OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Polvonniyoz hoji Yusupov (1861-1936)

http://ziyouz.com/images/stories/polvonniyoz.jpgO‘zbek xalqining taraqqiyparvar siymolaridan, Xiva jadidlari va "Yosh xivaliklar" partiyasining rahbarlaridan biri Polvonniyoz hoji Yusupov 1861 yili Xiva shahrida savdogar oilasida tug‘ilgan. 1871 yilga qadar ota-onasining, ular vafotidan keyin esa amakisi Yusufboyning qo‘lida tarbiyalangan. 13 yoshida eski maktabda o‘qib, savod chiqargan. Maktabni bitkizgach, savdo ishlari bilan shug‘ullangan.

Polvonniyoz 1877 yilda amakisi bilan Moskvada bo‘ladi. Keyinchalik 1885 yilda jadid maktabini tugatadi. U arab, fors va rus tillarini yaxshi bilgan. 1904 yilda Turkiya, Misr, Suriya mamlakatlarida va Makka shahrida bo‘ladi. Polvonniyoz 1917 yil 4 aprelda Xiva xoniga taqdim etilgan davlat boshqaruvida islohotlar o‘tkazish to‘g‘risidagi manifestning tuzuvchilaridan biri edi. Xiva xonining jadidlarga qarshi siyosati natijasida u 1918—1920 yillarda Toshkentga o‘tib ketadi va u yerda muhojirlikda bo‘lib, "Yosh xivaliklar" partiyasini tashkil qiladi va unga rais etib saylanadi. Xiva xonligi tugatilgach, 1920 yil 30 aprelda Xorazm Xalq Sovet Respublikasi Nozirlar kengashi raisi lavozimiga tayinlanadi.

Polvonniyoz Yusupov XXSR hukumati raisi sifatida mustaqil siyosat yuritish va Xorazm Respublikasida demokratik islohotlarni qaror toptirish uchun intilgan. Biroq Turkiston komissiyasi (Turkkomissiya) va Turkiston fronti qo‘mondonligi Polvonniyoz Yusupovning bu siyosatiga qarshi chiqib, Xivada yangi hukumat to‘ntarishini amalga oshirishgan. Polvonniyoz Yusupov faol siyosiy kurashdan voz kechganligi uchun keyinchalik bolsheviklar tomonidan afv qilingan va XXSRda turli lavozimlarda xizmat qilgan.

1926 yil 10 yanvardan Xorazm viloyat Ijroiya qo‘mitasi raisining xo‘jalik bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lib ishlaydi. Keyinchalik Ichanqal’a muzcyida xizmat qiladi.

Polvonniyoz Yusupov 1936 yilda vafot etadi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.