Qodir Mirmuhamedov (1920.10.12, Toshkent - 2012) — tarjimon va kinostsenariychi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi (1999), O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (1981). 2-jahon urushi qatnashchisi.
Toshkentdagi kechki pedagogika institutini tugatgan (1950). O‘zbekiston radioqo‘mitasida katta muharrir (1956—58), O‘zbekiston televideniesi adabiyot taxririyatida bosh muharrir (1958—59), G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyotda tarjima bo‘limi boshlig‘i (1959—61), «O‘zbekfilm» kinostudiyasida stsenariy bo‘limida muharrir, dublyaj guruhida bosh muharrir va badiiy rahbar (1961—89)bo‘lib ishlagan.
Qodir Mirmuhamedov tarjimonlik faoliyatini 1951 yilda bolalar uchun ertak va hikoyalar tarjima qilishdan boshlagan. Birinchi yirik tarjimasi indonez yozuvchisi Abdul Muisning «Surapati» (1958) romanidir. Shundan keyin u jahonga tanikli yozuvchilar Jek Londonning «Martin Iden» (1968), Rabindranat Tagorning «Xonadon va jahon», «So‘nggi doston» (1973), Maksim Gorkiyning «Klim Samginning hayoti» (2, 3qism, 1974— 75), Krishan Chandarning «Bir qizga ming oshiq» (1976), Jovanni Bokkachchoning «Dekameron» (1978—79), Viktor Gyugoning «Byug Jargal» (1982), Mixail Bulgakovning «Usta va Margarita» (1987), Gomerning «Iliada» (1988) asarlarini rus tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Qodir Mirmuhamedov bulardan tashqari, chet el yozuvchilarining qator dramalarini, ko‘plab, badiiy filmlarni ham o‘zbek tiliga tarjima qilgan.