Turkistondagi jadidchilik harakati vakili, yirik sarmoyador, noshir va jamoat arbobi va siyosat arbobi Obidjon Abdulxoliq o‘g‘li Mahmudov Farg‘ona taraqqiyparvarlarining peshqadam vakilidir. U 1871 yili Marg‘ilonda tug‘ilgan.
Taxminan 1898 yilda Cheleken yarim oroli (Kaspiy dengizi)ga borib, turli ishlar bilan mashg‘ul bo‘ldi. Sherikchilikka olgan yeridan neft chiqib, boyib ketadi.
Sankt-Peterburg universitetining tog‘-kon muhandisligi fakultetini tugatgan. U xalqimiz orasidan yetishib chiqqan birinchi tog‘-kon muhandisidir.
Qo‘qonga qaytgach, tog‘-kon sanoati bilan shug‘ullanib, Farg‘ona vodiysida bir necha neft konlarini ochishda ishtirok etgan. Sho‘rsuvdagi oltingugurt konini sotib olgan.
Farg‘ona vodiysidagi jadidchilik harakatida qatnashgan va ularni moddiy jihatdan ta’minlab turgan. Qo‘qonda bosmaxona tashkil qilgan (1914). «Sadoi Farg‘ona» (1914), «Tirik so‘z» (1917) va rus tilida chiqqan «Ferganskoe exo» (1914) gazetalarining muharriri va noshiri. Bu nashrlar nafaqat Turkistonda, balki Rossiya musulmonlari orasida ham mashhur bo‘lgan.
Obidjon Mahmudov jadid matbuotida dolzarb maqolalari bilan qatnashib, ma’rifat, ozodlik, hurlik g‘oyalarini targ‘ib etishga, xalqning ongini, saviyasini ko‘tarishga intildi.
O.Mahmudov Turkistonning mustaqil respublika bo‘lishi tarafdori va bunga yetishish uchun faol harakat qilgan jadidlardan biri edi.
U Qo‘qon shahar Dumasi raisi o‘rinbosari (1917), Turkiston Muxtoriyati hukumatining oziq-ovqat vaziri (1917—18), Muxtoriyat tugatilgach, Moskvaga borib, RSFSR Millatlar ishlari xalq komissarligi qoshidagi Turkiston vakolatxonasida matbuot bo‘limi mudiri va boshqa lavozimlarda ishlagan (1919—21). Toshkentga qaytgandan so‘ng, dastlab Turkiston MIQ da ishlagan (1921), so‘ng Farg‘ona vodiysiga borib, «Milliy ittihod» tashkilotining bo‘limini tuzgan va sovetlarga qarshi faoliyat olib borgan.
Sovet rejimi tomonidan bir necha marta qamoqqa olingan. Atoqli ma’rifatparvar Obidjon Mahmudov 1936 yilning 21 noyabrida og‘ir xastaliqdan vafot etdi.