoshiy o‘g‘li Mulla O‘tab xattotlik qilgan.
Sayram tarixi haqidagi xilma-xil ma’umotlarga boy, biroq an’anaviy diniy mazmunda bitilgan «Risola»ni Yusuf Saryomiyga nisbat beradilar. Xalq orasida shoirning g‘oyat hozirjavob, nohaqlikka murosasiz ekanligini tasdiq etuvchi ko‘plab rivoyatlar, afsonalar yuradi. Ko‘plab g‘azallari («Yali-yali» kabi) hozir ham el orasida mashhur. Yusuf Saryomiy nomida ko‘cha va maktab bor.
Begali Qosimov