OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nodim (1844-1910)

Nodim Namangoniy (taxallusi; asl ism-sharifi Sulaymonxo‘ja Ulug‘xo‘ja o‘g‘li) (1844 — Namangan —1910) — shoir. Saidqulibek madrasasida tahsil ko‘rgan. Arab, fors tillarini o‘rgangan.

Qo‘qon va Toshkentda bo‘lgan, fan-texnika yangiliklari, rus madaniyati, adabiy va madaniy doiralari bilan yaqindan tanishgan. Buxoro, Samarqand (1899), Turkiya, Misr, Arabiston (1902—03) ga sayohat qilgan.

Navoiydan o‘rgangan, g‘azallariga taxmis, naziralar yozgan. Muqimiy, Muhyi, Furqat, Zavqiy, Muhayyir, Shavqiy kabi shoirlar bilan yaqin do‘st bo‘lib, ijodiy hamkorlik qilgan, ular she’rlariga muxammaslar bog‘lagan.

Mumtoz she’riyatning barcha janrlarida, turkiy va forsiyda ijod qilgan. G‘azallarida inson go‘zalligi, muhabbat va vafo, ayollar erkini kuylagan («Sog‘indim men, sog‘indingmi?», «Maktubi muhabbat uslub» va boshqa), ona-Vatan tabiati, uning go‘zalligini tarannum etgan, xalq hayotini realistik aks ettirgan, ijtimoiy illatlarni fosh etgan, ma’rifatparvarlik g‘oyalarini ilgari surgan («Bahor ayyomi keldi», «Davr javridin…», «Bayoni dar safari Toshkand» va boshqa). «Shikoyati paxta» she’rida qishloq mehnatkashlarining achinarli hayotini tasvirlagan.

Hajviy asarlarida maqtanchoq, mutakabbir boylar, chor amaldorlari tanqid qilingan («Dar mazammati zamona», «Dar shikoyati qozi» kabi). Yumoristik asarlar yozgan («Bezgak» va boshqa).

Nodimning she’rlari «Turkiston viloyatining gazetasi»da bosilgan. O‘zi tuzgan «Bayozi Nodim»ning mukammal nusxasi O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanadi (inv. №4179).

Begali Qosimov

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.