Iste’dodli dramaturg Sharof Boshbekov 1951 yili Samarqandda dunyoga kelgan. Dastlab hikoya janrida o‘z iste’dodini sinab ko‘rgan. Binobarin, uning «G» varianti» hikoyasi (1981), «Jumboq» (1986), «G‘urur» (1982) kabi hajviy hikoyalari yuzaga kelgan.
Shundan so‘ng uning ketma-ket rang-barang mavzudagi sahna asarlari yaratildi. U «Tushov uzgan tulporlar» (1983) hamda «Eshik qoqqan kim?» (1987) kabi komediya, «Qasosli dunyo» qisqa metrajli film stsenariysini yozdi. Shuningdek, «Eski shahar gavroshlari» (1988), «Temir xotin» (1989) kabi jiddiy komediyalarni, «Taqdir eshigi» dramasini yaratdi.
«Temir xotin» pesasi adibga katta shuhrat keltirdi. Unda fan-texnika rivoji davrida inson ongi, dunyoqarashi, ruhiyatida sodir bo‘layotgan jiddiy o‘zgarishlar hajviy yo‘sinda umumlashtirib berilgan. Adibning shu asari asosida kinofilm ham yaratildi (1990).
Shuningdek, u «Sharif va Ma’rif», «Yuzsiz» (1993), «Tilla bola» (1994) kabi filmlarning stsenariylarini yozishda ham ishtirok etdi. U «Masxaraboz» (1996), «Farhod va Shirin» filmlarining stsenariysini yozish barobarida o‘zi rejissyor sifatida ham ijod qildi. «Charxpalak» nomli 60 lavhali videofilmni tayyorlagan. Shuningdek, «Tentak» farishtalar» (1995), «Zo‘rdan zo‘r chiqsa» (1996) kabi sahna asarlarini yozgan.
Uning «Temir xotin» asari 1989 yilda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining M. Shayxzoda mukofotiga loyiq deb topildi. 1990 yilda esa unga Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofoti berildi.