OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shavqiy (1805-1889)

Shavqiy (taxallusi; asl ism-sharifi Mulla Shamsi mulla Husan o‘g‘li) (1805— hozirgi To‘raqo‘rg‘on tumani — 1889) — shoir, tarixchi.

«Devon»ida o‘zbek va fors tilidagi she’rlari jamlangan bo‘lib, ularning asosiy qismini o‘zbek tilidagi she’rlari tashkil qiladi. Shavqiyning asarlari mumtoz she’riy janrlar: g‘azal, muxammas, masnaviylardan iborat.

Shoir asarlari («Parishonlar», «Bir guli ra’no», «Zebo», «Ishq sayli» va b.) ning asosiy mavzusi diniy-tasavvufiy va lirik mazmunda. Shu bilan birga devonda ijtimoiy va tarixiy mavzuga bag‘ishlangan muxammas va masnaviylar ham uchraydi. Ularda chor Rossiyasining Turkistonni, xususan, Qo‘qon xonligini bosib olish voqealari she’riy misralarda tasvirlangan. Uning muborak haj ziyorati davomidagi taassurotlari aks etgan she’riy asarlari 20-asr boshlarida Toshkent litografiyalarida chop etilgan.

«Jome’ ul-havodis» («Hodisalar jamlanmasi»), «Jangnomai Xudoyorxon», «Tarixi Xo‘qand», «Pandnomai Xudoyorxon» kabi tarixiy dostonlari, asosan, 19-asr 2-yarmida Qo‘qon xonligida yuz bergan qipchoqlar qo‘zg‘oloni voqealariga bag‘ishlangan. Bu dostonlar Xudoyorxon davridagi ijtimoiy-siyosiy voqealarni, turli tabaqa vakillarining o‘zaro munosabatlarini o‘rganishda ahamiyatlidir. Shavqiyning «Devoni Shavqiy», «Jome’ ul-havodis» asarlari O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanadi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.